Mamayoqubova Shahlo Obloqulovna,
SamDCHTI magistranti
Kalit so’zlar: sintaktik, sintagmatik, subyektiv, predikativ, dativ, genetiv, kommunikativ.
Tilshunoslikda gap nutq birligidir. Shuning uchun, uning sintaktik tahlili nutq lingvistikasi qonun – qoidalari bo’yicha amalga oshirilishi kerak bo’ladi. Nutq lingvistikasi qonun-qoidalari esa endigina ilmiy asoslana boshladi. Shu sababli ular orqali sintaktik tahlilda o’z aksini topishi lozim bo’lgan gapning struktur butunligini tashkil etayotgan bevosita ishtirokchi elementlarning tildan nutqqa ko’chirilishi va bu jarayonda ularning qay tarzda sintaktik faollik olishi, sintagmatik zanjirning voqelanishidagi ulushi masalalarini izohlab bo’lmaydi.
Gap bo’laklari nazariyasiga asoslanuvchi an’anaviy sintaktik tahlilning zaif tomonlari haqida ba’zi tilshunoslar o’z fikr va mulohazalarini bildirishgan bo’lishiga qaramay, bu sohada hali keskin o’zgarishlar sodir etilganicha yo’q. Rus tilshunosi Z.D.Popova mazkur masala bobida quyidagilarni yozadi: «Традиционное учение о членах предложения содержало в себе такие противоречия, которые постоянно побуждали синтаксистов к его пересмотру» [1-c.69.].
Z.D. Popova gap bo’laklari tushunchasiga yangicha yondashib, ularning gapda bajaradigan vazifalarini birmuncha mukammalroq va aniqroq izohlashga harakat qiladi. Olima G.A.Zolotova qo’llagan “subyektiv” va “predikativ” terminlaridan foydalanib, gap bo’laklarini ularning vazifalariga ko’ra quyidagicha tasnif etadi. Gapning struktur sxemasiga kiruvchi gap bo’laklari. Bunga subyektivlar (ega, dativ subyektiv, genitiv subyektiv, instrumentativ subyekt va h.k.lar); predikativlar (kesim, predikativ ravish, infinitiv va h.k.) kiradi.
Gapning struktur sxemasiga kirmaydigan gap bo’laklari. Bu bo’laklar, o’z navbatida, ikkiga bo’linadi: 1. Gapning pozitsion sxemasiga kiruvchi ikkinchi darajali bo’laklar (to’ldiruvchi, hol). 2. Gapning pozitsion sxemasiga kirmaydigan ikkinchi darajali bo’laklar (aniqlovchi) [ 2-c. 72.].
Tilshunoslarning gapning ikkinchi darajali bo’laklari haqida ham bildirishayotgan salbiy mulohazalarini kuzatamiz. Bu xususda gapirganda akademik V. V. Vinogradov gapning ikkinchi darajali bo’laklari masalasini tubdan qayta ko’rib chiqish kerakligini, ular grammatik tamoyillarga izchil asoslanmaganligi tufayli gap strukturasida sodir bo’ladigan jonli sintaktik aloqalarni mutlaqo sun’iy ifodalashini alohida ta’kidlagan edi [3-c. 282.].
Bunday fikr Ya. I. Rosloves tadqiqotlarida ham ko’zga tashlanadi. Uning «Вопросы языкознания» jurnalida e’lon qilingan maqolasida quyidagilarni o’qiymiz: «Традиционное учение о второстепенных членах предложения… переживает своеобразный и противоречивый кризис»[4-c.74]. Olim masalaning bunday holatga kelib qolishining asosiy sababi mantiqiy va sintaktik kategoriyalarning, gap va hukmning, gap bo’laklari va mantiqiy hukm bo’laklarining bir-biridan keskin farqlanmayotganligida deb biladi.
Tilshunoslik adabiyotlarida gap bo’laklari va ularning talabga javob bera olmayotgani haqida aytilgan fikr va mulohazalar anchagina bo’lishiga qaramay, hozirgacha bu xususda sof lingvistik qonun-qoidalarga izchil asoslanuvchi biror bir konkret taklif kun tartibiga qo’yilgani yo’q. Bizningcha, buning amalga oshishi nutq lingvistikasining to’liq ilmiy asoslanishi bilan bevosita bog’liqdir. Boshqacha aytganda, gap nutq birligidir va shu bois uning sintaktik tahlili muammolarini ham nutqdan ayri holda hal etish mushkuldir.
