Inson tamaddunining barcha bosqichlarida his-tuyg‘ular uning ajralmas qismi bo‘lib kelganligi shubhasizdir. Ch.Darvin, A.Potebnya singari olimlar hatto inson tilining paydo bo‘lishi masalasini ham biologik omillardan biri hisoblanuvchi his-tuyg‘ularga bog‘liqligini ta’kidlashadi. Albatta, tilning paydo bo‘lishi faqatgina biologik omilga asoslanmasa ham, mazkur g‘oya emotsiyaning ilmiy jihatdan o‘rganilishiga to‘sqinlik qila olmadi. Emotivlikning tabiatini anglash, uni tahlil qilish turli fanlar doirasida mutaxassislarda zo‘r qiziqish uyg‘otdi va dolzarb ilmiy tadqiqot mavzularidan biriga aylandi. Jumladan, emotsiyalar biologiyada E.Gelgorn, J.Lufborrou [Гельгорн; Луфборроу 1966], fiziologiyada G.Uolter, P.Ekman [Уолтер 1966; Экман 2010], psixologiyada K.Y.Izard, Y.V.Sherbatix [Изард 2006; Шербатых 2004], kibernetikada D.Vuldrij[Вулдридж 1965] kabi olimlar tomonidan keng tadqiq etildi.
Ammo tilshunoslikda inson tilining hissiy jihatlarining o‘rganilishi muammosi birmuncha oqsar edi. Boshqacha aytganda, bu mavzu tilshunoslar orasida katta qiziqish uyg‘otmadi. Emotivlikning o‘rganilishining tilga daxldor tomonlari faqatgina badiiy asar tilining tahlilida aks etardi, xolos. U ham biror metodga asoslangan tarzda ishlanmagan edi [Колубков 1998:110-123].
Yuqoridagilardan tashqari, E.Sepirning emotivlik lingvistikaning o‘rganish obyekti bo‘la olmasligi, chunki emotsiya so‘z semantikasi bilan bog‘liq emasligi, u ko‘proq sof psixologiyaga taalluqli ekanligi haqidagi g‘oyasi tilshunoslarda o‘z ta’sirini ko‘rsatdi [Сепир 1993:210].
Tilshunoslik ilmi ham emotsiyalrni to‘laqonli ravishda tadqiq etishga haqli ekanligi xususidagi mulohazalarini o‘rtaga qo‘ygan Y.M.Osipov lingvistikada yangicha ilmiy qarashlardan birini izohlab berdi. Olimning fikricha, til ilmida hissiyotlarning o‘rganilishi ikki muhim omilga bog‘liq bo‘lib, ulardan biri ekstralingvistik, ikkinchisi esa fiziologik xarakterlidir. Masalan, mimika, jestika, daktil alifbosi kabilar hissiyot mexanizmlarining ishlashi bilan aloqador bo‘lib, ekstralingvistik omillar sirasiga mansub. Fiziologik jihatdan hissiy-kommunikativ jarayonida inson miyasining neyrologik faoliyati tekshiriladi [Осипов 1970:117-127].
Mazkur fikrga to‘liq qo‘shilsa bo‘ladi. Zotan, inson muloqot asnosida ekstralingvistik vositalarning qaysi biridan foydalanishidan qat’i nazar uning miyasining faoliyati, aslida, fiziologik jihatdan beqiyosdir. Chunki miya inson faoliyatining barcha jabhalarini boshqarib turuvchi muhim a’zodir. Ammo Y.M.Osipov til ilmida hissiyotlarning o‘rganilishi ikki muhim omilga bog‘liqligini ta’kidlab o‘tgan bo‘lsa-da, verbal muloqotda hissiyotlarning ifodalanishi haqida fikr bildirmaydi. Shu bois, bizningcha, til ilmida hissiyotlarning o‘rganilishi uch muhim omilga tayanishini alohida ta’kidlab o‘tish zarur. Zero, inson kommunikativ jarayonda verbal hamda noverbal aloqa vositalaridan foydalanishi mumkinligi izoh talab qilmaydi. Bu o‘rinda, o‘z navbatida, miya fiziologiyasi bosh vazifani ado etadi. Bundan tashqari, 1987-yilda Berlinda bo‘lib o‘tgan tilshunoslarning IV Xalqaro kongressida F.Danesh lingvistikada emotsionallikning tadqiq etilishi o‘rni xususida ma’ruza o‘qidi [Danesh 1987].
