Ijodkorning iste’dodi uning voqelikni o‘zicha idrok etishida, davrning katta masalalarini ilg‘ab umumlashtirishi va ularni o‘ziga xos shakllar va usullar, ifoda-tasvir vositalari bilan aks ettirishda namoyon bo‘ladi. Ijodkorda ana shunday belgilar bo‘lmasa, u tayyor andozalarning oddiy taqlidchisi darajasida qoladi, yaratgan asarlari kitobxon tushunchasidan shunchaki o‘rin olsa-da, uning qalbiga va ruhiga sizib kirmaydi, abadiy o‘rnasha olmaydi. Shu jihatdan qaraganda adabiyotga o‘z obrazli fikrlashi, badiiy vositalari va usullari bilan kirishga intiluvchi ijodkorning paydo bo‘lishi go‘yo yangi xazina yoki buloqning ko‘z ochishidir.
Tuyg‘ular ko‘lami va tabiati esa konkret va muayyan janrni taqozo etadi. Deylik, g‘azalbop ohang va kayfiyatni ifoda etish uchun faqatgina g‘azal janrining imkoniyatlari qo‘l keladi, g‘azalga muxammas bog‘lash esa alohida o‘ziga xos ohang, kayfiyat hamda unga muvofiq va mutanosib keladigan fikr-tuyg‘ular silsilasini talab etadi. Bundan tashqari, insoniyat tarixidagi turli davrlarda turlicha janrlarning yetakchiligi kuzatiladi. Romantizm davri adabiyotining eng muhim va sevimli janrlaridan biri g‘azaldir. Biroq, realizm, modernizm va undan keyingi bosqich lirikasi uchun g‘azal janri unchalik ham muhim o‘rin egallamadi, unga murojaat nihoyatda kamayganligi kuzatiladi. Bu hodisani doston janri tarixi va taraqqiyoti misolida ham kuzatish mumkin. Hozirgi zamonaviy doston romantizm davridagi dostonning realistik asoslari bilan to‘yingan yangi modeli. Garchi zamonaviy dostonni ba’zi adabiyotshunoslar poema atashni ma’qul ko‘rgan bo‘lsalar-da, ushbu atama bugungi kunda deyarli ishlatilmayapti, ijodkorlar bu turdagi asarlarini doston atamasi bilan taqdim etmoqdalar.
Umuman, dostonni ayollar she’riyati misolida kuzatganda janrning davr ruhi bilan bog‘liq bo‘lgan muayyan qonuniyatlari ko‘zga tashlanadi. Masalaning qiziqarli va muhim jihati shundaki, 60-80-yillar she’riyatida yuzlab dostonlar yozilgani holda bugungi kunda adabiy jarayonda deyarli doston namunalari yaratilmayapti. Jumladan, ayollar she’riyatida ham.
Zulfiya butun ijodi davomida o‘nlab dostonlar yaratdi. “Mushoira”, “Quyoshli qalam”, “Sharqning o‘zi Ona bo‘lgan hamisha”, “Xotiram siniqlari” shular jumlasidan. Zulfiyadan keyingi davr shoiralari ijodida doston janriga mansub asarlar uchramaydi. Xususan, tadqiqotimiz obyekti bo‘lgan H.Xudoyberdiyeva, H.Ahmedova, Z.Mirzolar ijodida ham. Buning davr ruhi bilan, ijtimoiy hayot bilan bog‘liq ma’lum sabablari ham bor, albatta. Rus adabiyotshunosi va yozuvchisi Chernishevskiy aytganidek, davr g‘oyalari davr shakllarini yuzaga keltiradi. Shunday ekan, demak, bizningcha, buning sabablari quyidagilardir:
1) o‘tgan asrning 60-yillariga kelib o‘zbek dostonchiligi uchun sujetni “hayotiy tarixlar” asosiga qurish muhim bo‘lmay qoldi;
2) 60-yillarda yaratilgan dostonlarda shoirning lirik monologi yetakchi tasvir prinsipiga aylandi;
3) shoirning hayot, davr, ma’naviyat masalalari bilan bog‘liq o‘y-xayollari assotsatsiyasi lirik monologning tarkibiy qismiga aylandi;
4) sotsrealizm talabi bilan aloqador aktual mavzularga e’tiborning susayishi kabilar...