Ma’lumki, har bir til tizimining sintaktik qatlamini o’rganishda gaplar struktura jihatdan kommunikativ yo’nalishiga hamda tarkibiga ko’ra tasniflanadi. Ammo gapdagi so’zlar o’zaro bog’langan bo’lib, ularning har biri gap tarkibida biror grammatik vazifani bajaradi. Gap strukturasini tahlil qilishda undagi gap bo’laklari sintaktik kategoriya hisoblanadi. Mazkur kategoriyalar gap tarkibidagi elementlarning o’zaro munosabatini, bu munosabatning harakterini, gapning grammatik jihatdan qanday bo’laklarga ajralishini, so’zning gapdagi rolini ko’rsatadi. Har bir gap ma’lum obyektiv mazmun va substant material, ya’ni so’zlar yordamida ifodalanadi. Gapning substantsional tomoni uning sintaktik strukturasi hisoblanadi. Sintaktik strukturani tashkil etgan elementlar tilshunoslikda turlicha, ya’ni "gap bo’laklari", "sintaksema"[5-c.23.], "sintaktik shakl" kabi1 nomlanib kelinmoqda. Sintaktik elementlarni, shuningdek, aktant nomi bilan ham atashadi. Avvalo shuni aytish lozimki, «aktant» termini tilshunoslikka taniqli fransuz olimi Lyus’en Ten’yer tomonidan kiritilgan edi. U aktant deganda, fe’l bajarayotgan ish-harakati ijrosida faol qatnashayotgan leksik birliklarni tushunadi. Aktantlar, boshqacha aytganda, harakat ijrochisi va uning iste’molchilaridir. Ularning ishtirokisiz fe’lning sintaktik vazifalari xususida hamda uning jumla tarkibida voqyelanayotgan faolligi xususida mukammal ma’lumotga ega bo’lish qiyin.
Aktant gap sathida ot turkumidagi so’z yoki mazkur so’zning o’rnida qo’llanilishi mumkin bo’lgan olmosh, otlashgan biror so’z orqali ifodalanadi. L.Ten’yer aktantlarni harakat ijrosidagi darajasiga qarab uch turga bo’lib talqin etadi va ularni 1-darajali, 2- darajali, 3- darajali aktantlar deb nomlaydi[6-c.23-28.]. L.Ten’yerning aktantlar nazariyasi mantiq iskanjasida bo’lgan tilshunoslikni sezilarli darajada undan tozalash uchun xizmat qilishi shubhasizdir, zotan, mazkur nazariyada an’anaviy sintaktik tahlilda qo’llaniladigan ega, kesim, aniqlovchi va h.k. tushunchalaridan foydalanilmaydi.
Ma’lumki, an’anaviy tilshunoslikda gapning sintaktik talqini xususida so’z yuritilganda gapni bo’laklarga ajratib tahlil qilish tushuniladi. Gap bo’laklarining bunday tavsifi tilshunoslikda XX asrning o’rtalariga qadar sintaktik tahlil jarayonida yetakchi rol o’ynadi. Shunday bo’lishiga qaramasdan, til birliklariga, shu jumladan, sintaksemalarga muayyan ichki strukturaga ega bo’lgan murakkab sistema sifatida yondashuv, tilning boshqa sathlarida bo’lgani kabi sintaktik sathda ham turli yangicha tahlil mezonlarini ishlab chiqish uchun asos bo’ldi [7-c.124.].
