ZULFIYA IJODIY PORTRETI VA ESTETIK QARASHLARI

Zulfiyaning 1932-yilda nashr etilgan “Hayot varaqlari” nomli ilk kitobi 19 ta she’rdan iborat bo‘lib, bor-yo‘g‘i 26 sahifani tashkil etar edi. Lekin, bu she’rlarning barchasi yoshlik sururi, halol mehnat, kelajakka doimo umid bilan qarash kayfiyatlari bilan sug‘orilgan edi. She’riyat olamidagi ilk qadamlarining ustozlar va she’riyat ixlosmandlari tomonidan iliq kutib olinishi yosh shoiraga katta dalda bo‘ldi. Biroq, Zulfiya maqtovlardan taltayib ketmadi, gangib qolmadi. Umuman, shoira yoshlik yillaridanoq o‘z ijodiga talabchanlik bilan, kerak bo‘lsa, tanqidiy yondashishga odatlangan edi. 

Struktur adabiyotshunoslik nuqtayi nazaridan matn kitobdan farqli ravishda alohida va keng qamrov tushuncha. Ijodkorning hayoti davomida yozgan ilmiy, badiiy, publitsistik, shaxsiy yozishmalarining barchasi yagona matn hisoblanadi. Shundan kelib chiqqan holda biz ham tadqiqotimizda Zulfiya ijodiga shunday yondashishga harakat qildik.

“20-30 she’r yozib, gazeta-jurnallarda bostirgan odam, – shoir bo‘lavermaydi, albatta, – deydi Zulfiya o‘z tarjimayi holida. – Buni yoshlikda anglash qiyin. Men ham ko‘p yozdim, she’rlarimda ma’lum adabiy tashbehlar takrorlanayotganini payqamasdim. Shu bois birinchi to‘plamimni tavakkal “Hayot varaqlari” deb ataganman” [2, 125-126].

Birinchi kitobning muvaffaqiyati yosh shoirani yanada ishlashga undadi. U xalq qalbiga, kitobxonlar ko‘ngliga yo‘l topish uchun hali anchagina badiiyat sirlarini o‘rganish kerakligini yurakdan his qila bordi.

Taniqli rus shoirasi Marina Svetayeva: “She’riyat – eng kam so‘z bilan ifodalash san’atidir” deb yozgan edi. Boshqird shoiri Musa G‘ali esa o‘z she’rlarining birida she’riyatni soflik, qudrat va jasorat deb atagan.

Zulfiya qalamkash do‘stlarining she’riyat haqidagi bu so‘zlarini sharhlab, “haqiqatan ham, jasorat yo‘q joyda she’riyatni payqamaydilar ham, qudrat yo‘q joyda esa she’riyat ham yo‘qdir. She’riyatning ana shu fazilatlari o‘zaro qattiq aloqador, o‘zaro bog‘langan, bir-birini taqozo etadi”, deydi. U she’riyatning mangu joziba qudratini ana shu uch narsada – soflik, qudrat va jasoratda ko‘radi” [3,4].

Zulfiya nazdida lirika shoirdan juda katta samimiyat va mehnatni talab qiladi. Har bir she’riy asarning vujudga kelishida yurakning ishtiroki nihoyatda faol bo‘lib, u – shoir yuragi – asarning har bir hujayrasiga qon va jon bag‘ishlab turadi. Shu bilan birga bu yurak, ayni paytda, ko‘pchilikning orzu va intilishlarini, dard va iztiroblarini ham ifodalay olishi, ular bilan payvasta bo‘la olishi talab etiladi. Shundagina, hayotiy tuyg‘ular zamirida voqe bo‘lgan, chuqur fikr va samimiy hissiyotlar evaziga yaratilgan she’r kitobxonning qalbidan joy oladi, unga ruhiy va estetik oziq beradi, uning ilhom manbaiga aylanadi.

Adabiyotshunos Ibrohim G‘afurov Zulfiya ijodini yangicha ilmiy qarashlarda o‘rganar ekan, shoira iste’dodini shakllantirgan omillarga “tug‘ma aqliy tuzilma”, “tug‘ma g‘oya” kabi yangi ilmiy terminlar bilan yondashadi [7, 114-120]. 

