ALISHER NAVOIYNING “FARHOD VA SHIRIN” HAMDA SHEKSPIRNING “HAMLET” ASARLARIDA AXLOQIY IDEAL, MUHABBAT VA FOJIA MOTIVINING QAHRAMONLAR TIZIMIDAGI IFODASI

Axloqiy ideal va muhabbat motivi Sharq va G‘arb adabiyotida turlicha badiiy shakllarda gavdalansa-da, ularning asosiy mohiyati — insonning ruhiy poklanishi, vijdon, sadoqat va ezgulik g‘oyalaridir. Navoiyda bu motiv gumanistik mazmun kasb etib, insonni komillikka yetaklaydi; Shekspirda esa u falsafiy iztirob va ruhiy kurash bilan ifodalanadi. Aristotelning “Nikomax axloqi”da aytilishicha, “axloqiy mukammallik – bu aql bilan boshqariladigan odatdir”, ya’ni inson o‘z xatti-harakatlarini ongli ravishda axloqiy me’yorlarga moslashtirgan sari idealga yaqinlashadi [4; 29-33]. Forobiy esa “Fozil odamlar shahri” asarida bu g‘oyani jamiyat nuqtayi nazaridan yoritib, ideal insonni “fozil jamiyat quruvchisi” sifatida talqin etadi [5;130]. Alisher Navoiy ushbu falsafiy an’anani davom ettirib, “komil inson” tushunchasini o‘z asarlarida markaziy o‘ringa qo‘yadi. Uning nazarida, haqiqiy inson — bu nafaqat o‘z baxtini, balki jamiyatning farovonligini ham o‘ylaydigan, ilm, adolat va mehr-oqibat mezonlari bilan yashaydigan shaxsdir. Shoirning “Farhod va Shirin” dostonida bu ideal Farhod timsolida mujassam: u o‘z muhabbatini nafs emas, balki ezgulik va xalq xizmatiga qaratilgan bunyodkor kuch  sifatida ifodalaydi. Shu tariqa, Navoiy axloqiy idealni shaxsiy ehtirosdan ijtimoiy burch darajasiga ko‘taradi. Adabiyotshunos olim G. Karimovning qayd etishicha, Navoiy insonning ichki olami, falsafiy tushunchalar yoki muhabbat mavzusida yozganida hamisha badiiy ramzlardan — gul, rayhon singari obrazlardan foydalanadi. Shu jihatdan olim “Farhod va Shirin”ni Navoiy yaratgan “bog‘dagi eng go‘zal gul” sifatida baholaydi [6;212]. Sharq mumtoz adabiyotida muhabbat — bu nafaqat shaxsiy tuyg‘u, balki ilohiy va ma’naviy kamolotga eltuvchi yo‘l sifatida talqin etiladi. Navoiy uchun muhabbat “ruhiy poklanishning sababi”, insonni komillikka eltuvchi kuchdir. “Farhod va Shirin”da qalamga olingan muhabbat sevuvchi bilan seviluvchi o‘rtasidagi ezgu maqsad, insonni yuksak cho‘qqilar sari yo‘naltiruvchi faol kuchdir. Farhod dunyoga kelgandayoq uning yuzida ishq nishonasi bor edi. Shuning o‘zi dostonda asos qilib olingan muhabbat mavzusining qanchalik keng ma’noga ega ekanligidan darak beradi. Adib dostonda hayotdagi hech bir voqeaning sababsiz yuzaga chiqmasligini ta’kidlaydi. Farhodda yoshligidan paydo bo‘lgan oshiq­lik alomatlari uning hayot yo‘lidagi kamoloti, mashaqqatlari, zid­di­yatlarining — qisqasi ruhiy mehnatning oldindan zohir bo‘lgan belgisi edi [10]. Bu doston ekspozitsiyasida yaqqol ko‘zga tashlanadi. Suqrotning Farhodga bashorat qilib aytgan quyidagi gaplarida shunga ishora qilinadi:

 

Sening oldingda ishqdur majoziy,

Ki jisming o‘rtabon suzu gudozī.

Ham ovozangni ofoq ichra solg‘ay,

Ham ovozing kuhan toq ichra solg‘ay [1;379].

 “Farhod va Shirin”da sevgi motivi falsafiy va ijtimoiy ma’nolar bilan boyitilgan: Farhod va Shirin o‘rtasidagi muhabbat insonparvarlik, sadoqat va irodalilik ramzidir. Bu muhabbat eng sof va samimiy tuyg‘u sifatida ko‘rsatiladi. Shirin Farhodni faqat shahzoda bo‘lgani uchun emas, balki dunyodagi tengsiz ilmli, ko‘p hunarlarni egallagan, mukammal inson bo‘lgani uchun sevadi. Shu bois, ularning muhabbati chuqur ijtimoiy mazmunga ega. Navoiy bunday muhabbatni insoniyatning ulug‘ belgisi deb talqin qiladi.           

