ZAMONAVIY O‘ZBEK VA INGLIZ BADIIY ASARLARIDA “TABASSUM (SMILE)” LEKSEMASINING O‘ZIGA XOS STILISTIK XUSUSIYATLARI

Tilimiz stilistik vositalarga nihoyatda boy va rang-barang bo‘lib, bir tushunchani turli so‘zlar vositasida ifodalash bilan birga, unda kishilarning har xil munosabatini ham kuzatish mumkin. Masalan: jilmaymoq, miyig‘ida kulmoq, kulmoq, tabassum qilmoq, xaxolamoq, qah-qah otmoq, tirjaymoq, ishshaymoq kabi o‘ndan ortiq so‘zlar orqali kulish holatini ifodalash va shu bilan birga kulayotgan shaxsga nisbatan kishining ijobiy yoki salbiy bahosi berilishi mumkin.

Binobarin, hayotda yoshu qarining barchasi kuladi. Haqiqiy, sog‘lom kulgi har qanday xarakterdagi kishining ham chehrasini ochib yuboradi, dilini yoritadi. Ma’lumki, kulgi sotsial mohiyatga ega bo‘lib, u kishilik jamiyatidan tashqarida paydo bo‘lishi, yashashi mumkin emas. U xalq ichida, omma orasida vujudga keladi, aniq maqsadga yo‘naltirilgan, ma’lum funksiyani bajarishga qaratilgan bo‘ladi. Haqiqiy kulgi inson uchun, jamiyat uchun xizmat qiladi. Shuning uchun ham uni sotsial mohiyatisiz, xalqchil rolisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Har bir zamon va davrning o‘ziga xos kulgisi bo‘ladi. Kulgining xarakterini belgilashda davrning ijtimoiy-tarixiy rivojlanish qonuniyatidan, o‘ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqishimiz talab qilinadi. Zamonning rivojlanishi, jamiyatning taraqqiy etishi bilan birga insonlar ham ma’nan o‘sadi, ularning xarakteri ham takomillasha boradi. Kulgi predmeti o‘zgaradi va rivojlanadi. Bu o‘sishlar natijasida kulgi yangi xarakterga ega bo‘ladi, yangicha mazmun kasb etadi. Har bir kulgining, u qanday darajada bo‘lishidan qat’iy nazar, zaminida fikr, ma’no bo‘lishi kerak.

Har bir millat madaniyatining ajralmas bo‘lagi – bu adabiyotdir. Badiiy adabiyotda ham personajning ichki, asosan ijobiy, ayrim vaziyatlarda esa salbiy kechinmalarini namoyon etishda “kulgi (kulgu)” bilan bog‘liq bo‘lgan leksik-stilistik vositalar keng uchraydi. Tanlangan zamonaviy o‘zbek va ingliz asarlarida bu kabi misollar maromida ishlatilgan bo‘lib, bu ikki tilni qiyoslash va tadqiq qilish muhim ahamiyatga ega.

Darvoqe, tabassum va kulgining paydo bo‘lishi Charlz Darvin tomonidan “Inson va hayvonlardagi his-tuyg‘ularning ifodalanishi haqida”gi asarida izchil bayon etilgan. Charlz Darvinning fikrlash mantig‘i quyidagicha: tabassum “kulgi rivojlanishidagi ilk qadam” sifatida paydo bo‘ladi” [Дарвин Ч, 2001. С. 194]. Bunday izoh tasodifiy emas: kulgidan farqli o‘laroq, tabassum bilan hissiyot paydo bo‘lib faqat yuzning mushaklari harakati bilan belgilanadi va tovushlar kulgi bilan ifodalanadi. Bundan kelib chiqadiki, tabassum kulgiga aylanishi mumkin. E’tibor berilsa, baland ovozda kulgi, mo‘tadillikka aylanib, o‘z navbatida, tabassum bilan ham yakunlanishi mumkin. Charlz Darvinning tadqiqotiga ko‘ra, hissiyotlar paydo bo‘lishining barcha qarama-qarshiligiga qaramay, kulgidan kelib chiqadigan tabassum haqida gapirish mumkin. Binobarin, ko‘rib chiqilayotgan hodisalarning kuzatilishi mumkin bo‘lgan muntazamligi ikki hodisa o‘rtasidagi yaqin bog‘liqlikni ko‘rsatadi.

Demak, tabassumni dastlab himoya reaksiyalarining natijasi deb aytish mumkin – grimas, qo‘rquv va yarashishni ifodalash yoki tajovuzkor niyatlarning yo‘qligini namoyon etadi. Shuningdek, qo‘rquv holatida tishlarning ko‘rsatilishi mimik harakatlar bilan bog‘liq bo‘lib, biroz agressivlik holati tufayli kulgi yuzaga keladi, degan fikr mavjud [Крейдлин Г.Е., 2002. С. 347]. S. G. Ter-Minasova ta’kidlaganidek, tabassum G‘arb dunyosida (xususan, ingliz tilida so‘zlashadigan davlatlarda) madaniyatning muhim belgisidir. Bu odat tusiga kirib qolgan, degan xulosaga kelish mumkin [Тер-Минасова С.Г. 2000. С. 241].

