HAN KANNING “VEGETARIAN” ROMANIDA “O‘ZGACHA AYOL” OBRAZI VA UNING MATNDAGI TALQINI

O‘zgacha ayol” konsepti fenomen sifatida XX-asr boshlarida yuzaga kelgan bo‘lib, Yaponiya mustamlakasi davrida Koreyaga kirib keladi. “O‘zgacha ayol” an’anaviy ayol obraziga qarshi qo‘yilgan bo‘lib, uni jamiyatning eng chetdagi qatlami sifatida belgilovchi qadimiy qarashlarga zid edi. Koreya jamiyati kontekstida esa “O‘zgacha ayol” g‘oyasi g‘arblashuv va eski me’yoriy hamda qadriyatlardan voz kechish bilan bog‘liq edi [Kim Y. 2010: 45]. Koreyada ayolning an’anaviy roli erkakka mutlaq itoat etishdan iborat bo‘lgan: qiz bola otasining uyida unga itoat qilar, turmushga chiqqanidan keyin esa - eriga, agar er vafot etsa -katta o‘g‘liga bo‘ysunar edi. Bunday qattiq iyerarxiya Xitoydan kirib kelgan konfutsiylik ta’limoti ta’sirida shakllangan bo‘lib, uzoq yillar davomida jamiyatning ko‘pgina jabhalarini nazorat qilib kelgan [Kamina 2019: 32]. Vektor o‘zgarishi va “chegaralarni kengaytirish”ga bo‘lgan dastlabki urinishlar Yaponiya mustamlakasi davrida koreys ayol yozuvchilari tomonidan amalga oshirilgan. Ularning nutqlarida ilk bor feministik g‘oyalar eshitila boshladi [Kwon 2010: 48]. Ular konfutsiylikka asoslangan patriarxal tuzumni va zamonaviy koreys jamiyatining an’anaviy qadriyatlarini ochiqchasiga tanqid qilishdi, erkaklarning ayollarga nisbatan ikki yuzlamachilik, shafqatsiz muomala va ularni mutlaq itoatga majburlash harakatlarini qoralashdi, shuningdek, ayollarning er va farzandlarga qaram holatini tanqid qilishdi. Biroq bu vaqt uchun radikal sanalgan bunday g‘oyalar Koreyada hammaga ham manzur kelmagan. Shuning uchun vaqt o‘tishi bilan “O‘zgacha ayol” obrazi jamiyatda tanqidga uchray boshladi va modernizatsiyaning salbiy oqibati sifatida baholandi [Kamina 2019: 39].

Zamonaviy koreys yozuvchisi Han Kanning “Vegetarian” romanidan o‘rin olgan “o‘zgacha ayol” obrazi Yongxe personaji orqali ifodalanadi. U avval boshda oddiy, ko‘zga tashlanmaydigan ayol bo‘lib, bir kuni to‘satdan vegetarian bo‘lishga qaror qiladi va aynan shu qaror orqali nafaqat o‘z hayotini, balki o‘z atrofidagilarning hayotini ham o‘zgartiradi. Yongxe o‘zining an’anaviy gender tafovuddan voz kechishi va o‘zini hamda o‘z tanasini to‘liq nazorat qilish uchun kurashi orqali “O‘zgacha ayol” obrazini namoyon etadi. “Vegetarian” asarida Yongxening ramziy kurashi tanqid qilinadi va jamiyat tomonidan jiddiy qabul qilinmaydi. Bu esa Koreyada koloniya davridagi “O‘zgacha ayol” harakatiga bo‘lgan munosabatga ishora sifatida talqin qilinishi mumkin.

Romanning birinchi qismidagi asosiy sahna - oilaviy kechki ovqat vaqtidagi voqea - bunga yaqqol misoldir. Bu sahnada Yongxening otasi u bilan janjallashadi, unga qo‘l ko‘taradi va go‘sht yeyishga majbur qiladi [Han 2017: 50]. Ushbu zo‘ravonlik holati nafaqat ota va oila a’zolarining uning qarorini qabul qilmasligini, balki bu harakat orqali butun patriarxal jamiyatning - otasi timsolida - ayolning erkiga, tanloviga nisbatan qarshiligini ifodalaydi. Yongxega nisbatan qo‘llanilgan bu zo‘ravonlik xarakatida ishtirok etmagan yagona inson - bu uning qaynotasidir. U Yongxe qo‘lini kesib yuborganidan so‘ng uni ko‘tarib mashinaga olib borgan [Han 2017: 50]. Biroq, qaynota bu zo‘ravonlikda to‘g‘ridan to‘g‘ri qatnashmagan bo‘lsa-da, u ham Yongxeni shaxs sifatida, ijtimoiy cheklovlardan qochishga intilayotgan inson sifatida qabul qilaolmaydi. Uning fikri faqat Yongxening boshqa ayollardan farqliligi haqida bo‘lib, uning o‘zini anglashga qaratilgan harakatlarini faqat shaxsiy jinsiy fantaziyalarining obyektiga aylantiradi.

