N.M. Jusupov ta’kidlaganidek, hozirgi vaqtda stilistikaga kognitiv yondashuv nuqtayi nazaridan qarash sur’ati rivojlanmoqda. Uning zamirida umumiy nazariy va individual amaliy uslubiy masalalarni kognitiv jihatdan yorituvchi bir qator nazariy konsepsiyalar va tasavvurlar allaqachon shakllangan. Buning isboti, bir qator olimlarning inson omilining yetakchi roli bilan belgilanadigan tilning dinamik (funksional) tomoni hamda tilning stilistik tabiati va kognitiv tuzilmalar, jarayonlar o‘rtasidagi chambarchas bog‘liqlikni o‘rganadigan stilistika muammolariga fan sifatida qarashida namoyon bo‘ladi (Djusupov, 2011: 65).
Kognitiv stilistika – bu tilshunoslik, kognitiv fan va adabiyotshunoslik chorrahasidagi rivojlangan soha bo‘lib, lisoniy tahlilni kognitiv nazariyalar bilan birlashtirishni o‘z ichiga oladi (Stockwell, 2002; Semino & Culpeper, 2002). Ushbu atama “lisoniy ifoda va idrok etish asosidagi kognitiv tuzilmalar va jarayonlar”ning metodologik va nazariy tadqiqini aniq lisoniy tahlil bilan birlashtirishni nazarda tutadi (Semino & Culpeper, 2002).
Stilistikaning kognitiv jihatining murakkabligi, birinchi navbatda, tilni tadqiq qilishda kognitiv yondashuvning umumiy majmuasi (antropotsentrik, fanlararo, ekspansionistik) mazmuni, shuningdek, stilistik muammolarni ularning kognitiv jarayonlar va tuzilmalar bilan o‘zaro bog‘liqligini bir qator nolisoniy omillarning ta’siri prizmasi orqali ko‘rib chiqishning o‘ziga xos xususiyati bilan belgilanadi (Djusupov, 2011: 69).
P. Simpson kognitiv stilistikani zamonaviy stilistikaning shakllangan yo‘nalishlaridan biri deb hisoblaydi. Stilistikaning kognitiv modelini boshqa jihatlardan ajratib turadigan asosiy omil shundaki, unda asosiy e’tibor (kognitiv model doirasida) matnga emas, balki mental ifodaga qaratiladi (Simpson, 2004: 92).
Kognitiv stilistika mavjud stilistik tahlil usullarini yo‘q qilish emas, balki to‘ldirishni maqsad qilib qo‘yadi va e’tiborni matn modellari va uning kompozisiyasidan inson tafakkuri va o‘qish jarayoni o‘rtasidagi aloqalarni ochadigan modellar yo‘nalishi bo‘yicha o‘zgartirish vazifasini belgilaydi (Simpson, 2004: 39).
G’arb olimlari tomonidan kognitiv poetikaga nisbatan takroriy atama sifatida “kognitiv stilistika” atamasi ishlatiladi (Semino & Culpeper, 2002). V.V. Vinogradov, “stilistika poetika doirasi bilan chegaralanib qolmaydi, chunki uning mavzusi nafaqat badiiy asarlar uslubi, balki (teng ravishda) tildan foydalanishning barcha sohalari va usullari” ekanligini ta’kidladi (Vinogradov, 1963).
Kognitiv stilistikani narrativ badiiy asar doirasida tatbiq etish xayoliy tafakkurni tushunishga yordam beradi va nafaqat bizning haqiqiy tajribamiz bilan bog‘liq holda xayoliy olamlarni ko‘rib chiqishga, balki shaxsiyat, odat va hodisalarni taqqoslash va chog‘ishtirishga imkon beradi. Binobarin, adabiyotshunoslikda kognitiv stilistikaning tamoyillari va usullaridan foydalanish, bizga tilshunoslik va psixologiya chorrahasidagi vositalarni taqdim etadi. Shunday qilib, badiiy adabiyot qahramonlari o‘quvchi tafakkurida shakllanadigan “shaxslarning matnga asoslangan aqliy modellari” (Margolin, 2007) sifatida tahlil qilinadi.
