TARIQAT VA BADIIY ADABIYOT

XIV asrgacha bo‘lgan davrda Yassaviya tariqatining mavqei badiiy adabiyot va ma’naviy hayotda katta rol o‘ynagan bo‘lsa, XIV asrdan keyin Naqshbandiya ta’limotining ta’siri kuchaya bordi. Nafaqat turkiyzabon xalqlar orasida, balki sharq olamida xususan forsiyzabon xalkdar Afg‘oniston, Eron, Pokiston, Hindiston singari mamlakatlarda ham uning ta’sir doirasi kengayib bordi. Shunga ko‘ra, Naqshbandiya ta’limotining badiiy-g‘oyaviy  tahlillari forsiy adabiyotda keng ildiz otganligining guvohi bo‘lamiz.

Adabiyotshunos olim Yoqubjon Is’hoqov o‘zining “Naqshbandiya va o‘zbek adabiyoti” nomli risolasida ushbu tariqat vakillarining badiiy ijodga dohilligini quyidagycha izohlaydi: “Naqshbandiya asoschilari va namoyondalari shoir emas, balki amaliyotchi faylasuflar (shayx, xoja) sifatida faoliyat ko‘rsatib kelgan. Shuning uchun ham, bu ta’limotning badiiy ijod bilan aloqasi ommaviy ravishda emas, balki u yoki bu ijodkorning tushuncha saviyasi bilan bevosita bog‘liq holda murakkabroq tarzda amalga oshiriladi. Aniqroq qilib aytadigan bo‘lsak, Naqshbandiya sulukiga daxldor ijodkorlar nafaqat badiiy adabiyot, balki falsafa, axloq, tarix singari fanlar sohasida ham muayyan malakaga ega keng qamrovli shaxslar bo‘lgan” [2; 29-b].

Adabiyotshunoslarimiz Najmiddin Komilov, Sadriddin Salim Buxoriy, Yoqubjon Is’hoqovlarning ilmiy izlanishlari natijasida yuzaga kelgan bir qator tadqiqotlarda Naqshbandiy so‘fiylar faoliyati badiiy adabiyotda ilmiy-risolaviy tarzda kechishligi ta’kidlanadi. “Naqshbandiya ta’limotining asoschilari ilmiy risolalarda buning ustiga forsiy tilda bayon qilingan. Bunday hol mazkur sulukning turkiyzabon xalqlar orasida ommalashuvi va badiiy ijod doirasiga kirib borishida belgilovchi omil bo‘lgan” [2; 29-b]. Yana shuni ham qayd etishadiki, Nakshbandiyaning o‘zbek yozma adabiyotiga kirib kelishi uchun muhim zamin - bu adabiyotga tasavvufiy g‘oyalarning kirib kelganligi, bu borada muayyan an’ananing vujudga kelganligidir. Bu ta’limot tasavvuf asoslarini puxta egallab, shu tariqatga qadam qo‘ygan mutafakkir adiblar orqali badiiy adabiyot bilan bog‘lanadi. Shuning uchun ham, naqshbandiy va badiiy adabiyot muommosini o‘rganganda, ijodkor shaxsining Naqshbandiya sulukiga mansubligi hamda mazkur ta’limotning ijodiyotiga ta’sirini ko‘zda tutish lozim.

Modomiki, faqat mutafakkir adiblargina naqshbandiyani badiiy adabiyotga olib kirgan bo‘lsa, necha minglab naqshbandiy so‘fiylar oddiy murid bo‘lib o‘tgan, degan xulosa kelib chiqishi tabiiy. Lekin, biz bu bilan yuqoridagi fikrni inkor etmaymiz. Chunki, ushbu fikrning isbotini tariqatga kirgan shoirlar Abduraqmon Jomiy, Alisher Navoiy, Bobur, Xo‘janazar Huvaydo kabilarning ijodiyotiga singib ketgan so‘fiyona qarashlar bilan izohlaymiz. Inchunin, buni biryoqlama qarash, deb baholaymiz. Naqshbandiy so‘fiylarning ham ijod etganligi, badiiy-adabiy san’atga qo‘shgan ulkan qissalarini asarlaridan anglashimiz mumkin. Ularning faoliyati badiiy adabiyotda risolalar tarzida talqin qilingan bo‘lsa, bular bir necha janrlarda o‘z ifodasini topgan.

