GAP QOLIPIDAGI FRAZEMALAR VA ULARNING TILSHUNOSLIKDA O‘RGANILISH HOLATI

Tilshunoslikda frazema tarkibini sintaktik tahlil qilish mikrosintaksisning tekshiruv obyekti hisoblanadi. Sintaktik qurilmalar ma’lum bir modelda aks etishi, shakllanishi va deformatsiyaga uchrashini kuzatish mumkin.

V.I.Koduxov sintaktik frazemalarning ma’lum modelga tayanib shakllanishini asoslab beradi. Bunday modellar jumlasiga будет вам + инф; + без ума + от kabi strukturalar mansubligini hamda будет вам, без ума kabi so‘zlarning mustaqil holda kelganda paradigmatik va sintagmatik jihatdan to‘laqonligi, erkinligini yo‘qotishini, deformatsiyaga uchrab, qaytadan boshqa elementlar bilan bog‘lanib, til birligini hosil qilishini ta’kidlaydi[1].

Darhaqiqat, V.I.Koduxov ta’kidla-ganidek, mazkur so‘zlar boshqa tarkibiy qismlar bilan munosabatga kirishib, Будет вам баклуши бить (tanbal bo‘lma, yalqovlik qilma), Барин без ума от неe (aqlini yo‘qotdi) kabi birliklarni hosil qilishi mumkin, ammo mazkur holatda til birligining emas, balki nutq birligi shakllanganining guvohi bo‘lamiz. Bundan tashqari, ularning mustaqil holda kelishida erkinligini yo‘qotishi aniq, zotan, bunga turg‘unlik alomati yuzaga chiqadi, biroq paradigmatik va sintagmatik jihatdan to‘laqonli bo‘lmaydi deyish, bizningcha, to‘g‘ri emas. Negaki, tilda birgina fonema ham o‘z paradigmasiga ega. Shu bois har qanday til va nutq birligining ma’lum paradigmaga mansubligi izoh talab etmaydi. Sintagmatik jihatdan esa mavjud frazeologik strukturalar yuqoridagidek nutq birligi bo‘lib kelganda makrosintagmatik munosabat qonuniyati asosida faoliyat yuritadi. Mustaqil holda ular mikrosintagmatik qurshovda keladi. Bu kichik sintaksisning o‘rganish obyekti hisoblanadi. Boshqacha aytganda, til birliklari gorizontal chiziq bo‘ylab derivativ aloqaga kirishar ekan, ularda doim sintagmatik munosabat mavjudligini kuzatamiz.

M.V.Lyapon sintaktik qurilmaning не успел.., как…; если.., тоkabi bog‘lovchili qoliplar ko‘magida frazeologizatsiyaga uchrashini tahlil qiladi va erkin ma’noli so‘zlar bu kabi bog‘lovchili qoliplar tasarrufiga kirgandan so‘ng kvalifikatorning (lotincha – quails «qanday», «nomlovchi») talabiga moslashishi xususidagi fikrni ilgari suradi[2].

Mazkur fikr ustida mulohaza yuritib ko‘rishga to‘g‘ri keladi. Masalan, kvalifikatorning talabiga moslashadi deganda erkin ma’noli so‘zning shu bog‘lovchili qolip tasarrufiga tushganidan so‘ng gap qolipidagi frazemaga aylanishini tushunamiz. Ammo M.V.Lyapon ko‘rsatgan не успел.., как…; если.., тоkabi bog‘lovchili qoliplar ko‘magida gap qolipidagi frazemalar tuzilmasligi ham mumkin. Zero, bu qoliplar aosida har doim ham frazeologizm hosil bo‘lavermaydi. Boshqacha aytganda, kvalifikator talabiga moslashgani bilan so‘z ko‘chma ma’noda qo‘llanmaydi. Fikrimiz dalili uchun quyidagi misollarni qiyoslaymiz:

1. Я не успел ахнуть, как уже пришло время сдавать отчёт.

2. …если уж пообещает, то обязательно сдержит слово.

3. Не успели они закончить работу, как им принесли новые документы.