Margaret Friman adabiyot va psixologiya o‘rtasidagi aloqani qo‘llab-quvvatlaydi, u badiiy matnlarni “ongni bilish mahsuloti” deb ta’kidlaydi va talqinlarni “matn doirasida shakllangan boshqa jismoniy va ijtimoiy-madaniy olamlarni bilish onglarining mahsulotlari” deb ta’riflaydi (Freeman, 2000). A. Palmer xayoliy tafakkurni o‘rganishda “haqiqiy tafakkur intizomi”ni qo‘llash zaruriyatini ta’kidlaydi. Olim, o‘quvchilar xayoliy tafakkurni psixologiya, falsafa va kognitiv fanlar bo‘yicha tadqiqotlar orqali ko‘rib chiqishda yaxshiroq tushunishlariga ishonadi (Palmer, 2007). Shuningdek, J. Kalpeper kognitiv stilistikaning asosini tashkil etadigan va matnli ma’lumotlarga ham, kognitiv jihatlarga ham ta’sir qiladigan xarakteristikaga “ikki tomonlama yondashuv” ni qo‘llab-quvvatlaydi (Semino and Culpeper, 2002).
Kognitiv-stilistik yondashuv matnlarda olam manzarasining lisoniy qurilishini tushuntirishga ko‘maklashadi. R. Fauler badiiy asarlar doirasida inson tafakkuridagi voqelikning shakllanishini “fikrlash uslubi” tushunchasi bilan bog‘laydi va “individual aqliy shaxsning har qanday o‘ziga xos lisoniy ifodasi” sifatida belgilaydi (Fowler, 1977: 103). Hikoyachi va muallifning tafakkur uslubini M. Xollidey (1971), I. Bokting (1995), J. Lich va M. Short (2007) hamda boshqa olimlar tahlil etib, xayoliy tafakkurning keng doiradagi faoliyati bo‘yicha bir qator qiziqarli ishlarni amalga oshirgan. “Tafakkur uslubi” tushunchasi yoshi va mavqei o‘xshash xususiyatlarga ega bo‘lgan o‘ziga xos haqiqiy yoki xayoliy shaxslarning dunyoqarashi jihatlarini qiyosiy nuqtayi nazardan tahlil qilish uchun ishlatilishi mumkin. Shu o‘rinda, umumiy va madaniyatga bog‘liq bo‘lgan jihatlarni insonning individual bilimi va tajribasiga bog‘liq bo‘lgan jihatlardan ajratish mumkin. Bundan tashqari, nostandart tafakkur va xulq-atvorga tashqi ta’sir, jismoniy yoki ruhiy zarar kabi ma’lum bir atmosfera sabab bo‘lishi mumkin.
Xayoliy tafakkurni tushunish personajlar nuqtayi nazarining murakkab tarmog‘idan kelib chiqadi. “Boshqa” aqliy faoliyatning mavjudligi va real olamda boshqa odamlarning fikrlarini talqin qilish va tushunish qobiliyati tafakkur nazariyasi doirasida tasvirlangan. Ushbu atama dastlab psixologiyada “boshqa shaxslarlarning siznikidan farq qiladigan olam haqidagi tasavvuri mavjud”ligini izohlashi kengaytirildi va qayta ko‘rib chiqildi. Adabiyotshunoslik doirasida ushbu atama “matn va qahramonlar, matn qahramonlari va o‘quvchilar, shuningdek, hikoyachi va o‘quvchi o‘rtasidagi” munosabatlarni tushunish vositasi sifatida qo‘llanildi (Stockwell, 2002).