Bunda emotsiya lingvistikaning ham o‘rganish obyekti bo‘la olishi to‘g‘risida ishonchli nazariy ma’lumotlar keltirildi. Mazkur ma’ruza tilshunoslarning ilmiy tadqiqotlari uchun keng imkoniyatlar yaratdi va yangi yo‘llarni ochib berdi.
Shunday qilib, hozirgi tilshunoslikda emotsional xususiyatlarning tilda aks etishini o‘rganuvchi soha – emotiologiya vujudga keldi. Ushbu tushuncha rus tilshunosi V.I.Shaxovskiy tomonidan iste’molga kiritildi [Шаховский 1988].
Emotiologiya psixologiya va lingvistikaning uyg‘unlashuvi asosida shakllandi. Boshqacha aytganda, u psixolingvistikaning o‘ziga xos obyekti bo‘lib, «his-tuyg‘ular tilshunosligi» deb nom olgan maqomni egalladi.
Bugungi kunda his-tuyg‘ularning lingvistika sohasi bilan bog‘lab o‘rganilishiga bag‘ishlangan talaygina tadqiqotlar amalga oshirildi. Bular jumlasiga A.Vejbitskaya («Язык. Культура. Познание». – Москва, 1996), L.A.Piotrovskaya («Эмоциогенность текста: психологический и лингвистический аспекты». – Волгоград, 2023), Y.Y.Myagkova («Язык, сознание, коммуникация». – Москва, 2010), O.Y.Filimonova («Категория эмотивности в контексте современной когнитивной лингвистики», – Санкт-Петербург, 2012), D.A.Romanov («Состав и особенности репрезентации модификаций эмоциональных модальностей (на материале русского языка)». – Курск, 2012), L.G.Babenko («Лексические средства обозначения эмоций в русском языке». – Екатеринбург, 1989), D.U.Ashurova («Стилистика в парадигме когнитивно-дискурсивной теории языка». – Ташкент, 2025) larning ishlarini kiritishimiz mumkin.
Tilshunoslikda emotsionallik keng tadqiq etilar ekan, u lingvistik nuqtayi nazardan inson his-tuyg‘ularini o‘rganishning bir qator jihatlarini qamrab oladi:
1) hissiy holatlar munosabatlarini ifodalovchi til va nutq vositalari;
2) emotsiya ifodalanishining verbal va noverbal holati;
3) emotivlik, modallik va pragmatika;
4) lingvomadaniyatshunoslikda emotsiya;
5) so‘z ma’nosining emotsional tarkibi;
6) his-tuyg‘u orqali muloqot;
7) tilning emotsional vazifasi;
8) emotivlik sintaksisi;
9) his-tuyg‘ular metaforizatsiyasi;
10) nominativ xarakterli emotivlarning leksikografik tuzilishi kabi.
Ammo emotsiyani tahlil etishning tilshunoslikka aloqador bo‘lgan tomonlari yuqorida sanab o‘tilganlar bilan chegaralanib qoladi demoqchi emasmiz, albatta. Zero, insoniyat taraqqiyoti bilan uning tilining ham o‘ziga xos xususiyatlari rivojlanib borar ekan, his-tuyg‘ular hamda til muammosi kun tartibida doim dolzarblik kasb etaveradi va mazkur obyektning tekshirish qirralari ham tobora tarmoq otaveradi (masalan, biz emotsiyani kauzativ situatsiyaga bog‘lab o‘rganishni maqsad qilib qo‘yganmiz).
