EVIDENSIALLIK VA EPISTEMIK MODALLIKNING KOGNITIV VOQELANISHI (“TASTE”-“TA’M BILMOQ” SEZGI FE’LLARI MISOLIDA)

Psixolingvistik nazariyalarga ko‘ra, bizni o‘rab turgan borliq (undagi subyekt va obyekt, voqea-hodisalar, yer, falak va hokazolar)ni biz tafakkurimiz orqali anglaymiz. Sezgilarimiz orqali qabul qilingan narsa-hodisalarni ongimizda aqlan idrok etgach,ushbu ma’lumotlarni  til orqali bayon qilamiz. Lingvistik olam tadqiqotchilari bunday klassik modellarni dunyoni tasvirlovchi universal konsepsiya sifatida aksariyat holatlarda nutq bilan bog‘laydilar. Zero, insonlar atrof-olamni his qilish hamda qabul qilingan ma’lumotlarni o‘zlarining qobiliyat va tafakkuri  yordamida qayta ishlash jarayonida o‘y-fikrlari va mulohazalarini turlicha bayon qiladilar. Mazkur jarayonda kattalar va bolalarning  fahmlash (cognition) konseptiyasining vujudga kelishi orasidagi tafovutining ahamiyatli tomoni hisoblanadi. [Jackendoff 1996, Miller and Johanson Laird 1976, Pinker 1989]. Bu konsepsiya tilshunoslikda evidensiallik hodisasi nomini olgan.

Evidensiallik bu – grammatik kategoriya bo‘lib, unda asosiy diqqat ma’lumotga qaratiladi. Evidensial tahlilda so‘zlovchi ko‘rgan yoki ayrim dalillarga asosan tahmin yoki gumon qilgan ma’lumoti tushuniladi. Ma’lumotning qay yo‘sinda yetkazilgani, ya’ni insonning uni qay darajada idrok etganiga ko‘ra ifodalanishi e’tiborga olinadi.Shuning uchun bu lisoniy hodisa sifatida baholanadi.

“Evidensiallik tushunchasi inson idrokini aks ettiruvchi til tarkibining kognitiv-lisoniy voqealanishi natijasida paydo bo‘ladigan real voqelikka aloqador hodisadir”, deydi ispaniyalik tilshunos [Cornillie 2004; 62]. Bu borada Aykenvaldning qarashlari ma’lum ma’noda farq qiladi.Muallifning ta’kidlashicha evidensiallik aslida lingvistik kategoriya bo‘lib, u gapning semantik xususiyatlari bilan aloqador bo‘ladi, chunki undagi bosh ma’no ma’lumot o‘chog‘i hisoblanadi.Bu esa, har qanday turdagi ma’lumotning, hoh u rost bo‘lsin hoh yolg‘on, qabul qilinganini bildiradi. Evidensiallikda bu kabi morfemalar ma’lumotning tag ma’nosiga qaratilgan bo‘lib,  belgilanmagan yohud bajarilmagan ish-harakatni ham yuzaga keltirib chiqarishi mumkin [Aikhenvald 2004; 3]. Avstraliyalik lingvist B.Monika evidensiallikni quyidagicha izohlaydi: “Ta’riflarning qanchalar xilma-xil bo‘lishidan qat’i nazar, evidensiallik hodisasi kognitiv asosga ega bo‘lib, so‘zlovchi tomonidan yetkazilayotgan ma’lumotning tinglovchida ishonch uyg‘otishi, so‘zlovchining epistemologik makoniga aloqador ma’lumotiga asoslanadi [Bednarek Monica 2006; 635].

Har qanday ma’lumot evidensial tahlilda bir nechta sezgilar orqali qabul qilinadi. Bular: ko‘rish, eshitish, his qilish, hid bilish va ta’m bilish sezgilaridir.

Quyida biz ana shu sezgilardan biri bo‘lgan taste (ta’m bilish harakati)ning ingliz va o‘zbek tillarida ifodalanishini qiyosiy jihatdan evidensial aspektda tahlil qilishga harakat qilamiz. Odatda, evidensiallik quyidagi kategoriyalar orqali tahlil qilinishi mumkin:

  • turli tillarda kichik sistemalar va evidensial paradigmalar; semantik farqlar yoki pragmatik xususiyatlar orqali;
  • evidensial birliklarning boshqa grammatik kategoriyalar bilan mayl, zamon va aspektda bog‘liqligi orqali;
  • sintaktik va pragmatik masalalarni hal qilishda tobe yoki ergash gapda evidensiallikning cheklovlari orqali;
  • grammatikalizatsiya darajalari hamda evidensiallikning diaxron ko‘tarilishi orqali;
  • sezgi fe’llarida evidensial markerlarni leksik manbalarga tasniflash orqali;
  • evidensial markerlarning turli kontekstlarda takroriyligi, distributsiyasi va o‘ziga xos funksiyalari orqali [Diewald 2010; 3].

