ABDULLA QODIRIY VA PETER MATTHIESSEN ASARLARIDA MADANIY XOTIRA VA MA’NAVIY QIDIRUV

Ipak yo‘li insoniyat tarixidagi eng muhim sivilizatsiyaviy hodisalardan biri bo‘lib, nafaqat savdo-sotiqning, balki g‘oya va qadriyatlar almashinuvining kuchli yo‘nalishi sifatida qaraladi. Bu qadimiy yo‘l o‘z yo‘nalishi bo‘ylab joylashgan xalqlar o‘rtasida madaniy, diniy va intellektual o‘zaro ta’sirni shakllantirib, nafaqat iqtisodiy, balki ma’naviy hayotga ham sezilarli ta’sir ko‘rsatgan. Ipak yo‘li faqatgina geografik marshrut emas, balki inson ongi va adabiy tafakkurida chuqur ildiz otgan ramziy maydon bo‘lib qolgan. Shu sababli u ko‘plab adabiy asarlarda tarixiy, falsafiy va ruhiy kontekstlarda jonli timsol sifatida paydo bo‘ladi.

Sharq va G‘arb adabiyotiпф kelganda Ipak yo‘li obrazining talqini har xil yondashuvlarga asoslanadi. Sharq adabiyotida, xususan, o‘zbek yozuvchilarida bu yo‘l tarixiy xotiraning, milliy o‘zlikning va ijtimoiy o‘zgarishlarning ifodasi sifatida namoyon bo‘lsa, G‘arb mualliflari uchun u ko‘pincha ekzotika, sir-sinoat va ruhiy qutqaruv manbai sifatida tasvirlanadi. Bu qarama-qarshi qarashlar, tabiiyki, ikki madaniyatning tarixiy tajribasi, epistemologik pozitsiyasi va estetik qadriyatlari bilan bog‘liq.

Adabiyotlar tahlili va metodologiyasi. Ushbu maqolada mazkur yondashuvlar ikki muallif — o‘zbek adabiyotining yirik vakili Abdulla Qodiriy va amerikalik yozuvchi-sayohatchi Peter Matthiessen asarlari misolida qiyosiy tahlil qilinadi. Abdulla Qodiriyning O‘tkan kunlar romani orqali XIX asr oxiri Turkiston hududidagi ijtimoiy-madaniy muhit, Buxoro va Toshkent manzaralari orqali Ipak yo‘lining mahalliy o‘zlikdagi roli ochib beriladi. Peter Matthiessen esa The Snow Leopard nomli asarida Nepal va Tibet tog‘laridagi sayohati orqali Ipak yo‘liga yondosh bo‘lgan makonni ruhiy uyg‘onish, g‘amdan forig‘ bo‘lish va falsafiy introspeksiya joyi sifatida tasvirlaydi.

Ikkala muallif ham o‘z asarlarida “yo‘l” tushunchasini oddiy geografik harakat emas, balki ichki ma’naviy o‘zgarish jarayoni sifatida ishlatadi. Biroq bu jarayonning mazmuni va maqsadi har xil: Qodiriy tarixiy o‘zlik va ijtimoiy islohotlar zaruratini ilgari sursa, Matthiessen modern G‘arb insonining ruhiy bo‘shlig‘i va ekzistensial izlanishlarini markazga oladi.

Mazkur maqola ushbu ikki muallifning Ipak yo‘liga oid tasavvurlarini postkolonial nazariya, madaniy xotira va geoadabiyot yondashuvlari doirasida tahlil qiladi. Maqsad — Ipak yo‘lining adabiy talqini orqali G‘arb va Sharqning madaniy dunyoqarashlari, ularning o‘zaro tasvirlash uslubi va ruhiy muammolarini ochib berishdir. Bunday qiyosiy yondashuv nafaqat adabiy muloqotni kengaytiradi, balki o‘zbek adabiyotini xalqaro kontekstda qayta o‘qish imkoniyatini ham yaratadi.

Abdulla Qodiriy o‘zbek adabiyotida modernistik burilishni boshlab bergan yozuvchi sifatida tarixiy xotira, madaniy meros va milliy o‘zlik masalalarini adabiy talqin qilishda muhim o‘rin egallaydi. Uning O‘tkan kunlar [1925] romani XIX asr oxiri Turkiston vohasidagi ijtimoiy-ma’naviy inqiroz, siyosiy ziddiyatlar va qadriyatlar to‘qnashuvini tasvirlar ekan, Ipak yo‘li bo‘ylab shakllangan sivilizatsiyaviy qatlamlarni jonlantiradi.

