Zamon kategoriyasi - fe’l ifodalaydigan harakatning nutq payti (momenti)ga munosabatini ifodalaydi. Nazariy jihatdan bu kategoriya nutq so‘zlanayotgan paytda, undan oldin hamda undan keyin sodir bo‘ladigan ish-harakatni ifodalaydi. Ko‘pgina tillarda zamon grammatik kategoriyasi ana shu uch xususiy ma’nodan tashkil topgan. Zamon turlarini belgilashda so‘zlanayotgan nutq vaqti asosiy tayanch nuqta bo‘lib xizmat qiladi. Shunga ko‘ra zamonlar uch xil bo‘ladi, ya’ni o‘tgan, hozirgi va kelasi zamon. Z. Xudaybergenovaning qayd etishicha, o‘tgan zamon shakllari nutq oniga bevosita bog’liq hozirgi zamon shakllaridan farqli o‘laroq, davomlilik, natija, miqdoriy xususiyat, tugallanganlik, odatiylik kabi ma’nolarni ifodalaydi. Mazkur ma’nolar aspektuallikning funksional-semantik asosini shakllantiradi. Shuning uchun o‘tgan zamon shakllarini temporal va funksional-semantik mazmunini o‘rganish masalasi o‘z dolzarbligini yo‘qotmaydi [Xudaybergenova, 1999: 3 - 4].
O‘zbek tilidagi o‘tgan zamon shakli bir nechta ko‘rinishga ega. Jumladan, -di, -gan (edi), -ibdi, -ar (edi) shakllari shular jumlasidandir. G’. Mirsanovning qayd etishicha, o‘zbek tilida o‘tgan zamonga qaratilgan vaqt nutq vaziyatidan qay darajada oldin yoki yaqin sodir etilganligi ham inobatga olinib, u tilda o‘z ifodasini topadi. Jumladan, -di o‘tgan zamon qo‘shimchasi hodisani nutq vaziyatiga yaqin vaqt oralig’ida sodir etilganligini anglatsa, -ar edi nisbatan uzoq vaqt oldin amalga oshgan voqea-hodisani tasvirlaydi [Mirsanov, 2019: 229 - 230].
O‘zbek tilidagi o‘tgan zamon shakllaridan biri -di shakli tilshunoslar tomonidan turlicha nomlangan. Jumladan, I. Fayzullayeva va b. ishida quyidagilar bayon etilgan: “yaqin o‘tgan zamon shakli nutq so‘zlanib turgan paytdan oldin, so‘zlovchining ko‘z o‘ngida yoki bevosita ishtirokida sodir bo‘lgan harakatni ifodalaydi. U -di affiksini fe’llarga qo‘shish va tuslash orqali hosil bo‘ladi: o‘qi+di+m, o‘qi+di+ng, o‘qi+di” [Fayzullayeva va b., 2022: 60].
Tilshunos Sh. Rahmatullayevning fikricha, -di shakli harakatning nutq paytidan avval aniq amalga oshganini ifodalaydi, shunga ko‘ra u “aniq yaqin o‘tgan zamon” shakli deyiladi: gapir + di + m kabi. O‘tgan zamonning -di affiksi bilan yasaladigan sintetik shakli edi affiksoidi bilan ishlatilmaydi [Rahmatullayev, 2006: 186].
O‘tgan zamonning xuddi shunday shakli Z.Xudaybergenova ishida maxsus nomlanmagan. Tadqiqotda -di o‘zbek tilidagi eng faol qo‘llanuvchi O‘Z turi ekanligi qayd etilgan. Mazkur affiksning birinchi vazifasi harakat-holatni aniq, real aks ettirishdir. Bu fe’l shaklining sintagmatik belgilari quyidagilardan iborat: konteksga ko‘ra so‘zlanayotgan paytdan ilgari yuz bergan, ya’ni nutq oniga chegaradosh bo‘lmagan ish-harakatni ifodalaydi: Bundan besh-olti oy muqaddam, bahorda dadasi uni kechqurun ishxonasiga chaqirdi (O. Yoqubov).
Mazkur shakl o‘tgan zamonda amalga oshirilgan, lekin natijasi nutq paytida ham mavjud bo‘lgan harakatni ifodalash imkonini beradi, ya’ni u harakatning holatga o‘tish jarayonini va hozirgi zamonga oid natijani aks ettiradi: Bechora kichkintoylarim: oyojinim qachon keladilar deyaverib, samonday sarg’ayib, adoyi tamom bo‘lishdi (O. Yoqubov).