Shuni ham aytish zarurki, emotiologiya anchayin yutuqlarga erishgan bo‘lsa-da, tarjimashunoslik va stilistikada mazkur tushuncha izohiga tegishlicha e’tibor qaratilgan emas. Bizningcha, mavjud holatning yuzaga kelishining sababi, emotsiyani o‘rganishning lingvistikadagi o‘rni bilan psixologiya nazariyalarining chalkashtirilib yuborilayotganida bo‘lsa kerak. Psixologiyada emotsiyalar evolyutsion, rudimentar, psixoanalitik, qo‘shfaktorli, biologik nazariyalar asosida tekshirilsa, lingvistikada kommunikativ, kognitiv, semantik, diskursiv, kauzativ tomondan tadqiq etiladi.
His-tuyg‘ularni lingvistik jihatdan tahlil etishda o‘ziga xos me’yorlarga amal qilish kerakligini e’tiborga olib, D.A.Romanov uning konsepsiyasini ishlab chiqdi. Mazkur yondashuv til ilmida emotsiyalarni o‘rganishning o‘rnini, qonuniyati asoslarini belgilab berdi [Романов 2004].
Filologiya sohasida emotsional leksikaning tahlili badiiy matnda taqdim etilgan lingvistik shakl va mazmun orqali amalga oshiriladi. Zero, uni o‘rganish matnning asosiy mazmuniy sinchini shakllantiruvchi, g‘oyasini ifodalovchi inson omili psixologiyasini tushunishga yordam beradi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, Y.D.Apresyan, V.N.Gridin, V.A.Maslova, A.M.Shaxnarovich kabi olimlar emotivlikni antropotsentrik lingvistikaning o‘rganish obyekti sifatida ta’riflashadi[Апресян 2013:43-57; Гридин 2002:591-592; Маслова 2009:27-34; Шахнарович 1991:99-114].
Ayrim filologlar emotitivlikni ekspressivlikning ajralmas qismi sifatida tahlil etishadi. Jumladan, Y.M.Galkina-Fedoruk nutqning ekspressivligi kuchli ifodaviylikni taqozo etishini, emotsiyalar har doim ekspressiv bo‘lishini, lekin ekspressivlik har doim emotsional bo‘lmasligini ta’kidlaydi[Галкина-Федорук 1958:124].
Bizningcha, ekspressivlik bo‘lgan joyda albatta emotsionallik passiv darajada bo‘lsa-da, kuzatiladi. Zero, ekspressivlik his-tuyg‘ni, fikrni so‘zlashuv tilida yoki imo-ishoralar, mimika kabi aloqa vositalari yordamida ifodalash usulidir. Shunday ekan, emotsionallik va ekspressivlikni bir-birini to‘ldiruvchi psixologik kategoriyalar deb atash mumkin. Emotsionallik va ekspressivlik turli funksional vazifalarni bajaradi. Hissiy elementlar subyektiv munosabatni ifodalash va boshqalarning his-tuyg‘ulariga ta’sir qilish uchun, ekspressiv elementlar esa ekspressivlikni oshirish uchun ishlatiladi. Masalan, ekspressivlik til yordamida hodisaga nisbatan hissiy munosabatni ifodalaydi: «qayg‘udan qoraydi» yoki «g‘azabdan qizardi» kabi. Bunda, albatta, ifodaning ekspessivligini oshiruvchi vositalarning ahamiyati kattadir. Mazkur o‘rinda hissiy potentsialga ega bo‘lgan metafora, paremiya, ishoralar muhimdir.
Ekspressivlik yorqinligi, intensivligi va o‘ziga xosligi bilan ajralib turadi. Bu haqda fikr yuritgan A.Abdullayev emotivlik ekspressivlik bilan birga o‘rganilishini to‘g‘ri ta’kidlaydi [Абдуллаев 1987:6].