4. Если ты утром позвонишь мне, то мы пойдем в парк.

Ko‘rib turganimiz singari, birinchi va ikkinchi misollarda M.V.Lyapon ta’kidlaganidek, shu qoliplar asosidagi frazeologizmning mavjudligini ko‘ramiz. Ammo uchinchi va to‘rtinchi misollarda bu holat kuzatilmaydi. Bizningcha, M.V.Lyapon masala tavsifiga biryoqlama yondashgan ko‘rinadi.

S.I.Pirunovaning fikriga ko‘ra, sintaktik semantika bilan taqdim etilayotgan ifodalovchi (grammatik shaklning ma’nosi) va ifodalanuvchi o‘rtasidagi munosabat assimetrikdir. Mazkur assimetriya frazeologizatsiya jarayonida frazeologizatsiyalashgan qurilmaning semantik tarkibida frazeologik komponentning shakllanishi orqali yuzaga keladi[3].

Darhaqiqat, frazeologizatsiyalashgan qurilmaning semantik tarkibi komponentlari asl ma’nodan yiroq bo‘lganligi bois komponent bilan ma’no munosabati assimetrik xarakterli bo‘ladi. Ammo buni nisbiy tushunmoq darkor. Zero, faqat frazeologizm komponentlari hamda ularning ma’no ifodasi assimetrik emas, balki barcha ifodalovchi va ifodalanuvchi o‘rtasidagi munosabat assimetrikdir. Negaki, narsa va unga qo‘yilgan nom o‘rtasida nisbiy bog‘liqlik bordir. Aslida, ular o‘rtasida hech qanday aloqadorlik yo‘q. Biz til belgilariga o‘zimizcha nom qo‘yamiz. Ularning nega aynan shunday nom bilan atalgani ham noma’lum. Biroq shu qo‘yilgan nom til sistemasiga kirib keldimi, demak uni o‘zgartirish haqida so‘z bo‘lishi mumkin emas. Ifodalovchi tushunchasiga kelsak, u S.I.Pirunova ta’kidlaganidek, sintaktik semantika bilan yuzaga chiqmaydi. Til va nutqning har qanday birligining ifodalovchisi uning xomashyosi hisoblanadi. Semantika esa xomashyolik vazifasini bajarishdan xolidir, zotan, semantika ifodalanuvchi maqomida egadir.

A.Beloshapkova frazeologik qurilma sxemalarini o‘rganib, ularni erkin qurilmalar bilan qiyoslab ko‘radi va frazeologik sxemalar komponentlari o‘rtasidagi sintaktik aloqalar aniq emasligi bilan ajralib turishini qayd etadi[4].

A.Beloshapkovaning qaysi kriteriyaga asoslanib bunday xulosaga kelishi noma’lum. Bizningcha, sintagmatik qator bo‘ylab faollashayotgan erkin qurilmalarning ham, frazeologik qurilmalarning ham komponentlari o‘rtasidagi sintaktik alaoqaning aniqligini inkor etib bo‘lmaydi. Masalan, Avaylab olib kelayotgan tarvuzi qo‘ltig‘idan tushib ketdi (erkin qurilma); tarvuzi qo‘ltig‘idan tushdi (frazeologik qurilma).

Ko‘rib turganimizdek, jumlalarda vazifa bajarayotgan sintaktik aloqa vositalari hech qanday o‘zgarishsiz har ikkalasi uchun ham bir xilda xizmat qilmoqda. Bu esa komponentlar o‘rtasidagi sintaktik aloqaning aniq ekanligidan dalolat bermoqda.

