Tabu tushunchasi turli madaniyatlar va jamiyatlarda chuqur ildiz otgan bo‘lib, uning kelib chiqishi antropologik, sotsiologik, psoxologik va lingvistik jihatdan keng o‘rganilgan. “Tabu” so‘zi Tinch okeani janubidagi Polineziya xalqlari, to‘nga tilidan olingan bo‘lib, “muqaddas”, “teginilmas”, “man qilingan” ma’nolarini anglatadi[1]. “Tabu” atamasi birinchi marta XVIII asrda, Polineziya qabilaviy jamoalarining hayotini o‘rganish jarayonida, mashhur dengiz sayohatchisi va tadqiqotchi kapitan Kuk tomonidan kiritilgan bo‘lib, u o‘sha davrdagi ma’lum bir qabilalarning o‘zaro munosabatlarida va madaniy an’analarida mavjud bo‘lgan cheklovlarni ifodalashda ishlatilgan.[2] Tabiiyki, bu atama ko‘plab xalqlarda madaniy, diniy va ijtimoiy kontekstlarda mavjud bo‘lib, uni o‘rganish insoniyatning qadimiy ijtimoiy tartiblari va dinlari bilan bog‘liq.
Tabuning insoniyat tarixida qachon vujudga kelgani haqida hozirgacha aniq fikr va tasavvurlar umumlashtirilmagan. Ammo, ba’zi adabiyotlarda, xususan, turkcha izohli lug‘atda tabu tushunchasi quyidagicha ta’rif berilgan: “Muqaddas hisoblangan ba’zi insonlar, hayvonlar, narsalar nomini aytish, ularga yaqinlashish taqiqlangan, aks holda zararli oqibatlarga olib keladi deb tushuniladigan diniy ishonch, taqiq ko‘rinishida himoyalanuvchi narsa, so‘z, munosabat” [3]ga tabu deb tushunilishi aytilgan.
Tabu tushunchasining obyekti – buyumlar, soʻzlar, hayvonlar va boshqa tabiatdagi mavjud narsalar bo‘lishi mumkin. Aksariyat tabular moddiy buyumlarga taalluqli boʻlib, tabu insoniyat jamiyati shakllanayotgan davrda individ xatti-harakatini jamoa manfaatlariga buysundirish ehtiyoji bilan bogʻliq ravishda kelib chiqqan boʻlishi mumkin. Tabu urugʻchilik jamiyatida inson hayotining muhim tomonlarini, avvalo ekzogamiya nikohi meʼyorlariga rioya qilinishi (masalan, urugʻ ichida jinsiy munosabatlarning taqiqlanishi)ni tartibga solgan.[4] Jamiyat taraqqiy etgan sari tabuning bir qismi odat huquqiy meʼyoriga aylangan, koʻpchiligi esa dinga taqiq sifatida kiritilib, uni buzish gunoh hisoblangan.
Tabu tushunchasi asosan madaniy va ijtimoiy taqiqlarni ifodalaydi, lekin, uning ildizlari diniy e’tiqodlar va ijtimoiy qoidalar bilan bog‘liqdir. Bu atama jamiyatdagi muqaddas va man etilgan narsalarni belgilash orqali axloqiy me’yorlarni saqlab qolish va muloqotda ba’zi mavzularni cheklash uchun ishlatiladi. Tabu madaniyat va jamiyatlar rivojlanishi bilan birga o‘zgarib borsa ham, uning asosiy vazifasi, ya’ni jamiyatda tartib va qoidalarning saqlanishini ta’minlash, o‘z kuchini saqlab qoladi.
Ko‘plab o‘rganilgan tadqiqotlarda tabu Polineziya xalqlarining shaxsiy turmush tarzi bilan bog‘liq bo‘lgan tushuncha sifatida qaralgan. Ya’ni ularning turmush tarzida ibtidoiy jamiyat davridan boshlab, har bir qabilani ichida tozalash vazifasini bajarib kelayotgan, to hozirga qadar eng mukammal koʻrinishi bilan saqlanib kelgan odatlar sifatida qolgan5. Masalan, Polineziya xalqlari diniy eʼtiqodlariga koʻra, har bir inson tugʻilishi bilan qudratli gʻayri tabiiy kuch – “mana”ga ega boʻladi. “Mana” juda xavfli boʻlib, birovga tegsa oʻlim keltirishi mumkin. U tabaqalarga qarab har xil kuchga ega, qullarda “mana” boʻlmagan, ammo, buyuk sardorlar qudratli “mana” egasi hisoblangan. “Mana” tushunchasi “tabu” so‘zi bilan bevosita bog‘liq bo‘lib, “mana” egasi bo‘lsa, o‘sha narsa zarar, yaʼni unga tegish man qilingan tarkibni, yaʼni tabu qoʻyilganligini anglatadi. Polineziya xalqlarida juda keng tarqalgan tabuni kim buzsa, rioya qilmasa qabila boshliqlari, zodagonlar qattiq jazoga tortilgan. Oʻsha davr tasavvurlariga koʻra, tabuni buzgan odamning gʻayri tabiiy kuchlar, ruhlar, xudolar kasalligi yoki oʻlim bilan jazolaydi6, deb tushunilgan.
