Semantik kauzatsiyada kauzativlik muammosi mazmuniy rejada tekshiriladi. Mazkur yo‘nalishda mantiqshunoslik hamda tilshunoslikning uzvlari uyg‘unlashadi.
Ma’lumki, tafakkur o‘z mohiyatiga ko‘ra umuminsoniy xususiyatga ega bo‘lgani uchun uning qaysi tilda namoyon bo‘lishi farq qilmaydi. U, birinchi navbatda, bilim va amaliy faoliyat natijasida hosil bo‘ladi. Natijada obyektiv voqelikni aks ettiruvchi mantiqiy elementlar shakllanadi va turli leksik hamda grammatik vositalar yordamida inson ongida mustahkamlanadi. Zero, ongga murojaat qilmasdan turib, voqelikni idrok etish faoliyati haqida biror bir bilimga ega bo‘lish, uning siru asrorlarini ochishning imkoni hech qachon tug‘ilmasa kerak[1.65].
Kishiga voqelikdagi narsa va hodisalarni anglashi uchun nimadir sabab bo‘ladi. Masalan, bola shokoladni ko‘rmagan bo‘lsa, u haqda tasavvurga ega bo‘lmaydi. Yeb ko‘rganidan so‘ng uning mazasi shokoladning shirin narsa ekanligini anglashiga sabab bo‘ladi. Demak, ma’lum bir tushunchaning kauzatsiyasi ifoda va mazmun rejasiga ega bo‘lgan hodisadir. Boshqacha aytganda, sababni yuzaga keltirayotgan narsaning ifodalanishiga xizmat qilayotgan tushunchalar grammatik va leksik vositalardir (chiroyli o‘ramli shokolad). Sababni ifodalovchi narsaning xususiyatini anglatib, oqibatga olib keluvchi holat esa uning mazmunidir (shirin, yemoq). Semantik kauzatsiya ham «ifoda↔mazmun» qolipida voqelangan bo‘lib, hodisalarning semantik tahlili metodi asosida o‘rganiladi. Bunda kauzator, kauzant va konsekvent munosabatlari kuzatiladi.
«Hodisaviylik» falsafiy termin bo‘lib, o‘tmish, hozirgi zamon, kelajak hodisalarini, sabab va oqibat munosabatlarini belgilashda qo‘llanadi[2]. Hodisaviylik inson tafakkuridagi yetakchi tushunchalardan biridir. U mantiq, falsafa, psixologiyada, shu jumladan, tilshunoslik sohasida ham keng tadqiq etilgan. Masalan, N.D.Arutyunova, B.M.Velichkovskiy, V.Z.Demyankov, S.G.Tatevosov, J.F.Bennett, V.G.Gak, S.D.Katsnelson kabi qator olimlarning hodisaviylikning semantik, ontologik va inson ongi tomonidan idrok etilishi tavsifiga bag‘ishlangan salmoqli ishlari mavjud.
Hodisaviylik asosiy ontologik tushuncha maqomida bo‘lgani uchun u tilda ham, nutqda ham o‘z ifodasini topadi va bir vaqtning o‘zida yoki turli vaqtlarda, turli darajalarda sodir bo‘lishi bilan obyektivlashadi:
