是shì ELEMENTINING О‘ZBEK TILIDA FUNKSIONAL-SEMANTIK MUQOBILLASHUVI

Olib borilgan tahlillar natijasida xitoy tilidagi 是shì birligiga kо‘pvazifaviylik xosligi aniqlanib, uning ma’lum nutqiy vaziyat va kontekstlarda bog‘lama, kо‘rsatish olmoshi, bog‘lovchi, ta’kid kо‘rsatkichi, mavjudlikka ishora qiluvchi va “tо‘g‘ri”, “albatta”, “yaxshi” kabi kiritma sо‘zlar vazifalarini bajarishi dalillangan. Tadqiqotimizning mazkur qismida 是shì elementi sanab о‘tilgan vazifalarda о‘zbek tilida qanday muqobillariga ega bо‘lishi mumkinligi masalasini muhokama qilishga harakat qilamiz.

Ma’lumki, 是shì unsuri bog‘lama maqomida ishlatilganida gapning egasi va kesimning (ba’zan tо‘ldiruvchining ham) о‘zaro aloqasini shakllantiradi. Bunda 是…的shi...de tuzilmasi keyingi о‘rinda kelayotgan birlikni nominallashtirish uchun xizmat qiladi. Bog‘lama fe’llar qariyb barcha tillarda ot, sifat, son, olmosh yoki holat ma’nosini ifodalaydigan sо‘zlar bilan ifodalangan predikativni, ya’ni kesimning qismini ega bilan bog‘laydi va ma’noli bо‘laklarga ajralmaydi.

О‘zbek tili tizimida ham bog‘lama vazifasini bajaruvchi alohida birliklar mavjudligi tilshunoslar tomonidan e’tirof etilgan. О‘zbek tilshunosligining yetakchilaridan bо‘lgan A.G‘ulomov о‘tgan asrning о‘rtalaridayoq bog‘lamani kesimni shakllantiruvchi, fe’l bо‘lmagan sо‘zlar bilan qо‘shilib, modallik, zamon, mayl, shaxs-son ma’nolarini ifodalovchi sо‘z sifatida ta’riflagan edi. Lekin, B.Sodiqov bog‘lamaning vazifasi doirasini faqat kesim bilan chegaralash tarafdori emas. Buning isboti uchun u Hamid Olimjonning she’ridan olingan quyidagi parchani keltiradi:

Inson kelsin, ona о‘zinga

Tutqin bо‘lib, о‘sgan kо‘zingga

Rozilik ber, odam bо‘l sen ham,

Saodat top va bо‘lmagin kam.

Olimning fikricha, odam bо‘l, kam bо‘lmagin birikuvlarida bо‘l yordamchisi kesim tarkibida bog‘lama vazifasida kelgan. Biroq, shu misoldagi tutqin bо‘lib birikuvida bо‘l yordamchisi fe’lining formasi kesim tarkibida emas. Shuning bilan birgalikda, bu holatda ham bо‘l yordamchi fe’li bog‘lama vazifasini bajarayotgani e’tirof etiladi.  

Buning isbotini xitoy tilidagi 是shì elementi ishtirok etgan nutqiy tuzilmalarning о‘zbek tilidagi tarjimalari bilan qiyosida kо‘rishimiz mumkin: 1. 女娲中国历史神话传说中的一位女神。中华民族伟大的母亲,她慈祥地创造了我们,又勇敢地照顾我们免受天灾。被民间广泛而又长久崇拜的创世神和始祖神[nǚ wā shì zhōngguó lìshǐ shénhuà chuánshuō zhōng de yī wèi nǚshén. shì zhōnghuá mínzú wěidà de mǔqīn, tā cíxiáng dì chuàngzàole wǒmen, yòu yǒnggǎn de zhàogù wǒmen miǎn shòu tiānzāi. SHì bèi mínjiān guǎngfàn ér yòu chángjiǔ chóngbài de chuàng shì shén hé shǐzǔ shén] – Nyuva Xitoy tarixiy afsonalari orasidagi ayol ilohlardan bо‘lib, xitoy millatining buyuk onasidir. U insonlarga nisbatan marhamatli bо‘lishni, qiyinchiliklarga bardosh berib, boshiga og‘ir ish tushganda sabr – toqat qilishni о‘rgatdi. Nyuva  xalq orasida hurmatga sazovor afsonaviy farishtadir. Xitoy tilida keltirilgan mazkur misollarda 是shì unsuri gapda bog‘lama vazifasida kelib, gapning egasi 女娲Nyuva ni gapning boshqa komponentlari bilan bog‘lashga xizmat qilmoqda. Ushbu gapning о‘zbek tiliga tarjima qilingan holatiga e’tibor qaratadigan bо‘lsak,  bog‘lama vazifasini bajarib kelgan是shì unsuri о‘zbek tiliga tarjima qilingan shaklida ham bо‘lib, -dir  kо‘rinishida namoyon bо‘lmoqda.  

