ILOVA KONSTRUKSIYALARINING SHAKLIY, MAZMUNIY VA KOMMUNIKATIV XUSUSIYATLARI (NEMIS TILI MISOLIDA)

Hozirgi davr tilshunosligida nemis tili ham boshqa zamonaviy tillar singari murakkab tizim sifatida o‘zida turli darajadagi sintaktik va kommunikativ hodisalarni mujassamlashtiradi. Tilning ekspikativ [ochiq ifodaviy] va implikativ [yashirin ma’noviy] yo‘nalishlari nafaqat dialogik, balki monologik nutqda ham o‘z ifodasini topadi. Shu boisdan gapning funksional modellarini shakllantiruvchi turli sintaktik birliklar, shu jumladan, ilova hodisasini o‘rganish muhim ilmiy zarurat sifatida namoyon bo‘ladi. Manbalarda bu hodisaning mazmun-mohiyati va o‘zaro chegarasi ko‘p hollarda aniq belgilab berilmagan. Bu hol, o‘z navbatida, ilova hodisasining sintaksisning shu kabi boshqa hodisalarga ma’lum jihatdan yaqinlashib ketishi, hatto ba’zan bir-biriga o‘tib ketishi bilan izohlanadi. Natijada ushbu sintaktik hodisalar o‘rtasidagi chegarani aniqlash muayyan ilmiy qiyinchiliklarni yuzaga keltiradi.

I.N. Kruchinin [5] va V.D. Devkin [4]ning fikrlariga ko‘ra, ilova hodisasi – bu gapning alohida, nisbatan mustaqil bo‘lagi sifatida nutqda ajralib chiqadigan, o‘ziga xos kommunikativ yuklamaga ega bo‘lgan birlikdir. Bunday birliklar gapning umumiy mazmuni bilan semantik aloqada bo‘lib, struktur jihatdan esa, undan nisbatan mustaqil tarzda mavjud bo‘ladi. Shu jihatdan, ilova konstruksiya gap tuzish tamoyili sifatida fikrning erkin, ammo semantik jihatdan asosiy ifoda bilan uzviy bog‘langan qismini yuzaga keltiradi [4; 78–79-b.].

Nemis tilidagi ilova konstruksiyalarini tahlil qilish ularning shakliy, mazmuniy va kommunikativ xususiyatlarini chuqur o‘rganish imkonini beradi. Xususan, bu konstruksiyalar:

shakl jihatdan – gapdan keyingi joylashuv, intonatsion pauza, maxsus bog‘lovchi birliklar yoki kiritma so‘zlar orqali ifodalanadi;

mazmun jihatdan – aniqlashtirish, to‘ldirish, izohlash yoki ta’kidlash kabi semantik vazifalarni bajaradi;

kommunikativ jihatdan – nutqning informatsion tuzilmasini boyitadi, gapning tema-rema munosabatini kuchaytiradi va muloqotning pragmatik ta’sirini oshiradi.

Shu bilan birga, leksik takror shaklidagi ilova (ya’ni izohlovchi yoki qo‘shimcha ilova) nutqda emotsionallik, ekspressivlik va stilizatsiya (muayyan uslubiy tus berish) kabi qo‘shimcha ma’no qatlamlarini ifodalaydi. U gapga qo‘shimcha axborot yuklaydi va shu orqali asosiy ifoda bilan semantik bog‘lanishning muhim vositasi sifatida xizmat qiladi [1; 182–183-b.]. Mazkur shakl nutqdagi hissiy ta’sirchanlikni kuchaytiradi, ifodaning tabiiyligini oshiradi hamda tinglovchi e’tiborini zarur joyda jamlashga yordam beradi.

Zamonaviy lingvistik tadqiqotlarda sintaktik birliklarning grammatik va semantik tuzilishi bilan bir qatorda ularning kommunikativ-pragmatik vazifalari ham muhim o‘rin tutadi. Gapning informatsion tuzilmasi, tema va rema munosabatlari hamda ilovali elementlarning nutqdagi o‘rni shu yo‘nalishda alohida tahlil qilinmoqda. Shu ma’noda, ilova konstruksiyalari asosiy ifoda va ilovali element o‘rtasidagi semantik hamda kommunikativ bog‘liqlikni ifodalaydigan murakkab sintaktik butunliklar bo‘lib, fikrni aniqlashtirish, kengaytirish yoki izohlash orqali axborotning to‘liqligini ta’minlaydi. Mazkur holatda ilova tushunchasi mavjud manbalardagi talqinlarga nisbatan torroq ma’noda izohlanib, gapning o‘ng tomonida ajratib keltirilgan barcha shakllarni emas, balki barqaror strukturaviy tiplarni qamrab oladi. Bunday yondashuv ilova hodisasini sintaktik va kommunikativ jihatdan aniq chegaralashga, uni intonatsion, grammatik va semantik omillar bilan uzviy bog‘liq holda tahlil etishga imkon beradi. Shu asosda, maqolada ilova konstruksiyalarining shakliy, mazmuniy va kommunikativ xususiyatlari nemis tili materiali asosida o‘rganilib, ularning sintaktik vazifasi va kommunikativ-struktur funksiyasi aniqlanadi.

