O‘zbekiston ta’lim tizimiga yangi konsept sifatida kirib kelgan metod “Project-based learning-(PBL)”, boshqa ta’lim tizimi rivojlangan mamlakatlarda eng ommalashgan va keng miqyosda qo‘llaniladigan metodlardan biri hisoblanadi. PBL, shuningdek, tadqiqot olib borishni o’qitishda samarali metod ekanligi har tomonlama isbotlangan bo’lib, turli tadqiqotchi olimlar tomonidan ushbu ko‘plab ta’riflar va tasvirlar bilan ilm dunyosida qizg‘in muhokama qilinmoqda. Barcha fanlar singari ingliz tili darslarida, tabiiy fanlarda, gumanitar fanlarda ham maxsus taʼlim yo‘nalishlari, tadqiqot metodlari va terminologiyasi mavjud. Ma’lumki, chet tilini o’qitish tarixida metodika faniga ko’plab atamalar kirib kelgan va o‘z o‘rniga ega. Misol tariqasida “Loyiha” atamasini olamiz. Ushbu atama turli pedagogik lug‘atlar va o‘quv qo‘llanmalarda turlicha talqin qilinadi. Bu bilan bir qatorda ushbu atama qator kombinatsiyalarda uchraydi: loyihaga asoslangan ta’lim, loyiha usuli, loyihaga asoslangan yondashuv, loyihaga asoslangan ta’lim. Loyiha asosida o‘rganish ingliz tilidan olingan bo‘lib “Project based-learning” va aksariyat hollarda PBL deb qisqartirib yuritiladi. Bir qarashda tushunarli tuyulgan ushbu atamaga chuqurroq nazar tashlasak, uning hali fanda oxirigacha o‘rganilmagan va aniqlik kiritilmagan tomonlariga duch kelamiz. Ayniqsa, bizning vatanimizda talabalarning yozish, tadqiqot olib borish qobiliyatini shakllantirish dolzarb masala bo‘lib qolmoqda. PBL pedagogik model hisoblanib, yaratuvchanlikni, muammoli vaziyatlarni ingliz tilida o’rganish, muhokamalar olib borish va tilni real hayot bilan bog‘lab o‘rganishdir. Zero, PBL loyihalar orqali talabalarning yaratuvchanlik, tadqiqot olib borish tajribasini shakllantirishga urg‘u beradi. Loyiha asosida o‘rganish metodi ustida izlanish olib borayotgan olimlar ushbu metodni strategik jihatdan samarali ekanligi, o‘quv jarayonini sermahsul tashkil qilishni targ‘ib qilishi, ushbu model samarali bo‘lishi bilan birga talabalarni o‘ziga xos tarzda tadqiqot olib borishga undashi va ularda tadqiqot jarayonida yuzaga keluvchi muammolarga mustaqil tarzda yechim topish ko‘nikmalarini rivojlantirishi borasidagi fikrga yakdildir [1, 13].
Zamonaviy metodlarni targ‘ib qiluvchi olimlarni ta’kidlashicha: “Ushbu metodning afzalligi shundaki, PBL talabalarni loyihalar tuzish, muammolarni hal qilish, mustaqil qaror qabul qilish, tadqiqot faoliyatiga jalb qiladigan murakkab savollar yoki muammolarga asoslangan murakkab vazifalar ustida ishlash; talabalarga uzoq vaqt davomida mustaqil ishlash imkoniyatini berish; va tabiiyki, real natijalar, yakuniy mahsulotlar yoki omma oldida o‘tkaziladigan taqdimotlar bilan yakunlanadi hamda baholanadi [2, 23]. Shunday ekan ushbu metodni O‘zbekiston ta’lim tizimida jadal ravishda ommalashtirish juda muhim. Agar biz ushbu jarayonni to‘g‘ri tashkillashtira olsak, shubhasiz, kelajakda yurtimiz tadqiqotchilar va islohatchilar makoniga aylanishi tayin”.
