Adabiyotshunoslikda sezilarli darajada o‘ringa ega komparativistikaning obyekti adabiy jarayon hisoblanadi. Badiiy adabiyotda o‘rganilishi kerak bo‘lgan barcha omillar: konseptlar, estetika, tipologiya, konseptosfera, asar sujeti komparativ (komparativistik) jarayonning shakllanishida muhim ahamiyat kasb etadi. Asarlardagi ma’naviy g‘oyalar qiyosiy tahlil predmetini tashkil etadi. Qiyosiy jarayon metod bo‘lib, obyekt haqidagi bilimlardan tashqari hayotiy muammolarni hal qilishdagi bilim va ko‘nikmalarni egallashga yordam beradi.
Komparativistika nazariyasiga ko‘ra, adabiy jarayon ikki xil yondashuv orqali qiyoslanishi mumkin: 1) adabiy jarayonga tarixiy genetik yondashuv (kelib chiqishi jihatidan bir xil yoki yaqin bo‘lgan xalqlar adabiyoti); 2) adabiy jarayonga qiyosiy tipologik yondashuv (kelib chiqishi jihatidan qat’i nazar umumiy tomonlarga ega bo‘lgan xalqlar adabiyoti) [Xalliyeva 2020:9]. Shu kabi jarayonlar asarlarda ifodalanib, asarning ma’no-mohiyatini, konseptosferasini yoritib beradi.
Tilshunoslikning kognitiv yo‘nalishiga tegishli bo‘lgan konseptosfera atamasi milliylikni anglatadigan konseptlar majmui bo‘lib, konseptosfera - milliy madaniyat, fan, adabiyot, san’atning qay tarzda rivojlanganlik darajasiga qarab kengayadi. Konseptosfera tushunchasi asosan turli millat vakillarining muloqotda bo‘lishi yoki bir jamiyatda yashashi jarayonida komparativ metod bo‘yicha hosil bo‘lgan. Badiiy adabiyotda adabiy vositalar, turli tamoyillar, psixologizm, metodlar orqali asarning mazmuniy jihatlarini ochib berishda xizmat qiladi.
Badiiy asarlarni komparativ tahlil qilishda asar mohiyati va personajlar nutqining ma’nosi qay darajada ochib berilsa, asar shunchalik keng ma’noga ega bo‘ladi. Inson turli xil birliklar yordamida o‘zining boshqa personajlarga ta’sirini o‘tkazmay qo‘ymaydi, ularning nutqi, biror-bir voqelikka uchrashi, o‘z munosabatini aks ettirishi, narsa va hodisaga ishora qilishi mumkin. Bunday holatda asarda pragmatik xususiyatlar yuzaga kelib, bir nechta vazifa yuklanadi. Abdulla Qahhorning “Anor” hamda yapon ijodkori Kavabata Yasunarining “Anor” kabi hikoyalarida bunday funksiyalarni uchratish mumkin.
Abdulla Qahhorning “Anor” (1936) hikoyasi misolida qaraydigan bo‘lsak, Abdulla Qahhor hikoyalari qisqaligi va personajlarning ruhiy holatlari tasviri, qahramon nutqi ma’lum detallarga asoslanganligi bilan ajralib turadi. Asarning qisqacha mazmuni anorga boshqorong‘i bo‘lgan ayol va yo‘qchilik tufayli anor topib olib kelolmagan er holati tasvirlangan. Anor orqali kambag‘alchilik, og‘ir ro‘zg‘or hayoti, ayolning ruhiyati va ichki his-tuyg‘ulari, er-xotin o‘rtasidagi sovuq munosabat tasvirlari yoritilgan. Asarning boshi er - Turobjonning eshikdan hovliqib kirayotganda yaktagining yengi yirtilishi bilan boshlanishi bu asarning ilk jumlalari favqulodda hodisaning ro‘y berishidan xabar bergan. Turobjon xotiniga asalari uyasini olib kelgan edi. Anorni kutgan xotini bunga qanoat qilmaydi va yig‘lab yubordi. Turobjon bundan asabiylashib:
- Axir, boshqorong‘i bo‘l, evida bo‘l-da! - dedi do‘ppisini qoqmasdan boshiga kiyib. Anor, anor… Bir qadoq anor falon pul bo‘lsa! [A.Qahhor 1982: 46-48]
Qahramonning bu jumlasida o‘sha davrdagi qiyinchiliklar, ijtimoiy hayotdagi oddiy nochor xalq iztiroblari aks etgan. Shuningdek, xotinining “O‘sha asalning puliga anor ham berar edi” hamda erining “asal otliqqa yo‘q, hali biz piyoda-ku!... Tansiq narsa, xursand bo‘larmikansan debman. Yo tansiq emasmi! Umringda necha marta asal yegansan? O‘zim umrimda bir marta yeganman:” iboralaridan anorning asal bilan bir qatorda qimmatbaho va tansiq meva bo‘lganligi ochib berilgan. Bu gapdan so‘ng Turobjonning yanada avzoi buzildi:
- Berar edi! - dedi Turobjon zaharxanda qilib. - Anor olmay asal oldim!