Shekspir tragediyalarida esa muhabbat mavzusi inson qalbidagi ichki ziddiyatlarning eng keskin ifodasi sifatida namoyon bo‘ladi. Unga ko‘ra, muhabbat nafaqat tuyg‘u, balki inson ruhining axloqiy, ijtimoiy va falsafiy sinov maydoni hamdir. Shoir qahramonlar taqdirini sevgi orqali sinaydi: ularning muhabbati odatda shaxsiy istak bilan burch, ehtiros bilan aql, erkinlik bilan taqdir o‘rtasidagi to‘qnashuvda o‘lchanadi. Masalan, “Romeo va Juletta”da muhabbat ikki yosh qalbni jamiyatdagi adovat va ijtimoiy nizolar girdobiga tortadi; bu sevgi hayot va o‘lim, tinchlik va zo‘ravonlik o‘rtasidagi keskin qarama-qarshilikni ochib beradi. “Otello”da esa sevgi ishonch va rashk, sadoqat va gumon o‘rtasidagi psixologik ziddiyat maydoniga aylanadi. “Hamlet”da Ofeliyaga bo‘lgan hislar esa ruhiy iztirob va mavjudlikning ma’nosi haqidagi falsafiy izlanishlar bilan uzviy bog‘langan. Shekspir uchun muhabbat — bu insoniy kechinmalarning eng oliy, shu bilan birga, eng xavfli ko‘rinishidir[11]. U orqali dramaturg inson mohiyatidagi murakkablikni, ya’ni ezgulik va yovuzlik, mehr va nafrat, fidoyilik va xiyonat singari ziddiyatlarning birligida ifodalaydi. Muhabbat Shekspir qahramonlari uchun baxt manbai emas, balki ruhiy poklanish va fojiaviy anglash jarayonining kalitidir. Shu ma’noda, uning tragediyalaridagi sevgi timsoli inson tabiatining eng chuqur falsafiy qatlamlarini ochib beradi.               Adabiyot tarixida yaratilgan ayol obrazlari har bir davrning ijtimoiy-estetik qarashlarini, jamiyatdagi qadriyatlar tizimini va ma’naviy-axloqiy idealini ifodalashda alohida o‘rin tutadi. Badiiy asarlarda ayol timsoli nafaqat shaxsiy muhabbat, balki ijtimoiy mas’uliyat, siyosiy jarayonlar va ma’naviy g‘oyalar bilan ham chambarchas bog‘liq holda talqin etiladi. Shu bois, ayol obrazini o‘rganish orqali muallifning insonparvarlik qarashlari, jamiyat haqidagi tasavvurlari va estetik ideallari yorqin namoyon bo‘ladi.                  Alisher Navoiy o‘zbek adabiyotida dastlabki mukammal ayol obrazini yaratarkan, u orqali o‘rta asr sharoitida ayol kishining muhabbati va fojiasini katta san’atkor qalamı bilan tasvirlab beradi. “Farhod va Shirin” dostonida Shirin obrazini irodali, mustaqil va faol ayol sifatida yaratadi. Shirin – yuksak fazilatli qiz bo‘lib, Farhoddan qolishmaydigan darajada komil inson sifatida tasvirlanadi. Malika Mehinbonu davlatni boshqarishda jiyani Shirin maslahatlarini qonun darajasida qabul qiladi. Mamlakat obodonligi uchun qazilgan kanallar va suv inshootlari aynan Shirin maslahatlari natijasidir. Shirin o‘zining go‘zalligi bilan emas, balki aql-zakovati, tadbirkorligi va donoligi bilan ajralib turadi. U jasur va irodali qahramon bo‘lib, o‘lim tahdidi qarshisida ham taslim bo‘lmaydi. Navoiy tasviridagi Shirin har jihatdan go‘zal inson. Uning ma’naviy dunyosi va uni o‘rab turgan muhit Farhodga mos, go‘zal va yuksak darajada. Shoir bu ikki badiiy timsol misolida ham o‘z davri uchun, ham o‘zidan keyingi barcha davrlar uchun ibrat bo‘la oladigan komil insonlar tasvirini yaratdi. Allomaning fikricha, bu insonlarni ilm kamolot darajasiga yetkazgan. N. Mallayevning ta’kidlashicha, Shirin “o‘rta asrlardagi gumanizmning qudratli ovozi” bo‘lib, uning muhabbati tor doiradan chiqib, keng ijtimoiy-estetik mazmunga ko‘tarilgan [7]. Demak, Shirin obrazi Navoiyning “komil inson” haqidagi konsepsiyasiga monand tarzda tasvirlangan. An’anadagi Shirin ko‘proq Xisrav Parvezning saltanati va shaxsiy qudratidan ta’sirlangan bo‘lsa, Navoiyning Shirinida buning aksi kuzatiladi. U ilm va fan, xalq hayoti bilan qiziqadigan, davlat va mamlakat taqdirini o‘ylaydigan, fidoyi va xalqparvar Farhodga oshiq bo‘ladi. Bu jihat Navoiy gumanizmining yorqin ifodasi bo‘lib, Shirinni tor “ishqiy” qiyofadan chiqarib, uni kengroq ijtimoiy-estetik mazmunga ega timsolga aylantiradi. Shirin iffatli, hayoli, or-nomusli qiz sifatida tasvirlanadi. Bu fazilatlar uning Mehinbonu va Shopur bilan munosabatlarida ham yaqqol namoyon bo‘ladi. Farhodni tanlaganda esa u uning shahzoda ekanidan bexabar bo‘lgan; Shirinni rom etgan narsa Farhodning aql-zakovati, pokizaligi, xalqparvarligi va fidoyiligi edi. Shu bois, Shirin timsoli orqali shoir insoniylik, fidoyilik, vatanparvarlik kabi g‘oyalarni yoritishga intiladi. Navoiyning badiiy uslubi shundaki, Shirin muhabbatining tobora yetilib, kamol topib borishini turli voqealar orqali bosqichma-bosqich ko‘rsatadi. Ayniqsa, Xisrav Parvezning “oshig‘i” sifatida voqeaga kirib kelishi Shirin obrazining ijtimoiy mohiyatini ochishga xizmat qiladi. U Xisravning sovchilarini Mehinbonu orqali rad etadi va insoniylikni shohlikdan ustun qo‘yadi. Shu qarori bilan Shirin muhabbatda sadoqat va vafodorlikning oliy timsoliga aylanadi. Shoirning quyidagi misralarida Shirinning mohiyati qisqa, ammo, teran ifodalangan:

 

“Manga ne yoru ne oshiq havasdur, Agar men odam o‘lsam ushbu basdur!” [1;402]

 

Bu so‘zlar Shirin uchun hayotning mazmuni Farhod va uning fidoyiligida ekanini anglatadi. Shoir bu xususiyatni Farhodning Shiringa yozgan maktubi misralarida ham takror ta’kidlab, qahramonning go‘zalligidan tashqari insoniylik va ma’naviy barkamolligini alohida urg‘u bilan ko‘rsatadi.  

 Shekspirning “Hamlet” tragediyasidagi Ofeliya esa butunlay boshqa qiyofada namoyon bo‘ladi. Ofeliya asarning asosiy qahramonlari — Laert, Poloniy va Hamlet ta’sirida ko‘pincha obyekt sifatida gavdalanadi: akasi uni axloqiy sinov vositasi sifatida ko‘radi, otasi siyosiy maqsadlari uchun ishlatadi, Hamlet esa uni ba’zan ideal ayol darajasiga ko‘tarsa, ba’zan esa shaxsiy hissiyotlarning oddiy obyektiga aylantiradi [8;87]. Shekspir ijodida ko‘plab qizlar bor, biroq, faqat Ofeliya o‘z sevgisini otasining roziligi uchun rad etadi. Bu xatti-harakat uni boshqa obrazlardan ajratib turadi. U hayotni, o‘z kechinmalarini chuqur tahlil etmaydi, faqat tashqi voqelik bilan muvofiq yashashni ma’qul ko‘radi. Hamlet doimo monologlar va falsafiy iztirob orqali o‘z his-tuyg‘ularini ifoda etsa, Ofeliya shunchaki javob beradi:

 

“Bilmayman, janob, nima deb o‘ylashni.”

“Men hech narsa o‘ylamayman, janob.”

 

Bu javoblar uning sokin, soddadil va itoatkor tabiatini ochib beradi. U otasining buyrug‘iga ko‘ra, Hamlet bergan xatlar va sovg‘alarni qaytara turib deydi:

 

Endi ola qoling, chunki nomusli qizlar,                                                              Bevafoning sovg‘asiga nazar solmaslar                                                         Hamlet: O, siz nomusli qizmisiz?           Ofeliya: Milord?                                  Hamlet: Yana latofatlisiz?                     Ofeliya: Nima demoqchi bo‘lasiz shahzodam?

