Хаlova Maftuna Abdusalomovna,
SamDChTI dotsenti, filologiya fanlari doktori (PhD)
O’zbek adabiyoti har doim o’zining g’oyaviy mazmunining chuqurligi, hayot mazmuni masalalarini hal qilish uchun tinimsiz intilishi, insonga nisbatan insonparvarlik munosabati va uni tasvirlashning to’g’riligi bilan ajralib turadi. Qalam ahli o’zbek she’riyatida ayol obrazida, uning qalb kechinmalari orqali xalqimizning eng yaxshi xususiyatlarini ochib berishga harakat qildilar. Ayolga adabiyotda juda muhim va favqulodda rol berilgan. Ayol hayratga tushadi, ayol - ilhom manbai, u orzu qilingan orzu va dunyodagi eng ulug’vor timsol. Ayol bo’lmasa, adabiyot bo’lmasdi. Adabiyot, avvalo, ayolga atab, ayol uchun, uning ko’nglini olish, dilidagini bilish, ayol degan xilqat ne o’zi – shuni anglash uchun yaralgan. Jahon san’ati va adabiyotidagi eng go’zal va betakror san’at asarlarida ayol siymosi, uning tuyg’ulari mujassam. Ayolning betakror mehru muhabbati kishini hayratga soladi, zavq beradi, ilhom bag’ishlaydi.
O’zbek she’riyatida ichki olam qiyofasiga va ayol qalbining murakkab kechinmalariga juda katta е’tibor beriladi. Shuning bilan birga ayol qalbi tasviri erkak ijodkorlar she’riyatida ham, ayol ijodkorlar she’riyatida ham o’ziga xos tarzda voqelanadi. Adabiyotning tarixi, buguni va ertasini ayol obrazisiz, ularning go’zal siymolarisiz, qalblarining o’tli haroratisiz tasavvur eta olmaymiz. Ayol qalbining so’z san’atidagi tasviri, ayolning ijtimoiy holati uning oiladagi roli bilan bevosita bog’liqdir. Oila jamiyatning kichik birligidir va jamiyatdagi odamlarning munosabati, qarashlari, afzalliklari, xayollari tabiiy ravishda oiladagi muhitni aks ettiradi. Demak, o’zbek she’riyatida ayol qalbi, uning kechinmalari nozik ifodalanadi. Chunki sharqona ruh, milliy o’ziga xosliklar o’zbek ayoli, o’zbek qizi qalbi orqali, ruhi orqali namoyon bo’ladi. Shora Zulfiya, Tursunoy Sodiqova, Oydin Hojiyeva, Gulchehra Jurayeva, Farida Afruz, Halima Xudoyberdiyeva, Halima Axmedova, Zebo Mirzo badiiy olamining butun go’zalliklari ularning qalbining yolqini bilan bo’gliqdir. Jumladan, shoira Zulfiya ijodida ayolga ehtirom, onaga muhabbat mavzusi alohida o’ringa ega. Zulfiya ijodining turli davrlarida bu mavzuga qayta-qayta murojaat etganligini ko‘rish mumkin. Natijada shoira Zulfiyaning “Ona”, “Ona ko’ksi”, “Mening mehribon onaginam” kabi she’rlarida, hattoki “Xotiram siniqlari” dostonida ham ayol muhabbati, ayol qalbi, ona mehri teran tasvirlangan. Ayol, sharqona ayol orzulari, intilishlari, nazokati shoira she’riyatining gultoji desak yanglishmagan bo’lamiz:
Kim tanimas bizning onalarni,
Siz qaydan sezmaysiz issiq nafasin?
O’lchab bo’larmikin ona mehrini,
Tugatib bo’larmi aytib qissasin?
Shoira Zulfiyaning “Bizning onalar” she’ri iliq, roharbaxsh lirizm bilan sug’orilgan. Shoira ushbu she’rida ona qalbining go’zlligini onalikni his qilib tasvirlay olgandir. Uning mehri va muhabbatining betakrorligini o’z qalbidan his qilib qog’ozga tushirgan. Darhaqiqat, she’r uchun tugallik tushunchasi nisbiydir. Chunki asl she’r – hamisha suvratlangan ruhiyat. Ruhiyatning esa makonda ham, zamonda ham tugallanishi mumkin emas[5,545]. Xuddi mana shu kabi nisbatlarni shoira Zulfiya ijodida kuzatish mumkin. Shoiraning she’rlarini o’qigan inson, har bir she’rda Zulfiyaxonimni qalam tebratishga sabab bo’lgan nozik dil torlarini, qalb kechinmalarini anglab oladi. Bir ayol hayoti davomida uchragan yorug’, muhabbatga limmo – lim, quvonch – shodliklarga to’la kunlarni, ayanchli, g’am-anduh, ayriliq damlarni qog’ozga tushirgan satrlari orqali his qilish mumkin.