A.Omonturdiyevning “Professional nutq evfemikasi” nomli monografiyasida tabuning etnogenezisini, ya’ni qayerda, qachon paydo bo‘lganligi, qaysi urug‘, qabila yoki xalqning udumi ekanligini aytib berish amri mahol deb, izohlagan. Zotan, u ijtimoiy, tarixiy etnografik hodisa bo‘lib, til va tafakkur kabi qadimiydir. Uning ildizlari ibtidoiy ongning, yaxshilik va yomonlik tushunchalarining paydo bo‘lishi, borliqning ilohiylashtirilishi (fetishizm), ruh tushunchasining paydo bo‘lishi (animizm), ko‘chib yurishi (reinkarnatsiya - tanosux), hayvonlarga sig‘inish (animalizm) yoki umuman, totemik, mifologik tasavvurlarga borib taqalishi kabi jarayonlarini keng yoritib bergan7.
Tabu tushunchasining paydo bo‘lish tarixiga nazar solsak, ko‘plab manba va adabiyotlarda qayd etilishicha bu atama birinchi marta G‘arb ilmiy doirasiga XVIII asr oxiri va XIX asr boshlarida o‘z davrida yirik hududni egallagan Ag‘ilshin imperiyasi tiliga kirib kelishida, so‘ngra xalqaro atama sifatida tarqalishida Yer sharini uch marta aylanib chiqqan mashhur sayyoh, etnograf kapitan Jeyms Kukning Polineziya orollariga sayohatlaridan so‘ng kelib chiqadi. Kapitan Kuk o‘z ekspeditsiyasida Polineziya madaniyatida turli buyumlar teginilmas deb e’tirof yoki muqaddas deb sanalishini kuzatgan8. Bu hodisani “tabu” atamasi bilan ifodalagan. Uning ushbu izlanishlaridan so‘ng fanning turli sohalarida o‘rganish ehtiyojlari vujudga keladi va tabu tuchunchasini o‘rganish G‘arb antropologiyasi, sotsiologiyasi va psixologiyasida keng rivojlandi.
Tabu tushunchasi etnografiya, sotsiologiya, psixologiya, tilshunoslik, etnolingvistika kabi bilim sohalarning tadqiqot doirasiga kirgani uchun olimlarning e’tiborini tortgan. Xususan, tabuni psixologik va sotsiologik jihatdan tadqiq etgan olimlar, uni “davomiy” va “kechuvchi” kabi turlarga ajratgan. Rohiblar, xo‘jayinlar, o‘lik ko‘mish va to‘y marosimlari bilan bog‘liq hamma narsa “davomiy” tabu turiga mansubdir. “Kechuvchi” tabularga xotin - qizlarning fiziologik davrlari, homiladorlik davri, urushga otlanayotgan jangchining urush oldi va urushdan keyingi holati bilan birga ovchining ov oldi, ov payti va oxiri bilan bog‘liq holatlari kiradi. Shuningdek, tabu deb qabul qilingan, nomini tilga olish taqiqlangan inson, hayvon, tog‘, dengiz, ko‘llar nomlari keyinchalik tabulik xususiyatlarini yo‘qotishi mumkin hisoblangan. Misol tariqasida Madagaskarga ilk bor keltirilgan otlar, bir missioner tarafidan u yerga olib borilgan quyonlar, yangi oziq-ovqat va ichimliklar aholi tarafidan avval tabu sifatida qabul qilingan, keyinchalik esa tabulik xususiyatini yo‘qotgan9. Hozirgi kunda o‘zbek xalqlari ichida ham yuqoridagi psixologik, sotsiologik omilga ega bo‘lgan tabular mavjud bo‘lib, bularning ba’zilari davrlar o‘tishi bilan sotsiologik transformatsiya oqibatida tabu xususiyatini yo‘qotgan. Masalan, o‘zbek xalqlarining turmushga chiqqan xotin - qizlari ichida erni ismini atab aytish “tabu” hisoblangan, hozirda ushbu “tabu” jarayoni o‘z ahamiyatini yo‘qotib, erning ismi bilan atab yoki, “faloncha aka”, deb chaqirish odatiy holatga aylanib bormoqda.
