turizmga quyidagicha ta’rif berildi: "Turizm - odamlarning shaxsiy yoki biznes/professional maqsadlarda odatdagi yashash muhitdan tashqaridagi mamlakatlarga tashrif buyurishiga olib keladigan ijtimoiy, madaniy va iqtisodiy hodisa". Turizm asosan dam olish yoki professional maqsadlar uchun odamlarning harakati bo‘lishiga qaramay, ko‘plab olimlar turizmni o‘rganishga qiziqishadi. Turizmni sayyohlar va mahalliy aholi o‘rtasidagi madaniyatlararo muloqot jarayoni sifatida talqin qilishimiz mumkin. Turizm madaniy amaliyotlarni qayta shakllantirish mafkuralar farqli jihatlarini va madaniyatlararo munosabatlarni davom ettirishda kuchli rol o‘ynaydi. Muxtasar qilib aytganda, turizm sayyohlar bilishi uchun mo‘ljallangan madaniyatni ishlab chiqaradi [Thurlow, Jaworski 2011, p. 287]. Italiyalik olima Denti turizmni o‘ziga xos madaniy, madaniyatlararo muloqot jarayoni deb hisoblaydi, uning ishtirokchilari yangi dunyolar, yangi tillar va yangi suhbatdoshlar bilan tanishish va kashf qilishni xohlaydigan sayohatchilar va sayyohlik targ‘ibotchilaridir. Shuning uchun turizmni shunchaki dam olish yoki kasbiy faoliyatdan ko‘ra ko‘proq, uni mamlakatning madaniy o‘ziga xosligini ifodalash va kashf qilish deb hisoblash mumkin [Denti 2012, p. 11].
Turizm sohasi ilmiy olamning juda qiziqarli va ko‘p qirrali obyektlaridan biri sifatida turli soha olimlarning e’tiborini jalb qilib kelmoqda. U iqtisodchilar, faylasuflar, sotsiologlar, tilshunoslarning e'tiborini tortadi va ijtimoiy-madaniy hodisalarni tushunishning yangi qirralari va imkoniyatlarini ochadi.
Turizm ijtimoiy-falsafiy jihatdan bir qator o‘zbek olimlari ilmiy ishlarida tahlil qilingan [B.X. Mirzarahimov, 2021; Sh.J. Hoshimov, 2022; B.Orziqulov, 2021 va boshqalar].
Turizm madaniyatlar xilma-xilligi bilan tanishish usullaridan biri sifatida gʻarb antropologlari D. Kempbell, B. Lauterbax, K. Levi-Strous, D. Nesh, M. Mead, V. Smit, L. Tyorner va boshqa olimlarning tadqiqot predmeti sifatida o‘rganilgan.
Turizmda madaniyatlararo muloqot va madaniy amaliyotning ayrim masalalari ko‘pgina tadqiqotchilar tomonidan ko‘rib chiqilgan [N.Qurbonova, 2019; A.M.Muzaffarov, 2020; Z.N.Boboshev, 2022; Welsch, 1992; Dann, 1996; Cronin, 2000,2003; Rogacheva, 2003; Galizdra, 2006; Moshnyaga, 2010, 2011; Lisikova, 2012; va boshqalar].
Turizmda diskursiv faoliyatni amalga oshirish masalalari quyidagi olimlar ishlarida tahlil qilingan [Dann, 1996; Thurlow va Jaworsky, 2003; Kappelli, 1996, 2006; Fox, 2006; Phipps, 2006; Brice, 2007; Jaworsky, Thurlow, Ylanne-McEwen va Lawson, 2007; Baxvalova, 2008; Tarnaeva, 200W; Pogodaeva, 2008; Mityagina, 2009; Kositskaya, 2013; Filatova, 2014; Govorunova, 2014; Slezko, 2014; va boshqalar].
