BAHOLASH FAOLIYATINI METADISKURSIV NUQTAYI NAZARDAN IZOHLASH

Baholash faoliyatini metadiskursiv nuqtayi nazardan izohlashga intilgan tadqiqotchilar yozuvchi va o‘quvchi o‘rtasidagi aloqani yetakchi o‘ringa qo‘yadilar, hamda axborot tashuvchi diskursni “birlamchi”, deb baholab, uni shaxslararo diskursdan farqlashga harakat qiladilar. Ulardan ba’zilari metadiskurs hodisasini muallifning muloqot yuritilishiga qo‘shgan hissasi sifatida ta’riflaydilar [Crismore, Farnsworth 1990, 119]. Bunda o‘quvchining ixtiyoridagi lisoniy materialdan qolgan gap nima haqida ketayotganini anglab olishi nazarda tutiladi. Ushbu talqinda munosabatni ifodalovchi ko‘rsatkichlar shaxslararo aloqaning shakllanishini ta’minlovchi vosita hisoblanadi [Vande Kopple 1995, 82].

Boshqa bir ta’rifda metadiskurs “diskursni tashkillashtiruvchi yoki muallifning mazmun va o‘quvchiga munosabatini ifodalovchi lisoniy vosita” sifatida izohlanadi [Hyland, Tse 2004, 157]. Mazkur tadqiqotchilar metadiskursning ikkita turini farqlaydilar. Uning birinchi turida muallifning nuqtai-nazari ochiq ifoda topsa, ikkinchisida o‘quvchi-tinglovchining munosabati belgilanadi. Natijada, muallif va o‘quvchi matn

 

mazmunini o‘zaro muhokama qilayotgandek ko‘rinadi [Hyland 2005, 39]. Ushbu “muhokama”da however,  therefore, in conclusion, unfortunately, I agree kabi diskursiv ko‘rsatkichlar  hamda shaxs olmoshlari bajaradigan vazifalarning roli alohidadir [Hyland, Tse 2004, 169].

Yuqorida keltirilgan izohlardan ma’lum bo‘ladigan “baho” terminining lingvistik tadqiqotlarda muqimlanishi oson kechmagan va bu borada, “Evaluation in Text” [Hunston 2000, 99, Thompson 2000, 1-27] asarining nashr qilinishi muhim rolni o‘taydi. So‘nggi yillarda xorijdagi ilmiy muassasalarda baho kategoriyasi o‘rganilishining amaliy ahamiyatiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, ushbu hodisaning chet tili ta’limi, tarjima amaliyoti sohalari rivojida tutgan o‘rni alohida ta’kidlanmoqda.

A.Nurmatov yozganidek, “bugungi kunda kommunikatsiya jarayonida tilni so‘zlashuvchilarning til haqidagi amaliy bilimisiz, uni e’tiborga olmasdan to‘g‘ri va to‘liq o‘rganib bo‘lmasligi aniq bo‘lib qoldi. Natijada tilshunoslik ham kognitiv fanlar tarkibida o‘rganila boshlandi. Kommunikatsiya jarayonida so‘zlashuvchilarning foydalanadigan bilimlarini o‘rganish kognitiv fanlarning bosh yo‘nalishi sanaladi” [Nurmatov 2008, 53]. Darhaqiqat, so‘nggi paytlarda baho hodisasining kognitiv tilshunoslik doirasida o‘rganish amaliyoti keng avj olmoqda. Ayniqsa, rus tilshunoslari bahoning konseptual faoliyat jarayonida shakllanishi va uning konsept mazmunidan joy olishi muammosi tadqiqi bilan mashg‘ul bo‘lmoqdalar. Jumladan, L.O.Cherneyko, L.A.Sergeeva baho ma’nosining kategoriallashuv jarayonini yoritishga harakat qilgan bo‘lsalar, boshqalari baho konseptlarining voqelantiruvchi lisoniy vositalarni tahlil qiladilar [Чернейко 1996; Сергеева 2004; Заморева 2007; Болдырев 2008 va boshqalar].

Kognitiv tilshunos N.N.Boldirev bahoni murakkab kategoriyalar qatoriga kiritayotib, bu xususiyati uning turli ko‘rinishdagi bilimlar, tamoyil va omillar ishtirokida shakllanishi bilan izohlaydi. Ma’lumki, kategoriallashuv jarayoni tadqiqi bilan mashg‘ul bo‘lgan izlanuvchilar asosan ko‘rish imkoniyati mavjud bo‘lgan obyektlarga e’tibor qaratishib, kategoriyalashtirish sharoitida shaxsiy va jamoaviy bilimlar o‘zaro aloqasini nazardan chetda qoldiradilar. Shaxsiy bilim obyektiv borliqni tilda aks ettirish va uning lisoniy manzarasini shakllantirishda muhim rolni bajarib, insonning ijodiy faolligini ta’minlaydi [Залевская 1992, 28]. Baho esa xuddi shu individual va jamoaviy bilimlar uchrashuvida paydo bo‘ladi.

Baho kategoriyasi mohiyatan individual xususiyatga ega va voqelik xususiyatlarining shaxs tomonidan farqlanishi bilan bog‘liq. Shu bois, N.N.Boldirev baho kategoriyasini predmet yoki hodisaning ma’lum kategoriya bilan bog‘lanishi va ularning ma’lum xususiyatlariga nisbatan u yoki bu baho guruhlariga kiritilishi natijasida hosil bo‘ladigan tuzilma sifatida ta’riflaydi [Болдырев 2014, 178]. Demak, baho olamni bilish faoliyati mahsuli sifatida voqelik lisoniy manzarasining alohida qismini tashkil qiladi. Har qanday til o‘z egasining dunyoqarashini shakllantiruvchi umuminsoniy va individual qadriyatlar tizimini aks ettiradi [Маджидова 2019, 34; Nazarov 1996, 24].

Rus tilshunosligida baho keng qamrovli hodisa sifatida turli yondashuvlar tatbiqida o‘rganib kelinmoqda. Shunday yondashuvlardan biri mantiqiy–falsafiy xarakterga ega bo‘lib, uning doirasida baho lisoniy va aksiologik birliklar o‘zaro munosabati nuqtai nazaridan tadqiq qilinadi. Jumladan, А.Ивин, С.Анисимова, Л.Дронова В.Карасик [Ивин 1970, 2006; Анисимова 2001; Дронова 2005; Карасик 2004] kabilarning ishlarida baho kategoriyasining mantiqiy asoslari keng ko‘lamda yoritilgan.

Boshqa bir guruh olimlarning tadqiqotlari baholash harakatining bajarilishi va baho mazmuni shakllanish bosqichlarini tahlil qilishga bag‘ishlangan [Арутюнова 1988, 1999; Болдырев 2002; Есенина 1991].

Rus tilshunosligida baho kategoriyasini funksional-semantik yondashuv asosida o‘rganuvchi alohida yo‘nalish shakllanib ulgurgan [Вольф 1985; Маркелова 1994; Слышкин 2001; Мирошникова 1994].

Baho kategoriyasining pragmatik mohiyati va uning nutqiy aktlar tizimida voqelanishi masalasi pragmalingvistika sohasida izchil muhokama qilinib kelinmoqda [Головинская 2005; Телия 1996; Никитина 1996; Аникина 2000; Максимова 1998; Миронова 1998; Трипольская 1999].

Diskursiv faoliyat kechishi jarayonida mazmunning baholash bilan bog‘liq jihatlarini tadqiq qiluvchi psixolingvistik yo‘nalishdagi tadqiqotlar ko‘lami kengayib bormoqda [Минина 1995; Мирошников 2007; Воркачев 1993; Леоньтев 1999].

Shuningdek, keyingi paytlarda baho kategoriyasining turli mundarijaga ega matnlarda voqelanishini ta’minlovchi omillarni aniqlashga yo‘naltirilgan aksiologik yondashuv yetarli darajada taraqqiy qilmoqda [Абдулина 2005; Чернявская 2001; Бурмистрова 2017; Симонян 2001; Синегубова 2012].

Yuqorida qayd etilgan yo‘nalishlarda tadqiqotchilar baho kategoriyasining boshqa yondosh hodisalar bilan aloqasi va uning lisoniy, pragmasemantik tabiatini belgilovchi omillarni tavsiflashga intilganlar. Shuningdek, baholash inson lisoniy-tafakkur faoliyatining ajralmas qismi ekanligini isbotlovchi dalillarni jamlash borasida mukammal izlanishlar olib borilgan.

Baho kategoriyasining nutqiy voqelanishi masalasi o‘zbek tilshunoslarining ham nazaridan chetda qolgani yo‘q. Bu boradagi izlanishlar asosan o‘tgan asrning ikkinchi yarmiga to‘g‘ri keladi. Jumladan, professor I.Rasulov 1974 yilda nashr qilingan “Hozirgi o‘zbek adabiy tilida bir sostavli gaplar” mavzusidagi kitobida Bechora yigit! Bilmay yurgan ekanmiz [Chingiz Aytmatov]; “Shu izg‘irinlarda ham bozorma-bozor, rastama-rasta o‘g‘li Abduqodirni yetaklab, bir burda non uchun nay chalib, gadoylik qiladi. Bechora Isroil ota! [Sobir Abdulla] Yo‘l bo‘ylab qor orasida qabrlar ko‘p uchraydi”. Hazin, g‘oyat hazin manzara [gazetadan] kabi nutqiy tuzilmalarni tahlil qilayotib, yigit, Isroil, manzara so‘zlari ishtirok etgan gaplarni “baho ifoda qiluvchi gaplar”, deb nomlaydi. Olimning ta’biricha, “bunday konstruksiyalarda so‘zlovchi shaxsning mavjudligini tasdiqlash orqali ifoda qilinayotgan predmet, voqea-hodisaga bo‘lgan bahosini ifoda qiladi” [Rasulov 2015, 255].

R.Qo‘ng‘urov o‘zbek tilshunoslari orasida birinchilardan bo‘lib baho hodisasining lisoniy tabiatini ochib berishga harakat qilgan edi. Olim o‘zining qator ishlarida subyektiv bahoni ifodalovchi morfologik shakllarning semantik-stilistik xususiyatlarini batafsil yoritgan [Qo‘ng‘urov 1980, 69]. Xuddi shu yo‘nalishdagi tahlilni S.Ravshanova ham olib borganini kuzatamiz [Ravshanova 1969 ]. Biroz keyinroq baho ma’nosiga ega lisoniy birliklarning semantik tahliliga doir tadqiqotlar yaratildi [G‘iyosov 1982, 51; 1986, 28].

O‘zbek tilshunosligida baho kategoriyasi tahliliga bag‘ishlangan mufassal tadqiqotlardan biri G‘.Qambarovning “Baho munosabati va uning o‘zbek tilida ifodalanishi” mavzusidagi nomzodlik dissertatsiyasi bo‘ldi [Qambarov 2008: 26].

Baho kategoriyasining matn modalligi bilan bog‘liq jihatlarini o‘rgangan S.Boymirzayeva ushbu kategoriyaning aksiologik faoliyat negizida turishini ta’kidlaydi. Olimaning qayd etishicha, baholash harakatini bajaruvchi subyekt predmet va hodisalarning sifati, qiymatini belgilovchi shaxsga aylanadi. U muloqot vaziyatida ko‘pincha so‘zlovchi rolini bajaradi. Shuningdek, baholash subyekti matnda yashirin tarzda ifodalanishi ham mumkin, lekin har qanday holatda ham u jamoada qabul qilingan me’yorlarga asoslangan baho harakatini bajaradi [Boymirzayeva 2010, 122]. Baholash faoliyati amalga oshirilayotganida baho obyektining tanlovi muhimdir. Tadqiqotchining ta’kidicha, baho obyekti asosan shaxs yoki ma’lum hodisalar bo‘lib, jonsiz predmetlar nisbatan kam baholanadi. Bunda ko‘pincha shaxsning jismoniy jihatlari, tashqi ko‘rinishi baho oladi: “Ko‘ksaroydagi uchrashuvdan keyin o‘tgan bir hafta ichida ustoz o‘zini juda oldirib qo‘ygan, keng peshonasi yuzi, lablarining chetidan ajinlari quyuqlashgan, lunjlari ichiga botib, qiyg‘ir burni so‘rrayib qolgan, faqat ko‘zlari.... teran mung cho‘kkan ko‘zlarida ham qandaydir alamli dard, ham kishini o‘ziga tortuvchi bir mehr bor edi” (Odil Yoqubov, Ulug‘bek xazinasi).

Yuqorida keltirilgan turdagi misollarni tahlil qilgan S.Boymirzaeva baho mazmunida emotsiya va oqilonalik o‘zaro munosabatda bo‘lishi hamda ushbu munosabatlarning shakllanishi asosan matn muallifining ko‘zlagan pragmatik maqsadi bilan bog‘liqligini qayd etadi. Bundan tashqari, predmet-hodisalarga berilayotgan sifat ma’lum bir namuna, tasavvurdagi qolipga asoslanadi [Ivin 1970, 31].

Xullas, S.Boymirzayevaning fikricha, “shaxsning idrok qilinayotgan voqelikka bo‘lgan munosabatini aks ettiruvchi baholash faoliyati ushbu voqelik parchasining pragmatik qiymati, mohiyatining shaxs tomonidan belgilanishi hisoblanadi. Bu faoliyat jarayonida u biron bir hodisaning sifat berilayotgan xususiyatini tanlangan namuna yoki normaga qiyoslaydi, unga binoan o‘lchaydi va ushbu namunadan chekinish [ijobiy yoki salbiy tomonga] holatlarini aniqlaydi” [Boymirzaeva 2010, 136].

Baholash harakatini inson lingvokognitiv faoliyatining mahsuli sifatida tavsiflagan olima ushbu harakatlar matn aksiologik modalligini hosil qiluvchi vosita, deb talqin qiladi. Aksiologik modallikning bu tariqa shakllanishi badiiy asar lingvopoetik vazifasining, uning botiniy ifoda imkoniyatlarining faollashuvidir [O‘sha asar, 142 - bet].

Til olamni bilish vositasi ekanligini qayd etgan Sh.Safarovning fikricha, inson ijtimoiy-madaniy voqelikdagi o‘z o‘rnini til vositasida topadi. Mo‘ljal esa, ma’lum bir etalonni qiyoslash orqali belgilanadi. Ushbu etalonga nisbatan voqelikning idrok etayotgan shaxs uchun muhim tomonlari aniqlanadi va ushbu muhimlik baholash uchun asos xizmatini o‘taydi. “Qiyoslash asosida yuzaga keladigan baho darajasi, – deb yozadi olim, – doimiy ravishda pragmatik omillar ta’sirida bo‘ladi. Pragmatikaning ta’sir doirasi shu qadar kuchliki, hatto qiyoslash namunasi [etaloni] tanlovi ham ixtiyoriy tus olib, erkin kechadi” [Safarov 2008, 188].

Umuman, Sh.Safarovning baho kategoriyasining tabiati va baholash harakatining pragmatik mazmun ifodasidagi roli haqida bildirgan fikrlari qimmatli bo‘lib, inson nutqiy faoliyatining kognitiv mohiyati, uning shaxslararo muloqot tizimida tutgan o‘rni, til birliklarining pragmatik mo‘ljalni voqelantirish imkoniyatlarini o‘rganishni ahd qilgan izlanuvchilar uchun muhim metodologik manba, tayanch nuqta bo‘lib kelmoqda.