Hissiyotlarni o‘rganish ildizlari tilshunoslikda uzoq vaqtdan beri davom etgan bahslarga borib taqaladi. Tilshunoslarning ko‘pchiligi o‘rtasida tilshunoslik hissiy komponentlarni o‘rganishi kerakmi yoki yo‘qmi degan savol mavjud edi. Olimlarning bu savolga javoblari turlicha bo‘ldi. Ulardan ba’zilari tilda dominant funksiyani bilish funksiyasi deb hisoblashgan va shuning uchun ham emotsional komponentni o‘rganishni tilga oid tadqiqotlardan chiqarib tashlashgan. Boshqa guruh olimlar his-tuyg‘ularni ifodalashni tilning markaziy vazifasi deb hisoblashgan. M.Brealning nutq tasvirlash, bayon qilish va xolis fikr yuritish uchun emas, balki istak bildirish, ko‘rsatmalar berish uchun yaratilgan va bularning barchasini hissiyotlarni o‘rganmasdan amalga oshirib bo‘lmaydi, degan g‘oyasining to‘g‘riligini inkor etib bo‘lmaydi [Breal 1897].
Hozirda tilshunoslarning ko‘pchiligi so‘zda emotsional va ratsional komponentlarning mavjudligini tan olishadi va nutq uslubi so‘zlovchining hissiy tanlovi (masalan, kundalik nutqda, adabiy muloqotda) bilan belgilanadi, degan fikrga qo‘shilishadi.
Hissiyotni qanday o‘rganish kerak degan savol o‘z davrida taniqli tilshunos Sh.Ballini ham qiziqtirgan. Jumladan, bu so‘z va iboralardan kelib chiqadimi yoki ularni talaffuz etgan kishidanmi? Tuyg‘u tilning o‘zida yoki so‘zlovchi ongida mavjudmi? Tuyg‘u nutq sharoitiga, vaziyatga bog‘liqmi? kabi jumboqlar ko‘ndalang turardi. Sh.Balli hissiy komponentlar bu darajalarning barchasida mavjud degan xulosaga keldi. Uning belgi qanchalik hissiyotli bo‘lsa, shunchalik lingvistik ahamiyatga ega emasligi, qanchalik lingvistik bo‘lsa, shunchalik ko‘p emotsionallikni yo‘qotishi haqidagi fikri hozirgi his-tuyg‘ular tilshunosligi uchun o‘rganilishi muhim obyekt bo‘lib qoldi[Kerbrat-Orecchioni 1977:18]. Sh.Ballining bu fikri asosida zamonaviy tadqiqotlarda bahs va munozaralar olib borilmoqda. Muloqotning emotsional turida, emotsional nutqiy jarayonlarda emotsional belgilar lingvistik bo‘lib, eng yuqori ma’nolarni tashuvchi vosita hisoblanadi. Bunga emotsionallikni kuchaytiruvchi qo‘shimchalar, sifatlar, undovlarni kiritamiz.
Shuni aytish kerakki, agar Sh.Balli lingvistik belgining diskursiv va individual qo‘llanilishini nazarda tutgan bo‘lsa, biz unga qo‘shilishimiz mumkin. Biroq, uning lingvistik belgilarning emotsionallikka qarama-qarshiligi zamonaviy psixolingvistika nuqtayi nazaridan noto‘g‘ri ko‘rinadi. Psixolingvistik jihatdan, barcha so‘zlarning semantikasi har doim hissiy tomonlama qaror topadi, aniqrog‘i, tabiatan shunday bo‘ladi.
Emotsionallikni tizimli tadqiq etish tilshunoslik uchun muammoli masalalardan biriga aylandi. Zero, tuyg‘u insonning turli xil hayotiy vaziyatlardan qoniqishi yoki noroziligi tufayli yuzaga keladigan psixologik holatdir. Ammo ko‘p qirrali his-tuyg‘ular til orqali ifodalanadi, insonning turli emotsional holatlari ham til orqali namoyon bo‘ladi. Hissiyot tilda fonetik, leksik va grammatik jihatdan yuzaga chiqadi. Biroq tilshunoslikda emotsionallik masalasi asosan leksik-semantik, ya’ni emotsional-ekspressiv leksik birliklar qurshovida va stilistik darajada o‘rganilmoqda. Boshqacha aytganda, u alohida tadqiqot obyektiga aylangani yo‘q. Bizningcha, emotivlikning til orqali ifodalanishini ilmiy tadqiqot obyekti sifatida talqin etish tilshunoslik uchun muhimdir.
