INNOVATSION TA’LIMDA LINGVISTIK KOMPETENSIYALARNI MEZONLARGA ASOSLANGAN BAHOLASH ASOSIDA O‘RGANISH (CEFR HUJJATLARI ASOSIDA)

Mamlakatimizda so‘nggi yillarda talabalarning xorijiy tillarni o‘rganish va talabalar xorijiy tillarni bilish darajasini aniqlashga oid milliy baholash tizimi ishlab chiqish borasida samarali ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan 2021-yil 19-maydagi “O‘zbekiston Respublikasida xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-5117-son qarori hamda 2021-yil 19-maydagi “Xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirishni samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 312-son qarorlari qabul qilindi [1]. Natijada talabalarda xorijiy tillarni bilish ko‘nikmalarini shakllantirish bo‘yicha samarali ishlarni amalga oshirish yo‘lga qo‘yildi. Bugungi kunda ushbu ko‘nikmalarni baholash mezonlarining yana bir turi CEFRdir.

CEFR - (Common European Framework of Reference) tillar bo‘yicha umumiy Yevropa ma’lumot tizimi bo‘lib, Yevropa Ittifoqida o‘rganish, o‘qitish, baholashda qo‘llaniladigan chet tilini bilish darajalari tizimidir. CEFR, dastavval, Yevropa Kengashi tomonidan 1989-1996-yillar oralig‘ida “Yevropa fuqaroligini olish uchun til o‘rganish” loyihasiga tatbiq etish uchun ishlab chiqilgan. CEFR tizimining asosiy maqsadi barcha Yevropa tillaridagi o‘qitish tizimini maxsus usulda baholashdan iborat. 2001-yilning noyabr oyidan boshlab, Yevropa Ittifoqi Kengashining natijalariga ko‘ra, til bilish darajasini baholash hamda milliy tillar tizimini yaratish uchun CEFRdan foydalanish tavsiya qilinmoqda.

CEFRning ijtimoiy hayotga kirib borish tarixi ham Yevropaga ish izlab keluvchilar sonining ortishi bilan bog‘liq bo‘lib, aynan XX asrning o‘rtalarida Yevropada ishlab chiqarishning taraqqiy etishi yangi ish o‘rinlarining yaratilishi va doimiy yashab qolish niyatidagi tashrif buyuruvchilarning sonini ortib borishiga xizmat qilgan. Shu davrlardan boshlab, Yevropada ispan, nemis, fransuz va italyan tillaridan tashqari ingliz tili ham keng miqyosda tarqalib, Yevropaga doimiy yashash uchun kelayotganlarning mahalliy aholi bilan bemalol, muammosiz gaplasha olishi uchun maxsus o‘qitish tizimiga ehtiyoj sezilgan. Natijada, Yevropaga ishlash uchun kelayotganlar uchun maxsus imtihonlar topshirish rejalari ishlab chiqilganki bu dastlab Yevropada amal qiladigan barcha tillar bo‘yicha olinadigan imtihonlarni o‘z ichiga qamrab olgan. Bugungi kunda CEFR tizimi eng ko‘p hollarda ingliz tilini o‘qitish, o‘rganish va baholashda foydalanilayotgan tizim bo‘lib, butun dunyodagi ingliz tilini o‘rgatish markazlarida bevosita ushbu tizim qoidalari asosida zarur imtihonlar olinmoqda.

CEFR – daraja aniqlash, ya’ni chet tilini bilish va egallash darajasini aniqlash uchun olinadigan test sinovi bo‘lib, bugungi kunda yurtimizda bevosita davlat test markazining nazorati ostida ma’lum muddatlarda maxsus markazlarda tashkil qilib o‘tkazilmoqda va natijasi bo‘yicha maxsus sertifikatlar taqdim etilmoqda. CEFR imtihonlari IELTS dan farqli o‘laroq jami beshta bo‘limdan iborat imtihon shakllarida tashkil etilib, bular Listening, Reading, Lexical and Grammar competence, Writing, Speaking kabi yo‘nalishlarni o‘z ichiga oladi. Sinovi yakunlari bo‘yicha eng yuqori ballning 60 foizi to‘planganda, talabgor imtihondan o‘tgan hisoblanadi va topshirgan darajasi bo‘yicha B1, B2 yoki C1 darajali sertifikatlar beriladi [2. 74-79].