Frazemalarning sintaksisi xususida bildirilgan mulohazalardan L.L.Iomdinning ilmiy qarashlari o‘ziga xosligi bilan ajralib turadi. Olim gap qolipidagi frazemalarning qanday shakllanishini tahlil etmaydi. U har qanday frazemaning, gap qolipidami yoki yo‘qmi qat’i nazar, sintaktik strukturadagi vazifasini o‘rganishni zarur deb hisoblaydi. L.L.Iomdin frazemalarning sintaktik xususiyatlariga e’tibor qaratib, ularning jumla tarkibiga qanday kiritilganini va frazema elementlarining gap tarkibiy qismlari bilan qanday bog‘liqligini tekshiradi. Shuning uchun frazema tarkibiy qismlarining o‘zaro aloqasini mikrosintaksisga xos deb hisoblaydi. L.L.Iomdin dastavval frazemaning mikrosintaktik jihatlarini, so‘ngra uning gap bilan bog‘langan makrosintaktik xususiyatlarini o‘rganish kerakligini ta’kidlaydi[5].

Darhaqiqat, L.L.Iomdinning fikriga to‘liq qo‘shilsa bo‘ladi. Zero, gap so‘zlar, turg‘un so‘z birikmalarining ichki semantik-sintaktik aloqalari va munosabatlarining yig‘indisidan tarkib topadi.  Erkin so‘z birikmalari esa nutq birligi sanaladi. Shu tufayli bugungi tilshunoslikda «kichik sintaksis» deb nomlanuvchi obyektning tadqiqiga ehtiyoj tug‘ilayotgani kuzatiladi. Shunday ekan, frazemalarning o‘rganilishi xususida hali o‘z yechimini kutayotgan talaygina muammolar mavjuddir. Masalan, L.L.Iomdin ta’kidlaganidek, frazemaning nutq sistemasidagi o‘rni, komponentlarining distributsiyasi, bevosita ishtirokchi unsurlarining o‘zaro sintaktik va semantik aloqasi kabilar tahlilini bunga misol qilishimiz mumkin.

1972-yilda Moskvada nashr etilgan «Общее языкознание: внутренняя структура языка» nomli darslikda frazemalar tarkibiy qismlarini tanlab ishlatib bo‘lmasligi haqidagi fikr ilgari suriladi va frazemalarga nutqda tayyor holda qo‘llanuvchi formulalar deb baho beriladi. Bundan tashqari, frazemalar elementlarining o‘rni almashishi mumkinligi ham ta’kidlanadi: белый хлебчерный хлеб; дать словодать обещание kabi[6].

Bizningcha, frazemalardagi oq o‘rnida qora yoki so‘z o‘rnida va’da elementlarining qo‘llanishi ularning tanlab ishlatilishidan darak bermaydi. Zero, ularning har biri o‘zining mustaqil mazmuniy ahamiyatiga ega. Negaki, oq nonni qora deb bo‘lmaganidek, qora nonni ham oq non deb bo‘lmaydi. Boshqacha aytganda, frazema elementlarining har biri o‘z lug‘viy ma’nosiga ega ekanligi bilan ajralib turadi. Ularni tayyor formulalar sifatida talqin etish ham birmuncha g‘aliz ko‘rinadi, zotan, frazemalar semantik xususiyatiga ko‘ra so‘zga teng kelar ekan, mazkur birliklarni formula maqomida o‘rganish maqsadga muvofiq emas. U holda lug‘at tarkibidagi barcha so‘zlarni tayyor qoliplarga o‘xshatgandek bo‘lib qolamiz. Til belgilarini formula modelida o‘rganish tilshunoslikning hamma sohalari uchun ham xos emas.

Yuqoridagidek analogik mulohaza L.P.Yakubinskiy ishlarida ham kuzatiladi. Uning fikricha, sintaktik frazemalar shablonli qurilmalar bolib, mazkur shablonlar nutqiy jarayonda suhbatdoshlarning so‘zlayotgan mavzulariga mos ravishda biriktiriladi va individual qismlarga bo‘linmagan holda takrorlanaveradi, ular yangi ma’lumotdan darak bermaydi[7].

