Bismillahir rohmanir rohiym. Qur’oni Karim bashariyat olamining madaniy merosi hisoblanuvchi muqaddas kitoblardan biridir. Unda diniy va odob-axloq qoidalari mujassam bo‘lib, insoniyat turmush tarzining muhim jihatlari belgilab qo‘yilgan. O‘n to‘rt asrdirki, ushbu kitob dunyo tadqiqotchilarining e’tiborini tortib kelmoqda va uni o‘rganishga bo‘lgan ehtiyoj yildan yilga tobora ortib bormoqda. Jumladan, hozirgi kunda Quroni Karim matnining ilmiy tadqiq etilganligi yuzasidan xorijiy hamda mahalliy nashrlar mavjudkim, ularda kitob matni diniy, falsafiy, adabiy, tarixiy, madaniy, axloqiy va lingvistik jihatdan o‘rganilgan.
Qur’on matni va u orqali mumtoz arab tilini o‘rganishga bo‘lgan qiziqish VII-VIII arlarga borib taqaladi. Qur’on matni yozib olingandan so‘ng ilk grammatik maktablar shakllana boshladi. Mazkur maktablarda Qur’on tilining xususiyatlari lingvistik jihatdan o‘rganildi. Masalan, Basra grammatik maktabining yirik vakili Abu Bishr Amir bin Usmon Sibavayxiy (Al Basriy) o‘zining «Al kitob» asari bilan shuhrat qozondi. Olim mazkur asarda arab grammatikasining nazariy masalalarini tadqiq etadi. Grammatikani yoritishda Qur’on oyatlari va mumtoz she’riyatdan olingan faktik til materiallariga asoslanadi [1.48]. O‘sha davrlarda Basara va Kufa maktabi vakillari tomonidan yuqori baholangan va qadrlangan bu nodir asar hozirgi kunda ham beqiyosdir.
O‘rta Osiyoda Qur’on matnining lingvistik xususiyati ustoz Mahmud Zamaxshariy tomonidan yaratilgan «Asosu-l-balog‘a» asarida (XII asr) keng tadqiq etildi. Olim asarda Qur’oni Karim oyatlarida uchraydigan frazemalarni tahlil qilgan, arabcha frazeologizmlarning chig‘atoy tilidagi muqobillarini keltirgan [2; 115].
Qur’on matni hamda dini islomni ilmiy jihatdan o‘rganish Yevropada ham keng tus olganligi ma’lum. Jumladan, o‘rta asrlardayoq Qur’oni Karim lotin tiliga tarjima qilinib, bir necha bor nashr ettirilgan. Muqaddas «Qur’on» kitobining yuzaga kelishi tarixini Yevropada birinchilar qatorida T.Nöldeke o‘rgandi. U 1860-yilda «Qur’on tarixi» asarini nashr ettirdi. Keyinchalik uning ishlarini izdoshlari F.Shvalli, G.Bergshtresser, O.Pretzl kabi o‘lkashunos va sharqshunoslar davom ettirishdi [3].
Qur’on matnining grammatik tahlili bo‘yicha zamonaviy tadqiqotchilari-mizdan E.A.Rezvan, D.V.Frolov, S.Kashtaleva, O.I.Redkin, O.A.Bernikova, A.Y.Kudryavtseva kabilarning amalga oshirgan mehnatlari tahsinga sazovordir. Qur’onshunoslik E.A.Rezvan ijodiy faoliyatining asosiy sohasiga aylandi. Olim «Qur’on va uning dunyosi» asarini Qur’on matni leksikasini o‘rganishga bag‘ishlaydi [4].
O.A.Bernikova va O.I.Redkinning «Qur’ondagi emotivlikning morfologik aspektlari» nomli maqolasida zamonaviy arab tiliga nisbatan Qur’on tilida emotivlikning kuchliroq nomoyon bo‘lishi izohlangan. Tadqiqotda his-tuyg‘ularni yetkazish uchun ma’lum bir morfologik vositalardan foydalanish chastotasi statistik jadval asosida keltirilgan [5; 389-396].