A.R.Apresyan: «Emosional komponent ko‘pincha baholovchi komponent bilan birga namoyon bo‘ladi, chunki baholash hissiy ma’noning mazmunidir», − deb yozadi [Апресян 1992:24]. Baholashning konnotatsion element sifatida boshqa komponentlar bilan munosabatini aniqlash borasida turli fikrlar mavjud. Tashqi olam inson miyasida sezgi, idrok, his qilish, tasavvur qilish orqali aks etadi. Inson o‘z muhitidagi turli hodisalarning yaxshiligidan quvonadi, yomonlikdan jirkanadi, g‘azablanadi. Bularning barchasi qayg‘u, quvonch, sog‘inch kabi turli xil insoniy his-tuyg‘ulardir.
Inson atrofdagi turli harakat va vaziyatlardan qanoatlansa, ijobiy his-tuyg‘u, norozi bo‘lsa, salbiy hissiyot paydo bo‘ladi. Baho esa o‘sha ijobiy yoki salbiy his-tuyg‘ular asosida lingvistik vositalar orqali ifodalanadi. Ijobiy his-tuyg‘udan ijobiy baho, salbiy his-tuyg‘udan salbiy baho shakllanadi. Hissiy baholovchi so‘zlarga shaxsning kayfiyatini, axloqiy tuyg‘ularini voqelantiruvchi tushunchalar kiradi. Masalan, go‘zal, chaqqon, jasur kabi sifatlar ijobiy ma’noda, qo‘rqoq, dangasa, shafqatsiz kabi sifatlar salbiy ma’noda qo‘llanadi.
Sh.I.Nurgojina so‘zlashuv nutqida baholovchi so‘zlar ichida fe’llarning tez-tez qo‘llanilishini, ularning nafaqat harakatni bildirishini, balki bu harakatlarning tabiati va xususiyatlarini ham ko‘rsatishini, shu orqali so‘zlovchining biror muammo, yoki vaziyatga nisbatan ichki ruhiy holatini yetkazishini o‘rinli ta’kidlaydi [Нургожина 1989].
Tuyg‘ularning til belgilari orqali ifodalanishini o‘rganish murakkab masaladir. Buning sababi, bir his-tuyg‘u turli yo‘llar bilan uzatilishi, bir nechta his-tuyg‘uni bir tovush, bir so‘z, bir ishora bilan ifodalash mumkinligidadir. Masalan, «O!» iztirob, hayrat, shodlik, zavq ma’nolarini ifodalay oladi. Albatta, ularning ma’nolari kontekstda yoki vaziyatda aniqlashiladi. Chunki ko‘p ma’nolilikning semantik tabiati bevosita intonatsiya bilan ham bog‘liq bo‘ladi.
Shunday qilib mazkur masalalar tavsifi tadqiqotchilarni his-tuyg‘uni ifodalovchi leksikani nafaqat nazariy, balki amaliy jihatdan qo‘llanishini tahlil etishga ham undaydi. Amaliy vaziyatda adresat hamda adresant o‘rtasida emotsional holat va emotsional munosabat jarayonining kechishi kuzatiladi. Bu jarayon kauzativ situatsiyada ham amalga oshishi mumkin:
1. Taxtiga takya qilg‘an Xudoyor ikki ko‘zi to‘g‘risig‘a ikki jallodni qo‘yib, yonidag‘i domla shog‘ovul, Tursun otaliq va g‘ayri bir necha a’yonlar bilan suhbatlashar edi.
–Pushti panoho! - dedi hudaychi, - xiyonatkor o‘z ixtiyori bilan kelib, domi adolatingizga taslim bo‘lmoqchi!
–Xiyanatkaring‘ kim?
–Mirzo Anvar! Xon seskanib ketdi, hamnishinlar ham along‘-jalong‘ bo‘ldilar. –Keltir!