Agar L.P.Yakubinskiyning fikriga qo‘shiladigan bo‘lsak, barcha morfema va so‘zlarni til belgilari deb emas, balki til shablonlari sifatida qabul qilishimizga to‘g‘ri keladi. Ammo kommunikatsiyada til belgilari suhbatdoshlarning so‘zlayotgan mavzulariga mos ravishda paradigmatik qatordan sintagmatik qator yo‘nalishiga biriktiriladi va individual qismlarga bo‘linmagan holda qo‘llanadi. Shu bois frazemalarni shablonlar tarzida o‘rganish masala mohiyatini chigallashtiradi, xolos. Negaki, ular ham nutqda til belgilari sifatida ishlatiladi. Bundan tashqari, frazemalar nutqiy jarayonda suhbatdoshlarning so‘zlayotgan mavzulariga mos ravishda biriktiriladi va yangi ma’lumotdan darak bermaydi deyishda ham lingvistik ma’no yo‘q deb o‘ylaymiz, chunki barcha belgilarning mantiqan so‘zlanayotgan mavzularga daxldor holda vazifa bajarishi tabiiydir. Agar frazemalar yangi ma’lumotdan darak bermasa, ularni ishlatishga ne hojat degan savol tug‘iladi. Shu bois nutqiy jarayonga biror bir element kiritildimi, demak uning qandaydir maqsadda voqe topishi izoh talab qilmaydi. Boshqacha aytganda, har qanday til belgisi statiklik va virtuallik ko‘rsatkichidan dinamiklik va aktuallik maqomiga o‘zgarganda, u yangi xabar berish uchun xizmat qiladi. Buni quyidagicha izohlashimiz mumkin:

If I need to shoot, I’ll shoot! And I won’t bat an eyelid!

Berilgan jumladagi I won’t bat an eyelid frazemasi gap qolipida bo‘lib, ma’lum bir harakatni hech ikkilanmasdan bajarish ma’nosini bermoqda. Shunday ekan, mazkur element nutq momentida so‘zlovchi tomonidan o‘ziga yuklatilgan vazifani ado etish maqsadida qo‘llanmoqda. Shu holatda uni hech qanday ma’lumotdan darak bermaydi deb hisoblash mumkinmi? Yo‘q, albatta. Zero, inson nutqini ma’lumot yetkazish uchun tuzadi. Bundan tashqari, u shablon emas. U til belgisi hisoblanuvchi morfemadan katta bo‘lgan so‘z o‘rnida qo‘llanayotgan obrazli ifodadir, chunki ibora tarkibiy qismi sifatida kelgan so‘z, agar u o‘zining lug‘aviy ma’nosini mutlaqo tark etgan bo‘lsa ham, shaklan so‘zdir[8].

Axborot moddiy jihatdan belgi orqali uzatiladi, ammo u faqat ifodalovchi emas, balki ifodalanuvchi xususiyatiga ham ega. Uning asosiy shartlari shakl va mazmunda bo‘lib, shakl ifodalovchi, mazmun esa ifodalanuvchi hisoblanadi.

Shuni alohida ta’kidlash zarurki, nutqda gap qolipidagi frazemalarning ishlatilishi til belgilarining mexanik holatda sintagmatik qator yo‘nalishiga ko‘chirilishini emas, balki nutq egasining til sistemasi va nutqiy muhit bilan munosabati natijasini taqozo etadi. B.N.Turniyozov to‘g‘ri ta’kidlaganidek, har qanday sintaktik strukturaning shakllanishi va real qo‘llanishi so‘zlovchining nutqiy faoliyati bilan bevosita bog‘liqdir. Binobarin, til faktorlarini so‘zlovchisiz, so‘zlovchini esa til faktorlarisiz tasavvur etish qiyin[9].

N.M.Shanskiy frazemalarni ikki guruhga bo‘lib o‘rganadi: 1) kommunikativ xarakterdagi frazemalar; 2) nominativ xarakterdagi frazemalar. Olim birinchi guruhga gap qolipidagi frazemalarni kiritib, ularning predikativli birikmalar ekanligini ta’kidlaydi: Без труда - не вытащишь рыбку из пруда kabi. Ikkinchi guruhdagi frazemalarga esa nopredikativ birikmalardir deb baho beradi: трудовые успехи, поджигатели войны kabi[10]

Masala tavsifiga bunday yondashuv V.L.Arxangelskiy ishlarida ham kuzatiladi. U so‘z va so‘z birikmasi qolipidagi frazemalarni predikativlik belgisiga ega bo‘lmagan, gap qolipidagi frazemalarni esa predikativlik belgisi mavjud bo‘lgan birliklar tarzida o‘rganadi[11].

