Kognitiv lingvistika yo‘nalishi XX asrning ikkinchi yarmida rivojlangan. Hozirda kognitiv lingvistika tilshunos-likning eng muhim sohalaridan biri bo‘lib, insoniyat aqliy faoliyatini aks ettiruvchi vosita hisoblanadi. U til vositasi orqali inson tafakkurining mexanizmlarini aks ettirib, ushbu tamoyilga ko‘ra til shaxslararo muloqot vositasi bo‘lishi bilan birga, muloqotga kirishgan shaxsning tanqidiy va tahliliy fikrlashini aks ettiruvchi vosita sifatida namoyon bo‘ladi. Madaniy kontseptlar o‘z navbatida milliy madaniyatni, an’analarni til orqali aks ettirilishini tadqiqotlarning markaziy obyektiv tomondan o‘rganadi. Bu borada kognitiv lingvistikaning asosini tashkil etuvchi tamoyillarning madaniy kontseptlarni o‘rganishdagi ahamiyati e’tiborga loyiqdir.
Kognitiv lingvistikaning asosiy nazariy tamoyillaridan biri sifatida til va tafakkur o‘rtasidagi bog‘liqlik sanaladi. Kognitiv lingvistika tilni inson tafakkurining ajralmas qismi sifatida o‘rganadigan fan sohasi bo‘lib, unda til inson tajribasi, bilimlari va mental jarayonlarini aks ettiruvchi vosita sifatida talqin qilinadi. Kognitiv lingvistikaga asosan til va tafakkur bir-biriga chambarchas bog‘liq bo‘lib, inson tomonidan voqelikni til orqali qabul qiladi va anglaydi.
L. Talmi, J. Lakoff, va M. Jonson kabi olimlar fikricha, til insoniyatning hayotiy tajribasini ifodalashdan tashqari, uni anglash jarayonini ham ta’minotchisi sifatida ahamiyat kasb etadi [L.Talmi, J.Lakoff, M.Jonson 1999:34-39]. O‘zbek va ingliz tillarida ko‘plab his-tuyg‘ularni ifodalovchi iboralarni solishtirish orqali tillararo metaforik konseptualizatsi-yaning o‘xshash va farqli tomonlarini ko‘rish mumkin. Xususan, o‘zbek tilidagi “qalbni yaralamoq” va ingliz tilidagi “break someone’s heart” iboralar insonning yuragini og‘ritish, uni ranjitish ma’nosini ifodalaydi. Tahlil jarayonining keyingi bosqichida, o‘zbek tilidagi “qalb” tushunchasi insonning hissiy holatidan tashqari, uning ijtimoiy munosabatlari doirasidagi axloqiy sifatlarini ham anglatishi ma’lum bo‘ladi. Bundan farqli ravishda, ingliz tilidagi “heart” tushunchasi asosan shaxsiy hissiyotlarni ifodalashga xizmat qiladi.
Kognitiv lingvistikada muhim sanalgan yana bir tadqiqot tamoyili metaforalar nazariyasi bo‘lib, metafora insonning murakkab tushunchalarni oddiy, amaliy tushunchalar orqali ifodalash jarayonini aks ettiradi. Konseptual metaforalar nazariyasi esa insonning murakkab bilimlari va tushunchalarini aniq va konkret tajribalar asosida tasavvur qilishi asosida quriladi. Masalan, o‘zbek tilidagi “vaqt – bu pul” iborasi ingliz tilidagi “time is money” iborasiga teng bo‘lib, har ikkala millat madaniyatida vaqt tushunchasi qadrli ekanligini bildiradi.
Kognitiv lingvistikada metafora muhim o‘rin tutib, Ular inson ongining tasavvurlari va dunyoqarashini tilga aylantirishning samarali vositasi hisoblanadi. Madaniy kontseptlar asosan metaforalar orqali ifodalanib, tildagi belgilangan qadriyatlar va madaniy an’analar hamda ularning ijtimoiy ahamiyatini namoyon qiladi.
Metafora – bu biror tushunchaning boshqa tushuncha bilan ifodalanishi hisoblanib, odatda undan ijtimoiy va madaniy ahamiyatga ega bo‘lgan tushunchalarning aks etishida foydalaniladi. Masalan, o‘zbek tilidagi “yurakni ochish, ko‘ngilni keng qilish” ifodalari nafaqat jismoniy jihatni, balki odamning his-tuyg‘ularini, sabr-toqatini va mehribonligini ifodalash uchun ishlatilsa, ingliz tilida esa “a heart of stone” (qattiq qalb) iborasi odamning sovuqqonligini yoki hissizligini tasvirlaydi.
