OLAM MILLIY LISONIY MANZARASINI O‘RGANISHDA GLYUTTONIK DISKURS

Mazkur ilmiy ishda hozirda mavjud tilni turli diskurslarga bo‘lib tadqiq etish  tilshunoslik va tarjimashunoslikda nihoyatda urf bo‘lmoqda. Sababi, har bir diskurs o‘z aspekti va lisoniy strukturasiga ega. Turli diskurslarni kompleks holda o‘rganish soha mutaxassisi uchun katta mashaqqat va vaqt talab qiladi. Shuning uchun diskurslarning xususiy shakllarini sinchiklab o‘rganish va muayyan diskursga oid matnlar tahlilini amalga oshirish nafaqat tilshunoslik, balki tarjimashunoslik uchun ham dolzarb hisoblanadi.  Diskurs – zamonaviy tilshunoslik termini bo‘lib, jahon tilshunoslari tomonidan turlicha talqin etib kelinmoqda.

Bugungi kunda tilni turli diskurslarga bo‘lib tadqiq etish  tilshunoslik va tarjimashunoslikda nihoyatda urf bo‘lmoqda. Sababi, har bir diskurs o‘z aspekti va lisoniy strukturasiga ega. Turli diskurslarni kompleks holda o‘rganish soha mutaxassisi uchun katta mashaqqat va vaqt talab qiladi. Shuning uchun diskurslarni xususiy shakllarini sinchiklab o‘rganish va muayyan diskursga oid matnlar tahlilini amalga oshirish nafaqat tilshunoslik balki tarjimashunoslik uchun ham dolzarb hisoblanadi.  Diskurs – zamonaviy tilshunoslik termini bo‘lib, jahon tilshunoslari tomonidan turlicha talqin etib kelinmoqda. Filologiya fanlari doktori G.Odilova o‘zining doktorlik tadqiqotida diskursning lingvistik xususiyatlarini, V.I.Karasik, V.Z.Demyankov V.M.Undrisova, N.N.Mironova, E.N.Mishkurov, Ye.V.Sidorov, N.V.Grabovskiy, A.A.Kibrik, P.Serio, Benevist, A.V.Olyanich, O‘.Q.Yusupov, N.Mahmudov, B.Mengliyev, L.Raupova ishlari bilan qiyosiy o‘rganar ekan, Diskurs nutq va nolisoniy omillar yig‘indisi bo‘lgan muloqot shakli. Har qanday matn diskurs bo‘la olmaydi. Bizningcha, matn tashqi omillar bilan uyg‘unlikda qaralganda diskurs sifatida namoyon bo‘ladi degan xulosaga keladi [1. B.30-31]. Mazkur terminning ko‘ptarmoqliligi va turli sohalarga yondoshliligi olimlar o‘rtasida qator bahs va munozaralarga sabab bo‘lmoqda.  N.D.Artyunova bu istilohga o‘z lingvistik ensiklopedik lug‘atida quyidagicha ta’rif bergan – “diskurs – bu nutq, hayotiy jarayonlarga singib hosil bo‘lgan nutq, bu nutq o‘sha voqelik aspektidan ko‘rib chiqilishi kerak [2. B. 78]. V.Z.Demyankovning “diskurs bir konsept atrofida, uning ishtirokchilari, fon va muayyan vaziyatda yuzaga keladi” kabi qarashlari, T.A.Van Deykning diskurs matn+kontekst dan tarkib topgan bo‘lib, matnda diskursning hosilasi, kontekstda esa ijtimoiy-pragmatik omillar aks etgan bo‘ladi –  degan fikrlariga qo‘shilgan holda, diskurs tahlili zamonaviy tarjimashunoslikning oldiga ham dolzarb masala qo‘yishini ta’kidlashni xohlar edik. Sababi, tarjimada tilni o‘z iste’molchisidan ajratib qayta yaratish mushkul. Til vakilining olam milliy lisoniy manzarasi va muayyan diskursga oid ijtimoiy markerovkalangan ong osti tafakkurini o‘rganmasdan turib tarjimani amalga oshirish maqsadga muvofiq emas [3. B, 136–137].