2. 这县官个贪心不足的人,凡是有送礼物的,不管什么东 西都要换成银钱存起来[zhè xiàn guān shìgè tānxīn bùzú de rén, fánshì yǒu sòng lǐwù de, bùguǎn shénme dōngxī dū yào huàn chéng yínqián cún qǐlái] – Hokim ochkо‘zlikda tengi yо‘q inson bо‘lib, barcha hadya qilingan sovg‘alarni qanday bо‘lishidan qat’i nazar ularni kumush tangalarga almashtirib yig‘ib qо‘yar ekan.  是shì unsuri gapning egasi hisoblangan 这县官“hokim”ni tо‘ldiruvchi贪心 ochkо‘zlikda bilan bog‘lashga xizmat qilmoqda, о‘zbek tilidagi bо‘lib bog‘lama vazifasida.   

3. 兄弟全瘦长个,Xiōngdì quán shì shòucháng gè

长着一色小脑壳,zhǎngzhe yīsè xiǎo nǎoké

平时挤着不吭声,zhǎngzhe yīsè xiǎo nǎoké

出门办事就发火。chūmén bànshì jiù fāhuǒ

Og‘a-ini bari ozg‘in va novchadir,

Boshi esa kichkina dumaloqcha.

Birga bо‘lsa indamaydi hech biri,

Ishga chiqsa olov bо‘lar har biri. (gugurt)

Gapda 是shì unsuri ot va sifat sо‘z turkumlarini bir-biriga bog‘lashga, ya’ni 兄弟 og‘a-ini va 瘦长 ozg‘in va novchani xizmat qilib kelmoqda. 是shì unsuri о‘zbek tilida -dir shaklida namoyon bо‘lmoqda va bog‘lama bо‘lib kelayapti. Yuqoridagi misollardan ayonki, 是shì unsuri xitoy tilida mustaqil fe’l bо‘lmagan tarzda gapning egasini uning boshqa komponentlari bilan birikuviga xizmat qiladi.

О‘zbek tilidagi “qilmoq” va “bо‘lmoq” fe’llari mustaqil fe’l sifatida qо‘llanish bilan bir qatorda, bog‘lama vazifasida qо‘llanilib, asosiy qismdagi predmet va belgini atab, kо‘rsatadi.

B.Sodiqov qayd etib о‘tganidek, bog‘lamaning vazifasi “ega va kesimni biriktirish, predikativlikni kо‘rsatish hamda kesimni shakllantirishdir.” Shuning uchun ham muallifning fikricha, “bо‘l” yordamchisining fe’llar bilan qо‘llanganda bog‘lama vazifasini bajarishi ham faqat fe’lning ot formalari doirasida uchraydi, aniqrog‘i, fe’lning harakat nomi va sifatdosh formalari doirasida uchraydi.

