Inson o‘z hayoti davomida son-sanoqsiz kommunikativ aktlarni amalga oshiradi. Muloqotning muvaffaqiyati va samaradorligini ta’minlash uchun, aloqa maqsadiga muvofiq bo‘lgan ma’lum bir nutqiy xulq-atvor modeli tanlanadi. Qo‘yilgan kommunikativ maqsadga erishish uchun esa kommunikativ strategiya bilan belgilanadigan turli nutqiy vositalar va usullar majmuasi qo‘llaniladi. Kommunikatsiya ko‘p omilli hodisa sifatida turli xususiyatlarga tayangan holda shakllanadi. U har qanday muvaffaqiyatli biznesning asosi bo‘lib, inson faoliyatining barcha sohalarini qamrab oladi [Почепцов 2001:126]. Ko‘pincha “kommunikatsiya” tushunchasini sharhlashda “muloqot” va “nutqiy faoliyat” tushunchalari bilan operatsiya qilinadi. Biroq “kommunikatsiya” tushunchasi “muloqot” tushunchasiga to‘liq teng emas. Ushbu tushunchalar o‘rtasida umumiy jihatlar bilan birga, o‘ziga xos farqlar ham mavjud.
Muloqot-bu fikrlar, axborot va his-tuyg‘ular almashinuvining jarayonidir. Kommunikatsiya esa jamiyatda axborot uzatish va uni almashish orqali unga ta’sir o‘tkazish maqsadini anglatadi. Kommunikatsiya individual tarzda o‘zlashtirilgan axborot bilan ijtimoiy ongda shakllangan axborot o‘rtasidagi bog‘lovchi bo‘g‘in bo‘lib xizmat qiladi. Kommunikativ akt ma’lum bir mexanizm orqali, ya’ni nutqiy faoliyat doirasida amalga oshiriladi. Shaxsiy darajadagi muloqot nutqdan foydalanmasdan ham – mimika, ishora va shu kabi vositalar orqali yuzaga chiqishi mumkin. Ammo katta ijtimoiy guruhlar darajasida nutqsiz muloqotning iloji yo‘q. Nutqiy faoliyat orqali ijtimoiy me’yor va qoidalar ifodalanadi. Ushbu uch tushunchani – muloqot, kommunikatsiya va nutqiy faoliyatni – til bilan bog‘liqligi, axborot uzatish jarayoni va ishtirokchilarning ijtimoiy xulq-atvori kabi jihatlar birlashtiradi. Ularni bir-biridan farqlovchi jihat esa ularning qamrov darajasidir: kommunikatsiya – bu maqsadga yo‘naltirilgan muloqot bo‘lib, katta ijtimoiy guruhlar darajasidagi og‘zaki va og‘zaki bo‘lmagan o‘zaro ta’sirni ifodalaydi.
Kommunikatsiya kommunikativ voqealardan tashkil topgan bo‘lib, unda ishtirokchilar o‘zaro fikr almashadi va natijada matn shakllanadi. Shunga muvofiq, kommunikatsiyaning muhim birligi sifatida kommunikativ akt qaraladi. Kommunikativ akt – bu «... kommunikantlar tomonidan o‘zaro yuzma-yuz amalga oshiriladigan nutqiy aktlar majmuasidir» [Клюев 2002 : 14]
Shuningdek, kommunikatsiya jarayoniga bevosita taalluqli tushunchalardan biri kommunikativ vaziyatdir: «Kommunikativ vaziyat har qanday nutqiy harakatning boshlang‘ich nuqtasi hisoblanadi. Bu – insonni nutqiy harakatga undaydigan, ifoda qilish motivini yuzaga keltiradigan va nutqiy harakatni amalga oshirish ehtiyojiga aylanishi mumkin bo‘lgan vaziyatlarning majmuasidir» [Маслова 2008: 34]
Kommunikatsiya jarayonida ishtirok etuvchi subyektlarning xulq-atvori bir qator omillar bilan belgilanadi: ularning ijtimoiylashuvi va madaniyat darajasi; har bir kommunikatsiya subyektiga xos qadriyatlar va normalar tizimi; atrof-muhit, vaziyat va kommunikatsiya sharoitlari hamda kommunikatsiyaning maqsadlari. Kommunikatsiyaning markaziy komponenti kommunikativ strategiyadir. Ular qaysi natijalar, qachon va qanday shaklda erishilishi lozimligini belgilaydi. E.V.Klyuyev kommunikativ maqsadga quyidagicha ta’rif beradi: «… kommunikativ aktga yo‘naltirilgan strategik natija; bu natija verbal, so‘zli darajada (masalan, va’dani o‘z zimmangizga olish, rad etish, xafa bo‘lish va boshqalar) hamda jismoniy harakatlar darajasida (masalan, urushga borish, ish boshlash, ajrashish uchun murojaat qilish va boshqalar) muhokama qilinishi mumkin» [Клюев 2002: 21]