Til va madaniyat gumanitar bilimning eng muhim tushunchalaridir. Tilning mohiyatini tushuntirish uchun olimlar turli xil metaforalarga murojaat qilishadi. Til aslida tirik organizmmi yoki shaxmat o‘yini kabi muayyan qoidalarga asoslangan tizim yoki tarjima uchun mo‘ljallangan yuzaki ma’lumotlarni o‘giruvchi qurilmami yoki tafakkurimiz oynasimi yoki tajriba ombori yoki ijtimoiy ongimizning mahsulimi? Yuqoridagilarning har  bittasi tilning ta’rifi bo‘lishga haqli, sababi, u yoki bu tomonlama tilning tabiatini ochib bermoqda. Shuningdek, ta’kidlash joizki, shu paytgacha olimlar tilning tuzilishi, uning strukturasi haqida bosh qotirgan bo‘lsalar, endi ularni tilning inson olami bilan qanchalik bog‘liqligi, muloqot vaziyati qanchalik til resurslarini tanlashga sababchi bo‘lishini o‘rganish qiziqtirmoqda [4. B. 4].  Bizningcha,   tarjimada har bir tilning Olam Milliy Lisoniy manzarasini turli voqea-hodisalar spesifikasidan kelib chiqib, qator diskurslar yordamida o‘rganish va qayta yaratish maqsadga muvofiq. Har bir tilning leksik sathida yuz beradigan kommunikativ aktlar muayyan sohaga taalluqli bo‘lib, turli xil diskursga oid og‘zaki va yozma matnlar va ularning tarjimasini tahlilga tortish universal bilimni talab qiladi. Biz o‘z ishimizda zamonaviy tilshunoslikda glyuttonik diskurs deb ataluvchi  taom diskursi  haqida so‘z yuritamiz.

Mazkur maqolada tavsifiy metod asosida olimlarning glyuttonik diskurs istilohiga bergan ta’riflari ilmiy monografiyalar, doktorlik tadqiqodlari o‘rganiladi. Yig‘ilgan materiallar analiz va sintez qilinib, glyuttonik diskursning ta’rifi, uning aspektlari aniqlashtirib olinadi. Kelajakdagi ilmiy tadqiqodlar uchun glyuttonik diskursning o‘rganilishi kerak bo‘lgan ilmiy muammolari aniqlashtirib olinadi.

Har bir millatning olam milliy lisoniy manzarasida, umuminsoniyatga xos bo‘lgan tushuncha va hodisalar turlicha akslanadi. V.I.Karasikning fikricha, bu borada olimlar OMLMda narsa va hodisalarning interpretatsiyasi masalasida bahsga kirishganda ikki qutbga bo‘linishadi.  Birinchi guruh olimlarning fikricha, til tizimlari orasida semantik jihatdan tubdan farqlar yo‘q. OMLMni anglash mantiqiy tamoyillarga asoslanadi.

1) Til olamni obyektiv ravishda o‘zida aks ettira oladi.

2) Barcha millatlar yagona makonda yagona insoniyat haqidagi tasavvurni hosil qiladi.

3) Turli tilda so‘zlashuvchi  madaniyatlar orasidagi farqlar shundaki, predmetlar  qaysidir  xususiyatiga ko‘ra turli tillarda bir-biridan farqlanadi (podsnejnik-qor ostida o‘sadigan gul, Schneeglsckchen -qo‘ng‘iroqqa o‘xshash gul bu gulni anglashimizdagi asosiy mazmun baribir o‘zgarmaydi).

4) Tarjima amaliyoti shuni ko‘rsatdiki, tillar va madaniyatlar bir -biridan farqlansa-da, ma’lumotni ikkinchi tilga adekvat uzatish imkoniyati mavjud.

5) Olam milliy manzarasining yadrosini mantiqiy kategoriyalar tashkil etadi.