1. Yomg‘ir, to‘y, to‘qnashuv, bahor.
2. Ko‘ngilni behuzur qiluvchi ili-miliq shamol keldi-yu, ketidan dam o‘tmay bo‘ron boshlandi (Shukrullo. Tirik ruhlar).
3. Kech oila qurgani ham yo‘qchilikdan (A.Zohidov. Noodatiy hikoya: qaynotaning qarori).
4. Donolik – ilmdandir (Maqol).
Hodisaviylik tilda nominativ birlik sifatida e’tirof etiladi va mantiqan kauzatsiya bilan bog‘lanadi. Masalan, keltirilgan so‘z shaklidagi misollarimizning barchasi hodisa maqomida bo‘lib, ma’lum sabab bilan munosabatda bo‘lishi, tabiiy. Zotan, yomg‘ir, to‘y, to‘qnashuv, bahor kabilar albatta biror sabab asosida vujudga keladi. Masalan, qora bulut → yomg‘ir; xursandchilik → to‘y; ziddiyat → to‘qnashuv; fasl o‘zgarishi → bahor kabi. Ammo, ular til paradigmasidan o‘rin olganligi bois vaqt ko‘rsata olmaydi. Zero, til o‘z mohiyatiga ko‘ra statiklik va virtuallikni taqozo etadi. Mazkur nominativ hodisalardan yomg‘ir, to‘y, bahor kabilar «ifoda↔mazmun» qolipida quyidagi ko‘rininshga ega bo‘ladi: Xkauzator – ob-havoning o‘zgarishi//Ykauzant – qora bulut//Zkonsekvent (presuppozitsiya) – yomg‘ir: oqibat↔tabiatda suvning aylanishi; suv hayot manbayi; toshqin (sel); Xkauzator – ma’lum bir sabab//Ykauzant – ma’lum bir shaxs yoki situatsiya//Zkonsekvent – to‘y: oqibat ↔ xursandchilik; Xkauzator – tabiiy hodisa//Ykauzant – fasl o‘zgarishi//Zkonsekvent – bahor: oqibat↔tabiatning uyg‘onishi. Ushbu nominativ hodisalar kauzativ jihatdan faqat semantik aktantlar qurshovida bo‘la oladi. Yomg‘ir – ob-havo – qora bulut – toshqin kabi. Ushbu aktantlar statik bo‘ganligi bois daraja kasb eta olmaydi. Biroq, I.A.Melchuk yomg‘ir, muzlash kabi situatsiyalarning semantik aktanti mavjud emasligini ta’kidlaydi[3.86]. Bizningcha, semantik aktant bilan sintaktik aktantni farqlay bilish kerak. Masalan, to‘qnashuv nominativi sintaktik rejada ham aktantlar qurshovida kela oladi, chunki u nominalizatsiyalashgan fe’l maqomida turadi: to‘qnashuv/to‘qnashmoq; A – to‘qnashtiruvchi, B – to‘qnashuvchilar, C – to‘qnashuv→Qo‘mondon jangchilarni to‘qnashtirdi. Ushbu misolda kauzativ qurilma valentligi sintaktik jihatdan ikkiga teng.
Shuni aytish kerakki, nominativ tushunchalarning ham qaysidir makonda va qaysidir vaqtda sodir bo‘lishi aniq, biroq, bu nutqiy jarayonda ma’lum bo‘ladi. Chunki nutq dinamik va aktual rejada voqelanadi. Buning dalilini ikkinchi misolda ko‘rishimiz mumkin. Masalan, shamol keldi shu vaqt bo‘ron boshlandi. Demak, ikkala hodisa ham bir vaqtda sodir bo‘lgan. Boshqacha aytganda, shamolning kelishi bo‘ronni kauzatsiyalagan. Uchinchi misolda ma’lum hodisaning ancha kech sodir bo‘lganini ko‘ramiz. Bir hodisa ro‘y bergan, ammo, uning o‘z vaqtida amalga oshmasligiga yo‘qchilik sabab bo‘lgan.
To‘rtinchi misolda hodisaning darajasini kuzatamiz. Aniqrog‘i, donolik darajasiga muyassar bo‘lish uchun ilm o‘rganish kerak.
