HINDISTON FORSIY ADABIYOTI TARIXI

Fors-tojik adabiyotining Hind yarim oroli sarhadiga yetgunicha bosib o‘tgan davriy yo‘llari ilm-fanda ko‘p va xo‘b o‘rganilgan. Bu xususdagi tadqiqotlarda nazariy jihatdan hatto shunday xulosa bildirgan olimlar ham borki, ular forsiyzabon badiiyatning o‘zga o‘lkalarga kirib kelishi va o‘zlashuvi voqeligini go‘yo «ushbu so‘z san’ati vatanining ortidagi bir qismi» sifatida ta’riflaydilar. Ammo, bunday munosabatning istisnolari ham bo‘lgan, basharti hindistonlik shoirlar asarlarining saviyasi fors klassik namunalari sathiga ko‘tarilish nasib etgan bo‘lsa, masalan, xuddi Amir Xusrav Dehlaviy, Mirzo Bedil yoki Mas’ud Salmon kabi. Lekin afsuski, hind forsiyzabon adabiyotiga nisbatan bildirilgan «provinsial» ruhiyatidagi baholar qarshisida, bu voqelikka undan-da nisbiyroq nazarda qarashlar ham bo‘lgan. Ya’ni «Hindistondagi ulkan forsiyzabon adabiyot nafaqat maxsus tadqiqot uchun nomunosib mavzu sanalgan, balki uning original emasligidan tashqari, estetik qiymati yo‘qligi ham ta’kidlangan. Balki shuning uchun yaqin-yaqinlargacha fors-tojik adabiyoti tarixining qamrovli jild-jild kulliyotlarida hind forsiyzabon badiiyatiga joy ajratilmagan bo‘lsa kerak»[1]. «Yangi forsiyzabon adabiyot» tadqiqotiga nisbatan muqaddam ilmiy munosabat qandayin bo‘lmasin, mazkur badiiyatning asl g‘oyaviy va estetik qiymatini uning ibtidosidayoq qadriga yetuvchi muxlislari bo‘lgan va ular o‘z izlanishlari bilan Hindiston forsiyzabon adabiyoti tadqiqotini dolzarb mavzu darajasiga olib chiqishda fidoyilik ko‘rsatganlar. Fanda fors tilining Hindistonga kirib kelishi tarixi oriylar migratsiyasidan keyingi davrlar bilan bog‘liqlikda taxmin qilinadi. Tadqiqotchilarning aksariyati oriylarning asl vatanini Qora dengizdan shimolga tomon cho‘zilgan cho‘llik yerlar, deb hisoblaydilar. Hind-yevropa jamiyati miloddan avvalgi uchinchi mingyillikda tanazzulga uchrab, o‘sha paytlardan boshlab hind-evropa qabilalari Bolqon, Kichik va O‘rta Osiyoga tarqalib, shundan keyin Hind yarim oroliga yurish qilganlar. Chunki «Xarappa va Mohenjodaro ustki qatlamlari hamda janubiy Belujistonning qadimgi qal’alaridan topilgan qoldiqlar ham shimoli-g‘arbiy Hindistonga ajnabiy qabilalarning g‘arbdan kelganligini ko‘rsatadi»[2]. Shunga ko‘ra, «Hind-yevropa tillarida so‘zlovchi oriylar bu o‘lkada miloddan avvalgi ikkinchi mingyillikda qaror topganlar. Bu davrda yerlik qabilalar yarim orolning markaziy va shimoli-g‘arbiy xududlariga tarqalgan bo‘lib, tibet-birman qabilalari esa, shimoli sharqda yashagan. Hindistonda ham xuddi hamma yerlarda bo‘lganidek, qadim vaqtlardan irqlar va xalqlarning o‘zaro assimilyatsiya jarayoni bo‘lib o‘tgan». Demak, hind va eroniylardan tashkil topgan «hind-eroniy etnik jamoasi» ham shu davrga taalluqli bo‘lishi kerak. Buni ular tillarining o‘zaro yaqinligi, quyosh va ahd muqaddasligi ramzi Mitra xudosi yoxud xos marosimlarda sarmast etuvchi «soma-xaoma» ichimligining iste’mol qilinishi ham dalillaydi. Hind-eroniylar orasida keng tarqalgan «oriy» atamasi, o‘sha davr qabilalari ittifoqida rahbarlik lavozimini egallagan oliy nasabli kishilarga taalluqli bo‘lganligiga ishora qiladi. Mantiqan, bu «tabaqalanish» dan shunday ma’no chiqadiki, oriy atamasi jamiyatda dastlab irqiy emas, balki etnik va ijtimoiy ma’no kasb etgan»[3]. Ayrim zamonaviy tadqiqotlarda oriylar va eroniylarning muayyan davrlarda bir xil ilohlarga sig‘inganligi, diniy manbalari va marosimlarining ham o‘zaro o‘xshash bo‘lganligi ko‘rsatilgan. Va bunday omilga asos sifatida Rigvedaning Avesto matniga yaqin ekanligi ta’kidlangan. Hattoki, til va e’tiqoddagi mushtaraklikdan kelib chiqib, ba’zi nashrlarda qachonlardir har ikki xalq qabilalarining bir yerda yashaganliklariga ishora qilingan. Ha, vedizm va eronliklar diniy e’tiqodida o‘xshash tasavvur va unsurlar bo‘lgan, masalan, jannat, do‘zax, olov kulti va qurbonliklar jarayonining mohiyati borasida. Shuningdek, yana diniy duolar atamalari hamda ilohlar va mifologik personajlar nomida ham.