Xususan, A. Nurmonovning fikricha, sistem tilshunoslikda gapning struktur elementlari gap bo’laklari yoki sintaktik pozitsiya, propozitiv struktura elementlari esa obyektiv reallik strukturasiga nisbatan izomorflik, kommunikativ (aktual) struktura tema (ma’lum) va rematik (yangi), modal struktura obyektiv va subyektiv munosabatlar nuqtayi nazaridan o’rganiladi [7-b.85-89]. Darhaqiqat, har bir strukturaning o’ziga xos elementlari mavjud bo’lib, ular faqat shu struktura darajasidagina o’zaro assotsiativ va sintagmatik aloqada bo’ladi. Shu jihatdan qaralganda, an’anaviy tilshunoslikdagi ayrim muammolarning sababi oydinlashadi. Xususan, an’anaviy tilshunoslikda gapning sintaktik tahlili uni bosh va ikkinchi darajali bo’laklarga ajratish bilan chegaralanadi. Bunday tahlil gapning shakliy tomonini tekshirish hisoblanadi. Mantiq tilshunoslari esa gap elementlarini ega o’rnida «subyekt», kesim o’rnida «predikat» kabi lisoniy atamalar yordamida tahlil qiladi. Lekin bu borada ega bilan subyekt, kesim bilan predikat o’rtasidagi o’xshashlik tomonlar hamda ularning bir-biridan farq qilish muammosi anchagina bahslarga yo’l ochib berishi e’tibordan chetda qoladi. Masalan, rus mantiqiy tilshunosi F.I. Buslayev, «...tilda egaga bosh kelishikda kelgan ot mos keladi... ba’zan ega va kesim boshqa so’z turkumlari bilan ifodalanadi, lekin har holda egani anglatgan so’z ot ma’nosini, kesimni anglatgan so’z esa fe’l ma’nosini oladi» ,[8-c.8.] degan fikrni bildiradi. Shunday ekan, gapda ega har doim bosh kelishikda kelib, faqat subyektni ifodalasa, kesim fe’l bilan ifodalanib, predikat bo’lib kelsa va ularda bir xillik mavjud bo’lsa, bosh bo’laklarni har xil atamalar bilan atashga nima majbur qiladi, degan savol tug’iladi. Mantiqda implikatsiya munosabatlari ekstensional, intensionallar va ularning orasidagi bog’liqlik orqali, grammatikada esa grammatik kategoriyalar, gapdagi fe’lli va otli qurilmalarning bog’liqligi bilan aniqlanadi [9- p.119-120. ].
Gapning sintaktik qatlami tahlil qilinganda gapda ega yoki kesimning muhim ahamiyatga ega ekanligi ham ayrim bahslarning kelib chiqishiga sabab bo’ladi. A. G’ulomov va M. Asqarovalar bu haqda shunday deydi: «Bosh bo’laklar gapning asosini tashkil etadi: ular gap konstruksiyasining asosidir, markazidir-gapdagi ikki uyushtiruvchi markazdir. Lekin bosh bo’laklarning yolg’iz o’zi ham mustaqil gapni tashkil qiladi, biroq ba’zi o’rinlarda ularning o’zidan to’liq fikr ifodalanmaydi», deb yozadilar. Bu olimlar egani hokim tarkibning grammatik markazi, shuningdek, uni tobe tarkibdagi bosh bo’lakka - kesimga ham hokimdir, deb ta’kidlashadi [10-b.72-77.]. Kesim haqidagi bunday talqin 1980-yillargacha, ya’ni fanimizga sistem-struktur sintaktik tadqiqotlar kirib kelgunga qadar davom etib keldi. Ammo H. Ne’matov, N. Mahmudov, A. Nurmonov, R. Sayfullayeva, M. Abzalova kabi o’zbek hamda boshqa xorijiy tadqiqotchilarning ishlarida kesimning mavqyei yangicha baholandi - kesim gap qurilishidagi mutlaq hokim bo’lak, gap markazi sifatida talqin etildi" [11-656 с].
Umuman olganda, kesim bosh bo’laklarning biri sifatida barcha tillarda universal harakterga ega bo’lishiga qaramasdan, u ifodalanishiga ko’ra tasniflanganda tilshunoslarning kesim haqidagi fikri turli-tumanligining guvohi bo’lamiz. Masalan, ingliz tili nazariy grammatikalaridan birida kesim quyidagicha tasniflanadi: sodda fe’l kesim, tarkibli fe’l kesim. Tarkibli kesim ikki ko’rinishga ega: 1) tarkibli ot-kesim; 2) tarkibli fe’l-kesim [12-c.246.] Ularning ifodalanishi haqida fikr yuritilganda, sodda fe’l-kesim nafaqat yaxlit, yagona fe’l yordamida, balki fe’lning murakkab shakli orqali ham ifodalanishi qayd etilgan. Bundan tashqari, tarkibli ot-kesim bog’lama fe’l hamda predikatni ifodalovchi ot, sifat, son, olmosh, sifatdosh, holatni ifodalovchi so’zlar, infinitiv, gerundiy yoki ravish orqali ifodalanadi, deb ta’kidlanadi. V.D. Arakinning fikricha, kesim bir komponentli va ikki komponentli kesimlarga bo’linib, bir komponentli kesim ikki turga ajratiladi: a) ega bilan moslashadigan; b) ega bilan moslashmaydigan. Ikki komponentli kesimlar ham ikki turga ajratiladi: a) ot kesim; b) murakkab kesim[13-c.230.]. Kesimning bunday tasniflanishi B.A. Il’ishning fikrini ham tasdiqlaydi, ya’ni u ingliz tili nazariy grammatikasida kesimni ikki katta guruhga bo’ladi: fe’l kesim, ot kesim, shuningdek, ularning har birini yana ikkiga bo’ladi: sodda fe’l-kesim, qo’shma fe’l-kesim; sodda ot-kesim, qo’shma ot-kesim [ 14-c. 207-208.].