Madaniy kodlar – bu madaniyatni anglatadigan maxsus tilda mavjud bo‘lgan ifodalar bo‘lib, har bir madaniyatda maxsus kodlar mavjud va ular til orqali tushuniladi. Masalan, ingliz tilida “privacy” tushunchasi shaharda yashash va shaxsiy erkinlikning muhimligini aks ettirsa, o‘zbek tilida esa “ko‘cha” va “turmush” kabi so‘zlar ko‘proq jamoat va oila tizimi bilan bog‘liqdir.
Konseptual xarita (conceptual map) tushunchasi kognitiv lingvistikaning asosiy nazariy tushunchalaridan biri bo‘lib, u inson tasavvuri tizimini anglatadi va madaniy kontseptlarning til orqali qanday ifodalanishini ko‘rsatadi. Konseptual xarita – bu biror konseptning atamalari, xususiyatlari va ularning o‘rtasidagi bog‘lanishlarning vizual yoki tasavvurni shakllantirish usulidir. Masalan, “family” (oila) kontsepti ingliz tilida nafaqat qarindoshlik aloqalari, balki bir-birini qo‘llab-quvvatlash, mehr-oqibat va ijtimoiy yordam kabi ijtimoiy qadriyatlarni o‘z ichiga oladi.
Metafora va konseptual xaritalash xususiyati kognitiv lingvistikaning muhim yutuqlaridan biri bo‘lib, bu metaforalar nazariyasini tashkil etadi. J. Lakoff va M. Jonson “Metaphors We Live By” kitobida ta’kidlanishicha, har qanday tilda mavjud metaforalar asosini inson ongi va tafakkurini tushunishi, dunyodagi voqelikni tahlil qilishi tashkil etadi [L.Talmi, J.Lakoff, M.Jonson 1999:87-89]. Ushbu ta’rif metaforaga badiiy vosita sifatida beriladigan asosiy ta’rifdan tashqari, unga tushuncha va tajribalarni konseptualizatsiya qilish vositasi sifatida ham baho beradi. Ushbu asar mualliflari metaforalarning universal va madaniy xususiyatlarini o‘rganib, til va tafakkur o‘rtasidagi bog‘liqlikni isbotlab, metaforalar nafaqat badiiy vosita, balki insonning tajribasini til orqali aks ettirish usuli ekanligini ta’kidlagan.
Metaforik xaritalash nazariyasi ham kognitiv lingvistikaning muhim nazariya-laridan biri bo‘lib, unda ma’lum bir tushunchalar sohasini tasvirlashda umuman boshqa soha ifodasidan foydalanish tushuniladi. Masalan: o‘zbek tilida: “hayot yo‘li” konsepti ingliz tilida: “path of life” iborasiga tenglashtirilishi ikkala millat tasavvurida hayot tushunchasi “sayohat” sifatida konseptualizatsiya qilinishi ko‘rsatilib, bunda, “hayot – bu sayohat” konsepti har ikkala til va madaniyatga tegishliligi tushuniladi. Til inson tafakkurida mavjud konseptlarni ifodalashi va bu kontseptlar millat madaniyatiga xos elementlarni o‘zida mujassam etishini inobatga olgan holda, yuqoridagi misolda keltirilgan konsept millatlararo tasavvurning mutanosibligini isbotlaydi.
Ikkala tilni qiyosiy o‘rganish jarayonida bunday metaforalar talaygina topiladi. Masalan, o‘zbek tilidagi “toqqa chiqmasang, do‘lona qayda?!” iborasi harakat va natija orasidagi bog‘liqlikni ifodalagani kabi ingliz tilida “climbing the ladder of success” iborasi maqsadga erishish uchun harakatning zarurligini ta’kidlaydi.
