TAQLID SO‘ZGA YUKLANGAN MA’NO (TOG‘AY MURODNING “OTAMDAN QOLGAN DALALAR” ASARI MISOLIDA)

 

 

Taqlid so‘zlar o‘zbek tilshunosligida ilk o‘rganilgan davrlardan boshlab ikki guruhga bo‘lib o‘rganiladi. Bular: tovushga taqlid so‘zlar va harakat-holatga taqlid (obrazli) so‘zlardir. Maqolamizda taqlid so‘zlarning yirik bo‘limi, tovushga taqlid so‘zlarni o‘zbek adabiyotining zabardast vakili Tog‘ay Murodning “Otamdan qolgan dalalar” asarida keltirilgan va malum o‘rinda yozuvchi badiiy mahorati, uning badiiy maqsadini ochib berishda juda muhim ahamiyat kasb etgan qarsak jarayoni bilan bog‘liq tovushga taqlid so‘z misolida ko‘rib chiqamiz. Mazkur asarda “O‘zbek xalqiga haykal qo‘yaman” degan adib, sir emaski, ma’lum darajada buni amalga oshira oldi. Uning asarlarida o‘z davrida o‘zbek xalqining turmush-tarzi, yashash sharoitlari, orzu-umidlari, hasrat-u armonlari o‘z aksini topgan. Ushbu ma’noviy maqsadlarni yuzaga chiqarishda, asar badiiyati, qahramon ruhiyatini ochib berishda, albatta, taqlid so‘zlarning ahamiyati katta. Tovushga taqlid so‘zlar tasviriy so‘zlarning bir guruhi bo‘lib, kishilar, har xil jonivorlar, narsa va hodisalarning chiqargan tovushlariga taqlid qilish natijasida paydo bo‘ladi. Tilimizdagi tovushga taqlid so‘zlarning asosiy qismi bir yoki ikki yopiq bo‘g‘indan iborat bo‘lib, takrorlanganda asosan shu taqlid so‘z ba’zida o‘zgarmaydi, ba’zan ma’lum fonetik o‘zgarishlarga uchraydi. Shu asosda tovushga taqlid so‘zlar juft va takroriy kabi turlarga bo‘linadi. Albatta, bu fonetik o‘zgarishlar taqlid so‘zning ma’nosiga ma’lum ta’sir qilganligi sezilib, taqlid so‘z ma’nosi kengayishi kuzatiladi. Tovushga taqlid so‘zlar juft yoki takror holda qo‘llanilganda jonli va jonsiz predmetlarni hosil qilgan tovushlarini bir martalik yoki lahzalik emas, balki takrorlanuvchi, davomli ekanligini ifodalaydi.

Ma’limki, o‘zbek tilshunosligida tasviriy so‘zlar kategoriyasi monografik planda o‘rganilishi tilshunos olim R.Qo‘ng‘urov nomi bilan bog‘liq. Olim o‘zining “O‘zbek tilida tasviriy so‘zlar” nomli monogirafyasida tilimizdagi tasviriy so‘zlarni ikki guruhga bo‘lib tadqiq etgan bo‘lib, ular: tovushga taqlid so‘zlar va obrazli so‘zlar [4.62-68]. Monogirafiyada tovushga taqlid so‘zlar turli ichki bo‘linishlar asosida atroflicha tasnif etilgan. Biz quyida ko‘rib chiqadigan taqlid so‘z, odamlar harakat-faoliyati natijasida hosil bo‘lgan tovushlarga taqlid so‘zlar sirasiga kiradi. Tilimizda bunday so‘zlar ko‘plab mavjud bo‘lib, bunday so‘zlar odamlarning harakat-faoliyati hamda har xil ruhiy kechinmalarini tasvirlash yuzasidan hosil bo‘ladi. Quyida Tog‘ay Murodning “Otamdan qolgan dalalar” asarida keltirilgan va biz maqolamizda tahlil qilishni maqsad qilgan parchani to‘laligicha keltiramiz:

Men siz, o‘quvchi-yordamchilar nomidan, qolaversa, o‘zimning nomimdan, ana shu muvaffaqiyatlarim bosh aybdori, hammamiz uchun hurmatli va aziz o‘rtoq Dadaboyevga minnatdorchilik bildiraman!

Qars-qars qarsak bo‘ladi. Direktorimiz qo‘li ko‘ksida ta’zim etadi.