Ingliz tili amaliy grammatikasida kesim quyidagicha tasniflanadi: 1) Sodda kesim (Simple predicate); 2) Qo’shma kesim (The compound predicate). Birinchi kesim turi fe’lning shaxsli shakli bilan ifodalanadi, ammo uning tarkibi frazeologik birliklar yordamida ifodalanganini hisobga olib, u frazeologik kesim deb nomlanadi. Masalan: I’ll get a divorce (15-Th.Dr.p.4). Kesimning ikkinchi turi ifodalanishiga ko’ra ikki qismdan iborat bo’ladi, birinchi qismi fe’lning shaxsli shakli bilan ifodalansa, ikkinchi qismi esa ot, olmosh, sifat, sifatdosh, gerundiy va infinitiv yordamida ifodalanadi. Qo’shma kesimning o’zi ikki guruhga bo’linadi: 1) qo’shma ot-kesim; 2) qo’shma fe’l kesim. Qo’shma ot-kesim bog’lama fe’l va boshqa so’z turkumlari yordamida ifodalanadi. Bu borada shuni ta’kidlash lozimki, ingliz tilida juda ko’p fe’llar borki, ular gapda bog’lama, mustaqil va yordamchi fe’llar vazifasida ishlatiladi. Bunday hol ingliz tilini o’rganuvchilar uchun ma’lum qiyinchiliklar tug’diradi. Everyone was the king ( 16-R.P.Warren, p.239). Qo’shma fe’l-kesim ifodalanish usuliga ko’ra ikkiga bo’linadi: 1) Qo’shma modal fe’l-kesim; 2) qo’shma aspekt fe’l-kesim. Qo’shma modal fe’l-kesim asosan, modal fe’llar yoki ularning muqobillari hamda fe’lning infinitiv shaklini qo’shish bilan ifodalanadi: We shall have to exirt ourselves (17-J.Galsworthy, p.12). Kesimning bu turi haqida ham ayrim qiyinchiliklarga duch kelamiz. Masalan, gap tarkibida to hope, to expect, to intend, to attempt, to try, to want kabi fe’llar infinitiv yoki gerundiy bilan birikib kelsa ham qo’shma modal fe’l-kesim deyish mumkin, lekin bu uni chuqurroq tahlil qilishga undaydi. Masalan, I don’t want to take it to anybody (18-M.Wilson, p.313) gapiga e’tibor qilaylik. Bu gapga shunday savol qo’yish mumkin: What don’t you want? Yana, ikkinchi bir gapni olaylik: He tried to open the tin with a pocket knife. Bu gapga esa Why did he try? deb, savol qo’yish mumkin. Mazkur gaplarning birinchisiga qo’yilgan savol to’ldiruvchiga mos bo’lsa, ikkinchisidagi esa, maqsad holiga mos keladi. Yoki ba’zi darsliklarda qayd etilganidek, gapda kesim o’rnida to be obliged, to be bound, to be anxious, to be capable kabi birikmalar infinitiv bilan kelsa ham qo’shma modal fe’l-kesim deb atalishi mumkin.
Qo’shma aspekt fe’l-kesim haqida to’xtalsak, u gapda kesim o’rnida to begin, to start, to continue, to stop kabi fazali fe’llar bilan infinitiv yoki gerundiyning birikib kelishi yordamida ifodalanadi. He began to speak; He began speaking. Har ikkala gapga bir xil savol, ya’ni to’ldiruvchiga beriladigan savol mos keladi, What did he begin? E’tibor berib qaralsa, bu kesim turini alohida ajratishda fe’llarning leksik ma’nosi asosiy o’rinni egallaydi. Boshqalarida esa ifoda planiga qarab ajratilgani yaqqol ko’rinib turibdi. Yuqorida qayd etilganlardan ma’lum bo’ladiki, aspekt kategoriyasi qaysi qatlamda, ya’ni morfologik, sintaktik yoki leksik qatlamda o’rganilishidan qat’iy nazar izohtalabdir. Aspekt kategoriyasi L.S. Barxudarovning fikricha, fe’lning zamon shakllariga qarab o’rganilib davomsizlik (non—continuous aspect) va davomlilik (continuous aspect) aspektlariga ajratiladi, ya’ni tilning morfologik qatlamida o’rganiladi [19-c.113-116. ].
