ONALAR ShA’NIGA BITILGAN DOSTON

O‘tkir Hoshimovning barcha asarlarida yon-atrofimizda sodir bo‘layotgan har bir narsani o‘zbekning ko‘zi bilan ko‘rib, dunyo voqealariga sof o‘zbekcha munosabat bildirish yetakchilik qiladi. Shu ma’noda ijodkorning barcha asarlarida o‘zbekona mushohada va qarashlar mujassam. Aynan shu tufayli yozuvchining deyarli har bir asari kitobxonlar tomonidan iliq kutib olingan, qalbidan muqim o‘rin egallagan.

O‘tkir Hoshimovning, ayniqsa, “Dunyoning ishlari” qissasi go‘zal tili va badiiy jozibasi bilan alohida e’tirofga sazovor. Uni zahmatkash, mehribon, kamtar, insonparvar, pokiza va mushfiq o‘zbek onalari sha’niga bitilgan samimiy doston deb atash mumkin. Adabiyotda onalarchalik ko‘p ishlangan mavzu bo‘lmasa kerak. Ular haqida yangi gap aytish, o‘quvchi bexabar ma’lumotni topish, kitobxon qiziqishini uyg‘otish imkonsizday. Biroq, “Dunyoning ishlari” ularni aslo takrorlamaydi, tubdan farq qiladi. Asar mazmun-mundarijasini hisobga olmaganda ham, shaklining o‘zi bilanoq badiiy yangilik yaratgan[1].

Dunyodagi barcha millat va xalqlarni birlashtiradigan bitta tuyg‘u bor, bir muhabbat bor. Bu – ona muhabbati, ona mehri. Badiiy adabiyotlarning eng sarasi ona haqidagi, sheʼrlarning eng go‘zali ham ona muhabbatini tarannum etganidadir. Ona obrazi barcha xalqlar adabiyotidagi eng muhim obrazlardan biri sanaladi.

Qissada voqealar oddiy hayotiy lavhalar orqali tasvirlanadi. Asar markazida esa Ona obrazi turadi. Muallif bolalik xotiralari, kundalik turmush tafsilotlari orqali o‘zbek onasining betakror siymosini yaratadi. “Shu nuqtayi nazarda O‘tkir Hoshimovning “Dunyoning ishlari” qissasi o‘quvchilar qalbidan chuqur o‘rin egallagan asar sifatida qadrli. Qissa haqida O‘zbekiston xalq yozuvchisi Said Ahmad shunday degandi: “Dunyoning ishlari” asarini qissa emas, doston deb atashni istardim. U qo‘shiqday o‘qiladi. Uni o‘qib turib, o‘z onalarimizni o‘ylab ketamiz. Shu mushfiq, shu jafokash onalarimiz oldidagi bir umr uzib bo‘lmas qarzlarimizning aqalli bittasini uza oldikmi, degan bir andisha, bir savol ko‘z oldimizda ko‘ndalang turib oladi. Qissa bizni insofga, insonni qadrlashga, hurmat qilishga chaqiradi”[2].

“Dunyoning ishlari” qissasi avtobiografik ruhda yozilgan bo‘lib, unda yozuvchining bolalik davri, oilaviy muhit va onasi bilan bog‘liq xotiralari tasvirlanadi. Asarning bosh g‘oyasi – ona mehrining cheksizligi va inson hayotidagi o‘rni.

Muallif hayotning oddiy, ko‘zga tashlanmaydigan “ishlari” orqali katta ma’naviy haqiqatni ochadi: dunyo tashvishlari orasida eng ulug‘ qadriyat – bu ona mehridir.

Qissadagi Ona obrazi umumlashtirilgan, tipik xarakterga ega. U nafaqat muallif onasi, balki butun o‘zbek onalarining timsolidir.

Ona obrazining asosiy xususiyatlari:

1. Mehribonlik va fidoyilik. Ona farzandlari uchun o‘zini ayamaydi. Uning har bir harakati mehr va g‘amxo‘rlik bilan sug‘orilgan.

2. Sabr-toqat. Turmushning og‘ir sinovlariga qaramay, u shikoyat qilmaydi. Sabr uning eng katta qudratidir.

3. Oddiylik va kamtarlik. Ona o‘z xizmatini burch deb biladi, uni qahramonlik deb hisoblamaydi.

4. Ma’naviy kuch. U oilaning ruhiy tayanchi, farzand tarbiyasining asosiy ustunidir.

Muallif Ona obrazini yuksak pafossiz, samimiy va tabiiy tasvirlaydi. Shu bois qissa o‘quvchi qalbiga tez yetib boradi.

Asarda voqealar ketma-ket sujet asosida emas, balki xotiralar shaklida beriladi. Har bir lavha mustaqil epizod bo‘lsa-da, umumiy g‘oyaga xizmat qiladi.

Psixologik tasvirlar, ayniqsa, bolalik kechinmalarini ifodalashda yorqin namoyon bo‘ladi. Muallif bolalik nigohi orqali hayotni ko‘rsatadi. Bu esa asarga samimiyat bag‘ishlaydi.

