“SADDI ISKANDARIY” DOSTONIDAGI ME’ROJGA BAG‘ISHLANGAN BOB BADIIYATI

Gafurova Shahnoza Akramovna,

SamDU mustaqil tadqiqotchisi

Kalit so‘zlar: me’rojnoma boblar, me’roj voqeasi, tarse’, tashbeh, tamsil.

Гафурова Ш. Лирика главы эпической поэмы «Садди Искандари», посвященной восхождению. Алишер Навои придерживался традиции вставки главы оды в своих эпических поэмах. В каждой поэме главы восхождение описывается оригинально, без повторения. В этой статье про анализирована глава восхождения в «Садди Искандари».

Gafurova Sh. Lyrics of the chapter of epic poem “Saddi Iskandari” devoted to ascension. Alisher Navoi had a tradition to add the chapters of ode in his epic poems. In each poem the chapter of ascension is described originally, without any repetitions. The chapter of ascension in “Saddi Iskandari” is analysed in this article.

Alisher Navoiy o‘z dostonlarida an’anaviy muqaddima boblarni to‘liq keltirgan, jumladan Payg‘ambar (s.a.v.) tavalludi, nabiyligi, mo‘jizalari va me’roji haqida alohida boblar keltiradi. Na’t boblar dostonlarning kirish qismida an’anaviy boblar sifatida hamd va munojotlardan so‘ng keladi. “Alisher Navoiy ijodida na’tlar muhim ahamiyatga ega. Ularda shoirning islomga munosabati aks etgan. Navoiy Hazrati Muhammadni insoniyat tarixida yangi, barhaq dinni joriy etgan ulug’ zot, karomatli va sharofatli inson sifatida qizg‘in muhabbat bilan tasvirlagan” [Muhiddinov: 71-bet]. O‘z o‘rnida na’t boblarni vasf na’tlar va me’rojnoma na’tlarga bo‘lib o‘rgansak to‘g‘riroq bo’ladi [G‘afforova: 10-bet]. Me’rojnoma boblar shoirning falsafiy, axloqiy –ta’limiy va komil inson haqidagi qarashlarini ifodalashda muhim vosita hisoblanadi. Dostonlarni o‘rganar ekanmiz, me’rojga bag‘ishlangan boblar “Xamsa”ning beshala dostonida ham va “Lison ut-tayr”dostonida ham borligiga guvoh bo‘lamiz. Ayni vaqtda bu boblar bir-biriga o‘xshamagan, original tarzda yaratilgan. Me’rojnoma boblar hajm jihatdan ham turlicha: “Hayrat ul-abror”da 53 bayt, “Farhod va Shirin”da 68 bayt, “Layli va Majnun”da 100 bayt, “Sab’ai sayyor”da 92 bayt, “Saddi Iskandariy”da 125 bayt va “Lison ut-tayr”da 53 baytdan iborat.

“Saddi Iskandariy” dostonidagi bob hajm jihatidan ham, mazmun jihatidan ham eng katta va mukammali hisoblanadi. Shu tufayli ushbu bobni ko‘rib o‘tsak.

Me’roj voqeasi tunda bo‘lib o‘tganligi hammamizga ma’lum.Navoiy Me’rojnoma boblarni tun tasviri bilan boshlaydi.“Saddi Iskandariy”dagi bobda keltirilgan birinchi baytda kechani – me’roj voqeasi bo‘lib o‘tgan tunni koinot jamoliga chiroy qo‘shuvchi xolga o‘xshatadi. Keyin ruju’ san’atini qo‘llagan holda fikridan qaytib uni qop-qora, mushkin sochga qiyoslaydi:

Demay xolkim, gesuyi mushkrez,

Qilib ofaninish uza mushkbez.

Bu yerda ishtiqoq san’atini qo‘llab sochning (tunning) ham qop-qora, ham xushbo‘y ekanligini ifodalayapti. Kecha ta’rifida davom etgan holda uning juda ajoyib va go‘zalligi, xush isliligi keltiriladi.

Kecha ta’rifidan so‘ng Payg‘ambar (s.a.v.) tavsifiga o‘tiladi hamda o‘sha kecha Ummahoniyning uyida edi deb keltiriladi:

Quyoshdek ulusdin nihoniy bo‘lub,

Yeri hujrai ummahoniy bo‘lub.

Shunga o‘xshash misralar Navoiyning boshqa dostonlarida ham uchraydi. Jumladan, “Layli va Majnun”da:

Bir xobgahi nihoni ichra,

Manzilgohi Ummahoni ichra.

“Sab’ai sayyor”da:

Bo‘yla tun ul mohi Muniri Jahon,

Ummahoniy uyida erdi nihon.