- Ajab qildim, - dedi Turobjon titrab, - jigarlaring ezilib ketsin!
Konsept izohi: qilingan nomutanosib ishni boshqa birov uchun loyiq ko‘rilishi, qadrsizlantirishga loyiq topishdan bo‘lgan alam hissi. Presuppozitsiya: bu kuningdan battar bo‘l [Soibjonova 2022:106].
Hikoyada presuppozitsiya holatlari mavjud. Presuppozitsiya pragmatik hodisasi so‘zlovchining nutqiy tejamkorligi bo‘lib, bir vaqtda ikkilamchi ma’no beradi hamda yashirin fikr ijro etadi. Nemis faylasufi, mantiqshunos Gottlob Frege presuppozitsiyani tilshunoslar emas, mantiqshunoslar shug‘ullanib fanga olib kirishganligini ta’kidlagan. O‘zbek tilshunosligida D. Lutfullayevaning “O‘zbek tilidagi sodda gaplarda zidlangan presuppozitsiya” nomli ilmiy maqolasi, U. Rahimovning “Yuklamalar presuppozitsiyasi”ga doir, M. Hakimovning “O‘zbek tilida matnning pragmatik talqini”ga doir doktorlik dissertatsiyalari presuppozitsiya hodisasining o‘rni va ahamiyatini yoritib bergan [G‘aniyeva 2023:109]. Gapning ichki ko‘rinishi - tag ma’nosi bo‘lib, presuppozitsion ma’nodan tilshunoslardan ko‘ra milliy xalq vakillari ko‘p foydalanadi, bunga sabab badiiy psixologizm va lingvomadaniy aspektlardir.
“Anor” hikoyasidagi presuppozitsion tasvirlar jarayonida oqsoq mushuk obrazi uchraydi, mushuk nega aynan oqsoq? Hikoyadagi oqsoq mushuk - vaqt timsoli. U sekin o‘tadi:
Turobjon ikki kosa ichdi, xotini esa hanuz bir kosani yarimlatolmas edi. Uning imillashini ko‘rib Turobjonning ko‘ziga negadir oqsoq mushuk ko‘rindi. Mushuk yirtilgan yengini esiga tushirdi, avzoyi buzildi.
Xotinning sekin ovqat yeyishi imillab yurgan oqsoq mushukka o‘xshatilgan. Asarda ayol “darhol tom orqasiga o‘tib ko‘zlari qizargan, chakka tomirlari chiqqan holda qaytdi”. Bunda yozuvchi “xotin qayt qildi” ma’nosini shu ibora orqali tasvirlagan.
Anor - kommunikativ birlik bo‘lib, er va xotin, tun va kun, ko‘zyoshi kabi ziddiyatlarni bir nuqtaga jamlagan. Hikoyada pragmatik vositalar, frazeologik birliklar so‘zlashuv jarayonida emotsionallik, bo‘yoqdorlikni kuchaytiradi va bu vositalar kommunikativ jarayonni hosil qilgan. Xuddi shunday er-xotinning dialoglarida, ichki nutqida pragmatik vositalar aks etgan. Abdulla Qahhor asarida anor - vaqt ramzi, hikoyadagi hodisalar aynan anor pishig‘ida ro‘y bergan. Shuningdek, anor - qayg‘u, kambag‘alchilik, umidsizlik hamda kutilayotgan noaniqlik va qorong‘ilik timsoli hisoblanadi. Anorga boshqorong‘i bo‘lgan ayolning anor sabab ko‘zida jiqqa yosh ko‘rinishi, uning baralla yig‘lab yuborishi, “Olamda uning suyangani eri, birdan bir orzusi – anor edi, birdaniga har ikkisi ham yo‘qqa chiqdi” kabi yorug‘likning qorong‘ilashuvi, orzuning puchga chiqishini ifoda etgan.