Psixologik jihatdan esa “tabu” tushunchasini o‘rganib, o‘z asarlarida keng tahlil qilgan psixoanalitik Zigmund Freydning ham fikrlari e’tiborga molikdir. Zigmund Freyd tabu tushunchasiga alohida e’tibor qaratib, uni inson ruhiy dunyosidagi eng qadimgi hissiyotlar va instinktlar bilan bog‘ladi. U “Totem va Tabu” asarida tabuning odamzot tarixidagi qadimgi jamiyatlarda paydo bo‘lgan “totemizm” bilan aloqadorligini ta’kidlaydi. Freydning nazariyasiga ko‘ra, tabu psixologik nuqtayi nazardan insonning ichki ziddiyatlaridan, ya’ni taqiqlar va istaklar o‘rtasidagi to‘qnashuvlardan kelib chiqadi. U tabu orqali inson ijtimoiy cheklovlar va ruhiy instinktlar o‘rtasidagi munosabatlarni izohlaydi10.
Shuningdek, Zigmund Freyd tabu tushunchasi biz uchun ikki qarama-qarshi yo‘nalish deb, talqin qiladi. Bir tomondan, u bizga “muqaddas”, “muqaddaslashtirilgan” degan ma’noni anglatadi, boshqa tomondan esa, “g‘ayritabiiy”, “xavfli”, ‘taqiqlangan” va “nopok” degan mazmunda ishlatiladi, deydi. Tabuning aksi Polineziya tilida “noa” so‘zi bilan ifodalanadi, bu “oddiy” yoki “umumiy foydalanishga mo‘ljallangan” degan ma’noni anglatadi. Shunday qilib, tabu tushunchasida qandaydir “ehtiyotkorlik” g‘oyasi mavjud bo‘lib, u asosan taqiqlar va cheklovlar orqali o‘z ifodasini topadi. Bu ma’noni ba’zan “muqaddas qo‘rquv” birikmasi orqali tushuntirish mumkin. Bu qarama-qarshilik tabuning o‘zida yotgan murakkablikni ko‘rsatib, uni inson madaniyatida va ruhiyatida muhim, lekin ko‘p qirrali tushuncha sifatida namoyon etadi11 deb, tabu tushunchasi zamiridagi psixologik xususiyatlarni keng tahlil qiladi.
Antropologiya sohasida ham tabu tushunchasini o‘rganib, yozgan asarlari orqali o‘zlarining turli xil fikrlari bilan izohlar bergan olimlar mavjud. Bular orasida Emil Dyurkgeym, Frans Boash va Bronislav Malinovskiy kabi olimlar tabu hodisasini o‘rganib, uning turli jamiyatlardagi o‘rnini tahlil qilishgan. Ularning nazariyalariga ko‘ra, tabu jamiyatning tartibini saqlashda muhim vosita bo‘lib, ijtimoiy me’yorlar va qoidalar orqali odamlarga yo‘naltirilgan. Tabu orqali muayyan xatti-harakatlar taqiqlanadi, bu esa jamiyatda ijtimoiy barqarorlikni saqlab qolishga xizmat qiladi.
Mashhur antropologlardan biri Bronislav Malinovskiy (Bronisław Malinowski) - mashhur polshalik antropolog bo‘lib, uning ilmiy ishlari xalqshunoslik va madaniy antropologiya sohalariga katta ta’sir ko‘rsatgan[5]12. Malinovskiyning “Sehr, ilm va din” nomli asari (aslida ingliz tilida “Magic, Science, and Religion” deb ataladi) turli ijtimoiy va madaniy kontekstlarda sehr, ilm va dinning o‘rni va ularning o‘zaro aloqalarini tushuntirishga qaratilgan. Uning fikricha, tabu xalq orasidagi konfliktlarni kamaytirish va ularni boshqarishga qaratilgan. Xususan, bu haqida “Sehr, ilm va din” nomli asarida shunday yozadi: “Yovvoyi odam tabu qoidalariga jamoatchilik fikri yoki ijtimoiy jazodan qo‘rqib rioya qilmaydi. Ularni buzishdan tiyilishining sababi qisman xudoning irodasiga qarshi keladigan yoki muqaddas kuchlar tomonidan yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan salbiy oqibatlardan qo‘rqishi bo‘lsa, asosiy sabab uning shaxsiy mas‘uliyat hissi va vijdonining bunga yo‘l qo‘ymasligidadir. Taqiqlangan totem hayvonini o‘ldirish, qarindoshlar o‘rtasidagi nikoh yoki boshqa tabu qilingan munosabatlarni o‘rnatish, shuningdek, taqiqlangan taomlarni iste’mol qilish unga ichki jihatdan jirkanch va yovuzlik sifatida tuyuladi. Men o‘zim shunday holatlarning guvohi bo‘lganman: yovvoyi odamlar noqonuniy yoki tabu qoidalarini buzish ehtimoli tug‘ilganda, ular bunday harakatlardan nafaqat qo‘rquv, balki chuqur nafrat va jirkanchlik bilan tiyilishar edi. Ularning bu munosabati, diniy e’tiqodga ega xristianning o‘z e’tiqodiga zid bo‘lgan gunohni sodir etishdan qanday nafrat bilan tiyilishini eslatadi. Bu esa, axloq qoidalarining inson vijdoni va ichki tuyg‘ular orqali boshqarilishi naqadar kuchli ekanini ko‘rsatadi”13.
