Xalq og‘zaki ijodi xalq turmushini ifoda etishi va unda xalqning orzu-umidlari ifoda etish bilan muhim hisoblanadi. Ayniqsa, ertaklarda hayot haqiqatlari jamiyat oila va tabiat bilan bog‘liqlikda berib boriladiki, bu holat ertaklarni yanada jonliroq bo‘lishiga xizmat qiladi. Ertaklarda ayol obrazi, uning arxetipi borasidagi qarashlar eng qiziqarli mavzu va muammolardan biridir. Umuman olganda ertaklardagi ayol obrazi ma’lum bir millatlarda baxt ifodachisi sifatida e’tirof etilsa, yana bir millatda oilaning ustuni, qo‘rg‘oni sifatida ta’kidlanadi. Yevropa ertaklarida ayol obrazlari ko‘proq shaxsiy baxt motivi bilan bog‘lanadi. Shu bilan bir qatorda ularning aqliy tafakkuri ulug‘lanib, uning ijobiy (pozitiv) va salbiy (negativ) xususiyatlari ham ochib beriladi. Bu tasvirlar xalqning ayolga bo‘lgan ijobiy va salbiy madaniy qatlamini ko‘rsatishga xizmat qiladi.
Ertaklardagi ayol obrazi ko‘p hollarda uy barqarorligi, ma’naviy poklik va tarbiya manbai sifatida talqin qilinadi. Shu bilan birga unda axloqiy xususiyatlar, yoshga nisbat berish, jamiyatdagi o‘rniga ham alohida ahamiyat qaratilgan. Shu bois ayol obrazi tasviri mavjud ertaklarni quyidagicha klassifikatsiya qilamiz:
|
Yoshga nisbat berilishi |
Sifat ko‘rsatkichlari |
Oiladagi o‘rni va vazifasi |
Jamiyatdagi o‘rni |
Faoliyati |
|
Kampir bilan shoqol (o‘zbek) |
Dono xotin (o‘zbek) |
Dono yigit va uning qaylig‘i |
Kanizak va poshsho (o‘zbek) |
Tadbirkor kelin (uyg‘ur) |
|
Shaytonni yenggan ayol (gruzin) |
Xotinning yomoni er qaritar (o‘zbek) |
Tuhmatga uchragan kelin |
Ahmoq poshshoning dono xotini (o‘zbek) |
Dehqon, qozi va tadbirkor ayol (o‘zbek) |
|
Chol bilan kampir (o‘zbek) |
Aqlli xotin (hind) |
Er-xotin va o‘g‘rilar (o‘zbek) |
Yer osti malikasi (turk) |
Botir ayollar (rus) |
|
Yalmog‘iz kampir (rus) |
Yalqov er va sadoqatli xotin (kambodja) |
Baliqchi va uning xotini (kambodja) |
Podsho Badirbosim va malika Javhara (arab) |
Savdogar qizi va uning xizmatkor(ayol)i (rus) |
|
O‘z erlarini tiriltirgan xotinlar to‘g‘risida (afrika) |
Xotinning yaxshi yomoni mehmon kelganda bilinar (o‘zbek) |
O‘gay ona (o‘zbek) |
Aqlli qirolicha Yelina (rus) |
Boy ayol Jamsauk (qozoq) |
|
Odamxo‘r bo‘lib qolgan ayol haqida ertak (afrika) |
O‘tinchining baxtli xotini (o‘zbek) |
Qaynona bilan kelin (o‘zbek) |
Malika va to‘tiqush (rus) |
Taqvodor qaroqchi ayol (yahudiy) |
Ertaklarda ayol obrazi eng ko‘p hollarda ona tasviri orqali ifodalanadi. Biroq bu tasvir ikki xususiyatni birlashtirgan bo‘lib, unda zulm qiluvchi va mehr ko‘rsatuvchi inson bo‘lib gavdalanadi. Masalan, “O‘gay ona” motiviga asoslangan barcha ertaklar sayyor sujetga ega ekanligi bois ularda onalar bir xil gavdalanadi. Koreys xalq ertagidagi “Kxonchixi va Pxatchixi”[1], rus xalq ertagidagi “Ayozbobo”[2], ingliz xalq ertagidagi “Sinderella”[3], abxaz xalq ertagidagi “O‘gay ona va uning o‘gay qizi”[4] singari ertaklar fikrimizga misol bo‘la oladi. Mazkur ertakni rivojlantiruvchi obraz o‘gay ona bo‘lib, bu kabi ona, yuqorida ta’kidlaganimizdek, ikki asosiy xususiyatni o‘zida qamrab oladi. Birinchi xususiyatda o‘z qiziga haddan ziyoda mehr ko‘rsatish, ikkinchi xususiyatda o‘gay qizga haddan ziyoda zulm o‘tkazish. Aslida, bir ayoldan har ikki xususiyat haddan ortiq bo‘lmaydi. Uning ma’lum bir chegarasi bo‘lishi tabiiy hol. Chunki haddan ortiq mehr ko‘rsatuvchi inson zulmga haddan ziyoda ro‘ju qo‘ya olmaydi. Shunday bo‘lsa-da, “o‘gay ona” motiviga asoslangan ertaklarda ikki xususiyat bo‘rtib turadi.