 

Ofeliya uchun bu sovg‘alar — muhabbatning real belgisi, jamiyatda qabul qilingan ramzdir. U sovg‘alarni qaytarib, ijtimoiy me’yorga amal qiladi, ammo, bu bilan muhabbatning o‘zini emas, uning tashqi shaklini rad etadi. Ofeliya muhabbatni an’anaviy, amaliy, ijtimoiy hodisa sifatida anglaydi. U uchun muhabbat — bu ishonch, odob, ijtimoiy xavfsizlik ramzi: Hamlet uchun esa Ofeliyaning bu harakati — xiyonat belgisi. Bu so‘zlar, aslida, Hamletning ichki iztirobining aksidir. U sevgi va ideal o‘rtasidagi tafovutni qabul qila olmaydi. Hamlet sevgi orqali abadiylik yaratmoqchi bo‘lgan, ammo, Ofeliya bu sevgini yerga tushirgan — real, ijtimoiy darajaga olib kelgan. Shu sababli ular o‘rtasida muloqot uziladi, muhabbat esa ramziy o‘limga duch keladi. Ofeliya Hamletning shafqatsiz so‘zlaridan so‘ng hayrat bilan shunday deydi:

Qanday yuksak aql parvozda edi, endi yiqildi!

Bu so‘zlar Ofeliyaning Hamletni endi aqldan ozgan, o‘z mohiyatini yo‘qotgan shaxs sifatida ko‘rayotganini bildiradi. U endi Hamletni tushunmaydi, Hamlet esa uni real ayol sifatida qabul qila olmaydi. Hamletning Ofeliyaga nisbatan qo‘polligi uning onasiga bo‘lgan ruhiy nafratining boshqa ayol obraziga ko‘chganini ko‘rsatadi. Onasidan ko‘rgan xiyonatidan iztirob chekkan qahramon endi ayollarga nisbatan umuman ishonchsizlik bilan qaraydi. Ofeliyaga aytilgan bu so‘zlar esa Hamletning ichki repressiyalaridan tashqariga chiqqan ifodalar sifatida talqin qilinadi:                

 

Sen tarki dunyo qilib monastirga borgin.

Axir bu dunyo seni buzadi, sen faqat halokat topasan [3;207].

 

Ofeliya ba’zi epizodlarda mustaqil savollar berib, subyektiv ovozga ega bo‘lsa-da, bu imkoniyat cheklangan. Uning haqiqiy subyektivligi aqldan ozish jarayonida ochiladi: u jamiyat qoidalaridan xoli bo‘lib, erkin qo‘shiqlar kuylaydi, yashirin haqiqatlarni fosh etadi. Biroq, jamiyat uni “telba” deb qabul qilgani uchun, so‘zlariga e’tibor bermaydi. Ofeliya obrazi muhabbatda sadoqat va zaiflik, axloqiylik va jamiyat bosimi o‘rtasidagi fojiaviy qarama-qarshilikni ifodalaydi. Ofeliya o‘z muhabbatini saqlab qolish yo‘lida ijtimoiy bosimga bardosh bera olmaydi va nihoyat, fojiaviy tarzda halok bo‘ladi. Shu orqali Shekspir G‘arb adabiyotida ayol obrazining jamiyatdagi noaniq maqomini, erkaklar hukmron tizimdagi zaiflikni ko‘rsatadi.  Navoiyning Shirin obrazida  ayol irodasi va sadoqati ideal darajaga ko‘tarilsa, Shekspirning Ofeliyasi muhabbatda qurbon bo‘lgan zaif qiz sifatida gavdalanadi. Bu qiyos Sharq adabiyotida ayol obrazining faol va mustaqil, G‘arb tragediyasida esa fojiaviy va ojiz ko‘rinishda tasvirlanganini ko‘rsatadi. Ammo, ikkala qahramonni bog‘lab turuvchi jihat shuki, ularning sevgisi sof va chin insoniy tuyg‘u sifatida asarning badiiy asosini tashkil etadi.                                                                         “Farhod va Shirin” dostonidagi Mehinbonu obrazi badiiy timsol sifatida oqillik, donolik va ijtimoiy faollikni mujassamlashtirgan bo‘lsa, “Hamlet” tragediyasidagi Gertruda obrazi ko‘proq oilaviy tuyg‘ular va siyosiy intrigalarda irodasizlik ramzi sifatida tasvirlangan. Ikkala obraz ham o‘z davr adabiy-estetik qarashlarining yorqin mahsuli bo‘lib, ular orqali ayolning jamiyatdagi o‘rni, ma’naviy qiyofasi va fojiaviy taqdirining badiiy talqini ifodalanadi. Navoiy dostonida Mehinbonu jiyani Shirin uchun nafaqat tarbiyachi, balki jamiyat ishlarida faol maslahatchi sifatida tasvirlanadi. Uning obrazida oqillik, dono qaror qabul qilish, siyosiy mas’uliyat va ijtimoiy faollik mujassam. Mehinbonu davlatni idora etishda hal qiluvchi o‘rin tutadi, uning qarorlari jamiyat taraqqiyotiga xizmat qiladi. Bu holat Navoiyning gumanistik qarashlarini ifodalash bilan birga, Sharq mumtoz adabiyotida ayol obrazining ijtimoiy faolligi va donoligini ko‘rsatadi. “Navoiyning Shirini eng barkamol ayol timsoli sifatida gavdalangan bo‘lsa, Mehinbonu uning tarbiyasida, jamiyat hayotidagi faol ishtirokida muhim rol o‘ynaydi” [7].  Uning shoh Xisrav bilan maktublar orqali basma-bas olishgan epizodlari Eron shohi Kir bilan munozarada shijoati bilan yengib chiqqan To‘maris obrazini eslatadi. Demak, Mehinbonu Navoiyning ideal jamiyat haqidagi qarashlari bilan uzviy bog‘liq bo‘lgan ayol timsolidir.                             “Hamlet tragediyasida Gertruda — Hamletning onasi va Daniya malikasi sifatida gavdalanadi. U mehribon ona sifatida o‘g‘lini sevsa-da, mustaqil qaror qabul qilishda ojizlik qiladi va Klavdiyning siyosiy ta’siriga berilib qoladi. Asarning to‘rtinchi sahnasi Hamlet va onasi  o‘rtasidagi eng keskin va ruhiy to‘qnashuvli sahnalardan biri bo‘lib, unda ona va o‘g‘il o‘rtasidagi axloqiy va ruhiy qarama-qarshilik cho‘qqisiga chiqadi:

 

Gertruda: Sen nega otangni tahqir etasan, Hamlet?     

Hamlet: Siz otamni nega tahqir etdingiz, onam?

Gertruda: Sen men bilan bir avomdek gaplashmoqdasan?              

Hamlat: Siz-chi, savol bermoqdasiz, munofiqona [3;209].       

 

Bu qisqa, ammo, mazmunan portlovchi ikki satrda ikki xil “ota”ni anglash mumkin. Gertruda o‘g‘lini Klavdiy — yangi qirolni hurmat qilmayotganlikda ayblaydi; Hamlet esa o‘z haqiqiy otasi — marhum qirolning sha’nini xiyonat bilan tahqirlagan onasini nazarda tutadi.

Gertrudaning zaifligi, uning siyosiy vaziyatdagi beqarorligi fojiaviy oqibatlarga olib keladi.  “Gertruda yovuz emas, lekin, irodasiz; uning fojiaviyligi – qo‘rqoq va beqaror tabiatidadir” [9]. Harold Blum ham Gertrudani “sevgiga chanqoq, ammo, siyosiy vaziyatda ojiz ayol” sifatida baholaydi [10]. Bu talqin Gertruda obrazining shaxsiy ehtiroslar bilan siyosiy ojizlik orasidagi ziddiyatda shakllanganini ko‘rsatadi.