Asarda Malinovskiy tabu tushunchasiga alohida e’tibor beradi. Tabu - bu ma’lum bir narsalarga nisbatan taqiqlarning majmui bo‘lib, u ko‘pincha qadimiy jamiyatlarda paydo bo‘lgan tushuncha deb, baholaydi. Shuningdek, Malinovskiyning fikricha, tabu jamiyatning muhim ijtimoiy va axloqiy normalarini ta’minlashda katta ahamiyat kasb etadi. U tabu tushunchasini ijtimoiy tizimni tartibga soluvchi va saqlovchi asosiy mexanizmlardan biri sifatida ko‘radi14.
Malinovskiy tabu tushunchasi haqida quyidagi fikrlarni ilgari surib, ushbu muammoni tushunish uchun quyidagi savollarga javob berish kerakligini izohlaydi:
Birinchidan, nega ibtidoiy qabila totem sifatida asosan hayvonlar va o‘simliklardan iborat cheklangan obyektlar doirasini tanlaydi va bu tanlov qaysi tamoyil asosida amalga oshiriladi?
Ikkinchidan, nega bunday tanloviy munosabat ushbu obyektlar bilan qarindoshlik e’tiqodida, ularning ko‘payishini targ‘ib qiluvchi madaniyatlarda eng muhimi, totemni yeyishni taqiqlovchi salbiy ko‘rsatmalarda ifodalanadi, shuningdek, totemni rituallarga binoan iste’mol qilish kabi ijobiy ko‘rsatmalarda, masalan, Avstraliya “totemik muqaddas marosimi”da kuzatiladi?
Uchinchidan va nihoyat, nega tabiatda cheklangan miqdordagi tanlangan turlarni ajratish bilan bir vaqtda qabila ushbu turlarga mos keladigan klanlarga bo‘linadi?15 Bu kabi tabular ijtimoiy hayotning muayyan tartibini saqlash uchun xizmat qiladi. Ular o‘zaro munosabatlarni boshqarish, shaxsiy va jamoaviy javobgarlikni ta’minlashda muhim rol o‘ynaydi. Tabu orqali jamiyat a’zolari ma’lum bir harakatlar yoki buyumlardan saqlanishlari kerakligini o‘rganadilar. Sehr va tabu qadimiy jamiyatlarda bir-biriga yaqin bo‘lgan, chunki ikkalasi ham ongli va ongli bo‘lmagan nazorat mexanizmlariga asoslangan. Sehr bilan shug‘ullanuvchilar ko‘pincha tabu qoidasini buzuvchilar sifatida ko‘rilgan yoki ularni o‘rganish orqali kuch topishga intilganlar.
Malinovskiy tabu orqali jamiyat a’zolari o‘zlariga bo‘lgan ishonchni oshirishlari va ijtimoiy struktura doirasida o‘zlarini himoya qilishlari mumkinligini ta’kidlaydi. Tabularni buzish esa ko‘pincha jazo yoki yo‘q qilish bilan tugaydi, bu esa ijtimoiy strukturani himoya qiladi16.
Umuman olganda, Malinovskiy tabu tushunchasini din, sehr va jamiyatning turli tomonlarini tushuntirishda muhim deb biladi. Bu tushuncha orqali u qadimiy va zamonaviy jamiyatlarning ijtimoiy qoidalari va axloqiy me’yorlarining rivojlanishini tahlil qilgan.
Navbatda, sotsiologiya va antropologiya kabi sohalarda faoliyat olib borgan olimlarning ham “tabu” tushunchasi haqida fikrlari diqqatga sazovordir, sababi ushbu mualliflar tomonidan o‘rganilgan obyekt haqidagi ma’lumotlar va aniq qarashlar tadqiqot ishini boyitishda xizmat qiladi. Tabu tushunchasiga izoh bergan va bir qator jihatlarini asoslab o‘tgan muallif fransuz sotsiologi Emil Dyurkgeym (Émile Durkheim) bo‘lib u o‘z davrida ijtimoiy institutlar va kollektiv ongni o‘rganishda katta hissa qo‘shgan. U ijtimoiy me’yorlar va axloqiy qadriyatlarning qanday shakllanishini o‘rgangan, shu jumladan, tabu tushunchasiga ham alohida e’tibor bergan.
