Kishilik jamiyatida insoniyat badiiy-estetik tafakkurining shakllanish bosqichlarida miflar muhim ahamiyat kasb etadi. Qadimgi odamlarning borliq haqidagi tasavvuri va munosabati miflar orqali ifodalangan. Ibtidoiy odamlar olamni idrok etish doirasida koinot, odam, tabiatning o‘simlik, va uning jonzotlari, tabiat hodisalarining mohiyatini anglashga harakat qilishgan va ushbu voqelikni miflar orqali izohlashga urinishgan. Mifologiya esa muayyan tamoyillarga tegishli miflar to‘plami hisoblanadi.
Mif termini bizga yunon tilidan kelgan mifos-afsona, o‘ziga xos madaniy amaliyotning semantik birligini anglatish uchun, so‘zma-so‘z xudolar, ruhlar, ilohiylashtirilgan yoki kelib chiqishi bilan xudolar bilan bog‘liq bo‘lgan, qahramonlar, zamonlarning boshlarida harakat qilgan va mifni o‘zi yaratishda bevosita yoki bilvosita ishtirok etgan ajdodlar haqidagi miflar sifatida talqin qilingan tabiiy va madaniy unsurlar demakdir. Shunga ko‘ra, mif semantik birlikni anglatadi, u yoki bu xususiyatlarga ko‘ra lokalizasiya qilingan miflarning o‘zaro bog‘liq va tizimli ravishda tugallangan to‘plami mifologiya deb ataladi [1].
Ijtimoiy ong shakllarining zamonaviy tarixiy va madaniy tasnifi sifatida qabul qilingan eng arxaik shakli – bu miflardir. Mifning ijtimoiy ong shakli sifatida xususiyatlari shundan iboratki, insoniyat jamiyati rivojlanishining dastlabki bosqichlarida u ijtimoiy-madaniy mavjudotning xususiyatlarini aks ettiruvchi dunyoqarashning o‘ziga xos turi, koinot haqidagi universal g‘oyalarning birlamchi, umumiy ifodasi sifatida namoyon bo‘ladi.
Tadqiqotchilar O.V. Ekimova va L.Ya. Kurochkinalar ta'kidlagandek: «Vaqt va madaniyatlar o‘zgarib bormoqda, har bir yangi madaniyat o‘z qadriyatlarini olib keladi va ular asosida yangi va yangi mafkuraviy, ijtimoiy miflarni yaratadi. Shaxsiy dunyoqarashni shakllantirish uchun inson ongi unga to‘g‘ri qarorni ko‘rsatib beradigan stereotipga muhtoj. Bu borada, mifni inson tabiati uchun tabiiy va muqarrar deb hisoblash mumkin. Tabiiy miflar insoniyat hamjamiyatini shakllantiradi, markazlashtiradi va hamkorlik qiladi va ko‘p jihatdan madaniyatni ommabop qiladi» [2].
Yuqorida keltirilgan tahliliy xulosadan kelib chiqib zamonaviy rus yozuvchisi go‘zal Yaxinaning “Zulayho ko‘zlarini ochyapti” [3] romanining xronotopi – 1930-yillarda sobiq sovetlar olib borgan «quloqlarga qarshi kurash» strategiyasi xronotopi Qozon shahri tatarlarining ayanchli taqdiri talqini o‘sha davr mifini yaratadi:
Birinchisi – omma (oddiy xalq uchun) nazarida, o‘rtaxol dehqonlar, ziyolilar, ijodkorlar – xalq dushmanlari, ularni «quloq qilish kerak», ya'ni mashaqqatlar girdobida, qo‘rquv, qutqu ta'sirida, inson dosh berolmaydigan sharoitlarda «quloqlarni» qayta tarbiyalash uchun Sibirga surgun qilish kerak.
Tadqiqotchilar O.V. Ekimova va L.Ya. Kurochkinalar «mif yaratish: zamonaviy qadriyatlar tizimida jamiyatga mafkuraviy ta'sir ko‘rsatish va ko‘pincha yolg‘on va buzuq mazmunli faktlar asosida qadriyatlar tizimini yaratish xususiyatlari» maqolasida izohlagan “bugungi mifologiya ko‘pincha siyosiy miflarni yaratishni anglatadi. Miflarning siyosiy talqinida mif jamiyatning siyosiy tizimi mafkurasining ajralmas qismi deb hisoblaydi. Ular ommani aldov va tazyiq yo‘li bilan mifologik ongni yuzaga keltirish vositasidir» siyosiy mif yaratishga «Zulayho ko‘zlarini ochyapti» romanida talqin etilgan voqelik misol bo‘ladi. Tarixiy haqiqatning romanlashuvi badiiy tafakkurda namoyon bo‘lar ekan, yozuvchi qo‘llagan uslub – roman poetikasiga singdirilgan realizm, magik realizm va mifologiyaning sintezlashuvi yozuvchiga xos folklor-mifologik talqin uslubini yuzaga keltirgan.