Umuman, nominativ situatsiya deganda voqelikning bir qismini ifodalovchi leksik birlikni tushunamiz. Har qanday situatsiya o‘ziga xos bo‘lgan asosiy tushuncha bilan izohlanadi. Bundan tashqari, bir situatsiyaning o‘zi ham turli tushunchalar bilan identifitsiyalanishi mumkin (Buni yuqorida ko‘rib o‘tdik). Ammo, har qanday so‘z ham situatsiyani belgilay olmaydi. Situatsiya maqomida bo‘lishi uchun so‘z jarayon, holat, harakatning nomini bildirib kelishi zarur. Zero, predmetlik va shaxs tushunchasini ifodalovchi qalam, paxta, bola kabilar o‘z holicha situatsiya bo‘la olmaydi. Bunday so‘zlar situatsiya ko‘rsatishi uchun ularning boshqa so‘zlar bilan birikib kelishi kerak bo‘ladi. Masalan, paxta so‘ziga e’tibor qarataylik. Mazkur so‘z terish, ekish, topshirish, o‘lchash, ishlov berish kabi tushunchalar bilangina situatsiya hosil qila oladi.
Semantik kauzatsiyada o‘rganilishi kerak bo‘lgan navbatdagi vazifalardan yana biri sabab va oqibat munosabatini yuzaga chiqaruvchi frazeologik konversivlar tavsifini yoritishdan iborat.
«Konversiv» termini lotinchadan olingan bo‘lib, «aylantirmoq» degan ma’noni anglatadi. Mazkur termin orqali ifoda etilayotgan situatsiyaga turli nuqtayi nazardan qaraladi. Masalan, Sobir Ahmaddan uy sotib oldi jumlasining konversivi Ahmad Sobirga uyini sotdi tarzida namoyon bo‘ladi.
Frazeologik konversivlar deganda subyekt va obyekt yoki ikki subyekt o‘rtasidagi teskari kauzativ munosabatni ifodalovchi frazeologik birliklar juftligini tushunamiz. Frazeologik konversivlar antetsedent (sabab) hamda konsekvent (semantik xulosa) funksiyalari almashuvchi birliklarni taqozo etadi: hayratda qolmoq – hayratda qoldirmoq, g‘azabga kelmoq – g‘azabga keltirmoq, qahri kelmoq – qahrini keltirmoq, yer bilan yakson bo‘lmoq – yer bilan yakson etmoq kabi.
C (kauzator)
An [⸪](sabab) caus (kauzatsiya)
G‘azabga kelmoq Z (semantik xulosa – kimdir ta’sir etdi)
C (kauzator)
An [⸪](sabab) caus (kauzatsiya)
G‘azabga keltirmoq Z (semantik xulosa – kimgadir ta’sir etdi)
1. U g‘zabga keldi: Sabab−I1(kimdir ta’sir etdi)→caus→ Z=I2 (U) g‘azabga keldi.
2. U g‘zabga keltirdi: Sabab−I1(U) g‘azabga keltirdi (kimgadir ta’sir etdi)→caus→ Z=I2 .
Bundan tashqari, semantik kauzativatsiyada obyekt yoki individlarning hodisaviy jarayonda ishtirok etishiga qarab yuzaga chiqayotgan ma’no munosabatini quyidagi turlarga bo‘lish mumkin:
1. Sabab va oqibat hodisasini beruvchi kauzativlik: bekorga mushuk oftobga chiqmaydi, shamol bo‘lmasa daraxtning uchi qimirlamaydi, bir balosi bo‘lmasa shudgorda quyruq na qilur.
2. Bir shaxsning ikkinchisiga ta’siri natijasini taqozo etib, individual hodisaviylikni yuzaga chiqaruvchi kauzativlik: ishning o‘zini bilguncha, ko‘zini bil, sanamay «sakkiz» dema, dehqon bo‘lsang shudgor qil, mulla bo‘lsang takror qil.
3. Hodisada ikki referent ham ishtirok etuvchi kauzativlik: sen bo‘rini ayasang, bo‘ri seni talaydi, sendan harakat – mendan barakat, sigiring xo‘ra bo‘lsa, berdi xudo, xotining xo‘ra bo‘lsa, urdi xudo, sizdan ugina, bizdan bugina.