Kognitiv lingvistikada til va kognitiv xaritalar o‘rtasidagi bog‘liqlik jarayoni tahlil qilinganda, kognitiv xaritalar insonning bilimlari va tajribalarini strukturalash vositasi sifatida o‘rganilib, ushbu xaritalar til vositasi orqali madaniy xususiyatlarni ifodalaydi. Masalan, o‘zbek tilidagi “oq yo‘l tilamoq” iborasi yo‘lga otlanganlarga ijobiy niyat tilash ma’nosini anglatib, hayotni yo‘l sifatida tasavvur qilishni ifodalaydi. Unga parallel holda ingliz tilida “wish you the best” iborasini olish mumkin, biroq bu ibora o‘xshash ma’noga ega bo‘lgani bilan, umumiy holda barcha ijobiy tilaklarni bildirishi va uzoq yo‘lga kuzatishdan tashqari yana turli hayotiy holarlarga mos xarakterlanishi bilan farq qiladi.
Kognitiv lingvistikada til vositasi millat madaniy qadriyatlari va mentalitetini ifodasi sifatida talqin qilinadi va shu sababdan har bir millat tilida o‘sha millat an’analari va qarashlarini anglatuvchi milliy kontseptlari mavjud bo‘lib, ular ushbu tushunchalarni asrdan asrga, avloddan avlodga yetkazib keladi. Masalan, o‘zbek tilidagi “mehmondo‘stlik”, “oldi-berdi”, “bordi-keldi” tushunchalari o‘zbek millatiga xos an’analarni va milliy ijtimoiy muhitni tasvirlovchi kontseptlardir.
Ammo kognitiv lingvistikadagi har bir kontsept ham ma’lum bir millat madaniyatini ifodalash uchun xizmat qilishi shart emas. Ba’zi kontseptlar universal bo‘lib, ularni turli tillarda uchratish mumkin va ular har bir millat ijtimoiy qadriyatlarining ifodasi sifatida namoyon bo‘ladi. Masalan, “ozodlik”, “erkinlik”, “do’stlik” kabi tushunchalar ham o‘zbek, ham ingliz madaniyatida ham qadrlanadi.
Asosiy nazariy tamoyiliga ko‘ra kognitiv lingvistika tilni inson tafakkurining ajralmas qismi sifatida o‘rganib, u til orqali mavjud bilimlar va millatning o‘ziga xos madaniy xususiyatlarini samarali metodlar orqali tashkil ettiradi. Kognitiv lingvistikaning muhim nazariy asoslari sifatida quyidagi tamoyillarni e’tirof etish mumkin: til va tafakkur, kontseptlar, metaforalar, kognitiv xaritalar va til-madaniyat birligi. O‘zbek va ingliz tillarini ushbu yondashuvlar orqali tahlil qilish ikkala millat tilining milliy va universal xususiyatlarni aniqlash mumkin.
Kognitiv lingvistikada mavjud bilimlar va milliy o‘ziga xos qadriyatlar mental xaritalar yordamida ifodalanib, F.Ungerer va H.J.Shmidlarning ta’kid-lashlaricha, til insoniyat aniqlagan bilimlarni yagona tizimga joylashtiradi va millatning madaniy tajribasini aks ettiradi.
Kognitiv lingvistikaning multifunk-sionallik xususiyati uning qator lingvomadaniy yondashuv tamoyillarini o‘z ichiga olishini taqozo etadi. Lingvokulturologik yondashuvlar tilshunoslikda til va madaniyatning o‘zaro bog‘liqligini o‘rganishga, tahlil qilishga qaratilgan metodologiya hisoblanib, bunda til nafaqat muloqot vositasi bo‘lishidan tashqari, milliy madaniy kontseptlarni anglatuvchi, milliy qadriyatlar va an’analarni namoyon qiluvchi vosita sifatida ham funktsional vazifalarni bajarishi asoslanadi. Lingvistikaning tilni milliy madaniyat va milliy mentalitetni shakllantiruvchi muhim omil sifatida tahlil qiluvchi bo‘limi lingvokulturologiya bo‘lib, uning asosiy tamoyili til va madaniyatning o‘zaro aloqasi va ta’sirini asoslashga qaratilgan tahliliy metodlar va printsiplarni ishlab chiqish hisoblanadi.
Madaniyatlar o‘rtasidagi farqlarni tahlil qilishda til vositalari muhim manba hisoblanadi. Misol: O‘zbek tilida “hurmat” tushunchasi yoshi katta kishilarga nisbatan ko‘rsatilishi shart bo‘lgan talablar konseptini anglatsa, ingliz madaniyatida esa “respect” asosan shaxsiy chegaralarni tan olish bilan bog‘liq konseptni ifodalaydi.