Mehinbonu va Gertruda obrazlarini qiyosiy tahlil qilsak, ularning o‘xshash va farqli tomonlari yaqqol ko‘rinadi. Har ikkisi ham davlat hayoti bilan bog‘liq, taqdirlari siyosiy jarayonlarga chambarchas bog‘langan ayollardir. Ammo, Mehinbonu faol va dono, jamiyatni boshqarishda muhim o‘rin tutadi, Gertruda esa irodasizligi tufayli siyosiy vaziyatda qurbon bo‘ladi. Bu ikki obrazni qiyoslash orqali Sharq va G‘arb adabiy an’analarida ayol qiyofasiga bo‘lgan turli yondashuvlarni ko‘rish mumkin. Navoiyning Mehinbonusi ayolning faol ijtimoiy mavqeini targ‘ib etsa, Shekspirning Gertrudasi ayolning shaxsiy ehtiroslari va siyosiy ojizligi o‘rtasidagi fojiaviy qarama-qarshilikni ochib beradi. Har ikki asardagi  salbiy qahramonlar  hokimiyat va nafs timsoli sifatida gavdalanadi. “Farhod va Shirin” dostonidagi Xisrav Parviz hamda “Hamlet” tragediyasidagi Klavdiy obrazlari bunga yorqin misoldir. Avvalo, ikkala qahramonni birlashtiruvchi jihat – hokimiyatni insoniylikdan ustun qo‘yishi va adolatni qurbon qilishidir. Xisrav ham, Klavdiy ham shaxsiy manfaat va nafs istaklari yo‘lida jamiyat qadriyatlari va insoniylik mezonlarini chetga suradi. Biroq, ularning farqli tomonlari ham bor. Xisrav muhabbat niqobi ostida o‘zining nafsparastligini yashiradi; u Shirinning mehrini qo‘lga kiritish orqali saltanat va shaxsiy manfaatlarini ta’minlashni ko‘zlaydi. Klavdiy esa bundan ham oshkora yo‘l tutadi: u hokimiyatni qo‘lga olish uchun qotillikka qo‘l uradi va taxtni noqonuniy tarzda egallaydi. Alisher Navoiy tomonidan yaratilgan Xusrav Parvez obrazi oddiy tarixiy shaxs emas, balki murakkab psixologik xarakterga ega dramatik qahramon sifatida talqin etiladi. Shoir ushbu obraz orqali inson ruhiyatining ziddiyatli qatlamlarini badiiy tahlil etadi. Xusrav o‘zini mas’uliyatli hukmdor sifatida ko‘rsatgan holatlarda ham, ba’zida his tuyg‘ulari tasarrufidagi shaxs sifatida namoyon bo‘ladi. Uning Shirin bilan bo‘lgan munosabatlari muhabbat ko‘rinishida yuzaga chiqsa-da, bu tuyg‘u shaxsiy ambitsiya va rashk bilan murakkab tus oladi. Farhodga nisbatan bo‘lgan nafrati, aslida ichki zaifliklarini niqoblash vositasi sifatida namoyon bo‘ladi. Bu jihatlar doston davomida  obrazning dramatik kuchini oshiradi. Navoiy Xisravni soxta “oshiq‘” va adolatdan yiroq hukmdor sifatida talqin etadi. U saltanatni insoniylikdan ustun qo‘yadi, muhabbatni esa nafs bilan almashtiradi. N. Mallayev bu obraz haqida shunday deydi: “Navoiy Shirinni an’anadagi Shirinlardan farqli ravishda Xisravning saltanatini emas, balki Farhodning insoniyligi va fidoyiligini tanlash orqali gumanizmning yorqin ifodasini berdi” [7;290-295].  Shu bois Xisrav – muhabbatda samimiy emas, balki hokimiyat istagi bilan yashagan shaxs sifatida gavdalanadi. Alisher Navoiy o‘zining “Farhod va Shirin” dostonida Xisrav Parvez obrazini yaratishda tarixiy-religiy voqealarga tayangan holda, uni badiiy jihatdan salbiy talqinda gavdalantiradi. Bu obraz orqali Navoiy islom tarixidagi muhim hodisalardan biri — Payg‘ambar Muhammad (s.a.v.) ning Sosoniylar hukmdori Xusrav Parvezga yuborgan maktubi bilan bog‘liq rivoyatni eslatib o‘tadi. Islomiy manbalarga ko‘ra, Xusrav Parvez bu maktubga hurmatsizlik bilan munosabatda bo‘lib, uni yirtib tashlaydi. Bu hodisaga javoban Payg‘ambar (s.a.v.) uning halokatini bashorat qiladilar va tarixiy manbalarda bu bashoratning tez orada ro‘yobga chiqqani qayd etiladi. Navoiy ushbu tarixiy voqeani to‘g‘ridan-to‘g‘ri emas, balki poetik obrazlar va dramatik konfliktlar orqali ifodalaydi. Xususan, Xusravning doston davomida ko‘rsatgan takabburligi, manfaatparastligi va sevgida ham, siyosatda ham shaxsiy ehtiroslarini axloqiy qadriyatlardan ustun qo‘yishi — uni badiiy jihatdan tanqidiy timsolga aylantiradi.[13]      Shekspir tragediyasida Klavdiy o‘z akasini zaharlab o‘ldirib, taxtni egallaydi. U hokimiyatni saqlab qolish uchun har qanday jinoyatga tayyor bo‘lgan hukmdor timsolidir. E.S. Bredli Klavdiyni shunday ta’riflaydi: - “Klavdiy – bu ochiqdan-ochiq yovuzlik emas, balki ehtiros, hokimiyat istagi va qo‘rquv bilan aralashgan murakkab shaxsdir”. Bu ta’rif Klavdiy shaxsining ikkiyuzlamachiligini ochadi: u tashqi ko‘rinishda sipo va aqlli bo‘lsa-da, aslida taxtparast va qo‘rqoqdir. U saroydagilarni boshqaradi, Hamletni kuzatadi, hatto uni o‘ldirishni rejalashtiradi. Ammo, ibodat sahnasida (“Gunohim osmonga chiqdi…”) Klavdiy o‘zini aybdor his etadi va faqat so‘z bilan emas, amalda tavba qilmas ekan, najot topmasligini anglaydi — bu uning insoniy tomoni, vijdonining uyg‘onish lahzasi.    

 

Meni bo‘g‘ar qabohatim qo‘lansa dudi,

Manglayimda ayanch kufru malomat muhri:

Birodarkushligim! Yonib o‘rtanib faqat,

Talpinaman etolmayman lekin ibodat.