Shunday qilib, kauzativ hodisa voqelanishi uchun uchta komponentning, ikki situatsiya hamda ular o‘rtasidagi sabab va oqibat munosabatining mavjud bo‘lishi talab qilinadi: Kuch – adolatda jumlasidagi adolat argumenti sabab, kuch argumenti oqibat, ikki nominativ hodisa o‘rtasidagi mantiqiy bog‘lama -dir shakli esa sabab va oqibatni yuzaga chiqaruvchi kauzativ ko‘rsatkich bo‘lishi kabi.
Aynan kauzativlik haqida aytilmagan bo‘lsa-da, o‘rta asrlardayoq (XVI-XVII) lingvistik hodisalarning mazmuniy mezonlarga to‘g‘ri kelishi A.Arno, K.Lanslolar tomonidan ta’kidlab o‘tilgan edi. Ularning La terre est ronde (Yer yumaloqdir) tarzidagi keltirgan misolida est (-dir) bog‘lamasining mazmunan muhim ahamiyat kasb etishi izohlab o‘tilgan edi[4]. Zero, bog‘lama kauzativlik semantikasida konsekvent ifodasini beradi. Yuqoridagi keltirilgan misollarda ham uch komponentning mavjudligini ko‘ramiz. Jumladan, mushukning oftobga chiqishi orqali ifodalanayotgan idiomatik ma’nodan oqibat, bekorga so‘zidan qandaydir sabab hamda sabab va oqibatni ifodalovchi frazeologizmning umumiy semasidan uch tarkibiy qismning kauzativ hodisa ifodalayotganining guvohi bo‘lamiz.
Shuni aytish kerakki, hodisaviylik nutqiy faoliyat bilan chambarchas bo‘g‘liqdir. Nutqiy faoliyat esa tafakkurning umumbashariyligiga asoslanadi. Shu bois, avval ta’kidlab o‘tilganidek, tаfаkkur shаkllаri, tаmоyillаri insоnning millаti, irqidаn qat’i nаzаr, hаmmаdа bir хildir. Aks holda nutqiy muloqot xususida so‘z ham yuritib bo‘lmas edi. Mazkur vaziyatda so‘zlovchi fikrdan so‘zga tomon «pasaysa», tinglovchi so‘zdan fikrga qarab «ko‘tariladi». Bu tinglovchining so‘zlovchi fikriga o‘xshash va mos keladigan «fikrlar xazinasiga» kirib borganligidan dalolat beradi. Masalaga shu nuqtayi nazardan yondashsak, tilning vazifasini mazkur xazinaga yo‘l ochuvchi kalit va unda kauzativlikni azaldan shartlashgan holda mavjud deb bilamiz. Kauzativlik gologramma ko‘rinishidagi hodisalar elementlarining o‘zaro ta’siri jarayonini aniqlovchi kvant maydoni kabidir. Shuning uchun ushbu maydonda bir kauzativ hodisa, u kattami kichikmi qat’i nazar, boshqa hodisaning paydo bo‘lishiga sabab bo‘ladi.
Kauzativatsiya gologrammasi
ᵒ
1 2 3 4
Yoz-ay Yoz Yoz-dir Yoz-dir-tir
Yoz-gin Yoz-sin Yoz-dir-tir-sin
Yozishni buyuraman Yozishni buyur Yozishni buyursin
k=C1+S‿1→I2+C3→I3+C4→I4.
k–kauzatsiya konstantasi, C–kauzativ situatsiya, S–kauzatsiyalovchi shaxs (kauzator), I–kauzatsiyalanuvchi individ (kauzant), 1,2,3,4–kauzatsiyaning turli tomonlama aks etishi.
