Zamonaviy tilshunoslikda tarmoqlar soni shu qadar ko‘p va turfaki, unda ilmiy izlanish olib borish tilshunoslikning barcha sohalarini qamrab olishga va barcha savollarga javob topishga imkonsizdir. Shunday bo‘lsada tilshunoslik fanining rivojlanish bosqichlarida ba’zi tushunchalar faqatgina bir nom bilan atalgan bo‘lsa keyinchalik ushbu tushunchalar fanning turli tarmoqlarida boshqacha nom bilan atala boshlandi va ularning vazifalari ham ayricha ekanligi olimlar tomonidan ko‘rsatib berildi. Ishora deganda bizning ko‘z oldimizga qo‘l bilan bajariluvchi ishoralar kelsa tilshunoslikda ayni so‘z bilan bog‘liq bir nechta atamalar mavjud. Xususan V.Ros Imo-ishoralarni turli xil turlarga bo‘lingan deb berib, ularni deyktik (ishorali), ikonik, metaforik va ramziy turlarga ajratgan [Roth 200:1683]. Mazkur maqolada tilshunoslikning pragmatika yo‘nalishida ishora vazifasini bajaruvchi ikki tushuncha deyksis va indeksikallik hodisasi haqida ma’lumotlar berib o‘tiladi. Mazkur ikki atamaning kelib chiqishi va ularning farqli va o‘xshash xususiyatlari to‘grisidagi ayni kungacha olimlar tomonidan berilgan fikrlar umumlashtirib xulosalar beriladi.
Analitik faylasuflar til bilan shunchalik shug‘ullanishganki, ular tilni ilmiy o‘rganishga doimiy hissa qo‘shgan. Semantika, tildagi so‘zning ma'nosini o‘rganish bilan va pragmatika, tilni ishlatilayotgan holatda o‘rganadigan tilshunoslik tadqiqotining ikkita muhim yo‘nalishi bo‘lsada, ularning shakllanishi tilshunoslikka hissa qo‘shgan faylasuflar bilan bog‘liqdir [Recanati 1998:7]. Tilshunoslik bilan shug‘ullangan faylasuflar so‘zlarning ma’nosi va ularning turlicha talqin etilishi maslasi haqida gapira turib pragmatikaning tamal toshini qo‘ya boshlashgan. Ana’naviy tilshunoslikda tilga bir tizim sifatida qaralsa, pragmatika bu tizimda qanday foydalanish mumkinligini bayon etadi. Bu haqida J. Lich pragmatikani “maʼnoni nutq vaziyati bilan bogʻliq holda oʻrganish” deb taʼriflaydi va pragmatik tadqiqot predmeti ham nutq aktini yaratish jarayoni, ham ushbu harakatni idrok etish va anglash jarayonidir deb aytib o‘tgan [Leech 1983:125].
Pragmatikaga bo‘lgan ishtiyoq semantik masalalarning intensiv rivojlanishi davridan keyin paydo bo‘ldi, bu esa semantik tahlilning gipertrofiyasiga olib keldi. William Hanksning fikriga ko‘ra pragmatik tadqiqotlar so‘zlar va gaplarning ma'nolarining tavsifini tushuntirish ya’ni kontekstdan ajralgan holatda emas birgalikda qo‘llanilishini o‘rganish hamda gaplarni ma’nolarini tavsiflashni tartibga solish, ularni bir nechta qoidalar ta'siriga olib borish kerak edi.Shu asosda semantika pragmatikaga aylana boshladi va keyin o‘zining ba'zi pozitsiyalarini yo‘qotdi va shu holatda matn tilshunosligining markaziy kategoriyalaridan biri sifatida alohida ahamiyat kasb eta boshladi [William Hanks 2009:14]. Potts mana shu jarayonlar haqida gapira turib, sintaktik birliklar ya’ni morfema, so‘z ibora, jumla ko‘pincha o‘zlari ishlatilayotgan kontekstga qarab turli xil qiymatlarni olishi va bu holat uzoq vaqtdan beri tan olinishini va "leksik ma'noning umumiy holati har biri o‘ziga xos ma'no ega va kontekstga bog‘liq"deb taxmin qilinishini aytib o‘tadi [Potts 2010: 17].