Roman voqealari Buxoro, Toshkent va Qo‘qon kabi Ipak yo‘li ustidagi shaharlar atrofida kechadi. Bu hududlar o‘sha davrda ham savdo, ham bilim va din markazi sifatida tanilgan bo‘lib, asarda bu manzaralar tarixiy iqtiboslar, madaniy tafsilotlar orqali tirik tasvirlanadi [Qodiriy, 1925/2019]. Qodiriy ushbu makonlarni nafaqat tarixiy voqealar joyi sifatida, balki zamonaviy o‘quvchi ongida milliy o‘zlikni shakllantiruvchi madaniy xotira maydoni sifatida qayta talqin qiladi.

Tadqiqotchilar qayd etishicha, Qodiriy Ipak yo‘li hududlarini tanlab olish orqali xalq o‘zligini tarixiy taraqqiyot bilan bog‘lashga uringan. Bu jihat adibning roman poetikasida sezilarli: Otabek va Kumushning taqdiri orqali u tarixiy voqealarning shaxsiy hayotga ta’sirini ko‘rsatadi [Karimov, 2019; Ergashev, 2021]. Asarda ko‘p marotaba Buxoro, Kogon, Tirmiz kabi qadimiy shaharlarning nomlari eslatiladi, bu esa adibning tarixiy-realist tafakkurini va Ipak yo‘li kontekstida joylashgan madaniy xotira manzillariga bo‘lgan e’tiborini ko‘rsatadi.

Qodiriy uchun Ipak yo‘li oddiy savdo yo‘li emas, balki bu yo‘l xalq ruhiyati, diniy e’tiqodi, falsafiy dunyoqarashi va hayot tarzi shakllangan muhitdir. Bu jihatni Ipak yo‘li orqali yetib kelgan qadriyatlarning o‘zgarishi, yangi g‘oyalar bilan to‘qnashuvi orqali tushunish mumkin. Eski va yangi, sharqona va g‘arbona tafakkur o‘rtasidagi kurash jihat romandagi dramatik ziddiyatlarning negizida yotadi [Turaev, 2020].

Masalan, Otabek — g‘arbona islohotlarga moyil, ammo an’anaviy qadriyatlarga sadoqatli qahramon bo‘lib, u orqali Qodiriy milliy o‘zlikning ichki parokandaligini ochib beradi. Bu yerda “yo‘l” ramzi Ipak yo‘lining o‘zagi bo’lib ijtimoiy o‘zgarish va tarixiy xotira o‘rtasidagi murakkab aloqalarni ifodalaydi. Romanda harakatdagi qahramonlar hamisha tarixiy va madaniy og‘irlik ostida harakat qiladi. Shuning uchun Qodiriy romani o‘zbek milliy o‘zligining adabiy shakllanishida muhim bosqich hisoblanadi [Rizaev, 2018].

Qodiriyga ko‘ra, tarix — bu o‘zbek xalqining iztirobli, ammo g‘ururli yo‘li. Shu bois uning adabiyotida tarix faqat fon emas, balki ma’naviy saboq manbayi hisoblanadi. Ipak yo‘lining bunday talqini tarixga bo‘lgan faol munosabat, ya’ni o‘tmishdan kelajak sari qarash sifatida namoyon bo‘ladi. Bu yondashuv postkolonial nazariya nuqtai nazaridan ham dolzarb: Qodiriy sobiq mustamlaka hududining o‘z tarixiy subyektivligini qayta tiklashga intiladi [Said, 1978].

Bundan tashqari, O‘tkan kunlar romanining til va uslub jihatidan o‘ta boyligi, undagi arabcha, forscha, va eski turkiy leksik qatlamlar, aynan Ipak yo‘li orqali o‘zbek tiliga singib ketgan tillararo aloqalarni ham namoyon qiladi. Bu esa adabiy matnni madaniy-lingvistik xotira sifatida talqin qilish imkonini beradi [Yusupova, 2022].

Muhokama va natijalar. Shunday qilib, Qodiriyning asari Ipak yo‘lini nafaqat tarixiy fon, balki o‘zbek millatining madaniy xotirasi, axloqiy ideali va tarixiy ongini shakllantiruvchi vosita sifatida talqin qiladi.