A.V.Proskurina, S.K.Besxlebniy «Qur’onning leksik, sintaktik va stilistik xususiyatlari» nomli maqolasida «Muddassir» surasining leksik, sintaktik va stilistik jihatlarini yoritib berishdi [6; 51-69]. Bundan tashqari, Qur’oni karim 1790-yilda M.I.Veryovkin, 1792- yilda A.B.Kolmakov, 1871-yilda D.N.Bogus-lavskiy, 1878-yilda G.S.Sablukov, 1920-yilda I.Y.Krachkovskiy, 1995-yilda T.A.Shumovskiy, 2013-yilda V.M.Poro-xova kabi rus olimlari tomonidan izohli tarjimalar ham qilingan.
Qur’oni Karim hamyurtlarimiz L.Abdulqosimovaning «Qur’on va hadis tilining arab huquqiy terminologiyasining shakllanishiga ta’sir ko‘rsatgan omil sifatida» («Sharqshunoslik», 2020), Sh.Axrordinovaning «Qur’oni Karimning axloqiy masalalarining falsafiy mezoni» («Academic research in educational sciences», 2022) nomli ishlarida ilmiy jihatdan tadqiq etildi.
Qur’oni Karimning ilmiy tadqiqiga bag‘ishlangan bu kabi asarlar ko‘p bo‘lib, mavzu jihatidan xilma-xildir. Biz ushbu tadqiqotimizda Qur’oni Karim matni filologik nuqtayi nazardan tahlil qilingan ishlarning ayrimlari xususida to‘xtaldik, xolos. Zero, birgina maqola hajmida mavjud amallarning barchasini izohlab o‘tish mushkul. Bu, albatta, katta tadqiqot mavzusining obyektini talab etadi.
Yuqorida ta’kidlab o‘tilgan olimlarning fikrlariga va boshqa bir qator manbalarda keltirilgan ma’lumotlarga tayangan holda, ushbu tadqiqotimizni biz Qur’on suralaridagi kauzativ qurilmalarning derivatsion xususiyat-larini tadqiq etishga bag‘ishladik. Bu mavzu tilshunoslik sohasida hali o‘rganilganicha yo‘q. Mazkur ishimiz kelgusida amalga oshirilishi mo‘ljallana-yotgan monografik tadqiqotimizning debochasi maqomida taqdim etilmoqda.
Zamonamiz fanida Qur’on matniga nafaqat diniy manba sifatida, balki etika, estetika, madaniyat, odob-axloq, oilaparvarlik, tarbiya, vatanparvarlik, ilm o‘rganish, sog‘lom turmush tarzi, insonlar o‘rtasidagi munosabat, to‘g‘riso‘zlik, sabr-toqat, menatsevarlik, halollik kabi komil insonda mujassam bo‘lishi zarur bo‘lgan oliy tushunchalarni o‘rgatuvchi muqaddas kitob deb qaraladi. Bundan tashqari, mazkur kitob uni filologik tomondan tadqiq etuvchilar uchun ham boy xazina hisoblanadi. Qur’on suralari sakral (sakral – lotincha sacralis – «muqaddas») matnlarni tashkil etib, suggestiv (suggestiv – inglizcha suggestive – «ta’sir etib ishontirmoq») xarakter kasb etadi. Boshqacha aytganda, Qur’on matni tarixiy materiallarga boy, rasmiy, barqaror va mazmunli tuzilishga ega bo‘lib, diniy maqomdagi ta’sir etuvchi muqaddas belgilar tizimini tashkil etadi. U ritm, ohang, qofiya va semantikaning hayratlanarli darajada uyg‘unligi bilan ham ajralib turadi.
Ta’kidlab o‘tganimizdek, Qur’on matni suggestiv xarakter kasb etar ekan, uning kauzatsiya bilan bog‘lanishi tabiiydir. Zero, kauzativlik ta’sir etish, ishontirish, qo‘zg‘ash, bahona, asoslash, undash, buyruq, da’vat etish, natija, shart, majburlash, maqsad, iltimos kabi qator ma’nolarni izohlab keladi. Shu bois kitob mazmuni global supermakro kauzasituatsiyani taqozo etadi. Kitobning mazkur maqomga ega bo‘lishining sababi, uning matnida reprezentativ (xabar), komissiv (majburiyat), ekspressiv (hissiyot), direktiv (undash), rogativ (savol), kontaktiv (nutq odobi), preskriptiv (buyruq) kabi qator kauzasemantik derivatlarning voqelanishidadir.