Pragmatik tadqiqotlar bir nechta yo‘nalishlarni qamrab olgan bo‘lib ular ichida ayni ishora, ko‘rsatuvchilik vazifasini bajaruvchi birliklar masalasi ham tilshunoslar xususan, pragmatiklar tomonidan juda ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lib kelmoqda. Mazkur hodisaning nomlanishi haqida ham bahs- munozaralar mavjud bo‘lib, dastavval ko‘rsatish hodisasi haqida ma’lumot berib o‘tsak, pragmatikaga semantik qarashlari ila mashhur olimlar Levinson «Til tizimi va kontekst o‘rtasidagi bog‘liqlikning lisoniy strukturalarda aks etishini yaqqol ko‘rsatuvchi yagona hodisa – bu deyksis hodisasidir» [Levinson 1983: 540] deya firk bildirsa, Layonz «Til tizimidagi qator hodisalarni faqatgina ularning yuzma-yuz muloqot sharoitida shakllanishi inobatga olingandagina tavsiflash mumkin. Bu ayniqsa, deyksis hodisasi talqinida yaqqol ko‘zga tashlanadi» [Lyons 1977: 637-638] deya xulosa beradi. Deyksis hodisasi tilshunoslikdagi aynan pragmatikadagi ko‘rsatish hodisasini ifoda etib, pragmatika markaziy o‘rinlardan birini egallagan.
Dastavval deyksis atamasi haqida gapiradigan bo‘lsak, deyksis so‘zi yunon tilidan olingan bo‘lib, “ko‘rsatish” “ishora qilish”degan ma’noni bildiradi. Uning ekvivalenti sifatida turadigan falsafiy atama “indeksikallik” lotin tilidan kelib chiqqan. Deyksis til orqali "ishora" degan ma'noni anglatib, ushbu "ishora"ni amalga oshirish uchun ishlatiladigan har qanday lingvistik shakl deyktik ifoda deyiladi [Yule 1981:151]. Deyksisning asosiy funksiyasi bo‘lgan ko‘rsatish haqida Kravchenko” “Ko‘rsatish umuman til tizimining universal xususiyatidir” deb aytgan edi [Кравченко 1995]. Deyksis hodisasini faylasuflar indeksikallar atamasi bilan nomlashgan bo‘lib, uning lingvistik antropologik tushunchasi Charlz Sanders Pirsning semiotik nazariyasiga asoslangan bo‘lib keyinchalik Maykl Silversteyn va boshqa tilshunoslar tomonidan rivojlantirilgan. Ushbu an'anaga ko‘ra, indeksikallik semiotik funktsiya bo‘lib, u orqali "belgi vositasi" yoki "belgilovchi" zamon-makon aloqadorligi orqali ob'ekt yoki mavjudotga "ishora qiladi" [William Nicolas 2019:5]
Deyksis haqida ta’rif bergan Birner uni kontekstdagi mavjud xususiyatlarga yoki predmetga "ishora qilish" uchun lingvistik iboradan foydalanish hodisasi deb ta’rif beradi va indeksikallar sinfining kichik bir turi deb bergan. Indekslar sinfiga barchasi - deyksis, anaforik olmoshlar va hatto zamon kiradi. Ulardan hozirgi ifodaning mo‘ljallangan ma'nosini uning so‘zlashuv kontekstining elementlariga munosabati orqali aniqlashning lingvistik mexanizmlari vaqt holatida, hozirgi gapda tasvirlangan voqea aytilish vaqtiga vaqtinchalik munosabatiga ko‘ra "indekslanadi" [Birner 2013:167].
Ayni ikki atamaning qo‘llanilishi haqida Levinson ikkalasi ham keng qo‘llaniladi, sababi ularning kelib chiqishi turlicha qarashlardan bo‘lgan [Bühler 1934; Peirce 1955] va mos ravishda lingvistik va falsafiy yondashuvlar bilan bog‘langan deya fikr bildiradi. Shunday bo‘lsada, ular orasida ozgina texnik farqlar ham mavjud: indeksikallik kontekstga bog‘liqlikning kengroq fenomenalarini belgilash uchun ishlatiladi va deyksis esa indeksikallikning kichikroq qamrovdagi lingvistik jihatdan bog‘liq tomonlarini ko‘rib chiqadi [Levinson 2004:656].