Naqshbandiy pirlardan A.G‘ijdu-voniyning “Risolai vasoyo” (Tariqat odobi), “Maqomoti Xoja Yusuf Hamadoniy”, “Az guftaxri Xoja Abdulholiq G‘ijduvoniy”, “Risolai soqibiya” (O‘z.FA .A.R.Beruniy nomidagi sharqshunoslik institutining qo‘lyozmalar fondida saqlanmoqda), Xoja Orif ar-Revgariy (Mohitabotining “Orifnoma”, Xoja Bahouddin Naqshbandiyning “Hayotnoma”, “Dalelun-oshiqin”, “Avrod”, Xoja Muhammad Porsoning “Risolai qudsiya”, “Risolai kashfiya”, “Faslul xitob”, “Maqolati Xoja Baxouddin”, “Maqolati Alouddin Attor”, “Haftodu du firqa”, “Sharxi Taruf” kabi risolalarishular jumlasidandir. Ana shu risolalar bir necha adabiy janrlardan, ya’ni masnaviy, qit’a, fard, ruboiy kabilardan tarkib topgan. Bu janrlarda Abdulholiq G‘ijdivoniy, Bahouddin Naqshband, Xoja Rometaniy, Xoja Ubaydulloh Valiy so‘fiy kabi shaxslar ijod qilishgan. Hazratlarning ijodiyoti tariqat yo‘l-yo‘riqlarini g‘oyaviy badiiy chizgilarda qamrab olgandir.

Naqshbandiya tariqati yuzaga kelishi bilan Xojagon, ya’ni Xojai Jahon Abdulholiq G‘ijdivoniy asos solganligidan shu nom bilan ataladi. XV asrda esa, Bahouddin Naqshbandning ushbu ta’limotning taraqqiyotidagi xizmati jihatidan Naqshbandiya deb yuritilgan. Ularning “Dast ba koru dil ba yor” (Qo‘ling mehnatda, ko‘ngling Ollohda bo‘lsin) shiori boshqa tariqatlardan o‘ziga xos o‘n bitta rashhasi bilan ajratib turadi.

Islom ta’sirida yuzaga kelgan har qanday tasavvufiy harashlar Qur’oni karim va Hadisi shariflarni to‘g‘ri tushunib olish va unga amal qilish, uni sharxdashdan iboratdir. Naqshbandiy so‘fiylar esa, tariqatning o‘n bitta rashhasini Qur’on, Hadislarning g‘oyalari asosida sharhlaydilar. Ma’lumki, ushbu ta’limot namoyondalari “Zikri xufiya” tarafdorlari bo‘lishgan va uni quyidagicha Baqouddin Naqshband izohdaydilar.

Bayt:

Az darun shav oshnovu az birun begonavash,

Inchinun zebo ravish kam mubuvad andar jahon [1; 37-b].

Mazmuni:

Tashharidan oshnonamo va ichkaridan begonadek bo‘l,

Bunday zeboravish jahonda kam toshladi.

Ya’nikim, sen tashqi olam bilan muloqotda, odamlar orasida bo‘lsangda, botinan, yoding va zikri olaming Ollohda bo‘lsin.

Naqshbandiyaning o‘n bir rashhasi har bir so‘fiy tomonidan yuksak badiiy mahorat bilan yoritilgan.

Birinchi rashha: “Hush dar dam”. Buni Bahouddin Naqshband quyidagi ruboiyda keltiradi:

Ey monda zi bahri ilm bar sohili ayn,

Dar bahr farog‘at astu bar sohili shayn,

Bardar safoyi nazar zimavi kavnayn,

Ogoh ba baxr bosh baynunna fasayn [1; 38-b].

Mazmuni:

Ilm bahriga kirmay sohilda qolgan inson,

Dengiz ichi farog‘at, sohil baxtsizlik inon,

Dengizning mavjlariga mahliyo bo‘lma mutloq,

Bir nafas g‘ofil bo‘lmay, dengizdan olgin bahran.

Ya’ni olayotgan nafasing pokiza, g‘ofillikdan yiroq bo‘lsin.

Ikkinchi rashha: “Nazar bar qadam”- Sening nazaring oyoq panjalari ustida bo‘lsin va u boshqa behudalikka qaratilmasin. Bu haqda mutasavvuf shoir Abdurahmon Jomiy “Tuhfatul-Ahror” kitobida Bahouddin Naqshbandiy haqida yozganlarida quyidagi masnaviyni keltiradi:

Kamzada behamdamiyi xush dardam,

Dar nazgashta nazarami az qadam,

Baski, zixudkarda ba sur’at safar,

Boz namonda qadamash az nazar [1; 38-b].

Mazmuni:

Biror nafas xushyorlikni yo‘qotmadi u,

O‘z qadamin o‘lchamoqdan tinmadi yohu,

O‘zligidan uzoqlashdi qadam-baqadam,

Har qadami poydor bo‘ldi zaminda mangu.

Uchinchi rashha: “Safar dar vatan”- Buni Xoja Ubaydulloq shunday izohlaydilar:

Yorab, chi xush ast dahan xandidan,

Bevositai chashm jahonro didan,

Binishin, safar kun ki bag‘oyat xo‘b ast,

Bezaxmati po gardi jahon gardidan.

Mazmuni:

Og‘iz bo‘lib, ichdan kulmoq naqadar yaxshidir,

Ko‘z bo‘lsada, ko‘ngil ko‘zi bilan dunyo ko‘rsa naqadar soz,

Butun olamni kezish, safar qilish yaxshidir,

Vale, bir joyda turib, oyoqsiz safar qilish soz [1; 39-b].

Bu haqida sharqshunos olim A.ASemyonov shunday deydi:- “путешествие сердцем по родине”, ya’ni qalban vatan bo‘ylab safar qilmoq.