Ma’lumki, kauzativ qurilmalarning derivatsiyasida kauzator kauzatsiyalash vazifasini bajarib, kauzantga yuqorida keltirib o‘tilgan singari ta’sir etadi. Kauzant esa ma’lum amalni ado etishi kerak bo‘ladi. O‘z navbatida, mazkur situatsiya sabab va oqibat qurshovida sodir bo‘ladi, zotan, kauzatsiya asl mohiyatiga ko‘ra sabab bilan bog‘lanadi. Qur’on matnida aynan shu tushunchalar yetakchilik qiladi. Jumladan, ustoz Abul Hasan al-Ashariy ta’biri bilan aytganda, barcha narsa, voqea va hodisalarning yagona sababchisi Allohdir. Boshqa hech qanday narsa, voqea va hodisa biror narsa, voqea va hodisaning sababi bo‘la olmaydi. Zero, tabiatdagi narsalar biror oqibatni keltirib chiqaruvchi kuchga ega emasdirlar. Garchi bu holat insonlarga shunday bo‘lib ko‘rinsa-da, aslida, u soxta tasavvurdir [7; 70-72].
Ustoz al-Ashariyning fikriga misol tariqasida «Baqara» surasidan quyidagi oyatni keltirishimiz mumkin:
وَإِذْ قَالَ رَبُّكَ لِلْمَلاَئِكَةِ إِنِّي جَاعِلٌ فِي الأَرْضِ خَلِيفَةً قَالُواْ أَتَجْعَلُ فِيهَا مَن يُفْسِدُ فِيهَا وَيَسْفِكُ الدِّمَاء وَنَحْنُ نُسَبِّحُ بِحَمْدِكَ وَنُقَدِّسُ لَكَ قَالَ إِنِّي أَعْلَمُ مَا لاَ تَعْلَمُونَ(٣٥)[8].
Eslang, (ey, Muhammad,) Rabbingiz farishtalarga: «Men Yerda xalifa (Odam) yaratmoqchiman», - deganida, (ular) aytdilar: «Unda (Yerda) buzg‘unchilik qiladigan, (nohaq ravishda) qonlar to‘kadigan kimsani yaratmoqchimisan? Holbuki, biz Senga hamding bilan tasbehlar aytamiz va Seni muqaddas deb bilamiz. (Alloh) aytdi: «Men sizlar bilmagan narsani bilaman» («Baqara» surasi 30-oyat) [9].
Darhaqiqat, barcha hodisalarning asl sababiyatini faqatgina Yaratganning o‘zi bilishi mazkur oyatdan anglashilib turibdi. Bu esa sabab va oqibat tushunchalari asosida semantik jihatdan voqelanayotgan kauzaderivativ matnni taqozo etmoqda. Derivatsiyaning barcha turlari singari kauzaderivatsiyada ham operator asosiy vazifani bajaradi. Negaki, uning ishtirokisiz derivatsiya voqelanmaydi. Ushbu matnda asosiy sababni ifodalovchi fikr operator maqomini egallaydi. O‘z navbatida, kauzativ matn operatori إِنِّي أَعْلَمُ مَا لاَ تَعْلَمُونَ (Men siz bilmagan narsalarni bilaman) jumlasi orqali voqe topadi. Demak, Yerda xalifaning yaratilishi sababini faqat Alloh biladi.
Umuman, Qur’on matni yuqorida to‘xtalib o‘tganimiz kabi global kauzatsiyani ifodalaydi. Buni X→Y=Z modeli orqali tasavvur etishimiz mumkin, chunki kauzatsiya shu formula asosida ish ko‘radi. Bu X kauzator, Y kauzant va Z konsekventni, ya’ni kauzatsiya xulosasini ko‘rsatadi. Matnga kauzativ tahlil nuqtayi nazaridan yondashadigan bo‘lsak, albatta, barcha diniy kitoblarda ifoda etganidek, Qur’oni Karimda ham ma’lum ish-harakatning bajarilishiga da’vat etuvchi zot kauzator, Alloh taolodan vahiy olib, uni bajaruvchi kishi kauzant va bajarilgan amallarning oqibatni taqozo etishi konsekvent deb yuritiladi. Uning global kauzatsiya deyilishining sababi, kitobning butun matnining kauzatsiya asosida qurilganligidadir. Yuqoridagi misolda ham Alloh taolo Muhammad Mustafo sallallohu alayhi vasallam hazratlariga farishta Jabroil orqali murojaat etib, oyatda keltirilgan fikrlarni yetkazmoqda. Mazkur holatdan xulosa qilib, ushbu kauzasituatsiyani k=C1+S→I1+C2→I2 formulasi bilan belgilaymiz. Kauza-semantik derivatsiya modelidan ko‘rinib turganidek, kauzatsiya konstantasi (doimiy hosil bo‘lib turuvchi holat) beshga tengdir. Zero, kauzativizatsiya jarayonida ikkita kauzativ situatsiya shakllangan bo‘lib, unda uchta ishtirokchi mavjuddir. Ammo kauzasemantik derivatsiyaning keyingi bosqichlarida ushbu jarayonda yana ishtirokchilar soni ko‘payadi, chunki kauzatsiyadan doimiy hosil bo‘ib turuvchi holatda oxirgi ishtirokchi yana boshqalarni yadroviy kauzator yetkazgan fikrga da’vat etishi kerakligi ko‘zda tutiladi. Kauzativ jihatdan mazkur matn reprezentativ (xabar) kauzaderivatini tashkil etadi.
