An‘anaga ko‘ra, tilshunoslik ilmida frazeologiya deyilganda muayyan til birliklarining (frazeologik birliklarning) muhim xususiyatlarini, shuningdek, tilning frazeologik korpusini tashkil etuvchi, ushbu birliklarning yig‘indisini har tomonlama o‘rganadigan mustaqil fan tushuniladi.
Nemis va o‘zbek tillari frazeologiyasining hozirgi holati lingvistik fan sifatida uzoq vaqt davomida shakllanib, XVIII-XIX asrlar hamda XX-asrning birinchi yarmida (A.A. Potebni, I.A. Boduen de Kurtene, F.F. Fortunatov, A.A. Shaxmatova) yashab o‘tgan tilshunos olimlar asarlariga borib taqaladi. Frazeologiyaning rivojlanish tarixidagi “klassik” davr XX asrning 40-60-yillariga to‘g‘ri keladi: - S. Balli, V.V. Vinogradov, B.A. Larin, A.M. Babkin, A.V. Kunin, V.L. Arxangelskiy, L.I. Roizenzon, N.M. Shanskiy va boshqalar.
Tilning frazeologik qatlamining turli jabhalarini o‘rganish uning ushbu tizimning struktura va semantikasi haqida izchil va to‘liq tasavvur beradigan umumlashtiruvchi xarakterdagi asarlarni yaratishga imkon beradi. Bular sirasiga V.L. Arxangelskiy, V.P. Jukova, V.I. Koduxova, N.M. Shanskiy, N.A. Yanko-Trinitskayaning asarlari kiradi.
Frazeologizmlarning o‘ziga xos xususiyatlarini o‘rganishda ma’lum bo‘ladiki, uning alohida qismlari bir xil darajada o‘rganilmagan (leksik frazeologiya ko‘proq tavsiflangan, sintaktik frazeologiya esa kamroq o‘rganilgan, morfologik frazeologiya hatto juda kam tadqiq qilingan). Frazeologiya obyekti va sathlari masalasi uni tor va keng tushunish va izohlash yo‘li bilan hal qilingan. Buning bilan ikki yo‘nalish nazarda tutilgan. Avvalambor, frazeologiyani tor va keng tushunish bu faqat leksik frazeologik birliklarga (LPHB) tegishli. Tor ma’noda tushuniladigan frazeologik birliklarga idiomalashish belgisi mavjud bo‘lgan (frazeologik birliklar va frazeologik chatishmalar) yoki frazeologik birlik tarkibida hech bo‘lmaganda bitta ko‘chma ma’noli komponent bor bo‘lgan (frazeologik birlashmalar, frazeologik chatishma va frazeologik qo‘shilmalar) frazeologik birliklar kiradi. Frazeologiyaning “tor” ma’noda qo‘llanilishini talab etuvchi yana bir belgi ularda komponentlarning semantik birligi (qat’iyligi) ning mavjudligiga asoslanadi hamda u semantik konsepsiya deb ataladi. Bunday qarashlar V.V. Vinogradov, V.P.Jukov, V.M. Mokiyenko , V.N. Telia kabi tilshunos olimlarga tegishli bo‘lsa, “bu konsepsiya universaldir, deb yozadi V.Yu. Melikyan, chunki u tilning turli sathlarida frazeologik birliklarga nisbatan qo‘llanilishi mumkin” (Melikyan, 2004).
Frazeologiya keng ma’noda tushunilganda frazeologik iboralarni ham qamrab oladi. Qayta hosil bo‘lishning mohiyati bu keng ma’noda tushuniladi. Masalan, ushbu ilmiy qarash tarafdorlari (A.V. Kunin, R.N. Popov, N.M. Shanskiy va boshqalar) nutqda doimiy tarzda takrorlanadigan va barqaror har qanday bir butun so‘z birikmasini frazeologik birlik sifatida ko‘rib chiqadilar, ya’ni keng ma’noda tushunilganda frazeologiya so‘zga semantik jihatdan ekvivalent bo‘lgan turg‘un so‘z birikmalari kabi, mazmun (semantik) va qurilishi (tuzilishi, strukturaviy) gapga teng bo‘lgan turg‘un so‘z birikmalarini ham, ya’ni barcha takror keluvchi nutq birliklarini istisnosiz o‘rganadi. “Frazeologik birliklarning paydo bo‘lishi, shakllanishi ularning nominativ yoki kommunikativ birliklar ekanligi bilan emas, balki ularning xotira zahirasidan olinganligi yoki muloqot jarayonida hosil bo‘lganligi bilan belgilanadi” (Safarov, 2006). Shunday qilib, frazeologizmlar bizga o‘z ma’no mazmuniga ko‘ra yaxlit, tarkibi va tuzilishiga ko‘ra barqaror bo‘lgan tayyor til birliklari sifatida, ya’ni mavjud bo‘lgan turg‘un birikmalar, takror keladigan tayyor nutq birliklari bo‘lib ko‘rinadi” (Shanskiy, 1972). V.L. Arxangelskiy ham frazeologiyani keng ma’noda qo‘llash tarafdori edi va u frazeologiyani “tilshunoslikning ibora va gap shaklidagi bog‘langan yoki turg‘un sintagmalarni o‘rganadigan bo‘limi” deb hisoblagan (Arxangelskiy, 1964).