Tug‘ilgan joyi, o‘sib – ulg‘aygan muhiti shoirning faqat taqdiriga emas, balki uning ijodiga ham ta’sir o‘tkazadi. Ular borliqni intim tarzda o‘zlashtirish va o‘zgartirishga yordam beradi, tasavvur va tafakkurga bir butunlik bag‘ishlaydi. “So‘zni ilhom, tuyg‘uni zavq, fikrni dard boshqaradi” – deb yozadi Ibrohim Haqqul [1,11]. Zulfiya ijodi borasida so‘z ketganda, uning she’riyatidagi so‘zni ham, tuyg‘uni ham, fikrni ham dard boshqargan desak, xato bo‘lmas.

Taqdir, taqdir dedim, yashadim uzoq,

Taqdir peshonaga yozuq deyishdi.

Boshimni devorga urdimu biroq,

Men sindim qonimdan g‘ishtlari pishdi [4, 264].

Ratsionalizm va syurratsionalizm ta’limotiga ko‘ra tabiat asosidagi to‘rt unsur – suv, o‘t, havo, tuproq haqiqiy ijodkorning tasavvur gormonlaridir. Ushbu stixiyalar ongda o‘z dinamik harakatiga ega bo‘lib, ular obrazlar to‘dalarini harakatga soladi. Shundan kelib chiqib aytish mumkinki, Zulfiya ijodining ilk davrida “o‘t”, “olov”, ”nur”, ijodining ikkinchi bosqichida “hijron va ayriliq”, “vafo va sadoqat”, ijodining so‘nggi davrida “ozodlik”, “istiqlol” tushunchalari tasavvur gormonlarini harakatga solgan asoslar sifatida ko‘zga tashlanadi.

Zulfiya e’tiroficha, lirikada yurakning faolligidan tashqari, ohangdorlik, musiqiylik ham katta o‘rin egallaydi. Musiqiylik har qanday davrda  yaratilgan lirik asarga, har qanday xalqning she’riyatiga ham monand bo‘lgan. Chunonchi, musiqiylik – lirikaning muhim omillaridan biridir. “Men bu haqda shuning uchun so‘zlayapmanki, - deb yozadi shoira, - zamonaviy mavzulardagi ko‘pgina she’rlarni o‘qiganda, siz she’rning ohangini, musiqasini eshitmaysiz, shoirning o‘z yuragining urishi sezilmaydi, holbuki, busiz siz u she’rdan hayajonga tushmaysiz. Natijada shoirning kitobxon bilan aloqani yo‘qotib qo‘yish xavfi tug‘iladi. Betakror ohangdorlik, musiqiylik  she’riyatda   teran   mazmun bilan chambarchas bog‘liqdir. She’riyatning yuragi, joni mana shularning tutashligidadir” [3,25].

Zulfiyaning qat’iy ishonchiga ko‘ra, “Shoirning yuragi katta: u azob va quvonchlarni tomchilab yig‘adi”. Ana shunday tuyg‘u, dard, g‘oya yiriklasha boshlaydi, sezgilar, fikrlar his-hayajon bilan to‘ladi. Va “butun   vujudingni tug‘yonga solib”, bugun aytmasang halok qilaman!, deb hayqirganda, qalb “portlaganda” she’r tug‘iladi. “Yurakdan yurakka bormog‘i shart” bo‘lgan she’rni, she’rga  sindirilgan fikr va hislarning mag‘zini chaqish zavqini uyg‘otish qiyin kechishini doimo qalbiga tukkan shoira “har gal qo‘liga qalam olganda, birinchi she’rini yozayotgandek hayajonga tushaveradi, qiynalaveradi. Men bunday holni doimo boshdan kechiraman”[2,172], - deydi.

Darhaqiqat, “Zulfiya she’riyati o‘zi bir dunyo. Uning eshiklarini ochib, kirib boraversangiz, gullar bag‘rida uyg‘ongan bir gilamzor, g‘am shamollari kira olmagan bir kengliklar, nurlarga chayilgan mo‘jizaviy bir olam sizni bag‘riga olayotganday bo‘ladi. Bundan armonning  ko‘ngli sitilib ketadi, ko‘ngil tinchiydi, qalbingiz orom oladi”[5,35].