Diyorimizda istiqlol yillari tariximiz va milliy qadriyatlarimizni tiklash bilan bir qatorda, shuningdek, xorijiy mamlakatlardagi ilmiy-ijodiy merosimizni izlash va to‘plash bo‘yicha ham talay xayrli ishlar amalga oshirildi. Shuning uchun, endilikda ilm va ijod ahli oldidagi dolzarb vazifa – bu qo‘lga kiritilgan madaniy-ma’rifiy boyligimizni yaqin o‘tmish, ya’ni sho‘rolar ma’naviyati talab-taqozolaridan farqli o‘laroq, uning o‘z asl mag‘z-mantig‘i asosida tadqiq va targ‘ib qilishdan iborat. Bunday mavzu «muqaddima»sining ikkinchi bir muhim tomoni shundaki, uzoq muddatli safarlarda kuzatilgan Dehli, Kalkutta, Haydarobod va boshqa o‘nlab qo‘lyozma fondlaridagi forsiy manbalar adadi shu darajada salmoqliki, ular kelgusi avlodlar ilmiy izlanishlari uchun ham shubhasiz bir xazina!

«Hindiston forsiy adabiyoti» tadqiqi tarixi bilan tanishishda   uning  g‘oyaviy jihatdan O‘rta asr Hindistoni «Bhaqtiy va tasavvuf poeziyasi» bilan mushtarak jihatlari hamda o‘ziga xos ishqiy lirikasi haqida so‘z yuritish mumkin. Sir emaski, har bir tarixiy davrda neki ijtimoiy-siyosiy tuzum bo‘lmasin, unda hamisha ilg‘or adabiy-g‘oyaviy yoki ilmiy-tadqiqiy talqinlar tamoyili va mahsuliga ters keluvchi to‘siqlar bo‘lganidek, ularning asl mazmuni va maqsadining qadriga yetuvchi zoti shariflar ham topilgan. Shu bois buyuk ajdodlarimiz qadimdan bashariyatning diniy-falsafiy, adabiy-tarixiy va boshqa sohalarga doir manbalarni o‘rganib, ular haqidagi o‘z fikr-mulohazalarini kelgusi zurriyotlarga yetkazishga harakat qilganlar. Masalan, bu xususda Beruniy va Boburning nainki faqat o‘z xalqi, balki shuningdek, hindistonliklarga ham qoldirgan bebaho asarlari shular jumlasidandir. Aynan shu an’anaga ko‘ra, sobiq sho‘rolar davrida ham milliy ma’naviyat ruhi yo‘g‘rilgan manbalarga nisbatan jiddiy bir munosabat mavjud bo‘lgan sharoitda, ularni saqlab qolish borasida izchil faoliyat ko‘rsatgan ilm-fan fidoyilari bo‘lgan. Aytaylik, shulardan biri – marhum prof. H.Sulaymonov dunyodagi turli qo‘lyozma fondlaridan o‘nlab o‘zbek shoir va nosirlari asarlari borligini aniqlab, ulardan nusxalar ko‘chirib, nodir qo‘lyozma zaxiralarimizni yangi badiiyat namunalari bilan boyitish kabi ishga ulkan hissa qo‘shgan.