Tadqiqotchi V.G.Ibragimova ta'riflagan:“siyosiy mifologiya faktlarni yolg‘on, noto‘g‘ri talqin qilish bilan tavsiflangan ijtimoiy ongga mafkuraviy ta'sirning usuli va mazmuni”[4]. Shuning uchun mifning mafkuraviy tomonining asosiy vazifasi shundaki, mif jamiyatga ko‘rinmas, ammo juda kuchli mafkuraviy ta'sir ko‘rsatish va ko‘pincha yolg‘on va buzuq mazmunli faktlar asosida qadriyatlar tizimini yaratish usulidir. «Zulayho ko‘zlarini ochyapti» romanida talqin etilgan sovetlar mifi siyosiy mifologiyaga yorqin misol bo‘ladi.
Tadqiqotchi S.U.Akramova «mifologiya janri qadimgi odamlarning hayotini o‘rganishga va yaqindan nazar solishga yordam beradi. Har bir mif o‘z davrida yashagan insonlar qalbining tub-tubida yashiringan istaklarini namoyon etadi. Ammo millatiga, diniga va tarixiga ko‘ra miflar farqlanishi mumkin. Mifologiya, asosan, diniy qarashlarni targ‘ib qiladi. Miflar – Xudo, ilohlar va boshqa g‘ayritabiiy jonzotlar haqidagi rivoyatlardir. Ayrim xalqlarning miflari xilma-xillikka boy bo‘ladi, shuning uchun ularni ertakdan ajratish mushkul bo‘ladi. Mif va ertak o‘rtasidagi aniq farq shundaki, mif doim tushuntirish (etiologik) elementga ega bo‘lib, uning ostida tarixiy qiymatga ega haqiqat yotadi», [5] - deya ta’rif beradi.
Shu o‘rinda tadqiqotchi mifologiya va mif tushunchalarini chalkashtirib yuborganini, mifologik dunyoqarash, mifologik mushohada, mifologik ishonch, mifologik tasavvur-tushunchalar hosilasi bo‘lgan miflarni o‘rganuvchi fan sohasi “Mifologiya” [6] deb atalishini ta'kidlamoqchiydik.
«Mif – bu muayyan voqelik bayoni bo‘lib, unda hikoya qilingan voqea-hodisa nechog‘lik uydirma bo‘lmasin, yaratilgan va yashab kelgan joyida u hamisha haqiqat, Real voqelik ifodasi sifatida qabul qilingan. Albatta, mifni o‘rganadigan tadqiqotchi undagi uydirmaga ishonmaydi. Shuning uchun ham mif bugungi kunda haqqoniy hayotiy voqelik ifodasi sifatida anglashilmaydi. Shu tariqa tadqiqotchining mif haqidagi o‘z tasavvuri, ya'ni, «mif – uydirmadir» degan qarashi yuzaga keladi. Yaratilgan va ommalashgan joyida mif aslida Real voqelik ifodasi deb tushunilgan [7].
Yozuvchilarning asarlarini, xususan, XXІ asr rus adabiy jarayonining ko‘zga ko‘ringan vakili sifatida guzel Yaxina asarlarini ilmiy tushunish zarurati nafaqat jahon madaniyati va adabiyoti taraqqiyotining mohiyatini chuqur anglashga imkon beradi, balki zamonaviy jamiyat hamda umuman odamlarning qarashlari va e'tiqodlari tizimini qurishda ham alohida ahamiyat kasb etadi.
Zamonaviy rus yozuvchisi go‘zal Yaxina ijodiga xos folklor va mifopoetik uslublar sintezida «Zulayho ko‘zlarini ochyapti» romanining alohida o‘rni bor. Roman poetikasida realizm, sehrli realizm, mifopoetika metodlari qo‘llanganligi aniq ayon bo‘ladi.