Til birliklarini nafaqat grammatik, balki mazmuniy va pragmatik imkoniyatlari nuqtai nazaridan o‘rganish muhimdir. Chunki kommunikativ jarayonda so‘zlovchi va tinglovchi o‘rtasidagi axborot oqimi aynan ilovali strukturalar orqali aniqlik, izoh va ta’kid vositalari bilan boyitiladi.

Ushbu yondashuvga ko‘ra, ilovali element oldingi gap (asosiy ifoda) tarkibida mustaqil sintaktik funksiya bajarmaydi. Shu sababli, ular ajratilgan konstruksiyalar doirasida talqin qilinadi. Biroq, ilovali elementlar tushirib qoldirish asosida hosil bo‘lgan, grammatik jihatdan qisqargan, ammo gap qiymatiga ega ifodalar bo‘lib, ular sintaktik jihatdan ham asosiy ifoda bilan uzviy bog‘langan bo‘ladi [7; 70–72-b.].

Ilova konstruksiyasida turli fakultativ birliklar ishtirok etishi mumkin. Masalan:

  1. Ma’no kuchaytiruvchi yuklamalar: Büttner verlangte sein Ehrenwort, und zwar bei Gott, der alles sehe, daß er das allein ausgerechnet habe. (Daniel Kehlman. Die Vermessung der Welt. S. 54)

Schaller gründete eine Existenz, er schaffte einen Arbeitsplatz, nämlich für sich selbst. (Juli Zeh. Unterleuten. S. 63)

  1. Attributiv sifatlar: Gauß solle es mit nach Hause nehmen und durchsehen. Und zwar vorsichtig. (Daniel Kehlman. Die Vermessung der Welt. S. 54)

Da wolle er lieber gleich sagen, wie die Aktien in Unterleuten stünden. Nämlich schlecht. (Juli Zeh. Unterleuten. S. 173)

  1. Qaratqichli aniqlovchi: Es kämen große Tage, sagte Humboldt. Vom Orinoko zum Amazonas. Ins Innerste des Landes. (Daniel Kehlman. Die Vermessung der Welt. S. 76)
  2. Predlogli aniqlovchi: Nein, widersprach der Jüngere. Mit Seele. (Daniel Kehlman. Die Vermessung der Welt. S. 21)
  3. Nisbiy gapli aniqlovchi: Einige hatten sich Fräcke auf die Körper gemalt, andere Uniformen, die sie selbst nie gesehen haben konnten. (Daniel Kehlman. Die Vermessung der Welt. S. 127)
  4. Predikativ aniqlovchi: Erst in den frühen Morgenstunden nickte Humboldt schweißnaß, mit brennenden Augen und vom Rauch wirren Gedanken ein. (Daniel Kehlman. Die Vermessung der Welt. S. 121)
  5. Sifat-hol: Er wisse es nicht, sagte Bonpland. Vielleicht ein Leben lang. Vielleicht länger. (Daniel Kehlman. Die Vermessung der Welt. S. 193)
  6. Erkin adverbial ifodalar: Er wiederholte den Satz, damit Gomez mitschreiben konnte. Außerdem sei es ratsam, die Anlagen zu erneuern. (Daniel Kehlman. Die Vermessung der Welt. S. 195)
  7. Ikkilamchi valentliklar: Eugen gab ihm seinen Passierschein: ein Zertifikat des Hofes(Daniel Kehlman. Die Vermessung der Welt. S. 9)

Ba’zi hollarda, ilova konstruksiyada yuz beradigan grammatik o‘zgarish (masalan, boshqa fe’l shaklini tanlash) tufayli majburiy sintaktik funksiyalar ham ilova tarkibida namoyon bo‘lishi mumkin:

Ein Schützling von ihm, der an einem Gerät arbeite,. (Daniel Kehlman. Die Vermessung der Welt. S. 14)

Demak, yuqoridagi misollar ilova konstruksiyalar tarkibida turli fakultativ birliklar ishtirok etishini ko‘rsatadi. Ular grammatik jihatdan asosiy ifodadan ajralgan bo‘lsa-da, mazmunan uzviy bog‘liq bo‘lib, matnda aniqlik, izoh, kuchaytirish yoki emotsional ta’sir berish kabi kommunikativ vazifalarni bajaradi.