Agar yuqoridagi baytlarni tahlil qilsak, hammasidan Ummahoniyning uyida edi ma’nosi kelib chiqadi. Me’roj haqidagi manbalarda Payg‘ambar (s.a.v.) o‘sha tunda Ka’baning Xotiym qismida yotganligi aytib o‘tiladi [Sog‘uniy: 94-bet]. Yana ba’zi asarlarda ammasi – amakisi Abu Tolibning qizi Ummuhoniyning uyida edi deb keltiriladi [Lutfiy A.:105-bet].

Shu ma’lumotlarga tayangan holda Navoiyning baytlarini Ummahoniy uyida edi tarzida tahlil qilishni ma’qul topdik. Keyingi baytlarda Jabroil (a.s.) va Buroq ta’rifi beriladi:

Ki nogoh chaqildi bir tez barq

Ki ofoqni qildi nur ichra g‘arq.

Demay barqkim, toyiri barqsayr

Qo‘lida bir ul nav’kim barqtayr.

Buroqning o‘zagi “barq” (yashin), Navoiy shunga ishora qilib, uning tez yurarligini nazarda tutgan holda yuqoridagi baytlarni keltiradi.

Quyidagi baytda esa tarse’ san’ati qo‘llanganligini ko‘ramiz:

Anga Sidra koxi navogoh o‘lub,

Munga ravza bog‘i charogoh o‘lub

Diniy adabiyotlarda har kimning maqomi belgilab qo‘yilganligi va Buroqning Jannatdan chiqqan ot ekanligi aytib o‘tiladi. Jabroil (a.s.)ning maqomi Sidratul muntahoda ekanligi keltiriladi [Sog‘uniy: 93-95-bet].Navoiy bu baytda shunga ishora qilyapti. Keyingi baytlarda Payg‘ambar (s.a.v.) Buroqqa minib yo‘lga tushganligini tasvirlaydi. Yuqorida keltirgan “Ummahoniynikida edi” talqinimizga isbot tariqasida yana bir baytni keltirishimiz mumkin:

Chu otlandi rokib, nechukkim daraxsh

Burun surdi Baytul Haram uzra raxsh.

Ya’ni rokib - Payg‘ambar (s.a.v.) avval Baytul haram masjidiga yo‘l oldi. Keyingi baytda esa masjidi Aqsoga borganligi va Arshi A’loga chiqqanligi keltiriladi:

Yana po‘yada qo‘ydi Aqsog‘a yuz,

Ne Aqsog‘a yuz, charxi a’log‘a yuz.

Keyin falaklar va ularga tegishli sayyoralar tasviri beriladi: birinchi falakda Oy, ikkinchisida Utorud, uchinchisida Zuhra, to‘rtinchisida Quyosh, beshinchisida Bahrom (Mars), oltinchisida Mushtariy, yettinchisida Zuhal bilan uchrashadi. Ularning hammasi Payg‘ambar (s.a.v.) sharofatidan bahramand bo‘ladi.Navoiy sayyoralarning nima timsoli – homiysi ekanligiga ishora qilgan holda ajoyib tashbehlar qo‘llaydi. Masalan, san’atkorlar homiysi Zuhro uni ko‘rishi bilan udini yashirib qo‘yadi; Bahrom – jang-jadallar homiysi qon to‘kishni bas qiladi; Zuhal – baxtsizlik, omadsizlik timsoli uning sharofati bilan baxtli bo‘ladi. Undan so‘ng 12 ta burj bilan uchrashuv tasvirlanadi. Bu yerda ularning nomlari va belgilari vositasida go‘zal o‘xshatishlar keltirilgan.

Bo‘lib qosh uchidin ishoratnamoy

Berib qoba qavsayndin mujda yoy.

Baytda Navoiy Payg‘ambar (s.a.v.) Me’roj kechasi erishgan “Qoba qavsayn” (ikki yoy oralig‘icha yaqin) darajasiga Qavs - Yoy burjining nomi yordamida ishora qilyapti.

Yo‘li ustida Qubg‘akim suv sochib,

Sochar vaqti suv yo‘qki inju sochib.

Dalv – Qubg‘a (Qovg‘a) Payg‘ambar (s.a.v.) yo‘liga suv o‘rniga inju sochyapti deya tashxis san’atidan foydalangan.

Arsh, Kursi va Lavh maqomlarini tasvirlar ekan, Qalam haqida juda chiroyli bayt keltiradi:

Qalamg‘a yetib maqdamidin kushod,

Yozib chashmzaxmi uchun “in yakod”.

Bu yerda “in yakod” ko‘z tegmasligi uchun o‘qiladigan duoning ilk jumlasi bo‘lib, “Qalam” surasining 51-52-oyatlaridir.Arsh, Kursi va Lavh maqomlaridan o‘tgach hamrohlarini qoldirib Payg‘ambar (s.a.v.) o‘zi yo‘lda davom etishi keltiriladi:

Buroqin tushub paykiga topshurub,

Qadamsiz yurub, po‘yasiz gom urub.