Madaniy konseptlarni tadqiq qilishdagi kognitiv lingvistikaning ahamiyati juda kata bo‘lib, kognitiv va lingvomadaniy yondashuvlar madani-yatlararo muloqotni samarali tashkillashtirish uchun muhim omil hisoblanadi va bu yondashuvlar madaniyatlaro muloqot jarayonida yuzaga keladigan anglashilmovchilik va xatolarni oldini olishga xizmat qiladi.
Asrlar davomida o‘zbek tili lug’atida mavjud odob-axloq kategoriyalari o‘rganilib, tahlil qilinib kelinadi. Ma’lumki, o‘zbek millatining madaniy va ijtimoiy qadriyatlari, odob-axloq fazilatlari va qoidalari millat tilida o‘z ifodasini topib, o‘zbek tilida ushbu kategoriyalar turli yondashuvlar asosida tahlil qilinadi.
O‘zbek tilidagi odob-axloq konseptlarining taraqqiyoti millatning tarixiy va madaniy rivojlanish bosqichlari bilan birgalikda amalga oshadi va har bir bosqichning o‘ziga xoslik belgilari va millat an’analarini namoyon etib keladi. O‘zbek tili leksik birliklari tahliliga bag‘ishlangan har bir tadqiqot ishi milliy qadriyatlar va an’analarning, urf-odatlar va ijtimoiy me’yorlarning, qolaversa dinning tilga bo‘lgan ta’sirini o‘rganishga bag‘ishlangan. Odob-axloq kategoriyalarining tilda ifodalanishini xalq og‘zaki ijodining yorqin namunalari hisoblangan xalq maqollari va iboralari orqali o‘rganadi.
Ingliz tilida odob-axloq kategoriya-larining tadqiqoti sotsiolingvistik, pragmatik va kognitiv lingvistik yondashuvlar orqali amalga oshirilib, ushbu tilda odob-axloq tushunchalari-ning tadqiqoti ko‘pincha xushmu-omalalik, hurmat, adolat, halollik kabi kategoriyalar tahlili orqali amalga oshiriladi.
Ingliz tilida odobning kognitiv lingvistik tadqiqotlari ham jiddiy rivojlanmoqda va bu borada George Lakoffning kognitiv lingvistika bo‘yicha ishlarini misol qilib keltirish mumkin. U til va axloqiy tushunchalar o‘rtasidagi bog‘lanishni ta’kidlab, “respect” va “courtesy” kabi tushunchalar o‘rtasidagi farqlarni kognitiv xaritalar yordamida tahlil qilish kognitiv lingvistikaning axloqiy tushunchalarni yoritishda qanday muhim rol o‘ynashini ko‘rsatadi.
O‘zbek va ingliz tillaridagi odob-axloq kategoriyalarini qiyoslashda ba’zi farqlar va o‘xshashliklar mavjud. Misol uchun, o‘zbek tilida “Hurmat” tushunchasi asosan jamoatga, oilaviy va ijtimoiy hayotga bog‘liq bo‘lsa, ingliz tilida hurmat ko‘proq individual erkinlik va tenglik sifatida qaraladi. O‘zbek tilida mehmondo‘stlik va oilaviy hurmat, masalan, “Mehmon keldi — yurt obod” kabi maqollarda kuchli ifodalansa, ingliz tilida esa “A guest is a gift from God” kabi iboralarda mehmonni xudoning sovg‘asi sifatida ko‘rish qadriyatlari aks etadi.
O‘zbek madaniyati va tarixida odob va axloq tushunchalari mudom bir-biri bilan bog‘liq holda ishlatiladi. Insonning tarbiyalanganlik darajasi va muomala madaniyatini “odob” tushunchasi ifodalasa, axloqiy qadriyatlar va me’yorlar “axloq” tushunchasi orqali ifodalanadi. Falsafiy adabiyotlarda, ayniqsa Abu Nasr Forobiy, Imom G‘azzoliy va boshqa allomalarning asarlarida bu tushunchalar keng yoritilgan bo‘lib, Forobiy “Fozil odamlar shahri” asarida axloqiy fazilatlarni jamiyatni boshqaruvchi asosiy omil sifatida ta’riflaydi.