Masalan, Büttner verlangte sein Ehrenwort, und zwar bei Gott, der alles sehe, daß er das allein ausgerechnet habe misolida und zwar kuchaytiruvchi yuklama sifatida asosiy fikrni aniqlashtiradi va so‘zlovchining talabini emotsional urg‘u bilan ifodalaydi.

Schaller gründete eine Existenz, nämlich für sich selbst misolida nämlich asosiy fikrni aniqlashtirib, harakatning yo‘nalishini ochadi va matnga izohlovchi hamda kuchaytiruvchi yuklama beradi.

Gauß solle es mit nach Hause nehmen und durchsehen. Und zwar vorsichtig misolida vorsichtig mustaqil ilova bo‘lib, fe’lga semantik to‘ldiruvchi sifatida xizmat qiladi.

Da wolle er lieber gleich sagen, wie die Aktien in Unterleuten stünden. Nämlich schlecht misolida nämlich asosiy fikrni (aksiyalar holati yomonligini) kuchaytirib, baholovchi ohang beradi.

Es kämen große Tage, sagte Humboldt. Vom Orinoko zum Amazonas. Ins Innerste des Landes misolida esa ilova große Tage birikmasining mazmunini kengaytirib, matnga obrazlilik bag‘ishlaydi.

Erst in den frühen Morgenstunden nickte Humboldt schweißnaß, mit brennenden Augen und vom Rauch wirren Gedanken ein misolida predlogli aniqlovchilar subyekt holatini tasvirlab, emotsional tus beradi.
Einige hatten sich Fräcke auf die Körper gemalt, andere Uniformen, die sie selbst nie gesehen haben konnten misolida nisbiy ilova Uniformen otini izohlaydi va matnga tushuntirish ohangini kiritadi.

Er wisse es nicht, sagte Bonpland. Vielleicht ein Leben lang. Vielleicht länger misolida sifat-adverbial ilova so‘zlovchining noaniqlik va taxmin ohangini bildiradi.

Er wiederholte den Satz, damit Gomez mitschreiben konnte. Außerdem sei es ratsam, die Anlagen zu erneuern misolida außerdem asosiy fikrga qo‘shimcha sabab va tavsiya kiritadi.

Eugen gab ihm seinen Passierschein: ein Zertifikat des Hofes… misolida ikki nuqtadan keyingi qism asosiy birikmaning aniqlovchisi sifatida kelib, qisqargan, ammo mazmunan to‘liq gap qiymatiga ega.

Ein Schützling von ihm, der an einem Gerät arbeite, … misolida esa nisbiy ilova fe’l shaklining o‘zgarishi orqali kuchaytirilgan bo‘lib, sintaktik jihatdan majburiy komponentga aylangan.

Bir soʻz bilan aytganda, ilova konstruksiyalari turli grammatik shakllarda namoyon bo‘lsa-da, ularning barchasiga asosiy ifoda bilan mazmuniy bog‘liqlik xosdir. Ular nemis tilida fikrni aniqlashtirish, kuchaytirish va izohlash vositasi sifatida xizmat qilib, nutqning emotsional hamda kommunikativ ta’sirchanligini oshiradi.

Ilova tarkibidagi barcha ifodalar asosiy ifodaning grammatik tuzilishiga mos bo‘lishi kerak. Ularni asosiy gap tarkibiga qo‘shish mumkin, bunda grammatik to‘liqlik buzilmaydi. Agar ilova tarkibida aniqlovchilar mavjud bo‘lsa, ular asosiy ifodadagi tegishli bog‘lovchi element bilan aniqlovchi munosabat hosil qiladi – bu hodisaning muhim belgilaridan biridir. Erkin adverbial ilovalarda esa, bu munosabat butun asosiy ifoda bilan ilovali element orasida yuz beradi.