Biz so‘zni dastlab moziydan boshlashni ma’qul ko‘rdik. Sababi, faqat hind adabiy jarayonining real tarixi va diniy-falsafiy dunyoqarashlari bilan imkon darajada tanishib, muayyan ma’lumotga ega bo‘lgandan so‘nggina fors tili  badiiyatining azim Himolay tog‘i ortida qanday o‘zlashganligi haqida to‘g‘ri xulosaga kelish mumkin. Aks holda, hindistonlik forsiygo‘y shoirlarning ijodi, ularning g‘oyalari va she’riy san’atdagi mahorati to‘g‘risida gapirish, nazarimizda, majozan, bamisoli yuragi sug‘urib olingan odam anatomiyasi xususida fikr yuritish bilan barobardek! Shuning uchun, muqaddimani qadim hind diniy-falsafiy tafakkurini musulmon dunyosida birinchi bo‘lib sanskrit tilidagi asl manbalardan o‘qib o‘rgangan va ularni o‘z tarjimasi bilan dunyoga tanitgan buyuk Beruniyning Hindistondagi hayoti va ilmiy faoliyatining muxtasar bayonidan boshlaymiz. Faqat shundagina ajdodlarimizning Hindiston xalqlari ilm-fani, madaniyati va xususan, adabiyotiga qo‘shgan hissalari haqida aniq ma’lumotga ega bo‘lamiz. Uning hind fani va madaniyati yuzasidan uzoq yillar olib borgan izlanishlarining mahsuli bo‘lgan mashhur «Hindiston» asari hind aql-zakovati durdonalarini dunyoga targ‘ib qilishda beqiyos manba sifatida tan olinganligi, shubhasiz, haqiqat. Ya’ni hind jamoatchiligining taniqli vakili Hamid Rizo e’tirof etganidek: «O‘rta asr va yangi zamon tadqiqotchilaridan birortasi ham hind madaniyatining chigal masalalarini chuqur ilmiy ruhda tushunishda Beruniyning erishgan yutuqlarini qo‘lga kirita olmagan. Muallifning «Hindiston»i shu yo‘nalishdagi tadqiqotlar tarixida klassik namuna bo‘lib qolishi bilan birga, ijodkor tomonidan hind fani va madaniyatiga qilingan katta tortiq hamdir». Fikrimizcha, asrlar osha hamon o‘z ilmiy ahamiyatini yo‘qotmay kelayotgan mazkur tarixiy manbaga berilgan bu muxtasar, lekin,  mazmunan yuksak bahoning ikki jihati alohida ko‘zga tashlanadi: biri - bu Beruniyning «hind madaniyatiga doir chigal masalalar» muammosini idrok etishdagi daholigi bo‘lsa, ikkinchisi, uning «hind fani va madaniyatiga qilgan tortig‘i» orqali xalqlarimizning fan va madaniyat sohasiga bo‘lgan mushtarak munosabatlarini ilmiy ravishda yuzaga chiqarganligi. Demak, Hindiston forsiyzabon adabiyotini o‘rganishda ham hind va forsiy adabiyotning barobar manfaatdor ekanligini nazarda tutib, mavzuni forsiy va hind xalqlarining umumadabiy merosi nuqtayi nazaridan tadqiq etmoq lozim. Va qolaversa, hatto ma’lum darajada xalqaro ahamiyatga ega bo‘lgan bunday baynalminal ruhdagi badiiy merosni o‘rganish, mustaqillik davri adabiyotshunosligi uchun ham qarz, ham farz. Pirovardida vatandosh ijod ahlining taqdir taqozosi bilan turli ajnabiy yurtlarda yashab ilm-fan, adabiyot va san’at sohasida yaratgan asarlariga nisbatan xalqimiz e’tiborining ortib borayotganligi, ularni targ‘ibu tashviq qilish ko‘lamini ham kun sayin kengaytirishni taqozo qilmoqda. Ana shu jihatdan Hindiston forsiygo‘y shoirlari asarlarining tasavvuf tafakkuriga yaqin bo‘lgan «bhaqtiy» diniy-falsafiy ta’limoti adabiyoti bilan qiyosiy o‘rganilishi ham, nafaqat forsiy va hind she’riyati sarhadlarini kengaytiradi, balki shuningdek, ulardagi mavjud g‘oyaviy, ijtimoiy hamda badiiy mushtarak tomonlarni ochib berishda ham katta ahamiyat kasb etadi. Hind adabiyoti, mo‘tabar manbalarda zikr etilishicha, azaldan o‘zining mahalliy va xorijiy muxlislari qatori dunyo adabiyotshunos olimlarining ham diqqat-e’tiborini jalb qilib kelgan. Lekin, mazkur adabiyot bosib o‘tgan uzoq adabiy-tarixiy jarayonning yana shunday bosqichlari ham borki, ular ayrim obyektiv va subyektiv sabablarga ko‘ra o‘tgan asrning so‘nggi choragiga qadar fanda alohida tadqiqot doirasini tashkil etgan emasdi. Bu hol – avvalo, o‘rta asr hind badiiyatida markaziy mavzu hisoblangan bhaqtiy ta’limoti muhitida vujudga kelgan Hindiston forsiyzabon adabiyotiga taalluqlidir.