Xalq og‘zaki ijodidagi ertaklarda ayollarning oiladagi vazifasiga qarab uning o‘ziga xos tomonlari yoritiladi. Shu nuqtayi nazardan turk ertagi hisoblangan “Podshohning xotini”[5] ertagiga murojaat etamiz. Ertakning sujeti quyidagilardan iborat:
Ertak sehrli afsun sabab reinkarnatsiya hodisasiga yo‘l ochadi. Natijada ruhlar boshqa bir tanaga o‘tish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Mazkur ertakda asosiy voqealar podshoh va vazir o‘rtasida konfliktning keskinlashuvi natijasida sodir bo‘lsa-da, biroq podshohning xotini sabab uning ruhi o‘z tanasiga qaytishi bilan yakunlanadi. Aslida ertakda ikkita ayolga duch kelamiz. Biri podshohning xotini, ikkinchisi yengiltabiat xotin. Podshoh ikkinchi ayolni to‘ti qiyofasiga kirgan vaqtda uchratadi, va uning qilmishlariga yarasha javob qaytara oladi. Natijada, inson singari so‘zlay oladigan to‘tiga podshohning xotini qiziqib qolib uni saroyga olib keladi. Shu yo‘l orqali podshohga o‘z tanasiga qaytishga zamin hozirlaydi.
O‘zbek xalq ertaklaridan joy olgan “Zumrad poshsha”[6] ertagida ayol – eshonning turmush o‘rtog‘i sifatida berilgan. Ertakda sujet chizig‘i Zumrad poshsha va eshon, Zumrad poshsha va kampir, Zumrad poshsha va Ayshakalak obrazlari asosida tasvirlangan bo‘lib, asosiy konflik ham mana shu obrazlar o‘rtasida bo‘lib o‘tadi. Zumrad poshsha bilan eshon sayohatga chiqishi, bir chol va kampirning uyida bir kechalik qo‘nalg‘aga joy so‘rashi, Ayshakalak Zumrad poshshaning boshiga begiz tiqib, uning bir-budini olib qo‘yishi, yalang‘och qolgan ayolni kampir zindonga olib borib tashlashi, bir mushuk yoramida zindondan chiqishi, biroq, bo‘rilarga yem bo‘lib qonidan qizil gullar o‘nib chiqishi, eshonning yoniga kampir sehr-jodu natijasida Ayshakalakni Zumrad poshsha qiyofasiga kiritib olib kelishi, eshon bu ayolni Zumrad poshsha emasligini bilganidan so‘ng, tandirda yoqib yuborishi, Zumrad poshshani esa qo‘shni xonadonda uchratib, unga qayta uylanishi kabi tasvirlarga duch kelamiz. Ertakda ayolning oiladagi o‘rnini ko‘rsatib berish uchun ham Zumrad poshsha qo‘shi xonadon bekasining uylarini saranjom-sarishta etadi, osh damlaydi, kir yuvadi, non yopadi. O‘zbek ayollari qanaqa vazifani bajarsa, ertakda Zumrad poshsha ham shundav vazifalarni bajaradi. Ertakda sehr-jodu bilan bir qatorda maishiy hayotga ham ahamiyat qaratilgan. Shu bilan bir qatorda dev singari afsonaviy obrazlarga ham urg‘u berilganki, bu kabi obrazlar zulmat va yomonlikka xizmat qiluvchi kuch sifatida ertakda o‘rin egallagan. Asosiysi, mazkur ertak ayolning oilaga bo‘lgan munosabati, turmush o‘rtog‘iga sadoqati hamda uning oiladagi mas’uliyati ko‘rsatib o‘tilgan.