O’zbek she’riyatida nozik didli, betakror his qilish qobiliyatiga ega shoiralarimizdan biri Oydin Hojiyevadir. Oydin Hojiyeva she’rlarida o’zbek ayolining mehru muhabbati bilan birga uning ibosi, hayosi poetik ifodalangan. Oydin Hojiyeva she’rlarining lirik qahramoni ayol, ona. Ayol buyuk qalb egasi ekanligini, uning qalbiga butun olam sig’ajagi shoiraning:
Tog’lar sendan o’rganar
Sukunatni, bardoshni.
Duoingdan el ko’karar,
Qarg’ishing yorar toshni.
Millatning jon tomiri
Sen Vatanga timsolsan.
Yurtning o’chmas chirog’i
Momo Havo – Ayolsan…
Shoira nazdida ayol borliqning boshlanishi, asl manbayidir. Ayol – hayot tirgagi, urf-odatlarni davom ettirguvchi. Ayol allasi bilan olamni ulgaytiradi. Uning qalbi to’la go’zallik. Ayol qalbi bilan go’zallik egizak tushuncha deb bemalol e’tirof etish mumkin. Adabiyotshunos Abdug’afur Rasulov ta’biri bilan aytganda “She’rdagi shakl bir yon, undan chiqadigan ma’no bir yon. Muhimi, shoir zo’riqmasdan, chiranmasdan oddiy so’zlar orqali katta hayotiy falsafani ifodalab qo’ygan” [2,336]. Oydin Hojiyeva she’rlarida ona mehri, o’zbek ayoli, mehr-muhabbat, vafo va sadoqat, hayot va inson kabi mavzular asosiy o’rinni egallaydi:
Bilaman, seningsiz bahorim yo’q,
Ham seningsiz qanoat, qarorim yo’q.
Bu bir balo ishq, uning takrori yo’q,
Hech jahonda sen kabi dildorim yo’q![1]
Ijodkorning xayoli bilan yaratilgan va yaratgan ayol obrazini badiiy ijodning barcha janrlari va turlarida topish mumkin. Bu ijodkor badiiy olami mahsulidir. Aynan ayol ijodkor tomonidan yaratilgan ayol obrazi, uning qalb kechinmalari o’zgacha.
Asarning asosiy qahramoni bo’lmasdan ham, u ijod jarayonida qandaydir o’ziga xos belgi keltiradi.Va shu bilan birga, ayol har doim sir bilan o’ralgan bo’ladi, uning xatti-harakatlari chalkashlik va sarosimaga sabab bo’lishi mumkin. Ayol ruhiyatiga, uning qalbiga kirib borish, uni tushunish Olamning eng qadimiy sirlaridan birini yechish bilan barobardir. Chunki ayol siymosida sir yashirin. Bu esa ijodkordan katta mehnatni, fidoyilikni talab qiladi. Mana shunday ruh tarjimonlaridan biri Halima Xudoyberdiyevadir. Shoira ijodida chaqmoqday chaqnagan, momaqaldiroqdek gumburlagan, selday toshib kelgan she’rlar ko’p. Lekin, shoiraning mana shunday she’rlari orasida ayol muhabbati, uning qudrati, nozik qalb egasi ekanligini ko’rsatuvchi she’rlari alohida mavqiega ega. Halima Xudoyberdiyeva inson yuragiga yaqin mavzularning yangi-yangi qirralarini ocha bordi. U Nodirabegim, Uvaysiy, Toʻmarislar qiyofasiga kirdi. Shoira o’z she’rlarida “yurak shoirasiman…ayol muqaddas! — dedi va ayol uchun uning sha’ni-shavkati uchun madhiyalar aytdi. Ayolni ojizalik puchmoqlaridan chiqardi. Bu kabi jihatlar Halima Xudoyberdiyeva sheʼriyatining eng ulug’, o’ta taʼsirchan g’oyasiga aylandi. Bu holat esa shoira ijodida juda katta ijtimoiy aks sado berdi.
Halima Xudoyberdiyeva sheʼriyatga o’z ovozi bilan kirib keldi. She’riyatda o’z ovoziga ega bo’lgan shoirlar adabiyotimizning ko’rki va boyligidir. Kitob mutolaa qilayotganimizda biz bemalol Muhammad Yusuf yoki Iqbol Mirzo uslubini ajrata olamiz. Halima Xudoyberdiyeva ham xuddi shunday shoiralarimizdan hisoblanadi. Ya’ni o’z uslubiga, o’z badiiy olamiga ega shoiradir. Halima Xudoyberdiyeva sheʼriyatining mavzu va maʼno koʻlami keng, teran. Uning sheʼrlarida ona - Vatan, ota-ona, ayol va bola mavzulari ustuvorlik qiladi. U tarjimon sifatida Fazu Aliyeva, Silva Kaputikyan, Ibrohim Yusupov kabi qardosh xalqlar shoirlari asarlarini ona tilimizga oʻgirdi. Halima Xudoyberdiyeva ruhiyati bu ayolning matonati, yashash uchun kurashdagi jasorati! U faqat oʻxshatish emas. Bu she’riyat ayol qalb nidosi edi:
Onaginam!