Salkam o‘n asr (X-XIX) mobaynida o‘z bag‘rida Amir Xusrav Dehlaviy, Najmiddin Muhammad Kohiy, Fayziy, Bayramxon va Abdurahim xoni xononlar, Urfiy Sheroziy, Naziriy, Tolib Amuliy, Mirzo Abdulqodir Bedil va Zebunnisobegim kabi yuzlab betakror ijod ahlini mahorat mezoniga etkazgan hind   turkiy va forsiy so‘z san’ati, ma’lum darajada, forsiy  she’riyatning mahalliy adabiy muhitga kirib kelishiga ham sharoit yaratdi, deyish mumkin. Chunki, turkiygo‘y shoirlarning aksariyati o‘z tillari qatori ayni vaqtda forsiyda ham qalam surganlar. shu sababdan ham «ikki tilli ijodkorlarning nomi» bizgacha tazkiralar orqali yetib kelgan. Demak, forsiy va turkiyzabon adabiyotlar tarixidagi bunday an’anaviy uzviylik Hindistonda ham o‘z ibtidoiy tabiatiga sodiq qolgan. Shuningdek, mazkur har ikki badiiyatning xorijdagi taqdirida tarix yoki tasodif bois yana shunday bir «o‘zaro bog‘liqlik» borki, bu quyidagi omillarga asoslangan: a) yuqorida aytganimizdek, avvaliga G‘arb adabiyotshunoslari fikricha, «hind forsiyzabon she’riyati o‘z asliga nisbatan original emas»ligi uchun (Xusrav Dehlaviy ijodidan mustasno!) maxsus tadqiq etishga loyiq topilmagan»[4]; b) keyinchalik – davr o‘tishi bilan o‘z navbatida turkiy nazm ham, «ba’zi mutaxassislar» tomonidan forsiyzabon adabiyotga qiyosan ayni shu qismatga «mahkum» etilgan[5]. Muqaddam qayd qilingan Hindiston forsiyzabon adabiyotining tadqiqoti bilan bog‘liq masalalar, nihoyat, o‘tgan asrning 70-80- yillarining oxiriga kelib fanda aktuallik xususiyatini kasb eta boshladi. Bu jihatdan 1966-yili S.Azimjonovaning kirish so‘zi bilan «Boburning hind devoni» matnining e’lon qilinishi, so‘ngra H.Sulaymonovning tashabbusi bilan Hindistonga uyushtirilgan ekspeditsiya materiallari yuzasidan chop etilgan risola va maqolalar bu dolzarb mavzuning yaxlit tadqiqoti uchun debocha bo‘ldi desak, mutlaqo yanglishmaymiz. Yaqin o‘tmishgacha fan olamiga noma’lum ayrim shoirlarning ijodi, bordi-yu «Boburiylar davrida Hindistonga borgan allomalar bilan birga keltirilgan qo‘lyozma kitoblar» jumlasiga kirgan taqdirda ham, ularning nima sababdan hind diyorida besh asrdan ziyod bezavol umr ko‘rib kelayotganligi haqidagi haqqoniy savolga ertami-kechmi adabiyotshunosligimizdan javob izlanishi tabiiy edi. Binobarin, hindistonlik forsiy qalam sohiblari ijodiy merosining mustaqil mavzu maqomida yuzaga chiqarilishidan maqsad, xalqimizning xorijiy mamlakatlar bilan asrlar osha o‘rnatgan va mustahkamlab kelayotgan adabiy aloqalari amaliy natijalarining navbatdagi namunasi sifatida targ‘ib qilishdir.