Ilovali element odatda und zwar (1, 2) yoki nämlich kabi izohlovchi birliklar yordamida kiritiladi. Ba’zan vielleicht, außerdem (7, 8) kabi daraja yoki modal so‘zlar ham ishlatiladi, bu esa ilovaning elliptik xususiyatini ko‘rsatadi. Shu bois, atributiv ilovalarda bog‘lovchi element orqali aniqlovchi munosabat yuzaga keladi (3, 4, 5, 6), erkin adverbiallarda esa bu munosabat butun asosiy ifoda bilan o‘rnatiladi (7, 8). Biroq koordinatsiya qisqarishidan hosil bo‘lgan barcha ifodalar ilova sifatida talqin qilinavermaydi; bu chegarani belgilovchi qat’iy mezon yo‘q (9).

Ilova odatda gapning oxirida, postpozitsion qismda joylashadi, atributiv turlarda esa, asosiy ifodaning yadrosi ortidan keladi. Ba’zan ular orasiga qo‘shimcha gaplar kiritilishi mumkin. Morfologik jihatdan ilova o‘zining asosiy gapdagi sintaktik roliga mos kelishikda ifodalanadi.

Ilova konstruksiyalari asosiy ifodani kengaytiruvchi yoki aniqlashtiruvchi vazifani bajaradi. Intonatsion jihatdan ular pauza bilan ajraladi va har ikki qism – asosiy ifoda ham, ilovali element ham – rematik urg‘uga ega bo‘ladi. Und zwar yordamida kiritilgan birliklar odatda pasayuvchi ohangda talaffuz qilinadi.

Ilovali element rematik xarakterga ega bo‘lib, yangi ma’lumotni bildiradi. Shu sababli, u qo‘shimcha ma’lumot kiritishning qulay sintaktik vositasidir. Bunday hollarda sodda ravishlar, kuchaytiruvchi yuklamalar yoki erkin adverbial birliklar ilova konstruksiya tarkibiga oson qo‘shiladi. Ularni gap oxiriga surish yoki kirish birliklari bilan kiritish grammatik jihatdan maqbul bo‘lib, ular aniqlashtirish vazifasi bilan chambarchas bog‘liqdir [7; 102-b.].

Shunga qaramay, nämlich birikmasi har doim ham aniq xulosaga olib kelmaydi. Agar ilova konstruksiya tarkibida aniqlashtiruvchi ifoda mavjud bo‘lsa va asosiy ifoda tarkibida u bilan ma’nodosh yoki unga bog‘liq unsur mavjud bo‘lsa, nämlich yordamida kiritilgan element ilova sifatida talqin qilinishi mumkin.

Streng genommen hatte Arne während seiner gesamten Amtszeit nur ein einziges Projekt realisiert, nämlich den Bau einer Trinkwasserversorgungsanlage, welche Unterleuten die Unabhängigkeit vom Plausitzer Zweckverband sicherte. (Juli Zeh. Unterleuten. S. 136)

Ilovali elementlar, agar ularni kommunikativ funksiyasi nuqtai nazaridan qarasak, V.V. Babaytseva [2; 74-b.], A.F. Priyatkina [6; 156-b.] va boshqalar ta’kidlaganidek, har doim asosiy ifodadan farq qiladigan yangi fikrni – remani – ifodalaydi. Shu bois, fikrning ilovali qismida avvaldan bayon etilgan ma’lumot takrorlanmaydi; u doimo yangi, qo‘shimcha va dolzarb ma’noni aks ettiradi. Masalan, nämlich yordamida kiritilgan ilovali element asosiy ifodadagi Projekt leksemasini aniqlashtirib, unga qo‘shimcha belgi – ya’ni loyihaning xususiyati va ahamiyatini – yuklaydi. Shu jihatdan, ilovali element konkretlashtiruvchi va baholovchi kommunikativ funksiyani bajaradi. Baholovchi funksiyada ilova konstruksiyalarning sermahsullik sababi esa, voqealar mazmunini muallif kuzatuvi ta’siri ostida tasvirlashdan iborat bo‘lgan fikrning janr (uslubiy) o‘ziga xosligidadir. Bu esa, baholovchi ilova konstruksiyalarning muallif gapi tarkibida ancha keng ko‘lamda namoyon bo‘lishi, gavdalanishi va tasvirlanishiga asos bo‘ladi [3; 50-b.]. O‘rganilayotgan nemis tilidagi matnlarning umumiy xususiyati shundan iboratki, ular, birinchi navbatda, tinglovchiga axborot yetkazish va ta’sir o‘tkazish zarurati bilan bog‘liq bo‘lgan qo‘shimcha xabarni aks ettiruvchi, alohida urg‘u berilgan ilova konstruksiyalarining ko‘p uchrashi bilan ajralib turadi. Shu nuqtai nazardan, ushbu pragmatik xususiyatga ega bo‘lgan ilova konstruksiyalarning muallif so‘zlari bilan berilgani bejiz emas [3; 48-b.]. Biroq erkin ifodalanuvchi kirish birliklarini ilova konstruksiya oxirida qo‘llash, ya’ni ularni gap oxirida joylashtirish ko‘p hollarda grammatik jihatdan maqbul emas, chunki bunday holatlarda ilova bilan asosiy ifoda o‘rtasidagi aniqlashtiruvchi munosabat haddan tashqari qat’iy shaklda namoyon bo‘lib, bu esa ilova konstruksiyasining ichki tuzilishi va uning erkin kommunikativ xususiyati bilan zid keladi.