Listening, ya’ni tinglab tushunish bo‘limida eshitilgan audiomatnlarning asosiy mazmunini tushunish ko‘nikmalari tekshirib baholanadi. Tinglab tushunish bo‘limida har bir matn ikki martadan eshittiriladi va matn eshittirilishidan oldin matnga oid savollar bilan tanishib chiqish uchun 30 soniya vaqt ham beriladi;

Reading, ya’ni o‘qib tushunish bo‘limida esa har xil janrlardagi autentik matnlarning asosiy mazmuni va detallarini tushunish ko‘nikmalari tekshirilib baholanadi. O‘qib tushunish to‘rtta qism va o‘ttizta savoldan iborat bo‘lib, eng katta matn 400 ta so‘zdan iborat shaklda tuziladi;

Lexical and Grammar competence bo‘limida esa leksik va grammatik birliklarni kontekstda to‘g‘ri qo‘llay olish ko‘nikmalari nazorat qilinadi va baholanadi;

Writing bo‘limida esa berilgan vaziyat yoki mavzu asosida, topshirilayotgan darajaga mos leksika va grammatikani qo‘llagan holda yaxlit matn tuza olish qobiliyati va ko‘nikmalari nazorat qilinadi va baholanadi. Ushbu bo‘limda imtihon topshiruvchi nomzod o‘z fikrini imtihon topshirayotgan xorijiy tilda yozma ravishda to‘g‘ri va ravon ifodalay olish qobiliyati tekshiriladi. Nomzod berilgan mavzu va tayanch savollar asosida yozma ravishda matn yaratishi, mavzuda ma’lum muammo ko‘tarilib ushbu muammo yuzasidan aniq fikr bildirilishi lozim. Shuningdek, shaxsiy tajribaga asoslangan insho yozish ham talab etilib, nomzod tayanch savollar asosida berilgan mavzu bo‘yicha qisqacha insho yozishi talab etiladi;

Speaking bo‘limida esa savollarga javob bera olish, og‘zaki taqdimot qila olish, muammoga nisbatan o‘z fikrini bildirib asoslab bera olish ko‘nikmalari tekshirilib baholanadi. Speaking bo‘limda talabgor imtihon topshirayotgan xorijiy tilda o‘z fikrini og‘zaki tarzda to‘g‘ri va ravon ifodalay olish qobiliyati tekshiriladi. Speaking bo‘limida suhbat tarzida talabgorga kundalik mavzularda yoki shaxsiy hayotiga doir savollar berilib, talabgorning berilgan savollarga maxsus tayyorgarliksiz, hozirjavoblik bilan erkin javob bera olishi tekshiriladi. Talabgordan berilgan muammoli vaziyat asosida kamida ikki daqiqali monolog tuzish hamda talabgor nutqi davomida mazkur muammoga o‘z yondashuvi asosida muammoga yechim ifodalashi lozim. Shuningdek, savollar nomzodning shaxsiy hayotiga oid mavzular doirasidan olinadi va talabgorga monolog mavzusidan kelib chiqqan holda qo‘shimcha ma’lumotlar beriladi. Lekin, ushbu bo‘limda talabgorga tayyorgarlik uchun qo‘shimcha vaqt berilmaydi.

Yevropa Kengashining tashabbusi bilan vujudga kelgan “Chet tillarni egallashning umumevropa kompetensiyalari: o‘rganish, o‘rgatish va baholash” tendensiyalarining ahamiyati, chet tillarni o‘rganishga yangicha yondashuv prinsiplarini shakllantiradi. Ishlab chiqilgan tavsiyalar esa tilga kommunikativ yondashuvdan iborat bo‘lib, nutq faoliyatining barcha turlarini o‘z ichiga qamrab oladi. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad esa til o‘rganuvchilar uchun o‘z bilim darajalarini mustaqil aniqlashlari va baholashlari orqali chet tilini o‘rganishda motivatsiyani yanada oshirishga yordam beradi [3].