Tilning frazeologik tizimiga mansub bo‘lgan til birliklari tarkib jihatidan turli-tumandir, chunki deyarli har bir til sathidagi birliklar (fonetik sathdan tashqari) frazeologiyalashish jarayoniga duch kelishi mumkin. Shunday qilib, frazeologiyaning tor va keng ma’noda qo‘llanilishi tilning turli sathlardagi birliklariga mansub bo‘lishi mumkin: tor ma’noda nominativ birliklarga nisbatan, keng ma’noda esa tilning nominativ va kommunikativ birliklarini, sintaktik frazeologik birliklarni va hatto morfologik frazeologik birliklarni qamrab oladi (Melikyan, 2004).
Frazeologiyaning obyektini aniqlash masalasida frazeologlarning fikrlari ham turlicha. Frazeologiya obyektiga V.L. Arxangelskiy “nafaqat ma’no jihatidan so‘zga ekvivalent bo‘lgan holatlarni, balki shakl jihatdan erkin iboralar va so‘z birikmalariga, erkin gaplar va predikativ so‘z birikmalariga ekvivalent bo‘lgan birliklarni ham kiritgan” (Arxangelskiy, 1964). U frazeologik birliklarni grammatik shakl nuqtayi nazaridan frazema va turg‘un birikmalarga ajratishni maqsadga muvofiq deb hisoblagan.
“Frazema” atamasi so‘z birikmali tuzilishga ega bo‘lgan frazeologik birliklarni, shu jumladan, so‘z birikma tarkibli frazeologik birliklarni qamrab oladi; “barqaror fraza” atamasi - gap tarkibli frazeologik birliklar va predikativ so‘z birikmalari deb ataladigan tuzilishga ega bo‘lgan frazeologik birliklardir. Frazeologik birlik katta hisobda barqaror fraza bo‘lsa, kichik hisobda esa frazemaga aylanadi. “Barqaror frazalar (gap) va turg‘un iboralarni farqlash zarurati haqidagi g‘oyani akademik A.A. Shaxmatov ilgari surgan. A.A. Shaxmatov frazeologik muammolarga sintaktik nuqtayi nazardan yondashgan. U so‘z birikmalari orasidan qotib qolgan so‘z birikmalarini farqlab, ular tugallangan va tugallanmagan bo‘lishi mumkinligini ta’kidlagan” (Arxangelskiy, 1964; Shaxmatov, 2001).
Tilshunos va frazeolog olimlar tomonidan frazeologik birliklarning yetakchi xususiyati sifatida juda xilma-xil jihatlar ilgari surildi: idiomatik xususiyati (A.I.Smirnitskiy), nominativ yaxlitligi (O.S.Axmanova) yoki semantik yaxlitlik (I.I. Chernishyova), takrorlanuvchanlik holati (A.V. Kunin, L.I. Roizenzon, N.M. Shanskiy) komponent ichidagi bog‘lanish (V.L.Arxangelskiy), frazeologik birliklarning so‘z identifikatori bilan almashtirilish imkoniyati (Sh. Bally), frazeologik birliklarning boshqa tillarga tarjima qilinmasligi (A.A. Reformatskiy), ko‘chma ma’noga egaligi (V.M. Mokienko).