Hind xalq og‘zaki ijodidan joy olgan “Erning o‘lgan xotin bilan topishgani”[7] ertagiga nazar tashlansa, unda faqat erning ruhiy kechinmasiga duch kelamiz. Ertak juda sodda sujetga ega. Unda yosh er-xotin xususida so‘z yuritilib, nogoh xotin olamdan o‘tishi, er esa sog‘inch azobida tunni tonglarga o‘lashi syujetning asosiy chizig‘ini belgilaydi. Uning g‘am-anduhga to‘la nidosini tinglagan Isor (bu obraz ertakda yer osti ma’budi sifatida berilgan) unga yordam beradi va yer ostiga olib kelib, xotini bilan uchrashtiradi. Ertakning e’tiborga molik tomoni, xotinning og‘zi qorayib qolganligida. Er o‘z navbatida Isordan xotinining bunday ahvolga tushishining sababini so‘raydi. Uni og‘zidan yoqqanligi sababli ham shu ahvolga kelib qolganini aytib beradi. Er xotin bilan ko‘rishganda xotin unga uchoq yonida berkitib qo‘ygan bilaguzugini olib kelib berishni so‘raydi. Er shu zahotiyoq uchoq yoniga borib bilaguzukni axtara boshlaydi. Zaharli ilon esa uni chaqib oladi, ular yer osti dunyosida yana birlashadilar. Ertakdagi ushbu ayolning qiyofasi, uning xarakteri umuman berilmagan. Biroq, bilaguzuk detalining keltirilishi ikki xil mazmunga ega. Birinchisida sevgan insonining yonida bo‘lishini orzu qilganligi sababli, xotin erning o‘limini tezlashtirdi deb qarasak, ikkinchi o‘rinda xotin olamdan o‘tganidan so‘ng uni yoqishganligini qabul qila olmadi. Aslida, hindlar hayotiga nazar tashlansa, bugungi kunda ham ayrim joylarida er olamdan o‘tsa xotinni qo‘shib yoqish kerak degan qarashlar mavjud. Balki ertakda ham shunga ishora qilingandir.