Bugungi kunda xorijiy tillarni o‘rganish bo‘yicha qabul qilinayotgan qaror va farmonlar sohani rivojlantirish bo‘yicha faollik va mas’uliyatni oshirishga hamda yangidan-yangi izlanishlarning vujudga kelishiga olib kelmoqda. Undan ko‘zlangan maqsad – chet tillarni egallashning zamon talablari darajasiga olib chiqishdir. Mutaxassislar bu borada dunyodagi ijobiy tajribalarga ham murojaat qilib shunday xulosaga kelishdiki, chet tillarni samarali o‘qitishga intilish xorijda ham dolzarb muammolardan biri sifatida e’tirof etilar ekan. Binobarin, Yevropa Kengashining tashabbusi bilan vujudga kelgan “Chet tillarni egallashning umumevropa kompetensiyalari: o‘rganish, o‘rgatish va baholash” hujjati tez orada Yevropa mintaqasidan tashqari hududlarda ham e’tibor qozonib, mamlakatlarda til siyosati dasturida bir qator o‘zgarishlarni olib keldi. Shunga mos ravishda bugungi kunda til bilish sertifikatlarining (CEFR misolida) nufuzi ortib bormoqda.

Til bilish sertifikatlarining (CEFR misolida) asosiy maqsadi - o‘rganuvchi chet tilini o‘rganish jarayonida yoki uning oxirida egallagan bilim darajasiga aniq tavsif va ta’riflab berishdan iborat edi. Loyiha faqatgina chet tilini o‘rganuvchi va o‘rgatuvchilargagina qaratilmagan bo‘lib, bunda chet tillari o‘rganish sohasi bilan bevosita va bilvosita aloqador bo‘lgan ta’lim xodimlari, chet tillari bo‘yicha darsliklar mualliflari, noshirlar, chet tillarni egallashdagi baholash darajasini aniqlash muammosi bilan shugullanayotganlarga ko‘mak berishdan iborat edi.

Mazmun jihatidan, til bilish sertifikatlarining (CEFR misolida) o‘z nomiga mos ravishda chet tilini egallash bilan bog‘liq kompetensiyalar (malakalar) majmuasini tavsiflashga qaratilgan. Jamlangan holda kompetensiyalar umumiy va kommunikativ kabi asosiy kompetensiyalardan iborat. Umumiy chet tillariga bevosita tegishli bo‘lmagan holda, ayni paytda tilni egallashda katta ahamiyat kasb etadi. Unga dunyoviy bilimlar, jamiyatga tegishli (sotsiomadaniy) bilimlar, madaniyatlararo bilimlarni egallashga qaratilgan kompetensiyalar kirsa, kommunikativ kompetensiyalar o‘z ichiga leksik, grammatik, semantik, fonologik, orfografik va orfoepik kabi “sof” lingvistik malakalarni oladi. Kommunikativ kompetensiyalar tarkibiga, shuningdek, sotsiolingvistik va pragmatik kompetensiyalar kiritilgan. Ular umumiy va kommunikativ kompetensiyalar o‘rtasida o‘ziga xos “ko‘prik” vazifasini bajaradilar.

Oddiylikdan murakkablikka tomon o‘tib borish orqali til o‘rganish jarayonida shaxsiy kompetensiyalar o‘ziga ishonch, mustaqillik va o‘z-o‘ziga tanqidiy qarash kabi xususiyatlarni shakllantiradi. Til bilish sertifikatlarining (CEFR misolida) asosiy yutuqlaridan biri A1, A2, B1, B2, C1 va C2 kabi progressiv olti darajali bosqichlarni o‘zida jamlaganligidadir. Darajalarni aniqlashda an’anaviy “uchlik” — boshlang‘ich, o‘rta va yuqori bosqichlar asos sifatida qabul qilingan bo‘lib, boshlang‘ich bosqich elementar til strukturalarini qo‘llash A1 va A2 darajalarini, o‘rta bosqich esa mustaqil til egallash darajasi sifatida B1 va B2 darajalarini, yuqori bosqich esa malakali til egallashni o‘zida mujassamlab C1 va C2 darajalarini o‘z ichiga oladi.