O‘z zamonasida G.V.F.Gegel (1770-1831-yillar) sababiy munosabatni obyektiv idealizm pozitsiyasi nuqtayi nazaridan izohlagan edi: «Sababiy aloqadorlik inson ongiga bog‘liq bo‘lmagan holda obyektivdir. Ammo u real narsalarning real aloqalarini aks ettirgani uchun emas, balki oliy Ruhga bog‘liq bo‘lgani uchun obyektivdir. U subyektning ongi va tasavvuridan mustaqil ravishda mavjuddir. Sababaiylik mutlaq Ruhning faoliyatiga bog‘liqdir» [10; 70-73].
Mazkur fikrning dalili G.V.F.Gegel yashab ijod etgan davrdan bir necha asr ilgari muqaddas Qur’oni Karimda belgilab qo‘yilgan edi. Shunday ekan, Qur’oni Karimda kauzativlikning barcha formalariga misol topa olamiz. Bu formalar kauzaderivatlar deb yuritiladi. Quyida ularning bir nechtasi xususida to‘xtalamiz:
1) kauzativlikning faktiv formasi: faktivlikda kauzator kauzantni harakatni bajarishga da’vat etadi. Kauzant uning da’vatini qabul qiladi.
وَلَقَدْ خَلَقْنَاكُمْ ثُمَّ صَوَّرْنَاكُمْ ثُمَّ قُلْنَا لِلْمَلآئِكَةِ اسْجُدُواْ لآدَمَ فَسَجَدُواْ إِلاَّ إِبْلِيسَ لَمْ يَكُن مِّنَ السَّاجِدِينَ(۱۱)
Albatta, (Biz) sizlarni (Odam Atoni) yaratdik, so‘ngra sizlarga (unga) suvrat berdik, so‘ngra farishtalarga: «Odamga sajda qilinglar!» - dedik. (Ular) sajda qildilar, illo Iblis sajda qiluvchilardan bo‘lmadi («A’rof» surasi 11-oyat).
Keltirilgan misolda faktivlik analitik kauzatema اسْجُدُواْ لآدَمَ) Odamga sajda qilinglar) shaklidagi forma bilan voqelanmoqda. Bu o‘rinda kauzativlik-ning faktiv formasining semantik jihatdan retsiproklik bilan ham munosabatga kirishayotganini kuzatamiz. Zero, retsiproklik ma’lum ish-harakatning birgalikda bajarilishini taqozo etadi:لِلْمَلآئِكَةِ,فَسَجَدُواْ kabi. Ta’kidlangan analitik kauzatema faktiv formadagi kauzaretsiprokal situatsiyaning operatori hisoblanadi.
2) kauzativlikning sof sabab va oqibat tushunchalari munosabatidagi formasi: ushbu forma hech bir narsa sababsiz yuzaga kelmasligi, balki ma’lum bir zarurat asosida voqelanishini izohlaydi.
قَالَ مَا مَنَعَكَ أَلاَّ تَسْجُدَ إِذْ أَمَرْتُكَ قَالَ أَنَاْ خَيْرٌ مِّنْهُ خَلَقْتَنِي مِن نَّارٍ وَخَلَقْتَهُ مِن طِينٍ(۱۲)
(Alloh) aytdi: «Senga buyurganimda sajda qilishingga nima mone’lik qildi?» U dedi: «Men undan yaxshiman, meni olovdan yaratgansan. Uni (Odamni esa) loydan yaratding» («A’rof» surasi 12-oyat).