Pragmatikada ishora so‘zini bildiruvchi yana boshqa ko‘plab atamalar ham mavjud bo‘lib, Pirs boshchiligidagi faylasuflar uni indeksikallar (indexicals), Yesperson va Yakobson shifterlar atamasi bilan, Reichenbach tokenlar (token reflexives), Hasserl odatiy iboralar(occasional terms),B.Rassel egosentrik birliklar Sacks indikator deb atashgan. Srebryanskaya deykstik birliklarning bir qancha nomga ega ekanligi xususiyatlariga ko‘ra farqlanishi aytib o‘tsada, deyksis hodisasining umumiy tavsifini keltirishda mazkur atamalarni birlashtirish muammosiga duch kelishini aytib o‘tgan [Сребрянская 2003:12].
Tilshunoslik, xususan, pragmatikadagi ishora hodisasi haqida gapirganda indeksikallik va deyksis hodisasi haqida gapirib o‘tish zarurati tug‘iladi. Indeksikallik hodisasi haqida dastavval Ch.Morris gapirib o‘tgan bo‘lsa, keyinroq o‘zining semiotika nazariyasida Ch.Pirce ko‘rsatuvchi ishoralarni ikonka va belgilardan, ko‘rinib turgan obyekt va uning idrok etiladigan belgisi o‘rtasidagi munosabatga ko‘ra ajralishini ko‘rsatib berdi. Belgilar o‘zlarining obyektlari bilan o‘xshashlik yo‘li bilan, ramzlar aniq konventsiya yo‘li bilan va indeksikallar "dinamik qo‘shnilik" orqali bog‘lanadi. Peirce taʼkidlaganidek, indeks “bir tomondan individual obyekt bilan, boshqa bir tomondan, o‘sha oʻziga tegishli boʻlgan shaxsning his-tuygʻulari yoki xotirasidagi belgi bilan deyktik shaklda dinamik (shuningdek joyga nisbatan ham ) aloqada bogʻlanishini bildiradi. Pirs, indeksikallik o‘zining referent obyekti bilan doimiy mavjud bo‘lgan ko‘rsatkichi belgini o‘z ichiga oladi va indeksli belgining mos yozuvlar obyekti bilan "dinamik birga mavjudligi" ni o‘z ichiga oladi deb ta’kidlaydi [William Hanks 1992:4].
Nunberg aytishicha: "Indeksikallarning ma'nolari bizni bir kontekst elementidan boshqa kontekstda cheklangan domen elementiga olib boradigan va keyin tashlab ketadigan kompozitsion funksiyalardir" [Nunberg 1998:159]. Shu asnoda u indeksikallar faqatgina kontekst doirasidagina ahamiyatli bo‘lishini e’tirof etadi. Indeksikallarni kontekstga bog‘liq eng sof misol sifatida keltirgan Potts uni o‘zining ahamiyatini to‘g‘ridan-to‘g‘ri aytilgan vaziyatdan oladigan ifodadir deb bildiradi. Potts indeksikallarning paradigmatik misollari "I", "you", "here", "now", "today", "tomorrow" iboralaridir. Indekslarni intuitiv tushunishning eng yaxshi usuli bu misollar orqali tushunishdir [Isidora 2020:3].
Ko‘pgina semantika bilan shug‘ullanuvchi tilshunoslar indeksikallik hodisasini ko‘rsatish xususiyatiga ega deb ta’kidlashmoqchi bo‘lishadi. Shunday bo‘lsada, pragmatikada ko‘rsatish vazifasini ko‘proq deyksis bajaradi deb hisoblanadi. Bunga sabab sifatida Vittshteyn (1984) ta'kidlaganidek, I, now, here kabi sof ko‘rsatkichlar tegishli ko‘rsatkichning spetsifikatsiyasi (ma'ruzachi, gapirish vaqti va joyi) bilan semantik-pragmatik mazmunini tugatadi. Indeksikallik hodisasi ixtiyoriy tarzda ko‘rsatiluvchi ramziy funksiya hamda o‘xshashlik asosida shakllanuvchi ikonik funksiyadan farqlanadi. Buhaqida Levinson deyktik iboralar tavsiflovchi xususiyatlarni va kontekstli o‘zgaruvchilarni ko‘rsatishi mumkin deya ta’riflab, deyarli barcha deyktik iboralar pragmatik qarorga bog‘liq deb aytib o‘tgan [Levinson 2000: ....]. Kristal deyksis haqida gapira turib, deyksis mavjud anafora va katafora hodisalarini ham o‘z ichiga olishini ta’kidlaydi. Bundan tashqari,. Deyktik semantika va funktsiyalarga ega bo‘lgan lingvistik birliklarga nisbatan, odatda "har qanday referentga tegishli bo‘lgan siljishlar turi" deb tushuniladigan "deyktika" atamasiga amal qilish tavsiya etiladi. Bu so‘zlarning mazmuni butunlay denotatsiya belgilari bilan belgilanadi, ularni tanlash muayyan nutq aktiga bog‘liqdir» [Arutyunova 1999: 2].