Til bilish sertifikatlarining (CEFR misolida) talabalarning bilim darajalari va ko‘nikmalarini shakllantirish bilan birga, til bilish jarayonlarida qo‘llaniladigan alohida kompetensiyalar mohiyatini ochib beradi [4]. Nutq faoliyatining asosiy turlaridan bo‘lgan o‘qib tushunish kompetensiyasini shakllantirib, amalda barcha yozma matnlarni tushuna oladigan va tanqidiy interpretatsiya qila oladigan, shuningdek, keng hajmdagi uzun va murakkab matnlarni tushunib, ulardagi nozik stilistik farqlar va yashirin ma’nolarni ilg‘ay oladigan sifatlarni shakllantiradi.

Har bir talaba CEFR sertifikatlarini olishdagi tayyorgarlik jarayoni davomida matndagi qiyin jumlalarni bir necha bor takror o‘qish orqali o‘z sohasiga oid bo‘lmagan uzun va murakkab matnlarni ham o‘qib tushuna oladigan, turli matnlarni o‘qishda ma’lum maqsadlardan kelib chiqib, o‘qish sur’atiga moslashtira oladi va tegishli lug‘atlardan maqsadli foydalana oladigan mutaxassisga aylanib boradi. Katta hajmdagi so‘z boyligiga ega bo‘lib borgani sari, nisbatan kam qo‘llaniladigan iboralarni tushunishda ayrim qiyinchiliklarga duch kelganda ularning sinonimini ishlatish, o‘z manfaat doirasiga va mutaxassisligiga tegishli mavzudagi murakkab bo‘lmagan soha matnlarini yetarli darajada tushunib o‘qiy olish kompitensiyalarini o‘zida shakllantiradi.

Bunday tayyorgarlik jarayoni talabada kundalik turmushda uchraydigan va kasbga oid bo‘lgan so‘zlar qo‘llaniladigan ma’lum mavzudagi qisqa, oddiy va mazmunli matnlarni tushuna olish, murakkab bo‘lmagan, doimiy qo‘llaniladigan so‘zlardan iborat bo‘lgan qisqa va oddiy matnlarni o‘qiy olish va tushuna olish qobiliyatlarini shakllantiradi. Shuningdek, til bilish sertifikatlari CEFR misolida talabalarda:

-    an’anaviy ravishda kelajakda egallanishi lozim bo‘lgan kompetensiyalarni shakllantiradi;

-    muayyan til qoidalarini egallash va so‘z boyligini rivojlantirish qobiliyatlarini shakllantiradi;

-    muayyan tilning grammatik xususiyatlarini o‘rganish qobiliyatini shakllantiradi;

-    kommunikativ qobiliyatini rivojlantiradi;

- o‘z-o‘zini baholash qobiliyatlarini shakllantiradi.

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, mazkur hujjat baholovchilarga yoki o‘qituvchilarga berilgan standart (tavsiflovchilar) bilan talabaning natijalarini qaysi darajada yoki uning asosiy ko‘nikma va kompetensiyalarini xolisona aniqlashga ko‘mak beradi.

Masalan, B1 dan C1 gacha bo‘lgan CEFRda "suhbat" uchun tavsiflangan standartlar quyidagicha tavsiflanadi:

C2 - To‘liq ijtimoiy va shaxsiy hayotni o‘tkazishda hech qanday lingvistik cheklovlarga duch kelmasdan, qulay va mos ravishda suhbatlasha oladi.

C1 - Ijtimoiy maqsadlarda, jumladan, hissiy, ishora va hazilda foydalanish uchun tildan moslashuvchan va samarali foydalana oladi.

B2 - Ko‘pgina umumiy mavzularda, hatto shovqinli muhitda ham aniq ishtirok etgan holda kengaytirilgan suhbatga kirishishi mumkin.