Biz roman bosh qahramoni Zulayhoning boshidan ko‘rgan-kechirganlari, hayot tarzi, ko‘ngil og‘riqlari, sinovlarni engib o‘tishi, o‘zidan voz kechish omillarini tahlil etar ekanmiz, Zulayho quloq xotini sifatida hibsga olinishi, surgun qilinishidan ham oldin oilada qaynona va eridan jabr ko‘rgan, zulm ostida yashagan, barchasiga sabr bilan chidagan bir mazlum ayol sifatida talqin etilgan o‘rinlarida sadizm ko‘rinishlari insonni bee'tibor qoldirmaydi. Shu o‘rinda sadizmga berilgan ta'rif «sadizm-bu jismoniy azob, qiynoq, psixologik tahqirlash va boshqa odamlarga yoki hayvonlarga nisbatan yanada radikal harakatlar orqali zavq va/yoki jinsiy qoniqish keltiradigan zo‘ravonlikka intilish”[8] romanda qaynonasining Zulayhoga zulm qilishida, unga qullarcha munosabatida, haqorat qilib tahqirlashida, o‘g‘liga aytib o‘lasi qilib kaltaklashida, uni odam o‘rnida ko‘rmasligida namoyon bo‘lsa va ko‘r kampirning buning barchasidan huzurlanishida namoyon bo‘lsa, eri Mustafoning Zulayhoni jinsiy qoniqish vositasi deb bilishi, uni quldek ishlatishi, odam o‘rnida ko‘rmasligi, onasining har bir istagini bajartirish uchun xotiniga jismoniy, ruhiy azob berishi o‘ziga zavqu shavq bag‘ishlashi yozuvchi tomonidan shunchalar mahorat bilan tasvirlanadi-ki, kitobxon beixtiyor «osmon uzoq, er qattiq, ey, Zulayho, yo Jodugar o‘lsa qutulasan, yoki o‘zing o‘lib qutulasan...»qabilida fikr yuritayotganini sezmay qoladi.
Bizningcha, «Semurg‘ haqidagi mif» roman poetikasida, roman kontseptual g‘oyasida nafaqat Zulayxo taqdiri, balki butun xalq fojeasi ochib berilar ekan, mushkulot sababini va echimini istagan qushlarning «nima uchun?», «qanday chorasi bor?» kabi savollari roman ruhiga singdirib yuborilgan.
Poezd vagonlariga (odamlarga mo‘ljallangan emas) odamlarni hech bir sharoitsiz, tirband joylashtirib oylar davomida noaniq mo‘ljal sari yo‘l olgan eshelon oxir oqibat belgilangan makonga etib keladi. Eshelonga komendat qilib Ignatov tayinlanadi. Yo‘l-yo‘lakay ko‘plab «quloq» qilinganlar kabi taslim qiladi.
Eshelon belgilangan eng oxirgi manzilga etib kelganda aniq bo‘ladiki, quloq qilinganlar Sibir taygasining Angara daryosining atrofida joylashgan yalanglik bilan tutashgan o‘rmonga joylashtirish kerak bo‘ladi. Ammo belgilangan makonga borish uchun hamma tomoni yopiq almisoqdan qolgan barjaga omon qolgan «quloq»larning asosiy qismi joylashtiriladi. Quturib oqayotgan Angaradan odamlar qochib ketadigandek barjaning temir eshiklarini Ignatov qulflab qo‘yadi. Bir necha qariya ayollar, Zulayho va Ignatov boshliqning qayig‘iga o‘tirishadi [9].
Ammo barja manzilga etib bormaydi, suvning tajovuziga dosh berolmaydi. Barjaning odamlar joylashtirilgan bo‘lmasiga suv shiddat bilan kira boshlaydi. Tahlikaga tushgan odamlar ayuhannos soladi. Temir eshik qulfining kaliti barja silkinib to‘xtaganda, qaergadir tushib ketadi. Ignatov harchand urinmasin eshikni ocha olmaydi. Barja suvga cho‘kadi, odamlar halok bo‘ladi.
E'tiborimizni roman poetikasiga singdirilgan Semurg‘obraziga qaratsak.
Semurg‘ – sharq xalqlari og‘zaki poetik ijodidagi afsonaviy qush obrazi; osmonda uchish, uzoq manzilni yaqin qilish haqidagi asriy orzu-umidlarning ramziy ifodasi. Dastlab Eron mifologiyasida paydo bo‘lgan. «Avesto»da senemurg shaklida ishlatilgan. Semurg‘o‘zbek xalq ertak va afsonalarida ijobiy qahramonning do‘sti, himoyachisi, hamrohi, uni «etti zulmat ichi»dan olib chiquvchi fantastik qush sifatida gavdalanadi. «Semurg‘ haqidagi mif» talqinida Semurg‘ qushini topish uchun hayot qarshiliklari va mushkulotlarini engishga azm qilgan qushlar parvozi jarayonida ko‘plab qushlar halok bo‘ladi, faqatgina 30 ta qush omon qoladi. Semurg‘ni surishtirishganda «sizning har biringiz Semurg‘siz» deb javob berishadi. Semurg‘so‘zining ma'nosi ham «30 qush» degan ma'noni bildiradi.