Frazeologik birliklarning shakllanish jarayoni masalasida ham turli fikrlar mavjud. Ko‘pgina tilshunos olimlar (B.A. Larin, L.I.Roizenzon, M.M. Kopilenko) fikrlariga ko‘ra frazeologizmlar uzoq vaqt davomida, asta-sekin, bosqichma-bosqich shakllanadi, frazeologiyalashish semantika va grammatika yo‘nalishi bo‘yicha uzoq davom etadigan jarayondir (A.M. Bushuy, 2010). Biroq, frazeologik birlikning shakllanish jarayoni frazeologiyalashuv uzoq davom etish to‘g‘risidagi bu nuqtayi nazar ba’zi olimlar tomonidan umuman tan olinmaydi. Ularning fikricha frazeologik birliklarning shakllanish jarayoni nisbatan tez sodir bo‘ladi, chunki ularning yaratuvchisi individ, alohida shaxsdir va frazeologik birliklar nutqda asta-sekin emas, spontan, birdan shakllanadi deb hisoblashadi. Bizning fikrimizcha har ikki nuqtayi nazar tarafdorlari ham haqdirlar, ya’ni shu ikki taraf fikrlari bir-birini to‘ldiradi, shunda frazeologiyalashuv jarayonining sodir bo‘lish davomiyligi to‘g‘ri aks ettirilgan bo‘ladi. To‘g‘ri, frazeologizm bir shaxsning nutqida ko‘z ochib yumguncha paydo bo‘ladi, lekin u boshqa personajlar nutqlarida ham ishlatilmas ekan u frazeologik birlik bo‘la olmaydi, demak, frazeologik birlik asta-sekin boshqa shaxslar nutqida qo‘llanilib xalq orasiga kirib borsagina u ibora bo‘la oladi, aks holda frazeologizm bo‘lolmaydi. Bundan xulosa shuki u vaqt talab etadi.
Frazeologiya tilning tag tizimi sifatida til sathlariga ega, shuning uchun frazeologik tizimga aloqador til vositalari maydoni bir xil emas. Frazeologik birliklarning frazeologiyalashuv holatlari tilning bir necha sathlarida - morfologik, leksik va sintaktik sathlarda qayd etilgan. Tilning turli sathlaridagi frazeologik birliklari umumiy va o‘ziga xos xususiyatlarga ega (Yu.Yu. Avalchani, L.I. Roizenzon, I.I. Chernishyova, A.V. Kunin).
Frazeologik birliklarning umumiy belgisi tarzida, ularning leksik, sintaktik va morfologik frazeologik birliklari bir xil tartibdagi birliklardir, chunki ularning yaratilishi frazeologiyalashuv jarayoni bilan izohlanadi. Frazeologik tag tizimning alohida sathlari frazeologik birliklar soni, ularning tarkibiy va semantik tashkil etilishi, modellarining tuzilishlari, frazeologiyalashuv mexanizmi, frazeologiyalashish darajasi va boshqalar bilan farqlanadi.
V.P. Jukov leksik frazeologiyalashuv xususiyatlarini o‘rganar ekan, frazeologiyalashish jarayonida komponentlarning barcha og‘zaki xususiyatlari frazeologik birlikning umumiy ma’nosiga bir xil va to‘liq singib ketmasligini ta’kidlaydi: har bir komponent semantik jihatdan dominant semantik markaz bo‘lib chiqadi. Frazeologiyalashish natijasida ibora va uning tarkibiy qismlari desemantizatsiya qilinadi. Frazeologik ma’no asl iborani bir butun sifatida semantik o‘zgartirish, “qayta kodlash” natijasida yuzaga keladi (Jukov, 1986). Frazeologiyalashish jarayonini boshlash uchun so‘z birikmalarida semantik o‘zgarishlar va ma’no yaxlitligi paydo bo‘lishi kerak, tarkibiy qismlarning ma’nosini o‘zgartirish muhim ahamiyatga ega, bu ularning semantik birlashishiga, asl ma’nolarning “qo‘shilishiga” olib keladi.
Sintaktik frazeologik birliklar sathida gap ma’nosining frazeologiyalashuv jarayoni sintaktik konstruksiyaning aniq bir semantik mazmun to‘ldirilishini umumlashtirish natijasidir. Frazeologiyalashish leksik va sintaktik sathdagi farqi shundaki, “frazeologik birliklarda frazeologiyalash uning mazmundan shaklga o‘tadi: leksik tarkib doimo ma’lum bir ma’no bilan bog‘liq bo‘ladi, sintaktik frazeologik birliklarda esa frazeologiyalashish shakldan ma’no-mazmunga o‘tadi: shakl har doim ma’lum bir ma’no bilan bog‘langan bo‘ladi. Shunday qilib, frazeologiyalashuv jarayoni ikki xil yo‘l bilan yuzaga chiqadi. Sintaktik sathda frazeologik birliklar nutqiy oqimning quyidagi asosiy grammatik shakillarida mujassamlashadi (Chernishyova, 1970): nutqda kommunikativ birliklar sodda gaplar ko‘rinishida; tugallanmagan sodda gaplar; iboralar sodda gapning qurilish elementi ko‘rinishida; qo‘shma gaplar nutqning yaxlit kommunikativ birliklari sifatida; qo‘shma gaplarning tarkibiy elementlari (qismlari).