Biz bu masala yuzasidan tadqiqot olib borishda asosiy e’tiborni mantiqiy tayanch sifatida Hindiston omiliga qaratdik. Chunki forsiy nazmning hind adabiyoti sirasiga kirishi masalasini o‘sha davr mahalliy diniy-falsafiy ta’limotlari asosidagi adabiy jarayondan ayri holda tadqiq etilishi, «yangi forsiy badiiyat»ga o‘zlashib ulgurgan ijodiy muhit va g‘oyaviy mushtaraklikka soya solishga intilish bo‘lar edi. Shuning uchun forsiy she’riyatning hind adabiyoti dargohiga tashrifi borasidagi tahlilimizda turli falsafiy ta’limotlardan tortib, to ijtimoiy-madaniy hayot masalalari tahliliga qadar keng o‘rin berildi. Va fikrimizcha, mana shunday mantiqqa yetarli ahamiyat berilgan taqdirdagina, ushbu tadqiqning mavjud ilmiy nashrlarga nisbatan qamrovi va o‘ziga xos xususiyati nimada ekanligini his qilish mumkin. Yana, XV-XIX asr Hindiston forsiyzabon adabiyoti xususidagi izlanishlarda, adabiy aloqalarimiz tarixi va uning natijalarini aniqlash hamda tiklash asnosida «hind-musulmon madaniyati» dagi an’anaviy hind, fors va arab kabi turkiy unsurlar masalasini maxsus o‘rganishga ham alohida e’tibor berilsa, maqsadga muvofiq bo‘ladi. Bundan maqsad, o‘z davri nuqtayi nazarida baynalminal xarakterdagi – Maxatma Gandi ta’riflagan «Ikki din – bir millat » madaniy merosining boburiylar sulolasi davrida qanday bashariy ma’no kasb etganligini ilmiy asosda teran anglab yetish. Aslida, jamlangan ma’noda, forsiy til qadimdan nihoyatda keng tarqalgan bo‘lib, uning tarixida turli siyosiy voqea yoxud iqtisodiy va madaniy aloqalar sababli o‘z hududi sarhadlaridan o‘tib boshqa o‘lka va hatto mintaqalarda o‘zlashib qolgan hollari ko‘p uchraydi.

 So‘nggi ming yillik mobaynida hind adabiy muhitiga kirib kelgan xorijiy   fors tili hamda adabiyoti o‘z davri shart-sharoitiga ko‘ra, aytish mumkinki, mahalliy muhitda undi, o‘sdi va unga o‘zlashdi.

 Forsiy adabiyot bir xil davr, bir xil ijtimoiy-siyosiy tuzum, bir xil madaniyatga mansub bo‘lsa-da, ularning hind tuprog‘ida qaror topishi forsiy adabiyot vatani bo‘lgan mamlakatlarning Hindiston bilan muayyan davrlarda olib borgan savdo-iqtisodiy va madaniy aloqalarining nasib etgan taqdiridagina yuz beradigan mantiqiy davomi – natijasi edi. Holbuki, tarixan u yoki bu ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘tmish munosabatlarining mevasi doim ham mushtarak fan, san’at va adabiyot ko‘rinishida namoyon bo‘lavermagan.

Ma’lumki, har bir adabiyotning o‘z ijod ahli bo‘lgani kabi, uning taqdirida azaldan berilgan o‘z umri va qismati ham bo‘ladi. Balki bir qarashda, bunday dunyoviy - ilmiy tahlil masalasiga go‘yo «taqdiri ilohiy»ning dahli yo‘qdek ko‘rinishi mumkin, biroq, odatda xuddi ana shu omilni inobatga olmaslik kishini ko‘pincha haqiqatdan uzoqlashtiruvchi savollar xurujiga duchor qiladi. Shuning uchun bu kabi voqelik asoslarini o‘rganishda, e’tiborni dastavval sharqona adabiy tafakkurning an’anaviy jihatlariga qaratilgani yaxshi. Sirasini aytganda, mustaqillik davrigacha masalaning bu tarafiga noiloj e’tibor bermaslik oqibatida «turfa adabiy tafakkurdagi yagona go‘zallik», «yagona adabiy tafakkur qobig‘idagi turfa go‘zallik»ka aylanib qolgan edi.