Hikoya oxirida Turobjon uyga bir choyshab anor olib keladi, hali tong yorishmagan edi. Turobjon anorni Mullajon qozining bog‘idan o‘g‘irlab kelganligi yoki boshqa yo‘l bilan qo‘lga kiritganligini biz faqat taxmin qilamiz, xolos. Biroq,
Uning rangini ko‘rib xotin qo‘rqib ketdi - bu qadar oqargan! Turobjon o‘tirib peshonasini ushladi. Uning vujudi titrar edi.
Turobjonning bunday mudhish holatining tasviri “anor” keltirgan noaniqlik, qorong‘ilik, hatto baxtsizlik va musibatni bildiradi.
Yapon Nobel mukofoti sovrindori Kavabata Yasunarining “Anor” (1971) hikoyasida anor sharqona konseptosferaga xos bo‘lib, ramziy ma’nolar bildirgan. Yasunari Kavabataning qisqa hajmli asarlarining modernizm jihatlari hamda spirtualizm falsafiy dunyoqarashlari haqida Nihei Masato [Nihei 2018], Dennis Washburn [Washburn 2019] o‘z ilmiy tadqiqotlarida yoritgan. Hikoya qisqa bo‘lsa-da, unda ramziy tasvirlar, personajlarning harakati va nutqida ham ramziy konseptlarni ko‘rishimiz mumkin. Yasunari Kavabata hikoyasida bosh qahramonlar yosh qiz – Kimiko va uning onasi, shuningdek, Kimikoning sevgan yigiti – Kenkichi. Kimiko va Kenkichi hikoyada bir-birlarini yaxshi ko‘rishi aytilmasa-da, nozik tasvirlar sharqona tarzda buning isbotini topgan.
Har ikki asar voqea kuz pallasida jarayonlashadi, biroq, Abdulla Qahhor asarida “anor daraxtlarida anor shig‘il, choynakday-choynakday bo‘lib osilib yotgan” kuz pallasi, asar so‘nggida Turobjon olib kelgan bir choyshab anor har tamonga yumalab ketgan bo‘lsa, Yasunari Kavabata hikoyasida anor daraxtining tepasida faqat bir dona pishib ketib, yorilgan anor tasvirlanadi. E’tiborli jihati, “Men bo‘lsam u (anor)ni unutgan ekanman”, “…ular anorni butunlay unutishar ekan”, “…bugun ertalabgacha anor haqida umuman eslashmagandi” [Kavabata; Umirov], - deb takror-takror ta’kidlaganidek, bu “unutilgan” anordir.
“Men bo‘lsam uni unutgan ekanman”. Oyisining bu so‘zi Kimikoga ularning naqadar yolg‘iz ekanligini eslatdi. Ochiq ayvon ro‘parasidagi daraxtda anor pishib etilsa-yu, hatto shu ham yodlaridan ko‘tarilgan bo ‘lsa, ularning turmushi qay ahvolda bo‘lishi mumkin, axir.
Asar voqeasi Ikkinchi jahon urushi pallasini tasvirlaydi, Kimiko va oyisi tomonidan “unutilgan” birgina anor esa ularning tashvishli, og‘ir turmush tarzi hamda yolg‘izligi timsoli hisoblanadi.
Birinchi hikoyada anor er-xotinning kambag‘alchilik, nochorlik sabab darz ketayotgan sovuqlashib borayotgan munosabatlarini ifodalasa, bunda “qip-qizil bo‘lib yonib turgan”, “pishib ketgan va yorilgan”, “undagi kuch-quvvat ichiga sig‘may tashqariga intilayotgan” anor mevasi yosh Kimiko va Kenkichining qalbida yashiringan otashin muhabbatning ramzidir. Kenkichi bilan nigohlari to‘qnashganda Kimikoning “yanoqlari qizarishi”, Kenkichining tishlagan anorini qo‘liga olgan paytda esa “qip-qizarib ketishi” ham anorning ramziy ifodasi bilan uyg‘unlashgan.
Yorilgan joyidan anor donalari quyosh nurida yaltirardi.
