VIKTOR GYUGONING “KULIB TURUVCHI ODAM” ROMANIDA MAKON VA ZAMON TALQINI

Viktor Gyugo 1851–1870-yillar quvg‘inlik davrida o‘zining shoh asarlari “Xo‘rlanganlar” (Les Misérables, 1862), “Dengiz zahmatkashlari” (Les Travailleurs de la mer, 1866), “Kulib turuvchi

 

odam” (L’Homme qui rit, 1869) romanlarini, “Intiqom” (Les Châtiments, 1853), “Mushohadalar” (Les Contemplations, 1836) she’riy kitoblarini yaratdi. Qariyb yigirma yil vatandan yiroqda yashagan adib imperator Lui Bonapart rejimiga qarshi kurashdi, o‘z asarlarida xalq erki, ozodlik va tenglik g‘oyalarini tarannum etdi. Davrning ijtimoiy-siyosiy hayotini o‘zida ifoda etuvchi romanlaridagi Jan Valjan, Jilyat, Gvenplen kabi irodali, tabiat va jamiyatning noinsoniy qonunlari, injiqliklari oldida bosh egmagan oliyjanob qiyofali obrazlar yozuvchi dunyoqarashining mahsuli sifatida gavdalanadi.

Yozuvchining “Kulib turuvchi odam” (L’Homme qui rit, 1869) romani mazmuni XVII–XVIII asrlar Angliya tarixi, qirolicha Anna hukmronligi davri voqealaridan olingan. Voqealar boshida qirolicha saroyidagi fisqu-fasodlar qurboni bo‘lgan lord Gvenplenning aql bovar qilmas romantik sarguzashtlarga boy taqdiri turadi. Gvenplen go‘daklik paytida yosh bolalar bilan savdo qiluvchi (komprachikoslar) johil odamlar qo‘liga tushadi. Ular bolakayning yuzini kesib, tanimas qiyofaga, doim kulib turuvchi niqobga aylantiradilar. Gvenplen yoshlikdan hayot qiyinchiliklarini boshidan kechiradi, o‘z tutingan otasi qariya Ursus va ko‘zi ojiz qizaloq Deya bilan sayoq truppada tomoshalar ko‘rsatib kun kechiradi.

Gvenplen bilan Deya birga ulg‘ayadilar, yigit qizaloqning husnu jamoli, aql-zakovatiga maftun bo‘lib, uni chin qalbdan sevadi. Ammo o‘zining xunuk va kulguli qiyofasini ko‘rishdan mahrum bo‘lgan Deyaning baxtiga zomin bo‘lishni istamaydi. Sohibjamol Deya ham Gvenplenni chin dildan yaxshi ko‘radi, bir umr u bilan birga bo‘lishga tayyor, lekin u ojizligi sabab yigitga ortiqcha yuk bo‘lishdan qo‘rqadi. Gvenplen o‘z lordlik unvonini tiklaydi, lordlar palatasida kambag‘al-qashshoqlar huquqini himoya qilib nutqlar so‘zlaydi. Natija chiqmagach, hammasidan voz kechib, oldingi hayotiga qaytadi. Sevgilisi Deya vafot etgach, yolg‘izlikda yashay olmay, o‘zini dengizga cho‘ktirib halok bo‘ladi.

“Kulib turuvchi odam” romanining asosiy voqealari 1690-yilning 29-yanvarida Portlend orolidagi kemaga yashiringan komprachikoslar jinoyati haqida edi. Ular bolalar savdosi bilan shug‘ullanib, bolalarni tomoshabinlar uchun kulgili narsalarga aylantirishadi. Gvenplen va Deya taqdir taqozosi bilan Ursus sayoq teatriga borib qoladi.

1705-yilga kelib ancha keksayib qolgan Ursus 15 yil davomida Gvenplen va Deyaga allaqachon ota va ustoz bo‘lib bo‘lgan edi. Asar qahramonlari Gvenplen va Deyaning fojiali qismati o‘z zamonasining achchiq haqiqatini ifodalaydi.

“Kulib turuvchi odam” (L’Homme qui rit, 1869) muqaddimasida roman g‘oyasi ijtimoiy jihatdan ta’riflanganligini kuzatish mumkin.