Masalan, yuqorida keltirilgan gologrammada har bir mikrokauzativ hodisa qandaydir hodisa asosida shakllanadi, u ham o‘z navbatida boshqa hodisaning yaralishi uchun sabab bo‘ladi. Bunda kauzaoperatorning kauzaoperandga ta’siri natijasida har biri turli individlarga nisbatan kauzativlik ko‘rsatkichiga ega bo‘lgan mikrohodisalar voqelanayotganining guvohi bo‘lamiz. Kauzativ hodisa semantikasining iyerarxiyasi uning ichki resurs birliklarining o‘zaro munosabati natijasida faollashtiruvchi va faollashuvchi tarzidagi ma’no ifodalarining berilishida aks etadi. Gologramma maydonidagi mikrokauzativ hodisalar xususida birdan xulosa chiqarish qiyin, albatta. Zero, ularning faoliyati (nutq muhitida aniq makrokauzativ situatsiyaning muchasi sifatida faoliyat yuritishi) kauzasemantik grafda aniqlanadi. Kauzativ hodisaning mazmuniy butunliklari hamda ular o‘rtasidagi kauzal munosabatlar kauzasemantik grafni tashkil etadi:
−Shayxga odam yuboring, ul zot oyoq ostida qolib ketmasun, qayga istar, onga ketsun (Erkin Samandar. Fayb qushlari).
Konsekvent Shart Antetsedent
Shayxni shahardan chiqarish |
Xabarning yetkazilishi |
yuboring, qolib ketmasun, ketsun |
-ing, -sun, analitik vosita (kauzaoperator) |
Buyruq beruvchi |
Kovariatsiya |
Kauzal mexanizmni
faollashtiruvchi unsurlar
Kauzal mexanizm bevosita yoki bilvosita qandaydir natijaning amalga oshishini taqozo etadi. Shu bois undagi kauzal effekt proksimal yoki distal holatda bo‘ladi. Biz ko‘rsatayotgan mexanizmdagi natija bilvosita amalga oshirilmoqda. Shu bois undagi effekt distal hisoblanadi.
Bundan tashqari, mazkur makrokauzativ hodisaning konsekventi kovariativ faktor bilan aloqadordir. Kovariatsiya hodisalarning bir vaqtning o‘zida o‘zgarishini, shakllanishini anglatadi. Masalan, bir hodisa tasdiqlansa, ikkinchisi ham tasdiqlanadi yoki inkor etilsa, ikkinchisi ham inkor etiladi. Ba’zan buning aksi ham bo‘lishi mumkin. Bir vaqtning o‘zida bir hodisa tasdiqlansa, ikkinchi inkor etiladi.
Kovariatsion munosabat
A faktor A faktor
B faktor B faktor
Vaqt Vaqt
Kauzatsiyada vaqt bo‘yicha hodisalarning biri ikkinchisidan oldin keladi. Shunda oldingi hodisa keyingi hodisaning sababi bo‘ladi.
Kauzativ munosabat
A faktor B faktor
Vaqt o‘lchovi
A kauzatsiya B
Vaqt
Yuqorida keltirilgan misolning natijaga ishora qiluvchi ul zot oyoq ostida qolib ketmasun va qayga istar, onga ketsun degan qismlarida hodisalarning bir vaqtning o‘zida sodir bo‘lishi anglashilmoqda. Taqdim etilayotgan kauzasemantik grafda kauzativ kovariatsiya hodisasi voqelanmoqda.
Bundan tashqari, derivativ rejada birgina mikrokauzativning o‘zi ham makroxarakterli maqomga erishishi mumkin:
−Jim o‘tir. Jim. … -deydi bobosi burchakda turgan televizorga ishora qilib (Tog‘ay Murod. Bobosi bilan nevarasi).
Qishloq bolalari allaqachon bu kaptarlarni bezdirishardi (Nurali Qobul. Kaptarlar qaytmagan tun).
Yuqorida keltirilgan misollarning birinchisida jim kauzativi qandaydir hodisaning ta’siri oqibatida o‘z holicha makro hodisa sifatida yuzaga chiqmoqda. Ikkinchi misolda esa bezdirishardi kauzativi qandaydir hodisaning ta’siri natijasida yuzaga kelgan makro kauzativ situatsiyaning mikro kauzativ muchasi sifatida voqelanmoqda: Ta’sir(sabab) → Kauzativ → Oqibat. Ta’sir(sabab) →Oqibat→Kauzativ kabi.