Aksincha, Peter Matthiessenning “The Snow Leopard” (1978) asari sayohat adabiyoti janrida yozilgan bo‘lsa-da, uning mohiyati bundan ancha chuqur: bu asar shaxsiy yo‘qotish, ruhiy yangilanish va mavjudlikning tub mohiyatini anglash sari uyushtirilgan ichki safarni tasvirlaydi. Matthiessen hikoya qilayotgan geografik yo‘l Tibet va Nepal tog‘lari bo‘ylab davom etsa-da, bu yo‘l tarixiy Ipak yo‘lining bir turi sifatida g‘arbiy insonning Sharqqa bo‘lgan ma’naviy intilishi timsoliga aylanadi.

Muallif 1973-yilda biolog George Schaller bilan birga Markaziy Osiyoning yovvoyi hayvonlarini, xususan qutlug‘ qor qoplonini (snow leopard) kuzatish uchun Tibet platosiga boradi. Biroq bu safar faqat ekologik yoki ilmiy bo‘lmay, balki chuqur egzistensial izlanish xarakteriga ega bo‘ladi. Matthiessen safar davomida yaqinda vafot etgan rafiqasining o‘limi bilan bog‘liq qayg‘ular, o‘zini anglash, hayotning mohiyatiga doir savollar bilan yuzlashadi [Matthiessen, 1978].

Asar davomida Matthiessen Tibetni “tashqi dunyodan ajralgan” muqaddas makon sifatida tasvirlaydi. Bu tasvirlash usuli Sharqni sirli, doimiy, ruhiy qutqaruv manbai sifatida talqin qilgan G‘arbiy orientalistik an’anaga uyg‘un [Said, 1978]. Matthiessen uchun Ipak yo‘li bu yerda nafaqat geografik, balki ma’naviy yo‘l — ongda sodir bo‘ladigan harakat, o‘zini inkor qilish, ego’dan xalos bo‘lishga urinuvchan harakatdir [Pratt, 1992].

Matthiessen bu safar davomida buddaviylik falsafasi, xususan, shunyata (bo‘shliq), anatta (egosizlik), va dukkha (azob) tushunchalarini o‘z hayotiga tadbiq qilgan holda tafakkur yuritadi [Fields, 1992]. U hayotda barcha narsaning o‘tkinchiligi, o‘limning muqarrarligi va insonga xos doimiy iztirob haqidagi buddaviy qarashlarni Ipak yo‘lining tog‘li, qattiq, shafqatsiz lekin betakror go‘zalligi bilan bog‘laydi.

Uning til uslubi juda poetik va meditatsion bo‘lib, geografiyani ichki holat bilan uyg‘unlashtiradi. Masalan, qor qoplonining izsiz yo‘qolib ketishini u o‘zi izlayotgan ruhiy uyg‘onish timsoli sifatida ko‘radi. Bu qoplon hech qachon ko‘rinmaydi — bu bilan Matthiessen ruhiy qoniqish ham ko‘pincha bevosita emas, balki izlashning o‘zida ekanini ko‘rsatadi [Matthiessen, 1978].

Qator tadqiqotchilar The Snow Leopard asarini G‘arbda Ipak yo‘li makonining ruhiylashtirilgan, romantiklashtirilgan talqini deb baholashadi. U yerda Sharq ko‘pincha G‘arbning ichki bo‘shlig‘ini to‘ldirish uchun estetik vosita sifatida ishlatiladi [Campbell, 2008; Lopez, 1998]. Matthiessen bu tendentsiyani biroz yumshatgan bo‘lsa-da, u ham Sharqni ideallashtiruvchi uslubdan to‘liq xoli emas. Biroq, uning Sharqqa nisbatan samimiy hurmati, shaxsiy yo‘qotish bilan bog‘liq iztiroblari asarga ekzistensial chuqurlik beradi.

The Snow Leopard asarida Ipak yo‘li tasviri — nafaqat tog‘lar, monastirlar, va tarixiy yo‘llar tasviri, balki inson qalbidagi yo‘llarning metaforasi sifatida ishlatilgan. Bu jihatdan, Matthiessenning asari tasavvufiy adabiyotdagi “yo‘l” tushunchasiga ham yaqinlashadi: ya’ni, harakat maqsad emas, ichki holatning shakllanishidir [Nasr, 2002].

Shunday qilib, Peter Matthiessen Ipak yo‘lini shaxsiy ong va ruh uchun ochiladigan mistik imkoniyatlar maydoni sifatida tasvirlaydi. Bu yondashuv orqali u G‘arb adabiyotidagi sayohat janrini falsafiy tafakkur va ma’naviy introspeksiya bilan boyitadi.