Shuni aytib o‘tish joizki, Zulfiyaning har bir she’ri – o‘ziga mos tarix. Shoiraning she’riyatini o‘qigan inson, har bir she’rda Zulfiyaning asar yaratishga  sabab bo‘lgan nozik dil torlarini anglab oladi. Butun hayoti davomida uchragan yorug‘, muhabbatga limmo-lim, quvonchu  shodliklarga to‘la kunlarni, ayanchli, g‘am-anduh, ayriliq damlarni hissiyotlarga qo‘shib qog‘ozga  tushirgan satrlari shoiraning turmushi, hayoti qanday kechganidan dalolat beradi.

Shoira Zulfiyaning birinchi she’riy to‘plami  “Hayot varaqlari”( 1932) dan so‘ng “Qizlar qo‘shig‘i”, “Uni Farhod der edilar”, “Hijron kunlarida”, “Hulkar”, “Men tongni kuylayman”, “Dugonalar bilan suhbat”, “Kamalak”, “Mushoira”, “Shalola”, “Quyoshli qalam”, “Lirika” kabi 50 dan ortiq she’riy kitoblari bosildi. Qardosh xalqlar tilida va chet ellarda juda ko‘p kitoblari  bir necha bor tarjima etilib, bosildi [5,40-42].

Zulfiya 20 yoshida shoir Hamid Olimjon bilan turmush qurdi. Zulfiya va Hamid Olimjonning samimiy va go‘zal ittifoqlaridan Hulkar va Omon ismli farzandlar tug‘ildi. “Xonadonda baxt va shodlik, totuvlik va hurmat, ezgulik va yaratish, safarbarlik va teranlik, sodiqlik va vafo, mehr va oqibat hukmronlik qildi. “Men yayrab yashadim. Inson chinakam sevib- sevilganda atrofidagi barcha qiyinchiliklar ushoq bo‘lib ko‘rinadi. To‘rt fasl ham bahor bo‘lib ko‘rinadi” , - deydi shoira. Shu bois Hamid Olimjon “Sog‘inganda”, “Xayolimda bo‘lding uzun kun”, “Sevgi desam”, “Ishim bordir o‘sha ohuda”, “Eng gullagan yoshlik chog‘imda”, “Hol” kabi she’rlarining “prototipi” Zulfiya edi. Zulfiyaning dunyosi, muhabbati edi:

Unutmasman seni hech qachon,

Yuragimda qolarsan abad.

Sen bo‘larsan men bilan mangu

Yuragimga oshno bo‘lgan dard.

 

So‘rog‘im shul: qora ko‘zlarning

Yo‘qolmasin sira vafosi.

Boshlarga tushmasin hech qachon

Shu  ko‘zlaring hijron jafosi [8,172].

Ikki qalbni birdan lovullatgan bu ishq ko‘plab she’rlarning tug‘ilishiga sabab bo‘ldi. Ularda “Ishq qo‘shig‘i” kuylandi:

Sen sezdingmi bizning nafasdan

Koinotda ortgan edi nur.

Hatto qora sochlar cho‘g‘ida

Baxtu shodlik etgandi zuhur.

Bu yillarni “Men ishq edim, ishqdin mastdim bearmon”, deb xulosalaydi. Biroq, 1944-yilda Hamid Olimjon 35 yoshida fojiali tasodif natijasida vafot etadi.

“Men o‘zimni u bilan halok bo‘ldim, dedim xayolimda, mana hozir ham shuncha vaqt ketishiga qaramay, u ayriliqning kuydiruvchi alamlarini butun og‘irligi bilan his qilib turibman”, - deydi shoira. U baralla hayqiradi: “Nega tirik ekansan, tashlab ketmading, tashlab ketmasang-da, boshlab ketmading?!..” 

Biroq ayriliq Zulfiyani buka olmadi. Undagi yaratuvchan ong, onalik burchi Hamid Olimjon uchun  yashash lozimligini yuragiga singdirdi. Natijada hayot va insonlar tafti Zulfiyani “Kishini lol qoldirgudek darajadagi she’riyat” (Mirtemir) sohibasiga aylantirdi. Hamid Olimjonning “sovush bermagan” kechinmalarini jonlantirish orqali shoirning o‘lmas poetik obrazini yaratishga erishdi.