Ertaklarda ayolning yosh xususiyatiga qarab, uni turli atamalar bilan aytilishi ham ko‘zga tashlanadi. U “yor”, “ona”, “kelin”, “kampir”, “ayol” kabi atamalar bilan belgilanadi. Hind ertagi bo‘lmish “Kampirning tangasi”[8] ertagida ayolni yoshi o‘tganligi sabab kampir deb atalgan. Ertakning asosiy detali bo‘lgan bir anna (tanga) sujet chizig‘ini boshqaradi. Unda keltirilishicha, kampir bir baqqolning oldiga kelib, unda tangasini ko‘paytirib berishni so‘raydi. Baqqol o‘zining pullarini ham ko‘paytirish uchun olti oy kutayotgani ana shunda bir anna (tanga) ikki anna (tanga) bo‘lishini ta’kidlaydi. Kampir uning gapiga ko‘nib bir tangasini topshiradi va o‘n ikki yil baqqolning yoniga kelmaydi. Kampir o‘n ikki yil o‘tkazib kelganidan so‘ng baqqol uni tanimaydi, kampir esa o‘zini tanishtiradi. Shunda baqqol unga ikkita tanga beradi. Biroq, kampir unga ko‘nmay shovqin soladi. Natijada odamlar baqqoldan kampirning haqqini berishni talab qila boshlaydi. Kampirning tangasi har olti oy hisobidan ko‘paytiriladi, natijada 524 288 rupyani qo‘lga kiritadi. Ertak kichik sujetdan iborat bo‘lsa-da, biroq unda uddaburonlik haqida so‘z yuritilgan. Ertakda ma’lum muddat belgilanganki, bu muddat o‘n ikki yilni tashkil etadi. Mana shu muddatdagi kampirning yoshi alohida ahamiyatga ega. O‘n ikki yildan so‘ng kelgan kampirning baqqol bilan tortishuviga e’tibor qaratsak, demak u juda ham yoshi o‘tgan inson emas. Umuman olganda, ertaklarda ellik yoshdan o‘tgan ayollarga kampir atamasi ishlatilgan. Demak, kampir baqqol yoniga kelganida oltmish ikki yoshlarda bo‘lgan.
Oilaviy munosabatlarda ayolga nisbatan kelin atamasi ham qo‘llaniladiki, bu atama ertaklarda ham kuzatiladi. Osetin xalq ertagidagi “Hukmdorning kelini”[9] shunday asarlar sirasiga kiradi. Ertakda hukmdor o‘z dushmanini yengish uchun hiyla ishlatishga harakat qiladi. Buning uchun unga uni yaxshi tushuna oladigan inson kerak edi. Shu bois ham o‘g‘lini uylantiradi. Biroq, ikki marotaba o‘g‘lini sinadanida o‘g‘li ham, kelini ham bu sinovdan o‘ta olishmaydi. Podshoh uchinchi marotaba o‘g‘lini bir kambag‘al ayolning qiziga uylantiradi. Bu kelin ertakda juda farosatli etib tasvirlanadi. Hatto qaynotasini dushman qo‘lidan omon saqlay olib, dushmanini yengishiga unga katta yordam beradi. Ertakda kelinning oiladagi o‘rni xususida ham so‘z yuritilgan. Ya’ni qaynota va kelin bir-biri bilan gaplashmasligi, kelin qaynotaning yuziga tik qaramasligi lozim edi. Bu or-nomus bilan belgilangan. Demak, kambag‘alning farzandi bo‘lsa-da, fahm-farosat yuksak darajada ekanligi borasidagi qarashlar mazkur ertakning asosini tashkil etgan. Ushbu hukmdor xonadonidek, har bir oila fahm-farosatga ega kelin olishi ertak asosida uqtirilgan. Bu esa ertakning dedaktik talqinini keltirib chiqargan. Osetin xalq ertagida “Hukmdorning kelini” fahm-farosat ekanligi borasida fikr yuritsa, uyg‘ur xalq ertagida “Tadbirkor kelin”[10] borasida mulohazalr bilan o‘rtoqlashadi. “Hukmdorning kelini”dagi hukmdor o‘z o‘g‘lining aql-farosat bobida kamchilik ko‘rganligi bois uni farosatli qizga uylantirishga harakat qilgan bo‘lsa, “Tadbirkor kelin”da ham Obid mergan degan ovchi o‘g‘lining nunoqligi sabab uni uddaburon qizga uylantirishni istaydi. Xuddi shunday uddaburon qizni bir qishloqda uchratadi. Uning javoblari yoqqanligi bois o‘g‘liga kelin sifatida xonadoniga olib keladi. Ertakda ovchi Obid bilan podshoh o‘rtasida bir kiyik sabab kelishmovchilik yuzaga keladi. Natijada podshoh bir toshdan etik yasab berishini talab etadi. Muddat yetganda esa, ovchining uyiga borgan podshoh uning keliniga duch keladi. Kelin esa bir tog‘oraga qumni qoriyotganini ko‘rib hayratda nima qilayotganini so’raydi. Kelin esa etikka qolip yasayotganini aytadi. Qumdam ham qolip yasab bo‘ladimi degan savoliga kelin toshdan etik yasab bo‘ladimi deya javob qaytaradi. Ertakning asisiy sujetida kelin o‘rin olganki, ertak yakunida so‘z topib bera olmagan podshoh iziga qaytishga majbur bo‘ladi. Ushbu ikki ertakdan shuni aniqlash mumkinki, setinlarga xos bo‘lgan xislat (qaynota va kelin gaplashmasligi), uyg‘urlarga xos emas. Ular bemalol suhbatlasha olishadi. Yoki qaynota o‘zi kelinni topishi, uning xonadoniga sovchi sifatida borishi ham mumkin. Osetinlarda esa bunday ko‘rinish uchramaydi. Asosiysi, har ikki ertakda ham kelinlar o‘ta farosatli, sofdil qalb egasi sifatida e’tirof etilgan.