Ikkinchi guruh olimlar esa, yuqoridagilarni inkor etgan holda quyidagi:

1) Til olamni o‘zida subyektiv aks ettiradi.

2) Hamma millatlar turli xil makonda turli darajadagi hayotiy jarayonlarda mavjudlar va ular insoniyat haqidagi umumiy tasavvurni hosil qilmaydi.

3) Tarjima amaliyoti shuni ko‘rsatdiki, tillar va madaniyatlar o‘rtasidagi tafovut axborotni bir tildan ikkinchi tilga adekvat qayta yaratish imkoniyati yo‘q. 

4) OMMning yadrosini mantiqiy kategoriyalar emas, olamni lisoniy anglash tashkil etadi [4. B. 83–85]. 

Biz bu borada birinchi guruh olimlarning fikriga qo‘shilamiz. Ya’ni, har bir til vakili o‘z olam milliy manzarasidan kelib chiqib, narsa va tushunchalarni interpretatsiya qiladi. Har bir millatning tabiati, ijtimoiy muhiti, madaniyati predmet va hodisalarga nisbatan o‘sha millatda turlicha antropotsentrik qarashlarning shakllanishiga hissa qo‘shadi. Agar tarjimon nafaqat asliyat va tarjima  tilining lingvistik xususiyatlari, balki tarjima qilinayotgan millat madaniyatiga xos bo‘lgan qo‘shimcha ma’lumotlar bazasiga ham ega bo‘lsa, tarjimani asliyat tilida adekvat  qayta yaratish mumkin deb hisoblaymiz. Ikki tilli muloqot jarayonida tillararo muloqotdan tashqari, madaniyatlararo muloqot ham sodir bo‘ladi, uning samaradorligi turli madaniyatlarga mansub kommunikativ aktning ikki ishtirokchisi o‘zaro bir-birini tushunishi ikki madaniyatga xos bilimlarni qanchalik egallaganliklariga bog‘liq. Turli madaniyatlarning lingvo-etnik xususiyatlari shunchalik ahamiyatliki, bugungi kunda tarjima tushunchasi madaniy to‘siqni yengib o‘tish zarurati bilan uzviy bog‘liq. Bu jarayonning eng muhim omillaridan biri bu AT va TT tashuvchilarning madaniyatiga xos ma’lumot zahiralarining mavjudligidir. Bu zahira matnlarni tushunish va interpretatsiya qilishga ko‘mak beruvchi ikki tilning ekstralingvistik xususiyatlarini o‘zida mujassam etadi [4. B. 163–179]. Bir til va madaniyatga xos ekstralingvistik bilimlar majmuasini o‘rganishda tarjimon matn qaysi diskursga xosligiga e’tibor qaratib, diskurs tahlilini amalga oshirsa maqsadga muvofiq bo‘ladi. Biz tahlilga tortmoqchi bo‘lganimiz taom diskursi – tilshunoslikda glyuttonik diskurs deb yuritiladi. O‘zbek tilshunosligida  birinchi bo‘lib glyuttonik diskursni o‘rgangan f.f.d.dos G.Odilova unga quyidagicha ta’rif beradi: “Glyuttonik diskurs ma’lum xalq madaniyati, adabiyoti, yashash tarzi va ijtimoiy hayotida muhim o‘rin tutadi. «Glyuttonik» istilohi qadimgi fransuz va o‘rta ingliz tillaridagi glutonie, lotincha gluttire («yutish») so‘zidan olingan, bu so‘z gula, «tomoq» degan ma’noni anglatadi. «Glyuttoniya» istilohi oziq-ovqat jarayonini yaxlit holda, ya’ni uni topishdan tortib, yarim fabrikatlarni qayta ishlash va iste’molga yaroqli mahsulot tayyorlashgacha bo‘lgan jarayonni o‘z ichiga oladi” [1. B. 4].  Glyuttonik diskurs rus va ingliz olimlari tomonidan keng o‘rganilgan. Mazkur istilohni ilk bor rus tilshunosligiga 2003-yilda A.V.Olyanich kiritgan bo‘lib, o‘zining Prezentasionnaya teoriya diskursa  nomli monografik tadqiqotida glyuttonik kommunikatsiyani ommaviy publitsistik diskursning asosiy kommunikativ vositasi sifatida o‘rganadi [5. B. 237]. Mazkur monografiyada glyuttonik diskursga katta bir bo‘lim ajratilgan bo‘lib, unda olim glyuttonik diskursning drammaturgiyasi  (qadimdan adabiyotda uchrashi), kognitiv sistemasi (inson, yeyiladigan va yeyilmaydigan olamdagi kognitiv xarita, glyuttonik diskurs hamda insonning glyuttonik konseptosferasi), lingvistik-semiotik (1.Denotativ; 2.Instruktiv; 3.Kvalifikativ; 4.Prezentasion) xususiyatlariga ko‘ra tahlilga tortadi. Mazkur tadqiqod glyuttonik diskursning lisoniy tuzilmasini kompleks tushunish imkoniyatini beradi. Ishda berilgan glyuttonik diskursning lingvosemiotik xaritasida mazkur diskursning emotiv-kvalikativ xususiyatlari klasteri keltirib o‘tilgan bo‘lib, keyingi bo‘limlarda aynan shu klaster strukturasi asosida xitoy va o‘zbek tillaridagi ta’m sifatlari tahlilini amalga oshiramiz.  Glyuttonik diskurs masalalari rus tilshunosligida P. P. Burkova (2004), E. A. Gashimova (2005), D. Yu. Gulinova (2004), N. N. Danilova (2005), N. P. Golovniskaya (2008), A. V. Zanadvorovo (2003), N. A. Zemskova (2008), N. Ye. Kamovnikovoy (2003), A. V. Olyanich (2003, 2004, 2008), Ye. V. Pletneva (2006), V. V. Poxlebkina (1995, 2000)lar tomonidan keng o‘rganilgan [7. B. 466-470]. Glyuttonik istilohi butunligicha yegulik topish, uni dastlabki qayta ishlash, yarim-tayyor mahsulotlarni ishlab chiqarish, taom tayyorlash va iste’mol qilish jarayonlarini o‘z ichiga oladi. Taom diskursi tadqiqi xorij tilshunoslaridan K.Levi-Stross, R.Bart va M.Duglaslarning ilmiy ishlarida   mifologiya va etno madaniyat hamda diniy qarashlarga bog‘liqlik jihatdan ko‘rib chiqilgan [6. B. 36–54]. Glyuttonik diskursga oid ko‘plab tadqiqotlarda A. V. Olyanich tasnifini keltirgan glyuttonik diskursning lingvosemiotik sistemasidagi asosan madaniyat va pragmatika bilan bog‘liq aspektlarni tahlilga tortilganligiga guvoh bo‘lish mumkin [5 B. 22]. G.Odilova esa bu tasnifdagi glyuttonik diskursning jamoaviy kommunikatsiyadagi reprezantasion aspektlari hisoblangan taom nominantlari, taomnomalar, reseptlar va badiiy adabiyotdagi matnlarni lingvokulturologik tahlilga tortadi [4. B. 78].