Personajning sujet olami hikoyachi tomonidan ifodalanganligi sababli, o‘quvchi hikoyada uchinchi shaxsdan ifodalangan personajning o‘z ovozini qanday qabul qilishi kerakligi haqida savol tug‘iladi. Hikoya va personajlarning psixologik holatlari – ularning hissiyotlari, tuyg‘ulari, fikrlari va boshqalar bilan bog‘liqligini muhokama qilib, J. Lich va M. Short “xayoliy nuqtayi nazari taqdim etilgan insonni” tavsiflashda “reflektor” tushunchasidan foydalanishadi, biroq, “diqqatni tortuvchi” atamasi ushbu rollar uchun yanada mos bo‘lishini va keng qo‘llanishini tan olishadi (Leech and Short, 2007: 139).
Kognitiv stilistika vazifalaridan biri, “turli xil vazifaviy uslubdagi matnlarda nutq xabarlarini yaratish jarayonida til vositalarini tanlashning kognitiv mexanizmini, ularning funksional va stilistik farqlanishini hisobga olgan holda, bilim tuzilmalarini aks ettirishning kognitiv xususiyatlarini o‘rganishdir” (Djusupov, 2011: 74). Shunday qilib, kognitiv stilistikaning materialiga nafaqat badiiy matnlar, balki boshqa vazifaviy uslublarning matnlari ham kiradi. Shu bilan birga, qoidaga muvofiq, kognitiv stilistika uchun tahlilning boshlang‘ich nuqtasi matn emas, balki stilistik kategoriya (baholash, hissiyot, tasvir va boshqalar) yoki stilistik qurilmadir. Shu ma’noda, mahalliy kognitiv stilistika kognitiv ritorikaning bir variantidir. Ushbu yo‘nalish vakillari o‘z tadqiqotlarining lisoniy yo‘nalishini ta’kidlab, kognitiv stilistikani kognitiv tilshunoslikning “subdireksiyasi” (Bazыlev, 2005: 7-24) yoki “zamonaviy tilshunoslikning fanlararo yo‘nalishi” (Djusupov, 2011) deb hisoblashni taklif qiladilar.
Badiiy matnda muallifning lisoniy shaxsni namoyon etuvchi individual uslub (idiostil) – kognitiv stilistikada alohida sohani tashkil etadi. N.S. Bolotnova kommunikativ stilistikaning keyingi rivojlanishini tadqiqotning kognitiv tomonini mustahkamlash bilan bog‘laydi, kognitiv stilistikani alohida fanlararo yo‘nalish emas, balki badiiy nutq stilistikasi rivojlanishining zamonaviy bosqichi deb hisoblaydi (Bolotnova, 2012: 8).
Shunday qilib, narrativning kognitiv stilistikasini tilga kognitiv yondashuv g‘oyalari, tamoyillari, tushunchalari va toifalarini qo‘llash prizmasi orqali stilistik hodisalarni talqin qilishga qaratilgan tadqiqot sohasi sifatida ko‘rib chiqish kerak, bu odatda kognitiv-stilistik tadqiqotlarning kengaytirilgan, majmuaviy va murakkabroq xususiyatini ochib berishga ko‘maklashadi.
Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati:
Шарапова Л. Когнитивно-стилистические особенности художественного произведения. Статья посвящена теоретическим проблемам когнитивной стилистики как динамично развивающейся междисциплинарной области современной лингвистики. Акцент делается также на таких актуальных вопросах, как терминологическая номинация дисциплины, взаимосвязь между познавательным и традиционным аспектами стилистики, основы формирования и основные теоретические положения познавательной стилистики, а также когнитивное изучение стилистических приемов, отражение информации в тексте.
Sharapova L. Cognitive-stylistic features of the literary texts. The article is devoted to the theoretical problems of cognitive stylistics as a dynamically developing interdisciplinary field of modern linguistics. The emphasis is also placed on such topical issues as the terminological nomination of the discipline, the relationship between cognitive and traditional aspects of stylistics, the basics of formation and the main theoretical provisions of cognitive stylistics, as well as the cognitive study of stylistic techniques, the reflection of information in the text.