Abdulla Qodiriy va Peter Matthiessen asarlarini miqiyosa etar ekanmiz, unda Ipak yo‘li timsollari mohiyat e’tibori bilan tubdan farq qiladi. Qodiriy asarida bu yo‘l tarixiy xotiraning, milliy o‘zlikning va ijtimoiy ongning shakllanishiga xizmat qilsa, Matthiessenning The Snow Leopard asarida u asosan g‘arbiy ruhiyatning ichki izlanishlarini aks ettiruvchi xayoliy va ruhiy makon sifatida namoyon bo‘ladi. Bu farq ikki muallifning madaniy kontekstlari, estetik tamoyillari va tarixiy tajribalaridan kelib chiqadi.

Qodiriy uchun Ipak yo‘li tarixiy haqiqat bilan bog‘liq: bu yo‘l orqali o‘zbek xalqi madaniy shakllanishni, siyosiy ongni va ijtimoiy adolat g‘oyasini anglagan. Romandagi Buxoro, Toshkent, va boshqa shaharlarning batafsil tasviri, turmush tarzi, urf-odatlar va qadriyatlar orqali Qodiriy tarixiy xotirani qayta tiklashga uringan. Shu ma’noda, u madaniyatning ichki davomiyligini tasvirlash orqali milliy o‘zlikni badiiy yo‘sinlarda ifoda etgan [Rizaev, 2018; Karimov, 2019].

Bunga qarshi holda, Matthiessen Tibet va Nepal tog‘larini sirrli, muqaddas, begona makon sifatida tasvirlaydi. U bu joylarni o‘z shaxsiy qayg‘usi va ruhiy bo‘shlig‘ini to‘ldirish uchun metafizik sahna sifatida ishlatadi. G‘arb yozuvida Sharqqa bunday yondashuv yangi hodisa emas: Edward Said (1978) o‘zining mashhur Orientalism asarida bu holatni “Sharqni doimiy, g‘ayritabiiy, o‘zgarishsiz va ruhiy jihatdan boy deb talqin qilish orqali G‘arbning o‘zini identifikatsiyalash harakati” deb tushuntiradi.

Shunday qilib, Matthiessen asarida Ipak yo‘li — bu xayoliy, idealizatsiyalangan makon, unda tarixiy voqelik emas, balki G‘arb tasavvurining refleksiyasi ustun turadi. Asardagi Tibet haqidagi tasvirlar real voqelikdan ko‘ra “mistik ilhom manbai” sifatida qabul qilinadi [Lopez, 1998; Bishop, 1989]. Bu G‘arb adabiyotidagi “prisoners of Shangri-La” sindromi bilan bog‘lanadi — ya’ni Sharqni asosan ruhiy najot manbai sifatida ko‘rish.

Boshqacha aytganda, Qodiriy Ipak yo‘li orqali o‘z jamiyatining tarixiy va ijtimoiy ko‘zgusini yaratadi, Matthiessen esa uni egzistensial qochish vositasi sifatida ishlatadi. Qodiriyning matni ijtimoiy ong, milliy modernizm va ma’naviy uyg‘onish bilan bog‘liq bo‘lsa, Matthiessen asari ekzistensial yolg‘izlik, rad etilgan dunyoviylik va ruhiy qoniqish izlanishiga bag‘ishlangan.

Ushbu tafovut geoadabiyot (geocriticism) yondashuvi orqali ham anglash mumkin. Bertrand Westphal [2011] geoadabiy tahlilda makon faqat fizika jihatdan emas, balki estetik, ideologik va ma’naviy shakllanish deb ta’kidlaydi. Qodiriy uchun makon — tarixiy ongni qayta tiklash joyi, Matthiessen uchun esa bu makon — ichki transsendensiya sahnasi.

Bu qarama-qarshi talqinlar Markaziy Osiyo va Ipak yo‘li mintaqasi haqida turli madaniy tasavvurlarning mavjudligini ko‘rsatadi. Ularning har biri o‘z maqsadi, o‘z muallifi va o‘z o‘quvchisiga ega. Qodiriyning asari mustamlakachilik davrida milliy identitetni tiklash vositasi bo‘lgan bo‘lsa, Matthiessenning asari postindustrial G‘arb insonining shaxsiy inqirozlarini Sharq orqali ifodalash vositasidir [Lopez, 1998; Pratt, 1992].