Turmoq, yurmoq, yotmoq, o‘tirmoq, qolmoq fe’llarining -di qo‘shimchali shakli qo‘shma fe’l tarkibida ko‘makchi fe’l vazifasida kelsa, o‘tmishda bajarilgan ishning davomli ekanini, harakatni bajarish tugallanmaganini bildiradi: O‘zini chapdast o‘roqchi hisoblagan Yormat Yo‘lchining ishidan kamchilik topib, o‘z mahoratini ko‘rsatish umidida, bir muddat qarab turdi (Oybek).
Ushbu shakl orqali harakatning takroriyligi ko‘p marta, necha marta kabi birikmalar yordamida ham reallashadi: Roziya bir necha marta ko‘cha soatlariga qarab-qarab qo‘ydi (P. Qodirov) (qarang: [Xudaybergenova, 1999: 10 - 11]). Olima tomonidan berilgan misollar tahlili shuni ko‘rsatadiki, -di - fe’l semantikasi va kontekst ta’sirida nutq momentidan oldin aniq bajarilgan, o‘tmishda sodir bo‘lib, natijasi nutq oniga tegishli bo‘lgan (hozirgi zamonga oid holat) ish-harakatni, ko‘makchi fe’l tarkibida kelib davomli, tugallanmagan, turli leksik vositalar ta’sirida takroriy harakat ma’nolarini voqelantirgan.
Sh. Shoabdurahmonov, M. Asqarovalar ishida ham o‘zbek tilidagi o‘tgan zamon shakllari tadqiq etilib, bu haqida quyidagilar qayd etilgan: -di shakli odatda so‘zlovchi ko‘rgan, bo‘lgan harakatning nutq momentigacha bajarilganini aniq, qat’iy tarzda ifodalaydi. Bunday harakat so‘zlovchi va tinglovchining bevosita ko‘z oldida bajarilishi ham, yoki harakat bajarilgan yoki bajarilmaganligini so‘zlovchi o‘zgadan eshitib bilgan bo‘lishi ham mumkin. Umuman, -di affiksi bilan yasalgan forma ifodalagan harakat uzoq o‘tmishga emas, yaqin o‘tmishga oid bo‘ladi. Shu xususiyatiga ko‘ra -di harakatni so‘zlovchining o‘zi kuzatgan harakat sifatida ifodalashda keng qo‘llanadi: Gulsum opa Barnoni bir ko‘ray deb buxgalteriyaga kirdi. Barno yo‘q ekan, bir oz kutdi, kelavermagach, o‘tirishga sabri chidamay, idoradan chiqdi (O. Yoqubov) (qarang: [Shoabdurahmonov, Asqarova, 1980: 353 - 355]). Mualliflar ishida -di, asosan, so‘zlovchining ko‘z o‘ngida amalga oshgan yoki so‘zlovchi bu haqida o‘zgadan eshitgan, yaqin o‘tmishda sodir bo‘lgan voqea-hodisani ifoda etuvchi shakl sifatida baholangan.
A. Tursunov va boshqalarning tadqiqotda -di tugallangan kontekstda ba’zan harakatning paytini ko‘rsatuvchi so‘zlar bilan ham kelishi aytilgan: Besh yil urushda xalqni, askarni kolxoz g’allasi boqdi... urush pallasida har odam - xoh, erkak, xoh ayol - ishga tishtirnog’i bilan yopishdi (Oybek). Ammo, ushbu fikrga qo‘shilish qiyin, chunki mazkur misoldagi besh yil urushda temporal birligi harakatning muayyan vaqt ichida davom etib turganligini, ya’ni davomiylikni ifoda etgan.
-di shakli o‘tmishda reallashmagan, nutq paytida so‘zlovchining tushunchasida bo‘lgan harakatni, ya’ni kelasi zamon ma’nosini ifodalaydi. Bu ko‘pincha voqea-hodisalarni bir-biriga o‘xshatish, fikrni ifodali qilishda uchraydi: Yuring, bu yerdan ketdik (Mirmuhsin). Reallashmagan, faqat istalgan harakatni: Qor yog’di - don yog’di. Reallashmagan hodisani aks etadi: Sizni ko‘rdim, go‘yo otamni ko‘rdim (A. Qahhor) (qarang: [Tursunov va b., 1992: 334]). Berilgan misollar tahlilidan oydinlashdiki, A. Tursunov va b. ishida keltirilgan misollarda -di davomiy, reallashmagan istak, hodisa ma’nolarini tasvirlagan.