Fikrimizcha, frazeologik birliklar qanday shaklda mavjud bo‘lmasin, ularni predikativli birliklar sifatida ham tadqiq etish mumkin. Tilshunoslikda predikativlik hodisasi aksar hollarda gapga bog‘lab o‘rganilgani bois, ular shunday xulosaga kelgan bo‘lishlari mumkin. Masalan, N.S.Valgina predikativlikni fe’l bilan bog‘lab, uning gapga xos ekanligini, A.G.Rudnev predikativlikni gapning bosh bo‘laklari bilan ifodalanishini, A.N.Gvozdev predikativlik gap orqali ifodalanib, nimaningdir tasdiqlanishi yoki inkor etilishini anglatishini ta’kidlashadi[12].

Biz X.Z.Xayrullayevning tadqiqotlarida predikativlik xususida bildirilgan fikrlarga tayangan holda, predikativlikni til birliklarining voqelikka munosabatini taqozo etuvchi, uning faqat gap orqali emas, balki maxsus qo‘llanilgan mustaqil so‘z, so‘z birimalari orqali ham ifodalanishi mumkin bo‘lgan hodisa ekanligini to‘g‘ri deb bilamiz[13]. Negaki, predikativlik mantiqiy hodisa bo‘lib, uning ifodalanishi maxsus ohangga ham bo‘gliq bo‘ladi. Jumladan, yuqoridagi поджигатели войны birikmasini maxsus ohangda aytsak, u predikativlik ifodalab, matn maqomida ham kelishi mumkin. Shu bois masala mohiyatiga biryoqlama yondashish frazemalarning o‘rganilishi mohiyatini chegaralab qo‘ygandek bo‘ladi.

B.N.Turniyozov gap qolipidagi frazemalar tadqiqida ularning kauzativ xususiyatlarini yoritib, derivativ jihatdan tahlil etadi. B.N.Turniyozov gap qolipidagi frazemalarning turg‘un holatga kelguniga qadar bosib o‘tgan derivativ voqelanishini tekshirishda ularning ichki sintaktik strukturasi elementlarining o‘zaro bog‘lanishi konstruksiyasini analiz qilish kerakligini, idiomaning derivatsion tarixini izohlash uchun uni nanosintaktik nuqtayi nazardan tahlil qilish zarurligini, bu jarayonda leksik elementlarning sintaktik strukturasini aniqlashning o‘ziga xos usullari mavjudligini, iboralarning sintaktik tuzilishi superset prinsipi deb nomlanuvchi metod orqali o‘rganilishini, bunda ibora leksik element sifatida kengaygan sintaktik strukturalar kompleksini tashkil etishini o‘rinli ta’kidlab o‘tadi va misol sifatida quyidagi sintaktik frazemaning derivatsion voqelanishini keltiradi:

(Ular) nariga olib borib turibdilar [V=(V-ib+V-ib+V); N+V; N+X-ga+V]. (Ular) beriga olib kelib turibdilar [V=(V-ib+V-ib+V); N+V; N+X-ga+V]. (Ular) nariga olib borib, beriga olib kelib turibdilar. [V=( V-ib+V-ib, V-ib+V-ib+V); N+V; N+X-ga+V; N+X+V+X-ga+V]. Nari oborib, beri opkelib turibdilar [X+V, X+V]. Nari oborib, beri opkelib turmoq [X+V, X+N]=azoblamoq (ta’sir etmoq – kauzativ).