Kulgiga muayyan hissiy reaksiya sifatida qaraydigan bo‘lsak, dastlab kulgi quvonch yoki xursandchilikni ifodalaydi, degan fikrni aytish mumkin. Lekin, A. V. Karasevning so‘zlariga ko‘ra, kulgi bu ajoyib va ehtimolki, yagona “ko‘p jihatdan bizning aqliy harakatlarimizni keltirib chiqaradigan sababga zid keladi” [Карасев Л.В., 1996. С. 17]. Demak, kugi aksariyat hollarda atrofimizda ro‘y berayotgan voqea-hodisalarga bizning hissiy javobimizdir.

Hissiy tushunchalarni o‘rganish so‘zlar semantikasining hissiy tarkibiy qismini tahlil qilishni o‘z ichiga oladi. O‘rganilayotgan emotsional tushunchalarning etimologiyasiga murojaat qilish o‘rinli ko‘rinadi. Bu esa leksemalarning kelib chiqishini – asosiy nominallarni yoritib bera oladi hamda o‘zgarishlar dinamikasini kuzatishga imkon beradi. Vaholangki, buni so‘zning paydo bo‘lishi vaqtini emas, balki so‘z shakllari, ularning bir tildan boshqa tilga kirib kelishi, fonetik tafovutlar va o‘zgarishlarni, shuningdek, tillar o‘rtasidagi qardoshlik munosabatlarini ham hisobga olish kerak [Durkin Ph., 2009. P. 3].

Odatda, his-tuyg‘ular baholashning ayrim shakllarini, insonning atrof-muhitga munosabatini aks ettiradi, ma’lum bir xalqning milliy tajribasini umumlashtiradi. Yuqorida ta’kidlanganidek, “tabassum” va “kulgi” tushunchalari hissiyotlarga bog‘liq. Hissiy tushuncha konseptual asos va tushunchadan tashqari, baho, obraz va madaniy qadriyatni o‘z ichiga olgan obraz sifatida tushuniladi. Ma’lumki, tushunchalarning qiymat komponenti ularni maxsus murakkab aqliy birliklar sifatida belgilaydi.

Ko‘p kulish – qalbni o‘ldiradi, deydilar. “Qobusnoma”da mehmon bo‘lguvchi behuda kulavermasligi, ko‘p kulish – devonalikning bir nishonasi ekanligi aytilgan: “...kam kulish bir nav siyosat va sabr-matonatdir. Shunday deganlarki, behuda va bevaqt kulgi g‘am va tashvish paytida voqe bo‘ladi". Hayotdan qoniqib yashash va kulgi bir-biri bilan chambarchas bog‘liqdir [19].

Inson kulgili voqea ta’sirida emas, balki shu voqeaga munosabat izhori o‘laroq kuladi. Umri davomida deyarli kulmaydigan, hatto jilmayib qo‘ymaydigan shaxslar ham uchraydi. Ularni hech qanday komediya, latifa, hangoma, masxaraboz kuldira olmaydi. “Kulmagan kunlarimiz — yashamagan kunlarimizdir”, degan xulosada jon borday. Atoqli adib Said Ahmad yozganidek, umr davomida sira kulmaslik – uylanmay o‘tish bilan teng, desa ham bo‘ladi!

Haqiqatan, G‘. G‘ulomning ham ta’kidlashicha, “xalqda kulgichilikka moyillik zo‘r”. Sof, haqiqiy, chin kulgi mehnatkashlarning doim sodiq yo‘ldoshi bo‘lib kelgan. Kulgi xonadonlarga kirib borgan, o‘tirishlarni bezagan, bayramlarga husn va xush kayfiyat baxsh etgan. Ustoz Said Ahmad aytganidek, kulgisi kelgan odamning bo‘yniga atom bombasini osib qo‘ysangiz ham, kulaveradi [20].

Kulgi tilsimini ochishga ruhshunoslar ham urinib ko‘rishgan. Ularning fikricha, kulgi – ijtimoiy jarayon. Masalan, uyda yolg‘iz kishi har qancha kulgili komediya tomosha qilsa-da, qah-qah otib kulishi gumon. Ammo do‘stlar davrasidagi oddiy hazil ham gulduros qahqahaga aylanadi. Samimiy kulgi ko‘ngillarni bir-biriga bog‘laydi. O‘rinsiz kulgida buning aksi yuz berishi mumkin. Mayin jilmayish qiz bolaga qanchalik yarashsa, o‘rinsiz sharaqlab kulish uni shunchalik xunuk ko‘rsatishi ham rost.