Mazkur oyatda kauzatorning مَا مَنَعَكَ أَلاَّ تَسْجُدَ إِذْ أَمَرْتُكَ (Senga buyurganimda sajda qilishingga nima mone’lik qildi?) degan savoliga, kauzantningأَنَاْ خَيْرٌ مِّنْهُ خَلَقْتَنِي مِن نَّارٍ وَخَلَقْتَهُ مِن طِينٍ deb qaytargan javobi sabab va oqibat munosabatiga bog‘liq bo‘lmoqda. Sabab – men olovdan yaralganman → oqibat – undan yaxshiman kabi. Demak, eng asosiy sababiylik, Gegel ta’riflaganidek, mutlaq Ruhning faoliyatiga bog‘liqdir. Boshqacha aytganda, Alloh uni olovdan yaratdi, u esa takabbur bo‘ldi. Bundan tashqari, misolda kauzatsiyaning rogativlik (savol berish tarzidagi kauzativlik) holati ham kuzatilmoqda. Mazkur forma operatorlari sabab va oqibat munosabatidagi tushunchalardir.
3) kauzativlikning preskriptiv (sof buyruq) formasi:
قَالَ فَاهْبِطْ مِنْهَا فَمَا يَكُونُ لَكَ أَن تَتَكَبَّرَ فِيهَا فَاخْرُجْ إِنَّكَ مِنَ الصَّاغِرِينَ(۱۳)
Aytdi: «Undan (jannatdan) chiq! U yer (jannat)da takabburlik qilishing senga (joiz) emas. Bas, chiq! Albatta, sen haqirlardandirsan» («A’rof» surasi 13-oyat).
Ko‘rib turganimizdek, kauzativlik-ning bu shaklida preskriptivlik ustuvor daraja kasb etmoqda va هْبِطْ مِنْهَا birikmasi kauzaoperator vazifasini o‘tamoqda.
4) kauzativlikning permissiv formasi: pemissivlikda kauzant kauzatordan biror harakat bajarilishi uchun ruxsat so‘raydi. Kauzator kauzantga ruxsat beradi.
قَالَ فَأَنظِرْنِي إِلَى يَوْمِ يُبْعَثُونَ(۱۴)
(U) dedi: «Meni (insonlar) tiriltiriladigan kungacha kechiktir!» («A’rof» surasi 14-oyat)
قَالَ إِنَّكَ مِنَ المُنظَرِينَ(۱۵)
Aytdi: «Albatta, sen kechiktirilgan-lardansan» («A’rof» surasi 15-oyat).
Tahlil etilayotgan kauzasituatsiyada kauzator va kauzant munosabati permissivlikka asoslangani izoh talab qilmaydi. Permissivlik vaziyatida فَأَنظِرْنِي va إِنَّكَ مِنَ المُنظَرِينَ kabi operandlarning operator vazifasini ham bajarayotgani kuzatiladi. Zero, makrokauzativ qurilma strukturasi sintaktik jihatdan tayyor hosilani taqozo etadi. Undagi permissiv kauzapoeratorlar faqat shu ma’noni izohlashda faoliyat yuritadi.
Qur’oni Karim matnining kauzaderivativ xususiyatlarini tahlil qilar ekanmiz, unda kauzaderivatlarning frazemalar orqali ham voqe topishining guvohi bo‘lamiz:
وَمَا كَانَ قَوْلَهُمْ إِلاَّ أَن قَالُواْ ربَّنَا اغْفِرْ لَنَا ذُنُوبَنَا وَإِسْرَافَنَا فِي أَمْرِنَا وَثَبِّتْ أَقْدَامَنَا وانصُرْنَا عَلَىالْقَوْمِ الْكَافِرِينَ(١۴۷)
Ularning gaplari faqat quyidagi bo‘ldi: «Ey, Rabbimiz! Bizlarning gunohlarimizni va ishimizdagi isrofgar-chiligimizni kechir, (jang asnosida) qadamlarimizni mustahkam qil va bizga kofirlar qavmi ustidan g‘alaba nasib et!» («Oli Imron» surasi 147-oyat)
Aytish kerakki, frazema tarkibiy qismlarining sintaktik aloqasi u orqali ifodalanayotgan mazmunning semantik butunligini ham stabillashtirib qo‘yadi. Shuning uchun bunday birikma komponentlarining leksik joylashuvini ham, grammatik formasini ham o‘zgar-tirish to‘g‘ri bo‘lmaydi. Jumladan, tahlil etilayotgan frazeokauzatema component-larining joylashuvi statik xarakterli bo‘lib, ularga o‘zgartirish kiritib bo‘lmaydi. O‘zgartirish kiritilgan taqdirda o‘sha anglatayotgan ma’noni bermaydi. Frazemaning kauzativligi undan anglashilayotgan ma’noning undash formasida ekanligidadir. Ammo mazkur ma’no orqali iltijo, iltimos ifodalanayot-gani bois, mazkur frazeokauzativ derivat rekvistiv (lotincha – «iltimos») kauzatsiya mahsuli hisoblanadi.
