ERIX MARIYA REMARK ASARLARIDA INSON RUHIYATI TASVIRI

Jahon adabiyotshunosligida urush va uning yo‘qotishlari tasvirlangan mavzudagi asarlar aksariyat hollarda “Harbiy adabiyot” degan atama bilan yuritiladi. Nemis tilida chop etilgan adabiyotshunoslik terminlari lug‘atida bu atama “Harbiy adabiyot- asosiy voqealari va mazui urush bo‘lgan adabiy asarlardir”, deya ta’rif beriladi. Rus adabiyotshunosi O.Poxalenkov “Harbiy adabiyot” termini na xorijiy, na rus manbalarida aniq-tiniq ta’riflanma-ganligini ta’kidlaydi. Tatqiqotchining yozishicha, “Adabiyotshunslik tarminlari lug‘ati”da [4] atama faqat ikkinchi jahon urushiga bog‘liq holda ta’riflangan.

  Urush mavzusidagi asar qahramonlari G‘arb adabiyotida “Yo‘qotilgan avlod” deb atalgan. XX asr g‘arb adabiyotida “Yo‘qotilgan avlod” mavzusini eng ko‘p va ta’sirli yoritgan nemis yozuvchisi Erix Mariya Remarkdir. Yozuvchi maktabni bitirish arafasida urushga ketgan va ellik kun jang maydonida bo‘lib qaytgan. Remarkni dunyoga mashhur qilgan ilk “G‘arbiy frontda o‘zgarish yo‘q” romani dastlab, “Esizgina yoshligim” sarlavhasi bilan tarjima qilinib, chop ettiriladi.

Erix Mariya Remark, aslida Erix Pol Remark, 1898-yil 22-iyunda Osnabryukda kitobchining farzandi sifatida tug‘ilgan. U 1922-yil noyabr oyida “Mariya” ismini qo'llashni boshladi. Boshlang‘ich maktabni tugatgandan so‘ng, u katolik o‘qituvchilarini tayyorlash kollejiga o‘qishga kirdi. 1916-yilda harbiy xizmatga chaqirilib, 1917-yil iyun oyida gʻarbiy frontga joʻnab ketgan, u yerda  yaralangan. U Duysburgdagi gospitalga yotqizilgan va urush oxirigacha shu yerda qolgan. O‘zining eng mashhur asari “G‘arbda hech qanday yangilik yo‘q”ning bosh qahramonlaridan farqli o‘laroq, Remark askar sifatida ko‘ngilli bo‘lmagan.

  Urushdan keyin Remark qisqa vaqt davomida boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi bo‘lib ishladi, keyinchalik u o‘zini turli kasblarda sinab ko‘rdi, masalan.  Buxgalter, muxbir, kotib, jurnalist va qabr tosh agenti. Va nihoyat, u Gannoverdagi  “Echo-Continental” va Berlindagi “Sport fototasvirda” gazetalarining muharriri bo‘lgan. Gannoverda uning qisqaroq nasriy matnlari gazetalarda chop etilgan.

1928-yilda “Fossishe saytung” deya nomlangan nemis gazetasining nusxalar soni keskin tarzda ko‘tarila boshlaydi. Buning sababi o‘sha gazeta sahifalarida hali mashhur bo‘lib ulgurmagan yozuvchi – Remarkning “G‘arbiy frontda o‘zgarish yo‘q” romani chop etila boshlangan edi. Nemis xalqi o‘zlari kabi o‘spirinlarga o‘q uzishga majbur bo‘lgan “Yo‘qotilgan avlod fojiasi real tasvirlangan ushbu asarni berilib mutolaa qiladilar. Asarda urush va urush orti voqealari ro‘y-rost tasvirlangan. Millionlab kishilar, ayniqsa, hali hayotga to‘ymagan yosh yigitlar bekordan-bekorga qurbon bo‘lib, o‘lib, mayib-majruh bo‘lib ketyapti-yu, gazeta sahifalarida esa hamon “G‘arbiy frontda o‘zgarish yo‘q” qabiligidagi xabarlar qayd etilmoqda. “Yozuvchi asarda shunday masalalarni o‘rtaga tashlaydi: Millionlab kishilar qon kechib, qon to‘kishsayu, nahotki hech qanaqa o‘zgarish bo‘lmasa?”.

Remark urush mavzusidagi “G‘arbiy frontda o‘zgarish yo‘q” nomli ilk romanining epigrafida mazkur asari bilan bog‘liq asl badiiy –g‘oyaviy xususiyatni ifodalab shunday yozgan: “Bu kitob aybnoma ham, avfnoma ham emas. Bu shunchaki urush dastidan juvonmarg bo‘lgan avlod haqidagi, garchi zambarak o‘qidan omon qolsa-da, shu urushning qurboniga aylangani to‘g‘risidagi ko‘ngil izhoridir”[5,5].

