ERTAKLARDA SEHRLI OLMA MOTIVI (AKA-UKA GRIMM ERTAKLARI ASOSIDA)

Ertak janri insoniyat madaniyatining eng qadimiy va barqaror shakllaridan biri bo‘lib, unda mifologik tafakkur, diniy tasavvurlar va badiiy ramziylikda uyg‘unlashgan. Nemis xalq ertaklari, xususan, aka-uka Grimm tomonidan jamlangan ertaklar Yevropa folklorshunosligida alohida mavqiyega ega. Grimm ertaklarining badiiy qiymati ularning soddaligi bilan emas, balki predmet va obrazlarning chuqur ramziy mazmuni bilan belgilanadi. Grimm ertaklarida predmetlar qahramon taqdirini belgilovchi ramzlar sifatida ishlatiladi: oyna, taroq, uzuk, o‘rmon, yo‘l va olma. Shu qatorda qizil olma motivining “Oppog‘oy” ertagida alohida ahamiyati bor. Olma motivi ertak voqealarini harakatga keltiruvchi vosita, konfliktni kuchaytiruvchi element va qahramonning transformatsiyasini ta’minlovchi markaziy ramz sifatida namoyon bo‘ladi. Maqolaning maqsadi aka-uka Grimm ertaklarida qizil olma motivini mifologik va poetik jihatdan tahlil qilish, uning ramziy-semantik qatlamlarini ochib berish va sujet hamda kompozitsiyadagi funksiyasini aniqlashdan iborat.

Qadimgi mifologiyadan o‘rin olgan yana bitta predmet oltin olma hisoblanadi. Mifologiyada oltin olmalarning nima uchun yetishtirilganligi, ularning saqlanish joyi haqida ma’lumotlar taqdim etilgan, ammo, bu olmalarning xususiyatlari haqidagi ma’lumotlarga duch kelmaymiz. Afsonalarda keltirilishicha, Heraklning o‘n ikkinchi jasorati Hesperidalar olmasi bilan bog‘liq. Heraklning bu jasorati xususida so‘z yuritilishidan oldin olmalar Yer ma’budasi Geya tomonidan yetishtirilganligi, uni Zevs va Heraning to‘yi kuni ularga sovg‘a sifatida tortiq qilgani, Hera bu sovg‘ani saqlash uchun Atlasning qizlari Hesperidalarga berganligi haqida so‘z yuritilgan. Heraklning bu jasorati eng og‘ir sinovlar bilan kechganligi, oxir-oqibat Atlasning yoniga yetib kelishi, unga hiyla ishlatib olmalarga yetishishi va keyinchalik bu olmalarni o‘z erki uchun Evrisfeyga taqdim etishiga guvoh bo‘lamiz. Oltin olmalar sabab Herakl o‘z ozodligiga erishadi. To‘g‘ri, afsonada Evrisfey olmalarni Heraklga qaytarib beradi. Herakl esa o‘z navbatida homiysi bo‘lmish Afina – Palladaga taqdim etadi. Afina bu olmalarni bog‘larda mangu qolishini istab Hesperidalarga qaytarib beradi. Shu tariqa olmalar yana o‘z makonidan joy oladi..

Darhaqiqat, olma motivi qadimiy mifologiyada keng tarqalgan. Diniy manbalardan Bibliyada Odam Ato va Momo Havo tomonidan taqiqlangan mevani tatib ko‘rish insoniyat tarixidagi ilk gunoh sifatida talqin qilinadi. Garchi Muqaddas Kitobda mevaning turi aniq ko‘rsatilmagan bo‘lsa-da, Yevropa madaniyatida u olma bilan identifikatsiya qilinadi. Shu sababli olma vasvasa, sinov va taqiqlangan bilim ramziga aylangan.

German va skandinav mifologiyasida olma ijobiy semantikaga ega. Idunn ma’budasining sehrli olmalarini iste’mol qilgan xudolar yoshlik va abadiylikka erishadi. Shu tariqa olma hayot va o‘lim, gunoh va najot kabi qarama-qarshi ma’nolarni mujassamlashtiradi.