PBL xorijiy tillarni o‘qitishda ta’lim jarayonini real hayotga bo‘g‘lashi, tadqiqotlar o‘tkazish uchun maxsus savolnomalar tayyorlashni o‘rganishi, hayot faoliyati uchun muhim bo‘lgan qobiliyatlarni egallashga undashi, jamoa bo‘lib ishlashni taqozo qilishi bilan ajralib turadi. Ushbu strategiya oldindan belgilangan va kutilayotgan natijalar, ularga erishish uchun bajarilishi kerak bo‘lgan vazifalarni rejalashtirish bilan boshlanadi. Shu asnoda talabalar mavjud muammoli vaziyatlarga bir nechta yechimlar izlash va muvaffaqiyatli yakunga ega bo‘lish strategiyalarini ishlab chiqish qobiliyatlarini rivojlantirish imkoniga ega bo‘ladi. Bundan tashqari, o‘qituvchi tomonidan loyihani amalga oshirish uchun vaqt me’yorlarining belgilanishi, mavzudan chekinish holatlarining oldini olish maqsadida mavzu chegaralarini o‘rnatishi, oldindan vazifalarning aniqroq rejalashtirilishi muhim hisoblanadi [2, 28-30].
Xorijiy tillarni o‘qitishda muayyan loyihalardan foydalanish talabalarni faqat amaliy mashg‘ulotlar orqali o‘z bilim va tushunchalarini shakllantirishga undab qolmasdan, talabalarning yangicha fikrlari, biznes-ideyalarini keng ommaga, OAVga taqdim etish imkoniyatini yaratadi. Bu bevosita filologik mutaxassisligini egallash uchun ta‘lim olayotgan talabalar o’z sohasidagi izlanishlarini bevosita va bilvosita samarasini olish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Shu asnoda ta’lim oluvchilar hali talabalik davridanoq vatani rivojiga hissa qo‘sha olishi va o‘zlarini jamiyatda muhim shaxs ekanliklarini his etishlariga xizmat qiladi, albatta.
PBL yondashuvi chet tillarni o‘qitishda o‘ziga xos yo‘nalish bo‘lib, xorijiy tillarni muvaffaqiyatli o‘qitishda muhim ahamiyat kasb etishi bilan an’anaviy metodlardan tubdan farq qiladi. Shunday ekan, PBLni, ayniqsa, yurtimizdagi xorijiy filologik yo‘nalishdagi talabalarni o‘qitishda qo‘llash maqsadga muvofiqdir.
Birinchidan, talabalar tomonidan o‘quv jarayonida tayyorlanayotgan loyihalar har qanday o‘quv dasturi markazida bo‘lib, yakuniy mahsulot va mustaqil ta’limga asosiy urg‘u beriladi. Bundan tashqari, PBL orqali oldin egallangan bilim mustahkamlanishi bilan bir qatorda PBL talabani tadqiqot olib borish va mustaqil o‘rganishga yo‘naltiradi [3, 18-22]. Ikkinchidan, PBL loyihalari orqali talabalar o‘zlarining mustaqil izlanishlari uchun qo‘llanma sifatida foydalanadigan savolnomalar yoki muammolarga asoslangan metod bo‘lib, til o‘rganayotgan talabalarni tez fikr yuritish va mustaqil qaror qabul qilish kabi hayot uchun muhim bo‘lgan qobiliyatlarni egallashga qaratilgan [4, 10-22]. Hozirda PBLni yangi ta’limot deb hisoblash unchalik to‘g‘ri bo‘lmaydi. Vaholanki, ushbu metoddan 1960-yillarda tadbirkorlarni, ishlab chiqaruvchilarni, kashfiyotchilarni o‘qitishda asosiy tamoyil sifatida foydalanilgan. Misol tariqasida shuni keltirish mumkinki, ushbu metoddan foydalanish jarayonida o‘qituvchi o‘zining to‘g‘ridan-to‘g‘ri vazifasiga qo‘shimcha tarzda yana talabalarga yordamchi rolini ham bajaradi. Bunda talabalarni o‘quv jarayonning markaziy obyektiga aylantiradi. Bundan asosiy maqsad, talabalar ovoz berish huquqiga, o‘z tanloviga hamda fikriga ega bo‘lishidir. O‘z navbatida o‘qituvchi doimiy ravishda talabalarga fikr-mulohaza (feedback) berish orqali talabalarni muvaffaqiyatga yetaklaydi.
Talabalar o‘zlarining ilmiy tadqiqotlari bilan shug‘ullanadilar, kichik jamoalarga bo‘linib ularga berilgan muammoli vaziyatlarni tushunishga hamda mustaqil tarzda ularni hal qilishga harakat qilishadi. PBL loyihalari talabalarni gipoteza tuzish, savol berishga, sabab va natijalarini oldindan ko‘ra bilishga undash bilan fanga chinakam qiziqish uyg‘otadi. Izlanishli ta'limda yoki induktiv ta'limning har qanday modelida talabalar passiv qabul qiluvchi emas; aksincha, o‘rganish jarayonining faol ishtirokchisiga bo‘lishini talab qiladi. Talabalar ingliz tili darslarida guruh loyihalarida ishtirok etish orqali o‘rganishlari bilan hamkorlikda izlanishlar olib borish orqali o‘zlarining kognitiv qobiliyatlarini kutilmagan tarzda o‘zgartira olishi kutiladi [4, 30-38].