Asarning tili sodda va ravon. Muallif murakkab tasvir vositalaridan ko‘ra tabiiylikka tayanadi. Dialoglar jonli, tasvirlar hayotiy.

Qissada lirik ruh ustun. Unda kuchli dramatik to‘qnashuvlardan ko‘ra, ichki kechinmalar tasviri muhim ahamiyatga ega. Samimiy ohang asarning asosiy badiiy xususiyatidir.

“Dunyoning ishlari” bir qaraganda xotiralar majmuasi, parcha-parcha voqealar yig‘indisidek tuyuladi. Biroq, asardagi har bir hikoya, har bir epizod mustaqil holda o‘qilishi mumkin, ularning barchasi yagona ma’naviy markazga — ona obraziga bo‘ysundirilgan. Bu yerda onaga qahramon sifatida emas, hayot manbai sifatida qaraladi.

Bolalik – muallif uchun eng sof, eng rost davr. “Oq, oydin kechalar”[3] orqali o‘quvchi ona va bola o‘rtasidagi munosabatning ilk shaklini ko‘radi. Ona bolaga hayotni o‘rgatmaydi, balki uni his qilishni anglatadi. Oy va yulduzlar, tun va sukut – bular shunchaki tabiat manzarasi emas, balki bola qalbiga joylanayotgan birinchi ma’naviy tushunchalardir. Ona yulduzni yetim deb ataganida, bola ongida rahm-shafqat va yo‘qotish tushunchalari shakllana boshlaydi.

O‘tkir Hoshimov yaratgan Ona obrazi boshqalardan nimasi bilan farqlanadi? Aytish mumkinki, mehri bilan. Ammo, barcha asarlarda aynan ona mehri tasvirlanadi, deyishingiz mumkin. Darhaqiqat, shunday. Adib gavdalantirgan Ona o‘z mehri, qalb qo‘rini boshqalar kabi faqat o‘z bolalariga emas, butun bolalarga, millati, yoshi, jinsidan qat’i nazar, har bir insonga baxsh eta oladi. Mana shu xususiyati bilan u yorqin, takrorlanmas, original va suyumlidir. Har qanday narsaning me’yoridan ortig‘i kishi ko‘nglida shubha uyg‘otadi. Ammo, “Dunyoning ishlari”dagi Onaning mehribonligi, bolajonligi, donoligi, kamtarligi, barchaga yaxshilikni ravo ko‘rishi o‘quvchiga g‘alati tuyulmaydi.

Biz rus, yapon, koreys xalq og‘zaki adabiyotiga ham eʼtiborimizni qaratadigan bo‘lsak, barchasida onalar tomonidan kuylanadigan, farzandiga mehru muhabbatini izhor etadigan allalari mavjud. Alla bolaning onasi tomonidan aytiladigan ilk qo‘shiq bo‘lib, bu qo‘shiqda onaning orzulari, armonlari barcha-barchasi o‘z ifodasini topadi. Xuddi mana shunday onalar haqida, uning mehru muhabbati haqida yozilgan o‘zbek adabiyotidagi eng go‘zal asar, qo‘shiqday  sokin kuylanib, tinglanadigan asar O‘tkir Hoshimovning “Dunyoning ishlari” qissasidir. Aynan mana shu asarda sokin kuylangan ona allasi bor. Bu alla o‘zbek tilida emas, rus tilida jaranglaydi. Bu bilan yozuvchi ona muhabbati na masofa, na vaqt, na millat tanlaydi. U mo‘jiza ekanligini asarning boshidayoq kitoxonga his qildiradi. “Dunyoning ishlari” boshdan-oyoq nihoyatda yorqin, ajib bir milliy bo‘yoqlar bilan jilolangan. Ayni paytda asar teran bir umuminsoniy, baynalmilal tuyg‘ular bilan yo‘g‘rilgan. Qissada bunday mulohazalar bor: “Ehtimol, dunyoning bu chetida turib bir odam o‘z sevgilisiga aytgan dil rozini dunyoning narigi chekkasidagi boshqa bir odam tushunmas. Ehtimol, dunyoning bu chetida turib bir odam aytgan qo‘shiqni dunyoning narigi chekkasidagi boshqa bir odam tushunmas. Ehtimol, dunyoning bu chekkasida turib bir odam aytgan oqilona fikrni dunyoning narigi chekkasidagi boshqa bir odam tushunmas. Biroq, dunyoning bu chekkasida turib ona aytgan allaga dunyoning narigi chekkasidagi go‘dak bemalol orom oladi”[4].