Gyugo qahramonlari dunyosi ham universallik belgisiga ega. Adib o‘tkinchi, o‘lishi muqarrar bo‘lgan inson qiyofasida insonni mangu qilib tasvirlashni xohlaydi [10; p. 19] (peindre sous l’homme momentané l’homme éternel; [11; p. 181]).

Rus adabiyotshunosi E.M. Yevnina yozganidek, “Xudo” tushunchasi Gyugo uchun “ma’naviy-axloqiy ideal” tushunchasining sinonimini anglatadi; bu ichki bir ovoz bo‘lib, u insonga haqiqat qayerda va yolg‘on qayerdaligini bildiradi; bu ezgu-hayrlilik boshi bo‘lib, u ko‘zga ko‘rinmaydigan holda butun olamda, butun koinotda qorong‘ulik va yovuzlikka doimiy qarshi harakatda mavjud bo‘ladi [2; c. 208].

Romantik yozuvchilarga xos bo‘lgan tilning bu xususiyatiga, ya’ni aynan bir xil munosabatlarni turli ko‘rinishlarda tasvirlash xususiyatini 1829-yildayoq fransuz adabiyotshunosi Pyer Leru ko‘rsatib o‘tgan va bunday uslubni “simvolizm ruhidagi” uslub deb nomlagan edi. Leru ushbu uslubda ayniyat qonuni namoyon bo‘lishini ko‘rgan: “ayniyat — shu kabi almashishlar qonuni…; taqqoslash — inson aql-idrokining asosiy yo‘lidir” [5; c. 229]. Ayniyat falsafasi Gyugoning ijodiy usuliga ham bevosita katta ta’sir o‘tkazgan. “Simvolizm ruhidagi taqqoslashda, — yozadi B.G. Reizov, — Gyugo o‘z falsafasini, o‘zining ‘dunyoni poetik his etish’ini ifoda qilish shaklini izlaydi. Shoirona simvolizm u uchun qandaydir bir muhim narsani — jahon miqyosidagi birdamlik qaror topishini, butun olam ma’naviy-axloqiy mazmun-mohiyatini, dunyo uzluksiz takomillashishini anglatadi” [6; b. 226]. Aslini olganda, bu jarayon romantizm ruhidagi estetik rivojlanish yo‘lida bormoqda.

Masalan, adabiyotshunos L.Galdi romantik yozuvchilarning jamiki mamlakatlar va xalqlarning dinlariga katta e’tibor qaratishlarini klassik ideallarga nisbatan salbiy (teskari) reaksiya bilan izohlaydi. U “Yunon-rum mifologiyasining ustunligi asta-sekin yo‘qolib ketmoqda, biroq g‘alati bir birikma bilan almashinib, qaysidir o‘rinda misrlik ma’budalar tinchgina german xudolari va bir qator monoteizm dinlarining ulkan siymolari — Yahvedan tortib Buddagacha murosa qilib yashamoqdalar” [1; c. 396], deb yozadi.

Vaqt jihatidan boy mazmundorlik, shuningdek, Gyugo romanlari janriga oid o‘ziga xos xususiyatlari bilan shartlangan bo‘lib, unda epikka xos xususiyatlar drama xususiyatlari bilan o‘zaro bog‘langan holda bir-biriga ta’sir o‘tkazadi. Eposni drama shakliga keltirish, dramani esa epos darajasigacha ko‘tarish yozuvchining asosiy maqsadlaridan biri edi. (L’expression dramatique a hanté Hugo de ses premiеrs années à ses derniers jours… Poèt dramatique plus encore qu’épique)[8; p. 6-7]. - Ma’nosi: dramatik iboralar Gyugoni ilk yillaridan to oxirgi kunlarigacha ta’qib etib kelgan. U dramatik shoirdan ko‘ra ko‘proq epik yozuvchidir. U 1823-yilning o‘zidayoq Valter Skott haqidagi maqolasida Gyugo bir vaqtning o‘zida ham drama, ham epopeya bo‘ladigan roman yaratmoqchi ekanligini ma’lum qilgan edi [9; p. 647].

“Kulib turuvchi odam” romanida esa bu yakun o‘sha bepoyon bo‘shliq va cheksiz vaqt obrazida xotimalanadi: - j’arrive dit-il. Des, me voilà.