U “tabu” tushunchasini jamiyat tomonidan taqiqlangan, qattiq nazorat ostidagi xatti-harakatlar, e’tiqodlar yoki narsalar deb, ta’kidlagan. Durkgeymning yana tabu tushunchasiga oid g‘oyalari uning din va axloqiy ijtimoiy institutlar haqida olib borgan tadqiqotlarida mujassamlashgan. Durkgeymning asosiy nazariyasi shundan iboratki, jamiyatda mavjud bo‘lgan har qanday e’tiqod yoki amaliyot, shu jumladan tabu, aslida kollektiv onglilikni ifodalashini izohlagan. U o‘zining 1912-yilda yozilgan “Din hayotining ibtidoiy shakllari” asarida bu haqida chuqur fikr bildirgan17.
Durkgeym fikriga ko‘ra, tabu odatiy yoki oddiy qoidalar emas, balki ularning buzulishi ijtimoiy munosabatlarning buzilishiga olib keladigan qattiq qoidalar turidir. U ibtidoiy jamiyatlar misolida bu turdagi me’yorlarni ko‘rib chiqib, tabularning insonlar orasidagi ijtimoiy tartibni saqlash uchun qanday rol o‘ynashini o‘rgangan. Masalan, Durkgeym tabuni din va e’tiqod tizimlari bilan bog‘lagan, chunki ularning maqsadi insonlarning xulq-atvorini nazorat qilish va boshqarish edi. U diniy tabular va ijtimoiy taqiqlar insonlarning jamiyatda birgalikda yashashlari uchun zarur bo‘lgan axloqiy cheklovlar sifatida ko‘rilgan. Bu axloqiy chegaralar olim tamonidan muhim jihatlar bilan ifodalab o‘tilgan. Ushbu muhim jihatlar:
- kollektiv onglilik, bu tabular jamiyat tomonidan o‘zaro qabul qilingan axloqiy va diniy qoidalarning ifodasidir;
- axloqiy tartib chekloviga ko‘ra, tabu ijtimoiy tartib va intizomni ta’minlash vositalaridan biridir. U odamlarga ma’lum xatti-harakatlarni cheklash orqali jamiyatdagi uyg‘unlikni ta’minlaydi;
- diniy va ijtimoiy ahamiyatiga muvofiq esa tabular diniy rituallar (diniy marosimlar) bilan bevosita bog‘langan bo‘lib, ular orqali insonlar muqaddas va dunyoviy narsalar o‘rtasidagi farqni ajratadilar18.
Durkgeymning tabu tushunchasiga oid fikrlari ibtidoiy jamiyatlarni o‘rganishida va dinning sotsiologik tahlilida katta ahamiyatga ega. Uning fikricha, tabu nafaqat ijtimoiy cheklov, balki jamiyatdagi axloqiy me’yorlarni shakllantiruvchi muhim institutlar faoliyati uchun xizmat qiladi.
Shuningdek, XX asr buyuk antropologlaridan biri Frans Boasning “tabu” tushunchasiga oid qarashlari ham ahamiyatga molik bo‘lib, uning asarlarida umumiy madaniy antropologiya doirasida tabu mavzuga qiziqish bildirgan. Boas turli madaniy hodisalarni, shu jumladan, tabu kabi ijtimoiy qoidalar va cheklovlarni tushuntirishda etnografik yondashuvni qo‘llab-quvvatlagan. U madaniyatning turli jihatlarini o‘rganib, xalq an’analari, e’tiqodlari, urf-odatlari va tabular o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikka e’tibor qaratgan19. Boasning quyidagi asarlari tabu tushunchasini kengroq ijtimoiy va madaniy kontekstda o‘rganishga yordam beradi:
1. 1911-yilda yozilgan “Ibtidoiy odamning ongi”, (“The Mind of Primitive Man”)20 kitobida Boas madaniyat va irsiyat o‘rtasidagi bog‘liqlikni tahlil qiladi. U “tabu” va boshqa madaniy institutlarni irsiy omillar emas, balki ijtimoiy va madaniy ta’sirlar natijasi sifatida ko‘radi. Shuningdek, muallif asarda ibtidoiy odamning tabu darajalarini quyidagicha izohlab o‘tadi, “hatto geografik muhitga ajoyib darajada moslashgan eskimoslar orasida ham, kiyik va tyulenning betartib ishlatilishiga nisbatan qo‘yilgan tabu kabi odatlar mamlakat taklif qilayotgan imkoniyatlardan to‘liq foydalanishga to‘sqinlik qiladi21.