Kommunikativ maqsad kommunikantga kommunikativ niyatni turli usul va metodlar orqali amalga oshirish imkonini. Kommunikativ maqsadga erishish darajasi kommunikativ aktning samaradorligini belgilaydi. G.P.Graysga ko‘ra, samaradorlik – bu «tinglovchiga ta’sir etish bo‘lib, uning orqali gapiruvchining niyati anglanadi» [Грайс 1985: 327] Bir kommunikatsiya subyekti kommunikativ maqsadlari va niyatlari boshqa ishtirokchilarning ko‘plab maqsad va niyatlari orasida amalga oshiriladi. Shuning uchun kommunikatsiya maqsadi va uning natijasi bir-biridan ancha uzoqda bo‘lishi mumkin L.L.Fedorova esa quyidagi kommunikativ maqsad turlarini ko‘rib chiqadi: ijtimoiy ta’sir; emotsional ta’sir; ma’lumot berish; psixologik dasturlash; isbotlash; ishontirish; chaqiriq; buyruq; majburlash; baholash [Федорова 2003: 154]. Kommunikativ muhit kommunikatsiya va atrof-muhitni o‘z ichiga oladi. U turli omillar ta’sirida axborot almashinuvini ifodalaydi. Har qanday ijtimoiy muhit kommunikatsiyaning yuzaga kelishiga xizmat qiladi. Kommunikativ muhit qulay va noqulay bo‘lishi mumkin. Qulay kommunikativ muhitda kommunikatsiya maqsadlariga osonlik bilan erishiladi, noqulay muhitda esa maqsadlarga erishish qiyinlashadi yoki sezilarli kuch sarflashni talab qiladi. Kommunikatsiyani optimallashtirish maqsadida ma’lum bir vaqt oralig‘ida jamiyat tomonidan tartibga solingan kommunikativ kelishuvlar o‘rnatiladi, ular hamkorlik prinsipi asosida shakllanadi. Hamkorlik prinsipi tinglovchilar va gapiruvchilar birgalikda harakat qilib, o‘zaro o‘zlarini ma’lum bir tarzda tushunishlarini ta’minlash orqali samarali muloqotga erishishdir. Hamkorlik prinsipi G.P.Graysning to‘rtta tamoyillarni o‘z ichiga oladi, ular samarali kommunikatsiyaga erishish uchun odamlar muloqot jarayonida amal qiladigan ratsional tamoyillarni ifodalaydi: miqdor, sifat, munosabat va uslub. Maksimalarni qo‘llash ifoda va uning qanday tushunilishi o‘rtasidagi bog‘liqlikni tushuntirish vositasidir. Shunday qilib, fikrimizcha, kommunikativ strategiyalar va taktikalarni tahlil qilish faqat kommunikatsiyaning quyidagi muhim tarkibiy qismlari – kommunikatsiya kanali, axborotni yuboruvchi va qabul qiluvchi, til va til tashqi xususiyatlarga ega bo‘lgan matnning o‘zi, kommunikativ maqsad hamda kommunikativ vaziyat (kontekst) hisobga olingan sharoitda amalga oshirilishi mumkin.
Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati:
Юлдашев Ш. Теоретико-прагматические проблемы коммуникативного диалога. В данной научной статье рассматриваются теоретико-прагматические проблемы коммуникативного диалога, различия в восприятии информации говорящим и слушающим в процессе общения, их описание в рамках прагматических речевых актов.
Yuldashev Sh. Theoretical-pragmatic issues of communicative dialogue. This scientific article considers the theoretical-pragmatic issues of communicative dialogue, the differences in the perception of information by the speaker and listener in the process of communication, their description within the framework of pragmatic speech acts.