Grammatik materiallarni tadqiq etishda distributiv, transformatsiya, bevosita ishtirokchilarga ajratish tahlil usullari asosida ko’zga ko’rinarli ishlar qilingan bo’lsa-da [Б.8-23.], biz o’z tadqiqotimizda komponent va sintaksemalarga ajratib tahlil qilish usulini qo’llashni afzal ko’rdik. An’anaviy grammatikada gapni bosh va ikkinchi darajali bo’laklarga ajratib tahlil qilishda o’ziga xos juz’iy kamchiliklar mavjud. Chunki an’anaviy tilshunoslikda sintaktik birliklarga ajratiladigan bo’laklar ham gapning bir bo’lagi deb qaraladi. Bu esa gap bo’laklarini elementar sintaktik birliklarga ajratish imkonini bermaydi. Undan tashqari, gap tahlilida sintaktik elementlarning semantikasi hisobga olinmaydi. Ammo ushbu ishda tillar tizimida gapda kesim o’rnida kelgan sintaktik birliklarga e’tibor qaratgan holda ularni sintaktik jihatdan o’rganish bilan cheklandik. Ushbu muammoni tadqiq etishda A. M. Muxin va uning shogirdlari tomonidan yaratilgan lisoniy metoddan [20-304 с.] foydalanish bizning nazarimizda yuqorida qayd etilgan usullarga xos ayrim kamchilik va nuqsonlarni to’ldirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Mazkur tahlil usuli boshqalaridan farqli ravishda ikki bosqichda amalga oshiriladi. Xususan, boshlangich bosqichda gapdagi elementlar komponentlarga ajratib tahlil qilinadi hamda ushbu bosqichda berilgan elementlarning o’zaro sintaktik aloqalari aniqlanib, bir-biridan farqlanish usullari yunksion va komponent modellarda ifoda etiladi. Tilshunoslik fani taraqqiyotining hozirgi davri bosqichida til tizimi birliklarining qay tarzda nutqqa ko’chirilishi va jumlaning nutqiy zanjirda voqelanishi, sintaktik strukturalarning nutqiy faollashuvi, ularning semantik va sintaktik munosabatlari masalasiga doir muammolar tilshunos olimlarimizdan o’z tadqiqini kutmoqda. Chunki hozirgacha tilning sistema ekanligi to’g’risida diqqatga sazovor tadqiqot ishlari qilingan bo’lsa ham, sistema belgilarining nutqqa ko’chirilishi, boshqacha aytganda, ularning nutqda real ishlatilishi masalasiga kam e’tibor berildi.
Mazkur masalalar ayniqsa nutq lingvistikasi ilmiy asoslanayotgan bugungi kunda yanada dolzarb bo’lib qolmoqda. Zotan, til tizimidagi har bir belgining paradigmatik qator doirasidan sintagmatik qator doirasiga o’tishi, virtuallik belgilarini tark etib, aktual holat kasb etishi va shu yo’sinda gapning sintaktik shakllanishi nutq lingvistikasining g’oyat muhim masalalarini taqozo etadi. Ravshanki, gapning asosiy bevosita ishtirokchi elementlari so’zlar hisoblanadi. Biroq gap sathida so’zlarning o’zaro bog’lanishi ularning shunchaki ketma-ket kelishidan iborat bo’lmay, bunda tilning semantik, sintaktik va hatto fonologik qurshov (distributsiya) qoidalari ustuvor ahamiyatga ega bo’ladi. Bu jarayonda gap shaklini tashkil etayotgan har bir bevosita ishtirokchi element uning ajralmas bir bo’lagi vazifasini olib, ma’lum bir funksional qiymat kasb etadi. Chunki gap tarkibida faollashayotgan har bir element orqali ma’lum bir kommunikativ, semantik yoxud pragmatik maqsad ko’zda tutiladi. Mazkur maqsad ifodasi esa turlicha ro’y beradi. Masalan, gapda tilning ba’zi birliklari katta yoki kichik bo’lishidan qat’i nazar, mustaqil holatda faollashib, ega yoki kesim vazifasini bajarsa, ba’zilariga boshqalarning yordamida aniqlovchi, to’ldiruvchi, hol vazifalari yuklanadi, ayrimlari esa muxtor tarzda harakatga keladi.