Uchinchidan, xorijiy til darslarida o‘rganilayotgan yangi bilim-ko‘nikmalar talabalarning har birida oldindan mavjud bo‘lgan bilimlari bilan uyg‘unlikda yangi mulohazalarga ega bo‘lishlari uchun imkoniyat yaratilib beradi. Natijada yangi o‘rganilgan ma’lumotlar talabalarning oldingi ta’lim-tajribalarining har xilligini inobatga olgan holda turlicha, individual mulohazalarning paydo bo‘lishiga olib keladi [5, 23-24].
To‘rtinchidan, chet tillari darslarida PBL loyihalarini amalga oshirishni asosan talaba zimmasiga yuklash katta ahamiyatga ega. Sababi, til aslida gumatinar tushuncha bo‘lib, har qanday masalalarga bitta eng to‘g‘ri yechimni talab qilmaydi. Bu o‘z navbatida, har bir talabaga o‘z fikr-mulohazasini bayon etish imkoniyatini yaratishi bilan foydali hisoblanadi. Bunda o‘qituvchi loyihani bajarish uchun zarur bo‘lgan ma'lumotlarni chegaralamaydi va qat’iy belgilamaydi, aksincha talabalarning mustaqil ravishda o‘z yondashuvlarini tanlashlarini qo‘llab-quvvatlaydilar. Umaman olganda, ushbu modelni bajarishda har bir talaba o‘qituvchidan mustaqil tarzda, faqat tengdoshlari bilan birgalikda harakat qiladi. O‘qituvchi faqat yo‘naltiruvchi, yordam beruvchi, ruhlantiruvchi, baholovchi vazifalarini bajaradi [6, 31-34].
Beshinchidan, ushbu metodni filologik ta’lim yo‘nalishdagi bilim darajasi B1, B2 hamda C1darajadagi talabalarni o‘qitishda foydalanish qiyinchilik tug‘dirmaydi. Chunki ushbu darajalarni qo‘lga kiritgan talabalar chet tilida barcha dunyoviy bilim olishga qodirdir. Tabiiyki, loyihalar o‘quv rejasida qat’iy belgilanmagan, ijodiylikni cheklamasligi, balki talabalarga yo‘naltirilgan, ularning qiziqishlarini inobatga olgan, yaratuvchanlikka undaydigan bo‘lishi kerak. PBL loyihalarini bir o‘quv yilida bir marta berish va yil davomida bir nechta bosqichlarga bo‘lib ishlash, har bir bosqich natijalarini muayyan onlayn platformaga joylab borish, muhokama va munozalalar o‘tkazish, tadbirlarni maqsadli tashkillashtirish, ularning natijalari va tajribalarini real hayotga bog‘lash, mavjud muammolarga yechim topishni ta'minlashdir. Shunday qilib, talabalar tomonidan yaratilgan mahsulotlar, yechimlar va yangi ijodiy ishlar talabalar uchun katta ahamiyatga ega bo‘ladi va samarali ta’lim uchun chinakam muhit yaratiladi [6, 31-34].
Tabiiyki, PBL o‘quvchilarga murakkabroq, mulohaza qilishga undaydigan savollarga sho‘ng‘ish imkonini beradi, chunki muammolar, savollar real hayotga bog‘langan bo‘lib, talabani qiziqishlarini inobatga olgan holda tuziladi. Dunyo kashfiyot va demisifikatsiyaga tayyor bo‘lgan tabiiy va texnologik hodisalarga boy bo‘lib PBL talabalarga o‘zlarining haqiqatlarini oldingi tajribalari bilan bog‘lashlari mumkin bo‘lgan haqiqiy kontekstni taqdim etadi [6, 31-34].