Turizm iqtisodiy barqarorlikning asosiy yo‘nalishi sifatida iqtisodchilarning tadqiqot obyekti sifatida o‘rganilib kelgan [M.Pardayev, Q.Mirzayev, O.Pardayev, 2014; Z.Raximov, D.Norkulova, 2019; T.Sadikov, M.Nurfayziyeva, 2019; B.Safarov, N.Ibadullayev, M.Daminov, 2019; Z.Raximov, 2019; R.Amriddinova, S.Abduxamidov, A.Maxmudova, 2018; M.Boltayev, B.Safarov, I.Tuxliyev, S.Abduxamidov, 2018; Z.Rahimov, R.Haitboyev, N.Ibadullayev, B.Safarov, 2018; va boshqalar].
Sayyohlik harakatlari juda qadimdam mavjud bo‘lgan. Miloddan avvalgi 1500-yillarda qadimgi Misrda aholining imtiyozli guruhlari piramidalarga qiziqish yoki zavq tufayli sayohat qilganda, rekreatsion sayohatning aniq belgilari paydo bo‘lgan [Casson, 1994, p. 32]. Miloddan avvalgi 130 yillarda Xitoydagi Sian shahridan boshlanib Sharqiy Turkiston, O‘rta Osiyo, Eron, Mesopotamiya orqali o‘rta Yer dengizigacha o‘rnatilgan Buyuk Ipak Yo‘li orqali savdo turizmining keng rivojlanishiga olib kelgan. O‘zga mamlakatlar va madaniyatlarni o‘rganish istagidagi yakka tartibdagi sayohatchilar asta-sekinlik bilan ommaviy, uyushgan, guruh turizmi shakllanishiga almashdi. XX asrda siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy sharoitlar tufayli temiryo‘l va havo transpotlari keng yo‘lga qo‘yildi, xizmat ko‘rsatish sohalari yaxshilandi va sayohat qilishga katta imkoniyatlar yaratildi. Hozirgi kunda turizm - bu zamonaviy shaxsning maqom ko‘rsatkichlari, uning o‘zgaruvchan xizmatlar doirasi va axborot texnologiyalariga munosabati hamda jamiyatning ijtimoiy faolligidir.
Mamlakatimiz hayotida turizm faol o‘rin egallaydi, xorijlik mehmonlarning yildan-yilga qiziqishi ortib bormoqda. Mamlakatda sayyohlar soni yil sayin ortib borayotganligi sababli, tegishli xizmatga bo‘lgan talab ham ortib bormoqda, ushbu talablar tur operator, gid va turistik kompaniyalar bilan bir qatorda belgilanadi. Turizm sohasida yuqori malakali mutaxassislarga bo‘lgan ehtiyoj dolzarb bo‘lib qolmoqda, bunga o‘z navbatida turizm biznesi bilan shug'ullanadigan odamlarga turizm nutqining uslubi, lug'ati va atamalarini o‘rgatish orqali erishiladi.
XXI asrning boshlarida turistik diskurs atamasiga qiziqish orta boshladi. Rus tilidagi turistik belgilar N.V.Filatova, L.Yu. Govorunova ishlarida o‘z aksini topgan. S.A. Pogodayeva, T.I. Babkina va I.D. Volkova o‘z ishlarida turistik leksemalarni rus va fransuz tillarida qiyosiy tadqiq qilganlar. E.Yu. Novikova, M.A. Kuzina va O.A. Kuzina esa turistik leksemalarni rus va nemis tillarida qiyoslaganlar.
Turizm, terminologiyasi turistik diskursning bir qismidir. Diskurs tushunchasi olimlar tomonidan turlicha talqin qilinadi. Hozirgi paytda «diskurs» tushunchasi juda keng miqyosda qo‘llanishda bo‘lgan filologik tushunchaga aylanib ulgurdi. Ammo, hozirgacha ushbu terminning barcha qo‘llanishlariga izoh beradigan ta'rif yo‘q, desak xato qilmaymiz. Balki, xuddi shu terminologik «noturg'unlik» uning o‘ta ommaviylashuviga sabab bo‘lsa, ajab emas.