Tilimizda shunday elementlar ham mavjudki, ular biror sintaktik vazifani bajarmay so’zlovchining o’zi bayon etayotgan fikrga, yoxud o’sha fikrning ifoda etilishi usuliga bo’lgan munosabatni bildiradi. Bunday munosabat tasdiq, umid, ishonch, gumon, taxmin, shodlik, taajjub va hokazo ma’nolarni anglatib, bayon qilinayotgan fikr tartibini, mazkur fikrning oldingi mulohaza bilan bog’liqligini ifodalaydi. Bular modal so’zlar bo’lib, gapning biror bo’lagiga yoki butun gapga taalluqli holda kirish so’z mavqyeida kelishi bilan sintaktik va nihoyat, fikrga aniqlik kiritishi, tasdiq, taxmin, tartib turlicha emotsional munosabatlarni ifodalashi bilan semantik belgilarga ega bo’la oladi [21-560 б]. Kirish so’z va kirish birikmalar gapning umumiy strukturasini kengaytirib, uning mazmuniga qo’shimcha ma’no berishiga qaramay, an’anaviy grammatikalarda gap bo’laklari qatoriga kiritilmaydi. Bu esa gapni tashkil etuvchi bevosita ishtirokchilarning birini bosh bo’lak, ikkinchisini ikkinchi darajali bo’lak deb, boshqasini nomsiz qoldirib, hech qanday bo’lak qatoriga qo’shmaslik masala mohiyatini nihoyatda chigallashtirib yubormoqda. Bunday vaziyatga ko’pchilik olimlarimiz ko’nikib ketishgan bo’lsalar-da, so’nggi yillarda ba’zi tilshunoslar bu haqda o’zlarining e’tirozli fikrlarini bildirmoqdalar. Masalan, A.R.Sayfullayev o’zining ilmiy izlanishlarida modal so’z va modal birikmalar gapning uchinchi darajali bo’laklari ekanligini va ular semantik vazifalaridan tashqari sintaktik vazifa bajarishi mumkinligini ilmiy jihatdan asoslab berdi. A. R. Sayfullayevning fikricha, kirish so’z va kirish birikmalar ko’pincha gapning kesimi vazifasida kelgan so’z bilan sintaktik munosabatda bo’lib, ular bilan boshqaruv, bitishuv usullari orqali bog’lanadi [22-Ташкент, 2001]. Lekin shunga qaramay, bu o’rinda ham muammo yechimi to’liq hal qilinganligini e’tirof etishimiz qiyin ko’rinadi. Chunki gap bo’laklari nazariyasi gap muchalarining formal-sintaktik funksiyalarini atroflicha yoritmayapti. Bizningcha, buning asosiy sababi gap bo’laklari tushunchasining mantiqiy xarakteri bilan bog’liqdir. Boshqacha aytganda, gap bo’laklari tushunchasi sof lingvistik maqsadlarni ko’zda tutmagani bois, u orqali gap komponentlarining tildan nutqqa ko’chirilishi va bu jarayonda qanday sintaktik vazifalar bajarishi masalasi talqinini berib bo’lmayapti. Albatta, vaziyatning bunday tus olishi tilshunos olimlarimizni tashvishlantirmoqda va shu bois gap komponentlari sintaktik tahlilining yangi-yangi usullari taklif ham etilmoqda. Ana shunday tahlil usullaridan biri Praga tilshunoslik maktabining yirik namoyandalaridan biri A.Martinening funksional tahlil nazariyasidir. Mazkur nazariyada nutqning eng kichik birligi «monema» tushunchasi ilmiy iste’molga kiritildi. Bu struktur-funksional tahlil uchun eng qulay atama bo’lib, uning yordamida gap elementlarining funksional tomonlarini va sintaktik qurilmaning shakllanishida har bir elementning paradigmatik qator doirasidan sintagmatik qator doirasiga o’tishi masalalarini mukammal talqin etish mumkin. A.Martine monemalarni uchga bo’ladi: avtonom, funksional va qaram monemalar. Avtonom monema gap tarkibida muxtor holda qo’llanilib, tildan nutqqa biror bir morfologik vositaning yordamisiz ko’cha oladi. Nutqda uning faolligi boshqa monemalar bilan bog’lanmaydi. Boshqacha aytganda, muxtor monema o’zining sintaktik, semantik va funksional faolligi jihatidan boshqa biror monemaga tobe bo’lmaydi.
Boshqa gap elementlariga qaraganda muxtor monemaning sintaktik o’rni erkin bo’lganligi sababli aksariyat hollarda uning o’rnini o’zgartirish yoki gap tarkibidan tushirib qoldirish ham mumkin. Garchi u tushirilib qoldirilsa ham, gapning asosiy mazmuniga putur yetmaydi. Faqat uning yuzaki strukturasi qisqarishi va gapda ifodalanayotgan ta’kidlash, gumon, aniqlik, inkor, shodlik, shubha va hokazo ma’nolariga ziyon yetishi mumkin. Ammo ayrim kirish so’z va kirish iboralarning o’rni ularning distributiv xarakteriga ko’ra muqim bo’ladi. Bu, albatta, har bir tilning o’z ichki qonuniyatlari bilan bog’liqdir.