Kishilar kulgi orqali hayotdan, jamiyatdan, voqelikdagi katta o‘zgarishlardan zavq oladi, turmushga muhabbatini orttiradi, jirkanch narsalarni esa fosh qiladi. Chunki har bir davrdagi sof kulgi xalqning ulkan qalbini, boy, rang-barang ilg‘or an’analarini ma’lum darajada o‘zida ifoda eta oladi.

Tabassum jismoniy va ruhiy reaksiya sifatida og‘zaki bo‘lmagan signal sifatida umuminsoniy ramz bo‘lib, milliy xarakterga ega. G‘arb madaniyatida tabassum, odatda xushmuomalalik, ezgulik, xayrixohlikni ifoda etadigan ma’lum bir xususiyat, muhim tushunchadir [Тер-Минасова С.Г., 2000. B. 241]. Tabassum va kulgi barcha madaniyat vakillari uchun universal bo‘lgan reflekslar va instinktlarga asoslangan bo‘lib, insonning asosiy his-tuyg‘ularini ifoda etishga xizmat qiladi. Aristotel kulish qobiliyatini kishi madaniyatining eng muhim belgisi deb atagan [Токарева М. А., 2005. С. 95].

Ingliz tilida “smile” (tabassum) leksemasi juda aniq leksik valentlikka ega bo‘lib, qator sifatli birikmalar (sifat+ot) (masalan, a broad smile, a cheerful smile, a radiant smile, a happy smile, a warm smile, a wry smile, a reassuring smile) va fe’lli iboralari (to crack a smile, to give a smile, to have a smile, to bring a smile, to put on a smile, to repress a smile, to manage a smile, to be all smiles), shuningdek, tabassum belgisi fe’l bilan ifodalangan og‘zaki iboralar (to smile from ear to ear, to smile broadly, to smile sweetly) va frazeologik birliklar (to smile back, to smile at somebody, to smile to oneself) orqali uchrashini kuzatish mumkin.

Shuni ta’kidlash joizki, “smile” leksemasi bilan bir qatorda “laugh” leksemasini ham ko‘plab birikmali misollar orqali kuzatish mumkin: “a loud laugh, to have a laugh, a nervous laugh, a great laugh, a big laugh, good for a laugh, to raise a laugh, to have the last laugh, to laugh like a drain, to laugh till one cries, to laugh on the other side of one’s face/mouth” kabi.

Mavjud inglizcha lug‘atlar, “smile, laugh” tushunchalari bilan bog‘liq so‘zlardan frazeologizmlargacha bo‘lgan barcha darajalarda leksik tavsiflash uchun uning yadrosi va perifiriyasini ajratish imkonini beradi. “Smile” va “laugh” fe’llarining kognitiv va emotsional shakllari parametrik tushunchalar sifatida universal xarakterga ega bo‘lishi mumkin [Карасик В.И., 2009. C. 30].

O‘zbek va ingliz tillarida ham kulgi holatini ifodalovchi bir qancha atamalar mavjud. O‘zbek tilidagi kulgi so‘zi bilan bog‘liq bo‘lgan so‘zlarning ta’rifi izohli lug‘atlarda quyidagicha berilgan:

Hiringlamoq – “Hiring-hiring” ovoz chiqarmoq, shunday tovush chiqarib kulmoq [Begmatov E. va boshq., V jild. 2008, B. 532].

Iljaymoq – ovoz chiqarmay, lab va yuz-ko‘z harakati bilan kulgi ifoda qilmoq, miyig‘ida kulmoq, kulgiga o‘xshash holat ifoda qilmoq [Begmatov E. va boshq., II jild. 2006, B. 191].

Irshaymoq – ovoz chiqarmay, lablarini yopib, ko‘rimsiz kulumsiramoq; irjaymoq, tirjaymoq [Begmatov E va boshq., II jild. 2006, B. 226].

Jilmaymoq – kulimsiramoq, tabassum qilmoq [Begmatov E va boshq., II jild. 2006, B. 86].

Kulgi – 1. xursandchilik, vaqtichog‘lik va zavqlanishni ifodalovchi, bo‘linib-bo‘linib chiqadigan tovushlar, ovozlar; 2. Mazax yoki kalaka qilinadigan narsa, kalaka, mazax ifodasi; masxara [Begmatov E. va boshq., II jild. 2006, B. 425].

Kulmoq – 1. yuz, yuz harakatlari yoki turlicha tovush (tovushlar) bilan xursandligini, zavq-shavqini ifodalamoq, kulgi ifodalamoq; 2. Kulgi bilan masxaralamoq, mazax qilmoq [Begmatov E. va boshq., II jild. 2006, B. 426].

Kulumsiramoq – miyig‘ida kulmoq, iljaymoq, jilmaymoq [Begmatov E. va boshq., II jild. 2006, B. 425].

Qah-qah urmoq (otmoq, solmoq) – xaxolab kulmoq, qattiq kulmoq [Begmatov E. va boshq., V jild. 2008, B. 273].