Frazema tarkibiy qismlarining sintaktik aloqsi uning sintaktik hodisa ekanligidan ham darak beradi. Ammo u tutq birligi bo‘la olmaydi, chunki frazema bir paytning o‘zida semantik va lug‘aviy hodisa ham hisoblanadi. Buning sababi, u nutqda tayyor holda qo‘llanuvchi til birligi sanaladi:
بَلَى مَنْ أَسْلَمَ وَجْهَهُ لِلّهِ وَهُوَ مُحْسِنٌ فَلَهُ أَجْرُهُ عِندَ رَبِّهِ وَلاَ خَوْفٌ عَلَيْهِمْ وَلاَ هُمْ يَحْزَنُونَ(۱۱۲)
Yo‘q, kimki yuzini (o‘zini) Allohga bo‘ysundirsa, Rabbi huzurida unga ajr muhayyodir. Ularga xavf ham yo‘q va ular tashvish ham chekmaydilar («Baqara» surasi 112-oyat).
Keltirilgan misolda frazeokauzatema orqali shart ma’nosidagi derivat voqelanayotganini ko‘ramiz. Mavjud holatda kauzator kauzantga shart mazmunidagi harakatni bajarishga undamoqda. Bu esa frazema orqali ifodalanmoqda. Kauzaderivatsiyaning ushbu turini deontiv kauzatsiya deb ataymiz.
Qur’oni Karim matni ilmiy tahlil borasida serqirrali bo‘lib, u ilmning barcha yo‘nalishlari uchun tengi yo‘q manba hisoblanadi. Jumladan, biz mulohaza yuritayotgan kauzatologiya sohasining mustaqil yo‘nalishlaridan biri hisoblanuvchi psixoemotsional kauzat-siyaning ifodalanishining yorqin namunasini ham Qur’oni Karim matnida ko‘rishimiz mumkin. Emotsional kauzatsiya xususida R.B.Turniyazova quyidagilarni yozadi: «Har qanday shaxs tafakkur, tasavvur va xotira orqali atrofdagi voqelik bilan tanishadi va uni idrok etadi. Sodir bo‘layotgan voqealarga munosabat bildiradi, ma‘lum kishilarga, hodisalarga nisbatan emotiv holatda bo‘ladi. Bunday subyektiv munosabat shaxs ongida evristik shaklda namoyon bo‘ladi. Insonning ichki dunyosida sodir bo‘layotgan mazkur jarayon «psixoemotsional holat» deb yuritiladi. Psixoemotsional holat esa «psixofiziologik faktor» deb ataluvchi tushuncha tasarrufida shakllanadi va, o‘z navbatida, kishini ayrim amallarni bajarishga undaydi, uning xatti-harakatlarini tartibga soladi yoki, aksincha, xaosni keltirib chiqaradi» (Semantik kauzatsiya //«Kauzatologiya asoslari», 2024).