Glyuttonik diskursni tadqiq qilgan xitoylik olimlar Yu Shang va Jiyang Fang   张昱, 方嘉莹翻译作为跨文化交际的媒介:以澳门菜单为例»  (“Fānyì zuòwéi kuà wénhuà jiāojì de méijiè: Yǐ àomén càidān wéi lì”) (Yu Zhang, Jiaying Fang «translation as the mediation of cross-cultural communication: the case of menus in macau») nomli maqolasida korpus lingvistikasi tahliliga asoslanib, Makaodagi restoran taomnomalaridagi xato va kamchiliklarni tahlilga tortishgan. Mazkur tadqiqot ishida Makaoda mavjud 71 ta restoran menyulari tahlil qilingan hamda 84.5 % menyular til me’yorlariga javob beradigan tarzda bo‘lib, qisqa ma’lumotlar berib o‘tilganligi ta’kidlangan. Pragmatik funksional tarjima matnlari 14.1% ni, leksik-semantik xatoliklar 2.8 % ni tashkil qilishi, 1.4% menyular umuman standartga mos ravishda tarjima qilinmaganligi aniqlangan. Menyu shakli va joylashuvi taomnomaning muvaffaqiyat kaliti bo‘lsa, uning sof va ravon, gastronomik «ishtaha ochar» leksikadan foydalanilgan holda yozilishi va tarjima qilinishi shu muvaffaqqiyatning barqarorligini ta’minlab beruvchi asosiy omil. Olyanichning fikricha, menyu glyuttonik diskursning reprezentasion aspekti hisoblanib, glyuttonik kommunikatsiya jarayonida asosiy komunikatsiya vositalaridan biri sifatida taomnomani bemalol kiritish mumkin. Sababi, restoran yoki oshxona menyusi xo‘randa bilan muloqotga kirishadi, uning tanlovi to‘g‘ri bo‘lishida o‘z taklif va tavsiyalarini beradi. Binobarin, to‘g‘ri rang, shrift va grafika bilan risoladagidek yaratilgan taomnomadagi taom nomlari yoki taomlarning qisqacha izohlari muhim ahamiyat kasb etadi. Menyu xo‘randa uchun informativ xarakter kasb etmog‘i lozim. Ya’ni har bir xo‘randa dastlab taom nomini o‘qir ekan, uning narxi va tarkibiga qo‘shilgan mahsulotlar yoki tayyorlanish uslubiyati haqida ma’lumot beruvchi qisqa izohlarga ko‘zi tushadi. Kommunikativ jarayondagi xo‘randaning to‘g‘ri tanlovi bevosita taom rasmi va uning qisqa izohlariga bog‘liq [8. B. 12-20].