Shu tariqa, ikkala muallif ham “yo‘l” timsolidan foydalanadi, ammo bu yo‘l biri uchun tarixiy va ijtimoiy xotiraning uzviy davomi, ikkinchisi uchun esa metaforik qutulish orzusi bo‘lib qoladi.

Umuman olganda, Ipak yo‘li — insoniyat tarixining eng serqatlam va ramziy makonlaridan biridir. U nafaqat qadimiy savdo yo‘li sifatida, balki xalqlar ongida shakllangan madaniy va ruhiy xotira timsoli sifatida mavjud bo‘lib kelmoqda. Ushbu maqolada Ipak yo‘lining adabiy talqini ikki turli madaniyat — o‘zbek va g‘arbiy-amerikalik — vakillarining asarlari misolida qiyosiy tahlil qilindi. Abdulla Qodiriy va Peter Matthiessen tomonidan yaratilgan tasvirlar orasidagi asosiy tafovut Ipak yo‘lining tarixiy xotira va xayoliylik o‘rtasidagi kontseptual kuchlanishida mujassam.

Abdulla Qodiriy o‘zining O‘tkan kunlar romanida Ipak yo‘li bo‘ylab joylashgan makonlarni milliy tarix va madaniy o‘zlikning shakllanish sahnasi sifatida tasvirlaydi. U tarixiy realizm uslubida yozilgan asari orqali Buxoro, Toshkent, Kogon kabi shaharlarni ijtimoiy-siyosiy o‘zgarishlar kontekstida jonlantirib, o‘zbek xalqining modernizmga yuz tutgan murakkab tarixiy bosqichini ifodalaydi. Qodiriyning yondashuvi Ipak yo‘lini shunchaki fon emas, balki tarixiy ong va madaniy xotirani tiklovchi markaz sifatida qarashga undaydi. Uning tasvirida bu yo‘l — xalqning ichki taraqqiyoti, islohotga intilishi va milliy uyg‘onishining belgisi.

Peter Matthiessen esa The Snow Leopard asarida Ipak yo‘li geografiyasiga yondosh bo‘lgan Tibet va Nepal hududlarini ruhiy qutqaruv makoni, ichki iztiroblardan forig‘ bo‘lish manbai sifatida talqin qiladi. Asarda Ipak yo‘li tarixiy yoki madaniy emas, balki ekzistensial va meditatsion bir makonga aylanadi. G‘arbiy insonning zamonaviylikdan bezgan ruhi bu makonda xotirjamlik, sukunat va ma’naviy uyg‘onishni izlaydi. Bu tasvir G‘arb adabiyotidagi “mistik Sharq” stereotipi, ya’ni Sharqni g‘arbliklar ruhiy qoniqish uchun idealizatsiyalangan makon sifatida ko‘rish an’anasi bilan hamohang.

Ushbu qiyosiy tahlil shuni ko‘rsatadiki, Ipak yo‘li turli madaniyat vakillari uchun turlicha ramziy yuklama kasb etadi. Qodiriy uchun u o‘zligini anglash, tarixiy haqiqat bilan yuzlashish va madaniy uyg‘onish manbai bo‘lsa, Matthiessen uchun u ruhiy halokatni yengib o‘tish vositasi, mavjudlik ma’nosini izlash manzili sifatida paydo bo‘ladi. Bu ikki yondashuv orasidagi tafovutni postkolonial nazariya, geoadabiyot va madaniy antropologiya doirasida tahlil qilish orqali makonning ideologik, falsafiy va estetik shakllanishini chuqurroq anglash mumkin bo‘ldi.

Shuningdek, maqolada G‘arb va Sharq adabiy tafakkuri o‘rtasidagi tasviriy yondashuvlar, madaniy kodlar va tarixiy voqealarga nisbatan munosabatdagi farqlar ochib berildi. Qodiriyning matni ijtimoiy xotirani uyg‘otish va milliy tafakkurni tiklashga xizmat qilgan bo‘lsa, Matthiessenning asari ichki iztirob va shaxsiy yo‘qotishlar kontekstida ruhiy yengillikni izlash harakatini aks ettiradi. Ikkala muallif ham “yo‘l” obrazidan foydalanadi, biroq ularning yo‘li turli maqsad, turli manzil va turli manbaga xizmat qiladi.