Til antropologiyasida indeksikallik hodisasi boʻyicha keyingi ishlar lingvistik va boshqa semiotik amaliyotlar va ijtimoiy identifikatsiyalar oʻrtasidagi murakkab bogʻlanishlarga qaratilgan. Shu sababdan ham indeksikallik hodisasi ko‘p holatlarda semantik tadqiqotlar tasnifiga kirtilgan.
Shu bilan birga, deyksis hodisasi tilning ko‘proq referensial jihatlari bilan qiziqqan tilshunoslar tomonidan chuqurroq o‘rganilgan. Deskriptiv tilshunoslik vakillari deyksis hodisasiga dunyo tillaridagi universal xususiyat berib unga biroz e’tiborlarini qaratishgan. Tillarni tizimli ravishda o‘zaro taqqoslash bo‘yicha so‘nggi sa'y-harakatlar tabiiy til deyksisini tushunishga katta hissa qo‘shdi va bir vaqtning o‘zida sinchkovlik bilan bu hodisa bo‘yicha tavsiflovchi ishlarning sezilarli darajada etishmasligiga ishora qildi [William Nicolas...].
Demak indeksikallik hodisasi semantik izlanishlar tasnifiga kirtilishiga sabab qilib, deyktik belgilarning ayni bir muqim ramziy ma’noga ega emasligigdadir. Deyktik havolalarni talqin qilishda matnda zamon-makon aloqasining nutq bilan qanday bog‘langanligi haqida birinchi marta Byyuler to‘xtalib, deyktik iboralar indeksli "origo" ga nisbatan referentlarni aniqlaydi deb aytgandi [Bühler 1982]. Deyktik iboralarga atributiv ma'no berish mumkin emas. Deyktik natijalar ko‘rsatish ma’nosida o‘ziga tegishli, tavsiflash sifati mavjud emas [Hornoui Diana ...]. Deyktik iboralarning belgilovchi xususiyati ularning "semantik nuqsoni" [Levinson 2004] yoki "nospesifik minimal xarakterlovchi" tabiatidir [Sidnell and Enfield 2016], ya’ni ularning ayni mazmunini topish uchun doimo kontekstga murojaat qilish zaruriyati tug‘iladi. Deyktik makon-zamon markazida so‘zlovchi yoki ma’ruzachi turadi. Shu asosda uning ko‘rsatkichlarini aniqlashda nemis tilshunosi K.Byuller ularni uch turga ajratadi:
1) ad oculus, ya'ni imo-ishoralar yoki sezuvchanlik bilan idrok etilgan konkret ob'ektlarga tegishli indikativ so‘zlar yordamida to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘rsatish;
2) anafora, ya'ni deyktik maydon yoki matn ichida og‘zaki vositalar yordamida ko‘rsatma;
3) deixis ad phantasma, ya'ni. xotiraning chuqur qatlamlarida joylashgan mavhum joy (yoki ramziy maydon) ko‘rsatkichi [Buhler 1982].
Berilgan turlarni Charlz Fillmor Indiana universtiteti lingvistik klubida 1971-yilda o`qigan deyksis haqidagi ma`ruzasida deyktik iboralar nutqda qo`llanilishi sal boshqacharoq bo‘lgan uch turga bo`lishni taklif qilgan:
1) “uzoqdagi” va “yaqindagi” obyektni bevosita ko`rsatish vazifasini bajaruvchi lisoniy belgi – jestlar (gestural use);
2) Ma`lum axborot, bilim tashuvchisi (bu bilim ushbu muloqot vaziyatidan yoki mustaqil ravishda egallangan bo`lishi mumkin) bo`lgan ramziy belgi (symbolic use);
3) Anaforik bog`lovchi sifatida [Filmore 1975].