Til tashuvchilar bilan munosabatlarni beixtiyor hayajonlantirmasdan yoki ularni bezovta qilmasdan yoki ulardan ona tilida so‘zlashuvchi bilan bo‘lganidan boshqacha tutishlarini talab qilmasdan davom ettirishi mumkin. Tuyg‘u darajalarini etkaza oladi va voqealar va tajribalarning shaxsiy ahamiyatini ta’kidlaydi.

B1 - Tanish mavzulardagi suhbatlarga tayyor holda kirishi mumkin. Kundalik suhbatlarda unga qaratilgan aniq ifodalangan nutqni kuzatishi mumkin, lekin, ba’zida ma’lum so‘z va iboralarni takrorlashni so‘rashga to‘g‘ri keladi. Suhbat yoki munozarani davom ettirishi mumkin, lekin, ba’zan aniq nimani aymoqchiligini kuzatish qiyin bo‘lishi mumkin. Ajablanish, quvonch, qayg‘u, qiziqish va befarqlik kabi his-tuyg‘ularni ifoda eta oladi va ularga javob bera oladi [5. 33-61].

Buning ustiga hajman o‘ta salmoqli ushbu hujjat takrorlanishlar, mavhum qarama-qarshiliklardan ham xoli emas. Bu ulardan foydalanishda bir oz bo‘lsa-da kiyinchiliklar yuzaga chiqaradi. Muayyan murakkabliklar qatoridan kompetensiyalar va qator atamalar tarjimasi muammosi ham o‘z ta’sirini ko‘rsatadi.

Xulosa qilib aytganda, to‘g‘ri tashkil qilingan mezonlarga asoslangan nazorat o‘quv materialini o‘zlashtirishga ijodiy va tanqidiy yondashish imkonini beradi. Bu ayniqsa yangi predmet o‘rganilayotganida talabalarning bundan oldingi o‘quv predmetlarida o‘zlashtirilgan bilimlarga ega bo‘lishida namoyon bo‘ladi. Talabalarning mustaqil faoliyat yuritishi bilimlarini to‘ldirib boradi.

 

 

Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati:

 

  1. Ўзбекистон Республикасида хорижий тилларни ўрганишни оммалаштириш фаолиятини сифат жиҳатидан янги босқичга олиб чиқиш чора-тадбирлари тўғрисида Ўзбекистон Республикаси Президентининг 19.05.2021 йилдаги ПҚ-5117-сон қарори. https://lex.uz/docs/5426736
  2. Ю.Исмоилов “Чет тилларни эгаллашнинг умумевропа компетенциялари: ўрганиш, ўргатиш, баҳолаш” — CEFR асли нима? www.journal.fledu.uz. Илмий-методик электрон журнал.
  3. Общеевропейские компетенции владения иностранным языком: Изучение, оценка. Департамент по языковой политике. - Страсбург, 2005.
  4. A common European framework of reference for languages: learning, teaching and assesmend. - Council of Europe: Cambridge University, 2001.
  5. Richards J.C. “Curriculum approaches in language teaching: Forward, Central, and Backward Design”. RELC Journal 44 (1) 2013.

 

 

Ходжиева З. Обучение лингвистическим компетенциям в инновационном образовании на основе критериальной оценки (на основе документов cefr). В данной статье рассматривается CEFR и его роль в «обучении, преподавании и оценке» в высших учебных заведениях. При овладении языковыми навыками его критерии и дескрипторы считаются одним из важных требований настоящего времени. Для оценщиков и учащихся важно формировать и совершенствовать педагогические процессы преподавания и обучения, а также помогает объективно оценивать знания учащихся.

 

Xodjiyeva Z. Learning linguistic competences in innovative education based on criteria-based assessment (based on cefr documents). This article examines the CEFR and its role in "learning, teaching and assessment" in higher education institutions. In the acquisition of language skills, its criteria and descriptors are considered one of the important requirements of the present time. It is important for evaluators and learners to form and improve pedagogical processes for teaching and learning, and helps to objectively evaluate student’s knowledge.

 

Xorijiy filologiya jurnali tahrir ha'yati