Xalq og‘zaki ertaklarda ayolning jamiyatda tutgan o‘rni borasida fikr yuritilib, ularni xalqni boshqara oladigan qudratga ega insonlar sifatida talqin etishadi. Yoki ayol obrazi ma’lum bir faoliyat bilan bog‘lanib, bu faoliyatda ularga tenglasha oladigan insonlar yo‘qligi xususida so‘z yuritiladi. Ular nafaqat o‘z faoliyat-kasbining ustasi, balki chiroyda ham tengi yo‘q maloiklar tasvirida beriladi. Shu kabi tasvirlarga ega bo‘lgan ertakni arab xalq og‘zaki ijodi “Ming bir kecha”dan joy olgan “Podsho Badirbosim va malika Javhara”[11] misolida kuzatamiz. Ertakda to‘rtta asosiy ayol obrazi mavjud. Biri Eron podshohi Shorahmonning kanizi Gulnoz, ikkinchisi bir mamlakat podshohining xotini malika (ismi berilmagan), Samandarning qizi Javhara va malika Lob. Har to‘rt malika ham sehr-jodu qilish qobiliyatiga ega. Biroq, ertakning asosiy sujet chizig‘i Gulnozninz o‘g‘li Badirbosim bilan bog‘liq. Ertakning ikki o‘rnida Badirbosimni qushga aylantirishadi. Birida malika uni o‘z holiga keltirgan bo‘lsa, ikkinchisida Badirbosimning onasi, Gulnoz o‘g‘lini inson qiyofasiga keltiradi. Har ikki o‘rinda ham malikalar Javha va Lob uni qushga aylantirib qo‘yishadi. Mazkur malikalarning faqat bittasi salbiy xarakterga ega bo‘lib, u insonlarga faqat yovuzlik keltiruvchi qahramon sifatida e’tirof etiladi. To‘g‘ri, ertakda malika Jabhara ham Badirbosimni aldab uni qush qiyofasiga kiritib qo‘yadi. Biroq, uning bu qilmishini ertakda Badirbosimning qo‘shini uni davlatiga bostirib kelishi va otasini zindonband qilishi bilan bog‘lanadi.