K.G.Yung arxetiplar nazariyasiga ko‘ra, olma “sinov” va “taqiqlangan istak” arxetipini ifodalaydi. Grimm ertaklarida bu arxetip badiiy sujet bilan uyg‘unlashib, ramziy obraz darajasiga ko‘tariladi.

Olma ramzi shuningdek, German folklorida ijobiy va salbiy ma’nolarning birlashuvi sifatida talqin qilinadi. Bu holat Grimm ertaklarida ham aniq ko‘zga tashlanadi: qahramonning olmani iste’mol qilishi orqali vaqtinchalik o‘lim va keyingi tirilish jarayoni sujetni dinamik qiladi.

“Oppog‘oy” ertagida qizil olma sujetning rivojlanishida hal qiluvchi ahamiyatga ega. Unda olmaning tasviri quyidagicha berilgan:

“Da gab die böse Stiefmutter dem Schneewittchen einen Apfel, den sie halb vergiftet hatte. Schneewittchen nahm einen Bissen und fiel tot um” [Grimm 1812-1815:50] (O‘gay ona Oppog‘oyga yarim zaharlangan olmani berdi. Oppog‘oy bir tishlab, o‘lik holatga (chuqur uyqu) holatga tushdi).

Ushbu tasvir sujetning kulminatsion nuqtasini tashkil etadi. Olmaning dual tabiati — tashqi go‘zallik va ichki xavf — qahramonning sinovdan o‘tishini ta’kidlaydi. Qahramonning vaqtinchalik “o‘limi” va keyingi tirilishi — uning transformatsiyasi va yetuklikka o‘tish jarayoni ramzi hisoblanadi.

Shuningdek, olma ramzi antagonistning yovuz niyatini amalga oshirish vositasi sifatida sujetga faol ta’sir ko‘rsatadi. Ertakda olma bilan bog‘liq har bir voqea qahramonning ruhiy va jismoniy o‘sish jarayonini yoritadi.

V.Ya. Propp nazariyasiga ko‘ra, ertakdagi predmetlar funksional vazifani bajaradi. Qizil olma “zarar yetkazish” va “sinov” funksiyasini amalga oshirib, antagonist faoliyatini kuchaytiradi va sujetni rivojlantiradi.

M.Lüthi ta’kidlaganidek, sehrli ertaklarda predmetlarning soddaligi ramziy kuchini oshiradi. Qizil olma ham tashqi jihatdan oddiy bo‘lsa-da, qahramon taqdirini belgilovchi asosiy vositaga aylanadi. Shu bilan birga, olma qahramonning bolalikdan yetuklikka o‘tish jarayonidagi chegara belgisi sifatida talqin qilinadi.

Aka-uka Grimmning boshqa ertaklarida ham predmetlarning ramziy vazifasi mavjud: masalan, “Hansel va Gretel” ertagida qandlar va non qahramonlarni sinovdan o‘tkazadi, “Rapunzel”da soch esa bog‘lanish va xatar ramzini ifodalaydi. Shu jihatdan olma ramzi boshqa predmetlar bilan qiyosiy tahlil qilinadi va sujetga qanday ta’sir qilishi aniq ko‘rinadi.

“Oppog‘oy” ertagi qizil olmaning eng yorqin va tahilli namunasini taqdim etsa-da, aka-uka Grimmlarning to‘plami bu ramzning mifologik jihatlari va funksional moslashuvchanligini yanada kengroq ochib beradi. Tadqiqotchilarning ta'kidlashicha, Grimm ertaklaridagi ramzlar tizimli xarakterga ega bo‘lib, ular turli sujetlarda takrorlanib, yangi ma’no qatlamlarini ochadi.