Odob-axloq tushunchalari ingliz tilida “morality” va “ethics” so‘zlari orqali ifodalanib, G‘arb falsafasida, xususan, Aristotel, Kant va Mill asarlarida axloqiy masalalar ko‘tarilgan. Bu borada Kantning “kategorik imperativ” asari axloqiy qarorlar qabul qilishda universal tamoyillarni o‘rganish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.
Sharq falsafasi odob-axloqni ko‘proq kollektivizm va diniy-ma’naviy tamoyillar bilan bog‘lagan bo‘lsa, G‘arb falsafasi bu masalani individualizm va huquqiy tamoyillar asosida tahlil qilgan. O‘zbek madaniyatidagi “odob” tushunchasi G‘arb falsafasidagi “courtesy” yoki “manners” tushunchalariga mos keladi, “axloq” esa “morality”ga yaqinroq.
Odob-axloqni falsafiy jihatdan o‘rganish ikki madaniyat o‘rtasidagi farqlar va umumiyliklarni tahlil qilish imkonini berib, bu tushunchalar o‘zbek va ingliz tillarida faqat lingvistik ifodalanishdagi farqlardan tashqari, axloqiy qadriyatlar va dunyoqarashdagi xususiyatlarni ham aks ettiradi.
Odob-axloq insonning xulq-atvori va qaror qabul qilish jarayonlarini boshqaruvchi ichki mexanizmlardan biri hisoblanib, psixologiyada odob va axloq tushunchalari inson shaxsiyati, hissiy va ijtimoiy rivojlanish jarayonlari bilan uzviy bog‘liq va bu tushunchalar, asosan, ma’naviy qadriyatlar, shaxsiy o‘zini anglash, shuningdek, jamiyat tomonidan belgilangan normalar orqali shakllanadi.
O‘zbek va ingliz tillaridagi odob-axloq kategoriyalarining taqqoslanishi, ikki madaniyatning tilshunoslik, kognitiv va lingvokulturologik jihatdan qanday farqlanishi va o‘xshashligini ko‘rsatibgina qolmay, har ikkala tilda ham odob va axloq tushunchalari madaniyatning asosiy unsurlari bo‘lishini, ular tildagi leksik birliklar, iboralar va ifodalar orqali aks ettirilishini ko‘rsatadi. Ammo bu kategoriyalarni o‘zaro taqqoslaganimizda, ularning ifodalari, tizimi va madaniy konteksti o‘rtasida sezilarli farqlar va o‘xshashliklar mavjud.
Odob va axloq kategoriyalari har ikki tilda muhim ahamiyatga ega bo‘lib, insonlarning o‘zaro muloqotida asosiy o‘rin tutadi. Ingliz tilida “respect”, “politeness” va “fairness” kabi tushunchalar ijtimoiy muomalada ajralmas qism sifatida ishlatilsa, o‘zbek tilida esa, “hurmat”, “insof” va “axloq” kabi so‘zlar faqat til orqali emas, balki amaliy harakatlar va ijtimoiy me’yorlar bilan ham ifodalanadi. O‘zbek tilida, ayniqsa, kattalarga hurmat va ijtimoiy muomaladagi yuqori axloqiy me’yorlarga e’tibor qaratiladi va bu madaniy farq, til va axloqiy me’yorlarning ijtimoiy qoidalar bilan chambarchas bog‘lanishini ko‘rsatadi.
Kognitiv lingvistika va lingvokulturologiya orqali odob-axloq kategoriyalarining tahlili madaniy kontseptlarni yanada chuqurroq anglash imkonini yaratadi. O‘zbek va ingliz tillarida odob va axloqning tushunchalari, faqat so‘zlashuvda yoki til birikmalarida emas, balki madaniyatdagi umumiy munosabatlarni ham aks ettiradi. Masalan, ingliz tilida “please”, “excuse me” va “thank you” kabi iboralar xushmuomalalikni ifodalasa, o‘zbek tilida bu kabi xushmuomalalik iboralari kattalarga hurmat ko‘rsatishda alohida ahamiyatga ega. Bu kabi farqlar madaniy va ijtimoiy tuzilmalarning tilda aks etishini ko‘rsatadi.