Turkiy xalqlarda Semurg‘ning Humo, Anqo, Davlat qushi, vaxt qushi, Marqumomo, Kuntubulg‘on, Bulbuligo‘yo va boshqa variantlari mavjud. Semurg‘obrazi «qahramon», «oynai jahonnamo», «Rustam», «Kenja Botir» kabi ertaklarda keng tasvirlangan. Bu obraz yozma adabiyotda ham uchraydi (masalan, Navoiyning «Lison uttayr» asari va boshqalar). Semurg‘haqidagi afsonalar asosida Hamid Olimjon «Parizod va Bunyod» asarini yozgan. Ularda afsonaviy obraz shartli vosita sifatida mualliflarga qadimgi o‘tmishdagi Real voqelik haqida fikr yuritish imkonini beradi [10].
Xulosa qilib aytishimiz mumkinki, go‘zal Yaxinaning «Zulayxo ko‘zi ochyapti» romani XX asrning 30-yillarida sovet voqeligida kechgan siyosiy, ijtimoiy jarayonlarning badiiy talqiniga bag‘ishlangan bo‘lib asar xronotopi tatar millatiga mansub xalq taqdirida kechgan og‘ir, zulmatli kunlardan hikoya qiladi. Roman mutolaasi jarayonida «Semurg‘haqidagi mif» romanda ham reprezentasiya qilinganiga amin bo‘lamiz.
Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati:
1. Миф, мифология, социальные мифы. https://studfile.net/preview/9509362/
2. О.В. Екимова, Л.Я. Курочкина. Мифотворчество: особенности проявления в системе современных ценностей // Вестник Воронежского технического университета. 2009. https://cyberleninka.ru/article/n/mifotvorchestvo-osobennosti-proyavleniya-v-sisteme-sovremennyh-tsennostey
3. Яхина Гўзал. Зулайҳо кўзини очяпти. Тошкент, “ЗАБАРЖАД МЕДИА”, 2022. – 480 б.
4. О.В. Екимова, Л.Я. Курочкина. Мифотворчество: особенности проявления в системе современных ценностей // Вестник Воронежского технического университета. 2009. https://cyberleninka.ru/article/n/mifotvorchestvo-osobennosti-proyavleniya-v-sisteme-sovremennyh-tsennostey
5. Akramova S.U. О‘zbek va yunon mifologiyasida semurg‘ va feniks ilohiy qushlar obrazi // JOURNAL OF IQRO – ЖУРНАЛ ИҚРО – IQRO JURNALI – volume 12, issue 01, 2024
6. Назарова Н.П. Инглиз ва ўзбек адабиётида мифологик образлар тизими, генезиси, бадиий вазифалари: филология фанлари бўйича фалсафа доктори (PhD) диссертацияси автореферати. – Бухоро, 2022. – 48 б.
7. Стеблин-Каменский М.И. Миф. – Л: Наука, 1976. – С.4-5.
8.https://ru.wikipedia.org/wiki/%D0%A1%D0%B0%D0%B4%D0%B8%D0%B7%D0%BC
9. https://qomus.info/encyclopedia/cat-s/semurg-uz/
10. Яхина Гўзал. Зулайҳо кўзини очяпти. – Тошкент, “ЗАБАРЖАД МЕДИА”, 2022. – 480 б.
Алиева М. Репрезентация мифа о семурге в романе Гузаль Яхиной «Зулайха открывает глаза». В статье рассматривается важная функция мифов в развитии художественной и эстетической мысли на протяжении всей истории человечества. Верования и представления древних народов относительно их существования были сформулированы посредством мифологических повествований. Древние люди пытались понять свое окружение, включая природу, человечество, флору и фауну, и стремились прояснить эти реалии посредством мифа. В этих повествованиях часто фигурировали божества, духи, герои, предки и элементы как природы, так и культуры. Кроме того, мифы дают представление об исторической и культурной эволюции обществ, отражая их ценности и мировоззрения.
Aliyeva M. Representation of the myth of semurgh in Gozal Yakhina's novel “Zuleikha opens her eyes”. The article examines the significant function of myths in the development of artistic and aesthetic thought throughout human history. The beliefs and perceptions of ancient peoples regarding their existence were articulated through mythological narratives. Early humans endeavored to comprehend their environment, including nature, humanity, flora, and fauna, and sought to elucidate these realities through myth. These narratives often featured deities, spirits, heroes, ancestors, and elements of both nature and culture.