Yuqoridagilardan kelib chiqib aytish mumkinki, til birliklarining frazeologiyalashuv muammosi frazeologiya umumiy nazariyasining asosiy masalalaridan biridir. Ushbu til hodisasini o‘rganishning juda ham kerakligi uni umumnazariy tushunish zarurati bilan bog‘liq. Shu maqsadda frazeologik hosil bo‘lishning asosiy turlari (V.V. Vinogradov, N.M. Shanskiy, L.I. Roizenzon), frazeologiyalashish sxemalari (L.I. Roizenzon, S.I. Gavrin), frazeologiyalashuv idiomalashish bilan bogʻlangan holda tahlil qilinishi (L.I. Roizenzon) koʻrib chiqilgan. Frazeologiyalashuv jarayonining mohiyati L.I. Roizenzon, V.I. Koduxova, N.M. Shanskiy, I.S. Toropseva, D.N. Shmeleva, E.A. Vasilevskaya, A.M. Slepsova, V.Yu. Melikyan, I.N. Kaygorodovalarning asarlarida aniq-tiniq qilib ochib berilgan.
Frazeologiyalashuv hodisasining mohiyati va o‘ziga xos xususiyatlarini tushunish har xil yondashuvlarga qaramay, olimlar bu uzoq jarayon bo‘lib, u bir vaqtning o‘zida ham semantika, ham grammatik jihatlardan ro‘y beradi, o‘zgarishlarda, izolyasiyalarda namoyon bo‘ladi va frazeologiyalashgan birlikning semantik va grammatik tomonlarida o‘zgarishlar, ajralib chiqishlarda izolyasiyaga moyillik seziladi.
Mohiyatan, bu ma’lum bir til jamoasining nutq amaliyotida tayyor, nisbatan barqaror, o‘ziga xos til majmualari sifatida turg‘unlashuv va mustahkamlanish jarayonidir, ichki semantik va struktura-sintaktik munosabatlarga ko‘ra har xil bo‘lgan, shaklan tilning turli sohalariga mansub turg‘un birliklarning hosil bo‘lish va mustahkamlanish jarayonidir, frazeologik hosilalarning alohida turi (frazeologik birikmalar, frazeologik qo‘shilmalar va frazeologik chatishmalar) tipologik nuqtayi nazardan sintaktik frazeologiyaga tomon siljiydi. Bu “frazeologiyaga qaraganda kengroq tushunchadir, chunki frazeologiyalashish allaqachon shakllangan, frazeologiya hududiga kirib kelgan odatda frazeologiyadan tashqarida bo‘lgan va an’anaga ko‘ra sintaksisda ko‘rib chiqiladigan shakllanishlarni nazarda tutadi. Tilning rivojlanish harakati umumiy foydalanish uchun tayyor nutq birliklarini mustahkamlash va tilning tobora ko‘proq elementlarini qamrab oladigan tendensiyaning mavjudligidir. Bu esa frazeologiyalashish hodisasining umumiy mohiyatidir” (Roizenzon, 1961).
Frazeologiyalashish jarayonini o‘rganishda nafaqat semantik o‘zgarishlarni, balki tarkibiy va funksional o‘zgarishlarni ham hisobga olish kerak. S.G. Gavrin shunday yozadi: “Agar biz frazeologiyalashish hodisasini takrorlanadigan nutq birliklarining shakllanishi deb tushunsak, frazeologik hodisalarning ikkinchi tomoni - semantik, mantiqiy, stilistik va grammatik hodisalar bilan bog‘liq bo‘lgan funksional tomoni birinchi o‘ringa chiqadi” (Gavrin, 1966).
Frazeologiyalashish jarayonida kelib chiqadigan semantik va grammatik o‘zgarishlar orasida tadqiqotchilar grammatik jihati bilan birga to‘liq yoki qisman ma’no yo‘qolish kabi hodisalarni aniqladilar. Semantik o‘zgarishlar frazeologizmlar tarkibidagi o‘zgarishlar bilan birga bo‘lishi mumkin, grammatik bog‘lanishlar buziladi, ular alohida grammatik shakllar va bog‘lanishlarning eskirish jarayoni tufayli qotib o‘zgarmas bo‘lib qoladi (Slepsova, 1972).