Yuqoridagi turlarga ajratish asnosida ko‘rishimiz mumkinki, biz ta’riflarini bergan indeksikallik faqatgina bir tur ichiga kirishi va boshqa ma’nolarni anglatish doirasi deyksisda nisbatan ko‘proq o‘rin egallaydi va matn doirasida deyksis hodisasining ko‘rsatish imkoniyatlari bir muncha kattaroqdir.
An’anaviy tilshunoslikda deyksis ham uch turga bo‘linadi: shaxs, zamon va makon deyksislari va buni Levinson quyidagicha tartibda bayon etgan: 1.Markaziy shaxs- so`zlovchi 2. Markaziy vaqt (zamon) – nutqiy harakat ijro etilayotgan vaqt; 3. Markaziy zamon – so`zlovchining nutqiy harakat bajarilayotgan paytdagi o`rni; 4. Ijtimoiy markaz- so`zlovchining ijtimoiy mavqei [Lyons 1977].
Huangning fikriga ko‘ra dastlabki uch turdagi deyksis asosiy turlar sifatida ko‘rsatilishining sababi barcha “ishora” odamlar tomonidan amalga oshiriladi va shuning uchun barcha “ishora qiluvchi” iboralar aytuvchi shaxs, aytilgan joy va aytilish vaqti bilan bogʻliq boʻlishi kerak [Huang 2007:136].
Deyksisning turlari haqida gapirar ekanmiz dastavval shaxs deyksis haqida to‘xtalib o‘tsak, shaxs deyksisi ingliz va o`zbek tillarida nutqda ishtirok etayotgan va etmayotganligiga ko`ra bir necha turlarga bo`linadi:
• So`zlovchi yoki adresant
• Tinglovchi yoki adresat
• So`zlovchi va adresat bo`lmagan referent [Safarov 2008:185].
Shaxs deyksisi odatda quyidagi vositalar orqali namoyon bo`ladi: olmoshlar, otlarning egalik qo`shimchalari va fe`llarning rozilikni angatuvchi qo`shimchalari. Shaxs deyksisi o`z navbatida bir necha turlarga bo`linadi: birinchi shaxs, ikkinchi shaxs va uchinchi shaxs deyksislari. Shaxs deyxis nutq hodisasida suhbatdoshlar yoki ishtirokchi-rollarni aniqlash bilan bog‘liq. U odatda (i) shaxs olmoshlarida aks ettirilgan shaxsning anʼanaviy grammatik kategoriyasi va agar tegishli boʻlsa, ular bilan bogʻliq boʻlgan shaxs-son qo‘shimchalari va (ii) qarindoshlik atamalari, tegishli ismlar va ularning birikmalarida, unvonlar va unvonlar bilan kodlanishi mumkin boʻlgan vokativlar bilan ifodalanadi [Huang 2007:141]. Birinchi shaxs deykisi ham so`zlovchining yakka o`ziga, ham so`zlovchi va so`zlovchi bilan birgalikdagi referentlarni anglatishi mumkin [Safarov 2008:167]. Bu holatda inklyuziv yoki eksklyuzivlik yuzaga keladi. Ikkinchi shaxs deyksisi har doim adresat hisoblanib, ularni kishilik olmoshlari, yoki shunchaki buyruq gaplar tarkibida ham keltirish mumkin. Uchinchi shaxs deyksisi ham munozalarga to‘la bo‘lib, bunda ba’zi tillarga xos bo‘lgan olmoshlardagi gender ko‘rsatkichlari farqli bo‘lishi mumkin. Xususan, ingliz tilidagi uchinchi shaxs birlik uch xil shaklda ifodalansa, o‘zbek tilida bu holat mavjud emasligi bilan ko‘rsatish mumkin.