Tabassum – jilmayish, iljayish. Yuz, ko‘z va lablar bilan kulumsirash holati, shunday holat ifodasi, jilmayish [Begmatov E. va boshq., III jild. 2006, B. 625].

Tabassum qilmoq – kulimsiramoq, jilmaymoq [Begmatov E. va boshq., III jild. 2006, B. 625].

Tirjaymoq – ovoz chiqarmay, ko‘z, lab, lunj harakati bilan kulgi ifodalamoq, miyig‘ida kulmoq [Begmatov E. va boshq., III jild. 2006, B. 109].

Xandon – xandon otmoq, xandon tashlab (otib, urib) kulmoq; qattiq kulmoq, qahqaha otmoq [Begmatov E. va boshq., V jild. 2008, B 383].

Xaxolamoq – qattiq ovoz chiqarib kulmoq [Begmatov E. va boshq., V jild. 2006, B. 392].

Yuqorida keltirilgan tabassum va unga sinonim bo‘lgan bir qator atamalarni ma’no va qo‘llanishini kengroq talqin qiladigan bo‘lsak, jilmaymoq va iljaymoq so‘zlari stilistik jihatdan neytral hisoblanadi. Irjaymoq, tirjaymoq, ishshaymoq, irshaymoq so‘zlari salbiy bo‘yoqqa ega. Bu salbiy bo‘yoq irjaymoq so‘ziga nisbatan tirjaymoq so‘zida, tirjaymoq so‘ziga nisbatan ishshaymoq so‘zida, ishshaymoq so‘ziga nisbatan irshaymoq so‘zida kuchliroq.

His-tuyg‘ularni ifoda etish bilan bog‘liq konsepsiyalarning mazmun-mohiyatini tahlil qilishda ularning, muayyan emotsional belgilari yordamida og‘zaki ifoda etilgan ingliz xalq madaniyatining muhim tarkibiy qismini hisobga olish kerak. Bundan tashqari, hissiyotni ifodalashda so‘zlovchining bahosi har doim aniq bo‘ladi, chunki hissiyot yordamida insonning hodisaga bo‘lgan munosabati namoyon bo‘ladi.

Ingliz tilida tabassum “smile” leksemasi juda aniq leksik valentlikka ega ekanligi kishi e’tiborini tortadi: tanlangan badiiy asarlarda juda ko‘p sifatli leksemalarni kuzatishimiz mumkin. Masalan, a huge smile, a wide smile, a wide smile, a nasty smile, a small smile, an ingratiating smile, a rare smile, a weak smile, an odd smile, a happy smile, a brief smile, a cool smile, a hiding smile, a twisted smile, a warm smile, a wry smile, a false smile, a conspiratorial smile. Mazkur sifatli leksemalarni jumlalarda kuzatamiz:

  1. But excitement is bubbling away in my stomach, and a huge smile keeps licking over my face [Kinsella S. 2011. P. 125].
  2. Paul’s eyes alight on me and he gives me an ingratiating smile [Kinsella S. 2011.P. 66].
  3. 'Well.' Kerry gives a false-modest smile. 'Like this.' She pushes her chair back and wipes her mouth with her napkin [Kinsella S. 2011. P. 66].
  4. Along the bar, I can see the air hostess’ hiding smile, and I feel myself flush. Great. Now the whole world knows [Kinsella S. 2011. P. 9].
  5. As I finish speaking I plant the can firmly in the middle of the desk, reach for the ring pull and, with a cool smile, snap it back [Kinsella S. 2011. P. 7].
  6. On the contrary, his face split into a wide smile and he said in a squeaky voice that made passers-by stare:‘Don’t be sorry, my dear sir, for nothing could upset me today! Rejoice, for You-Know-Who has gone at last! [Rowling J. K. 1999. P. 9].
  7. Hagrid leant across the table. Behind the wild beard and eyebrows he wore a very kind smile [Rowling J. K. 1999. P. 66].
  8. Have a good term,’ said Uncle Vernon with an even nastier smile [Rowling J. K. 1999. P. 69].
  9. Harry stared as Dumbledore sidled back into the picture on his card and gave him a small smile [Rowling J. K. 1999. P. 77].

Yuqoridagi sifatli birikmalardan badiiy personajlarning boshdan kechirayotgan hissiyotlarining yorqin ifodasini ilg‘ash mumkin. Aksariyat hollarda bu hissiyotlar ijobiy bo‘yoqdorlikga ega. Ayrim hollarda esa, (3 va 8 misollarda) salbiy hissiyot ifodasi kuzatiladi. Ba’zan, ingliz xalqi madaniyati sababli oddiy muloqot jarayonida personajlarning neytral hissiyotlarini ifodalash hollatlari (5 va 9 misollarda) ham uchraydi. To‘rtinchi misolda esa, biror boshqa bir kishining ustidan kulish jarayoni tasvirlanadi. Bunda ma’lum bir badiiy personajning o‘zini yaxshi his qilmayotgani keyingi jumlada “I feel myself flush” shaklida o‘z ifodasini topadi.