To‘rtinchi rashha:- “Xilvat dar anjuman”. Garchi mardum fanoi jamiyat orasida bo‘lsa ham, Ollohni yod etishdir. Bahouddin Naqshband quyidagi masnaviysida uni ta’riflaydi:

Har ki na go‘yo ba tu xomush beh,

Har ki na yodi tu faromush beh [1; 39-b].

Mazmuni:

Sen haqingda so‘zlasin til, so‘zlamasa qotsin til,

Sening yoding dilda bo‘lsin, bo‘lmasa muzlasin dil.

Beshinchi, oltinchi, yettinchi va sakkizinchi rashhalarni hazrati Xoja Ubaydulloq Valiy shunday deb izohlaydi: “Yodkard-zikrda qattiq harakat qilish, bozgashtda haq subqanohu va taologa yuzlanib, har gal kalimai toyyibani aytgnda orqasidan “Xudavondo, maq-sudim senturursan” deyishdir, nigohdosht-til bilan aytmay, dil orqali zikr qilish, yoddosht-nigoqdoshtda mustaр-kam turish. Bu qoidalarni Xoja Ahrori Vali “Risolai Volidiyya” asarida keng izohlab beradi. Zahiriddin Bobur bu risolani masnaviy bilan turkiy tilga tarjima qiladi.

To‘qqizinchi rashha:- “Vuqufi adadiy”. Zikrning adadga rioya qilishi va zikr asnosida fikrning sochilib ketishidan saqlanishidir:

Dil chumohny, zikr chunob ast,

Zindagiyi ba zikri Vahob ast [1; 42-b].

Mazmuni:

Dil baliqdir, zikr esa, suv,

Dilning hayoti Olloh zikri bilandir.

O‘ninchi rashha:- “Vukufi zamoniy”. “Bu qoidaga ko‘ra, - deya sharh beradi “Rashahot” muallifi, - banda hamisha o‘z ahvolidan voqif bo‘lmog‘i lozim, toki har bir sifat o‘zgarganda (zamonda) bandaning holi nechuk kechadi, mujibi shukr bo‘ladimi yoki mujibi uzr. Solih umrining har daqiqasi yaxshilik bilan o‘tdimi yoki yomonlik bilan buni doimo qisob qilib yashamog‘i darkor.

  O‘n birinchi rashha: -“Vuqufi qalbiy”. Zokir Ollohni qalban yod etishi va uni hamisha zikr etishdir. Bu haqda Bahouddin Naqshband shunday baytni aytganlar:

Gar biguyam shukrilutfat bardavom,

Bigzaradumru nagardad in tamom [1; 43-b].

Mazmuni:

Sening shukringni to‘xtamay aytayin men,

Ado etolmasman, umrim ado bo‘lar ojizmen.

Biz yuqorida naqshbandiy so‘fiylarining badiiy ijodi haqida muxtasar fikr-muloqaza bayon etdik. Ularning irfoniy fikr-g‘oyalari yo‘g‘irilgan adabiy nazmiyotni ko‘zdan kechirdik. Kuzatuvlarimizdan shu narsa ma’lum bo‘ldiki, naqshbandiy pirlar o‘z g‘oyaviy maqsadlarini ifoda etishda badiiy adabiyotning eng faol turlaridan biri bo‘lmish she’riyatga murojaat etishganlar. Ular o‘z pand-o‘gitlarini ba’zan bayt, ba’zan ruboiy, ba’zan qit’a, ba’zan katta masnaviy shaklida ifodalaganlar. Bu asarlarning badiiy-estetik jihatlarini o‘rganish bir qator vazifalarni oldimizga qo‘yadi va maxsus tadqiqotlar talab etadi.

 

 

Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati:

 

  1. Садриддин Салим Бухорий. «Дилда ёр» китобидан, Тошкент, 1993 йил.
  2. Ёқубжон Исҳоқов. «Naqshbandiya va o‘zbek adabiyoti». Т:. 1999.
  3. Orif Usmon. Abdulholiq G‘ijduvoniy. “Movarounnahr”, Toshkent. 2003, 15-b.
  4.  Rashohat. O‘zbekiston. Fanlar. Akademiyasi sharqshunoslik insututi fondi. №1428, 23 bet.
  5. Иброҳим Ҳаққул. Тасаввуф ва шеърият. – Т.:1991.
  6. Жузжоний А. Тасаввуф ва инсон. – Т.: 2001. 189-б.

 

Асланова Х. Cекта и художественное творчество. В данной статье говорится о сектах, в частности о секте Накшбанди. Анализируется выражение художественного творчества в источниках секты Накшбанди. Исследуется освещение их мистических идей в художественных произведениях.

 

Aslanova H. Sect and artistic creativity. This article talks about sects, in particular the Naqshbandi sect. The expression of artistic creativity in the sources of the Naqshbandi sect is analyzed. The coverage of their mystical ideas in works of art is explored.

 

 

 

 

 

 

 

 

Xorijiy filologiya jurnali tahrir ha'yati