Makon deyksisini ifodalash uchun o‘zaro tillar nuqtai nazaridan, joylashishi kerak bo‘lgan ob'ekt (referent yoki rasm) va belgi (yoki makon) o‘rtasidagi makon munosabatlarni ifodalash uchun uchta lingvistik mezon doirasi mavjud: (i) ichki, (ii) nisbiy va (iii) absolyut [Huang 2007:152]. U ichki makon deya so‘zlovchiga nisbatan aniq beriladigan joyni ifodalaydi, nisbiy deya esa uch tomonlama ya’ni so‘zlovchi adresat va makon o‘rtasidagi nihoyat uchinchi absolyut makonda barcha uchun aniq bo‘lgan shimol/janub kabi koordinatlalarni kiritadi. Makonni bildiruvchi deyktik tbirliklar odatda (i) koʻrsatish olmoshlari va koʻrsatish sifatlari, (ii) o‘rinni bildiruvchi ravishlar, (iii) deiktik markerga ega uchinchi shaxs olmoshlari va (iv) harakat feʼllarning affikslari va harakat fe’llari yordamida ifodalanadi [Huang 2007:165].
Zamon deyksisi yaqin bo`lgan vaqtga, aniq ishora qilinayotgan paytga ishora qilishdir. Odatda, bu nutq vaziyatidan kelib chiqadi. Voqelikda kechayotgan hodisalar bayonida va ular haqida axborot uzatishda uning kechish davri, paytini ko`rsatish muhimdir. Bunday ko`rsatish vazifasini zamon (vaqt) deyksisi vositalari bajaradi. Zamon yoki temporal deyksisni ifodalovchi vositalar voqea sodir bo`layotgan hech qanday paytni ko`rsatmasdan, balki biror bir nutqiy akt ijrosidan odingi yoki keyingi davrga ishora qiladi. Nutqiy harakat bajarilishi vaqt davriyligi doirasidan tashqarida hech qachon yuzaga kelmaydi. Har qanday muloqot ma`lum davrda kechadi, nutqiy harakat aniq bir vaqt oraligi’da ijro etiladi. Demak, zamon deyksisi nutqiy harakat mazmuni va mundarijasini belgilashda asosiy o‘rinni egallaydi [Safarov 2007:174]. Zamon va makonni ko‘rsatish doimo yonma-yon holatda kechadi, shu sababdan ularni birgalikda uchratish holatlari juda ko‘pdir.
Yuqoridagi uchala deyksis turidan aniq bo‘layaptiki deyksis hodisasi egosentrikdir, biroq buni Srebryanskaya ixtiyoriy xususiyat deya, deyksisni "egosentrik bo‘lmagan" [Burlakova...], "mutlaq" [Apresyan ...], "heterodeixis" [Sitta ...], "ob'ektiv" [Sternin 1973] bo‘lishi mumkin deb ataydi [Srebryanskaya ...]. Bu turlardan tashqari deyksisning boshqa turlari ham mavjudki, bu bilan dastlab Filmor va Layonz shug‘ullanishgan. Ularga diskurs, sotsial,emotsional yoki emfatik deyksis, anafora, katafora kabilar kiritiladi.
Diskurs deyksisi matnning ma’lum bo‘laklariga ishora qilish bo‘lib, bu turni ajratib o‘rganishni dastlab R.Lakoff taklif qilgan. Tilshunos bundan tashqari emotsional deyksisni ham ko‘rsatib o‘tgan [Lakoff 1974: 246]. Diskurs deyksisi ayni matn ichidagi qismlarga ishora qilib, ularni makon zamonga nisbatan ko‘rsatish muallif yoki yozuvchi tomonidan amalga oshiriladi. Bunda ishora ba’zida bir bir abzats, paragraf ba’zida esa butun bob bo‘yicha bo‘lishi mumkin.
Ch.Fillmor, R.Lakoff, V.I.Shaxovskiy, A.V.Kravchenko kabi olimlar, muloqot matnida suhbatdoshlarning xususiy munosabatlari o‘z aksini topishini hisobga olib, emotsional deyksisni ham alohida o‘rganish g‘oyasini targ‘ib qilishmoqda [Fillmore 1975; Lakoff 1974; Smith 1989; Shaxovskiy, Jura 2002]. Emfatik deyxis buni birinchi navbatda empatiyani bildirish bo‘lgan kontekstda ishlatishga tegishli. Xuddi shunday, u hissiy masofani ko‘rsatish uchun bundan boshqasiga o‘tishni o‘z ichiga oladi [Lyons 1977:685].