Er wusste, wann man „alternativlos“ und „Sachzwang“ sagen musste, nämlich in jedem zweiten Satz. (Juli Zeh. Unterleuten, S. 98)

Da durchfuhr ihn ein kalter Schreck. Plötzlich erkannte er, worum es tatsächlich ging – nämlich um alles. (Juli Zeh. Unterleuten, S. 412)

Mazkur misollarda nämlich yordamida kiritilgan ilovali elementlar asosiy ifoda bilan bevosita semantik aloqada bo‘lib, ularning aniqlashtiruvchi va kuchaytiruvchi vazifasini bajaradi. Biroq, bunday birliklar sintaktik jihatdan noaniq joylashtirilsa yoki intonatsion ajratish noto‘g‘ri bo‘lsa, asosiy fikrning kommunikativ markazi buziladi. Natijada, ilova orqali berilayotgan ma’lumotning aniqlik darajasi pasayadi va butun gapning ma’noviy hamda intonatsion yaxlitligi izdan chiqadi.

Shuningdek, und zwar birikmasi yordamida hosil qilingan ilovalar ham xuddi shunday holatni namoyon etadi. Ular ko‘pincha aniqlik kiritish, kuchaytirish yoki izoh berish maqsadida ishlatiladi.

Der Schmerz machte ihr nichts aus, im Gegenteil begrüßte sie ihn als Beweis dafür, dass sie das Richtige tat, und zwar mit vollem Einsatz. (Juli Zeh. Unterleuten, S. 29)

Ohne Schnee erzählt das Flurstück unablässig von Verwüstung und Vernachlässigung. Ein ständiger Imperativ, alles in Ordnung zu bringen, und zwar schnell. (Juli Zeh. Über Menschen, S. 9)

Bu misollarda und zwar birikmasi yordamida kiritilgan ilovalar asosiy fikrga aniqlik va emotsional kuch bag‘ishlaydi. Ular fikrni to‘ldiruvchi, aniqlashtiruvchi yoki ta’kidlovchi vazifani bajaradi.

Shu bilan birga, bunday birliklar gapning noaniq sintaktik pozitsiyasiga joylashtirilganda, ularning aniqlashtiruvchi funksiyasi zaiflashadi. Natijada butun konstruksiyaning kommunikativ yaxlitligi buziladi. Shu bois, ilova konstruksiyalarida kirish birliklarining joylashuvi qat’iy sintaktik va intonatsion me’yorlarga bo‘ysunadi. Ularning asosiy vazifasi – asosiy fikrni aniqlashtirish, emotsional kuchaytirish va izoh berish orqali nutqning kommunikativ samaradorligini oshirishdan iboratdir.

Natijada, kirish birliklari va aniqlovchi qo‘shimchalar ishlatilganda, quyidagi cheklovlarga rioya qilish zarur:

  1. Ular hech qachon o‘zlari mustaqil ravishda konstruksiyaning turini aniqlab bera olmaydi.
  2. Har doim boshqacha talqin qilish ehtimoli inobatga olinishi lozim.
  3. Intonatsion belgilar barqaror saqlanishi kerak.
  4. Kirish birliklarining qo‘shilishi natijasida yuzaga keladigan sintaktik o‘zgarishlar ehtiyotkorlik bilan kuzatib borilishi lozim [7; 102-b.].