 — O‘rtoqlar! — deydi. — Egizak farzandlarim otalari shonli kommunistik partiya safiga qabul etilgan ulug‘ ayyom kunlarda dunyoga keldi! Men shu ulug‘ sanaga bag‘ishlab, egizak qizlarimga shonli kommunistik partiya asoschilaridan Roza Luksemburg bilan Klara Setkin otlarini qo‘yaman! Bir qizimni Roza qo‘yaman, bir qizimni Klara qo‘yaman!

Chalp-chalp chapak bo‘ladi [2.89-90].

Mazkur parchada maktab direktorini paxta terimi paytida terim namunali tashkil etilganligi uchun uning jamoasi ko‘chma qizil bayroqqa ega bo‘lganligi, o‘zi partiya safiga qabul qilinganligi, shu bilan bir qatorda ekizak qiz farzandli bo‘lganligi bilan tashkil etilgan yig‘in tafsilotlari badiiy mahorat bilan tasvirlanadi. Asardan keltirilgan parchaning badiiy mazmunida tovushga taqlid so‘zning ahamiyati o‘z o‘rniga egadir. Parchada qarsak bilan bog‘liq ikkita tovushga taqlid so‘z uchraydi. Birinchisida (Qars-qars qarsak bo‘ladi). Qarsak bilan bog‘liq tovushning tilda o‘z ifodasini topib, so‘z degan maqomga ega bo‘lishi kuzatiladi. Qars-qars tovushga taqlid so‘zi biror predmetning sinishi yoki keskin tovush hosil qiluvchi jarayonlarni tasvirlash uchun ishlatilib, aksariyat taqlid so‘zlar kabi bir bo‘g‘inli, undosh-unli-undosh-undosh shaklda va takrorlangan holatda keltirilgan. Ushbu taqlid so‘z tilimizda qarsak jarayonida hosil bo‘layotgan tovushni, ko‘tarinkilikni yoki davomiylikni tasvirlash, ifodalash ma’nolarida ko‘p hollarda ishlatiladi.

Tahlil obyektimizdagi ikkinchi tovushga taqlid so‘z ham qarsak jarayoni bilan bog‘liq bo‘lib, bu aynan shu holatni ta’sirchan va bor bo‘yicha ifodalash, yozuvchining badiiy maqsadini kitobxonga ta’sirli va tushunarli bo‘lishi uchun katta ahamiyat kasb etgan. (Chalp-chalp chapak bo‘ladi) Chalp-chalp tovushga taqlid so‘zi biror bir xatti-harakat natijasida kishiga yoqmaydigan tovush hosil bo‘lish hollarida ishlatiladigan, ko‘proq salbiy bo‘yoqdorlik ma’nolariga ega bo‘lgan so‘zdir. Tilimizda ko‘pincha kishilar tovush chiqarib ovqatlanganda chiqadigan noxush ovozni ifodalash uchun ishlatiladi. Chalpillama  fe’li asosida ham aynan shu taqlid so‘z mavjud. Ushbu so‘zda taqlid so‘zdan affiksatsiya usuli bilan fe’l yasalgan. Taqlid so‘zlardan fe’l so‘z turkumiga so‘z yasalish usuli bilan ko‘plab so‘zlar o‘tgan bo‘lib, -illa va -la affikslari bu jarayonda sermahsul affiks hisoblanadi. Bu haqda o‘z davridayoq N.A.Baskakov turkiy tillardagi taqlid so‘zlarning ot va fe’l yasalishida katta rol o‘ynashini (yasalishiga asos bo‘lishini) ta’kidlagan holda, agar an’anaviy so‘z turkumlari tasnifi sxemalaridan chekingan holda muammoga yondashilsa, turkiy tillarda hatto ism turkumida tasviriy ot va fe’l turkumi ichida tasviriy fe’llar kabi ko‘plab mavjud deb hisoblash mumkin ekanligi [3.57] keltirib o‘tilgan.