Ushbu maqola Silk Road narratives doirasida milliy adabiy merosni transmadaniy kontekstda tahlil qilishga intildi. Bu orqali o‘zbek adabiyotining jahon adabiyoti bilan muloqot qilish salohiyati, hamda Sharq va G‘arb o‘rtasidagi estetik-epistemologik dialogni chuqurroq anglashga zamin yaratildi. Kelgusi tadqiqotlarda bu yondashuv boshqa mintaqaviy adabiyotlar, zamonaviy postkolonial matnlar yoki tarjima amaliyoti orqali yanada kengaytirilishi mumkin.

 

 

Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati:

 

Monografiyalar

  1. Bishop P. The myth of Shangri-La: Tibet, travel writing and the Western creation of sacred landscape. – Berkeley: University of California Press, 1989. – 382 p.
  2. Campbell J. The hero’s journey: Joseph Campbell on his life and work. – Novato, CA: New World Library, 2008. – 249 p.
  3. Ergashev A. Abdulla Qodiriy romanlarida ijtimoiy-falsafiy motivlar. – Toshkent: O‘zbekiston Milliy Ensiklopediyasi nashriyoti, 2021. – 210 b.
  4. Fields R. How the swans came to the lake: A narrative history of Buddhism in America. – Boston: Shambhala, 1992. – 395 p.
  5. Lopez D. S. Prisoners of Shangri-La: Tibetan Buddhism and the West. – Chicago: University of Chicago Press, 1998. – 278 p.
  6. Matthiessen P. The Snow Leopard. – New York:Viking Press, 1978. – 338 p.
  7. Nasr S. H. The garden of truth: The vision and promise of Sufism, Islam’s mystical tradition. – New York: Harper One, 2002. – 310 p.
  8. Pratt M. L. Imperial eyes: Travel writing and transculturation. – London: Routledge, 1992. – 252 p.
  9. Qodiriy A. O‘tkan kunlar. (1-nashr: 1925). – Toshkent: G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyoti, 2019. – 320 b.
  10. Said E. W. Orientalism. – New York: Pantheon Books, 1978. – 368 p.
  11. Westphal B. Geocriticism: Real and fictional spaces. – New York: Palgrave         Macmillan, 2011. – 224 p.

Jurnallardan maqolalar

  1. Karimov B. Milliy o‘zlik va modernizm: Qodiriy adabiyotida tarix va zamonaviylik // Adabiyotshunoslik. – 2019. – №3(2). – B. 114–125.
  2. Rizaev S. Abdulla Qodiriy asarlarida tarixiylik va milliylik // O‘zbek tili va adabiyoti. – 2018. – №5(4). – B. 87–93.
  3. Turaev D. Qodiriy romanlarida tarixiy voqelikning badiiy talqini // Til va adabiyot. – 2020. – №4(1). – B. 52–59.
  4. Yusupova Z. Tarixiy matnlarda lingvistik xotira va madaniy almashinuv //       Filologiya masalalari. – 2022. – №1(1). – B. 41–49.

 

Исламова Н. Культурная память и духовный поиск в произведениях Абдулла Кадыри и Питера Маттисена. В данной статье проводится сравнительный анализ литературной интерпретации образа Шелкового пути в произведениях двух авторов, принадлежащих к разным культурам — Абдуллы Кадыри («Минувшие дни», 1925) и Питера Маттисена («Снежный барс», 1978). Cтатья раскрывает идеологические, эстетические и исторические различия в подходах авторов. В исследовании используются методы постколониальной теории, геолитературы и культурной антропологии для анализа литературных и семантических слоев образа Шелкового пути. Кроме того, статья способствует пониманию формирования культурных представлений, трактовке региональных образов в западной и восточной литературных традициях и стоящих за ними эпистемологических подходов.

 

Islamova N. Cultural memory and spiritual quest in the works of Abdulla Qodiriy and Peter Matthiessen. This article offers a comparative analysis of the literary interpretation of the Silk Road in the works of two authors from distinct cultural backgrounds — Abdulla Qodiriy (O‘tkan Kunlar, 1925) and Peter Matthiessen (The Snow Leopard, 1978). Utilizing postcolonial theory, geoliterature, and cultural anthropology, the research analyzes the literary and semantic layers of the Silk Road. This article sheds new light on diverse literary perspectives on the Silk Road and contributes to the study of Uzbek literature in an international context. Moreover, it explores how cultural imaginaries take literary form, how regional images are interpreted in Eastern and Western literary traditions, and the epistemological frameworks underlying these interpretations.

 

 

 

Xorijiy filologiya jurnali tahrir ha'yati