2. 1928-yilda yozilgan “Antropologiya va zamonaviy hayot”, (“Anthropology and Modern Life”) nomli asarida Boas madaniy nisbiylik kontsepsiyasini keng muhokama qiladi va madaniyatlarni o‘ziga xos ijtimoiy va axloqiy cheklovlar, jumladan, tabular orqali o‘rganadi22.
3. 1927-yilda yozilgan “Ibtidoiy san’at”, (“Primitive Art”) nomli asarida madaniyatning estetik ifodalari, shu jumladan, san’at va urf-odatlar orqali tabu va uning ijtimoiy ahamiyatini tushuntirishga qaratilgan ish hisoblanadi. Boas tabu tushunchasini madaniyatning bir qismi sifatida ko‘radi va uni san’at va mifologiya bilan bog‘laydi. Boasning ishlari madaniyat va e’tiqodlar tizimining murakkabligini anglash uchun hal qiluvchi rol o‘ynagan va tabu kabi tushunchalarni tadqiq qilishda nisbiylik yondashuvini ilgari surgan.
Tabu etnografik tushuncha sifatida nafaqat ijtimoiy hayotning turli jabhalarida paydo bo‘ladigan taqiqlarni ifodalaydi, balki til hodisasi sifatida ham ko‘plab adabiyotlarda qayd etilgan. Jamiyat taraqqiyotining turli bosqichlarida tabu, ma’lum so‘z va iboralarga tegishli cheklovlarni anglatib, shu bilan birga til faktlari bilan bog‘liq alohida xususiyatlarga ega ekanligi ham ta’kidlanadi23. Xususan, filologiya fanlari doktori, proffesor M.M.Mirtojiyevning “O‘zbek tili semasiologiyasi” nomli darsligida lingvistik tabu faqat leksik hodisa bo‘lib, so‘z doirasida kuzatilishini izohlaydi. Bunda tabular diniy va irim, siyosiy va senzura nuqtayi nazaridan taqiqlanishini va tildagi bu hodisa ibtidoiy jamoa hosilasi bo‘lib, madaniylik, fan-texnika rivoji bilan yo‘qolib ketmasdan tilda yashab qolishini ta’kidlaydi. Tabu esa so‘zlarnng madaniy muloqotga sig‘maganligi, qo‘polligi uchun noziktabiat hamsuhbatlar doirasida qo‘llanishdan tiyilishi bilan farq qiladi deb, asoslab o‘tadi24.
Tabu - bu etnografik tushuncha bo‘lib, tilga ham tegishli. Tabu jamiyat hayotida turli rivojlanish bosqichlarida paydo bo‘lgan taqiqni anglatadi. Ushbu taqiq turli asoslar bilan bog‘liq holda til hodisalariga ham tarqalishi mumkin. Til vositalari orqali paydo bo‘lgan lingvistik tabu faqat tushuncha va ma’noni taqiqlovchi chegara emas, balki o‘sha tushunchaning tildagi nomlanishiga, ya’ni so‘zga qo‘yilgan taqiqlar ma’nosini anglatadi25. Tabu tushunchasi haqida fikrlar tilshunoslik doirasida ham muhim ahamiyatga ega. Tilshunoslar ko‘pincha ba’zi so‘zlarning yoki ifodalarning tabu bo‘lib qolishini o‘rganadi. Masalan, ba’zi tillarda turli mavzulardagi so‘zlar, dindagi muqaddas shaxslar yoki hayot-mamot masalalari bilan bog‘liq so‘zlar tabu hisoblanadi va ulardan foydalanish jamiyatda nomaqbul sanaladi. Bu kabi so‘zlar o‘rniga ko‘pincha evfemizmlar yoki boshqa yumshoqroq ifodalar bilan birga ishlatiladi.
Rossiyalik etnolingvist Janna Varbot “tabu” atamasiga alohida e’tibor qaratib, bu tushunchani keng madaniy, ijtimoiy va tilshunoslik doirasida talqin qilgan. Uning fikriga ko‘ra, tabu bu jamiyatda muayyan narsalar, xatti-harakatlar yoki so‘zlarni ishlatishga nisbatan taqiqlar va cheklovlar qo‘yilgan hodisa. Bu cheklovlar axloqiy, diniy, madaniy yoki ijtimoiy qadriyatlarga asoslangan bo‘lishi mumkinligini ta’kidlagan26.