Pekin chet tillar universiteti tadqiqodchisi Cai Yisu (蔡一粟) o‘zining  “Funksionalizm nazariyasi va madaniyatlararo tarjima nuqtayi nazaridan xitoy oshxonasi nominantlarining g‘arb tillariga tarjimasiga oid tadqiqod (功能主义理论和跨文化翻译视角下的中国菜名西译研究”) (Gōngnéng zhǔyì lǐlùn hé kuà wénhuà fānyì shìjiǎo xià de zhōngguó cài míng xī yì yánjiū”)  deb nomlangan magistrlik dissertatsiyasida – 2016-yilgi Xitoy oziq-ovqat rivojlanishining global hisobotida ta’kidlaganidek, hozirgi paytda Yevropa, Amerika va Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlarida 400 000 dan ortiq xorijdagi xitoy restoranlari mavjud. Bu raqamlar Xitoy oshxonasining xorijda jadal rivojlanayotganini to‘liq aks ettiradi.  Xitoy oshxonalarining ommalashuviga va geografiyasining kengayishiga tarjima jarayonidagi xatoliklar salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Xitoy taom nominantlarining ispan tiliga tarjimasi bo‘yicha tadqiqotlar olib borilgan Cai Yisuning ta’kidlashicha, tarjimada Xitoy madaniyati bilan bog‘liq taom nomlarini qayta yaratish uchun taom nomlari etimologiyasini o‘rganish, xitoy madaniyatiga xos bo‘lgan mifologik qahramonlarni bilish lozim [9.B.70.].

熊欣跨文化交际理论下的中国菜名英译研究(Xiong Xin “Kuà wénhuà jiāojì lǐlùn xià de zhōngguó cài míng yīng yì yánjiū”)   (Syong Sin) “On the c-e translation of the names of chinese dishes from a cross-cultural communication perspective” 2013) Phd dissertatsiyasida xitoy taomlari nomlari erkin yoki yarim kalka uslubida, “transliteratsiya+tarjima”, “transliteratsiya va so‘zma-so‘z tarjima”ni qabul qilinganligini, Xitoy taomlari nomlarini madaniyatlararo muloqot jarayonida "transliteratsiya + talqin + tasvirning so‘zma-so‘z tarjimasi" kelajakdagi xitoy tili uchun asos bo‘lishi kerakligi hamda taom nomlarini qaytadan aynan madaniyat bilan bog‘liq holda tarjima qilishni taklif qiladi [9. B. 61].