Hudaychi qulliq qilib, orqasig‘a qaytdi. Dahlizdagi Anvar birinchi xonadagi a’yonni hayratka solib, ikkinchi tanobiyning bo‘sag‘asida, jallodlar o‘rtasida to‘xtadi va xong‘a ta’zim ado qildi. Raqibni bu qadar jasoratda ko‘rgan Xudoyorning kiprak ostlari uchib, soqol tuklari siyakindi va bir oz so‘z topolmag‘andek tamshanib turdi.
–Sen bizga xiyanat qilding‘, it uvli!
Anvar bosh irg‘atdi.
–Iqrorman.
–Tuzimni unutding‘!
–Tonmayman.
–Iqrorsen, tonmaysen, o‘bdan ish! - dedi zaharxanda qilib xon, - o‘luvdan ham qaytmaysen!
–Men sizdan marhamat so‘rab kelgan emasman, - dedi iljayib Anvar. –O‘zimni o‘limga berib, bir gunohsizni qutqazish uchun kelganman.
Hamnishinlar lablarini tishlashdilar. Xudoyor istehzolik kuldi.
–Pusulmonchiliq qig‘ansan-da?
–Albatta, - dedi Anvar, – boshqalar kishi gunohi uchun gunohsizni tutib pusulmonchiliqdan chiqqach, men pusulmonliq bilan o‘lishni o‘bdan bildim.
Bu javob Xudoyorni qip-qizil tuska qo‘yib, manglayida terlar ko‘rindi, g‘azab o‘ti alanga oldi.
–Sening qig‘an ishing pusulmonchiliqda bormi, it uvli?
–Musulmonchiliqda yuzlab xotin ustiga, bir kambag‘al uylanmakchi bo‘lg‘an qizg‘a ham zo‘rliq qilish bormi, qiblai olam.
–Chiqar buni, jallod! Jallodlar harakatlandilar.
–Xanjarimiz qonsirag‘an!
Anvar bosh chayqab kuldi.
–Gunohsizni menim ko‘z o‘ngimda banddan ozod qilinmas ekan, Anvarni bu yerdan chiqara olmaslar, qiblai olam, - dedi va o‘zini tashqarig‘a torta boshlag‘an jallodlarni arslonlarcha siltab yubordi, – sizda adolat bormi, janob?! (A.Qodiriy. Mehrobdan chayon)
Keltirilgan matnda emotiv kauzatsiyaning affekt holatida voqelanishini kuzatamiz. Mavjud jarayonda kauzantning affekti kauzatorning haqorati va adolatsizligi natijasida paydo boʻlmoqda. Mazkur vaziyatda, kauzativ situatsiyaning keyingi bosqichida, o‘z navbatida, kauzant ham kauzator maqomiga ko‘tarilmoqda. Zero, adolatsizlik hissi kauzantning kauzatorga nisbatan ta’sir etishiga olib kelmoqda. Natijada faktivlik kauzatsiyasi o‘laroq, kauzator kauzantning talabini bajarishga rozi bo‘lmoqda. Bunda, albatta, leksik vositalarning, sintaktik yo‘lning, modal so‘zlarning, intonatsiyaning ahamiyati ham katta.
Har qanday shaxs tafakkur, tasavvur va xotira orqali atrofdagi voqelik bilan tanishadi va uni idrok etadi. Sodir bo‘layotgan voqealarga munosabat bildiradi, ma‘lum kishilarga, hodisalarga nisbatan emotiv holatda bo‘ladi. Bunday subyektiv munosabat shaxs ongida evristik shaklda namoyon bo‘ladi. Insonning ichki dunyosida sodir bo‘layotgan mazkur jarayon «psixoemotsional holat» deb yuritiladi. Psixoemotsional holat esa «psixofiziologik faktor» deb ataluvchi tushuncha tasarrufida shakllanadi va, o‘z navbatida, kishini ayrim amallarni bajarishga undaydi, uning xatti-harakatlarini tartibga soladi yoki, aksincha, xaosni keltirib chiqaradi. Umuman, inson hissiyotining yuzaga chiqishi quyidagi emotiv komponentlarga bog‘liq bo‘ladi: his-tuyg‘u, affekt, kayfiyat, stress [Turniyazova 2024:31].