Umuman, kauzativ qurilmalar semantikasi derivatsion qonuniyat asosida keng tahlil etiladi. Bu kauzasemantik derivatsiya deb yuritiladi. Derivatsion nuqtayi nazardan mazkur holatda ham derivatsiyaning boshqa turlari singari kauzaoperand, kauzaoperator va kauzaderivat terminlaridan foydalanamiz. Kauzaoperand deganda kauzativ situatsiyaning hosil bo‘lishida ishtirok etuvchi til va nutq birliklarini tushunamiz. Kauzatsiyani voqelantiruvchi unsurlar esa kauzaoperator deb yuritiladi. Kauzativ hodisaning shakllanishi kauzaderivatni taqozo etadi. Quyida derivatsiyaning ushbu ko‘rinishini faktik til materialidan olingan misol yordamida tahlil qilib o‘tamiz.
Sa’vani bir qarchig‘ay shiddat bilan quvib borar, ora daqiqa sayin qisqarib, qochayotganning madori quriyotgani va quvayotganning jahdiga jahd qo‘shilayotgani shayxga ayon bo‘lib turar edi. Shayx holdan toygan sa’vaga nazar solganlari asno manzara o‘zgardi, avvalinda ikkala qush o‘rtasidagi oraliq ochilib, sa’va o‘z raqibidan uzoqlasha boshladi, so‘ngra jahd bilan orqasiga o‘girildi-da, daf’atan qarchig‘ay ustiga bostirib kelaverdi. Uning zabtiga dosh berolmagan qarchig‘ay orqasiga qayrilib qocha boshladi. Sa’va uni bir zumda quvib yetdi-da, zarb bilan qanotiga chang soldi. Ko‘p o‘tmay qarchig‘ayning qanotlari qayrildi. Sa’va uning kekirdagiga og‘iz solib, bo‘ynidan ombirday qisgancha pastga o‘qday otildi va ko‘z ochib-yumguncha ayvon tepasiga kelib jonidan judo bo‘lgan qarchig‘ayni shayxning oyoqlari ostiga tashladi (Erkin Samandar. Fayb qushlari).
Keltirilgan misol makro xarakerli kauzatsiya bo‘lib, u oltita kauzativ hodisadan tashkil topgan. Jumladan, Sa’vani bir qarchig‘ay shiddat bilan quvib borar, ora daqiqa sayin qisqarib, qochayotganning madori quriyotgani va quvayotganning jahdiga jahd qo‘shilayotgani shayxga ayon bo‘lib turar edi, degan hodisa katta hodisanning bir qismi hisoblanadi. Ammo, bu hodisaning o‘zi ham beshta mikro hodisani o‘z ichiga olib, ularga nisbatan makrokauzatsiyani tashkil etadi:
1) sa’vani bir qarchig‘ay quvib bordi – distantli kauzatsiya;
2) ora daqiqa sayin qisqardi – distantli (o‘lchov ifodalovchi) kauzatsiya;
3) qochayotganning madori quridi – sirkonstativ kauzatsiya;
4) quvayotganning jahdiga jahd qo‘shildi – psixologik-sirkonstativ kauzatsiya;
5) shayxga ayon bo‘ldi – psixologik-bixevioristik kauzatsiya.