Ushbu terminni tilshunoslar orasida birinchilardan bo‘lib amerikalik olim Z. Xarris 1952-yilda og'zaki nutq tahliliga bag'ishlangan maqolasida ishlatgan edi. Roppa-rosa yigirma yil o‘tgandan so‘ng tilshunoslar bu terminni yana eslab qolishdi va endilikda unga murojaat qilinmagan tadqiqotni uchratish qiyin. «Diskurs» tushunchasi tilshunoslik sohalarida bir xilda ishlatilmasligi aniq, biroq, har qanday holatda ham ushbu tushuncha vositasida «nutq», «matn» va «dialog» kabi muloqot hodisalarining mohiyatini aniqlashtirish hamda umumlashtirish harakati mavjudligi sezilib turadi. Diskurs, bir tomondan, kommunikativ vaziyatda sodir bo‘ladigan nutq sifatida qaralib, ijtimoiy mundarijaga ega kategoriya maqomini olsa [qarang: Makarov 2001: 85], boshqa tomondan, zamonaviy diskurs tahlili axborotning kommunikativ muhit doirasidagi harakati tadqiqi bilan bog'lanadi. Axborot uzatish harakati suhbatdoshlar hamkorligi sharoitida kechishini inobatga oladigan bo‘lsak, diskurs tahlilida dialogik muloqot strukturasi tavsiflanishini e'tirof etish lozim bo‘ladi [Galperin 1981: 138].
Ba'zi ta'riflarda diskursning nutqiy hodisa ekanligi ta'kidlanib, uning g'ayrilisoniy omillar bilan uyg‘unlashuvi ko‘rsatib o‘tiladi [Kojina 2004: 9-33]. Funksional tilshunoslik sohasida esa diskurs tilning ma'lum zamon va makonda faollashuvi ko‘rinishida talqin qilinadi [Kibrik 1997: 308].
T.M. Nikolayevaning «Matn tilshunosligi terminlari qisqacha lug'ati»da diskurs terminining ko‘p ma'noliligi qayd etilgan: «Diskurs – matn tilshunosligining ko‘p ma'noli terminidir va ba'zi mualliflar uni qariyb omonimlar ko‘rinishidagi ma'nolarda talqin qilib kelmoqdalar. Ulardan muhimlari quyidagilardir: 1) bog'li matn; 2) matnning og'zaki shakli; 3) dialog; 4) mazmun jihatidan o‘zaro bog'langan gaplar guruhi; 5) yozma yoki og'zaki shakldagi nutqiy tuzilma» [Nikolayeva 1978: 467].
Ingliz olimi Debora Shiffrin nazdida, diskurs axborot uzatish va uni talqin qilish imkonini beruvchi tuzilmadir. Uning yozishicha, «The fact that discourse has this role takes us outside of linguistics per se simply because we have to address how the language of discourse is related to aspects of the communication process the bear an inderect and complicated (as well as controversial) relationship to language per se» [Schiffrin 1990: 99].
Yuqorida keltirilgan ta'riflarda diskursning kommunikativ voqelikka munosabati masalasi aniq yoritilmagani namoyon bo‘ladi. Ma'lumki, kommunikativ voqelik muloqot ishtirokchilaridan tashqari, xabar, lison, kontekst kabilarni ham qamrab oladi.