Ba’zi tillarda adresatning jamiyatda tutgan mavqeiga qarab turlicha ishora qilinishi mumkin. G.Yul ayni shu holat haqida to‘xtalib, maxsus lisoniy birliklar, grammatik shakllar orqali ifodalanadigan bu turni honorifiklar deb nomlaydi va nutqda bu birliklarning qo‘llanilishini sotsial deyksisga misol sifatida keltirish mumkin. Ingliz tilida bu holatni leksik vositalar yordamida ifodalasak, o‘zbek tilidagi sen-siz shaklidagi adresatga murojaat ayni holatning namunasidir [Yule 1996:11].
Hovard Uettshtayn deyktik iboralarning jonsiz (meager) lug`aviy ma`nosi va ularning aniq referensiyasi (determinate reference) o`rtasida bo`shliq orligini qayd etgan [Wittgenstein 1991] va ushbu bo`shliq ustidan qanday ko`prik urish ustida bosh qotirgan. Sh.Safarov deyksis ham xuddi shu ko`prikning ustunlaridan biridir deya aytib o`tgan [Safarov 2008:205]. Ma’lumot akti yoki til birligining tildan tashqari voqelikka havolasi so‘zlashuvchi sub'ekt bilan, ob'ektni individuallashtirish bilan bog‘liq bo‘lib, harakatdagi tilni, qo‘llanilayotgan tilni tavsiflaydi.Tilshunoslikda har qanday havolali iboraning referentining agar u ishlatilsagina topish mumkin deya firk bildirgan Rebul [Reboul 1994:156] o‘z qarashlarida nemis tilshunosi K.Byullerning g‘oyalariga tayanadi. U deyktik va nominativ lingvistik belgilarni qat’iy ajratib ko‘rsatgan holda, o‘z nazariyasida anafora va tasavvur deyksisi aniq ko‘rsatadi. U o‘z pozitsiyasini hind-evropa tillari vizual(tasavvur) deyxisda ko‘rsatish uchun anaforada murojaat qilish uchun asosan bir xil so‘zlardan foydalanishi bilan isbotlaydi [Bühler 2000:74–113]. Layonz anafora asosan makonga oid tushunchalar bo‘lgan narsalarni so‘zlashuv kontekstining vaqtinchalik o‘lchamiga o‘tkazishni va deyktik joylashuvni nutq olamidagi joy deb atash mumkin bo‘lgan narsa nuqtai nazaridan qayta talqin qilishni o‘z ichiga oladi, degan fikrlarni aytib o‘tgan [Lyons1977: 663]. Deyxis va anafora o‘rtasidagi farq qadimgi yunon grammatikachilarining asarlarida amalga oshirilgan, aksariyat tadqiqotchilar semantika va pragmatika sohalariga murojaat qilishadi (N.D.Arutyunova, J.Lyons, B.A.Vinogradov, I.M.Kobozeva, E.B.Paducheva, V.A.Plungyan, S. Levinson,). Boshqa tomondan, tildagi anaforik va qisman deyktik munosabatlar va vositalar sintaksis sohasida ishlovchi mutaxassislarda ham an’anaviy, ham N.Xomskiyning generativ grammatika metodologiyasi asosida, xususan, tillardagi boshqarish va bog‘lash nazariyalarida katta qiziqish uyg‘otadi. Arutyunova olmoshlarning anaforik qoʻllanishi deyksisga asoslanganligini va aniqroq aytganda uni nusxalashini taʼkidlaydi [Arutyunova 1985:18]. Bu haqida farang tilshunoshi F.Kornish anaforaning paydo bo‘lishi hozirgacha o‘rnatilgan mavjud diqqat markazini davom ettirish uchun signal deya ta’kidlab, zaif urg‘uli, fonologik jihatdan ko‘zga ko‘rinmas anaforalarning referentlari so‘zlovchi tomonidan matnda ular qo‘llanilgan nuqtada adresat uchun nisbatan yuqori darajadagi psixologik e'tibor yoki diqqat markazida bo‘lishi kerak deya fikr bildirgan [Cornish 2007: 10].