Bog‘lama va boshqa yordamchi sо‘zlarning leksik-grammatik tavsifida turli, ba’zan ziddiyatli qarashlar mavjud. “Zamonaviy о‘zbek tili” darsligi mualliflari qayd etishicha, “Tilshunoslikda yordamchi sо‘zning leksema va qо‘shimcha orasida “oraliq uchinchi” ekanligi, ham leksema, ham grammatik morfema xususiyatini о‘zida mujassamlashtirishi aniqlangan”. Ammo, yordamchi sо‘zning lisoniy maqomini belgilash borasidagi tortishuvlar hanuzgacha davom etmoqda. Zero, yordamchi sо‘zlar orasida shunday birliklar borki, ular tо‘liq grammatikalizatsiyalashmagan va ular ham “ma’noviy mustaqillik” xususiyatiga ega. Bizningcha, bog‘lamalar guruhiga kiruvchi sо‘zlarning asosiy qismi xuddi shunday xususiyatda.

Turkiy tillar morfologik tizimiga xos xususiyatlarni alohida о‘rgangan V.G.Guzevning kuzatishicha, lug‘aviy birliklarning u yoki bu sо‘z turkumiga tobelik darajasi har xil bо‘lishi mumkin. Bir tomonda ma’lum vazifa bajarish xususiyatiga ega bо‘lgan birliklarning faqat birgina sо‘z turkumiga tegishliligi tursa, ikkinchi bir tomonda ma’lum bir birlikning nutqiy jarayonda boshqa vazifaga moslashuvi asosida ushbu turkumdan uzoqlashishi kuzatiladi.  Zamonaviy xitoy tilida 是shì birligining kо‘rsatish olmoshi vazifasini bajarish imkoniyati uning tarixiy rivoji bilan bog‘liq. Xitoyshunos olimlar 是shì bog‘lamasi qadimgi xitoy tilidagi kо‘rsatish olmoshidan taraqqiy qilganini qayd etadilar. Zamonaviy xitoy tilida  是shì unsurining kо‘rsatish olmoshi vazifasida qо‘llanishi juda kam holatda kuzatiladi. Masalan, 富与贵,人之所欲也; 不以其道得之,不外也。贫与贱,人之所恶也,不以其道得之,不去也[fù yǔ guì, shì rén zhī suǒ yù yě; bù yǐ qí dào dé zhī, bù wài yě. Pín yǔ jiàn, shì rén zhī suǒ è yě, bù yǐ qí dào dé zhī, bù qù yě] – Pul va maqom bu hamma xohlagan narsadir, lekin, olijanob inson unga ega bо‘lish uchun adolatsiz usullardan foydalanmaydi. Qashshoqlik va pastkashlik bu hamma uchun yoqmagan narsalar, ammo, janob ulardan qutulish uchun nohaq usullarni qо‘llamaydi. Yuqoridagi misol qadimgi xitoy tiliga oid bо‘lib, xitoy donishmandi Konfutsiy о‘gitlaridan olingan. Mazkur misolda是shì unsuri kо‘rsatish olmoshi bu tarzida ifoda etilgan.

Ma’lumki, kо‘rsatish olmoshlari shaxs, predmet yoki belgini kо‘rsatish, ta’kidlash uchun ishlatiladigan sо‘zlar bо‘lib, о‘zbek tilida bular qatoriga bu, о‘sha, shu kabi sо‘zlar kiritiladi. “О‘zbek tili grammatikasi” asarining mualliflari kо‘rsatish olmoshlarini ma’noga kо‘ra ikki guruhga ajratadi: konkret kо‘rsatish olmoshlari (shu, о‘sha) va konkret bо‘lmagan kо‘rsatish olmoshlari (u, bu). Konkret kо‘rsatish olmoshlari sо‘zlovchi va tinglovchiga oldin ma’lum bо‘lgan predmet yoki voqeani kо‘rsatish uchun qо‘llaniladi. Masalan, о‘sha uy deganimizda avvaldan ma’lum bо‘lgan predmetni (uyni); shu odam deyilganda esa, fikr yuritilayotgan (ayni bir vaqtda sо‘zlovchi va tinglovchiga ma’lum bо‘lgan) shaxs nazarda tutiladi.