Keltirilgan ta'riflardan ma'lum bo‘lishicha, «diskurs» termini boshqa bir tilshunoslik termini «matn»dan unchalik uzoqlashmaydi. Bunda, albatta, ma'lum vaqt oralig‘ida kechayotgan muloqotning dinamik xususiyati qayd etilib, matnning, aksincha, lisoniy faoliyat mahsuli sifatidagi statik xususiyati eslatib o‘tiladi. Bizningcha, diskursning bir paytning o‘zida ikki holatni ham qayd etuvchi, ya'ni ijtimoiy muhitga mos lisoniy faoliyat va ushbu faoliyat mahsulini aks ettiruvchi hodisa maqomidagi talqini maqsadga muvofiqdir [qarang: Safarov 2018: 315]. «Diskurs» tushunchasini «bog'li matn» (svyaznoy tekst) tushunchasi bilan almashtirish yo‘lidagi urinishlar behuda, chunki qismlari o‘rtasidagi bog'liqlik ta'minlanmagan tuzilma hech qachon «matn» maqomiga ega bo‘la olmaydi. Diskurs tushunchasiga eng yaqin hodisa, albatta, dialogdir, zotan dialog muloqotdoshlarning bevosita nutqiy harakatlarni bajarish orqali axborot almashinuvi yuzaga kelishini taqozo etadi. Diskursda ham har qanday kommunikativ aktda bo‘lganidek, muallif va adresat ishtiroki nazarda tutiladi. Ushbu ishtirokchilar rollarining almashinuvi esa dialogik diskurs hosil bo‘lishiga olib keladi. Agarda diskurs jarayonida so‘zlovchi rolini faqat bir kishi bajarsa, monologik diskurs yuzaga keladi. Monolog ham adresatsiz kechmaydi, monolog va dialogni bir-biriga qarama-qarshi qo‘yilishiga odatlangan bo‘lsak-da, lekin monolog dialogning xususiy ko‘rinishi ekanligini unutmaslik kerak [Deyk 1995: 383-410].
Shunday qilib, diskurs hodisasi nutq jarayoni, nutq turi, matn, matn turi va hatto subyektsiz nutqiy harakatni tahlil qiluvchi metod ko‘rinishlarida talqin qilinib kelinmoqda. Biroq, hamma tadqiqotchilar ham «diskurs», «nutq» va «matn» tushunchalarini yagona tizim doirasida birlashtirish tarafdori emaslar. Hanuz ko‘pchilik tadqiqotchilar ushbu tushunchalarni – yozma matn va og‘zaki diskurs qarama-qarshiligida tasvirlashni davom ettirmoqdalar [Moskalskaya 1981: 183]. Ba'zilar diskursni nutqiy muloqot birligi sifatida qarab, uni yagona muallif ijodiy faoliyati mahsuli bo‘lgan matndan farqlaydilar.
«Diskurs» tushunchasi haqiqatdan ham lisoniy faoliyatning murakkab tarkibli, ko‘p jihatli hodisalaridandir va shu bois, unga beriladigan tavsiflarning bir xil bo‘lishi qiyin masala.
Fransuz olimi P. Serio hozirgi paytda «diskurs» termini sakkizta ma'noda ishlatilayotganini qayd etadi [Serio 1999: 26-27] :
1) nutq tushunchasining muqobili, ya'ni har qanday nutqiy tuzilmani atash uchun;
2) alohida nutqiy tuzilmalar ketma-ketligini o‘rganuvchi «matn grammatikasi»ning obyekti bo‘lgan birliklarni nomlash uchun;
3) nutq nazariyasi yoki pragmatika doirasida nutqiy tuzilmaning adresatga ta'siri ba'zan «diskurs» atamasini oladi;
4) ba'zi holatlarda muloqotdoshlar suhbati «diskurs» deya nomlanadi;
5) E. Benvenistning talqinicha, so‘zlovchining nutqi «diskurs» subyektsiz kechadigan «bayon»ga qarama-qarshi qo‘yiladi;
6) ba'zan til va nutq (language/discourse), o‘zaro unchalik farqlanmaydigan hodisalar sifatida qaralsa, boshqa paytlarda lisoniy birliklar faollashuvi darajasida farqlanadi. Natijada, «tilda» va «nutqda» yo‘nalishidagi tadqiqotlar paydo bo‘ladi;
7) «diskurs» termini ayrim paytlarda turli omillar tomonidan lisoniy tanlovga qo‘yiladigan cheklovlarga nisbatan ham ishlatiladi;
8) diskurs tahlili, odatda diskurs va nutqiy tuzilmani farqlash talabini qo‘yadi. Nutqiy tuzilma frazalar ketma-ketligidan iborat bo‘lsa, diskurs - uni boshqaruvchi mexanizmlar nuqtayi nazaridan qaraladigan nutqiy hodisa».