A. A. Koklyanova -di shakli borasida quyidagilarni bayon qilgan, ya’ni -di o‘zbek tilining barcha lahjalarida qo‘llanadi va uning iste’moli adabiy tilning uslubiy chegaralari hamda ma’lum bir janr talablari bilan chegaralanmaydi. Mazkur forma umumturkiy xususiyatga ega bo‘lib, qadimgi va zamonaviy barcha turkiy tillarda uchraydi. -di affiksi o‘tgan zamon harakatining eng umumiy va universal ifodachisi hisoblanadi. Uning asosiy vazifasi - harakatning nutq paytiga kelib allaqachon sodir bo‘lganini bildirishdir. Ya’ni, harakat nutq payti uchun o‘tmishga tegishli bo‘lib, o‘tmishning o‘z vaqt tekisligida joylashadi. Agarda, -yapti shakli harakatning nutq vaqtida sodir bo‘layotganini, -adi shakli esa (kelasi zamon ma’nosida) harakatning nutq paytidan keyin sodir bo‘lishini ifodalasa, -di harakatning nutq paytigacha bo‘lgan davrda yuz berganligini ko‘rsatadi. Bu shakl orqali o‘z aksini topgan harakat o‘tmishda yoki yaqindagina sodir bo‘lganligi yoki harakatning tugallanganligi, tugallanmaganligi muhim emas. Masalan: - Qani oltin baliq? – Daryoga qo‘yib yubordim, - depti baliqchi yigit (Sa’dulla. O‘zbek ertaklari); Guvohi bo‘lganimizdek, mazkur misolda nutq momentiga qadar (baliqchi yigit baliqni suhbat boshlanishidan oldin qo‘yib yuborgan) amalga oshgan harakat berilib, u -di (-ti) affiksi yordamida shakllangan.
-di nutq vaqtidagi harakatni ham aks etadi. Taqqoslang: Tolib (gilamni ko‘tarib kiradi). Xadicha xola, mana, keltirdim (Y. Parpi). Ko‘rib chiqilgan misolda harakat va nutq bir vaqtda sodir bo‘lmoqda. Mazkur holatning hozirgi zamondan farqi shundaki, hozirgi zamondagi harakat protsessi hali davom etayotgan bo‘ladi, ammo misoldagi harakat protsessi nutq momentida tugallanmoqda.
-di takroriy harakatni ham voqelantiradi: Shundan so‘ng Solijon ko‘p janglarda bo‘ldi (A. Muxtor); Bir necha oy mobaynida qiz o‘zi xohlabmi, yo Sidiqjon “asti qo‘ymagani” uchunmi, boqqa yana bir necha marta tushib chiqdi (A. Qahhor) Misollar tarkibidagi ko‘p, bir necha marta leksik vositalari ta’sirida takroriy (iterativ) harakat ma’nosi o‘z aksini topgan. Shuni alohida qayd etish lozimki, berilgan misollardagi takroriylik aspektual ma’nosi -di affiksi emas, balki leksik konkretizatorlar ta’sirida yuzaga kelgan. Aytish mumkinki, ushbu shaklning ma’nosiga xos xususiyatlardan yana biri, uning muallif nutqida qo‘llanishining o‘ziga xos holatlari bilan belgilanishidir. Mazkur shakl ketma-ket sodir bo‘ladigan, bir-birini almashtiradigan harakatlarni ifodalash uchun ham qo‘llanadi. Bunda, harakatlarning ichki jarayonliligi (dinamikasi) ifodalanmaydi, biroq harakatlarning almashinuvi hikoya dinamikasini yaratadi: Sidiqjon o‘rnidan turib uy eshigi tomon yo‘nalgan edi, ayvonda ko‘z og’riq bolasini emizib o‘tirgan xotini to‘xtatdi: - To‘xtang, ajrim qilib keting! – dedi; Sidiqjon yalt etib xotiniga qaradi. Xotini rangi o‘chgan, o‘rnidan turib bolani belanchakka soldi va qattiq-qattiq tebrata boshladi (A. Qahhor). Shuningdek, olima -di shakli harakatning protsessual xususiyatini ifodalamasligini, harakatlar ketma-ket sanalganda, ularning barchasi go‘yo bir xil xarakterdagi hodisa sifatida namoyon bo‘lishini qayd etgan (qarang: [Koklyanova, 1963: 74 - 79]).
Demak, -di affiksi o‘zbek tilidagi o‘tgan zamonning eng universal va neytral shakli bo‘lib, barcha lahjalarda hamda uslublarda va turli janrlarda qo‘llanadi. Mazkur shakl harakatning davomiyligi, tugallanganligi yoki yaqin-uzoqligini aniqlamaydi, balki uning o‘tmishda bo‘lganini ko‘rsatadi. -di bilan yasalgan fe’llarda - takroriy harakat ham aks etgan bo‘lsa-da, ammo takroriylik ma’nosi affiksdan emas, leksik vositalardan kelib chiqadi. Muallif nutqida esa ushbu shakl ketma-ket harakatlarni sanab o‘tish orqali hikoya dinamikasini yaratadi, shuningdek, bu shakl protsessuallikni emas, voqeaning o‘tmishda sodir bo‘lganini bildiradi.