Asar  katta-kichik  hikoyalardan  iborat,  uzoq  yillar  davomida yozilgan  va  to‘liq  tarzda  2005-yilda  “Sharq”  nashriyoti  tomonidan  nashr  etilgan. Keyinchalik  boshqa  nashriyotlar  tomonidan  ham  ko‘p  bora  qayta  nashr  etildi. Jumladan, 2015-yilda “Yangi asr avlodi” nashriyoti tomonidan 336 betli qattiq muqovada nashr  etildi. Ushbu nashrning ustki qismida qishloq ko‘chasidagi uylar va adibning  onasi tasvirlangan. “Dunyoning  ishlari” ingliz tiliga tarjimasi 31-martdan Amazon  saytida  sotuvga  chiqqan.  “Dunyoning  ishlari”ning  reklamasi  Nyu-York metrosida ham paydo bo‘lgan. Tarjimonlar Mark Ris va Abdulla Ro‘ziyevlar  asar nomini ingliz tiliga “Such is Life” deb o‘girishgan. Risning yozishicha, kitobni tarjima qilishdan nashr qilishgacha 5 yil vaqt ketgan. Ris kitobni nashr qilishgacha bo‘lgan bosqichda qatnashganlarga minnatdorchilik bildirgan. Kitobning orqa tomonida adibning quyidagi so‘zlari keltirilgan: “Dunyoda hech bir chegarani tan olmaydigan va quyosh kabi muttasil nur sochib turadigan sehrli kuch bor. Bu – Ona mehri! Alloh Onani shunday yaratgan!”

Qissadagi  hikoyalarda Ona  obrazining  to‘laqonli  siymosi  ochib  beriladi. “Gilam paypoq”, “Alla”, “Haqqush”, Qarz”, “Iltijo” hikoyalarida  turli  voqealar qalamga  olinsa-da,  ularda  o‘zbek  oilalaridagi  ona va farzand  munosabatlari,  keng insonlar taqdiri,  ularning  ezgu  amallari  bo‘rtib  turadi. Qissa 33 ta  katta-kichik  hikoyalardan tashkil topgan  bo‘lib,  ona  obrazi   ularning  barchasini tutashtirib  turadi.  Asardagi  hikoyalar o‘quvchini hayajonga  soladi,   taʼsirlantiradi. Ona  siymosiga  bo‘lgan  samimiy  tuyg‘ularimizni, mehr-muhabbatimizni  yanada  oshirishga  xizmat qiladi.

O‘tkir Hoshimovning asarlarida Ona obrazini yaratilishi va yoritilishi uning mahoratini  ko‘rsatuvchi yetakchi omillardan biridir. Uning kitobxonlarga juda manzur bo‘lgan ko‘plab  asarlarida ona obrazi alohida ahamiyatga ega. Misol uchun “Ikki eshik orasi”, “Dunyoning ishlari”, “Tushda kechgan umrlar”, “Urushning so‘nggi qurboni”, “Odam ovozi”, “Nur borki, soya bor”, “O‘zbeklar” badiiy asarlaridir.

Xullas,  O‘zbekiston  Xalq  yozuvchisi  O‘tkir Hoshimovning  “Dunyoning  ishlari” qissasi o‘quvchilarni  eng  buyuk  zot  –  Onaga   hurmat-ehtirom ruhida  tarbiyalashda  muhim  ahamiyat  kasb etadi. “Dunyoning ishlari” qissasi ona siymosini ulug‘lovchi, milliy qadriyatlarni targ‘ib qiluvchi yuksak badiiy asardir. Ona obrazi orqali muallif mehr-oqibat, sabr-toqat va fidoyilik kabi insoniy fazilatlarni tarannum etadi. Asar bugungi kunda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan. U yosh avlodni ota-onani qadrlash, milliy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashda muhim manba bo‘lib xizmat qiladi.

 

 

Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati:

 

  1. Abdulla Qahhor.  zamondoshlari xotirasida. – Т.: G‘.G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyoti, 1987. – 260 bet.
  2. Mirzayev S. XX asr o‘zbek adabiyoti. – T.: Yangi asr avlodi, 2005. – 420 b.
  3. Норматов У. Ижод сеҳри. – Т.: Шарқ, 2007. – 352 б.
  4. Hoshimov O‘. Dunyoning ishlari. – T.: Adabiyot uchqunlari, 2018. – 190 b.
  5. Ҳамдамов У. Бадиий тафаккур тадрижи. Монография ва мақолалар. – Т.: Янги аср авлоди, 2002. – 126 б.

 

Зиядуллаева Ф. Очерк в честь матерей. В данной статье представлена информация о творчестве Откира Гошимова. Анализируется рассказ автора «Труды мира». Рассказ выражает художественное мастерство автора и его отношение к поэтическому миру. Также на основе содержащихся в рассказе фрагментов раскрывается образ матери и её поэтические черты.

 

Ziyadullayeva F. An Essay in Honor of Mothers. This article provides information about the work of Otkir Hoshimov. The author's story “The Works of the World” is analyzed. The story expresses the author's artistic skills and attitude to his poetic world. Also, the image of the mother and her poetic features are revealed based on the stories contained in the story.

 

 

 

 

[1] Mirzayev S. XX asr o‘zbek adabiyoti. – T.: Yangi asr avlodi, 2005. – 398-b.

[2] “5-sinf adabiyot”, darslik, 2020, 134-b.

[3] O‘tkir Hoshimov. Dunyoning ishlari. – T.: Adabiyot uchqunlari, 2018. – 6-b.

[4] O‘tkir Hoshimov. Dunyoning ishlari. – T.: Adabiyot uchqunlari, 2018. – 188-b.

Xorijiy filologiya jurnali tahrir ha'yati