Yana bir yosh xitoylik tadqiodchi Lin Yong  (林泳) “美国纽约市餐馆招牌的社会语言学调查” (Lín Yǒng “Měiguó niǔyuē shì cānguǎn zhāopái de shèhuì yǔyán xué diàochá”) (Lin YongSocial Linguistic research and analysis on the Signs of Chinese restaurants in New York city”- Nyu-York shahridagi xitoy restoranlari belgilarining ijtimoiy analizi)nomli tadqiqotida,  Nyu-Yorkdagi Xitoy restoranlarida ijtimoiy-lingvistik tadqiqotlar olib boradi. Natijada, dissertant 700 dan ortiq restoranga tashrif buyurgan xitoylik va chet ellik xaridorlar bilan gaplashib, ularning taom nomlari haqidagi fikr-mulohazalrini o‘rganib chiqadi. Natijada muallif taom nomlarini tarjima qilish jarayonida har bir millatning madaniy tushunchalaridan kelib chiqib tarjima qilish kerakligini, taom nomlarining ma’nosini to‘liq ochib berish lozimligi, madaniyatlararo muloqotda taom nomlarini to‘g‘ri tanlash kerak, deb xulosa qiladi. 

O‘zbek OMLM glyuttonik diskurni tahlilga tortar ekanmiz asosan, glyuttonik diskursning linvosemiotik xususiyatlarini ko‘rib chiqish muhim deb hisoblaymiz. Taom nominantlarining emotiv-kvalikativ xususiyatlarini o‘rganish, zamonaviy diskurs tilshunosligi oldidagi dolzarb vazifalardandir. Zero, glyuttonik diskurs tahlili muayyan til madaniyatini teranroq anglashga xizmat qiladi. Taom va unga bo‘lgan munosabat har bir tilning OMLMda yetakchi o‘rin egallaydi. Glyuttonik diskurs insonning kundalik hayoti va yashash tarzi bilan bog‘liq lisoniy va nolisoniy omillarning yig‘indisidan iborat hodisa bo‘lib, milliy mentalitet, madaniyat, ijtimoiy holat haqidagi aniq konseptual tushunchalarni o‘zida mujassam etgan.

Yuqoridagi rus, ingliz va xitoy olimlarining tadqiqodlaridan metodologik asos sifatida foydalanib, biz o‘z tadqiqotimiz uchun quyidagi vazifalarni belgilab oldik:

1)Glyuttonik diskursning eng kichik bo‘laklari taom nominantlarining kadegoriyalarini lingvomadaniy tahlil qilish va ularning kvalifikativ xususiyatlarini xitoy glyuttonimlarini o‘zbek tiliga tarjima tamoyillarini ishlab chiqish;

2)Glyuttonik diskursning reprezentatsion aspekti sifati eng yuqori o‘rinda turuvchi taomnomalar tarjimasini tahlilga tortish va xitoy taomnomalari tarjimasiga oid tavsiyalar ishlab chiqish;

3)Glyuttonik diskursga oid badiiy matnlarda taomga xos sifatlar milliy madaniy xususiyatlarning metaforik ko‘chimini qayta yaratish masalasini o‘rganish dissertatsiyamizning umumiy konsepsiyasini belgilab beradi.