Bundan tashqari: "Von dem Fischer und seiner Frau" (Baliqchi va uni xotini haqida) ertagining folklorga yaqin versiyalarida sehrli olma so‘nggi va eng xavfli istak sifatida tilab olinadi, bu esa hamma narsaning yo‘qolishiga olib keladi [Tatar 1987:133]. Bu kontekstda olma chegarasizlik, haddan oshgan istak va halokat ramziga aylanadi, bu nasroniylik an'anasidagi taqiqlangan mevaga murojaat qilinganligidan dalolat.

Shunday qilib, Grimm ertaklarida olma motivi bir qarashda qarama-qarshi ko‘rinadigan ma'nolar uyg'unligini ifodalaydi: hayot va o‘lim, mukofot va vasvasa, aqllilik va haddan oshish. Aynan shu polifonik (ko‘p ovozli) tabiat uning mifologik ramz sifatidagi kuchini tashkil etadi. V.Ya.Proppning funksional tahliliga ko‘ra, olma turli ertaklarda turli "funksiyalarni" bajarishi mumkin: zarar yetkazish vositasi ("Oppog'oy"), mukofot ("Tulki va ot"), mukofot va haddan oshgan  istak ("Von dem Fischer und seiner Frau ") [Lüthi 1947:25]. Bu xilma-xillik shuni isbotlaydiki, qizil olma faqat bitta an'anaga emas, balki xalq ongida mavjud bo‘lgan turli mifologik va axloqiy qatlamlarning uyg'unlashuviga asoslangan universal va tirik obrazdir. Uning har bir sujetda yangi talqin topishi, uning badiiy tizimda turg'un emas, balki dinamik ramz ekanligidan dalolat beradi.

Grimm ertaklaridagi qizil olma ramzi boshqa adabiyotlarda ham o‘z analoglarini topadi.

Rus adabiyotida, masalan, A.S.Pushkinning xalq ertaklariga asoslangan hikoyalarida olma ko‘pincha sinov va jazo ramzi sifatida ishlatiladi. "Сказка о мёртвой царевне и семи богатырях" da qahramonlar olma orqali muammolarga duch keladi va hikoya sujeti rivojlanadi [Pushkin 1833:105]:

 

 

Rus tilidagi varianti

O‘zbek tilidagi varianti

Вот червонное яблочко,
Тебе, душа моя, в подарок.
Кто яблочко мое отведает,
Тот в ту же минуту скончается.

 

Mana qizil olmam,
Senga, jonim, sovg‘a.

Kim mening olmamni tishlasa,
O‘sha daqiqada jon beradi.

 

 

 

Bu yerda olma Grimm ertagidagi kabi go‘zallik va xavf dualizmini, vasvasa vositasi va sujetning kulminatsion nuqtasi sifatida ishlaydi. Ingliz adabiyotida, masalan, "Snow White and the Seven Dwarfs" versiyasida (Disney) olma sujetni rivojlantiruvchi markaziy element bo‘lib, qahramonning vaqtinchalik qiyinchilikka tushishi va keyingi o‘sishini ko‘rsatadi. Bu turdagi talqin olma ramzining universal mifologik tabiatini ko‘rsatadi [Disney  1937:88].

Bu tahlillar shuni ko‘rsatadiki, qizil olma ramzi har bir xalq adabiyotida asosiy funksiyasini yo‘qotmaydi, faqat ramziy-semantik jihatdan ozroq farqlanishi mumkin. Grimm versiyasida olmaning dual tabiati — tashqi go‘zallik va ichki xavf — qahramonning sinov va yetuklik jarayonini chuqurroq ochib beradi.