Et il continue de marcher. Il n’y avait pas de parapet. Le vide était devant lui. Il y mit le pied.

  Il tomba.

La nuit était épaisse et soured, l’eau était profonde. Il s’englouit. Ce fu tune disparition calme et somber. Personne ne vit ni n’entendit rien. Le navire continua de voguer et le fleuve de couler.

  Peu eprès le navire entre dans l’océan (L’Homme qui rit. – P. 374).

Ma’nosi:

- Mana, men keldim, — dedi u.
Va u yurishda davom etdi. Uning suyanchiqlari yo‘q edi. Uning ro‘parasida bo‘shliq turardi.
U yiqilib tushdi.
Tun zim-ziyo edi, suv juda chuqur edi.
U cho‘kib ketdi. Bu sokin va zim-ziyo yo‘qolish edi. Hech kim uni ko‘rmadi ham, eshitmadi ham. Kema suzishda davom etar, daryo esa hamon oqar edi.
Birozdan so‘ng kema okeanga chiqdi.

Bu misolda “Hech kim uni ko‘rmadi ham, eshitmadi ham” jumlasi jamiyatda insonlarning narsalarcha ham qadri yo‘qligi oddiy qilib tasvirlanadi. Bundan tashqari, hikoya qilish vaqti yo kelajak (mualliflik) vaqti bilan, yo o‘tgan asrlarda ro‘y bergan hodisalar bilan doimo qiyoslanadi. Gyugo buni “o‘tmishning azaliy va abadiy hoziru nozir bo‘lishi” deb ataydi.

“Kulib turuvchi odam” romanida Angliya syujet rivoji kechadigan makon hisoblanadi. Bu asarda u real makon vazifasini o‘taydi.

Kichkina Gvenplen ham cho‘qqiga ko‘tariladi. Uning oddiy kishi qo‘lidan kelmaydigan, boshqacha qilib aytganda, g‘ayriinsoniy ko‘tarilishini Gyugo bir necha boblarda tasvirlaydi. Gvenplen uchun ikkinchi ko‘tarilish, boshqacha qilib aytganda, yuksalish Angliya Lordlar palatasiga bo‘lgan yo‘ldan boshlanadi.

Gyugo romanlarida cho‘qqi — makonni ifodalovchi belgi emas, balki obraz, metafora (majoziy ma’no), yozuvchining hammasidan ustun turuvchi g‘oyasi — insonning ruhiy va ma’naviy yuksalishi, haqiqatga, adolatga, yorug‘likka bo‘lgan intilishining mujassamidir.

Sobiq Sovet ittifoqi adabiyotshunoslari ba’zan Gyugoning “Kulib turuvchi odam” romanini aynan romantizmga yoki romantizmdan tanqidiy realizmga o‘tadigan asarlarga bog‘lash borasida bahslashishgan. M.Yaxontova ta’kidlashicha Gyugoning romani romantizm elementlari singdirilgan realistik asardir [4; c. 3-18]. Romanning asosiy holati — g‘ayrioddiy sharoitlardagi qahramon-romantizmga xosdir, ammo ayrim xususiyatlar (masalan, romandagi vasiyatlarning ijtimoiy mohiyatini namoyish etish) uni yanada realistik yo‘nalishdagi adabiyotga, xususan Dikkensga yaqinlashtiradi.

Romantizmga xos hikoya qilish uslubida vazn, ritm va ohang muammosi muhim ahamiyatga ega. Romantizm prozasining o‘ziga xos xususiyatlari adabiyotning boshqa yo‘nalishlaridan keskin farq qiladigan belgilarni yaratdi. Rus matnshunos olimi A.V. Chicherin bu haqda quyidagicha yozadi: “…prozada romantizm yaratgan o‘ziga xos xususiyatlar bu taajjublanarli holda ixtiro qilingan she’r bilan tabiiy va oddiy birikmalardan boshqa hech narsa emas” [7; c. 123].