Evidensiallikka bag‘ishlangan tadqiqotlardagi ma’lumotlar dalolaticha, mazkur tadqiqotlarda turlicha qarashlarni kuzatish mumkin.Masalan, ba’zi olimlar evidensiallik hamda epistemik modallik o‘rtasida bog‘liqlik bor deb hisoblashadi, ayrimlar ularni ayro tushunchalar deb ta’kidlaydilar. Evidensiallik tushunchasi ko‘pincha epistemik modallikning quyi qismi sifatida tushuniladi va bu ikki tushuncha bir-biriga o‘xshaganligi bois, ko‘pchilik tadqiqotchilarni chalg‘itadi. Chunonchi, Palmer (1986)bilan Kiefer (1994) evidensiallik hamda epistemik modallik o‘rtasidagi bog‘liqlikni quyidagicha farqlaganlar: “Evidensiallik aynan sodir bo‘lgan voqea-hodisa sifatida  haqiqatni anglatsa, epistemik modallik esa o‘sha holatdagi ishonchning qat’iylik darajasini belgilaydi”, - deya ta’riflab, ingliz tilida quyidagi misollarni keltiradilar:

I see that he is coming. (evidential) –  Men uning kelayotganini ko‘rayapman.

I know that he is coming. (epistemic) – Bilishimcha u kelayapdi. [Anna Papafragou; bet]

               Aslida epistemik modallik lingvistik modallik bo‘lib, u bilmoq, ishonmoq, iymon keltirmoq kabi harakat fe’llarining modal fe’llar orqali ifodalangan variantlari hisoblanadi. Shu bois, ular ko‘pincha turli kontekstlarda can,may, might, must, should kabi modal fe’llar ko‘rinishida uchraydi. Ta’kidlash joizki,  epistemik modallik o‘z o‘rnida ikki guruhga bo‘linadi:1) weak (kuchsiz); 2)strong (kuchli). Agar u kuchsiz bo‘lsa, unda may, can kabi modal fe’llar bilan, kuchli bo‘lsa must yoki should kabilar bilan ifodalanadi [Johnson 1979; 38].
 Masalan, Ali may taste the cake = Ali can taste the cake (I permit) –  Ali tortni yeb qo‘yishi mumkin (ruhsat beraman). 
Keltirilgan mazkur gap kuchsiz epistemik modallikka misol bo‘la oladi.
Ali should taste the cake (I suggest) – Ali tortni ta’tib ko‘rishi kerak (tavsiya qilaman).Mazkur jumlani kuchli epistemik modallikning namunasi deya ayta olamiz.
Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, must modal fe’li ham obligation(majburiyat)niham possibility (ehtimollik)ni ifodalagani bois, uni ikki xil zamonda va ikki xil sema bilan uchratishimiz mumkin bo‘ladi:
Ali must taste the cake (I insist) – Ali tortni yeb ko‘rishi shart, boshqachasi ketmaydi (Men majburlayman).
Ali must have taken the cake (I suppose) – Ali tortni ta’tib ko‘rgan bo‘lishi mumkin (deb o‘ylayman).

Biz evidensiallikni grammatik markerlar orqali ham tahlil qilishimiz mumkin.Boshqa tillardan farqli ravishda ingliz tilida evidensial marker degan tushuncha mavjud bo‘lib, ular tilda biz qabul qilgan ma’lumotning bir bo‘lagi sifatida xizmat qiladi. Markerlar, odatda, zamon (-ed, -ing, -es)ni suffikslar(s/es/d/ed)ni, qisqartmalar (can’t, ain’t)ni ifodalab keladi [Faller 2001, F de Haan 2001, Mayer 1990]. So‘zlovchi ingliz tilida ma’lumotning manbasini shifrlab yoki detallab yetkazishi shart emas, garchi ularda leksik va sintaktik semalar mavjud bo‘lsa ham. Masalan, ular gapning boshida aytmoqchi bo‘lgan ma’lumotini visual (ko‘rish) yoki direct (to‘g‘ridan-to‘g‘ri) bo‘lgan sezgilar orqali ko‘rsatib o‘tadilar.