Tahlil natijasi o‘laroq, B.N.Turniyozov yuqorida keltirilgan gap qolipidagi frazemaning ham o‘z ichki mikrosintagmatik strukturasi mavjudligini, undagi har bir element semantik va sintaktik jihatdan ma’lum bir vazifani bajarishini hamda sintez oqibatida «azoblamoq» mazmunini ifodalovchi kauzativ frazemaning hosil bo‘lishi ravshanlashayotganining ilmiy tavsifini beradi[14]. Darhaqiqat, B.N.Turniyozov to‘g‘ri ta’kidlaganidek, idioma nafaqat ma’noning, balki butun situatsiyaning ham prototipi bo‘lib kelishi mumkin[15]. Shu bois gap qolipidagi frazemalr kauzativ jihatdan tahlil qilinib, o‘z navbatida, ushbu mavzu alohida ilmiy tadqiqot ishi sifatida kun tartibiga qo‘yilishi mumkin.

Shunday qilib, ushbu ishimizda gap qolipidagi frazemalarning tilshunoslikda o‘rganilishi holati xususida fikr va mulohazalarimizni atroflicha bayon etib o‘tdik.

 

 

Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati:

  1. Архангельский В.Л. Проблема устойчивости фразеологических единиц и их знаковые свойства// Проблемы устойчивости и вариативности фразеологических единиц. Материалы межвуз. Симпозиума - Тула: Тульск. госпединститут, 1968. -С. 21-29.
  2. Белошапкова В.А., Земская Е.А., Милославский И.Г., Панов М.В. Современный русский язык. -М.: Высшая школа, 1981. -C. 445.
  3. Валгина Н.С. Синтаксис современного русского языка. -М.: Высшая школа, 1973. -С. 14; Руднев А.Г. Синтаксис современного русского языка. -М.: Высшая школа, 1968. -С. 34-35; Гвоздев А.Н. Современный русский литературный язык. II. -М.: Просвещение, 1973. -С.7. 
  4. Иомдин Л.Л. Русские конструкции малого синтаксиса, образованные вопросительными местоимениями//Мир русского слова и русское слово в мире. XI Конгресс МАПРЯЛ. -Sofia, 2007. Т. 1.                         -С.117-126. 
  5. Кодухов В.И. Синтаксическая фразеологизация//Проблемы фразеологии и задачи ее преподавания в высшей и средней школе. -Вологда: Северо-Западное книжное изд-во 1967. -С.123-137.
  6. Ляпон М.В.Семантические модификации служебного слова в условиях фразеологизированной конструкции//Язык: система и функционирование (Юбилейный сб. в честь чл.-корр. АН СССР Н.Ю.Шведовой). -М.: Наука, 1988. -С.158-170.
  7. Общее языкознание: внутренняя структура языка (Под ред. Б.А.Серебренникова). -М.: Наука, 1972. -С.450.
  8. Пирунова С.И. Формально-смысловые и функциональные особенности сложноподчиненных предложений фразеологизированный структуры//Дис. канд. филол. наук. -Липецк, 1996.
  9. Turniyozov B.N. Kauzativ qurilmalar sintaktik derivatsiyasi. Monografiya. -Samarqand: SamDCHTI, 2022, 108-109-b.
  10. Турниёзов Б.Н. Ҳозирги ўзбек тилида тенг компонентли мураккаб синтактик қурилмалар деривацияси. Монография. -Самарқанд: СамДЧТИ, 2008, 66-б.
  11. Хайруллаев Х.З. Сўз, сўз бирикмаси ва гапнинг предикативликка муносабати//Номз. дис. автореф. -Тошкент, 2001.
  12. Шанский  Н.М. Лексикология современного русского языка. -М.: Просвещение, 1972. -С. 201-202.
  13. Шодиев С.Э. Турғун сўз бирикмаларининг синтактик деривацияси//Филол. фан. бўйича фалсафа док. дисс. -Самарқанд: СамДУ, 2020, 16-б.
  14. Якубинский Л.П. О диалогической речи//Избранные работы. Язык и его функционирование. -М.: Наука, 1986. -С.17-58.

 

Shodiyev S. The degree of investigation of sentence frazemes in linguistics.  This article is devoted to the author's thoughts and opinions regarding to the studying of phrasemes in the form of sentences in linguistics. In accordance with the features of syntactic structures in the form of sentence are discussed. The work emphasizes that a sentence is formed from the sum of internal semantic-syntactic connections and relations of set phrases, and free phrases are formed in speech. Macro-syntagmatic  and micro-syntagmatic relations between units of a sentence are also discussed. The researcher substantiated his conclusions based on the analysis of examples presented in the article.