Berilgan barcha fikrlarni tahlil qilgan holda, quyida ushbu shakl ishtirokidagi o‘zimiz to‘plagan misollar tahliliga o‘tamiz. Misollar tahlili aspektual vaziyat (AV)lar doirasida amalga oshiriladi. Aspektual vaziyat - jumla tarkibidagi grammatik, leksik, kontekst shuningdek, ekstralingvistik vositalar ta’sirida ifodalanib, u harakatning boshlanishi, oqimi, davom etishi, takroriyligi, natijaviyligi va ularning kombinatsiyalari orqali yuzaga keladigan ma’nolarni ham qamrab oladi.
Dastlabki ko‘rib chiqiladigan misollarda takroriy ish-harakat ma’nosi berilgan: (1) Qarag’ayzor oqshomlari sokin ham osoyishta bo‘ladi [E. Seton-Tompson, 3]. - Misolda har oqshom sodir bo‘luvchi, odatiy xarakterga ega bo‘lgan iterativ (takroriylik) holat yoki hodisa aks etgan.
(2) Robi opam biznikiga ham borib turadi [Hoshimov, 36]. - Misoldagi takroriylik ma’nosi borib turadi - analitik shakli orqali voqelangan, chunki turmoq ko‘makchi fe’l sifatida nafaqat harakatning davomiyligi, balki takroriyligini ham aks etadi [Hojiyev, 1966: 51].
Keyingi misollar (3), (4)da protsessual aspektual vaziyat berilgan: (3) Paxmoq tulkilar endigina hayot zavqini totayotgan jonivorlarga xos beg’amlik bilan ochilib-sochilib o‘ynaydi, ona degan qudratli panohlari bor, ana, ularga ko‘z-quloq bo‘lib turibdi, demak, olam bexatar, bemalol yayrab-yashnab o‘ynayversa bo‘ladi [E. Seton-Tompson, 3]. - Misoldagi protsessuallikni harakatning boshlanish va tugallanish nuqtasi mavjud emasligi bilan izohlash mumkin.
(4) U [tulki] qorong’i o‘rmon oralab ko‘zdan g’oyib bo‘ldi, ammo tumanda guvillagan kema ovoziga o‘xshash dag’al, baland ovozi o‘rmon aro jaranglab turdi [E. Seton-Tompson, 123]. - Misoldagi protessuallik - jaranglab turdi analitik shakli orqali o‘z ifodasini topgan, turmoq ko‘makchi fe’l vazifasida kelganda, yetakchi fe’l ifodalagan harakatning ma’lum konkret vaqt ichida davom etishini bildiradi.
Navbatdagi misollar (5), (6)da ish-harakatning boshlanishi, ya’ni inxoativlik aks etgan, misollarni kuzatamiz: (5) Tulkilar ko‘ngilxushlik uchun sho‘xlik qiladi. Biron-bir bahonai sabab topildi deguncha beboshlikni boshlab yuboradi [E. Seton-Tompson, 3]. - Misoldagi inxoativlik - boshlab yuboradi shakli orqali ifodalangan. Boshlamoq fe’li o‘zining leksik semantikasida aynan shunday (harakatning boshlanish bosqichi) ma’nosini mujassam etsa, yubormoq - yangi holatga o‘tishni bildiradi.
(6) Domino bilan Malla bir-biri bilan talashib-tortishib Oqsiynani quvib ketdi [E. Seton-Tompson, 22]. - Mazkur misoldagi inxoativlikni bildiruvchi asosiy vosita ketmoq sanaladi. Ushbu fe’l ko‘makchi vazifasida qo‘llanganda yetakchi fe’ldagi harakat-holatning boshlanganligi va shu xilda davom etishi ma’nosini bildiradi [Hojiyev, 1966: 150 - 151].