Hayotiy, voqelikni izchil ko‘rsatish bilan his-tuyg‘u va kechinmalarni birgalikda aks ettiruvchi asarlarda epik tasvir bilan lirik tasvir, proza bilan lirika bir-biriga qo‘shilib ketardi, uyg‘unlashardi. Dostonlarda turmush, voqelik, bir tomondan, qahramonlarning xatti-harakatlari va kechinmalari muayyan sujet asosida aks ettirilsa, ikkinchi tomondan, undan ta’sirlangan muammolar, kechinmalari, his-tuyg‘ulari ifoda etiladi. XX asrning 60-illaridan so‘ng bunday tasvir prinsipi lirik qahramonning nutqiga, ya’ni monologiga o‘rin bo‘shatib berganligini S.Zunnunovaning “Ruh bilan suhbat”, Zulfiyaning “Xotiram siniqlari” dostonlari misolida ko‘rish mumkin.
Saida Zunnunovaning 1963-1966-yillarda yaratilgan “Ruh bilan suhbat” dostonini ko‘zdan kechirsak, janr rivojidagi muhim bir qonuniyat ko‘zga tashlanadi. Mirtemirning “Surat”, E.Vohidovning “Nido” dostonlariga mazmunan yaqin turuvchi bu asarda lirik jins qurilishiga xos ifoda tarzi yetakchilik qiladi. Shoira asarda urushning musibatlari qaddini bukolmagan ayolning boy ruhiy olamini ajoyib insoniy fazilatlarini ko‘rsatgan. Doston ota mehridan benasib o‘tgan o‘g‘ilning nikoh kechasidagi onaning iztirobli o‘ylari-xotiralari tasviridan boshlangan. Ona qalbida ikki qarama-qarshi kechinma – farzandning baxt to‘yini ko‘rganidan shukronalik, shu kunlarga yetolmaganlar haqidagi g‘am-anduhli xotiralar kurashadi. Doston yaratishdagi bunday lirik qurilish shakli bugungi dostonlarning aksariyati uchun xos bo‘lib, lirik qahramon shaxsiyati asarning arxitektonik markazini tashkil etadi. Ona farzand kamolotini o‘ylar ekan, beixtiyor suratga murojaat qiladi.
Bir nafas qo‘ymadim men seni yolg‘iz,
Bir dam tanholikka tashlaganim yo‘q.
Sensiz yig‘lamadim, kulmadim sensiz,
Sensiz ko‘nglimni ham xushlaganim yo‘q.
Seni yiqitgan o‘q mening tanamda
Butun jarohati bilan turibdi shundoq.
Joningga jonimni ulab ming o‘ldim,
Azizim, oqargan sochlarimga boq [3,173].
Onaning munojoti suratga jon bag‘ishlaydi. Go‘yoki surat ona nidosidan larzaga kelib, tilga kiradi. Shu suhbat asosida doston sujeti harakatga kelib, davrning eng dolzarb muammolarini qamrab oladi. Muloqot natijasida ona ko‘z o‘ngida yoshligidan boshlab bugunigacha bo‘lgan hayot sahifalari gavdalanadi. Ixchamgina ekspozitsiya qismidan so‘ng muallif nutqi ona nutqi bilan qo‘shilib ketadi. Muallif nutqining bunday polifonik xarakter kasb etishi dostoniy tafakkur tizimiga xos bo‘lib, lirik she’riyatda kamdan-kam uchraydi.
Dostonning har bir yetuk namunasi o‘z davrining, o‘z zamondoshlarining ma’naviy-psixologik olamidan darak beradi. Mabodo, “Ruh bilan suhbat” dostoni bugun yozilganida, kitobxonda o‘z vaqtidagidek katta qiziqish uyg‘ota olarmidi?! Menimcha, yo‘q. Chunki unda XX asrning 50-60-yillari uchun muhim sanalgan masalalar, muammolar, tarix elab ulgurmagan voqelikning harakat-holati aks etgan. Xuddi shuning kabi Zulfiya “Xotiram siniqlari” dostonini yigirma yil, o‘ttiz yil ilgari yozishi mumkinmidi?! Bunga ham yo‘q deb javob beramiz. Chunki, “Xotiram siniqlari” aynan Istiqlol davrining mahsuli. Zotan, endigi qahramon o‘n besh yil, yigirma yil oldingi qahramon emas.
