Globallashuv jarayoni zamonaviy jamiyatning barcha jabhalariga ta’sir ko‘rsatib, xalqaro munosabatlarning jadallashuviga olib kelmoqda. Til esa bu jarayonlarning asosiy tarkibiy qismi sifatida jamiyat hayotida beqiyos ahamiyat kasb etmoqda [OECD, 2019]. Shu bois xorijiy tillarni o‘rganish nafaqat shaxsiy ehtiyoj, balki ijtimoiy taraqqiyot, diplomatik hamkorlik va madaniy almashinuvning muhim omiliga aylandi (Makhametova, 2025).
Insoniyat taraqqiyoti davomida til doimo ijtimoiy jarayonlar bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib kelgan. Migratsiya, xalqlararo urushlar va savdo aloqalari boshqa tillarning keng yoyilishiga sabab bo‘lgan. “Buyuk Ipak yo‘li” bunga yorqin misoldir — savdo va madaniy almashinuv orqali arab, fors, turk va xitoy tillari mintaqada tarqalgan [UNESCO, n.d.; Xu & Wen, 2017].
Bugungi kunda O‘zbekistonning xalqaro hamkorlik siyosati xorijiy tillar o‘rganilishiga bevosita ta’sir ko‘rsatmoqda. O‘rta Osiyo davlatlari o‘rtasida o‘tkazilayotgan siyosiy konferensiyalar va yig‘ilishlarda rus tilidan keng foydalanilishi uning mintaqadagi dolzarbligini ko‘rsatmoqda [Amonova, 2019]. Shuningdek, tashqi migratsiya jarayonida xorijiy tillarni bilish mehnat va ta’lim imkoniyatlarini kengaytiradi [Toshmurod qizi, 2019]. Turizmning rivojlanishi esa ingliz tiliga bo‘lgan talabni kuchaytirib, tarjimonlik xizmatl ariga ehtiyojni yanada oshirmoqda [British Council, 2023; OECD, 2019].
O‘zbekiston ta’lim tizimida xorijiy tillarni o‘qitish eng muhim yo‘nalishlardan biridir. Pedagoglarning zamonaviy metodlardan foydalanishi, psixologik yondashuvlar asosida dars tashkil et ishi va axborot texnologiyalaridan samarali foydalanishi til o‘rganish samaradorligini oshirmoqda [Kiryakova et al., 2015]. Shuningdek, so‘nggi tadqiqotlar AI asosida adaptiv tizimlar va real vaqtda feedback beruvchi qurilmalar til o‘rganishda motivatsiyani oshirishda samarali ekanligini ko‘rsatmoqda [Transforming Language Learning with AI, 2025; Alharbi, 2023].
XXI asrning muhim yutug‘i — sun’iy intellekt (AI) texnologiyalari til o‘rganish jarayonini yangi bosqichga olib chiqdi. Endilikda o‘quvchilar internet orqali mustaqil ravishda til o‘rganish imkoniga ega. AI yordamida jonli muloqot qilish, mashqlar bajarish va virtual muhitda tilni qo‘llash ta’lim samaradorligini oshiradi, biroq nazoratsiz foydalanish va sifat muammolari ham mavjud [Doğan & Talan, 2025; Alharbi, 2023; Avouris, 2025].
So‘nggi yillarda generativ AI va chat‑botlarning ta’limdagi roli haqida ko‘plab tadqiqotlar chop etildi — ular foyda keltirsa-da, axloqiy, ma’lumotlar maxfiyligi va algoritmik qaramlik muammolari ham ko‘tarilmoqda [Transforming Language Learning with AI, 2025; AI Conversational Tutors, 2025].
Til va madaniyat tarixan bir-biridan ajralmagan hodisalardir. Til — bu xalq tafakkuri, dunyoqarashi va qadriyatlarini mujassam etuvchi ijtimoiy jarayon bo‘lsa, madaniyat urf-odatlar, san’at va axloqiy me’yorlarda namoyon bo‘ladi. Masalan, islom dini kirib kelishi bilan arabcha so‘zlar, keyinchalik esa mustamlakachilik davrida ruscha birliklar tilimizga kirib kelgan [Alisherov, 2015; Karimov, 2008]. Bu esa til va madaniyatning uzviy bog‘liqligini ko‘rsatadi. Bundan tashqari, ingliz tilining global ta’siri kichik tillarda madaniy identitetga qanday zarar yetkazishi mumkinligi haqida tadqiqotlar mavjud [Makhametova, 2025; Nanduri & Bonsignore, 2023].
Til va ijtimoiy jarayonlar doimo o‘zaro ta’sirda bo‘lib kelgan. Globallashuv davrida xorijiy tillarni o‘rganish shaxsiy rivojlanishdan tashqari, siyosiy, iqtisodiy va madaniy taraqqiyotning ham asosiy omiliga aylanmoqda. Sun’iy intellekt texnologiyalari jarayonni yengillashtirsa-da, inson omili va an’anaviy metodlarning ahamiyati hanuz muhimligicha qolmoqda [Doğan & Talan, 2025; Frontiers, 2023].
1. Xorijiy tillarni o‘rganishda an’anaviy va zamonaviy metodlarni uyg‘unlashtirish lozim.
2. Sun’iy intellektdan foydalanishda nazorat mexanizmlarini kuchaytirish kerak.
3. Ta’lim tizimida til va madaniyatni integratsiyalashgan holda o‘qitish samaradorlikni oshiradi.
4. Xorijiy tillar spektrini belgilashda mamlakatning siyosiy, iqtisodiy va madaniy ustuvorliklari inobatga olinishi zarur.
5. Global hamkorlik va tadqiqotlar orqali o‘zbek tilining ahamiyati va identitetini saqlab qolish bo‘yicha strategiyalar ishlab chiqilishi.
Эргашева Д. Общественные процессы и глобализация как фактор определения спектра изучаемых иностранных языков. В этой статье рассматриваются взаимосвязь и взаимное влияние социальных процессов, возникающих под воздействием глобализации. В ней исследуется их органическая связь в различных политических, дипломатических, экономических и культурных сферах. Также в статье обсуждается, как современные методы и искусственный интеллект упростили процесс изучения языков для учащихся, а также вытекающие из этого недостатки.
Ergasheva D. Globalization and social processes as factors in determining the range of foreign languages to be studied. This article examines the interconnectedness and mutual influence of social processes emerging under the impact of globalization. It explores their integral connection across various political, diplomatic, economic, and cultural spheres. The article also discusses how modern methods and artificial intelligence have simplified the language acquisition process for learners while simultaneously highlighting the drawbacks that have arisen.