Shunday qilib, o‘zbek tilshunoslari qayd etishgan holatlar baholash harakati yuzaga kelishini ta’minlovchi omillar turlarini ajratish va ularning faollashtiruvchi kognitiv hamda ijtimoiy-madaniy mexanizmlarini aniqlash fanimizning o‘ta dolzarb muammolaridan biriga aylangan. E’tiborlisi, bir qator tilshunoslar o‘zbek tilini boshqa tillar bilan qiyoslash asosida baho hodisasining kognitiv va lingvomadaniy xususiyatlarini aniqlash imkoniyatini qidirmoqdalar. Xususan, N.N.Panjievaning maqolalari va nomdozlik dissertatsiyasida shu mazvu o‘rganilgan [Панжиева 2003, 42; 2001, 32; 2004, 11].

Tadqiqotchi shaxslarni baholi nomlashning milliy-madaniy xususiyatlarini aniqlashda ikki yo‘nalishdagi qiyosiy-chog‘ishtirma tahlilga murojaat qilishni ma’qul ko‘radi. Bulardan birinchisida har ikkala tildagi baholi nomlarning umumiy bir konsept atrofida birikishiga tayanilsa, ikkinchisida denotativ ma’noning umumiyligi asos bo‘ladi. Masalan, “ayolning chiroyi” konsepti doirasida tillararo izomorf va allamorflik holatlari farqlanadi. Izomorfik leksik-semantik guruhlarning umumiyligi bilan belgilanadi. Ayni paytda, ushbu konsept qiyoslanayotgan tillarda turli denotativ va baho ma’nolariga ega lug‘aviy birliklar vositasida voqelanadi: ing. Rosebud, pippin, popsy, Juno, Afrodite; o‘zb. sarv, sarvinoz, sarvi ravon, pari, parizod, bulbul, farishta [Panjieva 2004, 16].

N.Panjiyevaning kuzatishlari guvohlik berishicha, ingliz va o‘zbek tillarida kategoriyalashuv jarayoni o‘xshash konseptlar asosida kechadi. Ammo shaxslarni baholi nomlash vaziyatida konseptuallashuv harakatlarining me’yorida farq bo‘lishi mumkin. Binobarin, ingliz tilida shaxs ko‘pincha xarakteri va xatti -harakatlari, aqliy qobiliyati hamda kasbiy faoliyatiga nisbatan baholansa, o‘zbek tilida insonning tashqi ko‘rinishi ham diqqatni jalb qiladi [O‘sha asar, 15-bet].

Ayniqsa, tadqiqotchining shaxslarni nomlashda ijtimoiy baho emotsional bahoga nisbatan ustunlik qilishi haqidagi xulosasi ahamiyatlidir. Zero, baho birliklarida ifoda topayotgan lisoniy shaxs ijtimoiy muhitdan tashqarida bo‘la olmaydi. Shunga binoan, “baho kategoriyasining ijtimoiy shartlanganligi shaxslar nomlanishini stilistik, pragmatik va sotsiolingvistik xususiyatlari o‘zaro aloqasini tahlil qilishni talab qiladi” [O‘sha asar, 8-bet].

Ma’lumki, paremiyalar mazmunida insonning xususiyatlari, axloqi, xatti -harakatlarini hamda voqelikdagi predmet-hodisalar haqida baholovchi axborot ifoda topadi. Shuningdek, maqol, matnlarda millatga xos dunyoqarash aks topadi. Ularning ma’nosi bevosita olam haqidagi bilimning shakllanishi bilan bog‘liq bo‘lib, uning tarkibidan ushbu olamga bo‘lgan baho munosabati o‘rin oladi. Shu sabab bo‘lsa kerakki, keyingi paytlarda baho kategoriyasining paremiologik birliklar vositasida voqelanishini turli etnomadaniyatlar qiyosida o‘rganish an’anasi muqimlashib bormoqda. Yaqinda nashrdan chiqqan R.U.Madjidovaning monografiyasi shu yo‘nalishda bajarilgan tadqiqotlar orasida alohida o‘rinni egallaydi [Madjidova 2019, 199]. Rus va o‘zbek tillaridagi antropotsentrik maqollarning aksiologik imkoniyatlarini o‘rganish maqsadi qo‘yilgan ushbu tadqiqotning dolzarbligi tipologik jihatdan turli bo‘lgan til va madaniyat sohiblari dunyoqarashining baho qismidagi o‘ziga xosliklarni tahlil qilish nazariy va amaliy ahamiyatga egaligi bilan izohlanadi.

Tadqiqot jarayonida o‘zbek va rus tillari tizimida qo‘llanishda bo‘lgan maqollarning insonni baholash bilan bog‘liq ma’nosini belgilovchi lisoniy ko‘rsatkichlar majmuasi aniqlangan. Ushbu ko‘rsatkichlar inson xatti-harakati, tafakkuri va shaxslararo munosabtlarni “yaxshi” yoki “yomon” baho kategoriyalari doirasida tavsiflaydi. Bunda baho obyekti bo‘lgan shaxsning jismoniy va ma’naviy-ma’rifiy sifatlari bilan bir qatorda, kasbiy faoliyati, ijtimoiy va oilaviy mavqei, yoshi, jinsi, qarindoshchilik aloqalari kabilar ham inobatga olinadi. Shunga nisbatan, berilayotgan baho axloqiy, estetik, intellektual, emotsional, me’yoriy ko‘rinishlarda namoyon bo‘ladi. Baholash harakatida muhim mo‘ljal bo‘lgan qadriyatlar esa har bir xalq mentalitetining milliy-madaniy o‘ziga xosligini belgilaydi hamda shu yo‘sinda tillararo va madaniyatlararo farqlanuvchi holatlar yuzaga keladi [Madjidova 2019, 211-212].

Haqiqatdan ham, baholash faoliyatining natijasi subyekt va obyekt munosabati doirasida namoyon bo‘ladi. Bahoning darajasini belgilash uchun ongda mavjud bo‘lgan namuna va obyekt o‘rtasidagi nisbatni aniqlash zarur. Shu maqsadda amalga oshirilgan tafakkur harakatidan so‘ng chiqarilgan xulosa-baho lisoniy birlik vositasida voqelanadi.

Baholash faoliyatining lingvistik sathini uni ifodalovchi fonetik, leksik, grammatik vositalar majmuasi tashkil qiladi. Farang tilshunosi Sh.Balli o‘z paytida “fikrlash-tasavvurga munosabat bildirish, uning mavjudligini e’tirof etish va baholash demakdir”, – deb yozgan edi [Балли 2006, 43]. Mazkur fikrni qo‘llab-quvvatlayotgan olimlar baho kategoriyasini tavsiflashda funksional hamda kognitiv yondashuvlarni qo‘llashni ma’qullamoqdalar [Лингвистика и аксиология 2011]. 

Insonning tabiiy va ijtimoiy voqelikka nisbatan faolligi, nuqtai nazarini aks ettiruvchi qadriyat kategoriyasining olamni bilish faoliyatidagi ahamiyatining e’tirof etilishi “lingvistik aksiologiya” yoki “aksiologik tilshunoslik” nomini olgan yangi yo‘nalishning shakllanishiga turtki berdi [Темиргазина 2015, 155]. Tilshunoslikning ushbu sohasida til qadriyatlar haqidagi axborot manbasi sifatida talqin qilinadi. V.V.Melnichukning fikricha, “Qadriyat va baho aksiologiyaga oid muammoning markaziy tushunchalari bo‘lib, aksiologik tilshunoslikning tadqiq predmetini tashkil qiladi” [Мельничук 2017, 8]. Tilshunoslikda lingvoaksiologik yondashuvning rivojlanishi olam milliy manzarasida muqimlashgan madaniy kategoriyalarning lisoniy ifodalanishi vosita va usullariga bo‘lgan qiziqish bilan bog‘liq.