  1. I saw Ali taste the cake.
  2. I heard Ali tasted the cake.
  3. Ali apparently, tasted the cake.

Yuqoridagi gaplarda to‘ldiruvchi vazifasida kelgan ergash gaplarning barchasi bir xil ma’noni ifodalaydi, ammo bosh gapdagi fe’llar ma’lumotdagi evidensiallikka o‘zgacha ma’no yuklaydi. Misol uchun, birinchi gapda I saw deganda so‘zlovchi o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan ma’lumotni yetkazgan bo‘lsa, I heard deganda birovdan eshitganini bildirmoqda, u rost yoki yolg‘onligi hali aniq emas. Uchinchi gapdagi apparently ravishi esa o‘zbek tilida shubhasiz yoki aniq ma’nolarini bildiradi.

Demak, evidensiallik turlicha shakllarda ifodalanadi.Yevropa tillarida evidensiallik grammatik shakllar, ya’ni verbal affikslar yoki yuklamalar orqali yuzaga chiqadi.Misol uchun, o‘zbek tilida o‘tgan zamonni ifodalalovchi quyidagi suffikslar mavjud:-di, -ti, -gan, -kan, -qan, -gandi, -kandi, qandi, -ganmish, -kanmish, -qanmish va h.k.lar. Masalan,

(I saw) Ali tasted the cake - Ali tortni yedi (o‘zim ko‘rdim).

(I heard) Ali tasted the cake - Ali tortni yeganmish (birovdan eshitdim).

Boshqa tillarda yanayam chuqurroq o‘rganilgan sistema mavjud bo‘lib, olimlar Kolumbiya hamda Braziliya aholisi tili bo‘lmish tuyuka tilidagi evidensial mofemalarni beshta guruh (isbot)ga ajratib o‘rganishgan [Barnes 1984; bet]. Biz bu holatni quyida ingliz va o‘zbek tillari misolida tahlil qilib ko‘ramiz.

1) Ali tasted the cake (I saw) – Ali tortni yeb ko‘rdi (ta’mini bildi) men o‘zim ko‘rdim (guvohlik).

2) Ali tasted the cake (I heard) – Ali tortni ta’tib ko‘rganini eshitib qoldim (qulog‘imga uning chapillashi eshitildi).

3) Ali tastedthe cake (I heard, another person told me) – Ali tortni ta’tib ko‘rdi, deb eshitdim (boshqa odam aytdi).

4) Ali tastedthe cake (I assume) – Ali tortni ta’tib ko‘rdi, deb o‘ylayman holatga ko‘ra, lekin ko‘zim bilan ko‘rmadim (tahmin).

5) Ali tastedthe cake (evidence) – Ali tortni aniq ta’tib ko‘rgan, chunki u doim bir nimalarni yeb ko‘radi (avvalgi ma’lumotga doir fakt)

Biz yuqorida birgina gapning turlicha evidensial ma’nolarini ko‘rdik. Bunda evidensiallik sistemasi pragmatik xulosalarni keltirib chiqarganligi sababli, ma’lumot manbalari evidensial markerlarning turli xilligiga qarab o‘zining ishonchliligi yoki noaniq manbalar orqali yetkazganini ifodalab beradi.

O‘zbek tilining izohli lug‘atida “ta’m bilmoq” fe’li e’tiborga olinmagan, “ta’m” so‘zining esa quyidagi ma’nolari keltirilgan:

Ta’m [a. – maza, ta’m, yoqimli his-tuyg‘u] 1 Totib yoki yalab ko‘rib bilinadigan xususiyat;

2 maza-tot sezuvchi a’zolarga ta’sirdan uyg‘onadigan tuyg‘u; maza tot.

3  ko‘chma. Boshdan kechirilgandagi taassurot, maza.

Ta’m bilmoq fe’lining o‘zbek tilidagi sinonimlari sifatida quyidagilarni matnda qo‘llashimiz mumkin: totmoq, totib ko‘rmoq, yalab ko‘rmoq, yeb ko‘rmoq, ta’mini tuymoq kabilarni kontekstda qo‘llashimiz mumkin. Misol uchun:

  1. Hademay bir yil ham o‘tib ketyapdi, Hali o‘sha mayning ta’mi lablarda. Uyg‘un, muzdek qovunni yesangiz ta’miga ta’m, mazasiga ma’za qo‘shiladi [Sh.Rashidov; Bo‘rondan kuchli].
  2. Dolchin, zanjabil va kardamon maxsus ta’m beruvchi ziravorlardir [Nargiza Ikramova, Ziravorlar va maxsus ta’m beruvchi vositalar savdosining rivojlanish tarixi haqida ba’zi masalalar; 1-bet].
  3. Amir sarbozlikning ta’mini bir marta totgan Yodgor, bunday “ozodlik”ni istamadi, sarboz bo‘lishdan  zindonda qamalib yotishni a’lo bildi [S.Ayniy; Doxunda].