 Hind xalqining g‘ururiga aylangan Amir Xusrav Dehlaviy, Fayziy va Bedildek buyuk shoirlarni yetishtirgan forsiyzabon adabiyoti rolini o‘ziga olganligida, deb biladi. Kim bilsin, balki ushbu mutaxassis ko‘zi bilan qaraganda, forsiyzabon va ingliz adabiyotining Hindistondagi «taqdiri» - tutgan o‘rni va mohiyatida shunday o‘xshashlik bordir? Yoki muallifning o‘z asarida ta’riflaganidek, «Hindistonda yangi adabiyotning paydo bo‘lishi mamlakatni zabt etganlarning zabt etilganlarga o‘tkazgan madaniyatining ta’siri oqibati»dir? Ammo shunisi ham borki, tadqiqotchi, mavzu tahliliga kirishishdan ilgari, Amir Xusrav Dehlaviydek siymoning qaysi davrga taalluqli ekanligi hamda Movarounnahr, Eron va Hindiston xalqlarining o‘ziga xos sharqona tafakkuri va tarixiy-adabiy aloqalari kabi e’tiborga olinishi zarur bo‘lgan muhim omillarni nazardan qochirgan ko‘rinadi. Demak, adabiy aloqalar va ular tufayli vujudga kelgan yangi adabiyotning u yoki bu mamlakat madaniyatida tutgan o‘rniga baho berilganda, diqqatni faqatgina uning jug‘rofiy ahamiyati yoki ijtimoiy-siyosiy mohiyatiga emas, balki avval e’tiborni bu jihatning tarixiy asosiga qaratish zarur, aks holda, voqelik zanjirining birorta xalqasi uzilishi bilan tarixiy uzviylikka putur yetib, masala o‘z ma’nosini yo‘qotadi. Endi «o‘zga til muhitidagi muhojir adabiyot qaysi xalqqa mansub deb sanalishi va qanday o‘lchovlar bilan belgilanishi kerak?» yoki, «muhojir adabiyot qay darajada milliy va qay darajada mahalliy hisoblanadi?» kabi tug‘ilishi mumkin bo‘lgan savollarga kelsak, bizning tushunchamizda, ularga munosib javob sifatida sharq xalqlari adabiyoti tarixida tajribadan o‘tgan bir-ikki misolni keltirishning o‘zi kifoya. Masalan, deyarli bir umr Bag‘dodda yashab ijod etgan buyuk Ozarbayjon shoiri Fuzuliy yoki aytaylik, Hirot muzofotida tavallud topib, asosan Xuroson hududida hayot kechirgan – o‘zbek adabiy tili va mumtoz adabiyotining asoschisi Alisher Navoiyning asarlariga «mahalliy yoki muhojir» ma’nosida munosabatda bo‘lish, bu siymolarning insoniy ezgulikni ilohiy e’tiqod me’rojiga ko‘targan ruhi pokiga mutlaqo zid! Binobarin, tadqiqotda zikr etilgan forsiygo‘y shoirlar orasidagi ayrim tarjimai holi aniq bo‘lmagan ijodkorlar merosi ham, ta’bir joiz bo‘lsa, asrlar osha hamon hind qo‘lyozma kitoblari javonidan o‘z o‘rnini yo‘qotmagan “muhojir adabiyot”ning mahalliy manbalaridir! Xullas, forsiyda bitilgan devonlar, bayozlar, turkiy-forsiy lug‘atlar ham o‘zining g‘oyaviy-badiiy va ijtimoiy qiymati bilan, xuddi hindistonlik me’mor Ahmad Lohuriy, samarqandlik chizmakash Muhammad Sharif, buxorolik usta Ota Muhammadlarning bevosita ishtirokida bunyod etilgan Toj-mahal yoki Movarounnahr, Eron va Xuroson qilqalam san’ati sohiblarining hamkorliklari evaziga shuhrati dunyoga tanilgan «Hind miniatyura maktabi» kabi turli millat va diniy e’tiqodga mansub ijodkorlar yaratgan «hind-musulmon madaniyati» majmuiga kiradi. Akad. A.Mirzoyev «Sharqshunoslarning XXVI xalqaro konferensiyasi»da qilgan ma’ruzasida «tarix va adabiyot tarixi»ga doir ilmiy