Ravshanki, tilshunoslikda «diskurs» terminining mazmun-ma'nosi turli nuqtai-nazardan yoritiladi. Tilshunoslarning diskurs haqidagi turlicha tasavvurlari faylasuf M. Fukoning konsepsiyasida ham o‘z aksini topgan. Faylasufning ishlarida diskurs «nutq», «fikr yuritish», «tafakkur» ma'nolarida ishlatilgan. Olim diskurs nazariyasiga aniq tarixiy davr, voqealarni tahlil qilish maqsadida murojaat qiladi va shu usul unga nutq va tafakkur o‘rtasidagi bog'liqliklarni aniqlashga imkon beradi [Fuko 1996: 83-84].
Diskursiv faoliyat ikkita bir-biriga qarama-qarshi rollar, ya'ni so‘zlovchi va adresat faollashuvini talab qilganligi bois, nutqiy muloqotning tahlili shu tamoyillarga nisbatan yo‘nalish oladi. Diskurs tashkil topishi jarayonini modellashtirish uni tushunish modelidan farq qilishi aniq. Diskursologiyada ikkita tahlil yo‘nalishining shakllanishi xuddi shunga bog'liqdir. Diskursning shakllanishi o‘rganilganda, masalan, lisoniy birliklar tanlovi, ularning faollashuv qoidalari kabilar aniqlansa, tushunish modelida e'tibor kognitiv mexanizmlarga qaratiladi. Bundan tashqari, lisoniy muloqot jarayonini matn nuqtai nazaridan talqin qiluvchi uchinchi yo‘nalish ham shakllanmoqda.
Shu jihatdan, o‘zbek olimasi A. Z. Normurodovaning bergan ta'rifida ushbu hodisaning keng qamrovliligi aks topganini alohida ta'kidlamoqchimiz: «Diskurs – matnni kommunikatsiyada, harakatda, sotsiomadaniy kontekstda bo‘lishini taqozo etadigan hamda lisoniy va nolisoniy omillar, axborotlar (olam, kechayotgan voqealar, qadriyatlar haqidagi bilim) bilan bog'liq murakkab kommunikativ hodisadir [Normurodova 2020: 29].
Darhaqiqat, diskurs tahlili lisoniy omillar bilan bir qatorda, nolisoniy omillar bo‘lgan muloqot ishtirokchilari, kommunikativ maqsad va pragmatik mo‘ljal, muloqot vaziyatini hosil qiluvchi zamon, makon ko‘rsatkichlari, sotsiomadaniy va qomusiy bilim, matn janri kabilarni ham e'tiborga olishni taqozo etadi [Ashurova, Galieva 2016: 133].
Lyu Xuan asarlarida qoʻllanilgan kognitiv tilshunoslik salohiyati turli til madaniyatlari asosida “sayohat” asosiy turistik konsepsiyasini kontrastli oʻrganish imkonini berdi [Lyu Xuan, 2004]. Diskursga oid tadqiqot paradigmalarining ko‘pligiga qaramay, sotsiolingvistik yondashuv hali ham tilshunoslarning katta e'tiborini tortadi, chunki ishtirokchilarning ijtimoiy o‘rni va vaziyat matni tilni amalga oshirishga bevosita ta'sir qilib, kommunikativ harakatlar va nutqni shakllantirish xususiyatlariga ko‘ra muloqotni farqlash imkonini beradi. Muloqot va diskursivlikning zamonaviy talqini shaxsni til prizmasi, lingvistik ong orqali muayyan madaniyat vakili sifatida tushunishga to‘g'ri keladi.
Olib borilayotgan tadqiqot konvensiyalari turizm nutqini sotsiolingvistikaga mos ravishda ko‘rib chiqishni o‘z ichiga oladi, chunki zamonaviy turizm nutqi ijtimoiy-madaniy globallashuv jarayonlarni aks ettiruvchi va qadriyatlarning umumiyligi, kommunikativ xatti-harakatlarning parallelligi va shaxsiy omilning yuqori roli bilan tavsiflanadi [Mityagina, Novikova, 2015, p. 290-310].