 

Шодиев С. Степень изученности в лингвистике фразем  в форме предложений. В данной статье подробно изложены мысли и мнения автора относительно ситуации изучения фраземы в форме предложений в лингвистике. На ряду с этим обсуждаются особенности синтаксических приёмов в статусе предложений. В работе подчеркивается, то, что слово образуется из суммы внутренних семантико-синтаксических связей и отношений устойчивых словосочетаний, а свободные словосочетания образуются в речи. Обсуждаются также макро-синтагматические и микросинтагматические отношения между единицами предложения. Свои выводы исследователь обосновал на основе анализа примеров, представленных в статье.

 

 

 

[1] Qarang: Кодухов В.И. Синтаксическая фразеологизация//Проблемы фразеологии и задачи ее преподавания в высшей и средней школе. -Вологда: Северо-Западное книжное изд-во 1967. -С.123-137.

[2] Bu haqda qarang: Ляпон М.В.Семантические модификации служебного слова в условиях фразеологизированной конструкции//Язык: система и функционирование (Юбилейный сб. в честь чл.-корр. АН СССР Н.Ю.Шведовой). -М.: Наука, 1988. -С.158-170.

[3] Qarang: Пирунова С.И. Формально-смысловые и функциональные особенности сложноподчиненных предложений фразеологизированный структуры//Дис. канд. филол. наук. -Липецк, 1996.

[4] Qarang: Белошапкова В.А., Земская Е.А., Милославский И.Г., Панов М.В. Современный русский язык. -М.: Высшая школа, 1981. -C. 445.

[5] Qarang: Иомдин Л.Л. Русские конструкции малого синтаксиса, образованные вопросительными местоимениями//Мир русского слова и русское слово в мире. XI Конгресс МАПРЯЛ. -Sofia, 2007. Т. 1.-С.117-126. 

[6] Qarang: Общее языкознание: внутренняя структура языка (Под ред. Б.А.Серебренникова). -М.: Наука, 1972. -С.450.

[7] Bu haqda qarang: Якубинский Л.П. О диалогической речи//Избранные работы. Язык и его функционирование. -М.: Наука, 1986. -С.17-58.

 

[8] Шодиев С.Э. Турғун сўз бирикмаларининг синтактик деривацияси//Филол. фан. бўйича фалсафа док. дисс. -Самарқанд: СамДУ, 2020, 16-б.

[9] Турниёзов Б.Н. Ҳозирги ўзбек тилида тенг компонентли мураккаб синтактик қурилмалар деривацияси. Монография. -Самарқанд: СамДЧТИ, 2008, 66-б.

[10] Qarang: Шанский  Н.М. Лексикология современного русского языка. -М.: Просвещение, 1972. -С. 201-202.

[11] Qarang: Архангельский В.Л. Проблема устойчивости фразеологических единиц и их знаковые свойства// Проблемы устойчивости и вариативности фразеологических единиц. Материалы межвуз. симпозиума.                                                               -Тула: Тульск. госпединститут, 1968. -С. 21-29.

[12] Bu haqda qarang: Валгина Н.С. Синтаксис современного русского языка. -М.: Высшая школа, 1973. -С. 14; Руднев А.Г. Синтаксис современного русского языка. -М.: Высшая школа, 1968. -С. 34-35; Гвоздев А.Н. Современный русский литературный язык. II. -М.: Просвещение, 1973. -С.7. 

[13] Bu haqda qarang: Хайруллаев Х.З. Сўз, сўз бирикмаси ва гапнинг предикативликка муносабати//Номз. дис. автореф. -Тошкент, 2001. 

[14] Bu haqda qarang: Turniyozov B.N. Kauzativ qurilmalar sintaktik derivatsiyasi. Monografiya. -Samarqand: SamDCHTI, 2022, 108-109-b.

[15] Qarang: Turniyozov B.N. O‘sha asar, 110-b.

Xorijiy filologiya jurnali tahrir ha'yati