Roman boshidayoq ayon bo‘ladiki, Yongxening go‘sht istemol qilmasligi jamiyat me’yoridan voz kechish qarori - bu nafaqat uning shaxsiy tanlovi, balki jamiyatning ayol tanasiga bo‘lgan talablaridan kelib chiqadigan gender rollarini inkor etishning ramzidir: “그녀는 하루하루 말라갔다. 튀어나온 광대뼈가 볼썽사납게 뾰주게 해졌다” [한강 2022: 25].
         “U kundan kun qurib borar edi. Oldindan ham chiqib turgan yuz suyaklari sezilib qolgan, go‘yo betob odam kabi yuzi oqarib ketgan edi” [

Han 2017: 28]. Yongxe uchun vegetarian bu - bir tomondan o‘z tanasi ustidan nazoratni qayta qo‘lga kiritish, ikkinchi tomondan esa o‘z shaxsiyatini tiklashga urinishdir. Biroq u bu kurashda qayta-qayta mag‘lub bo‘ladi, chunki uning shaxsiyati - Koreya jamiyatidagi ayolning shaxsiyati - tashqi kuchlar ta’sirida shakllanadi. Bu ijtimoiy bosim yanada yaqqol tarzda Yongxening turmush o‘rtog‘i ishxonadagilari bilan bo‘lgan kechki ovqatda Yonxening o‘rniga nutq so‘zlaganida, vegetarianlikni “qabul qilganlik” sabablari bilan izohlab bergan sahnada namoyon bo‘ladi [Han 2017: 43]. Bu holatda turmush o‘rtog‘i Yongxening shaxsiy nuqtayi nazarini va kurashini inkor qiladi, uni butun jamiyat uchun «to‘g‘riroq» va qabul qilinishi mumkin bo‘lgan konsepsiyaga aylantiradi. Bunday holat - ya’ni uning o‘zini anglash yo‘liga doimiy aralashuv - Yongxeni o‘zining jismoniy tanasiga bo‘lgan e’tiborni oshirishga majbur qiladi; u shunday yo‘l bilan o‘z shaxsiyatini shakllantirishda nazorat va erkinlikni topishga harakat qiladi. Yongxe uchun “O‘zgacha ayol” obrazining mukammal ifodasi romanning uchinchi qismida yuz beradi - u to‘liq insonlik shaklidan voz kecha boshlaydi va aqldan ozadi: “나는 이제 동물이 아니야 언니. 중대한 비밀을 털어놓는 듯, 아무도 없는 병실을 살피며 영혜는 말했다. 밥 같은 거 안 먹어도 돼.살 수 있어. 햇빛만 있으면”[한강 2022: 224].

“Men endi hayvon emasman, opa. Men hech narsa emasligim ham mumkin. Ovqatsiz ham yashashim mumkin. Faqat quyosh nuri bor bo‘lsa bo‘ldi” [Han 2017: 156]. Ayollar uchun jamiyat tomonidan qo‘yilgan chegaralarni yengish o‘rniga, Yongxe undan qochishni ma’qul ko‘radi. U o‘z mohiyatidan - ya’ni eri, otasi va boshqalarga tegishli bo‘lgan, ammo faqat o‘ziga tegishli bo‘lmagan shaxsiyatidan - voz kechadi. Barcha ijtimoiy me’yor va an’analarga qarshi, mustaqil ravishda o‘zini daraxt deb tasavvur qila boshlaydi.

Yongxening o‘zini anglashga bo‘lgan sayohati yaqqol yakun bilan tugamaydi va o‘quvchiga faqat uning vafot etganini taxmin qilishgina qoladi. Romanning so‘nggi matnida buni tasvirlab beradi, uning opasi nuqtayi nazaridan berilgan holda: “조용히, 그녀는 숨을 들이마신다. 활활 타오르는 도로 변의 난무들을, 무수한 짐승들처럼 몸을 일으켜 일렁이는 초록빛의 불꽃들을 쏘아본다. 대답을 기다리듯, 아니, 무엇인가에 항의하듯 그녀의 눈길은 어둡고 끈질기다”. [한강 2022: 268] “Jim, juda jim nafas olish eshitildi. U oldinda turgan daraxtlarga tikilib qarardi - go‘yo ikki tomondan yonib turgan yorug‘ yashil nurga tikilib qaraydi. Unga shunday tuyuladi: bu daraxtlar, go‘yo o‘z tanalarini rostlagan hayvonlar singari, balandga, osmonga intilmoqda. U ularga qora va qat’iy nigoh bilan qaraydi - go‘yo javob kutgandek. Yo‘q... go‘yo bir narsaga qarshi chiqayapti, norozi, qarshilik bildirayotgandek” [Han 2017: 187]. Inxe go‘yo o‘z singlisiga zulm qilgan va uni yo‘q qilgan, moslashuv va itoatni talab qiluvchi jamiyatga qarshi chiqadi. Daraxtlarni hayvonlar bilan taqqoslash esa Yongxening tabiat bilan to‘liq uyg‘unlashganini anglatadi. Yongxening qayta tug‘ilishi yerdagi tanasining o‘limi va ruhining tabiat bilan qo‘shilishi orqali yuz berishi kerak - aynan o‘zi orzu qilganidek. Unga ko‘ra, “O‘zgacha ayol” ga aylanishi tanasi ustidan to‘liq hokimiyatga erishish bilan tugashi kerak, hatto bu uning yo‘q bo‘lishi evaziga bo‘lsa ham.