Dorilamon kunlar keldi, shafaqlari ol,
Qayon boqsang, shaylanishlar va sozlashlar tor.
Olcha gulin ko’zlaringga surtasan behold,
“Bu kunlarga yetganlar bor, yetmaganlar bor”.
So’lg’in-so’lg’in lablaringdan ucharkan shu so’z,
Otaginam xayolimda rostlay boshlar qad.
Dorilamon kunlarga qayt, onam, yumib ko’z,
O’ksik dilda boshlanmasin desang qiyomat.
To’g’ri, so’z san’atida ota-onaga muhabbat, tabiat go’zalligi, halollik, bolalarni sevish, yovlarga nafrat… kabi o’nlab mavzular bor, bularning har biri ming yillardan beri yuzlab xalqlarning so’z san’atida chuqur, har taraflama ishlangan. Ammo, baribir, ularning hech biri ayol tasvirichalik ulug’ mavqe kasb etmaydi. Chunki ayol go’zalligi, uning qalbining qat-qatidagi orzu-intilishlari olamlarga teng. Ayol qalbi doimo go’zallik sari intiladi. Go’zallik bilan payvastadir. Adabiy asarlarning eng mukammali, eng go’zali, jozibalisi ayol qalbiga atalgani, ona mehrini tarannum etganidir. Adabiyotdagi ayollar obrazi, u shu millatning fitratiga, davr ruhiga muvofiq aks etadi va idrok qilinadi. Shu bois ham, bir xil sharoitda bir xil harakat qiladigan xarakterlar har qaysi adabiyotda har xil gavdalanadi. Shu ma’noda shoirlar ayol obrazlarida xalqimizning eng yaxshi xususiyatlarini ochib berishga harakat qiladilar. Sodiq va mehribon qalblari, betakror ma’naviy go’zalligi bilan ajralib turadigan bunday go’zal va pokiza ayollar doimo ibrat namunasi sifatida gavdalanishadi:
Oy nimadir, bizlar oy edik,
Sohib aql, hur chiroy edik.
Hammadan tik qaytmas boy edik,
Toki tirik, toki xiromon –
Cho’lpon ekan onalarimiz.
O’q o’tmasdi ko’kragimizdan,
Yovlarimiz kelmasdi tizdan,
Isinardik o’t yoqib muzdan,
Toki tirik o’lim bilmas jon,
Qalqon ekan onalarimiz.
Halima Xudoyberdiyeva she’rlariga teranroq razm solsak, biron sheʼri biroviga o’xshamaydi. Uning she’rlarida qalbdan taralayotgan ayol muhabbati, mehri mujassam. Ayol bu ona, yaratuvchi, buyuk hilqat egasi. Uning qalbi nozik va shu noziklik qa’rida buyuklik mujassamdir. Ayol qalbining butun go’zalligini ayolgina yaxshi his qila oladi. Ayolning go’zalligi, uning mehru muhabbati haqida bir qancha shoirlar qalam tebratishgan. Lekin, ayol ijodkorlarimiz satridagi ayolning qalb kechinmalari o’zgacha jilvalangan.
Xulosa qilib shuni aytishimiz mumkinki, so’z san’ati bo’lmish badiiy adabiyotda ayol qalbi, uning kechinmalari doimo tarannum etilgan. Chunki adabiyot go’zal kechinmalar, orzu-intilishlarni o’zida mujassamlashtirgan san’atdir. Bu esa doimo ayol qalbi va uning kechmishi bilan bog’liqdir. Shu sababli ham she’riyatning eng go’zal namunalari ayollarni, ularning qalb tovlanishlarini tasvirlagan satrlardir.
Аdabiyotlar:
Халова М. Душа женщины в поэзии. Состояние души в поэзии. В статье описывается состояние души женщины в поэтических произведениях и изображения её в творчестве поэтов. Женская душа, её тонкости анализируются на основе стихов поэтесс. Поэтическое выражение состояния женской души в своеобразной форме в произведениях поэтесс, описывается автором.
Khalova M. The woman's soul in poetry. The soul of the woman in Poetry. The article provides information about the statement of the woman’s soul in poetic works and its appearance in creator’s works. The woman’s soul, its subtleties, is analyzed through the poems of poetess. The statements of woman’s soul in a unique way in the poetry of poetess, is revealed by the author.