Konkret bо‘lmagan kо‘rsatish olmoshlari oldingilaridan farqli ravishda notanish shaxs, yoki narsa-hodisalarga ishora qiladi. Masalan, “О‘zbek tili grammatikasi” asarida izohlanishicha, bu olmoshi avvaldan ma’lum bо‘lmay, sо‘zlash momentidagina ma’lum bо‘lgan predmet yoki shaxsni kо‘rsatadi: Bu fikr unga maqul bо‘lmadi (A.Qahhor); Cholning bu ishidan jahlim chiqdi (Oybek).

Biz tahlil qilayotgan xitoy tilidagi 是shì elementi ifodalayotgan kо‘rsatish olmoshi har ikkala kо‘rinishda namoyon bо‘lishi mumkin. Ushbu elementning konkret va konkret bо‘lmagan kо‘rsatish olmoshi vazifasida qо‘llanishi va ularning о‘zbek tilidagi funksional muqobillarini quyidagi misollarda kuzatamiz. Masalan, 过而不改,谓过矣[guò ér bù gǎi, shì wèiguò yǐ] – Xato bо‘la turib uni tо‘g‘rilamaslik, bu xatodir知之为知之,不知为不知,之也[zhī zhī wéi zhī zhī, bù zhī wéi bù zhī, shì zhī yě] – Tushunganda gapirish, tushunmaganda sukut saqlash lozim, о‘sha onda aqlli inson bо‘ladi. Keltirilgan misollarning birinchisida 是shì unsuri konkret bо‘lmagan kо‘rsatish olmoshi bu ni ifodalab kelmoqda, ikkinchi misolda esa konkret kо‘rsatish olmoshi о‘sha ifodalab kelinmoqda.

О‘zbek tilidagi – Siz о‘shami? (A.Qodiriy) va Bu cholni butun yurt izzat qilardi (Said Ahmad) misollariga e’tibor qaratadigan bо‘lsak, birinchi misolda konkret kо‘rsatish olmoshi, keyingisida esa konkret bо‘lmagan kо‘rsatish olmoshi ifodalangan. Xitoy va о‘zbek tillaridagi misollarni solishtirgan holda shunday xulosaga kelish mumkin: 1. Xitoy tilidagi 是shì elementi ifodalayotgan kо‘rsatish olmoshi gapda vazifasi jihatidan о‘zbek tilidagi bu, shu, о‘sha, u kabi kо‘rsatish olmoshlari bilan bir xil funksiyani bajaradi, ya’ni “tushunding” birligi oldingi gap, gapdagi biron-bir sо‘z, sо‘z birikmasi о‘rnida qо‘llanib, unga ishora qiluvchi yoki biror sо‘zni aniqlab keladi; 2. Xitoy tilida 是shì elementi ifodalayotgan kо‘rsatish olmoshi asosan qadimgi xitoy tili (venyan)da uchraydi, zamonaviy xitoy tilida deyarli bunday holat kuzatilmaydi. 3. Konkret bо‘lgan va konkret bо‘lmagan kо‘rsatish olmoshlari har ikkala tilda bir xil funksiyani bajarishga xizmat qiladi.

Xulosa qilib shularni aytimishiz mumkin: a) 是shì zamonaviy xitoy tilida mutlaq qо‘shma fe’l hisoblanadi va ajratilgan bо‘lak konstruksiya ega bilan otlashtiruvchi vosita 的de deb belgilanadigan qо‘shma fe’l 是shì dan tashkil topadigan struktura hisoblanib, konstruksion grammatika nazariyasiga asoslanib, bog‘lama konstruksiyasini shakl va ma’no juftligi hosil qilmasligini hamda bunda shakl otli birikma/ bog‘lama/otlashishdan iborat va maxsus ma’no qarama-qarshi yо‘naltirilgan holda bо‘lishini, ushbu konstruksiya kо‘proq sxematik bog‘langan yasalishning tagsxemasi hisoblanishini, u 是shì bog‘lamasi orqali ifodalangan taxmin va tasdiqni bildirishini qayd etish lozim; b) xitoy tilidagi 是shì elementi ifodalayotgan kо‘rsatish olmoshi gapda vazifasi jihatidan о‘zbek tilidagi bu, shu, о‘sha, u kabi kо‘rsatish olmoshlari bilan bir xil funksiyani bajaradi, ya’ni “tushunding” birligi oldingi gap, gapdagi biron-bir sо‘z, sо‘z birikmasi о‘rnida qо‘llanib, unga ishora qiluvchi yoki biror sо‘zni aniqlab keladi; d) xitoy tilida 是shì elementi ifodalayotgan kо‘rsatish olmoshi asosan qadimgi xitoy tili (venyan)da uchraydi, zamonaviy xitoy tilida deyarli bunday holat kuzatilmaydi. Shu bilan birga konkret bо‘lgan va konkret bо‘lmagan kо‘rsatish olmoshlari har ikkala tilda bir xil funksiyani bajarishga xizmat qiladi.  