Yana Payg‘ambar (s.a.v.) to‘rt unsur va olti tarafdan ajralib Alloh visoliga yetishganligi, Allohdan ummatlari gunohini so‘rab olganligi keltiriladi:

Necha ikkilik naqshi nobud o‘lub,

Bir o‘q vahdati sirf mavjud o‘lub.

Ko‘rub bahri g‘ufronni chun mavjnok,

Tilab osiy ummat gunohini pok.

Navoiy Payg‘ambar (s.a.v.) safardan qaytishda juda boshqacha suratga kirganligini ta’kidlab o‘tadi:

Kelib g‘unchau bog‘i rizvon yonib,

Yetub qatrau bahri Ummon yonib.

Ya’ni kelishda g‘unchadek bo‘lgan bo‘lsa, qaytishda jannat bog‘idek edi, kelishda qatra suvdek bo‘lgan bo‘lsa qaytishda Ummon – dengizdek edi deya tashbeh san’atini qo‘llaydi. Keyin esa yo‘ldoshlari oldiga kelgan Payg‘ambar (s.a.v.)ni Jabroil (a.s.) va Buroq tanimay qolganligini aytib o‘tadi:

Yonib yuz qo‘yub raxshu yo‘ldoshig‘a,

Tanilmay yetishgach alar qoshig‘a.

Payg‘ambar (s.a.v.)ni kuzatish uchun maloikalar chiqib, uning boshidan nurlar sochishadi. Navoiy bu yerda tamsil san’atini ishlatadi:

Jamoliga chun ko‘zlarin ochibon

Tabaqi nurlar boshig‘a sochibon.

Anga nur sochmoqqa monand bu

Ki sochqoy kishi bahri ummonga su.

Payg‘ambar (s.a.v.) O‘zlari shunday nurga chulg‘angan ediki, maloikalar uning boshidan nur sochishi xuddi dengizga suv sepayotganga o‘xshaydi. Bobni tugatar ekan, Navoiy bu voqea Olloh inoyati bilan bo‘lganligini, kishi aqli unga yetmasligini aytib o‘tadi:

Munungdek safarkim emas xalq ishi

Ki sharhi oning anglay olmas kishi.

Bu voqeada borish va kelish bir vaqtning o‘zida bo‘lib o‘tganligini ta’kidlaydi:

Ne yerga yetishgay xirad bilmagi,

Bor ersa borurdin burun kelmagi.

Xulosa sifatida shuni aytishimiz mumkinki, Navoiy Me’roj voqeasini tasvirlashda har bir asarda o‘zgacha o‘xshatish, boshqacha tasvirlardan foydalangan. Ularning eng mukammali hisoblangan, biz yuqorida o‘rgangan bob ham badiiy adabiyotdagi Me’roj voqeasi tasvirining go‘zal namunasi hisoblanadi. Me’rojnoma boblarda Navoiy o‘zining ham diniy, ham falsafiy, ham kosmogonik qarashlarini badiiy ifodalab bergan. Me’roj voqeasi inson kamolotining cho‘qqisi sifatida doim Navoiyni hayratlantirib, zavqlantirib kelgan. Me’rojnoma boblar va me’rojnoma g‘azallar orqali komillikka intilish g‘oyasini ilgari surgan. Bunday boblar va asarlarni o‘rganish biz uchun har taraflama foydalidir.

 

Adabiyotlar:

  1. Lutfiy A. Oydinliklar sari. - Toshkent, 2004-yil.

  2. Muhiddinov M.Q. Alisher Navoiy va uning salaflari ijodida inson konsepsiyasi. Filologiya fanlari doktori ilmiy darajasini olish uchun yozilgan dissertatsiya. - Toshkent, 1995-yil.

  3. Navoiy Alisher. Layli va Majnun. O‘zbek adabiyoti bo‘stoni. Toshkent, G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot. 1990-yil.

  4. Navoiy Alisher. Sab’ai sayyor. O‘zbek adabiyoti bo‘stoni. Toshkent, G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot. 1991-yil.

  5. Navoiy Alisher. Saddi Iskandariy. O‘zbek adabiyoti bo‘stoni. Toshkent, G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot. 1991-yil.

  6. Tohirov S. Kosmogonik tasavvurlarning badiiy talqini. “O‘zbek tili va adabiyoti”// 2004-yil. №1, 39-42-betlar.

  7. Sog‘uniy A. Tarixi Muhammadiy. Toshkent, 2004-yil.

  8. Gafforova Z. Navoiyning hamd va na’t g‘azallari. – Т.: Ma’naviyat, 2001.

 

 

Xorijiy filologiya jurnali tahrir ha'yati

A PHP Error was encountered

Severity: Notice

Message: fwrite(): write of 53 bytes failed with errno=28 No space left on device

Filename: drivers/Session_files_driver.php

Line Number: 265

Backtrace:

A PHP Error was encountered

Severity: Warning

Message: session_write_close(): Failed to write session data using user defined save handler. (session.save_path: /home/www/tmp)

Filename: Unknown

Line Number: 0

Backtrace: