Har bir xalq o‘ziga xos ijodkorlik salohiyatiga ega. Bu salohiyat, ayniqsa, ertaklarda o‘z ifodasini topadi. Turli xalqlarda turlicha motivdagi ertaklar yaralar ekan, o‘sha xalqqa mansub milliy ruh, urf-odat va madaniy qadriyatlarga duch kelamiz. Ular insoniyatning eng qadimgi tafakkur mahsuli bo‘lganligi bois, xalqning dunyoqarashi, orzu-umidlari, ezgulikka bo‘lgan ishonchini o‘zida mujassam etadi. Shu bilan bir qatorda ertaklarda xalq dunyoqarashi, qadriyatlari va hayotiy tajribasi borasidagi qarashlar ham o‘rin egallaydi. Har bir xalq o‘z tarixiy, madaniy va diniy qarashlariga asoslanib, ertaklar orqali hayot haqiqatini ramziy obrazlarda ifoda etadi. Shu bois, ertaklar nafaqat badiiy, balki ijtimoiy-falsafiy, tarbiyaviy ahamiyatga ega xalq og‘zaki ijodining eng yuksak namunasidir. Bir motivga asoslangan ertaklar mifologik ildizlarga, axloqiy qadriyatlarga, ijtimoiy munosabatlarga asoslanadi.
Ertaklarning kelib chiqishi insoniyat tafakkurining dastlabki bosqichlariga borib taqaladi. Dastlab ular miflar, afsonalar bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan. Tabiat hodisalari, hayot sirlarini tushuntirishga urinish sifatida vujudga kelgan ertaklar keyinchalik axloqiy-psixologik mazmun kasb eta boshladi. Har bir xalq ertak orqali o‘z hayot tarzini, qadriyatlarini, ideallarini avloddan-avlodga yetkazadi. Shu nuqtayi nazardan bir xil mavzu, bir xil motiv yoki topos tasviriga ega bo‘lgan ertaklar jahon adabiyotida o‘rin egallagan. Folklorshunoslik va etnografiyada bir motivga asoslangan ertaklar quyidagicha klassifikatsiya qilinadi:
Og‘ay ona zulmi motiviga asoslangan ertaklar barcha xalqlarning xalq og‘zaki ijodida uchraydi. Fikrimizga misol tariqasida bu motivga asoslangan bir qancha ertaklarga e’tiborimizni qaratamiz. Shunday namunalardan biri o‘zbek xalq og‘zaki ijodida o‘rin egallagan “Zumrad va Qimmat”dir. Ertakdagi asosiy obraz Zumrad hisoblanadi. Uning portreti: “u chiroyli, odobli, muloyim, aqlli qiz ekan. Uni bir ko‘rgan kishi yana ko‘rsam deb orzu qilar ekan. Xullas, u juda ajoyib qiz ekan”[1] tariqasidagi tasvirga ega. Unda Zumrad ijobiy xarakterdagi qiz sifatida talqin etiladi. Ayniqsa, “Zumrad erta bilan barvaqt ko‘zasini ko‘tarib, soy yoqalab buloq boshiga borarkan, yo‘lda uchragan lola gullar boshlarini egib, unga salom berarkanlar. Zumrad maysalar ustida o‘tirib dam olganida gullar uni olqishlar, bulbullar quvonib unga hikoyalar aytib berarkanlar”[2] singari sifatlarni qizning ijobiy xarakteri sifatida ta’kidlash mumkin bo‘ladi. Xuddi shu kabi xususiyatlarni rus xalq og‘zaki ijodidan joy olgan “Ayozbobo” ertagida ham uchratamiz. Unda o‘gay qizning ismi berilmaydi, faqat o‘gay qiz deya e’tirof etiladi, xolos. Biroq, u ham Zumrad singari mehnatkash. “Qiz hech qanday ishni rad etmasdi — nima topshiriq bersalar, hammasini bajarardi, bundan ortig‘i kerak ham emas. Odamlar unga qarab, maqtovdan to‘xtay olishmasdi”[3] (tarjima o‘zimizniki). Rus xalq ertagida uning portretiga katta ahamiyat qaratilmagan. Xarakterining o‘ziga xos xususiyatiga ham to‘xtalmagan. Voqealar peshma-pesh rivojlantirilgan. “Zumrad va Qimmat”da o‘gay ona Zumraddan qutilish uchun turmush o‘rtog‘iga qizni o‘rmonga adashtirib kelish buyuriladi. “Ayozbobo”da esa turmush o‘rtog‘i shaharga bozor qilishga ketganidan foydalanib, o‘gay ona uni o‘rmonga o‘tin terib kelishga yuboradi. Har ikkisida ham o‘rmonda uni qoldirish va shu yo‘l orqali undan qutilishga harakat mavjud. Asarlarga nazar tashlansa, har ikkisida ham qizlar ijobiy xislatlarga ega bo‘lishsa-da, biroq, o‘zlarining hayotlari uchun kurashishmaydi. Passiv holatda asarda o‘rin egallaydi. Biroq, ularning hayotini baxt va saodatga to‘ldirib beruvchi obrazlar ham borki, birida o‘rmondagi nuroniy ayol bo‘ladigan bo‘lsa, ikkinchisida Ayozbobo. Nuroniy ayolning uyiga kelib qolgan Zumrad unga uy yumushlarini bajarishda astoydil yordam beradi. Biroq, ovqat qilish uchun tomdan o‘tin tushirishga chog‘langan vaqtidagina o‘z uyining tomini ko‘rib taniydi va yig‘lab yuboradi. Bu holatni ko‘rgan nuroniy ayol uni ovuntiradi. Ertalab esa unga qizil sandiqni olib tushishini buyuradi, o‘zi esa o‘rmonga ketib, u yerdan saman ot va aravani olib keladi. Zumradni aravaga o‘tqazib, sandiqni ham joylab uyiga jo‘natadi. “Ayozbobo” ertagiga e’tibor qaratsak, unda og‘ay qiz Ayozbobo uchun kuylak tikib beradi. Uning mehnatkashligini ko‘rgan Ayozbobo issiq kiyim bilan birga bir sandiq sovg‘a in’om etadi. “Zumrad va Qimmat”da Zumrad ot va aravada o‘z xonadoniga kirib borgan bo‘lsa, “Ayozbobo”da o‘gay qizning otasi uni axtarib o‘rmonga yo‘l oladi, katta qarag‘ay yonidan topib, xonadoniga olib keladi. Shu bilan bir qatorda har ikki ertakning o‘xshash tomonlari yana shunda kuzatiladiki, har ikkisida ham ular xonadonidan joy olgan it obrazi mavjud. Mazkur it ijobiy xarakterga ega qizlar uyiga kelayotgan vaqtida ular haqida xonadon bekasiga xabar beradi. Salbiy xarakterga ega qiz ham uyiga yo‘l olgan vaqtida u haqda ham ma’lumot beradi. Zumrad haqidagi ma’lumotda uni sovg‘a-salomlar bilan tashrif buyurayotganligini ta’kidlagan bo‘lsa, Qimmat sandiqda ajdar olib kelayotganligini boxabar etadi. “Ayozbobo”da esa o‘gay onaning qizini qor qoplab qolganligi va uni hech kim topa olmasligini ta’kidlaydi. Biroq, ikki asarni farqlanuvchi jihatlari ham mavjud. “Zumrad va Qimmat”dagi qiz 8-10 yoshlar atrofida, “Ayozbobo” ertagidagi o‘gay qiz esa 16-17 yoshlar atrofida. Chunki “Zumrad va Qimmat”da nuroniy ayol unga qo‘g‘irchoqlar, har xil suratli ajoyib kitoblar taqdim etadi. “Ayozbobo” ertagidagi qizning bir sandiq sovg‘asi sep sifatida e’tirof etiladi. Shu bilan bir qatorda asarda o‘gay onaning qizi haqida ham so‘z yuritilib, uni ijobiy xarakterli qizga kontrast holatda qo‘yiladi. Qimmat ham Zumrad kabi sovg‘alarga ega bo‘lish uchun o‘rmonga jo‘natiladi. Uni ham nuroniy ayol qarshi oladi. Biroq, ishyoqmasligi sabab unga yoqmyadi, natijada oq sandiqni taqdim etadi. Oq sandiqda esa ikkita ajdarho joy olgan edi. Eshikni tambalab olgan qiz va ona oq sandiqni ochishadi, u yerda yotgan ajdarholar ularni yeb darichadan chiqb ketishadi. “Ayozbobo”dagi ishyoqmas, tanbal qiz sifatida ta’riflangan qizning ismi berilmaydi. U ham o‘rmonga olib boriladi. Unga qo‘lqop tikish vazifasi berkitiladi. Biroq, bu qiz vazifani bajarishni istamaydi. Natijada Ayozbobo uni qor uyumi bilan ko‘mib yuboradi, qizning onasi uni axtarib chiqqanda topa olmaydi, u ham qor uyumi ostida qoladi. “Zumrad va Qimmat”dan farqli o‘laroq “Ayozbobo”da o‘gay qiz otasi bilan totuv yashab bir yildan so‘ng temirchiga turmushga chiqadi.
O‘gay qiz va o‘gay ona obrazi asosida yaratilgan ertak rus adabiyotida ikkita variantda kuzatiladi. Har ikki variantda ham ertakning sarlavhasi “Ayozbobo”dir. Yuqorida ta’kidlab o‘tilgan ertakda o‘gay qizning ismi berilmaydi, biroq, ikkinchi variantida o‘gay qizning ismi Masha. Bu ertakda o‘gay onaning qizi bir emas, ikkita. Mashani o‘rmonga otasi olib boradi va uni Ayozboboga nikohlamoqchi bo‘ladi: “Kampir ularga shunday dedi:
— Xo‘sh, chol, Mashani kuyovnikiga olib bor; lekin, esda tut — to‘g‘ri yo‘ldan bor, keyin o‘ng tomonga buril, baland tepalikdagi katta qarag‘ay yoniga bor, o‘sha yerda Mashani Ayozboboga turmushga ber.
Chol g‘amga botdi, ammo, yovuz kampirga bu holini bildirishga qo‘rqdi. Shunday qilib, chol bilan qizi indamay yo‘lga chiqishdi. Ular uzoq yo‘l bosishdimi, qisqami — nihoyat kampir aytgan o‘sha katta qarag‘ay oldiga yetib kelishdi. Chol chanasini to‘xtatib, qizini tushirdi va unga dedi:
— Shu yerda o‘tirib, kuyov kelishini kut; u kelsa, mehmondo‘stlik bilan, muloyimlik bilan kutib ol.
Shundan so‘ng chol ortiga ham qaramay, uyiga qaytib ketdi”[4] (tarjima o‘zimizniki). Mazkur ertakda o‘gay qizning ruhiy holati birmuncha yoritiladi. U o‘z uyida ro‘shnolik topa olmaydi va turmush to‘qmoqlariga qarshi chiqmaydi. Otasi bilan o‘rmonga yo‘l oladi. O‘rmonda uni tushunuvchi insonga duch keladi. O‘zi haqida gapirib beradi. Ayozbobo o‘z navbatida unga sovg‘alar taqdim etadi. Erta tongdan turib ota qizini axtarib kelganda esa uni issiq va chiroyli kiyimlarni kiygan va sovg‘alar qurshovida qolgan holatda topadi. Biz Mashaga nega Ayozbobo sovg‘a berganligini bila olmaymiz, bu haqda ertakda ma’lumotlarga to‘xtalmagan. Asosiysi, mazkur ertakda ham Mashani ko‘rgan o‘gay ona ikki qizini o‘rmonga yuboradi. Biroq, qizlar Ayozboboga qo‘pol gaplarni aytganligi sabab ularni muzlatib qo‘yadi. Ota esa o‘gay qizlarini muzlagan holda topadi. Ikki qizini bunday holatda ko‘rgan ona g‘am-anduhdan vafot etadi. Keyinchalik Masha qo‘shni xonadonda yashovchi yigit bilan turmush quradi. Ertaklardagi asosiy motiv har uch asarda ham yaxshilik va yomonlik xususida bo‘lib, yaxshilikning yomonlik ustidan g‘alaba qozonishi bilan yakunlanadi. Natijada qachonlardir rushnolik ko‘rmagan qizlar baxt-saodatga erishishadi.
Koreys xalq og‘zaki ijodida ham mazkur motiv uchraydi, bu ertak “Kxonchxi va Pxatchixi”[5] deya nomlanadi. Ertakda bir oila xususida so‘z yuritilib, nogoh oila bekasi qiz farzandli bo‘lganidan so‘ng 100 kundan keyin vafot etadi. Oilaning boshlig‘i hisoblangan ota o‘n to‘rt yildan so‘ng boshqa ayolga uylanadi. Bu ayol juda yovuz bo‘lib, uning qizi ham yovuzlikda ayoldan qolishmaydi. O‘gay qiz Kxonchixini yoqtirmaganligi bois, unga zulm o‘tkaza boshlaydi. Ertakda Kxonchixini shu darajada go‘zal tasvirlanadiki, uning go‘zalik borasidagi dovrug‘i juda yiroqlargacha yetib boradi. U nafaqat go‘zal, balki juda aqlli va odobli ham edi. Bu esa o‘gay onaga umuman yoqmaydi. Ertakda Kxonchixi mehnatkashligi sabab yer ag‘daradi, suv tashiydi. Ammo, bu ertak ingliz folkloridan joy olgan Sinderellani yodga soladi. Asarda o‘gay ona va uning qizi ziyofat (to‘y)ga taklif etiladi. Kxonchixi bu ziyofatga olib borishini iltimos qilganida o‘gay ona unga bir qop guruch va bir qop tariqni saralashni buyuradi. Ularda bir dona ham qobiq qolmasligi lozim edi. Albatta, bu ishni bir soat yoki bir kunda ham bajarib bo‘lmaydi. Bu ishni ta’qiq sifatida anglashimiz mumkin bo‘ladi. Asarda Kxonchixiga osmondan tushgan farishta yordam beradi. U chumchuqlarni chaqirib qoplardagi guruch va tariqni qobiqlaridan tozalattiradi. Kxonchixini esa ziyofatga yuboradi. Ziyofatga ketayotgan qiz yo‘lda palankindagi Kamsaga duch keladi. Unga yo‘l berayotgan vaqtida esa oyog‘idagi kiyimi ariqqa tushib ketadi. Biz ertakni o‘qir ekanmiz, qizning ziyofatga borgan yoki bormaganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlarga duch kelmaymiz. Hatto Kamsa o‘sha oyoq kiyimini topib olgach uning egasiga nega uylanmoqchi bo‘lganligini ham anglay olmaymiz. Chunku bu haqda ham ertakda hech qanday ma’lumotlar taqdim etilmaydi. Kamsa Kxonchixini bir soniyagina ko‘radi. Ipdan tikilgan oyoq kiyimni topgach shu oyoq kiyim egasiga uylanishni istaydi. Ammo, o‘gay ona va uning qizi Pxatchixi oyoq kiyimni ko‘rgach qizdan qutilish uchun uni daryoga cho‘ktirishadi. Kamsaga esa Pxatchixi turmushga chiqadi.
Ertak shu voqelik bilan yakunlanmagan. Unda Kxonchixi nilufar guliga aylanishi, Kamsa bu gulga mahliyo bo‘lib uni uyiga olib kelishi, Pxatchixi esa gulni o‘tda yoqishi, o‘tda yonayotgan guldan chiroyli munchoq ajralib chiqishi keyinchalik bu munchoq Kxonchiga aylanishi voqeligiga duch kelish mumkin. Kamsa esa o‘z navbatida o‘gay ona va unig qiziga aldanganligini anglaganidan so‘ng ularni jazolashi, so‘ng Kxonchiga uylanib baxt-saodatga erishi bilan yakunlanadi.
Ingliz adabiyotidan o‘rin egallagan Sinderella ertagi ham mazkur motivga asoslangan. Asarda ham koreys ertagi singari voqelik mavjud. Ammo to‘liq emas, balki qisman voqelik takrorlanadi. “Sinderella”da o‘gay onaning ikki qizi bor, ular onalari singari yovuzlikda qolishmaydilar. Sinderella har doim o‘z kayfiyatini ko‘tarishga, shu yo‘l orqali hayotini yaxshi tomonga o‘zgartirishga harakat qiladi. Shu bois ham u qushlar, hayvonlar bilan suhbatlashdi, ularga qo‘shiqlar ko‘ylab beradi. Hatto uning portreti ham chiziladi:
“Cinderella is a pretty girl. She's got blue eyes and blonde, curly hair. She's always happy. She likes singing and playing with herpet cat and the mice in the kitchen”[6]. Darhaqiqat, ertakda Sinderella juda choroyli qiz ekanligi, uning moviy ko‘zlari, sariq jingalak sochlari bilan tasvirlanadiki, o‘quvchining ko‘z o‘ngida samimiyatga to‘la quvnoq qiz gavdalanadi. Bu qiz boshqa o‘gay qizlar singari o‘zining achchiq taqdiri yuzasidan juda ko‘p ko‘z-yoshlar to‘kmaydi. Uning shu jihatdan xarakter xususiyati boshqa qizlardan ajratib turadi. Farishta yordamida balga borishi, shahzoda biln uchrashishi, uning ham Kxonchixi singari oyog‘idan billur (Kxonchixining oyoq kiyimi ipdan to‘qilgan edi) tuflisi tushib qolishi, shu oyoq kiyimning egasini topish maqsadida qizlarga bu oyoq kiyimni kiydirilishi, natijada faqat Sinderellagagina loyiq kelishi va shahzoda unga uylanishi bilan yakunlanadi. Asarning xotima qismida o‘z ishidan pushaymon bo‘lgan ikki o‘gay opalarning kechirim so‘rashi hamda ularni samimiyatga qalbi to‘la bo‘lgan Sinderellaning kechirishi bilan yakunlanadi.
Tadqiqotchi Yang, Su Jin “Adapting Korean Cinderella Folklore as Fairy Tales for Children” nomli tadqiqotida yuqorida ta’kid etilgan koreys va ingliz ertaklarini o‘zaro qiyos etadi. Uning fikricha, koreys foklorida “Kxonchixi va Pxanchixi” ertagining ikki versiyasi mavjud. Birida Kxonchixi aktiv ayol ko‘rinishiga ega bo‘lib, o‘z taqdirini o‘zgartira olgan bo‘lsa, ikkinchisida Kxonchixi passiv qahramon sifatida talqin etiladi. Uni Shahzoda Charming qutqaradi: “Bolalar uchun moslashtirilgan ertakning ba’zi versiyalarida bu sujet ko‘rinmaydi va koreys Zolushkasi Shahzoda Chraming tomonidan qutqarilgan yana bir passiv qizga aylanadi. Ushbu o‘zgarishning sabablaridan biri shundaki, onalar bolalar kitoblarini xaridorlari, ular qizni “Shahzoda Charming qutqarish” sujetini xohlashadi, chunku ular Koreya jamiyatida mustaqil ayol bo‘lish qiyinligini bilishadi. Iste’molchilarning istaklari va ehtiyojlarini qondirish uchun noshirlar qasddan passiv qahramonlar bilan sujetlarni o‘zgartiradilar. “Kxonchixi va Pxanchixi”ning foklor versiyasi aslida mustaqil va yetuk ayol xarakterini taklif qiladi, bu ko‘plab yosh o‘g‘il va qizlarga yaxshi namuna bo‘la oladi”[7].
Slavyan xalqlariga tegishli bo‘lgan “Zolim o‘gay ona va mehribon o‘gay qiz” ertagiga nazar tashlasak, uning bosh qahramoni sifatida Maritsa ta’kidlanadi. Asarda o‘gay onaning zulmi tasvirlari ko‘plab uchraydi: “Ammo, o‘gay qizi — itoatkor va mehnatkash bo‘lishiga qaramay — unga yoqmasdi. Ayol uni doimo koyirdi, azob berardi, urardi, hattoki uni tezroq yo‘q qilish uchun itga o‘xshab turli ovqat qoldiqlari bilan boqardi, agar qo‘lida ilon dumiga o‘xshash narsa bo‘lsa, shuni ham yedirishga tayyor edi. U Maritsani eski bir arava ichida yashashga majbur etardi.