Muxtor monemalar o’zbek tilida ko’p hollarda kirish so’z, kirish birikmalar, payt ravishlari orqali ifodalanadi va bu bilan boshqa monemalardan farqlanib turadi[23-Б.81-85.]. Funksional monema gapning biror elementini tildan nutqqa ko’chirishi va unga sintaktik funksiya berishi bilan xarakterlanadi. Funksional monemalar boshqa monemalarga faollik baxsh etib, ularni paradigmatik qator doirasidan sintagmatik qator doirasiga qarab yetaklaydi, virtual holatdan aktual holatga olib keladi, jonlantiradi. Natijada, funksional monemalar orqali faollashib, nutqiy vazifa olayotgan monemalar ularga tobe bo’lib qoladi va qaram monemalar deb yuritiladi. Nutq muhiti va so’zlovchining istak-xohishi bilan til birliklari nutqqa ko’chayotganda belgili yoxud belgisiz ifodalanishi mumkin. Sodda gap komponentlarining funksional tahlili affikslar, ko’makchi va ba’zi so’z shakllari bilan bog’liq bo’lsa, qo’shma gap komponentlarining funksional tahlili ularni o’zaro bog’lovchi vosita bilan uzviy aloqadordir.
Yuqoridagilardan tashqari, ilovali va parsellyativ qurilmalar, kirish so’z, kirish birikmalar ham tom ma’noda sintaktik muammolar sifatida o’rganilgani yo’q [24-Б.4]. Ammo ular gapning bevosita ishtirokchi elementlaridir. Shunga ko’ra, A. Sayfullayev kirish so’z, kirish birikma hamda undalmalarni gapning uchinchi darajali bo’laklari deb atagan edi [25-С.70-118.]. Biz quyida shu kabi masalalarni komponent va sintaksemalarga ajratib tahlil qilish orqali hal qilishga harakat qilamiz. An’anaviy grammatikalarda berilishicha, sintaktik aloqalar borasida barcha tillar nazariy grammatikalariga qaraganimizda moslashuv, bitishuv va boshqaruv kabi atamalar qo’llaniladi, ammo ularni sintaktik sathda gap qurilmasida tahlil qilganda, ular sintaktik aloqalar vazifasini bajarmaydi.
Masalan: I write a book. I go home.
Har ikkala jumla sintaktik jihatdan bir xil bo’lishiga qaramasdan, ular o’rtasida farq bor. Birinchi gapda write a book elementlari o’rtasida boshqaruv bor, ya’ni read fe’li o’timli bo’lganligi uchun. Ikkinchi gapda esa go home elementlari o’rtasida hech qanaqa sintaktik aloqa borligi aytilmagan, buning asosiy sababi til sathlarining bir-biri bilan aralashtirib yuborilishidir. Shuning uchun ham sintaktik sathda gap qurilmasidagi elementlar o’rtasidagi o’zaro aloqalarning yangilari ishlab chiqildi. Undan tashqari formal jihatdan quyidagi ikki usulda gap elementlarining bog’lanishi ham qayd etilgan.
teng bog’lanish; 2) tobe bog’lanish.
Teng bog’lanish o’z nomidan ham ma’lumki, gap tarkibidagi so’zlar bir-biri bilan teng bog’lanadilar. Tobe bog’lanishda esa biri ikkinchisiga tobe bo’ladi. Undagi tobe va hokim so’zlar: 1) moslashuv; 2) boshqaruv; 3) bitishuv usullari yordamida so’z birikmasi hosil qiladi. Moslashuv – tobe so’z va hokim so’zlarning shaxs-sonda mosligi: M: uning daftari, mening daftarim.
Boshqaruv-tobe so’zning hokim so’z talab qilgan shaklini olishidir:
A) Kelishikli boshqaruv( -ni, -ga, -da, -dan). M: kinoga bor, magazindan oldim.
B) Ko’makchili boshqaruv (ko’makchi so’zlar yordamida). M: kino haqida gaplashmoq. Bitishuv-tobe so’zning hokim so’z bilan faqat ma’no jihatidan birikishi: M: katta tanaffus, yoqimtoy qiz.