Fransuz romantizmining eng yirik vakili Viktor Gyugo uchun bu birikma tabiiy, o‘z-o‘zidan kelib chiqadigan birlashishdek bo‘lib ko‘rinadi. Rus adibi M.Yu. Lermontov prozasiga xos bo‘lgan tadqiqotchilar qayd etuvchi “nazm va nasr teng salobati va ulug‘vorligi, hajm jihatidan tengligi, ularning badiiy mazmun-mohiyati, teng ahamiyatga ega bo‘lganligi” [3] so‘zning tom ma’nosida, to‘liq ravishda Viktor Gyugo romanlariga ham xosdir.

Bunday holatlarga qaramasdan, Gyugo prozasi she’riy struktura sifatida to‘liq qabul qilinmaydi. Fransuz tadqiqotchisi G. Meschonnic (H. Meschonnic) so‘zlariga qaraganda, Gyugo prozasi sirlaridan biri shundaki, hech bir vazn hech qachon oldindan belgilanmaydi, kutilmaydi, balki matnda sezilmasdan, ko‘zga tashlanmasdan paydo bo‘ladi (bu prozaning siri shundaki, u oldindan berilgan qoliplarga tushmasdan, ko‘pincha aleksandrin shamalaridan foydalanardi) [12; p. 55].

Natijada nasriy matn osonlik bilan she’riy band (ash’or) shakliga aylanish holati kuzatiladi.

7) Gwynplaine était plus qu’aimé,

(6) il était désiré.

(6) il était sur le quai,

(8) il était choisi. Lui, choisi! (L’Homme qui rit. – P. 320).

Ma’nosi:

(7) Gvenplen sevilganidan ham ortiq,

(6) u ko‘ngil istaydigan odam edi,

(6) u tanlangandan ham ortiq edi,

(8) u tanlandi, ha tanlandi (U.Q.).

Quyidagi parchada keltirilgan joylar makon sifatida aniq bir nuqtada kesishmagan, u goh bepoyon dalaning sukunatida, goh cheksiz o‘rmonning sirli sokinligida namoyon bo‘ladi. Aynan haydalmagan dala esa inson qo‘li yetmagan, erkinlik va kutilmagan voqealarga boy dunyoni anglatadi. O‘rmon kengliklari esa yashirin, ammo hayot bilan to‘la, sirli, jumboqli, mashaqqatli insonlar olamidir.

Misol: Ils campaient l’aventure dans une friche, dans une clairière, dans la patte d’oie d’un entre−croisement de routes, à l’entrée des hameaux, aux portes des bourgs, dans les halles, dans les mails publics, sur la lisière des parcs, sur les parvis d’églises, (L’Homme qui rit. – P. 3). – Ma’nosi: Bir kechada ular kerak bo‘lgan joyda – haydalmagan dalada, cheksiz o‘rmon kengliklarida, bir nechta yo‘llarning chorrahasida, qishloq chekkasida, shahar darvozalarida, bozor maydonida, xalq bayramlarida, parklar atrofida, cherkov hovlilarida sargusashtlarga to‘la taqdiri bilan uchrashar edi.

Makonlarni dinamik tasvirlash jaroyonida tabiy va ijtimoiy makonlarni “qishloq chekkasi”, “park chekkasi” kabi aniqlashtiruvchi so‘zlar orqali makonni detallashtirgan hamda jonli va aniq tasvirlab bergan. Parchada berilgan chorrahalar insonlar taqdirlari tutashuvchi maskan sifatida keltiriladi. Umuman olganda, asardagi makon doimiy emas, u qahramonlar harakati, hayotidagi o‘zgarishlarga bog‘liq holda turli ko‘rinishlarda namoyon bo‘ladi.

Misol: Ursus et Homo allaient de carrefour en carrefour, des places publiques d’Aberystwith aux places publiques de Yeddburg, de pays en pays, de comté en comté, de ville en ville. Un marché épuisé, ils passaient à l’autre.Ursus habitait une cahute roulante qu’Homo, suffisamment civilisé, traînait le jour et gardait la nuit (L’Homme qui rit. – P. 3). – Ma’nosi: Ursus (odam) va Homo (bo‘ri) chorrahadan chorrahaga, Aberistvita maydonidan ko‘chib Ieddburg maydoniga, bir joydan boshqasiga, okrugdan okrugga, shahardan shaharga o‘tardilar. Hamma imkoniyatlarini tugatgandan so‘ng bir yarmarkadan boshqasiga ko‘chadi. Ursus g‘ildirakli kulbada yashar edi, uni juda sadoqatli Homo kunduzi sudrab, kechasi qo‘riqlab turardi.