O‘zbek tilida ham tabassum leksemasi aniq leksik valentligiga ega ko‘plab sifatli leksemalarni o‘z ichiga oladi: “soxta tabassum, quvnoq, tabassum, shirin tabassum, yoqimli tabassum, g‘alati tabassum, yashirin tabassum, baxtli tabassum, iliq tabassum, yolg‘on tabassum, sho‘x tabassum, quv tabassum, kinoyali tabassum, nim tabassum, mayin tabassum, istehzoli tabassum. Masalan:

  1. Ko‘zlarida quvnoq tabassum aralash mehr bor edi [Hoshimov O‘. 2012. B. 168].
  2. Shoiraning ko‘zlarida sho‘x tabassum o‘ynadi [Hoshimov O‘. 1977. B. 12].
  3. Uning ko‘kish kulrang ko‘zlari quv tabassum aralash ehtiyotkorlik bilan boqardi [Hoshimov O‘. 1977. B. 32].

U kinoyali tabassum bilan Qilich Valiyevga qarab qo‘ydi [Hoshimov O‘. 1977. B. 46].

  1. U “shef” degan so‘zni nim tabassum bilan aytdi.[ Hoshimov O‘. 1977. B. 69].
  2. Boya “shef”ni ko‘rganda qanday jilmaygan bo‘lsa, hozir ham yuzida shunday, mayin tabassum paydo bo‘ldi [Hoshimov O‘. 1977. B. 76].
  3. Ko‘zlarida hayrat aralash tabassum jilva qildi [Hoshimov O‘. 1977. B. 89].
  4. Zuhraning tiniq chehrasi, ingichka qayrilgan qoshlari, jozibali tabassumi Sherzodning ko‘z o‘ngidan nari ketmas, u hadeb pichirlardi: “Qiziq, odam ham bir-biriga shunaqa o‘xshaydimi? Xuddi o‘zi!” [Hoshimov O‘. 1977. B. 89].
  5. Shunda Azimjon akaning yakkayu yagona ko‘zida allaqanday shu’la porlab ketar, bu — quvonchli tabassummidi, ko‘z yoshimi — tushunish qiyin edi [Hoshimov O‘. 1977. B. 111].
  6. Ko‘zlarida istehzoli tabassum yondi [Hoshimov O‘. 1977. B. 222].

Keltirilgan misollarni tahlil qilar ekanmiz, deyarli har bir vaziyatda sifatli birikmalar yordamida badiiy personajlarning boshdan kechirayotgan hissiyotlarining yorqin ifodasini ko‘rishimiz mumkin. Aksariyat hollarda (1,2,3,6,8,9-misollar), bu hissiyotlar ijobiy bo‘yoqdorlikga ega. Ayrim hollarda esa, (4 va 10 misollarda) biroz salbiy hissiyot ifodasi kuzatiladi. Ba’zan, personaj kechinmalarini tashqi tomondan tasvirlanganligi sababli aniq ochib berilmaydigan holatlar (5 va 7 misollarda) ham mavjud.

Tabassum bilan bog‘liq bo‘lgan fe’lli birikmalar, ravishli leksemalar tanlangan ingliz va o‘zbek asarlarida ham ko‘plab uchraydi. Jumladan, ingliz tilida fe’lli birikmalar quyidagilardan iborat: to wear a smile, to have a smile, to flash a smile, to give a smile, to return a smile, to bring a smile, to hide a smile, to manage a smile, to repress a smile, to suppress a smile, to smile a joyless/happy… smile, to put a smile on smb’ s face.

O‘zbek tilida tabassum fe’lli birikmalar: tabassum qilmoq, tabassum hadya qilmoq, tabassumni yashirmoq, tabassum bilan boqmoq, muloyim tabassum qilmoq, tabassum qilishga harakat qilmoq, beozor tabassum qilmoq.

Ingliz tilida “smile” leksemasi o‘zbek tilidagi tabassum leksemasiga nisbatan ko‘proq shakllarda ifodalanadi. O‘zbek tilida “tabassum” ko‘pgina hollarda ot shaklida qo‘llaniladi. Fe’l shaklida esa “kulmoq”, “kulimsiramoq” leksemalari ayrim vaziyatlarda “tabassum”ga ekvivalent sifatida qo‘llaniladi. Ya’ni ular “laugh” emas, balki “smile” ma’nosini anglatadi. Misol uchun, o‘xshatib kulmoq, kulimsiramoq, sharaqlab kulmoq, kulib yubormoq, qiqirlab kulmoq va hokazolar.