Shunday bo‘lsa-da, Maritsa muloyim va mehnatkash bo‘lib ulg‘aydi, va o‘gay singlisidan ancha chiroyli va yoqimli bo‘lib voyaga yetdi. Shunda o‘gay ona uni uydan haydab yuborishni o‘ylay boshladi”[8] (tarjima o‘zimizniki). Uydan haydab yuborish rejasining birinchi qismida o‘gay ona Maritsaga qora matoni oqartirishi buyuradi. Albatta, qiz uddasidan chiqa olmaydi, shunda unga yordamga farishta yetib keladi va matoni oqartirib beradi. Ikkinchi rejada esa qishning qoq chillasida qizni o‘rmonga yuborib, pishgan mevalarni terib kelishi lozimligini tayinlaydi. Qiz esa nochor yo‘lga tushadi. Yo‘lda o‘n ikki oyga duch kelib, o‘zining boshiga tushgan musibatni aytib beradi. Ular esa savollariga javob bersagina Maritsaga yordam berishini ta’kidlashadi. Maritsaning javoblari ularga yoqqanligi uchun ham g‘arq pishgan mevalarni in’om etishadi. O‘gay ona mevalarni ko‘rgach o‘z qizini yuboradi, biroq, qiz o‘n ikki oyning qahriga uchrab uyiga zo‘rg‘a yetib keladi. Asarning boshqa ertaklardan farqli tomoni shunda kuzatiladiki, Maritsaga bir boy zodagonning uyidan sovchi bo‘lib kelishadi. Unga turmushga chiqqan Maritsa umrining oxirigacha baxtli yashaydi. O‘gay opasi esa turmushga chiqolmay qari qizligicha qoladi. Asosan, yakunda Maritsa yoshini yashagan nuroniy onaxon ekanligi ta’kidlanadi. Bu kabi xotimani mazkur motivga asoslangan boshqa ertaklarda kuzatmaymiz.
Ozarbayjon xalq ertagi bo‘lmish “O‘gay ona va uning o‘gay qizi” ertagida ham mazkur motiv yetakchilik qiladi. O‘z farzandini ustun qo‘ygan ona o‘gay qiziga zulm o‘tkazaveradi. Uni mollarni boqishga, uy ishlarni bajarishga majburlaydi. Hatto uning kiyimiga ham e’tibor qaratmaydi: “O‘gay qiz yalangoyoq yurardi — kiyishga poyafzali yo‘q edi. Bir kuni u sigirlarni yaylovdan haydab kelgach, qo‘shnilarnikiga borib so‘radi:
— “Biroz charm beringlar, men yalangoyoqman!”
Qo‘shnilar kim qancha bera olsa, shuncha charm berishdi. Shunda o‘gay qiz ularni yig‘ib, bir-biriga ulab, chiroyli kavush tikdi. Ammo, ularni faqat bir kun kiyishga ulgura oldi: sigirlarni boqayotganida kavushining bittasini yo‘qotib qo‘ydi. Uyga ko‘z yosh to‘kib qaytdi, ammo, kim unga achinardi?”[9] (tarjima o‘zimizniki) ertakda kovushni shahzoda topib olishi, bu kovush unga juda yoqib qolishi, shu kovushning egasiga uylanishi aytishi voqeligi mavjud. Har bir ertakdagidek o‘gay ona o‘zining qizini kovush egasi sifatida ko‘rsatishi va kovushning ikkinchi poyini ham o‘gay qizdan tortib olishi, to‘y kuni esa xo‘roz shahzoda va uning do‘stlariga bor haqiqatni aytishi, shahzoda esa qizni topib unga uylanishi bilan yakunlanadi. Biz, koreys, ingliz va ozarbayjon ertaklarida poyafzal detalini uchratamiz. Bu esa asarlarni bir-biriga yaqinlashtiradi. Biroq, detaldagi farqlar:

Mazkur motiv barcha xalqlar ertaklarida joy olgan bo‘lib, unda zulm hech qachon g‘alaba qozona olmasligi xususida so‘z yuritiladi. Ayniqsa, bu xususiyat koreys xalq og‘zaki ijodidagi “Yonni qanday qilib o‘gay onadan qutildi” ertagida yorqinroq kuzatiladi. Yonni o‘gay qiz bo‘lganligi bois ona har doim unga azob beradi. Qish kunida ham o‘simliklar topib kelish uchun tog‘ga jo‘natadi. Yaratgan barcha voqealarni kuzatayotganligi bois unga yordamga yomg‘ir yog‘diruvchi farishtani yuboradi. Bu farishta yosh yigit qiyofasida bo‘lib tog‘ning bir keng dalasida joy olgan uyda kutib oladi. Unga o‘simliklarni har safar taqdim etadi: “Qiz ketmoqchi bo‘lib turgan edi, yigit unga dedi: — “Yana bu yerga kel. Kelganingda darvoza qarshisiga turib shunday de: ‘Tol, tol, tolning yaprog‘i! Bu menman, Yonni, keldim, darvozani och. Men chiqaman.”