ishlarida Movarounnahr va Hindiston o‘rtasidagi adabiy aloqalarga umuman ahamiyat berilmayotir» deya, o‘tgan asrning 60-yillari sobiq ittifoqda adabiy aloqalarni o‘rganish masalasi qanday ahvolda ekanligini ko‘rsatib bergan edi. Ammo anjumandan so‘ng, nisbatan qisqa muddat ichida S.Azimjonova tomonidan «Boburning «Hind devoni»ning mufassal tavsifi bilan chop etilishi «Hindiston va Movarounnahrning adabiy aloqalar tarixi» mavzuida chindan ham katta voqea bo‘ldi. Olima Boburning ilmiy, siyosiy, ijtimoiy faoliyatiga bag‘ishlangan o‘z izlanishlarida, markazlashgan boburiylar davlatining barpo bo‘lishi O‘rta Osiyo va Hindiston xalqlari madaniyatining o‘zaro yaqinlashuviga olib kelganligini haqqoniy ravishda isbotlab berdi. Yoki Alisher Navoiyning «Mezon ul-avzon» asaridan so‘ng o‘zbek aruzi haqida yozilgan ikkinchi yirik ilmiy risola «Muxtasar» faksimilining 1971- yil nashr qilinishi keyinchalik Boburning «Aruz risolasi» asarining yozilishiga sabab bo‘ldi; Abu Rayhon Beruniy nomli O‘zbekiston FA sharqshunoslik instituti ilmiy xodimlari nashrga tayyorlagan «O‘rta Osiyo va Hindiston xalqlari madaniy aloqalari tarixidan» to‘plamida Hindistonda yashagan forsiy hamda turkiygo‘y shoirlar hayoti va ijodi haqida talay ma’lumotlar keltirildi. Prof. I.Nizomiddinovning «Madaniy hamkorligimiz sahifalaridan» nomli risolasi o‘quvchilarni ellikdan ortiq Hindistonda ijod etgan o‘rta osiyolik xattot, musavvir va shoirlarning faoliyati bilan tanishtirdi. Muarrix o‘zining «XVI asrdan XX asr boshlarigacha bo‘lgan davrda O‘rta Osiyo va Hindiston o‘rtasidagi madaniy aloqalar» asarida «Nafois al-maosir» hamda «Tizkirai majma al-havvas» singari qo‘lyozma manbalar asosida hindistonlik forsiygo‘y qalam sohiblari ijodiga aloqador ba’zi qimmatli faktlarni keltirgan. R.Inomxojayevning «XVI asr Hindiston adabiy hayotida turkiy-forsiy ikki tillilik» monografiyasida o‘n beshdan ziyod hindistonlik forsiygo‘y shoirlarning adabiy faoliyati XVI-XVII asrlarning birinchi choragigacha bo‘lgan deyarli bir asrlik muddatni qamraganligi bayon qilingan. Muallifning ta’kidlashicha, bu davrga taalluqli Manzariy Samarqandiy,  Mir Mahmud Mahviy, Ulfatiy, Yazdiy, Tazarviy Abhariy, Forig‘iy, Sheroziy, Fahmiy Qazviniy, Navidiy, Siyakiy kabi shoirlar ijodiy kamoloti, muayyan darajada Bayramxonning rag‘bati va xomiyligi bilan bog‘liq bo‘lgan. 

 Hindistondan topilgan qo‘lyozmalar ro‘yxati qo‘limizdagi manbalar bilan cheklanmaydi. Ya’ni, marhum prof. A.Abdug‘afurovning Buyuk Britaniyadagi «Indian Offis» fondi qo‘lyozma nusxalari tahliliga bag‘ishlangan maqolalari  forsiy manbalar xazinasini yanada chuqur va izchil o‘rganishga da’vat qiladi.

Adabiyotlar:

1.Алиев Г.Ю. Персоязьичная литература Индии.- М.:  Наука, 1968. – 96 с.

2.Афанасий Никитин. Хождения затри моря. -М-Л.: Наука, 1986. – 72 с.

3.Низомиддинов Н. Бобурийлар даври Ҳиндистон туркий тили ва адабиёти. -Тошкент, 2010. 651-б.

4.Қудратуллаев Ҳ. Бобурнинг давлатчилик сиёсати ва дипломатияси. -Т.: Шарқ, 2011. – Б. 349-350.

 
Xorijiy filologiya jurnali tahrir ha'yati