Shu o‘rinda PBL nega bizning ta’lim tizimimiz uchun zarur va muhim bo’lmoqda degan savol tug‘iladi. Shubhasiz, ushbu metod O‘zbekistondagi oliy ta’lim tizimining qiyofasini jadal suratda o‘zgartirishga xizmat ko‘rsatadi va ularni jahon mamlakatlari bilan bellasha olish imkoniyatini yaratadi. Bugungi kunda jahon tillarini o‘rganuvchi talabalar uchun ma’umotlarga kirish deyarli cheksizdir va bu foydalanish imkoniyati o’zbek ta’lim tizimida hatto besh yil oldin ham tasavvur qilib bo‘lmaydigan darajada orqada edi. Kompyuterlar va boshqa texnologik vositalar ta'lim jamiyatiga integratsiya qilindi va jadal suratda dars jarayonlarida foydalanib kelinmoqda. Har bir ilg‘or narsa singari, texnologiyaning ham o‘z tanqidchilari, noafzal tomonlari mavjuddir. Ayniqsa, katta avlod o‘qituvchilari orasida texnologiya o‘rganish hali-hanuz muammo bo‘lib qolmoqda, texnologiya ta’limni osonlashtiradi, degan fikrga shubha bilan qarashadi. Sinfda texnologiyadan haqiqiy foydalanish bo‘yicha munozaralar yillar davomida davom etib kelmoqda, chunki ular yuqori tayyorgarlik talab qiladi. Shunday ekan ushbu qiyinchiliklarni hal qiluvchi muayyan guruhlar ishga tushirilishi va o‘qituvchilarga yaqindan yordam berishi muammoni bartaraf etishi shubhasizdir.
Xorijiy tillarni o‘qitishda, ayniqsa, ommaviy axborot vositalari, axborot texnologiyalari katta rol o‘ynaydi. Chunki, har bir talabaga qisqa vaqt ichida kattaroq (va muhimroq) bilimlar to‘plamini o‘zlashtirish imkoniga ega bo‘ladi; sinf qanchalik katta va xilma-xil bo‘lishidan qat'i nazar, "individuallashtirish"ni ta'minlash; irq, jins va sinf bilan bog‘liq farqlar va kamchiliklarni yo‘q qilish; o‘quv rejasini o‘zgartirish va shu bilan birga standartlashtirish; talabalarni baholashdan sub'yektivlikni olib tashlash; hisobot berish va ish yuritishni soddalashtirish; qaysar va befarq ota-onalarni talabalar faoliyatini kuzatishga jalb qilish; intizom muammolarini minimal darajaga qisqartirish; kasbiy ta'lim va nutqni rivojlantirish; va obro‘sizlangan o‘qituvchini ham muhim shaxsga aylantirish: markazli ingliz tili darslarida pedagogik, tarbiyaviy madhiyalarni kuylash; konstruktivistikka erishish; doimiy ravishda talabalar tomonidan presentatsiya taqdimotlarini o‘tkazish; hisobot berish va ish yuritishni soddalashtirish darsning markaziy qismiga aylanadi [7, 284-285].
Misol tariqasida, hozirgi kunda mamlakatizgagi xorijiy universitetlar filiallarida hamda nufuzli mahalliy oliy ta’lim muassasalarida o‘quv dasturlari texnologiya tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan loyihaviy o‘qitishni tobora keng miqiyosida qo‘llab boshlamoqda. Bunda o‘z navbatida, har bir talabaning o‘z noutbuki bor va talabalar kurs ishlarini bajarish uchun ushbu vositadan turli imkoniyatlarda foydalanishlari kerak. Bundan tashqari, qo‘shimcha o‘quv dasturi professor-o‘qituvchilar tomonidan ishlab chiqilgan maxsus loyihalarga qaratilgan va talabalarning muloqotni, tanqidiy fikrlashini, 21-asr uchun muhim, jahon standartlariga mos bo‘lgan o‘quv tizimini tashkil etmoqda. Ushbu turdagi o‘quv muhitida PBL loyihalarini rivojlangan texnologiya vositalari yordamida tatbiq etish ko‘zda tutiladi va kutilgan natijalarga erishish sistemali ravishda amalga oshiriladi.
Ushbu tavsifiy, amaliy ishning maqsadi to‘rtta oliy ta’lim muassasalari talabalarining o‘z oliygohlarining o‘quv faoliyatining asosini tashkil etuvchi loyihaga asoslangan texnologiya o‘quv dasturining funksionalligi va maqsadga muvofiqligi haqidagi istiqbollarini o‘rganishdir. Ushbu tadqiqot uchun ma’lumotlar, o‘qituvchilar intervyular olish, dars faoliyatini kuzatish, darslarni videoga olish orqali to‘plandi va keyin tanqidiy kinematik etnografik usullardan foydalangan holda tahlil qilindi.