Xulosa.Tadqiqot shuni ko‘rsatadiki, aka-uka Grimm ertaklarida qizil olma oddiy predmet emas, balki chuqur mifologik va ramziy mazmunga ega markaziy obrazdir. "Oppog'oy" ertagida u vasvasa, sinov, vaqtinchalik o‘lim va qayta tug'ilish g'oyalarini mujassamlashtirgan holda sujet va kompozitsiyaning asosiy tayanch nuqtasiga aylanadi. Biroq, uning ahamiyati shu bilan cheklanmaydi. Tadqiqot shuni ham ko‘rsatadiki, Grimm ertaklaridagi olma ramzi boshqa Yevropa va dunyo ertaklaridagi shunga o‘xshash simvollardan chuqurroq sujet integratsiyasiga ega. Bu esa ularning adabiyotshunoslik va mifologik tadqiqotlarda alohida o‘rni borligini tasdiqlaydi. Shu bilan birga, olma ramzi qahramonning ruhiy o‘sishi, moral sinovi va jamiyatdagi qadriyatlarni anglash jarayonini ham namoyon qiladi.

Xullas, mifologiyadagi afsona va rivoyatlar ertak yaralishi uchun xizmat qilgan asosiy substansiya hisoblanadi. Mifologida o‘rin egallagan qahramonlik tushunchalarigina emas, balki ma’lum bir detallar ham ertak zamiriga o‘tib, uni sirli-sehrli ko‘rinishda tasvirlashga xizmat qilgan.  

 

 

 

Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati:

 

  1. Grimm J., Grimm W. Kinder- und Hausmärchen. Berlin, 1812–1815, 50 – b.
  2. Zipes J. The Brothers Grimm: From Enchanted Forests to the Modern World. New York, 2002.
  3. Warner M. From the Beast to the Blonde: On Fairy Tales and Their Tellers. London, 1995.
  4. Jung C. G. The Archetypes and the Collective Unconscious. London, 1968.
  5. Tatar M. The Hard Facts of the Grimms' Fairy Tales. Princeton, 1987, 133-b.
  6. Propp V. Ya. Morfologiya skazki. Moskva, 1928, 30-b.
  7. Haase D. The Greenwood Encyclopedia of Folktales and Fairy Tales. Westport, 2007.
  8. Lüthi M. Das europäische Volksmärchen. Tübingen, 1947, 25-b.
  9. Jolles A. Einfache Formen. Halle, 1930.
  10. Ashliman D. L. Folklore and Legends of Germany. 1999.
  11. Pushkin A.S. Сказка о мёртвой царевне и семи богатырях. Moskva,1833, 105-b.
  12. Disney Studios. Snow White and the Seven Dwarfs. Hollywood, 1937, 88-b.
  13. Hahn E. Grimms’ Household Tales: History and Reception. Munich, 2010. 10-50-b.

Рустамов О. Мотив волшебного яблока в сказках  (на материале сказок братьев Гримм). В данной статье рассматривается один из мифологических образов, встречающихся в сказках братьев Якоба и Вильгельма Гримм, – символ красного яблока. Исследование в основном проводится на материале сказки «Белоснежка» (Schneewittchen), где анализируются мифологические корни, символико-семантические слои, а также функциональная роль красного яблока в сюжете и композиции. В статье приводятся оригинальные фрагменты текста Гримм на немецком языке и их перевод, а также научная база исследования подкрепляется цитатами классических теоретиков, таких как Пропп, Люти, Йоллес, Юнг. Полученные результаты способствуют более глубокому пониманию художественно-философской сущности сказок Гримм.

 

Rustamov O. The motif of the magic apple in fairy tales  (based on the brothers Grimm). This article explores one of the mythological motifs found in the fairy tales of Jacob and Wilhelm Grimm – the symbol of the red apple. The study is primarily based on the material of the tale Snow White (Schneewittchen), analyzing the mythological roots, symbolic-semantic layers, and the functional role of the red apple within the plot and composition. The article includes original excerpts from Grimm’s text in German along with their translation, and the scholarly foundation of the research is reinforced by quotations from classical theorists such as Propp, Lüthi, Jolles, and Jung. The findings contribute to a deeper understanding of the artistic and philosophical essence of Grimm’s fairy tales.

Xorijiy filologiya jurnali tahrir ha'yati