Bunda 1- va 2-gaplardagi ta’m so‘zi aynan bir  xil semaga ega, 3-gapda esa so‘z ko‘chma ma’noda qo‘llangan.

Ta’m bilmoq fe’li ish-harakatni ifodalovchi birlik sifatida izohli lug‘atdan joy olgan bo‘lmasa-da, ammo ingliz tilidagi taste fe’lining ma’no bo‘yoqlarini o‘zbek tilida ham turli grammatik vositalar yordamida ifodalash mumkinligini misollarda ko‘rdik.

Lingvistik evidensiallik epistemik modallik bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib, u so‘zlovchining bayonotidagi fikr va e’tiborni dalillar orqali isbotlanganini bildiradi. Evidensiallikning tilshunoslikda ikki xil turi mavjud: 1) kvotativ evidensiallik; 2) sezgi fe’llari evidensialligi [Alexandra 2004; 32].

-       Kvotativ evidensiallik deganda aslida yetkazilgan ma’lumotning yoki bajarilgan ish-harakatning ko‘chirma gapdagi ma’nosi tushuniladi. Bunda shaxs to‘ldiruvchi vazifasini emas, subyekt hamda harakat o‘rtasidagi bog‘liqlikni namoyon qiladi [Lionnet 2017;38].  Masalan; 
  • He said: I don’t eat the cake  – U dedi: men tortni yemayman (ko‘chirma gap).
-       He said that he doesn’t eat the cake – U tort yemasligini aytdi (o‘zlashtirma gap).Bunday holatda I won’t taste the cake (tort yegim kelmayapti) ma’nosi chiqib keladi (it is disgusting, yoki I hate sweets - U yoqimsiz yoki shirinlikni yomon ko‘raman) degan pragmatik ma’no paydo bo‘ladi.
     Sezgi fe’llari evidensialligi deganda ko‘rish, eshitish, ushlab ko‘rish, hid bilish va ta’m bilish kabi his qilinuvchi barcha sezgi fe’llari yordamida ifodalanadigan ma’lumot nazarda tutiladi. Chunki, nutq jarayonida sezgi fe’llari evidensial hodisaga nisbatan referensiya vazifasini bajaradi. Bunda so‘zlovchi yohud yozuvchining ma’lum taklif uchun mantiqiy dalillarga asoslanib, fikr bildirishi tushuniladi [Murray 2017; 32]. 
     Evidesiallikni modal elementlardan farqlashning yana boshqa bir yo‘li shundaki, evidensiallik kuchli epistemik fe’llar orqali ishlatiladi. Bunda ular ingliz tilidagi ikki asosiy fe’l must hamda shall fe’llari bilan kognitivlik hosil qiladi. Nemis, dat hamda shved tillarida must fe’liga nisbatan shall fe’li faolroq ekanligini e’tirof etish lozim. Masalan:  He is said to be extremely hungry – u juda och ekanligini 
They are said to taste the cake.I shall taste the cake.

Merriam Websterning ingliz tilini yuqori darajada o‘zlashtirishga mo‘ljallangan lug‘atida “taste” fe’lining 7 dan ziyod ma’nolari keltirilgan bo‘lib, unga quyidagicha izoh berilgan:

  1. the sweet, salty, bitter or sour quality of a thing that you can sense when it is in your mouth;
  2. the ability to notice or recognize flavours when you eat or drink something;
  3. something that gives you some knowledge about what something is like;
  4. to experience something;
  5. to have a particular taste;
  6. a small amount of food or drink that you have in order to see how it tastes;
  7. the feeling that each person has about what is appealing or attractive.

Ma’lumot sifatida shu ham ta’kidlash joizki, ingliz tilidagi taste so‘zi omonimik shaklga ega bo‘lib, lug‘atlarda uning ham otga ham fe’l fe’lga doir ma’nolari beriladi. Masalan,

The wine has a slightly bitter taste – Vinoning birozgina tahir ta’mi bor (ot).