Janna Varbotning ta’kidlashicha, tabu inson jamiyatida muloqot jarayonida muhim rol o‘ynaydi va til rivojiga ham ta’sir qiladi. Tilning ba’zi so‘zlari yoki ifodalarining taqiqlanishi yoki almashtirilishi ko‘pincha tabu hodisasi bilan bog‘liq. Bu holatni u etnolingvistika doirasida o‘rganib, jamiyat va til o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarni chuqurroq tahlil qiladi. Shu tarzda tabu nafaqat tilning qaysidir qatlamlarini cheklash, balki madaniyat va jamiyatdagi qoidalarning ifodasi sifatida ham namoyon bo‘ladi. Shunday taqiqlar jamiyatning turli rivojlanish bosqichlarida ijtimoiy hayot sohasida yuzaga keladi va turli omillar — diniy, tarixiy, siyosiy, axloqiy va boshqalar bilan belgilangan27.
Varbotning tadqiqotlarida tabu hodisasining turli xalqlar madaniyati va tilida qanday namoyon bo‘lishi, uning kelib chiqishi va tarqalishi, shuningdek, tabu orqali jamiyatning qoidalari va qadriyatlarini tahlil qilish muhim o‘rin tutadi. Shu o‘rinda u tabu atamasining bir qator jarayonlariga e’tibor qaratib belgilarini aniqlagan va “tabu” so‘zining ikki ma’noda qo‘llanilish holatini ko‘rsatib o‘tgan:
1). Ibtidoiy odamlarning diniy taqiqlari, ya’ni yuqori kuchlarda vujudga keladigan zararli oqibatlardan qochishni belgilash;
2). Sotsial-siyosiy, tarixiy, madaniy,etnik yoki ta’sirchan dalillarning o‘zaro bog‘liq belgilangan so‘z qo‘llashni taqiqlash28.
Roman Jakobsonning “tabu” tushunchasi tilshunoslikda muhim mavzulardan biri hisoblanadi. Jakobson, rus-amerikalik tilshunos va adabiyotshunos, semiotika va kommunikatsiya nazariyasi bo‘yicha ishlari bilan tanilgan. Uning yondashuvi, til va madaniyat o‘rtasidagi munosabatlarga chuqur e’tibor qaratadi.
Roman Jakobson “tabu” tushunchasi haqida, bu madaniy yoki diniy sabablarga ko‘ra foydalanish taqiqlangan so‘zlar, iboralar yoki tushunchalarni ifodalaydi. Tilshunoslik yondashuvida esa tabu tushunchasini nafaqat so‘zlarga bog‘liq, balki ma’lum ma’nolarning o‘zgarishi va ko‘chib o‘tishini ham ko‘rsatishini alohida izohlab o‘tadi. Shuningdek, Jakobson tabu tushunchasini o‘rganishda bir qator yondashuvlarni asoslab o‘tadi:
Birinchi yondashuv lingvistik kodlar va cheklovlar bo‘lib, bunda til jamiyatda muloqot vositasi sifatida ishlatilganida, ma’lum iboralar yoki so‘zlar ma’naviy yoki madaniy cheklovlarga duch keladi. Ba’zi so‘zlar ma’lum kontekstlarda foydalanish uchun nomaqbul hisoblanadi.
Ikkinchi yondashuv so‘zlarni ma’no ko‘chishiga oid jarayonlarni asoslashga qaratiladi. Jakobson shuni ta’kidlaydiki, tabu so‘zlar ko‘pincha boshqa sinonimlar yoki yumshatilgan shakllar bilan almashtiriladi. Bu fenomen tilning dinamikligini va uning qanday o‘zgarishini tushuntirishga yordam beradi.
Uchinchi yondashuv kontekst va pragmatikada, so‘zlarning taqiqlanishi ularning ma’nosi va ulardan foydalaniladigan ijtimoiy yoki madaniy kontekstga bog‘liq. Jakobson pragmatika tushunchasi orqali qanday qilib tabu so‘zlar turli vaziyatlarda boshqacha qabul qilinishini ko‘rsatadi. Shunday qilib, Jakobson uchun tabu tushunchasi tilning madaniy jihatlaridan biri sifatida qaraladi va bu orqali u so‘zlarning ijtimoiy ahamiyatini va ularning ishlatilishidagi cheklovlarni tahlil qiladi.
Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yhati:
Шермаматова З. Происхождение концепции «табу». В статье рассматривается концепция табу с антропологической, социологической, психологической и лингвистической точек зрения. Термин «табу» происходит от полинезийского слова «tapu», что означает «священный», «неприкосновенный», «запрещённый». Впервые он был введён в научный оборот в XVIII веке английским капитаном Джеймсом Куком во время его путешествий по Полинезии. В статье подчёркивается, что табу может распространяться на различные объекты, включая предметы, слова и животных, и служит инструментом поддержания социальной и культурной гармонии. С развитием общества табу трансформируются: некоторые становятся частью правовых норм, другие — религиозными запретами. Также отмечено, что с течением времени некоторые табу теряют свою силу и становятся обычаями, утратившими первоначальную сакральную значимость.