Qolganda azoblar iskanjasida,
Ota, bir ko‘rmadik ko‘zingizda yosh.
Yashab umidlarning pok sajdasida,
Hatto yovingizga otmadingiz tosh [4,9].
Inson umri davomida ishonib, e’tiqod qilgan g‘oyasidan, yupanchidan judo bo‘lsa, qanday ahvolga tushadi? Uning psixologiyasida kechgan zilzilalar silsilasini chamalab bo‘larmikan?! Bu satrlar Istiqlol arafasidagi zamondoshimizning qalb nidolari, dil tug‘yonlari emasmi? Ha, shunday. Chindan ham “Xotiram siniqlari”da XX asrning 80-yillari oxiri, 90-yillari boshida kechgan davr nafasi, xalq ruhiyati o‘z ifodasini topgan. “Kecha mag‘zi butun bo‘lgan aqida / bugun o‘lib ketgan toshbaqaning / kosasiday bo‘m-bo‘sh” [6, 209] bo‘lib yotganligi shoiradan xotira siniqlari xususida so‘zlashni talab qilgan. Lirik qahramon nutqi umumxalq hayotining kolliziyalarini, shaxsning teran ruhiy olamini, jamiyat hayotining turfa jabhalaridagi muhim masalalarni o‘zida ifoda etadi. Shoira lirik qurilishiga xos tarzda hayot mazaralarini assotsiativ uzviylikda ko‘rsatadi. Bu esa shoiraga voqeaband sujetsiz ham hayotning muhtasham manzarasini aks ettirish imkonini bergan.
Zulfiyaning “Xotiram siniqlari” dostoni o‘tgan asrda o‘zbek xalqi boshdan kechirgan hayotning poetik talqinidan iborat.
“Xotiram siniqlari”da muhtasham epik qamrov mavjud. Butun bir xalqning bir asr davomidagi orzu a’molini, psixologiyasini, turmush tarzini, tarixini shoira 193 satrdan iborat ixchamgina dostoniga jo etgan. Doston tashqi voqea-hodisalar tasviri bilan emas, ichki poetik faoliyat bilan sug‘orilgan. Shoira taqdiri xalq taqdiri bilan vobasta.
Tushlarimda topib akam jasadin,
Otamning yoniga qazitdim qabr.
O‘zim yonganimda ruhlar yondi deb
Xokiga suv sepib, tiladim sabr.
Taqdir, taqdir dedim, yashadim uzoq,
Taqdir peshonaga yoziq deyishdi.
Yoziqni devorga urdimu biroq
Men sindim, qonimdan g‘ishtlari pishdi [4,13].
Mustabid tuzumning qatli qushlari, qatag‘onlari, surgunlari, yetmish yildan ziyod davom etgan nobop siyosati va buning natijasida tarixi toptalsa-da, udumlari ta’qiqlarga uchrasa-da, biroq, irodasi bukilmagan, o‘zligini anglab borayotgan xalqning g‘amgin siymosi shoira o‘ylarida tug‘ilgan og‘riqlarning, xotira siniqlarining kolliziyasini belgilaydi.
“Jamiyatning ko‘nglidagi, odamlarning tili uchidagi gaplarni, davrning ijtimoiy-ruhoniy hayot qatlamlarini aks ettiruvchi, mushohada yurituvchi bosh qahramon bu – tafakkur”, [2,10] – deb yozadi N.Rahimjonov. Zamonaviy dostonlarimiz to‘g‘risidagi bu ta’rifni “Xotiram siniqlari”ga ham bemalol tatbiq etish mumkin.