Anor nur va yorug’lik, muhabbat va baxt-saodat ramzidek tuyuladi. Biroq, voqea rivojlanib borar ekan, anorning ramziy ma’nosi o‘zgargandek tuyuladi. Kenkichi frontga jo‘nab ketish uchun xayrlashish maqsadida Kimikoning uyiga keldi. Kimikoning onasi anorni yigitga berdi. Kimiko Kenkichining oldiga kelganida esa, yigit hayajonlanib, qo‘llari titrab anorni tushirib yubordi. Biroq, Kenkichi anorning yorilgan joyini tishlab ulgurgan edi. Kenkichki ketgandan so‘ng, onasi anorni olib qiziga uzatdi.
(Kimiko) mevani labiga tekkizdi. Og‘zi nordon ta’mni tuydi. Shira ich-ichiga kirib borganday va uning quvonchli tuyg‘ulariga armon ko‘lkasi soya tashlaganday bo‘ldi.
Quvonchning qayg‘uga, umidning umidsizlik va armonga aylanishini Abdulla Qahhorning asari talqinida ham ta’kidladik, bu anorning shirin emas “nordon ta’mi” orqali tasvirlangan.
Shu o‘rinda Kenkichi tishlagan anorni olib, yuvib qiziga uzatgan onaning xatti-harakatlari katta ma’no anglatadi. Onasi otasining kosasida qolgan ovqatni yeb qo‘yish odati bo‘lganini Kimikoning esiga tushdi. Bu oyisi Kenkichini bo‘lajak kuyov sifatida tan olganligi, qiziga yigit tishlagan anorni yeb, umid bilan uni kutishi kerakligiga ishora qildi deya olamiz. Shunda Kimiko “shunday baxt-saodatni his etdiki, ko‘zlaridan yosh qalqdi”, “kutilmaganda tuygan pinhona shodmonligi uchun Kimiko oyisi oldida o‘zini noqulay his etdi” va “uning qaytishini bir umr kutishga qodirman” deya umid va matonat butun vujudini egalladi.
Jahon adabiy aloqalari tarixi bir xalq adabiyotining boshqa bir xalq adabiyoti olamiga kirib borishdagi yana bir shakl hisoblanadi. Adabiy aloqalarning bu turini N.I. Konrad “milliy adaptatsiya” deb izohlaydi. Masalan, Edo davrida yaratilgan Asai Ryoining “Otogi boko” (『伽婢子』) g‘aroyib hikoyalar to‘plami. Asardagi voqealar ko‘p jihatdan xitoy hikoyalariga mushtarak. Lekin, xitoy hikoyalaridan ta’sirlanib yozilgan ushbu yapon hikoyalari, yapon xalqiga mo‘ljallanib, ularning tafakkur tarziga mos ravishda bitilgan [Xalliyeva 2020:45]. Yuqorida keltirilgan yapon va o‘zbek asarlarida ham milliylikka ishora bo‘lib, badiiy konseptosferani tashkil etgan. Umuman olganda, sharqda anor ramzi ko‘p ma’nolilikka ega bo‘lgan predmetdir. Anor – ezgulik, to‘qchilik, to‘kin-sochinlik va yetuklik ramzidir. Anor – onalik muhabbati, serfarzandlik va oila timsolidir. Mustahkam oila, qondoshlik ma’nosini anglatadi. Anorning shirin-nordonligi oiladagi muhitning turli jihatlarini ko‘rsatish bilan birga hayotdagi baland-pastlik ma’nosini anglatadi. Anorning ichidagi oq parda esa qalb pokizaligining ramzidir [Fayzullayeva 2022:23].
Yunonlar anorni qora kuch ramzi deb sanashgan, Xitoyda esa hosildorlikni ifodalovchi timsol deb bilishgan. Yaponiyada anor Fors hududlaridan Xitoy orqali kirib kelgan qimmatbaho meva hisoblangan. Shu sabab, mehmondorchilikda shirinlik o‘rnida dasturxonga tortilgan. Yaponlar ham anorning ilohiy kuchiga, turli kulfat va baxtsizliklarni qaytaruvchi xususiyatiga ishonishgan. Shuningdek, Mahayana buddizmining “Lotus Sutrasi”da keltirilgan serfarzand ona Kishimojin rivoyatiga asosan, keyinchalik u bola tarbiyasi Xudosi sifatida ilohiylashtirilib, uning ramzi chap qo‘lida bola, o‘ng qo‘lida esa anor mevasi bilan tasvirlangan. Anor serfarzandlikni ifodalovchi xayrli meva, anor ichidagi son-sanoqsiz donalari naslning ravnaq topishi, unumdorlik va oila farovonligini o‘zida mujassamlantirgan.