Hozirgi zamon tilshunosligida gaplarni sintaktik qatlamda tahlil qilish borasida gap bo’laklariga, ya’ni bosh bo’laklar va ikkinchi darajali bo’laklarga ajratib o’rganish bilan chegaralanadi. Zeroki, gaplarning sintaktik birliklarini, semantik maydonini, ularning defferensial sintaktik hamda differensial sintaktik-semantik belgilarini aniqlash va bunda ma’lum lisoniy metodlarga tayanib gaplarni tahlil qiladi.
Ingliz tilida harakatni ifodalovchi gap bo’laklarini tadqiq etish, harakatni ifodalovchi gap bo’laklari xususidagi ayrim mulohazalar hamda ularning sistemali munosabatlarini tahlil qilishda foydalaniladigan lisoniy metodlar haqida aytib o’tilgan mulohazalardan quyidagi xulosalarga kelish mumkin. Tillar tizimini sintaktik qatlamda tadqiq etishda tilshunoslar o’rtasida yakdillik yo’q, shuningdek, ma’lum lisoniy metodlar asosida tadqiqot o’tkazishda ham aniq va to’liq fikriy mushtaraklik mavjud emas. Jumladan, tilshunoslik uchun zarur hisoblangan gap bo’laklari muammosi xususida mukammal echim topilganicha yo’q. Ingliz tili o’rganilganda zamon, nisbat, tus, egalik kategoriyalari hamda ergash gaplar kabilar qisman o’rganilgan, ya’ni ayrim kamchiliklar hali ham mavjud va o’rganilmoqda.
Foydalanilgan adabiyotlar ro’yxati
Martinet A. La linguisyique synchronique. –Paris, 1968.
Tomic O.M. Generative syntax in theory and practice. — Skopje: "Kiril i Mefodij" University, 1998. - P.119-120.
Wells R.S. Immediate Constituents // Language. -- Baltimore, 1989. - № 23. - № 2. - P. 88.
Аракин В.Д. Сравнительная типология английского и русского языков. - Л.: Просвещение, 1979. - С.189-190
Бархударов Л.С. Очерки по морфологии современного английского языка. - М.: Высшая школа, 1975. –113-116 с.
Буслаев Ф.И. Историческая грамматика русского языка. – М.: Наука, 1968. – 8 с.
Виноградов В.В. Избранные труды. Исследования по русской грамматике. – М.: Наука, 1975. – 282 с.
Жигадло В.Н., Иванова И.П., Иофик Л.Л. Современный английский язык (теоретический курс грамматики). - М.: Лит. на иностр. языке, 1956. - 246 с.
Золотова Г.А. К вопросу о способах выражения членов предложения // Русский язык в школе. -М., 1958.-№ 1. – С.23-28.
Турниёзова К. Гапнинг учинчи даражали бўлаклари ва «монема» тушунчаси ҳақида баъзи мулоҳазалар // Хорижий филология. № 2, 2007. Б.81-85.
Каушанская В.Л., Ковнер Р.Л. и др. Грамматика английского языка. –Ленинград: Просвещение, 1973. – 230 с.
Мухин А.М. Синтаксемный анализ и проблемы уровней языка. - Л.: Наука, 1980. - 304 с.
Попова З.Д. Может ли обойтись синтаксис без учения о членах предложения // Вопросы языкознания, № 5, 1984. – С. 69.
Рословец Я.И. О второстепенных членах предложения и их синтаксических функциях // Вопросы языкознания. № 3, 1976. – С. 74.
Сайфуллаев А.Р. Семантико-грамматические особенности членов предложения в современном узбекском языке. – Ташкент, 1984. – 98 c, 70-118, Автореф. докт. дисс. – Ташкент, 2001.
Теньер Л. Основа структурного синтаксиса: Перевод с франц. -Редкол.: Г.В.Степанов (Предисловие) и др. - Вступ. статья и общ. ред. В.Г. Гака. - М.: Прогресс, 1988. - 656 с.
Турниёзов Н. Назарий грамматикадан очерклар. - Самарқанд: СамДЧТИ, 1998. – 48 б.
Ўзбек тили грамматикаси. – Тошкент : Фан, 1976. — 560 б.
Mamayoqubova Sh. The expression of temporal syntax in a single nucleus. This article is about the structure of the sentences, rules, semantic and syntactic ways, their place, to show its advantages and disadvantages in English language.
Мамаякубова Ш. Выражение временного синтаксиса в одном ядре. В данной статье представлен обзор структуры английского раздела ее прововых положений, синтаксических и семантических единец, их роли в выступлениях, их недостатках и достижениях.