Chindan ham qalb va tafakkur zamonaviy dostonlarning sujetini harakatga keltiruvchi kuchga aylanib bormoqda. Istiqlol arafasi va undan keyingi yillarda ham voqeabandlikka asoslangan doston namunalari ijod etilmayapti.
Kecha, bugun, erta... Bu falsafiy tushunchalar zamirida uzviylik va bir butunlik mavjud. Zamonning insonga munosabati, insonning davrga munosabati nuqtayi nazaridan bu uzviylikda sezilar-sezilmas uzilish bor, bu butunlikda bilinar-bilinmas xususiylik namoyon. Zulfiyaning “Xotiram siniqlari” dostonida ana shu uzviylikdagi uzilish, butunlikdagi xususiylik teran his etilib, falsafiy-badiiy talqin etiladi.
Ko‘zgu atrofni mukammal aks ettirsa, siniqlari mukammallikdagi notugallikni, undagi darzlarni ko‘rsatadi. Xotira ham ko‘zguga o‘xshash. Afsuski, mustabid tuzum siyosati qanchadan-qancha xotira ko‘zgularini chilparchin etdi. “Xotiram siniqlari” ana shu haqda. Shu bois lirik qahramon ovozi siniq, shikasta.
Yallig‘lanib yotar keksa xotiram
Ichida shu dardlar, tig‘li siniqlar...[1] [3,150]
Shoiraning bugungi, kechagi kunga munosabati voqelikni batafsil tasvirlash yoki bosqichma-bosqich hikoya qilish usulida ochilmaydi. Uning munosabati ichki psixologik kolliziya tufayli ro‘yobga chiqadi.
“Xotiram siniqlari”ning fabulasi epopeyalarga asos bo‘ladigan keng zamon va makon hududiga ega. Bu uning sujeti harakati uchun qulaylik yaratadi va tarixning ichki manzarasini chizishda qo‘l keladi. Doston sujetidagi epiklik lirikaga yo‘g‘rilgan. Biz unda fabulaga ko‘ra “Ko‘kan”, “Zaynab va Omon” dostonlarida bo‘lgani kabi tugallangan biror epik voqeani, maromiga yetib tasvirlangan biror epik hayot bo‘lagini ko‘rmaymiz. Barcha tarixiy hodisalar shoira his-hayajonlari, so‘roqlari, xitoblari, e’tiroflaridan o‘rin oladi. Doston shoira oilasi tarixidan tashkil topgan. Shoira oilasi tarixini to‘liq aks ettirganda tom-tom asarlar paydo bo‘lardi. Bugungi doston tabiatini yaxshi bilgan shoira ana shu oila tarixidan ijtimoiy ma’noga ega bo‘lgan, davrning xarakterli qiyofasini aks etishga qodir bo‘lgan voqealarning muhim chizgilarini qalamga oladi. Shuning uchun dostonda epiklik ko‘rinmaydi, epiklik his qilinadi.
Ming yillar mobaynida ijod tajribasi bir haqiqatni tasdiqlab keladi: ijodkor tasvirlamoqchi bo‘lgan mazmun xarakteriga binoan shakl tanlanishi kerak. Shakl va mazmun mutanosibligi esa janr xususiyatlariga bog‘liq. Poetik janr qoida va talablariga rioya qilish badiiy mahorat uchun nechog‘lik muhimligini yuqorida tahlil qilganimiz shoiralar ijodi misolida yaqqol ko‘zga tashlanadi.
Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati:
Халова М. “Поэтика эпических жанров в женской лирике”. В статье представлена информация о женской поэзии. Одним из ведущих жанров в женской поэзии является эпический жанр, дается обоснование на его своеобразный состав. Поэтессы Зульфия и Саида Зуннунова произвели творческий подход к эпическому жанру, как Дастаны, и создали своеобразный колорит в женских образах.
Khalova M. “Poetics of Genres in Women's Lyrics”. The article provides information about women's poetry. One of the leading genres in women's poetry is the epic genre, and a reaction to its unique composition is given. The epics of poetess Zulfiya and Saida Zunnunova are comparatively analyzed.
[1] Зулфия. Хотира синиқлари//Саодат.№5. – Б. 8-14.