DC1h → DC2h → SC3h → PSC4h → PBC5h → MCH
Kauzatsiyaning har xil turlarini birlashtirib, makro kauzativ hodisani voqelantirayotgan qurilmaning kauzaseamantik derivatsiyasining hosilasi umumiy rejada distantli faktivlikni taqozo etadi. Bunda sa’vani, bir, qarchig‘ay, ora, daqiqa, sayin, qochayotganning, quvayotganning, shayxga kabi elementlar mazkur qurilma operandlari hisoblanadi. Ular tayyor xomashyo bo‘lib, nutq vaziyatida operatorlarsiz sinaktik faollik ololmaydi. Quvib bordi, qisqardi, madori quridi, jahdiga jahd qo‘shildi, ayon bo‘ldi kabilar esa kauzativizatsiyani ham semantik, ham sintaktik rejada faollashtiruvchi unsurlar hisoblanadi. Bundan tashqari, kauzatsiya operandlari nominativ birlik sifatida ma’lum bir ma’noni ifodalasa-da, operatorlarsiz umumiy konstruksiyaning ma’nosi yuzaga chiqmaydi. Chunki mazkur elementlar fe’l, jumlaning esa fe’lsiz (ayrim nutq birliklaridan tashqari) shakllanmasligi tabiiy. Ammo, ular morfologik jihatdan fe’l bo‘lishi bilan birga, kauzativatsiya semantikasida semantik kauzaoperator vazifasini ham o‘taydi. O‘z navbatida, kauzaoperatorlar ham morfologik strukturasiga ko‘ra farqlanadi: quvib bordi (analitik kauzatema), qisqardi (affiksal kauzatema), madori quridi (analitik kauzatema), jahdiga jahd qo‘shildi (analitik kauzatema), ayon bo‘ldi (analitik kauzatema).
Shunga ahamiyat berish kerakki, derivatsion qonuniyat prinsipiga ko‘ra derivatsion jarayonda keyin kelgan operator avvalgisini inkor etadi. Shu asosda sabab va oqibat munosabatining ham iyerarxik tarzda o‘sib borishiga zamin yaratiladi: Sa’vani bir qarchig‘ay shiddat bilan quvib borar (sabab), ora daqiqa sayin qisqarib (oqibat → sabab), qochayotganning madori quriyotgani (oqibat → sabab) va quvayotganning jahdiga jahd qo‘shilayotgani (oqibat → sabab) shayxga ayon bo‘lib turar edi (oqibat).
Biz yuqorida berilgan kauzativ hodisaning birgina qismini namuna sifatida tahlil etdik, xolos. Uning boshqa muchalari ham semantik jihatdan tahlil etilsa, operandlar va operatorlar munosabatini, umuman, kauzativ qurilmaning semantik rejada to‘liq shakllanishini ko‘rishimiz mumkin bo‘ladi.
Xulosa qilib shuni aytishimiz mumkinki, kauzativ qurilmalar semantikasi lingvistika sohasida ancha keng ko‘lamda o‘rganilmoqda. Ammo, bu masala tavsifiga tilshunoslar tomonidan turlicha yondashilmoqda. Shu jumladan, biz ham semantik kauzatsiya muammosiga tegishli bo‘lgan mulohazalarimizni hodisaviylik tushunchasiga tayangan holda atroflicha bayon etib o‘tdik. V.fon Gumboldt ta’biri bilan aytganda, siyosat, san’at va ilm-fanning hozirgi holatiga nazar tashlasak, ularning asrlar davomida sayqal topishi asosida sabab va oqibat munosabatlarining uzun zanjiri yotganini ko‘ramiz [5.47].
Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati:
1. Сафаров Ш. Семантика. -Тошкент: Ўзбекистон миллий энциклопедияси, 2013.
2. Можейко М.А. История философии/Энциклопедия. -Минск: Книжный Дом, 2002.
3. Мельчук И.А. Опыт теории лигвистических моделей «Смысл↔текст». -Москва: Языки русской культуры, 1999.
4. Арно А., Лансло К. Грамматика общая и рациональная, содержащая основы искусства речи, изложенные ясным и естественным образом, толкование общего в языках и главные различия между ними, а также − многочисленные новые замечания о французском языке. -М.: Прогресс, 1990.
5. Гумбольдт В.фон. Избранные труды по языкознанию. -М.: Прогресс, 2000.
Турниязов Б. Семантическая каузация. В статье рассматривается выражение каузации в семантическом плане и то, что этот вид каузации подчиняется закону семантической деривации.
Turniyazov B. Semantic causation. The article examines the expression of causation in semantic terms and the fact that this type of causation is subject to the law of semantic derivation.