Abdulla Qahhor hikoyasida anor qimmatbaho va tansiq meva hisoblanadi. Asarda anorning tarixiy ezgulik, to‘qchilik va hosildorlik ifodasi bilan farqli kambag‘alchilik hamda nochorlik, buning oqibatida yuzaga kelgan er-xotin munosabatlarining keskinligi, asar so‘nggidagi o‘g‘rilikka majburlik kabi belgilar mavjud bo‘lsa-da, ikkinchi tomondan oila va onalik rishtalari, tug‘ilajak farzandi ularning quvonchi edi.
Yasunari Kavabata hikoyasidagi qip-qizil anor qondoshlik hamda sof muhabbat ramzidir. Yigit tishlagan anorni, quyosh nurida yaltirayotgan anorni - mustahkam oila va onalik, nasl ravnaqining porloq umidi bilan yo‘g‘rilgan anorni onasi qiziga uzatdi deyish mumkin.
Hikoyalarda turli xalq vakillarining hayot tarzi ijro etilgan, ularning badiiy psixologizmi turlicha bo‘lib, ichki kechinmalari anor orqali ochib berilgan. Adabiyotshunoslikda badiiy psixologizmning uchta asosiy tamoyllari mavjud: dinamik, analitik hamda tipologik prinsiplar. Dinamik prinsipda qahramon ruhiyati uning xatti-harakati, mimikasi, turli hayotiy vaziyatlarda o‘zini tutish tarzi va muomalasi orqali ifodalab beriladi. Tipologik prinsipda obraz ruhiyati uni shakllantirgan va qurshab turgan muhit shart-sharoitlari bilan bo‘g‘lab tasvirlab beriladi. Analitik prinsipda qahramon ichki kechinmalari, qalbidagi his-tuy‘ular, tafakkur va mulohazasi, o‘y-xayollari dinamikasi tasvirlanadi [Қуронова 2013]. Abdulla Qahhor hikoyasida uchala prinsip ham uchraydi, asosan, tipologik tamoyil bilan bog‘liq prinsiplar voqeliklarni yuzaga kelishiga sabab bo‘lgan. Ya’ni o‘sha davrda kambag‘alchilik oiladagi muvozanatni siljitgan. Yasunari Kavabata hikoyasida analitik prinsip ustun bo‘ladi, sababi obrazlarning ichki dunyosi kitobxonni o‘ylantirishga undaydi, voqelikni hikoyada yashirin tarzda ifodalanganligi kognitiv tamoyillar orqali muallif nimani ifoda etmoqchi bo‘lganligini tushuntirishga qaratilgan. Ikkala asarlarda aks etgan voqelik bu urushdir. Abdulla Qahhor hikoyasida urush tufayli Turobjonlar oilasining nochorligi va oqibatlari keltirilgan. Yasunari Kavabata asarida Kenkichining frontga ketishi, Komakoning uni bir umr kutishga tayyorlik sabr-matonati, yigitning frontdan omon qaytishi yoki qaytmasligi kabi noaniqlikka ishora qilgan.
Badiiy asarlar qaysi millat va elatni tasvirlamasin ularning barchasida inson qalbiga yetib boradigan bir xil muammo turli vositalar orqali turlicha tasvirlanadi. Yapon va o‘zbek adabiyotida hikoyachilik janriga sezilarli darajada hissa qo‘shgan yozuvchilar Abdulla Qahhor va Yasunari Kavabatalarning “Anor” hikoyasi talqinida insoniy xarakter va psixologizm har qanday jamiyatda turlicha bo‘lganligini bilamiz, hikoyalar juda qisqa, lekin, konseptual tahlil qilganda mualliflar o‘z jamiyati, madaniyati, xalqining urf-odatlari hamda qarashlari haqida fikr yuritganligi ma’lum bo‘ladi. Hikoyalar voqelikni aks etgan fotosuratlarga o‘xshaydi. Ulardagi so‘z va tushunchalarda kuchli ramziy ma’no yuklangan, shu unsurlar yordamida qahramonlar ichki olami badiiy yuksaltirilgan. Hikoyalar biografik metodga asoslanib, real hayotda uchragan yoxud uchraydigan voqelik sodda qilib tasvirlangan. Milliy o‘ziga xoslik adabiy asarlarda uchraydigan xalq hayotining moddiy sharoiti, dala, tog‘, yer, kiyim-kechak, oziq-ovqat kabi milliy xoslik komponentlariga oiddir.