Har bir so‘zdan unumli va ustalik bilan foydalanish, badiiy asar o‘quvchisini zeriktirmaslik, shu bilan bir qatorda asarda tasvirlanayotgan voqelikni bor bo‘yicha tasavvur etilishini ta’minlash maqsadida adib chalp-chalp chapak bo‘ladi deb keltiradi. Bunda o‘qilishda va ifodalashda ravonlik ham inobatga olinib, ohangdoshlikka ham e’tibor qaratilgan: Qars-qars qarsak bo‘ladi. Chalp-chalp chapak bo‘ladi. Bu ikki taqlid so‘zning o‘rnini almashtirish ham mumkin emas. Qarsak va chapak so‘zlari ham tilimizda sinonim holatda ishlatilsa-da qarsakda ko‘tarinkilik, chapakda esa soxtalik ma’nolari anglashiladi. Taqlid so‘zlarning muhim belgilaridan biri sanaladigan – ma’lum gap tarkibida kelgan taqlid so‘zni gap tarkibidan olib tashlansa ham gap mazmunida deyarli o‘zgarish bo‘lmasligi, faqatgina gapdagi tasviriylik yo‘qolishi haqidagi fikrni ham ushbu parchada qo‘llash mushkul. Mazkur parchadan taqlid so‘zlar olib tashlansa, katta mazmuniy torayish kuzatiladi. Matndagi ta’sirchanlik, bo‘yoqdorlik yo‘qolib, shunchaki yig‘indagi direktorning nutqi go‘yo hammasi tabiiy voqealar rivojidek taassurot uyg‘otadi.

“Otamdan qolgan dalalar” romanini o‘qigan har bir kitobxonga ma’lumki, maktab direktori qahriqattiq va ikkiyuzlamachi obraz sifatida tasvirlangan. Paxta terimida yosh bolalarga ko‘p azob-uqubatlar yetkazishi, davr muammolari mahorat bilan yuritilgan. Parchada keltirilgan direktorning bir qator “yutuqlari” tasvirlangan yig‘ingacha bo‘lgan qiyinchiliklarni bosib o‘tgan o‘quvchilar xuddi shunday, chalp-chalp chapak bilan olqishlaydi, chalp-chalp qilib olqishlaydi. Yuqorida aytib o‘tganimizdek, matndagi chalp-chalp tovushga taqlid so‘zini olib tashlash yoki boshqasi bilan almashtirish mazmuniy torayish va emotsional-ekspressivlikni yo‘qolish darajasigacha olib kelishi mumkinligi kuzatiladi. Bunda adibning badiiy mahorati va o‘zbek tilining keng imkoniyatlaridan yuksak did bilan foydalana olish qobiliyati hamda asarda tasvirlangan mazkur voqelikka nisbatan muallif sifatida o‘z munosabati ham namayon bo‘ladi deyish mumkin. Birgina taqlid so‘zni mohirona qo‘llash orqali unga ko‘p va zalvorli ma’nolar yuklangan. Bu bilan taqlid so‘zlarning asosiy xususiyatlaridan biri bo‘lgan – taqlid so‘zlarni asarlarda qo‘llanilishi kitobxonni voqelikni jonli, yorqin anglashiga va ko‘z oldiga keltirishiga yordam berish imkoniyatidan samarali foydalanilganligini ko‘rish mumkin.

 

 

Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati:

 

1. Пардаев A. Тил тизимида ёрдамчи сўзлар. – Самарқанд: 2011.

2. Тоғай Мурод. Отамдан қолган далалар. – Т.: “Шарқ” нашриёт-матбаа концернининг бош таҳририяти, 1994.

3. Элтазаров Ж.Д. Сўз туркумлари парадигмасидаги ўзаро алоқа ҳамда кўчиш ҳоллари. – Т.: Ўзбекистон миллий энциклопедияси, 2006. 5. Қўнғуров Р. Ўзбек тилида тасвирий сўзлар. – Т.: Фан, 1966.

4. Қўнғуров Р. Ўзбек тилида ўзгармайдиган сўзлар, II қисм. – Самарқанд: 1980.

 

Nuraliyev G‘. The meaning attached to the imitation word (in the example of Togay Murad's "Fields from my father"). In Uzbek linguistics, imitation words have been studied on a monographic scale since the 70s of the last century. Imitative words are studied in two large groups in linguistics. These are: words imitating sound and words imitating action. In our article, comments are made about words that imitate the sound of clapping in one place of Togai Murad's "Fields left by my father".

 

Нуралиев Г. Смысл, придаваемый подражающему слову (на примере «Поля от моего отца» Тогая Мурада). В узбекском языкознании подражательные слова изучаются в монографическом масштабе с 70-х годов прошлого века. Подражательные слова в лингвистике изучаются в двух больших группах. Это: слова, имитирующие звук, и слова, имитирующие действие. В нашей статье даются комментарии к словам, имитирующим звук хлопка в одном месте из произведения Тогая Мурада «Поля, оставленные моим отцом».

 

 

 

Xorijiy filologiya jurnali tahrir ha'yati