Ha, Zulfiya shunday fazilatlarni bir o‘zida jam etgan yuksak iqtidorli san’atkordir.

Zulfiya o‘z qalbining tubsizliklariga nazar tashlay olgan edi. Ayol qalbi dunyosining sirlarini xo‘b sirli qilib anglata bilgandi. Shoiramiz dunyo she’riyati ehromiga qalbining musaffo, pokiza, tiniq, shaffof ziyosi bilan esh bo‘lgandi. U hayotda ham doimo shunday pokiza ziyo taratib yashadi.  

Ayonki, ijodkor estetik ideali o‘zi yashab ko‘rgan hayot bag‘rida shakllanadi. Uning estetik qarashlari yozgan asarlariga singadi.  Har qanday asar, xususan, lirikada shoir ruhiy kechinmalari aks ettiriladi. Bu ijodkorning tabiatan voqelikka subyektiv yondashuvidan, hayotni o‘z ruhi bilan anglash darajasining sifatidandir. Ma’lumki, san’atning har bir turida mavjud ideal tushunchasi zohiriy borliqni ma’naviy o‘zlashtirish,  tashqi hodisalarning ruhga mutanosibligini qaror toptirish hamda  bevosita uning ishtirokchisi bo‘lish bilan izohlanadi. Bunday  uzviylik nafaqat so‘nggi nuqta bo‘lgan tafakkurni botinan shakllantiradi, balki botiniy va zohiriy elementlarning bir-biriga to‘la mosligini ham ko‘rsatadi. Mumtoz shoiralar ijodiy qarashlarida ham kuzatish mumkinki, ularning lirik qahramonlari, avvalo, o‘zlari, qalbidagi intim kechinmalarni – ideal darajasida kuylay olish salohiyatini namoyon etganlar.

 

 

Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati:

1. Жамол Камол. Аср билан видолашув. Сайланма. I – том (Сўзбоши  И.Ҳаққул). – Тошкент: Янги аср авлоди, 2018. – Б. 11.

2. Зулфия. Асарлар. 3-жилд. Камалак. – Тошкент: Ғафур Ғулом номидаги Адабиёт ва санъат нашриёти, 1986. – Б. 125-126.

3. Зулфия. Адабий ўйлар. – Тошкент: Фан, 1985. – Б. 4.

4. Зулфия. Хотирам синиқлари. Сайланма. Нашрга тайёрловчилар: Ҳулкар Олимжонова, Омон Олимжонов. – Тошкент: “Sharq” нашриёти, 2015.

            5. Ҳотам Умр, Азмиддин Носир. Шеърият маликаси. – Самарқанд: Зарафшон, 1996. – Б. 35.

            6. Ҳотам Умр, Азмиддин Носир. Шеърият маликаси. – Самарқанд: Зарафшон, 1996. (Ушбу рисолада Зулфиянинг чоп этилган барча асарлари рўйхати берилган, 40-42-б.)

            7. Ғафуров И. Зулфия сиймоси // Шарқ юлдузи, 2015, №1. – Б. 114-120.

            8. Xalova M. Ayollar she’riyatida janrlar va uslublar rang-barangligi. Monografiya.- Samarqand: SamDCHTI nashri, 2023. – 105 b.

            9. Ҳамид Олимжон. Асарлар. 1-том. Шеърлар. – Тошкент: Ғафур Ғулом  номидаги  Адабиёт ва санъат  нашриёти, 1970. – Б. 172.

 

Умурова Г. Творческий портрет и эстетические взгляды Зульфии. В данной статье представлена ​​информация о литературно-эстетических взглядах и творческом портрете поэтессы Зульфии. Критерии, определяющие художественный мир поэтессы, основаны анализом лирических произведений. Гармония эстетических взглядов Зульфии с ее творчеством объясняется через теоретические взгляды.

 

Umurova G. Creative portrait and aesthetic views of Zulfiya. This article provides information about the literary and aesthetic views and creative portrait of the poetess Zulfiya. The criteria that determine the artistic world of the poetess are based on the analysis of lyrical works. The harmony of Zulfiya’s aesthetic views with her work is explained through theoretical views.

 

 

 

 

Xorijiy filologiya jurnali tahrir ha'yati