“Anor” konsepti barcha millat va xalqlar uchun umumiy bo‘lgan ma’noga ega bo‘lsa-da, badiiy asarlarda ramziy va farqli jiharlari orqali voqelikni aks etadi. Har ikki asarning komparativ tahlili va talqini orqali shunday xulosa qilish mumkin. Abdulla Qahhorning “Anor” hikoyasida anor – anorga boshqorong‘i bo‘lgan onaning onalik ramzi, bo‘lajak farzand keltiradigan quvonch bilan birga asar so‘nggida tasvirlangan noaniqlik, qorong‘ilik ifodasi aks etgan. Yapon yozuvchisi Yasunari Kavabata asarida esa anor – pok muhabbat ramzi, baxtli kelajakka bo‘lgan umid, sabr-matonat, shu bilan birga Kenkichining frontdan qaytishi yoki qaytmasligi kabi noaniqlik va qorong‘ilikni ham o‘z ramziy komponenti sifatida ifodalagan.
Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati:
1. Abdulla Qahhor. Anor (Hikoya). Sharq yulduzi N6. 1982. - 46-48 betlar.
2. Fayzullayeva X.D. Tasviriy san’atda anor mevasining ramziy ma’nosi. International Conference on Developments in Education. - Turkey: 2022. - 23 bet.
3. Soibjonova M.O‘. Alam konseptining presuppozitsiyasi (“Anor” hikoyasi misolida). Journal of New Century Innovations Volume 13. Issue 1. 2022. - 106 bet.
4. Xalliyeva G. “Qiyosiy adabiyotshunoslik” o‘quv qo‘llanma. - Toshkent: Akademnashr, 2020. - 45 bet.
5. G‘aniyeva D.A. va b. O‘zbek va ingliz tilshunosligida presuppozitsiya hodisasi tadqiqi. Ilm-fan taraqqiyotida zamonaviy metodlarning qo‘llanilishi. Vol. 3, Issue 5. 2023. -109 bet.
6. Қуронова Д. ва б. Адабиётшунослик луғати. - Т.: Академнашр, 2013.
7. Dennis Washburn. Kawabata Yasunari: Modernism, Memory and Desire. 2019.
8. Nihei Masato, translated by Joshua Solomon. Spirtualism and modernism in the work of Kawabata Yasunari. Japan Forum Volum 18, Issue 1, 2018.
9. 川端康成『掌の小説』新潮文庫、1971年.
Internet-manbalar:
10. Abdulla Qahhor. Anor (Hikoya). ZIYOUZ.COM KUTUBXONASI.
11. Yasunari Kavabata. Anor. Abduvohid Umirov tarjimasi. Xurshid Davron kutubxonasi.
Курбонова Г., Жалолова Л. Компаравистический анализ концепта «гранат» в рассказах Кавабаты Ясунари и Абдуллы Каххора. В рассказе японского лауреата Нобелевской премии Ясунари Кавабаты «Гранат», и в рассказе узбекского писателя Абдуллы Каххора с таким же названием «Гранат», представлены символические взгляды относительно концепта «гранат», которые в данной статье сравниваются друг с другом с точки зрения национальной концептосферы. На примерах рассказов изучались прагматические средства и пресуппозиции речи, анализировались литературные взаимосвязи рассказов, художественная психология, основанная на динамических и типологических принципах.
Kurbonova G., Jalolova L. Comparative analysis of the use of the word “pomegranate” in Abdulla Kahhor’s and Kawabata Yasunari’s “Pomegranate”. In this article, the “Pomegranate” story by Japanese Nobel Prize laureate Yasunari Kavabata and an identical narrative by Uzbek author Abdulla Kahhor give symbolic versions of the concept of “pomegranate”, which are contrasted from the standpoint of national concepts. The article researches pragmatic tools and the presupposition of speech and also analyzes the literary relationships of stories and artistic psychology based on dynamic and typological principles in the examples of stories.
.