Ingliz tilida uchraydigan ravishli leksemalar: to smile broadly, to smile charmingly, to smile dazzlingly, to smile gently, to smile happily, to smile radiantly, to smile sweetly, to smile triumphantly, to smile warmly, to smile widely, to smile winningly, to tsmile benignly, to smile encouragingly, to smile indulgently, to smile reassuringly, to smile kindly, to smile faintly, to smile politely,  to smile slightly, to smile thinly,  to smile wanly, to smile weakly, to smile grimly, to smile humourlessly, to smile mirthlessly, to  smile  ruefully,  to smile sadly, to smile sheepishly, to smile shyly, to smile apologetically, to smile wryly, to smile conspiratorially, to smile crookedly, to smile lopsidedly, kabilardir.

O‘zbek tilida uchraydigan ravishli leksemalar quyidagilardir: baxtli tabassum qilmoq, dalda beruvchi tabassum, egri tabassum, fitnali tabassum, iliq tabassum qilmoq, keng tabassum, ko‘zni qamashtiruvchi tabassum, muloyim tabassum, qayg‘uli tabassum, aybli tabassum, tantanali tabassum, uyatchan tabassum, yoqimli tabassum, yorqin tabassum, yumshoq tabassum, zaif tabassum.

Ingliz tilida uchraydigan idiomalarga to be all smiles, to be wreathed in smiles, to wipe the smile off sb’s face, a smile of fortune, to smile on (the gods smiled on us, the fortune smiled on us), to smile from ear to ear, to smile a welcome/a greeting, to smile with somebody (slang), to keep smiling ,to come up smiling, to smile one’s consent/appreciation, to smile in somebody’s face (or in face of adversity), to smile like a brewer's horse (slang), to smile with admiration, to smile out of good humour, to smile into a good mood, smile when you say that (informal), smiling faces, grin from ear to ear kabilarni kiritish mumkin.

O‘zbek tilida uchraydigan idiomalar tarkibiga og‘zi qulog‘iga yetmoq, og‘zining tanobi qochmoq, terisiga sig‘may ishshaymoq, kulgiga to‘lmoq, og‘zi qulog‘ida, chehrasini ochmoq va hok. kabilarni kiritish mumkin.

Badiiy adabiyotda “smile” (tabassum) leksemasi bilan bir qatorda uning sinonimlari keng ko‘lamda uchraydi. Quyidagi jadvalda tabassum “smile” leksemasining sinonimik qatori – ingliz va o‘zbek tillarida, ularga ingliz tilida berilgan izohlari va suratli kulgichlar keltirilgan:

 

 

 

“Tabassum (smile)” so‘zining sinonimik qatori –(ingliz va o‘zbek tillarida)

Ingliz tilida berilgan izohlari

Rasmli kulgichlar

smile (jilmaymoq, tabassum qilmoq, kulimsiramoq)

form one’s features into a pleased, kind, or amused expression, typically with the corners of the mouth turned up and the front teeth exposed.

 

grin (iljaymoq, jilmaymoq)

to smile broadly

 

beam (quvnoq tabassum)

a wide and happy smile

 

smirk (tirjaymoq, ishshaymoq)

to smile in a silly or unpleasant way that shows that you are pleased with yourself, know something that other people do not know, etc.

 

smile friendly (iliq tabassum)

showing that somebody is kind; making you feel relaxed and as though you are among friends

 

sneer (hiringlamoq, masxarali kulmoq)

smile or speak in a contemptuous or mocking manner.

 

leer (ayyorona tabassum)

to look or smile at somebody in an unpleasant way that shows an evil interest in them

 

simper (axmoqona tabassum)

a silly and annoying smile

 

 

Navbatdagi jadvalda kulgi “laugh” so‘zining sinonimik qatori – ingliz va o‘zbek tillarida, ularga ingliz tilida berilgan izohlari va rasmli kulgichlar keltirilgan:

 

“Kulgi (laugh)” so‘zining sinonimik qatori – ingliz va o‘zbek tillarida

Ingliz tilida berilgan izohlari

Rasmli kulgichlar

laugh (xaхolamoq, qah-qah otmoq, kulmoq)

to make the sounds and movements of your face that show you think something is funny or silly

 

chuckle (sokin kulgi, piqillab kulmoq)

an act of laughing quietly

 

cackle (qah-qah otib kulmoq)

to laugh in a loud unpleasant way

 

guffaw (xaхolamoq kulmoq)

to laugh noisily

 

giggle (ahmoqona kulmoq)

to laugh in a silly way because you are embarrassed or nervous or you think that something is funny

 

titter (asabiy, ovozsiz kulgi)

a quiet laugh, especially a nervous or embarrassed one

 

fleer (masxarali kulmoq)

to grin or laugh coarsely or mockingly.

 

snigger (yoqimsiz qiqirlamoq)

to laugh in a quiet unpleasant way, especially at something rude or at somebody’s problems or mistakes

 

mock (masxarali kulmoq)

to laugh at somebody/something in an unkind way, especially by copying what they say or do

 

laugh inside (ichida kulmoq, pinhona kulmoq)

to laugh inside while making no sounds and hiding happiness

 

jeer (jerkib kulmoq)

to laugh at somebody or shout rude remarks at them to show that you do not respect them

 

crack up (sharaqlab kulmoq)

to start laughing a lot

 

 

 

Sinonimik qator deganda semantik jihatdan bir-biriga yaqin so‘z birikmalari tushuniladi. Biz “smile” (tabassum qilmoq) va “laugh” (kulmoq) fe’llari yaqin munosabatda keladi, chunki ular bir sinfga taalluqli sinonimlardir.