O‘zbek va ingliz tillarida odob va axloq kategoriyalarining madaniy kontekstdagi o‘xshashlik va farqlari, ikki madaniyatning o‘ziga xosligidan dalolat beradi. Ingliz madaniyatida individualizm va mustaqillikka urg‘u berilgan bo‘lsa, o‘zbek madaniyatida kollektivizm va o‘zaro yordamning ahamiyati kattadir. Shuning uchun, ingliz tilidagi odob-axloq kategoriyalari ko‘pincha individning huquqlari va ijtimoiy tenglikni ta’kidlasa, o‘zbek tilida bu kategoriyalar jamiyatdagi birligini va o‘zaro hurmatni saqlashga qaratilgan.
Xulosa o‘rnida shuni ta’kidlash joizki, o‘zbek va ingliz tillaridagi odob-axloq kategoriyalarining taqqoslanishi, har ikki madaniyatda bu tushunchalarning lingvistik ifodasi va madaniy konteksti farqli ekanligini ko‘rsatib, til va madaniyat o‘rtasidagi bog‘liqlik, tilshunoslik, kognitiv lingvistika va lingvokulturologiyaning metodologik yondashuvlari orqali yanada kengroq tahlil qilinishi kerakligini ta’kidlaydi. Bu esa, tilshunoslar va madaniyatshunoslarga madaniy kompetensiyani rivojlantirishda, tilni o‘rgatishda va madaniyatlararo kommunikatsiyada ahamiyatli ko‘mak beradi.
Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati:
1. Abdug‘afforova N. “Odob-axloq me’yorlari va xalq tarbiyasi.” Toshkent: Ma’naviyat, 2015.
2. Agustina Sheila & Bambang Yudi Cahyono. 2016. Politeness and power relation in EFL classroom interactions: A study on Indonesian learners and lecturers. International Journal of Language and Linguistics 3(2). 92–100.
3. Alimova Dilbar. 2022. Lexical means of expressing politeness. Scientific-Practical Conference on “Critical Issues of Teaching Oriental Languages”2(24). 542–555.
4. Bazapbaev Jaksybai & Qinagul Dauletova. 1994. Etiquette. Nukus: Education.
5. Daulay Sholihatul Hamidah Nabilah Azmi & Tara Pratiwi. 2022. The importance of expressing politeness: English education students’perspectives. Tarling 6(1). 49–68.
6. Fatkullina Fluza Gabdullinovna. 2015. The typology of concepts in modern cognitive linguistics. Pedagogical Journal of Bashkortostan 1(56). 239–241.
7. Gahrn-Andersen Rasmus. 2022. Concrete concepts in basic cognition. Philosophia 50(3). 1093–1116.
8. Hamrakulova Gulandom. 2020. Politeness theory in language. Mental Enlightenment Scientific-Methodological Journal 1(1). 151–157.
9. Kornielaieva Yevheniia. 2019. Politeness phenomenon. Scientific Journal of Polonia University 32(1). 99–106.
10. Shermatova S. “History of languages between English and Uzbek Countries”, Oriental Renaissance: Innovative, educational, natural and social sciences, 2023.
Очилбоева И. Основы когнитивной лингвистики в языкознании и значение лингвокультурологических подходов в исследовании культурных концептов. В данной статье проанализированы основные теоретические принципы когнитивной лингвистики. Посредством сравнения выражений, передающих множество эмоций в узбекском и английском языках, выявлены сходства и различия межъязыковой метафорической концептуализации. На примерах доказано, что метафорические и метонимические выражения являются важным принципом исследования когнитивной лингвистики. Кроме того, изучено, как культурные коды и концептуальные карты формируют уникальные представления и понятия каждой культуры, составляя теорию метафор. Проанализирован процесс взаимосвязи между языком и когнитивными картами.
Ochilboyeva I. The fundamentals of cognitive linguistics in linguistics and the significance of linguocultural approaches in studying cultural concepts. This article analyzes the main theoretical principles of cognitive linguistics. By comparing expressions that convey a variety of emotions in Uzbek and English, similarities and differences in interlingual metaphorical conceptualization are identified. It is demonstrated through examples that metaphorical and metonymic expressions are an important research principle in cognitive linguistics. Furthermore, it examines how cultural codes and conceptual maps shape the unique perceptions and concepts of each culture, forming the theory of metaphors. The process of the relationship between language and cognitive maps is analyzed.