(7) Ammo tulkilar onasi bu xavfni o‘z vaqtida payqab, darhol yangi in qazidi, tong vaqti bolalarini yangi inga ko‘chirib boshladi [E. Seton-Tompson, 8]. - Bu misolda biz terminativ + inxoativ aspektual vaziyat kombinatsiyasini kuzatamiz. Jumladagi terminativlik qazimoq fe’li yordamida voqelangan (in qazish harakati tugallangan) bo‘lsa, inxoativlik boshlamoq fe’li orqali o‘z ifodasini topgan.
di tugallangan (terminativ) AVni ham ifoda etadi. Shunday ma’no navbatdagi misollarda berilgan: (8) “Qora ammam” ovqatga olov yoqishini poylab pastak eshikdan lip etib tashqariga chiqdim [Hoshimov, 35]. - Misolda tez va birdaniga bo‘lib o‘tgan, tugallanish nuqtasiga ega bo‘lgan (tashqariga chiqdim) harakat o‘z ifodasini topgan.
(9) Hovliga tushishimiz bilan ko‘cha eshikdan yo‘l-yo‘l kuylak kiygan, soch qo‘ygan yigit kirib keldi [Hoshimov, 42]. - Bu yerda ikki vaziyat o‘zaro ketma-ketlikda (hovliga tushishimiz bilan…. kirib keldi) sodir bo‘lib, ikkala vaziyatda ham tugallanganlik mavjud. Jumlada ikki momental-yakunli voqea ifodalanib, aspektual jihatdan ketma-ket natijaviylikni tashkil etgan.
Misollar tahliliga ko‘ra, o‘zbek tilidagi -di shakli kontekstda turli aspektual ma’nolarni ifodalashi kuzatildi, ya’ni (1), (2) misollarda iterativ, (3), (4)da protsessual, (5), (6)da inxoativ, (7)da terminativ + inxoativ, (8), (9)da terminativ harakatni aks etgan. Bundan oydinlashadiki, tahlil qilingan misollarda -di Z. Xudaybergenova, A. Koklyanovalar tomonidan qayd etilganidek, takroriy, davomiy, tugallanmagan harakatni tasvirlaydi.
-di shakli bo‘yicha qisqa xulosamiz shundan iboratki, u temporal jihatdan o‘tmishda sodir bo‘lgan, biroq ta’siri hozirgi paytda ham seziladigan harakatni ifodalaydi. Ushbu shakl ko‘pincha harakatning nisbatan yaqinda yuz berganini bildiradi, ammo har doim ham aniq vaqt ko‘rsatkichiga ega bo‘lavermaydi.
Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati:
3. Muminova A. O. Hozirgi zamon nemis va o‘zbek tillarida yurish-harakat fe’llarining aspektual semantikasi. Filol. fan. nomz. diss. – Samarqand, 2021. – 151 b.
4. Hoshimov O‘. Ikki eshik orasi. - Toshkent. 2017. - 752 b.
5. Коклянова А. А. Категория времени в современном узбекском языке. – М.: Изд-во АНССР, 1963. – 118 с.
6. Mирсанов Г.К. Аспектуаллик ва темпораллик мазмуни ифодасининг когнитив-прагматик асослари. Филол. фан. докт. дисс. Тошкент — 2019. 256 б.
Раҳматуллаев Ш. Ҳозирги адабий ўзбек тили. – Т.: 2006. – 450 б.
7. Турсунов У., Мухторов А. ва б. Ҳозирги ўзбек адабий тили. – Т.: 1992. – 400 б.
8. Шоабдураҳмонов Е. ва б. Ҳозирги ўзбек адабий тили. – Т.: Ўқитувчи, 1980. – 446 б.
9. Ҳожиев А. Ўзбек тилида кўмакчи феъллар. – Т.: 1966. – 220 б.
10. Худайбергенова З. Н. Ўзбек ва турк тилларида феълнинг ўтган замон шакллари тизими. Филол. фан. номз. дисс… автореф. Т. 1999. 27 б.
Муминова А. О. Темпорально-аспектуальная семантика формы “-ди”. В статье анализируются семантические и аспектуальные особенности формы прошедшего времени -ди в узбекском языке. Согласно исследованию, аффикс -ди указывает на действие, совершившееся к моменту речи, и широко используется для выражения недавнего прошедшего, результативности и последовательности событий. Под влиянием контекста и лексических конкретизаторов форма может передавать итеративные, процессуальные, инхоативные, терминативные и комбинированные аспектуальные ситуации. Статья системно раскрывает функционально-семантический потенциал формы -ди в узбекском языке.
Muminova A. O. Temporal-Aspectual Semantics of the “-di” Form. The article analyzes the semantic and aspectual features of the -di past tense form in Uzbek. The -di suffix indicates an action completed by the moment of speech and is widely used to express recent past, resultativity, and sequential events. Depending on context and lexical concretizers, it can convey iterative, processual, inchoative, terminative, and combined aspectual situations. The study systematically highlights the functional-semantic potential of the -di form in Uzbek.