 

 

Foydalanilgan adabiyotlar ro’yxati:

 

  1. Байрамова Л.К. Введения в контрастивную лингвистику. – Казань: Изд-во КГУ, 2004. – 112 с.
  2. Ярцева В.Н. Контрастивная грамматика. – М.: Наука, 1981. – 112 с
  3. Zokirova S. Kontrastiv lingvistika // Farg‘ona pragmalingvistika maktabi. – Farg‘ona: Farg‘ona davlat universiteti, 2022. – B.222-288.
  4. Jalolova SH. Ingliz va о‘zbek tillarida fe’l tasnifi: – T.: Universitet, 2017. – 92 b.
  5. G‘ulomov A. Sodda gap. – T.: о‘qituvchi, 1955.
  6. Sodiqov B. Hozirgi о‘zbek adabiy tilida bog‘lama. – T.: Fan, 1984. – 86 b.
  7. Hojiyev A. Fe’l. – T.:Fan, 1973. – b. 11.
  8. Erkin Musurmanov, Ma Sui Ling. Xitoy folklori (Afsona va ertaklar), “Osmonni yamagan Nyuva” afsonasi”. –Samarqand: – b. 92.
  9. Ziyamuhamedov J.T., Shamsiyeva Z.F. “Liao Zhai (Pu Sung Ling) novellalari”. Toshkent: Muharrir, 2012. – b. 26.
  10. Karimov A.A. Yuzta topishmoq. – T.: O‘zbekiston, – b. 15.
  11. Yusupxo‘jayeva H. O‘zbek tili izohli lug‘atida fe’llarning ishlanishi. –T.: Fan, 1988. – b. 78.
  12. Sodiqov B. “Bo‘l” yordamchisi fe’lning funksional formalari bilan qo‘llanganda bog‘lamalik vazifasi // O‘zbek tilshunosligi va adabiyotshunosligi masalalari. –T.: 1973. – B. 225-227.
  13. Ne’matov H.G‘., Sayfullayeva R.R., (muharrir). Zamonaviy о‘zbek tili. Morfologiya. – T.: Mumtoz sо‘z, 2008. – 468 b.
  14. Гузев В.Г. Очерк по теории тюрского словоизменения. – Л.: Изд-во ЛГУ, 1987. – 144 с.
  15. 蔡希勤. 孔子说:论语—里仁. 华语教学出版社.2006. –页39.
  16. Maxmutxodjayev M. Suhbat va mulohazalar (Konfutsiy). – T.: Yangi asr avlodi, 2014. – B.105.
  17. Qosimov I. Donishmandlik sabog‘i. -T.: Yangi asr avlodi, 2015. -191 b.

 

To‘xtamishev A. Functional-semantic comparison of the element shì in the uzbeki language. In this article, the appearance of the element shì as a conjunction and demonstrative pronoun in the Chinese and Uzbek languages is comparatively analyzed, and their similarities and differences are identified. Texts translated from Chinese into Uzbek were taken for analysis.

 

Тухтамишев А. Функционально-семантическое сопоставление элемента shì в узбекском языке. В данной статье сравнительно анализируется появление элемента шиши как союза и указательного местоимения в китайском и узбекском языках, а также выявляются их сходства и различия. Для анализа были взяты тексты, переведенные с китайского на узбекский язык.

Xorijiy filologiya jurnali tahrir ha'yati