Biz o‘z ishimizda o‘zbek va xitoy OMLM glyuttonik diskursni tahlilga tortar ekanmiz asosan, glyuttonik diskursning linvosemiotik xususiyatlarini ko‘rib chiqish, taom nominantlarini emotiv-kvalikativ xususiyatlarini o‘rganish va xitoy tilidagi ta’m kategoriyalarining pragmatik xususiyatlari, ta’m sifatlarining semiotikasi va ularni tarjimada qayta yaratish masalasi tadqiqini o‘z oldimizga maqsad qilib belgilab oldik. Zero, xitoy va o‘zbek oshxonasidagi ta’m kategoriyalari, ularning kvalifikativ va miqdoriy ko‘rsatkichlari o‘rtasida juda katta tafovut bo‘lganligi sababli, tarjimon uchun Xitoy oshxonasiga mansub taomnomalar tarjimasida katta muammolar yuzaga kelishi mumkin. Shuningdek, xitoy adabiyotida glyuttonik diskursning reprezantatsion aspektlari (taomnoma matni, badiiy adabiyotdagi glyuttonik diskursga oid matnlar)ni ham qiyosiy tahlilga tortishni maqsad qildik. Sababi, xitoy adabiyotidagi glyuttonik mavzuga ega kontekstlarda glyuttonimlarning emotiv-kvalikativ xususiyatlari turli metaforalar va o‘xshatmalar bilan beriladi. Taom nomlarining implitsid ma’nolari va taomga xos xususiyatlarning obrazli ko‘chimlari xitoy tili va madaniyatida glyuttonik  noverbal kommunikatsiyaning mavjudligini ko‘rsatadi.

 

 

Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati:

 

1. Odilova G. Xususiy diskurslar lingvomadaniy talqinining nazariyasi va amaliyoti (glyuttonik diskurs misolida) Filol.fan. d-ri. –diss. – Toshkent: 2020. – 281 b .

2. Arutyunova N. D. Discourse // Lingvisticheskiy entsiklopedicheskiy slovar / Gl.ed. V.N. Yartseva. M.: Sov. Encyclopedia, 1990. - S. 136-137

3. Derzhavetska I. Gluttonic lexis and difficulties of its translation // Scientific Notes of Taurida V.I.Vernadsky National University. – Series: Philology. Social communications, 2013. – Vol. 26 (65). – No 1. – Pp. 466–470.

4. Karasik V.I. Yazыkovoy krug: lichnost, konseptы, diskurs. – Volgograd: Peremena, 2002. – 477 s.

5. Olyanich A.V. Prezentasionnaya teoriya diskursa. – Volgograd: Paradigma, 2004. – 237 s.

6. Levi-Stros K. Proisxojdeniye zastolnыx obыchayev. – Sankt-Peterburg: Universitetskaya kniga, 2000. – 461 s.

7. Bart R. Izbrannыye rabotы: Semiotika. Poetika. –   Moskva: Progress, 1989. – 616 s. 

8. 蔡一粟 (Cai Yisu) “功能主义理论和跨文化翻译视角下的中国菜名西译研究” Master dissertation, 70 p. 北京外国语大学出版社,2017

9. 熊欣 “跨文化交际理论下的中国菜名英译研究” PhD dissertation, 202 p, 上海外国语大学研究生部临制-2013.

 

Одилова Г., Маматова Д. Глюттонический дискурс в изучении языкового картина мира. В статье анализируются подходы к дискурсу современных лингвистов. Среди определений, данных дискурсу, делается наиболее обоснованный вывод о природе дискурса. Обсуждается дискурс чревоугодия, являющийся одним из особых видов дискурса, и его аспекты. На основе теоретических взглядов на прожорливый дискурс дается терминологическое объяснение его теории. Выяснены взгляды на научные направления дискурса чревоугодия. В работе определяется исследовательская концепция прожорливого дискурса для кросслингвистики.

 

Odilova G., Mamatova D. Gluttonic discussion in the study of the world's national linguistic view. In this scientific work, researching the existing language into different discourses is extremely popular in linguistics and translation studies. This is because each discourse has its own aspect and linguistic structure. Comprehensive study of different discourses requires a lot of effort and time for an expert in the field. Therefore, it is important not only for linguistics, but also for translation studies to carefully study the specific forms of discourses and to analyze the texts related to Ukrainian discourse. Discourse is a term of modern linguistics, which is interpreted differently by world linguists.

 

 

Xorijiy filologiya jurnali tahrir ha'yati