Shermamatova Z. The Origin of the concept of "Taboo". This article delves into the concept of "taboo" from anthropological, sociological, psychological, and linguistic perspectives. The term originates from the Polynesian language, particularly Tongan "tapu," which later evolved into the English "taboo." It was first documented in the Western world during Captain James Cook's expeditions to Polynesia in the 18th century. The paper emphasizes that taboo objects—such as words, animals, and artifacts—serve as mechanisms to maintain order in both individual and communal life, rooted in religious, cultural, and social contexts. Furthermore, the study notes that with psychological and economic development, certain taboos have transformed into legal norms or religious prohibitions. This evolution reflects the dynamic interplay between tradition and modernity in shaping societal values.
[1] https://uz.wikipedia.org/wiki/Tabu
[2] Голованова Е. Ю. Эвфемизация табуированных соматизмов (на материале французского и русского языков). Уфа.: 2005, c: 11
[3] Türk dil kurumu, Türkçe Sözlük, Ankara 2005,s1549
[4] https://uz.wikipedia.org/wiki/Tabu
5 Hughes, G. An Encyclopedia of Swearing: The Social History of Oaths, Profanity, Foul Language, and Ethnic Slurs in the English-speaking World. New York: M.E. Sharpe, Inc. 2006, p: 462
6 https://uz.wikipedia.org/wiki/Tabu
7 Omonturdiyevning A J. “Professional nutq evfemikasi”. T.:, “Fan” nashriyoti, 2006, B - 11
8 Ахметов Э.К. Турк1 Т1лдер1ндеп габу мен эвфемнзм- дер. Алматн: Ғўлўм, 1995. 176-6.
9 Güngör.A: Tabu‐Ortmece (Euphemism) Sozler Uzerine 30Freud, S., a.e., s.38, ve Ornek, Sedat Veyis 100 Soruda ilkellerde Din, Buyu, Sanat, Efsane, Gercek Yayınevi, İstanbul, 1971, s.34.
10 Зигмунд Фрейд " - Тотем и табу. Психология первобытной культуры и религии. Издательский дом: «Мерани», 1991, C: 34
11 Sigmund Freud. Totem and taboo. Moffat, y ard and company. New York.: 1919, p.p: 30-31
12 https://ru.wikipedia.org/wiki
13 Bronislaw Malinowski. Magic, Science and Religion and Other Essays. Beacon press: Boston, 1948, p: 38
14 Bronislaw Malinowski. Magic, Science and Religion and Other Essays. Beacon press: Boston, 1948, p: 40
15 Klan — bu bir xil avloddan yoki bir-biriga yaqin qabila a’zolaridan tashkil topgan, biron bir umumiy o’ziga xos belgiga (masalan, totem, oila aloqalari, yashash hududi yoki boshqa ijtimoiy-hududiy xususiyatlar)
16 Бронислав Малиновский. Магия, наука и религия. Издательство: -М.: Академический Проект, 2015, c: 44
17 Дюркгейм Э. Элементарные формы религиозной жизни: тотемическая система в Австралии. Издательство «Элементарные формы», -Москва: 2018, 30-47
18 Дюркгейм Э. Элементарные формы религиозной жизни: тотемическая система в Австралии. Издательство «Элементарные формы»,- Москва: 2018, 30-47.
19 Franz Boas. The mind of primitive man. Revised edition copyrighted, Toronto.: 1938
20 Franz Boas. The mind of primitive man. Revised edition copyrighted, Toronto.: 1938
21 Franz Boas. The mind of primitive man. Revised edition copyrighted, Toronto.: 1938, pp-201-202
22 Franz Boas. Anthropology and modern life. Copyright 2021
23 Franz Boas. Primitive art. Oslo, H. Aschehoug & Co.; Cambridge, Mass., Harvard University Press; 1927
24 Mirtojiyev M.M. O’zbek tili semasiologiyasi. -Toshkent: Mumtoz so’z, 2010. B-122.
25 Реформатский А.A. Введение в языковедение: Учебник для вузов Под ред. В. А. Виноградова. — 5-е изд., испр. — М.: Аспект Пресс, 2004-C. 104.
26 Варбот Ж.Ж. Табy. Русский язык. Энциклопедия. -М.: 1998.
27 Варбот Ж.Ж. Табy. Русский язык. Энциклопедия.- М.: 1998. – C. 552.
28 Варбот Ж.Ж. Табy. Русский язык. Энциклопедия.- М.: 1998. – C. 554.