Bulardan tashqari, “smile” (tabassum qilmoq) fe’li qatnashgan bir qator stilistik vositalar ham mavjud va bo‘yoqdorlikni ham ifodalashi mumkin, masalan:

  1. He gives me a tiny, almost imperceptible smile, and I feel my heart lift [Kinsella S. 2011. P. 179].
  2. Along the bar, I can see the air hostess’ hiding smile, and I feel myself flush. Great. Now the whole world knows [Kinsella S. 2011. P. 9].
  3. She puts her hand on mine, and gives me a twinkly smile. 'I don't know what we'd do without you, Emma!' [Kinsella S. 2011. P. 68].
  4. Something about the smile lurking on Malfoy’s face during the next week made Harry, Ron and Hermione very nervous [Rowling. J. K. 1999. P. 172].
  5. “Without any supper?” said Snape, a triumphant smile flickering across his gaunt face. “I didn’t think ghosts provided food fit for living people at their parties” [Rowling. J. K. 1998. P. 143].
  6. Mr. Lucius Malfoy strode into Hagrid’s hut, swathed in a long black traveling cloak, smiling a cold and satisfied smile [Rowling. J. K. 1998. P. 262].

Keltirilgan misollardan shu narsa aniq ko‘rinadiki, ingliz tilidagi badiiy asarlarda badiiy personajlarning ichki hissiyotlarini namoyon qilishda tabassum “smile” leksemalari qatnashgan metafora, epitet stilistik vositalari ko‘plab qo‘llaniladi. Yuqorida keltirilgan, (1, 2, 4) misollarda metafora faol ishlatilgan bo‘lib, kishi tabssumining boshqa bir kishiga ta’siri o‘zaro muloqot jarayonida ichidan o‘tayotgan kechinmalarning yorqin namoyishini bildiradi. Keyingi, (3, 5, 6) misollarda epitet stilistik vositasi personajlarning hissiyotlarini ochib berishda va kitobxon yozuvchi ko‘zi bilan voqealar rivojini tasavvur qila boshlashiga yordam beradi.

Quyida o‘zbek tilidagi badiiy asarlardan olingan misollarni ham ko‘rib chiqamiz:

  1. Robiya «voy, sodda oyim-a», degandek kulimsiradi [Hoshimov O‘. 2012. B 45].
  2. Ko‘zlari muloyim kulib turibdi [Hoshimov O‘. 2012. B. 90].
  3. Undan oftob hidi, yer isi, keyin... odamning yuragini o'ynatib yuboradigan allaqanday yoqimli bo‘y taralar, ko‘zlari ma’yus kulib turardi [Hoshimov O‘. 2012. B. 102].
  4. Ko‘zi kulib turibdi-yu, lablari titraydi [Hoshimov O‘. 2012. B.109].
  5. — Kim chizdi buni? — xuddi rahmat aytmoqchidek kulimsirab so‘radim [To‘xtaboyev X. 2010. B. 216].
  6. Otajon Azizovich o‘rnidan turib, avval xiyol kulimsiradi. keyin qovog‘ini solib hammaga bir-bir ko‘z tashlab chiqdi [To‘xtaboyev X. 2010. B. 217].

Tanlangan asarlarni kuzatib shu narsa ayon bo‘ldiki, o‘zbek adabiyoti stilistik vositalarga juda boy. Stilistik vositalar yozuvchiga chuqurroq ma’noni yetkazishga imkon beradigan o‘ziga xos xususiyatga ega. Bunday vositalar personajlarning hissiyotlaridan tashqari ularning atrofida sodir bo‘layotgan voqealarga, kishilarga bo‘lgan munosabatini ham aks ettiradi. O‘xshatish stilistik vositasi (1, 5) misollarda uchraydi va personajning tashqi tomondan tabassumi orqali ichki holatini ifodalaydi. Metonimiya vositasi (2, 3, 4) misollarida qo‘llanilgan bo‘lib, har bir personaj tabassumining o‘ziga xosligini ko‘rsatadi. So‘nggi misolda esa, personajning ijobiy hissiyotining salbiyga o‘zgarishi mohirona ifodalangan.