“Yo‘qotilgan avlod” vakillari termin sifatida birinchi  jahon urushidan keyin paydo bo‘ldi. Ba’zi manbalarda bu termini ilk bor amerikalik yozuvchi E.Heminguyning asarida qo‘llanganligi aytiladi. Yozuvchining “Quyosh baribir chiqaveradi” romani qahramonlari hayotda turli narsalardan yupanch, izlaydi. Mazkur romanga Gertruda Stayning “Sizlarning barchangiz yo‘qotilgan avlodsiz” degan jumlalarini epigraf sifatida tanlaydi va shundan so‘ng bu atama adabiy termin sifatida qo‘llanila boshlaydi.

Urush mavzusidagi tadqiqot olib borgan professor U.O‘ljaboyev qayd etishicha, “Urush manzaralari tasviri, bu davrda yashagan kishilarning ruhiy olamni, hissiyotini badiiy tadqiq etishda bevosita urush davrida yashab ijod qilgan adiblarnikidan Jahon urushi boshlanishiga ijod olamiga endigina qadam qo‘ya boshlagan yoxud bolaligi urush davrida to‘g‘ri kelgan adiblar tayanadigan estetik tamoyillar tamomila farq qiladi” [8,10]. Bundan farqlar, avvalo, estetik tamoyillar dushmanni o‘ta ojiz ko‘rsatib, mahalliy jangchilar ustunligini, nuqul g‘alabaga erishaverish, kompartyaning gegemonligiga haddan osha urg‘u berish kabi talqinlarda ko‘rinadi. Iste’dodli yozuvchilar yaratmalarida esa, eng avvalo, urush olovining markazida, oldingi saflarda jon olib jon bergan oddiy askarlar ruhiyatini, beqiyos qahramonliklarini ko‘rsatish yetakchilik qiladi.

Fojealarga to‘la XX asr keltirib chiqargan qashshoqlik hamda og‘ir sinovlar qurshovida odam qanday bo‘lmog‘i kerak, degan o‘y-fikr, gumanistik g‘oya Remarkning o‘ziga xos axloqiy jozibaga ega bo‘lgan qahramonlariga mujassamlashganki, ayni mana shu tufayli ular millionlab kitobxonlarning ongi va shuurini band etib keladi.

Mohir tarjimon Nizom Komil Remarkning “Uch o‘rtoq”, “G‘arbiy frontda o‘zgarish yo‘q” nomli romanlarini rus tilidan o‘girib, avval “Jahon adabiyoti” jurnalida, keyin alohida kitob holida nashr ettirdi. “G‘arbiy frontda o‘zgarish yo‘q” asari  “Yangi asr avlodi” nashriyotida “Esizgina yoshligim” nomi bilan chiqdi. Ushbu tarjimalarni o‘qirkansiz, go‘yo Remark ularni o‘zbek tilida yozganmi deb o‘ylab qolasiz. Chunki Nizom Komil bu ishga ilgaridan tayyorgarlik ko‘rgani, Remark hayoti va ijodini chuqur o‘rgangani sezilib turadi.

Remark ijodida, xususan “Uch o‘rtoq” romaniga xos jihatlari haqida gapirganda ijodkorning individualligini namoyon etuvchi tasvirlar mavjud. Erix Mariya Remark o‘zining urush ruhidagi asarlari bilan mashhurlikka erishgan. Uning “Uch og‘ayni” asarida ham urushning jamiyat, odamlar turmush tarzidagi siyosiy-iqtisodiy, ruhiy va ijtimoiy ta’siri mahorat bilan aks ettirilgan.

Roman 1938-yili Shveytsariyada yozilgan bo‘lib, unda chin muhabbat va haqiqiy do‘stlik tasvirlangan. Birinchi jahon urushidan keyingi jamiyat, odamlardagi yoqimsiz kayfiyat, ishsiz qolish qo‘rquvi va alamzadalik aks etgan. Chunki mamlakatda ishsizlik avj olib ketgandi. Ishsizlik esa tiriklikdan mahrum bo‘lishdek gap.

Robert, Kester, Gotfrid – qalin do‘stlar. Bu do‘stlar uzilmas rishtalar bilan bog‘langan. Urushga birga qatnashib, urush orqali hayot nima ekanini yaxshi anglab olgan qahramonlar urushdan so‘ng ham ayrilishmaydi. Bejirimgina ustaxona ochishib, u yerda mashinalarni tuzatish, olib-sotish orqali tirikchilik qilishadi.