Keltirilgan parchada makontarzida berilgan joylar oddiy geografik joy emas, balki dinamik harakat va beqarorlik ramzi sifatida tasvirlanadi. Ursus (odam) va Gomo (bo‘ri) uchun chorrahalar, maydonlar, shaharlar biror manzil emas, balki yo‘ldagi vaqtinchalik to‘xtashlar xolos. Aberistvita maydoni ham, Iedburg ham aniq joy bo‘lishiga qaramay, qahramonlar xotirasida saqlanib qolmaydi; ular makondan makonga ko‘chib, hech qaysisiga tegishli bo‘la olmaydi. Qahramonlar ongiga, taqdiriga makondagi mavjud holat tarzida ta’sir ko‘rsatuvchi xronotop emas.

Xulosa qilib aytganda, ushbu asarda tasvirlangan asosiy bosh qahramon jamiyat va ijtimoiy muhit ta’sirida emas balki, komprachikoslar qabiqligi oqibatida og‘ir ahvolga tushib qolgan inson hayoti. Angliya asardagi real makon bo‘lsa, syujet rivoji har qanday makonda qahramonlar eslab qolishga ham harakat qilmaydigan badiiy makonlarda kechadi. Vaqt esa ularning taqdiri hukmidir.

 

 

 

Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati:

 

1. Галди Л. Стилевые особенности романтической поэзии // Европейский романтизм. – Москва, 1973. – C. 396.

2. Евнина Е.М. Виктор Гюго. – Москва: Художественная литература, 1976. – С. 208.

3. Киселёва Л.Ф. Переход к мотивированному повествованию: М.Ю.Лермонтов // Смена литературных стилей. – Москва, 1974.

4. Марианна Яхонтова. Предисловие // Человек, который смеется.–Кишинёв: Картя Молдовеняскэ, 1968. – С. 3-18. 

5. Реизов Б.Г. Пьер Леру и “символический стиль” // Из истории европейских литератур. – Ленинград, 1970. – С. 229.

6. Реизов Б.Г. Пьер Леру и “символический стиль” // Из истории европейских литератур. – Ленинград, 1970. – С. 226.

7. Чичерин А.В. Гоголь // Чичерин А.В. Очерки по истории русского литературного стиля. – Москва, 1977. – С. 123.

8. Florenne Y. La vision et le songe // Hugo V. Hernani. – Paris: Le Livre de Poche, 1969. – Р. 6-7.

9. Hugo V. Sur Walter Scott à propos de Quentin Durward // Hugo V. Notre – Dame de Paris. – Paris: Gallimard, 1966. – P. 647.

10. Hugo V. ...il est vrai, ne cherche pas à entrer dans la particularité d’un être, mais dans la généralité des êtres (Body J. Préface // Hugo V. Quatrevingt – treize. – Paris: Granier – Flammarion, 1965. – Р. 19.

11. L’Homme – qui – rit. // Hugo V. Romans. T.III. – Paris: l’Intègrale / Seuil, 1963.

12. Meschonnic H. La poésie dans “Les Misérables. – Paris, 1995. – P. 55.

 

Каршибаева У. Интерпретация пространства и времени в романе Виктора Гюго Человек который смеётся. В этой статье исследуется социальная среда в Англии конца XVII и начала XVIII веков и движение компрачикос в судьбе Гвенплена. В произведении интерпретируется судьба двух людей, главные герои которых являются инвалидами от природы и высмеиваются похитителями детей, и через эти образы анализируются несправедливые взгляды в обществе.

 

Karshibaeva U. Interpretation of Space and Time in Victor Hugo's Novel “The Man Who Laughs”. This article explores the social environment in England during the late 17th and early 18th centuries and the impact of the Comprachicos movement on the fate of Gwenplaine. The work interprets the fate of two people, the main characters of whom are disabled by nature and ridiculed by child abductors, and through these characters, it analyzes the unfair attitudes in society.

 

 




 

 

 

Xorijiy filologiya jurnali tahrir ha'yati