Xulosa o‘rnida shuni ta’kidalsh joizki, tabassum dastlab atrof-muhitga bo‘lgan tashqi reaksiya sifatida paydo bo‘lgan degan fikr asosli, nazarimizda. Bugungi kunga kelib esa, kulgi jamiyatda madaniyatning ajralmas bir bo‘lagiga aylangan. “Tabassum (smile)” leksemasining leksik valentligi tadqiqi, jumladan ularning ot, sifat, fe‘lli bilan ifodalanishining talqini qardosh bo‘lmagan ingliz va o‘zbek tillarida tahlil etilishi o‘z dolzarbligini yo‘qotgani yo‘q. Shuningdek, ingliz tilidagi “smile” leksemasiga oid idiomalar o‘zbek tilida uchraydigan “tabassum” leksemasi bilan qo‘llaniladigan idiomalarning qiyoslanishi ham muhim ahamiyatga ega. Taqqoslanayotgan tillarda “tabassum” leksemasining sinonimik qatorlarini tadqiq etish orqali har ikki tildagi o‘xshash va noo‘xshash jihatlarini atroflicha talqin etilishiga erishildi. “Tabassum (smile)” leksemasiga oid sinonimlar stilistkik jihatdan turli uslublarga doir bo‘lib, ayrim hollarda o‘zaro bir-birining o‘rnida qo‘llash mumkin bo‘lmasligi o‘zbek va ingliz badiiy asarlaridan olingan misollar fikrimiz isboti bo‘la oladi.

 

 

 

Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati:

 

  1. Begmatov E, Madvaliyev A, Mahkamov N, Mirzayev T, To‘xliyev N, Umarov E, Xudoyberganova D, Hojiyev A. O‘zbek tilining izohli lug‘ati. II jild – Toshkent: Yangi O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi. 2006. – 672 b.
  2. Begmatov E, Madvaliyev A, Mahkamov N, Mirzayev T, To‘xliyev N, Umarov E, Xudoyberganova D, Hojiyev A. O‘zbek tilining izohli lug‘ati. III jild – Toshkent: Yangi O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi. 2008. – 688 b.
  3. Begmatov E, Madvaliyev A, Mahkamov N, Mirzayev T, To‘xliyev N, Umarov E, Xudoyberganova D, Hojiyev A. O‘zbek tilining izohli lug‘ati. V jild – Toshkent: Yangi O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi. 2008. – 592 b.
  4. Durkin Ph. The Oxford guide to etymology. Oxford University Press, 2009. – 360 p.
  5. Дарвин Ч. О выражении эмоций у человека и животных. СПб: Питер, 20 01. –320 с.
  6. Карасев Л.В. Философия смеха. -М.: Рос.гуманит.ун-т, 1996. – 224 с.
  7. Карасик В.И. Языковые ключи. – М.: Гнозис, 2009. – 406 с.
  8. Крейдлин Г.Е. Невербальная семиотика: Язык тела и естественный язык. – М.: Новой литературное обозрение, 2002. – 581 с.
  9. Сафаров Ш.С. Лингвистика дискурса. – Челябинск: Челябинский гос. ин-т культуры, 2018. – 315 с.
  10. Тер-Минасова С.Г. Язык и межкультурная коммуникация. Москва: 2000. – 241 c.
  11. Токарева М. А. Традиции смеха и улыбки в русской и западной культурах// Вестн. Моск. ун-та. Сер. 19. Лингвистика и межкультурная коммуникация. 2005. №3. с.95

 

Badiiy adabiyotlar ro‘yxati

  1. Hoshimov O‘. Ikki eshik orasi. – Toshkent: Sharq, 2012. – 215 b.
  2. Hoshimov O‘. Nur borki soya bor – Toshkent: G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyoti – 1977. – 240 b.
  3. Kinsella S. Can you keep a secret? – London: Published Dell Publishing Company, 2011. – 368 p.
  4. Rowling. J. K. Harry Potter and the Chamber of Secrets. – New York: Scholastic press, 1999. – 342 p.
  5. Rowling. J. K. Harry Potter and the Philosopher’s Stone. – New York: Scholastic press, 1999. – 251 p.
  6. To‘xtaboyev X. Sariq devni minib. – Toshkent: Yangi asr avlodi. 2010. – 236 b.

 

Internet resurslar

  1. https://dictionary.cambridge.org/dictionary/english/smile/
  2. https://poznayka.org/s81250t2.html.
  3. https://uzas.uz/articles/3525/

 

Ruziqulov F., Raxmonova A. Stylistic features of the lexeme “smile (tabassum)” in modern Uzbek and English novels. This article examines the linguistic features of lexemes “smile (tabassum)” in Uzbek and English languages. Along with the investigation of the synonyms of these lexemes in both languages, the study also covers and analyzes various examples from the modern English and Uzbek novels.

 

Рузикулов Ф., Рахмонова А. Стилистические особенности лексемы “smile (tabassum)” в современных узбекских и английских романах. Данная статья посвящена лингвистическим особенностям лексемы “smile (tabassum)” в узбекском и английском языках. Наряду с исследованием синонимов этих лексем в обоих языках, в исследовании также рассматриваются и анализируются различные примеры из современных английских и узбекских романов.

 

 

 

Xorijiy filologiya jurnali tahrir ha'yati