Orientatsiya masalalari shunchalik munozaraliki, ko‘plab deyksis tadqiqotchilari ularni e'tiborsiz qoldirmadilar. Haqiqiy deyktik shakllar va uning safdoshlari har doim boshqa turdagi ma’lumotlar(ko‘rsatuvchi, ramzli yoki belgili) bilan aniq indeksikal funktsiyalarni birlashtiradi. Agar kimdir deyksisning sof indeksikallik sifatida yanada qat'iy falsafiy ta'rifini qo‘llab-quvvatlasa, biz tabiiy til tizimlari har doim indeksli va indeks bo‘lmagan funktsiyalar o‘rtasidagi bir qorishma shaklida degan xulosaga kelamiz [William Hanks 2009:32].
Yuqorida keltirilgan barcha fikrlarni umumlashtirib quyidagi xulosalar chiqarildi. Tilshunoslikda faylasuflar tilning ma’no va mazmun anglatishi borasida bajarilgan izlanishlari doirasida keyinchalik tilshunoslikning semantika va pragmatika oqimlari shakllandi. Tilni kontekst bilan bo‘glovchi vositalar orasida orasida ko‘prik vazifasini bajaruvchi hodisa deyksis hodisasidir. Bu hodisani faylasuflar indeksikallik hodisasi deb atashgan bo‘lib, bu g‘oya dastavval Ch.Morris tomonidan yaratilib, so‘ngra Ch.Pirs tomonidan rivojlantirilgan, uning izlanishlarini Silversteyn va Nunberg davom ettirishgan. Indeksikallik hodisasi bu tilda aniq belgilangan so‘zlar yordamida ishora qilish bo‘lib, ularning markaziy ya’ni asoslari sifatida “men”, “shu yerda” va “hozir” ko‘riladi va ko‘proq semantikaga xos hisoblanadi. Kishilar, zamon va makonga ishora qiluvchi aniq vositalari bilan indeksikallik hodisasi deyksisning falsafiy tushunchasi sifatida ko‘riladi. Pragmatikada ishorani ko‘rsatuvchi hodisa bu deyksisdir. Deykis hodisasida ishora matn doirasidagina namoyon bo‘ladi, ya’ni aniq belgilangan deyktik vositalar bo‘lsa ham, ba’zi so‘zlar matn ichidagina ishora vositasi bo‘lishi mumkin. Deyksisni asosiy uch turi: shaxs,zamon va makon deyksisiga ajratiladi. Bundan tashqari diskurs, emotsional, sotsial deyksis kabi turlari ham mavjud. Deyktik vositalar tarkibiga olmoshlar, atoqli otlar, fe’lning grammatik qo‘shimchalari, zamon shakllari, ravishlarni kiritish mumkin. Har bir tilning o‘ziga xos grammatik tuzilishi bu vositalar qamrovini yanada kengaytirishi mumkin. Nutq tarkibida so‘zlovchi ishora qilishi uchun ko‘pincha yuqoridagi deyktik vositalarga tayanadi deyilsada, boshqa so‘zlar ham nutq vaziyatiga ko‘ra ishora bo‘lib kelishi va bu holatda u reprezentativ funksiyani ham bajarishi ko‘rib chiqildi. Pragmatik ishorani sof deyktik bo‘lgan so‘zlar ham, matn ichidagina ishorani bildiruvchi referent sifatidagi so‘zlar ham bajarishi aniqlandi.
Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati:
Bozorova M. The phenomenon of pragmatic indication in linguistics. This paper addresses into the issue of linguistic indexing. Language acquisition cannot be isolated from speech. In verbal communication, we apply words and expressions to reference or highlight what we have articulated. While gestures fulfill this role physically, in linguistics, this is achieved through deixis. This study will explore linguistic indication and explain the closely related phenomena of indexicality and deixis. The intersections of indexical and deictic terms will be examined, and we aim to uncover why deixis is regarded as a pragmatic feature in linguistics.
Бозорова М. Феномен прагматического указания в лингвистике. В этой статье рассматривается вопрос лингвистической индексации. Овладение языком не может быть изолировано от речи. В вербальной коммуникации мы применяем слова и выражения для ссылки или выделения того, что мы артикулировали. В то время как жесты выполняют эту роль физически, в лингвистике это достигается посредством дейксиса. В этом исследовании будет изучена лингвистическая индикация и объяснены тесно связанные явления индексальности и дейксиса. Будут рассмотрены пересечения индексальных и дейктических терминов, и мы стремимся раскрыть, почему дейксис рассматривается как прагматическая черта в лингвистике.