Frazeologik birliklarning paydo bo‘lishining asosiy sababi sifatida ko‘rib chiqilishi kerak bo‘lgan aktualizatsiya ta’sirida ma’noning murakkablashuvi mavjud. “Frazeologiyalashuv jarayoni juda keng tarqalgan”, deb yozadi L.I. Roizenzon, - nutqda faollashish hodisasi bilan chambarchas bog‘liq. “Ilgari erkin, ahamiyatsiz iboralar keyinchalik dolzarblashib, faollashib, frazeologiyalashib iboralar toifasiga o‘tishi mumkin. So‘z birikmalarining nutqda faollashuvi erkin birikmalarning turg‘un birikmalarga aylanishiga sabab bo‘ladi” (L.I. Roizenzon, 1961). U, aslida, frazeologiyalashishning dastlabki bosqichini tashkil etib (Shansky, 1972), til birligining barqarorligi uchun asos yaratadi hamda semantik va grammatik o‘zgarishlarning asosi hisoblanadi.
Frazeologik shakllanishlarni funksional jihatdan tahlil qilish frazeologik hosila asosida yaratilgan “individ gaplarni tuzadigan va tushunadigan haqiqiy jarayonlar haqidagi masala” (Yaxshiyev, 2021) hal qilishni nazarda tutadi. Yuqorida aytib o‘tganimizdek, so‘z birikmalarining frazeologiyalashuv jarayoni so‘z birikmasini eslab qolish, xotirada saqlash, shuningdek, uni nutqda qo‘llashdan iborat. So‘z birikmasi so‘zlashuv nutqida takrorlanadigan, barqaror til birligiga aylanishi uchun, qoida tariqasida, u barcha uch bosqichdan o‘tishi kerak (Gavrin, 1966).
Frazeologiyalashgan gaplar funksional jihati va qo‘llanilish doirasi jihatdan juda xilma-xildir, bu bizga ushbu qurilmalarning nutqda o‘rin tutadigan frazeologiyaning ko‘p vazifali, murakkab sinfiga aylantirish haqida so‘z yuritishga imkon beradi (Gavrin, 1973). Frazeologik hosilalarga bunday qarash frazeologiyalashish hodisasini nutq tejamkorligi va siqilishi masalasi bilan bog‘lash imkonini beradi. “Nutqni o‘ta siqiq holga keltirish”, A.K. Kochetkovning ta’kidlashicha, biror bir tushunchani, biror bir fikrni ifodalash uchun qo‘llaniladi, bunda muallif tejamkorroq til vositalaridan foydalanadi, bu energiyani tejash, vaqtni, joyni (yozuvda) tejash demakdir, talaffuzning qulayligi, ixchamligi va nutqning siqiqligi ma’lumotlarning ko‘pligi bilan izohlanadi, ortiqcha til materiali ishlatilmasa, ularsiz ham fikr juda aniq va tiniq, lo‘nda qilib ifodalanadi” (Kochetkov, 1972).
Demak, frazeologiya tilning sathli maxsus tag tizimidir. Uning o‘rganish obyekti mos ravishda morfologik, leksik va sintaktik sathlarda mavjud bo‘lgan frazeologik birliklardir. Ushbu birliklar frazeologiyalashish jarayoni natijasida yaratiladi, ya‘ni turli tuzilmaviy tipdagi takrorlanuvchi birliklarni hosil qilishning murakkab jarayoni, so‘z birikmasi yoki gapning sintaktik shakliga ichki semantik-grammatik bog‘lanishlari xususiyatiga ko‘ra mos kelmaydigan til birliklarini hosil qilish jarayoni sodir bo‘ladi (etiladi). Umuman olganda, frazeologiyalashgan gaplar nutqda tez-tez takrorlanuvchi va qayta tiklanuvchi hodisa mahsulidir. O‘zining tashqi ko‘rinishida nutqning avtomatizmi va bu qurulmalar o‘zining kelib chiqish xususiyatiga ko‘ra nutqni tejaydi va spontan holda hosil bo‘ladi va nutq jarayonida tez-tez takrorlanuvchi vaziyatlar sharoitida qo‘llaniladi.
Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati:
Турсунов А. К истории изучения фразеологического слоя языка. В данной статье рассматривается современное состояние фразеологии, становление лингвистической науки, история развития фразеологии. Исследуется сложность значения под действием актуализации, которую следует рассматривать как основную причину возникновения фразеологических предложений.
Tursunov A. On the history of the study of the phraseological layer of language. This article examines the current state of phraseology, the formation of linguistic science, and the history of the development of phraseology. The complexity of meaning under the influence of actualization is explored, which should be considered as the main reason for the emergence of phraseological sentences.