Shunday deb, yigit Yonni ismli qizga uchta shisha berdi: biri oq, biri qizil, biri esa ko‘k rangda edi. So‘ng unga shunday dedi:
— “Ularni ehtiyot qil. Ular kerak bo‘lishi mumkin. Oq shishadan quysang — suyakda go‘sht o‘sadi. Qizilidan quysang — tomirlarda qon yuguradi. Ko‘kidan quysang — o‘likni tiriltirasan”[10] (tarjima o‘zimizniki). O‘gay ona esa Yonnini qayerdan bunchalik ko‘p o‘simliklar olib kelayotganligiga qiziqib qoladi va uni kuzatadi. Keyingi kun Yonnining o‘rniga o‘zi keladi va sehrli so‘zlarni aytadi. Yigit chiqqanda esa uni o‘ldirib, uyiga o‘t qo‘yib dalani vayron etadi. Yonni bu holatni ko‘rganida yigit bergan uchta shisha yodiga keladi, uni yigitning suyaklariga tomizadi. Shu tariqa yigit yana o‘z holiga qaytadi. Ertak so‘ngida yigit Yonnini olib kamalak orqali osmonu falakka ko‘tariladi va asar shu bilan yakunlanadi. Mazkur asarda negadir o‘gay ona qilgan yovuzligi uchun jazolanmaydi. Bu esa ertakning farqlanuvchi xususiyati bo‘lib qolgan.
Xullas, mazkur motivni quyidagi jadval asosida tahlil etish mumkin:
|
MOTIV |
Ertak nomi |
Xalq |
Ijobiy obraz |
Salbiy obraz |
Yordam beruvchi kuch |
|
O‘gay ona zulmi |
Zumrad va Qimmat |
O‘zbek |
Zumrad |
O‘gay ona, Qimmat |
Nuroniy ayol |
|
Ayozbobo |
Rus |
O‘gay qizning ismi berilmagan |
O‘gay ona va uning qizi |
Ayozbobo |
|
|
Ayozbobo |
Rus |
Masha |
O‘gay ona va qizlari |
Ayozbobo |
|
|
Kxonchixi va Pxatchixi |
Koreys |
Kxonchixi |
O‘gay ona, Pxatchixi |
Sigir, qurbaqa |
|
|
Zolim o‘gay ona va mehribon o‘gay qiz |
Slavyan |
Maritsa |
O‘gay ona va uning qizi |
Farishta, o‘n ikki oy |
|
|
O‘gay ona va o‘gay qiz |
Ozarbayjon |
Ismlari berilmagan |
Og‘ay ona |
Xo‘roz |
|
|
Yonni qanday qilib o‘gay onadan qutildi |
Koreys |
Yonni |
O‘gay ona |
Yigit |
O‘gay ona zulmi motiviga asoslangan ertaklarda yaxshilik va yomonlik kurashi, bosh qahramon sifatida taqdim etilgan qizlarning sinovlardan o‘tib baxt-saodatga erishishi, bu sinovlarda sehrli yordamchilar ustuvor xususiyatga ega bo‘lishi kabi jihatlari talqin etilgan. Asosiysi, xalq donoligi va ijobiy g‘oya ustuvorligi ertaklarning mazmunan boyishiga xizmat qilgan.
Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati:
Елибоева З. Классификация сказок на один сюжет. В статье даются сведения о жанре сказки и его типологии. Анализируются происхождение жанра сказки, его видовые аспекты. На примерах показано, что сказки являются высшим образцом народного устного творчества, имеющим не только художественное, но и социально-философское, воспитательное значение, что сказки на один сюжет имеют в своей основе мифологические корни, нравственные ценности, общественные отношения, что сказки на один сюжет встречаются в литературах разных народов.
Eliboyeva Z. Classification of fairy tales based on one motif. This article provides information about the fairy tale genre and its typology. The origin of the fairy tale genre, its specific aspects are analyzed. It is shown with examples that fairy tales are the highest example of folk oral creativity, which has not only artistic, but also socio-philosophical, educational significance, that fairy tales based on one motif are based on mythological roots, moral values, social relations, and that fairy tales based on one motif are found in the literature of different peoples.
[3] https://umorashka.ru/morozko-skazka-1956g (03.11.2025)
[6] https://2books.su/reader/books/cinderella-adapted/ (03.11.2025)
[7] Yang, Su Jin. "Adapting Korean Cinderella Folklore as Fairy Tales for Children." Thesis, University of Louisiana at Lafayette, 2014. http://pqdtopen.proquest.com/#viewpdf?dispub=3622966. (03.11.2025)