Ta’kidlash kerakki, tahlil etilayotgan matnda emotiv jihatdan tuyg‘u, stress, kayfiyat kabi psixologik holatlar ham muhim rol o‘ynamoqda. Kognitivlik jihatdan esa nutqning ta’sirchanligini, psixik holatni, adolatlilik va adolatsizlik kabi kategorizatsiyalashuvni kuzatamiz. Adresat va adresant o‘rtasidagi muloqotda adolat tushunchasi kontsept darajasiga ko‘tarilmoqda. Zotan, butun kauzativ situatsiya pragmatikasi aynan ana shu tushuncha asosida shakllanmoqda. Ushbu vaziyatda kognitsiyaning skript, ssenariy, freym kabi unsurlari ham mavjudki, ular kauzantning muayyan stereotipik vaziyatda qanday harakat qilishi kerakligda, operativ axborotni taqdim etish usulida va stereotipik vaziyatni ifodalash uchun kerak bo‘ladigan bilimlar strukturasida ko‘zga tashlanadi.
Emotiv kauzatsiyani ingliz tili materialidan olingan misolda ham ko‘rishimiz mumkin:
2. Miss Havisham to Pip:
− Break their hearts, my pride and hope, break their hearts and have no mercy!
Pip (internal monologue):
− I think she meant it for my instruction, and as a warning to me not to trust anybody, or to give anybody any favour, but to break hearts and be proud and cold (Ch.Dickens. Great Expectations).
(Miss Hevishem Pipga:
− Ularning qalblarini sindiring, mening g‘ururim va umidim, qalblarini sindiring va shafqat qilmang!
Pip (ichki monolog):
− Menimcha, u shu yo‘l orqali menga saboq bermoqchi va ogohlantirmoqchi edi: hech kimga ishonmasligim, hech kimga yordam ko‘rsatmasligim, aksincha, qalblarni sindiruvchi, mag‘rur va sovuqqon bo‘lishim kerakligini uqtirmoqchi edi (Сh.Dikkens. Katta umidlar) Tarjima − bizniki).
Mazkur misolda emotiv jihatdan kauzator kauzantda muhabbatga nisbatan nafrat tuyg‘usini uyg‘otmoqda va uni har qanday sevgining baxtsiz ekanligiga ishontirmoqda. Ushbu kauzativ situatsiyada kauzatsiyaning imperativ shakli mavjud bo‘lib, u to‘g‘ridan-to‘g‘ri bosim beruvchi harakatni kuchaytiradi va kognitiv dissonansni (dissonans – lotincha dissonantia – “uyg‘nlik va muvofiqlikning yo‘qligi”) keltirib chiqaradi. Bunda psixologik diskomfort holati kuzatiladi. Boshqacha aytganda, halol yashayotgan inson nopok ishga qo‘l uradi. Natijada mavjud holat ichki ziddiyatning hosil bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Konsekvent (kauzaderivatsiya natijasi) hosilasi o‘laroq kauzant ijobiy tushunchani (bahoni) salbiy oqibat sifatida qabul qila boshlaydi. Ana shu murakkab tushunchalar umumlashgan tarzda emotsional kauzatsiya voqelana boradi.
Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati:
Monografiyalar
1. Абдуллаев А. Ўзбек тилида экспрессивлик ифодалашнинг синтактик усули. – Тошкент: Фан, 1987. – Б. 6.
2. Вулдридж Д. Механизм мозга (Пер. с англ. Ю.И.Лашкевича). − М.: Мир, 1965. – 344 с.
3. Гельгорн Э., Луфборроу Дж. Эмоции и эмоциональные расстройства// Нейрофизиологические исследование (Пер. с англ. О.С.Виноградовой). − М.: Мир, 1966. – 704 с.
4. Изард К.Э. Психология эмоций // Мастера психологии. − СПб.: Питер, 2006. – 464 с.