Darhaqiqat, R.B.Turniyazova o‘rinli ta’kidlaganidek, insonning ichki dunyosida sodir bo‘layotgan jarayon «psixoemotsional holat» deb yuritiladikim, mavjud holatga Qur’oni Karim matnida juda ko‘plab misollar topishimiz mumkin:
قَالَ أَبَشَّرْتُمُونِي عَلَى أَن مَّسَّنِيَ الْكِبَرُ فَبِمَ تُبَشِّرُونَ(۵۴)
U dedi: «Menga keksalik yetgan paytida (farzand ko‘rishim haqida) xushxabar keltirdingizmi? Endi menga (bu yoshimda) nimaning ham xushxabarini berursizlar?» («Hijr» surasi 54-oyat)
Qur’oni Karimda بَشَّرَ ((xushxabar)-xursand qilmoq) so‘zining o‘zagi ب/ش/ر) b – sh – r( II toifali بَشَّرَ , III toifali بَاشَرَ , IV toifali أَبْشَرَ hamda X toifali اسْتَبْشَرَ yasama fe’llar bilan keltirilgan. II toifali fe’l sirasiga kiruvchi بَشَّرَ «xursand qilmoq, xushxabarni e’lon qilmoq» so‘zi kauzativ forma bo‘lib, hisobimiz bo‘yicha Qur’oni Karimning 38 ta oyatida uchraydi. Barcha o‘rinlarda ushbu so‘z ijobiy emotiv ma’noda keladi. Ko‘rib turganimizdek, yuqoridagi oyatda ham mazkur so‘z insonning ichki kechinmalarini ifodalov-chi analitik kauzatema formasida qo‘llanmoqda. Kauzasituatsiyada kau-zator kauzantning hissiyotlariga ekspressiv kauzatsiya orqali ta’sir etmoqda. Kichik strukturaga ega bo‘lgan ushbu oyatda ekspressivlikdan tashqari kauzatsiyaning reprezentativ, rogativ va kontaktiv formalari ham mavjud. Matndagi analitik kauzatema umumiy kauzasituastiyaning operatori maqomida kelmoqda.
Shunday qilib, biz ushbu maqolada Qur’oni Karim matnidagi ayrim kauzativ qurilmalarnigina tahlil qilib, mulohaza-larimizni izohlab o‘tdik. Aslida, barcha oyatlar matnining kauzativ derivatsi-yasini tavsiflash uchun katta hajmdagi ilmiy ishni taqdim qilishga to‘g‘ri keladi.
Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati:
1. Звегинцев В.А. История арабского языкознания: краткий очерк. – М.: КомКнига, 2007.
2. Sulaymonova N. Mahmud Zamaxshariyning «Asosu-l-balog‘a» asari va unda frazeologizmlarning qo‘llanishi//O‘zbekiston (til va madaniyat, tarjimashunoslik). №1(3), 2021.
3. Nöldeke T., Schwally F., Bergstrasser G., Pretzl O. The History of the Quran (Edited and translated by Wolfgang H.Behn). – Leiden-Boston: Brill, 2013.
4. Резван Е.А. Коран и его мир. – СПб.: Петербургское Востоковедение, 2001.
5. Bernikova O., Redkin O. Morphological Aspects of Emotiveness in The Qurʼān//SGEM International Multidisciplinary Scientific Conference on Social sciences and Arts, 2018.
6. Проскурина А.В., Бесхлебный С.К. Лексические, синтаксические и стилистические особенности Корана (на материале суры «Завернувшийся») //Арабистика Евразии, т.7 №1, Март 2024.
7. Вольф М.Н. Средневековая арабская философия: ашаритский калам. – Новосибирск: Институт философии и права СО РАН, 2008.
8. Қуръони Карим оятлари мазмун-маъносининг ўзбекча изоҳли таржимаси (Таржимонлар: Иноятов А., Зикриллаев Ғ.). – Тошкент: HILOL-NASHR, 2022.
9. Қуръони Карим (Таржима изоҳлар муаллифи Алоуддин Мансур). – Тошкент: Чўлпон, 1992.
10. Труфанов С.Н. «Наука логиги» Гегеля. -Самара: Парус, 1999.
Турниязов Б. Деривационное свойства каузативных конструкций в тексте Священного Корана. В статье анализируется деривационное свойство некоторых каузативных конструкций в тексте Священного Корана. Ведётся научное соображение, что этот текст имеет сакральную природу, суггестивную форму и является глобальной супермакрокаузальной ситуацией, а также что текст Священного Корана содержит все типы каузации.
Turniyazov B. Derivational properties of causative constructions in the text of The Holy Quran. The article analyzes the derivational property of some causative constructions in the text of The Holy Quran. It is scientifically argued that this text has a sacred nature, a suggestive form and is a global supermacrocausal situation, and that the text of The Holy Quran contains all types of causation.