Kundan kunga ishsizlik, iqtisodiy inqiroz, qashshoqlik kuchayib borayotgan sharoitda ular shunchaki tirik ekanliklaridan mamnun va hissiz holatda yashayveradi. Urush ularni shunday hissiz va hayotga beparvo, ichkilikka o‘ch qilib qo‘ygandi. Kunlardan bir kun ular Patritsa Holmanni uchratishadi, Robert esa uni sevib qoladi.

Asar ham aynan shu Robert Lokamp tilidan hikoya qilinadi. Patritsa bilan birga Robertning hayotiga yangi hislar, yangi hodisalar kirib kelgandek bo‘ladi. Muhabbatga limmo-lim yuraklar uchun har daqiqa mazmunli o‘ta boshlaydi. Ikki yosh bir qancha ishqiy sarguzashtlarni boshdan kechirishadi. Ammo tez kunda Patritsa Holmanning o‘pkasi jiddiy kasal ekanligini bilib Robert qattiq xafa bo‘ladi.

Qizning bu kasalligiga ham la’nati urush sababchi edi. Yoshligida uzoq vaqt ochlik sababli Pat shunday dardga yo‘liqqandi. Uch og‘ayni birlashib qizni davolatishga, umrini uzaytirishga harakat qilishadi. Birdek tirishadi. Ammo baribir kasallik o‘z ishini qildi. Qiz dunyodan ko‘z yumadi. Ammo uning go‘zal muhabbati, chiroyli va o‘chmas xotirasi Robertning yuragida qoldi.

«Licht. Unertägliches, grelles Licht. Menschen. Der Arzt. Ich öffnete langsam meine Hand. Pats Hand fiel herunter. Blut. Ein verzerrtes, ersticktes Gesicht. Quallvolle, starre Augen. Braunes, seidiges Haar» [6,443].

Tarjimasi: “Nur. Ko‘zni qamashtiruvchi nur. Odamlar. Do‘xtir. Asta barmoqlarini ajrataman. Qo‘li to‘p etib ko‘rpaga tushadi. Qon. Nafas qisilishidan o‘zgarib ketgan chehra. Og‘riq to‘ng‘ib qolgan ko‘zlari. Ipakdek mayin, qo‘ng‘ir sochlar” [7,333].

Ushbu parchada sevgan qizi vafot etgan lahzalarda ruhiyati, butun borlig‘i karaxt holatiga tushgan, esankirab qolgan Robertnning ko‘z oldida kechayotgan, butun bir sahifasiga joy bo‘lg‘ulik voqea-hodisalar, dahshatli manzara bayon etilganki, o'sha vaziyatni, qahramonning ahvolini, beshafqat o‘lim izlarini, atrofdagi tahlikali harakatlarni kitobxon aniq ko'z oldiga keltira oladi. 

Tarjimon Nizom Komil ayni dahshatli holatni to‘g‘ri his etgan va o‘zbek tilida to‘g‘ri tiklay olgan. O‘zbek o‘quvchisi ham ana shu ixcham jumlalarga joy bo‘lgan kechinma va manzaralarni aniq tasavvur qila oladi.

Bu orada uch do‘stning biri, eng quvnoq va hazilkash, biroz quv, ammo beg‘ubor Gotfrid ham bir guruh bezorilar tomonidan otib o‘ldirildi. Gotfridning o‘limidan mutaasir bo‘lgan ikki do‘st qotillarning izidan tushadi va o‘ch oladi. Bu o‘ch orqali hovurlari sal bosilgandek bo‘ladi.

Adib asardagi Xosselar oilasi orqali ham jamiyatning og‘riqli nuqtalarini yaqqolroq ochib berishga urinadi. Janob Xosse o‘ta mehnatkash, doimo ishsiz qolishdan qo‘rqib qattiq tirishadigan xodim, vafodor va mehribon er. Ammo uning xotiniga nimadir yetishmaydi. U erining boy emasligidan, hashamatli yashamasligidan noliyveradi. Er-xotin orasidan deyarli har vaqt olamushuk o‘tib turardi. Albatta, bunga davrning, zamonning, ijtimoiy holatning iqtisodiy tangligi katta sabab bo‘lardi.