Yakuniy ilmiy xulosalarga faqat kirish iboralar va ularning kommunikativ rolini sintaktik, semantik va pragmatik jihatdan batafsil tahlil qilgandan so‘nggina erishish mumkin; bu esa, ilova konstruksiyalarining nemis tili sintaksisidagi murakkablik va stilistik imkoniyatlarni ochib beradi.

Nemis tilida ilova konstruksiyalari nutqning muhim sintaktik vositasi bo‘lib, matnning shakliy tuzilishi, mazmuniy aniqligi va kommunikativ ta’sirchanligini ta’minlaydi. Shakliy jihatdan ular mustaqil intonatsion birlik sifatida ajralib, ko‘pincha pauza, vergul yoki tire bilan belgilanadi; sintaktik mustaqillikka qaramay, semantik jihatdan asosiy ifoda bilan bog‘liq bo‘ladi. Mazmun jihatdan ilovalar asosiy ifodani kengaytiradi, aniqlashtiradi yoki izohlaydi, shuningdek, yangi ma’no nuanslari va emotsional-ekspressiv rang beradi. Kommunikativ nuqtai nazardan ular tema–rema nizomini shakllantiradi, asosiy fikrni urg‘ulaydi va axborotni mantiqan taqsimlaydi; nämlich, und zwar, übrigens kabi birliklar matnning pragmatik yo‘nalishini belgilashda muhim rol o‘ynaydi.

Xulosa qilib aytganda, ilova konstruksiyalari nemis tilida shakliy, mazmuniy va kommunikativ jihatdan ko‘p qirrali hodisa bo‘lib, ularni tadqiq etish tilning ifoda va pragmatik imkoniyatlarini yanada chuqurroq anglashga xizmat qiladi.

 

 

 

 

Foydalanilgan adabiyotlar roʻyxati:

 

  1. Арнольд И. В. Стилистика современного английского языка. – М., 1990. – 300 с.
  2. Бабайцева В. В. Синтаксический статус присоединённых компонентов // Русский язык в школе. 2012. № 5. – С. 71-77.
  3. Гребень, Т. Н. Вопросно-ответные конструкции медийного дискурса в функционально-прагматическом аспекте / Т. Н. Гребень // Аспирант: сб. науч. тр. аспирантов / Нижегор. лингвист. ун-т. – Н. Новгород, 2013. – Вып. 10. – С. 45-51.
  4. Девкин В. Д. Немецкая разговорная речь. – М., 1979. – 254 с.
  5. Кручинина И. Н. Присоединение [Электронный ресурс]. URL: http://tapemark.narod.ru/les/399b.html
  6. Прияткина А. Ф. Осложнение и коммуникативная организация предложения // Синтаксис осложнённого предложения. – М.: Высшая школа, 1990. – С. 154-163.
  7. Altmann Hans. Formen der “Herausstellung” im Deutschen: Rechtsversetzung, Linksversetzung, freies Thema u. verwandte Konstruktionen. – Tübingen: Niemeyer, 1981. – 384 S.

Badiiy adabiyotlar

 

  1. Daniel Kehlman. Die Vermessung der Welt. Roman. – Hamburg: Rowohlt Verlag GmbH, 2005. 301 S.
  2. Juli Zeh. Unterleuten. Roman. – München: Luchterhand Literaturverlag, 2016. 639 S.
  3. Juli Zeh. Über Menschen. Roman. – München: Luchterhand Literaturverlag, 2021. 416 S.

 

Мамасолиев И. Формальные, семантические и коммуникативные особенности присоединительных конструкций (на примере немецкого языка). В статье анализируются структурные, семантические и коммуникативные особенности присоединительных конструкций немецкого языка. Рассматриваются их синтаксическая организация, прагматическая функция и роль в уточнении и эмоциональном усилении основного высказывания. Особое внимание уделяется средствам связи между основным и присоединительным компонентом и их интонационным особенностям. На примерах из художественных текстов показано, как слова nämlich, und zwar, übrigens усиливают выразительность и информативность высказывания.

 

Mamasoliyev I. Formal, Semantic, and Communicative Features of Connecting Structures (Based on the German Language). The article examines the structural, semantic, and communicative features of connecting structures in German. It analyzes their syntactic organization, pragmatic role, and function in clarifying and emotionally enhancing the main statement. Special attention is given to linking means and intonational aspects. Examples from literary texts demonstrate how nämlich, und zwar, and übrigens enhance the expressiveness and informational value of discourse.

Xorijiy filologiya jurnali tahrir ha'yati