The food was very pleasant to taste – Ovqat ta’tib ko‘rish uchun juda mazali edi (fe’l).

Bunday hollarda, tabiiyki fe’lva ot gapning kontekstidan anglashiladi. Ushbu shakldosh so‘zlarni evidensial tahlil yordamida ham ajratib olish mumkin.Chunki evidensial tahlilda grammatik markerlar muhim o‘rin tutadi. Ular zamonni ifodalovchi suffikslar oqali og‘zaki va yozma nutqda ko‘p uchraydi. Chunonchi,

  1. The milk tastes sour. (hozirgi zamon fe’l shakli)
  2. The hot fried ham and eggs tasted wonderful [E.Hemingway, The Battler p 92] (o‘tgan zamon fe’l shakli)
  3. But there was a good bottle of really cold, dry, resiny tasting Greek white wine and for desert they had cherry pie. [E.Hemingway. The strange country p 2] (hozirgi zamon sifat shakli)
  4. The food was very pleasant to taste ( fe’lning infinitiv shakli).
  5.  “It’s got a swell smoky taste”, Nick said, and looked at the fire through the glass. [E.Hemingway, The three day blow p 82] (hozirgi zamon ot shakli).

Ingliz tilidagi internet manbalarida taste fe’lining sinonimlari sifatida flavor, savour, smack, tang, relish, nibble, mouthful, tidbit, nibble, nugget, morsel so‘zlari keltiriladi. Yuqoridagi fe’llarning barchasi sezgi harakatini ifodalab, ushbu fe’llar ta’m bilmoq semasi dominant vazifasini o‘taydi.

Xulosa sifatida aytish mumkinki,evidensiallikdagi eng muhim jihat ma’lumotning asosini belgilashga xizmat qiladi. O‘z navbatida, asos bir tomonlama subyektning shaxsiy kuzatishi, ya’ni bevosita guvohlik berishini amalga oshirib, biror kimsaning ma’lum obyektni yoki voqelikni ko‘rishi orqali, sezgi organlari yordamida his qilishiga nisbatan ishlatiladi. Bu esa so‘zlovchining tafakkuri bilan chambarchas bog‘liq holat  hisoblanadi. Bundan tashqari,  ma’lumot asosi boshqa manbaga tegishli bo‘lib, u bilvosita ham yuzaga kelishi mumkin. Demak, evidensial tahlil kognitivlik asosida yuzaga keladi, vatildagi epistemik, grammatik va pragmatik hodisalarni aniqlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Foydalanilgan adabiyotlar

  1. Alexandra Y Aikhenvald, Evidentiality. Oxford University Press 2004.– 481 p.
  2. Barnes J. Evidentials in the Tuyuka verb. International Journal of American Linguistics, 1984.-271 p.
  3. Bednarek M.  Epistemological Positioning and Evidentiality in English News Discourse 2006.–P 635-660.
  4. Bert Cornillie. Evidentiality and epistemic modality . On close relationship between two categories. Functions of language 2004. – 168 p.
  5. Diewald G., Smirnova E. Linguistic Realization of Evidentiality in European Languages. Berlin-Germany 2010. –378 p.
  6. Faller M. Reportative evidentials and modal subordination. Lingua 2014. –P  367.
  7. Fricker E. Testimony and epistemic autonomy In Lackey J. Sosa E. The epistemology of testimony. Oxford University Press 2006.– 225 p.
  8. F de Haan WALS. Semantic Distinctions of evidentiality, Privacy Policy Disclaimer 1999.– 413p.
  9. Jackendoff  R. Semantics and cognition In Lappin S // The handbook of contemporary semantic theory 1996.–P 539-559.
  10. Johanson Laird  and Utas, B. Evidentails: Turkic, Iranian and neighbouring languages. Berlin-Germany 1976.–P 28-43.
  11. Murray Sarah. The Semantics of Evidentials. Oxford University Press 2017.– 517p.
  12. Merriam-Webster Advanced LEARNER’S English dictionary. Springfield Massachusetts, USA 2008.– 2032 p.
  13. Ernest Hemingway, The complete short stories of  E.Hemingway. The Finca Vigia Edition. Simon and Schuster Inc 1987, p 535.
  14. O‘zbek tilining izohli lug‘ati, “O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi” davlat ilmiy nashriyoti, 2006, TO‘RTINCHI JILD, 648 bet.
Xorijiy filologiya jurnali tahrir ha'yati