 

Gertrudaga bo‘lgan muhabbati va Ofeliyani marosim bilan dafn ettirishga bo‘lgan qarori ham unda insoniylikning izlari mavjudligini ko‘rsatadi. Ammo, u o‘z jinoyatining natijasidan qochib qutula olmaydi — taxt uchun to‘kilgan qon oxir-oqibat o‘z egasini ham halok etadi. Klavdiy obrazi hokimiyat va vijdon o‘rtasidagi abadiy kurashni ifodalaydi. Shekspir bu qahramon orqali insoniy axloqning buzilishi qanday qilib siyosiy qudratni yemirishi va fojiaga olib kelishini ochib beradi. Shunday qilib, Xisrav obrazida yashirin nafsparastlik, Klavdiy obrazida esa ochiq jinoyatkorlik ko‘zga tashlanadi. Ammo, ikkisini birlashtiruvchi asosiy chiziq – hokimiyatni insoniy qadriyatlardan ustun qo‘yish va buning oqibatida fojiaviylikka yuz tutishidir.

Endi har ikkala asardagi do‘stlikning ikki madaniyatdagi timsoli bo‘lgan Horatsiyo va Shopur obrazlarini qiyosiy tahlil qilsak. Horatsio Shekspir dramaturgiyasida aql, muvozanat va sadoqatning ifodasidir. U Hamletning eng yaqin do‘sti sifatida, qahramonning ruhiy iztirobini tushunadi, lekin his-tuyg‘ular girdobiga cho‘kmaydi. Uning so‘zlari – aql va fidoyilik uyg‘unligining timsolidir: Horatsio: “Men senga ergashaman, garchi bu yo‘l o‘lim sari olib borsa ham.” Horatsio Hamlet uchun do‘st emas, ruhiy tayanchdir. U Hamleting ruhiy tushkunligida uning aqlini saqlab qoluvchi kuchdir. U Hamletning qarorlarida hissiy portlashlarga berilmay, uni muvozanatda ushlab turadi. Hamlet hayotining so‘nggi onida Horatsio unga hamrohlik qilishga tayyor bo‘ladi:

 

“I am more an antique Roman than a Dane.

Here’s yet some liquor left.”

 

(“Men daniyalikdan ko‘ra qadimiy rimlikman. Bu zahardan men ham ichaman”).

Ammo Hamlet unga vasiyat qiladi:

 

“If thou didst ever hold me in thy heart,

Absent thee from felicity awhile,

And in this harsh world draw thy breath in pain

To tell my story” [2;103].

 

Ya’ni u Horatsioga tirik qolib, uning hikoyasini aytish — ya’ni haqiqatni saqlash vazifasini yuklaydi. Horatsio shunda do‘stlikning eng oliy shaklini ko‘rsatadi — fidoyilikni hayot bilan davom ettirish. Horatsio Hamletni dunyoga bog‘lab turgan oxirgi insoniy ipdir. Asar yakunida uning so‘nggi so‘zlari Hamletga bo‘lgan sadoqat va insoniy mehrning ifodasidir:

 

“Chil-chil bo‘lib sindi, evoh, noyob bir yurak...

Xayrli tun bo‘lsin senga, aziz shahzodam”.

Uxla, farishtalar shirin allalar aytsin.

 

U o‘z hayotini Hamlet xotirasini saqlashga bag‘ishlaydi, bu esa uning obrazini axloqiy bardavomlik ramziga aylantiradi.

“Farhod va Shirin” dostonida Shopur Farhodning sodiq do‘sti, maslahatchisi va ruhiy tayanchi sifatida gavdalanadi. U Farhodning muhabbati, sadoqati va orzulari yo‘lida jonini ayamaydigan sadoqatli insondir: “Ey Farhod, ishqing yo‘li mashaqqatdir, ammo, haqiqiy oshiq sabr ila poklanur.” U Farhodga nafaqat yo‘ldosh, balki ma’naviy ko‘zgusidir — uning har bir og‘rig‘ini, shubhasini, orzusini yurakdan his qiladi. Shopurning obrazida do‘stlik ruhiy poklik, halollik va fidoyilik bilan uyg‘unlashgan. U Farhodning fojiasini ko‘ngli bilan his etib, uni oxirigacha kuzatadi, bu jihatdan u Horatsio bilan o‘xshashlik kasb etadi. Farhod halok bo‘lgach, Shopur dostonning yakuniy sahifalarida do‘stining qabriga keladi, ko‘z yosh to‘kadi va zulm kuchlariga qarshi qasam ichadi. U Farhodning ishini davom ettiradi — adolat va ozodlik yo‘lida kurashadi. Bu holat Shopurning ruhiy yuksalishini ko‘rsatadi: u faqat do‘st emas, balki xalq fidoyisi, Farhod g‘oyasining davomchisi sifatida gavdalanadi. Navoiy Shopur haqida shunday yozadi:

 

“Bu Shopur el ichra dono, go‘zal,

So‘zi shirin, fe’li latif va kamol”.