Demak, turizm nutqi doirasidagi muloqot sohasi turizmdir. A.Ya.Flier fikriga ko‘ra, turizm ommaviy madaniyat hodisasidir, turizm o‘yin-kulgi, xizmat ko‘rsatish, sog'lomlashtirish, dam olish, marketingni shakllantiradigan boshqa sohalarning elementlari va xususiyatlarini birlashtiradi. [Flier, 1998, b.138-148].
V.I. Karasik tomonidan taklif qilingan diskursning individual va institutsional bo‘linishi ko‘plab tadqiqotchilar uchun turizm diskursini o‘rganishda boshlang'ich nuqta bo‘lib xizmat qildi.
1) Individual - "dam olish, ish yuzasidan va boshqa sabablarga ko‘ra odatdagi muhitdan tashqari joylarda bir yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga sayohat qiladigan shaxslarning faoliyati".
2) Institutsional - "yashash joyidan tashqarida aholiga xizmat ko‘rsatadigan iqtisodiyot tarmog'i” [Zorin, 2005:552].
Birinchisida, inson sayohatining ma'lum bir shakli, ikkinchi holatda esa sayohatchilarga xizmat ko‘rsatish bilan shug'ullanish nazarda tutiladi. Nutqning ikki tomonlama tabiatini tushunish, hatto turizmning diskursiv xususiyatlari yuzaki tahlil qilinganda ham, uning ko‘p jihatli xarakterga ega ekanligini ta’kidlash mumkin. Shunday qilib, sayohat - dam olish, bo‘sh vaqt, sayohat qilish, joylarga / odamlarga tashrif buyurish, o‘yin-kulgi kabi tushunchalar bilan bog'liq (1-rasm).
Xizmatlar ko‘rsatish iqtisodiy tarkibiy qismni o‘z ichiga oladi: xizmatlar, xizmat ko‘rsatish, foyda, reyting, marketing, brending, investitsiyalar, iqtisodiy o‘sish(2-rasm).
1.1-rasm
Turizm, shaxsning sayohat qilish sohasi sifatida
|
![]() |

1.2-rasm
Turizm, sayohatchilarga xizmat ko‘rsatadigan iqtisodiyot tarmog'i sifatida
![]() |
[Ye.Yu. Novikova, 2018].
Yuqorida keltirilgan muloqot sohalari turlicha maqsadlarni ko‘zlashiga qaramay, ikkala vaziyatda ham institutional diskurs turi haqida gap ketayapti, chunki ishtirokchilar u yoki bu tarzda ijtimoiy-madaniy munosabatlarga kirishadi.
Turistik diskurs – institutsional diskursdir. Turistik diskursning asosiy vazifasi ma’lumot berish [S.A. Pogodayeva, 2006, 47 b.]. Haqiqatan ham turizm iqtisodiyotning bir tarmog'i sifatida o‘z-o‘zidan institutsional hodisa bo‘lib, shu maqomga yo‘naltirilgan ifodada mavjud. Turizm xizmatlarini amalga oshirish va axborotni tarqatish faqat institutsional kanallar orqali amalga oshiriladi. Sayohat davomida, turistik mahsulotni qabul qilayotganda, sayohatchi, albatta, turli institutlarga duch keladi va shu yo‘sinda muloqot qiladi.
Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati:
Бузрукова М. Классификация туристического дискурса. В данной статье анализируются основные факторы дискурсивной активности. Обсуждаются зарождение, актуальность и уровень исследования туристского дискурса узбекскими, российскими и зарубежными учеными.
Buzrukova M. Classification of tourism discourse. This article analyzes the main factors of discursive activity. The origin, relevance and level of research of the tourist discourse by Uzbek, Russian and foreign scientists are discussed.