Obyektni baholovchi shaxs unga o‘zi ma’qul ko‘rgan qiymatni beradi. Bu, o‘z navbatida, baho tabiati insonning talablariga mos kelishi kerakligidan darak beradi. Olam manzarasi yoki “olamning mavhumlashtirilgan modeli” makroolam, inson tasavvurlari tizimi hamda mikroolam, ya’ni tafakkur yuritayotgan shaxsdan iborat [Арутюнова 1998, 348]. Bunda aynan bahoning lisoniy ifoda topishi olam manzarasining aksiologik qismini aks ettiruvchi vositaga aylanadi [Хомякова 2019, 87].

Xullas, baho ko‘p qirrali murakkab hodisadir va uning mohiyati, tabiati, o‘ziga xos xususiyatini o‘rganish fanlararo muammo hisoblanadi. Tilshunoslikda ushbu muammo turli yondashuvlar asosida tadqiq qilinib kelinmoqda. Mazkur yondashuvlar baho ma’nolarining turlari va ularni yuzaga keltiruvchi vositalarni tavsiflash orqali baho kategoriyasining lingvistik nazariyasi rivojiga xizmat qilib kelmoqda.

 

 

Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati:

 

  1. Арутюнова Н.Д. Язык и мир человека. – М.: Академия, 1998. – 956 с.
  2. Crismore A., Farnsworth R. Metadiscourse in popular and professional science // The Writing Scholar: Studies in Academic Discourse. – London: Sage, 1990: 118-136.
  3. Vande Kopple  W. Some exploratory discourse on metadiscourse // College Composition and Communication, 1995, vol. 36. – P. 82-93.
  4. Hyland K. Tse P. Metadiscourse in academic witing: a reappraisal // Applied Linguistics, 2004. Vol. 25. P. 156-176.
  5. Hyland K. Metadiscourse: Exploring Interaction in Writing. – L.: - Continium, - 287 p. 2005.
  6. Hyland K. Tse P. Metadiscourse in academic witing: a reappraisal // Applied Linguistics, 2004. Vol. 25. P. 156-176.
  7. Залевская А.А. Индивидуальное знание: специфика и принципы функционирования. – Тверь: Изд-во ТГУ, 1992. – 136 с.
  8. Болдырев Н.Н. Когнитивная семантика. Введение в когнитивную лингвистику. – Тамбов: Изд-во ТГУ, 2014. – 236 с.
  9. Qo‘ng‘urov R. Subyektiv baho formalarining semantik va stilistik xususiyatlari. – T.:Fan, 1980;
  10. G‘iyosov S. O‘zbek tilida asliy sifatlarning ko‘chma baholash ma’nosi haqida // O‘zbek tili va adabiyoti, 1982. № 4. – B. 51-54.
  11. Qambarov G‘.S. Baho munosabati va uning o‘zbek tilida ifodalanishi (shaxslararo munosabat asosida). Filol.fan. nomz. Diss... avtoreferati. – T.: 2008. – 26 b.
  12. Boymirzaeva S. Matn modalligi. – T.: Fan, 2010. – 151 b.
  13. Ивин А.А. Основания логики оценок. – М.: Изд-во МГУ, 1970.
  14. Safarov Sh. Pragmalingvistika. – T.: O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi, 2008. – 300 b.
  15. Панжиева Н.Н. Новые подходы к изучению категории оценки // Филология масалалари, 2003. № 2. – С. 42-46.
  16. Панжиева Н.Н. Когнитивный аспект оценочных номинаций лица в английском и узбекском языках. Автореф.дисс....канд. филол.наук. – Т.: 2004. – 22 с.
  17. Балли Ш. Общая лингвистика и вопросы французского языка. – М.: URSS, 2006.
  18. Темиргазина З.К. Лингвистическая аксиология: оценочные высказывания в русском языка. – М.: Флинта, 2015. – 247 с.
  19. Мельничук В.А. Аксиологическая динамика русской лексики (конец XVIII – начало XXVIII – начало XXI в). Дисс...канд. филол. наук. – СПб., 2017. – 211 с.
  20. Хомякова Е.Г. Ценность образования в концептуальном пространстве английского языка // Когнитивные исследование языка. – СПб, 2019. – С. 87-92.

 

 


 

Xorijiy filologiya jurnali tahrir ha'yati