Yongxe obrazini o‘rganish shuni ko‘rsatadiki, ijtimoiy me’yorlarni, ayniqsa gender bilan bog‘liq cheklovlarni buzishning oqibati- o‘zini to‘liq yo‘q qilishgacha borishi mumkin. Yongxening mustaqillikka intilishi uni o‘rab turgan personajlar, ya’ni an’anaviy qadriyatlar va patriarxal tuzumning ifodasi bo‘lgan insonlar tomonidan doimiy ravishda tanqid va bosimga uchraydi. U o‘zini anglash va o‘z tanasi ustidan hokimiyatga erishish uchun hatto insoniylikdan voz kechishga majbur bo‘ladi. Uning obrazi orqali «o‘zgacha ayol»ning patriarxal jamiyatda o‘z o‘rnini topishi uchun bosib o‘tgan og‘ir yo‘li namoyon etilgan. Vaqt o‘tganiga va bir necha o‘n yillar o‘tganiga qaramay, zamonaviy koreys ayolining shaxsiy erkinlikka bo‘lgan yo‘li ehtimol, yanada murakkablashgan. Bugungi kunning “O‘zgacha ayollar”i ham jamiyat tomonidan bosimga uchrashda davom etmoqda - bu zo‘ravonlik avvalgiga qaraganda ancha yashirin bo‘lsa-da, uning xarobiyot olib keluvchi ta’siri hanuz saqlanib qolgan.

 

 

Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati:

 

1. Kwon I. “The New Women’s Movement in 1920’s Korea: Rethinking the Relationship between imperialism and women”; Gender & History. Vol.10, No.3, 1998. – 405 p

2. Хан К. Вегетарианка / Ли С.Ю. – М.: Издательство АСТ, c 2017.–190.

3한강; “채식 주의자”. 2022; -c 25-224-268

Аликберова А.Р., Сергеевна К.Д., «Новая Женщина» в Современном Корейском Романе «Вегетарианка» Хан Kанг. Современ-ные востоковедческие исследования. 2020; 2(3):-c.38-41

5. Kang, H. (2015). The Vegetarian (D. Smith, Trans.). Hogarth Press. (Original work published 2007).

6. Солеева A. Исследование произведения писателя Хан Канг «Вегетарианка» с точки зрения бессознательного. Til va adbiyot. 2025, aprel 8-son; -c. 225.

7. Soleeva A. The psychoanalytic landscape of Han Kang’s fiction’s. FLTAL. “Хорижий тил таълими  лингводидактикаси ва инновaцион асослари”. Халқаро илмий-амалий конференция. 2025,-c. 127-132.

8. Soleeva, A. “New woman” in the modern korean novel “Vegetarian” by Han Hang. Tillarni o’qitish metodikasi sohasidagi  zamonaviy tilshunoslik  va adabiyotshunoslikning dolzarb masalalari. Respublika ilmiy-amaliy anjuman. 2025,-c151.

 

Солеева А. Образ «Особой женщины» в романе Хан Kанг «Вегетарианка» и его интерпретация в тексте. В данной статье рассматривается роман Хан Канг «Вегетарианка». А так же, анализируется концепт «новой женщины» в корейской литературе. Через образ Ёнхе показано стремление женщины отказаться от установленных обществом гендерных неравенств и восстановить контроль над собственным телом. В статье раскрываются стремления современной женщины к свободе и её сложное положение в патриархальном обществе. Под воздействием времени концепция «новой женщины» приобрела новые черты, поэтому целью данного исследования является анализ образа «новой женщины», отражённого в романе современной корейской писательницы Хан Кан «Вегетарианка».

 

Soleeva A. The image of the “different woman” in Han Kang’s novel “The Vegetarian” and its interpretation in the text. This article examines Han Kang’s novel The Vegetarian and analyzes the concept of the “New Woman” in Korean literature. Through the character of Yeong-hye, the novel illustrates a woman’s desire to reject socially imposed gender inequalities and regain control over her own body. The article highlights the modern woman’s pursuit of freedom and her complex position within a patriarchal society. Over time, the concept of the “New Woman” has evolved and acquired new characteristics. Therefore, the main goal of this study is to analyze how the image of the “New Woman” is reflected in the novel The Vegetarian by contemporary Korean writer Han Kang.

 

 

Xorijiy filologiya jurnali tahrir ha'yati