5. Kerbrat-orecchioni C. La connotation. – Lyon, 1977. – P. 18.
6. Сепир Э. Избранные труды по языкознанию и культурологии. – М.: Прогресс, 1993. – C. 210.
7. Turniyazova R.B. Semantik kauzatsiya // Kauzatologiya asoslari. – Samarqand: SamDCHTI, 2014. – B. 31.
8. Уолтер Г. Живой мозг (Пер. с англ. А.М.Гурвича). − М.: Мир, 1966. – 300 с.
9. Шербатых Ю. Психология успеха. − М.: Эксмо, 2004. – 384 с.
10. Экман П. Я знаю, что ты чувствуеш // Психология эмоций. − СПб.: Питер, 2010. – 336 с.
Ilmiy jurnal, to‘plam va anjuman materilallaridan maqolalar
11. Апресян В.Ю. Семантика эмоциональных каузативов: статус каузативного компонента // В кн.: Компьютерная лингвистика и интеллектуальные технологии: по материалам Международной конференции «Диалог 2013». Вып. 12(19). − М.: РГГУ, 2013. – С. 43-57.
12. Апресян А.Р. Экспрессия в художественном тексте // Извести АН. Серия литературы и языка. 1992. №1. – С. 24.
13. Галкина-Федорук Е.М. Об экспрессивности и эмоциональности в языке // Сборник статей по языкознанию. – М.: Наука, 1958. – C. 124.
14. Danes F. Cognition and Emotion in Discourse Interaction. – Berlin, 1987. – C. 278-291.
15. Клобуков П.Е. Эмоции, сознание, культура (особенности отражения эмоций) // Язык, сознание, коммуникация: сб. ст. – М.: Филология, 1998. Вып. 4. – C. 110-123.
16. Маслова В.А. К построению психолингвистической модели коннотации // Вопросы языкознания. №1, 2009. – С. 27-39.
17. Осипов Ю.М. Об уточнении понятия «эмоциональность» как лингвистического термина // Проблемы синтаксиса английского языка: ученые записки Моск. гос. пед. ин-та. – М., 1970, № 422. – C. 116-127.
18. Шахнарович А.М. Экспериментальное исследование реализации эмотивности в речевой деятельности // Человеческий фактор в языке: языковые механизмы экспрессивности. − М.: Наука, 1991. – С. 99-114.
Lug‘at
19. Гридин В.Н. Экспрессивность // Лингвистический энциклопедический словарь. − М.: БРЭ, 2002. – С. 591-592.
Dissertatsiya va avtoreferatlar
20. Нургожина Ш.И. Эмоционально-экспрессивная лексика казахского разговорного языка // Дисс. канд. …филол. наук. – Алма-Ата, 1989. – 145 с.
21. Романов Д.А. Языковая репрезентация эмоций: уровни, функционирование и системы исследований //Aвтореф. дисс. док. филол. наук. − Белгород: БелГУ, 2004. – 48 с.
22. Шаховский В.И. Категоризация эмоций в лексико-семантической системе (на материале английского языка) // Автореф. дисс. докт. филол. наук. – М.: Ин-т языкознания АН СССР, 1988. – 32 с.
Турниязова Р. Эмотивность как объект исследования лингвистики. Статья исследует эмотивность как объект лингвистики, уделяя внимание эмотивной каузации. В ходе анализа выяснилось, что при случайном или намеренном воздействии каузатора на каузанта изменяется психическое состояние референта. Эмотивная каузация базируется на трех ключевых факторах: причине, следствии и психическом состоянии. Доказано, что эмоциональные каузативные элементы проявляются как в вербальной, так и в невербальной форме, выражая существующие понятия.
Turniyazova R. Emotivity as an Object of Linguistic Research. This article examines emotion as a topic in linguistics, focusing on its origins. Research shows that when one person (the actor) unintentionally or purposefully impacts another (the target), the target’s emotional state shifts. Emotional cause is influenced by three primary factors: the reason behind the action, its outcome, and the target’s psychological state. These emotions manifest both verbally and nonverbally, embodying existing concepts.