 

Uning Farhod bilan suhbatlari samimiyatga to‘la. Farhodning Shiringa bo‘lgan sevgisi Shopur orqali yuksaladi — u do‘stining fojiasini yurakdan his qiladi.       Demak, Navoiy va Shekspir asarlarida muhabbat motivi nafaqat shaxsiy tuyg‘u, balki falsafiy-axloqiy kategoriya sifatida gavdalanadi. U insonni sinovdan o‘tkazuvchi, ruhiy poklanishga eltuvchi hamda adabiy obrazlarning ma’naviy mohiyatini belgilovchi markaziy g‘oya bo‘lib xizmat qiladi. Shu bois, bu ikki buyuk ijodkorning asarlarida axloq, muhabbat, sadoqat va fojiaviylik bir butun estetik tizimni tashkil etadi.

 

 

Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati:

 

  1. Navoiy A.  Farhod va Shirin. – Toshkent: G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyoti, 1983. – 520 b.
  2. Shakespeare W. Hamlet, Prince of Denmark. – London: Oxford University Press, 2016. – 285 p.
  3. Shekspir U. Hamlet. Jamol Kamol tarjimasi. – Toshkent: Fan, 2007. – 317 b.
  4. Aristotel. Poetika. – Toshkent: Adabiyot va san’at nashriyoti, 1980. – 120 b.
  5. Forobiy A. Fozil odamlar shahri. – Toshkent: Ma’naviyat, 1993. – 184 b.
  6. Karimov  G. Navoiy va badiiy tafakkur masalalari. – Toshkent: Fan, 2012. – 264 b.
  7. Mallayev N. Alisher Navoiy va o‘zbek adabiyoti tarixi. – Toshkent: Fan, 2021.– 376 b.
  8. Olivas T.A. Who is Ophelia? An Examination of the Objectification and Subjectivity of Shakespeare’s Ophelia. – Las Vegas: University of Nevada, 2015. – 87 p.
  9. Bradley A. C. Shakespearean Tragedy: Lectures on Hamlet, Othello, King Lear, and Macbeth. – London: Macmillan, 2020. – 460 p.
  10. Bloom  H. Shakespeare: The Invention of the Human. – New York: Riverhead Books, 2017. – 745 p.
  11. Akhrorova  M. Sh. The Concept of the Tragic Hero in World Literature: Individualism and Inner Struggle // Xorijiy filologiya (Foreign Philology). – 2025. – №3. – P. 126–131.
  12. Akhrorova  M. Sh. The artistic image of the ideal and tragic hero in the works of Alisher Navoi and William Shakespeare // Qo‘qon davlat pedagogika instituti ilmiy xabarlari. – 2025. – №8. – B. 542–548.
  13. Pardayeva, I. Xusrav Parvez timsolining badiiy talqini: tarix va adabiyot kesishmasida // Xorijiy filologiya: til, adabiyot, ta’lim. –Samarqand davlat chet tillar instituti, 2025. – №3 (96). – B. 113–121.

 

Akhrorova M. The representation of moral ideal, love, and tragic motifs in the system of characters in Alisher Navoi’s “Farhod and Shirin” and Shakespeare’s “Hamlet”. This article presents a comparative analysis of the artistic representation of moral ideal, love, and tragedy in the system of characters in Alisher Navoi’s Farhod and Shirin and William Shakespeare’s Hamlet. The study examines the philosophical, ethical, and aesthetic similarities and differences between Eastern and Western literary traditions. In Navoi’s work, the ideas of perfection, loyalty, and humanism are embodied in the characters of Farhod, Shirin, Mehinbonu, and Shopur, while in Shakespeare’s tragedy, the moral struggle and spiritual anguish are reflected through Hamlet, Ophelia, Gertrude, Horatio, and Claudius. The article also reveals how love serves as a means of spiritual purification and how tragedy leads to moral and existential awareness. Using comparative-typological, psychological, and aesthetic approaches, the study identifies the moral essence, social responsibility, and spiritual significance of the characters.

 

Ахророва М. Выражение нравственного идеала, любви и трагических мотивов в системе персонажей в произведениях Алишера Навои Фархад и Ширин” и Уильяма Шекспира “Гамлет. В данной статье проводится сравнительный анализ художественного выражения нравственного идеала, любви и трагизма в системе персонажей поэмы Алишера Навои «Фархад и Ширин» и трагедии Уильяма Шекспира «Гамлет». В исследовании рассматриваются философские, этические и эстетические сходства и различия между восточной и западной литературными традициями. В творчестве Навои идеи совершенства, верности и гуманизма воплощены в образах Фархада, Ширин, Мехинбону и Шопура, тогда как у Шекспира моральная борьба и духовные страдания отражены через персонажей Гамлета, Офелию, Гертруду, Горацио и Клавдия. Также показано, что любовь у Навои является источником духовного очищения, а трагедия у Шекспира — путём к нравственному и экзистенциальному осознанию. С использованием сравнительно-типологического, психологического и эстетического методов определены моральная сущность, социальная ответственность и духовная значимость персонажей.

 

 

Xorijiy filologiya jurnali tahrir ha'yati