Xullas, xalq og‘zaki ijodi namunalari – ertaklarda ayol obrazi eng serqirra va mazmunan boy tasvirlardan biri bo‘lib, u milliy mentalitet, qadriyatlar, axloqiy qarashlar va ijtimoiy munosabatlarning badiiy ifodasini mujassamlashtiradi. Ayol arxetipi turli xalqlarda turlicha talqin etilsa-da, uning asosiy funksiyalari – uy barqarorligi, ma’naviy poklik, fidoyilik, donolik, farosat, ezgulik timsoli bo‘lishi umumiy jihat sifatida ajralib turadi. “Ona”, “kelin”, “kampir”, “malika” kabi obrazlarda ayolning yoshga oid oilaviy, ma’naviy va ijtimoiy roli ifodalanadi. Ba’zi ertaklarda ayol mehribon va tarbiyachi sifatida, boshqalarida – salbiy, makkor yoki sehrgar sifatida tasvirlanadi. Bu esa xalqning ayolga nisbatan qarashlari, ijobiy va salbiy madaniy qatlamlari mavjudligini ko‘rsatadi. Turk, o‘zbek, hind, osetin, uyg‘ur, rus, arab ertaklaridagi misollar shuni ko‘rsatadiki, ayol obrazi o‘zining fazilati, donoligi, uddaburonligi yoki aksincha, jaholat va makkorligi bilan sujet rivojida hal qiluvchi omilga aylanadi. Umuman, ertaklar ayol obrazini nafaqat oilaviy-maishiy hayot, balki jamiyat, davlat boshqaruvi, sehrli-majoziy olam bilan bog‘lab tasvirlaydi. Bu esa ayol timsolining qadimiy mifologik ildizlarga ega bo‘lgan holda, xalq dunyoqarashining tub qatlamlaridan o‘rin olganligini anglatadi.
Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati:
Давронова М. Исследование женского образа в народных сказках. В данной статье анализируются женский образ в народных сказках, его архетип, социально-культурные функции и художественная интерпретация. На примере женских персонажей в узбекских, турецких, индийских, осетинских, уйгурских, арабских, русских, камбоджийских и африканских сказках показывается классификация женских образов в зависимости от их возраста, семейного положения, духовных качеств, мудрости и социального статуса. В исследовании раскрываются архетипические образы «мать», «невестка», «старуха», «принцесса», «служанка». На конкретных примерах обосновывается универсальность мотива «злой мачехи», а также проявления женской деятельности в бытовом, нравственном, духовном и волшебном пластах. Кроме того, анализируется функция женского образа как символа семейной стабильности, духовной чистоты, рассудительности, мудрости и самоотверженности. Статья демонстрирует многогранную художественную интерпретацию женского образа в семейном, общественном и мифологическом аспектах.
Davronova M. A Study of the Female Image in Folk Tales. This article analyzes the female image in folk tales, exploring its archetype, socio-cultural functions, and artistic interpretation. Using examples of female characters from Uzbek, Turkish, Indian, Ossetian, Uyghur, Arab, Russian, Cambodian, and African folktales, the study demonstrates how women are classified according to their age, family role, spiritual qualities, wisdom, and social status. The research examines archetypal figures such as the “mother,” “daughter-in-law,” “old woman,” “princess,” and “maidservant.” The universality of the “evil stepmother” motif is illustrated, along with various manifestations of women’s roles in domestic, moral, spiritual, and magical contexts. The article also analyzes the function of the female image as a symbol of family stability, spiritual purity, prudence, wisdom, and devotion. Overall, the study reveals the multifaceted artistic representation of women within familial, societal, and mythological layers of folk narrative.
[1] Jahon xalq ertaklari. Donismand vazir. – Toshkent: O‘zbekiston, 2020. – B. 108.
[6] Илон пари. Сеҳрли эртаклар. 3 китоб. – Тошкент: Ёш гвардияб 1985. – Б. 34. (- 192 б.)
[7] Жаҳон халқ эртаклари. Айёр вазир. – Тошкент: Чўлпон нашриёти, 1991. – Б. 262. (-304 б.)
[8] Жаҳон халқ эртаклари. Айёр вазир. – Тошкент: Чўлпон нашриёти, 1991. – Б. 99.
[9] Jahon xalq ertaklari. Zangori gilam. – Toshkent: O‘zbekiston, 2020. – B. 205. (- 256 b.)
[10] Jahon xalq ertaklar. Donishmand vazir. – Toshkent: O‘zbekiston, 2020. – B. 229. (- 272 b.)
[11] Жаҳон халқ эртаклари. Алибобо ва қирқ қароқчи. – Тошкент: Чўлпон, 1989. – Б. 303 (- 336 б.)