Oxiri Xosse xonim erini tashlab ketdi. Boy, puldor erkak ketidan ergashdi. Bunga chidolmagan er o‘zini osadi. Ammo bu vaqtda janob Xossening ishxonada amali oshgan, shu bilan birga, maoshi ham ko‘tarilgan, Xosse xonim istagan kunlar kelgandi. U ishsiz qolsam kunimizga yaraydi, deb ancha-muncha pul ham jamg‘argandi. O‘zgalar qo‘lida qo‘g‘irchoq bo‘lish joniga tekkan, eri bilan o‘tkazgan muhabbatli damlarini qo‘msagan ayol erining vafotidan tushkunlikka tushadi. Boy-badavlat yashash ham vaqti kelsa, insonga baxt berolmasligini, haqiqiy muhabbat o‘rnini bosolmasligini tushunib yetadi. Ammo endi kechligidan o‘kinadi.

Bu kabi qahramonlarning  ichki  dunyosi,  ruhiy  holati,  o‘zlikni anglash jarayoni va hayotiy ma’no izlashdagi iztiroblari  psixologik  tahlil  orqali ochib  beriladi.  Qahramonlarning  urushdan  keyin  jamiyatdan  yakkalanib  qolishi, ma’naviy bo‘shliqqa tushib qolishi hamda ekzistensial inqiroz holatlari – ularning “yo‘qotilgan avlod” vakillari sifatidagi qiyofasini shakllantiradi. Darhaqiqat, asardagi tasvirlardan ma’lumki, urush, notinchlik zamonlarda ham muhabbat, do‘stlik, mehr, sadoqat, fidokorlik singari ulug‘ tuyg‘ular hech qachon o‘zgarmaydi, siyqasi chiqmaydi. Harq qanday zamon va makonda ham inson qalbi bu singari oliyjanob tuyg‘ularga hamisha ehtiyoj sezadi. Ularsiz insonning insonligi qolmaydi.

Remark  o‘z  asarlarida  urush avlodi  vakillarini  zamonaviy  jamiyat tomonidan  unutilgan,  o‘z  qadriyatlaridan  ajralgan,  urush  va  befarqlik  qurboni bo‘lgan shaxslar sifatida tasvirlaydi. Bu orqali muallif nafaqat individual fojialarni yoritadi,   balki   butun   jamiyat   va   insoniyatga   urushning   qanday   fojiali   iz qoldirganini ko‘rsatadi. Shuningdek, Remark badiiyati zamonaviy o‘quvchilarni urush va zo‘ravonlikning befoydaligi haqida chuqur o‘ylashga undaydi, insoniyatni tinchlik va ma’naviyatga qaytishga chaqiradi. U yaratgan qahramonlar insoniylik,  do‘stlik  va  vijdon  kabi  abadiy  qadriyatlarni  hatto  eng ayanchli sharoitlarda  ham  saqlab  qolishga  intiladi. Bu  esa  yozuvchining  umumbashariy gumanistik   pozitsiyasini   belgilaydi. 

 

 

 

Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati:

 

  1. Бахтин М. Вопросы литературы и эстетики. – М.: Художественная литература, 1975. –  412 c.
  2. Sachwörterbuch der Literatur. – Stuttgart : Kröner, 1989. – XI. Р.467.
  3. Похаленков О. Мотивные комплексы и повествовательные стратегии романов «потерянного поколения» в контексте военной прозы ХХ века // дисс...докт.филол.наук. – Смоленск, 2019. – 198 b.
  4. Словарь литературоведческих терминов / под ред. С.П. Белокуровой. – СПб.: Паритет, 2006.
  5. Ремарк Э.М. Эсизгина, ёшлигим. Роман. – Т., 2004. ­– 256 b.
  6. E.M.Remargues. Drei Kameraden, Verlag fur F.L. Voskau, 1960. –  S.443.
  7. E.M.Remark. Uch og‘ayni, T.: Ma’naviyat, 2002­. – 333 b. (ruschadan Nizom Komil tarjimasi).
  8. Ўлжабоев У. Бадиий тасвирнинг ҳаққонийлиги. Guliston: “Зиё” нашриёти, 2008. –  248 b.

 

Рахимов H. Образ человеческой психики в творчестве Эриха Марии Ремарка. В статье рассматривается поэтика творчества Эриха Марии Ремарка. В произведениях писателя находит отражение образ войны и тягот, которые она причиняет человечеству. Изменения в психике человека, вызванные войной, анализируются и рассматриваются в произведении писателя «Три товарища».

 

Raximov N. The image of the human psyche in the works of Erich Maria Remarque. This article provides information about the poetics of the works of Erich Maria Remarque. The writer's works depict the image of war and the hardships it inflicts on humanity. The changes in the human psyche due to the war are analyzed and reacted to through the writer's work “Three friends”.

 

 

Xorijiy filologiya jurnali tahrir ha'yati