O‘rganib chiqish uchun asosiy tadqiqot mavzulari quyidagilardan iborat:
1. Ingliz tilini o‘qitishda yuqori texnologiya bilan ta’minlangan oliy o‘quv yurtida PBL madaniyatini shakllantirishda talabalarning qarashi.
2. Ingliz tilini o‘qitishda yuqori texnologiya vositalari bilan taminlangan sinf xonalarda hamda darsdan tashqari holatlarda PBLni joriy etish uchun misollar va namunalar keltirish.
3. Ingliz tilini o‘qitishda PBL-loyiha asosida o‘rganishga talabalarning munosabati va talqini.
4. Talabalar PBLda jamoaviy bo‘lib qatnashishi uchun kerak bo‘ladigan texnologik vositalar, shart-sharoitlar va o‘quv materiallari.
Tadqiqot uchun asosiy mavzular quyidagilardan iborat:
• Ingliz tilini o‘qitishda PBLni joriy etilishi darslarni amaliy tajribalar asosida tashkil etilishiga qaratilgan bo‘lib, ko‘pincha boshqa fanlar va sohalar bilan hamkorlikda o‘tkaziladigan tajribaga asoslangan, talabalarga aniq va lo‘nda ko‘rsatmalar va savollar ilova qilinadi.
• Shuningdek PBL muammoga asoslangan o‘rganishni ham o‘z ichiga olib, noto‘g‘ri deb topilgan masalalarga talabalar o‘z yechimlarini topishlari kerak. Bu orqali ular nafaqat ingliz tilida ravon muloqot qilish, yozish, taqdimot qilish, o‘qish, tinglash, balki fikrlashni o‘rganadi.
PBL ingliz tili darslarida loyihalar orqali ta’lim olish, yuqori rivojlangan texnologiyalardan unumli foydalana olish an’anasini mamlakatimizning barcha oliy ta’lim muassasalariga tarqatish va bu madaniyatni mustahkamlashga qaratilgan tuzilmadir. Kommunikativ harakatlar til o‘rganishni sevimli mashg‘ulotga aylantiradi. Talabalar o‘rtasidagi faol xorijiy til muloqoti faoliyatni rivojlantiradi, o‘zaro umumiy va shaxsiy tushunishga yordam beradi. Tanqidiy kinematik etnografiya – bu talabalarga filmlar ko‘rsatish loyihalari asosida ta’lim berish bo‘lib, ob’yekt va hodisaning yaxlit vizual tasviri va tanqidiy tahlil ob’yektivi orqali tahlil qilinishi mumkin bo‘lgan tadqiqot usulini yaratadi.
Foydananilgan adabiyotlar ro‘yxati:
1. Beier.M.E., Kim M.H., Saterbak A., Leautaud V., Bishnoi S. and Gilberto J.M.: “Haqiqiy loyihaga asoslangan o‘rganishning STEMdagi munosabat va martaba intilishlariga ta’siri”. Fanni o'qitishda tadqiqot jurnali, 2019.
2. Xolms V.L. va Hwang Y. “O‘rta matematika ta’limida loyihaga asoslangan ta’limning ta'sirini o'rganish”. Ta'lim tadqiqotlari jurnali, 2016.
3. Xarris M.J. “O‘rta maktablarda loyihaga asoslangan ta’limni amalga oshirish muammolari” (Doktorlik dissertatsiyasi, Pitsburg universiteti) 2015.
4. Moursund, David G. “Axborot texnologiyalaridan foydalangan holda loyihaga asoslangan ta’lim”. Eugene O.R: Xalqaro ta'lim texnologiyalari jamiyati, 1999 yil.
5. Yanka R. Totseva, “Loyiha - Asoslangan ta’lim - Bolgariya maktablarida foydalanish uchun texnologiya va imkoniyatlar”. 2014.
6. Buk ta'lim instituti: http://www.bie.org
Холикова Л. Развитие у студентов исследовательских навыков посредством проектного обучения. В этой статье обсуждается роль PBL в повышении исследовательских навыков студентов при обучении английскому языку, преимущества PBL и основные проблемы при его реализации.
Holikova L. Developing Students Research Skills Through Project Based Learning. This article discusses the role of PBL in enhancing students’ research skills in teaching English, the advantages of PBL and the main challenges in its implementation.