Muloqot qilish qobilyati – inson ongli faoliyatining eng oliy ko‘rinishidir, zotan nutq orqali inson olam haqida tasavvurini namoyon qiladi va o‘zaro muloqot asosida yangi-yangi bilimlar orttiradi. Bunda til muloqot vositasi sifatida xizmat qilar ekan, pragmatika tilning muhim bo‘lgan sohalaridan biri hisoblanadi va muloqotdagi yashirin yoki chuqur ma’noni anglashga xizmat qiladi. Zotan faqatgina kommunikant o‘z nutqidagi so‘zlar aslida qanday ma’noda va maqsadda aytilganini aniq biladi va pragmatik bilimlar esa tinglovchiga bu nutqni to‘g‘ri qabul qilishga yordam beradi. Tilshunoslar tomonidan olib borilgan ko‘plab tadqiqotlarda ta’kidlanganidek kommunikant nutqini yaxshi tushunishga tildagi yuzaki strukturalar bo‘lgan grammatika, so‘z boyligi kabilarning o‘zi yetarli bo‘lmaydi, chunki nutqdagi har bir so‘zning asl ma’nosi faqat kontekstda namoyon bo‘ladi. Bizga ma’lumki nutq og‘zaki va yozma shakllar ko‘rinishida mavjud bo‘ladi va bunda kontekst nutqni jo‘yali olib borish uchun nimalarni aniqlashga xizmat qilishini tushunib yetish hozirda dolzarb bo‘lgan til ta’limidagi kommunikativlik tushunchasining asl mazmunini anglashga yordam beradi. Ma’lumki, pragmatika sohasi kommunikativ kompetensiyaning muhim ustunlaridan biridir. Kommunikativ qobilyat egasi tilni turli ijtimoiy vaziyatlarda tog‘ri va oqilona qo‘llay olishida pragmatik bilimlar muhim ahamiyat kasb etadi, bunda nutq vaziyati yoki kontekst pragmatik tadqiqotlarning asosini tashkil qiladi. Shuning uchun ham sintaktik qurilma ifodalagan propozitsiyaning so‘zlovchilarga tushunarli bo‘lishi uchun nutq vaziyati va kontekst zarur bo‘lgan joyda pragmatikaga ehtiyoj ortadi.[1]Yuqorida ta’kidlanganidek, kontekst ma’no yaratishda asosiy rol o‘ynaydi va kontekst – har qanday pragmatik nazariyaning langaridir. An’anaviy tilshunoslikda kontekst – nutq aytiladigan zamon, makon, ishtirokchilar, suhbatdoshlar o‘rtasidagi munosabatlar va ular o‘rtasidagi oldinroq aytilgan gaplar nutqiy vaziyatning bevosita belgilari sifatida ta’riflanardi. Keyinchalik kontekstning kognitiv, lingvistik, ijtimoiy va madaniy xususiyatlari ajratib ko‘rsatilib, nazariy tahlilarni ushbu turli nuqtayi nazardan olib borish kerakligi ta’kidlandi. Tilshunoslik xilma-xil ichki sohalardan iborat va tilshunoslar o‘z sohalariga tayanib kontekst tushunchasiga ta’rif berar ekanlar bu tilshunoslikda ushbu tushunchani ta’riflar xilma-xilligiga olib keldi. Jumladan, Kuk kontekstni “dunyo haqidagi bilimlar bo‘lib, uni keng va tor ma’noda qo‘llash mumkin. Tor ma’noda o‘rganilayotgan matndan tashqaridagi omillarga ishora qilsa, keng ma’noda nafaqat matndan tashqari omillar (bilimlar), balki matning boshqa qismlardagi bilimlarni ham nazarda tutishini” tavsiflab o‘tgan.[2] Boshqa bir olim Firzning fikricha “so‘zning to‘liq ma’nosi faqat kontekstga bog‘liq holda anglanadi, so‘z ma’nosini kontekstni inobatga olmay o‘rgangan tadqiqotlarni jiddiy qabul qilish mushkul masala, zero har bir so‘z yangi kontekstda yangi ma’no tashiydi.”[3] Jorj Yul esa kontekst tushunchasiga umumiy izoh berib, uni so‘z ishlatiladigan fizik muhit deb ta’riflaydi. Turli ta’riflarni birlashtiradigan umumiylik shundaki, kontekst diskurs amalga oshadigan turli vaziyat va omillardan iborat muhitdir.
Muloqotda kontekstni inobatga olish nafaqat tilshunoslikning pragmatika sohasi uchun muhim, balki bu tushuncha semantika, kognitiv tilshunoslik, sotsiolingvistika kabi til sohalarida asosiy e’tibor beriladigan unsur hisoblanadi, Shunday ekan kontektsning xususiyatlari va bu atamani yanada chuqurroq tushunishga ko‘maklashadigan “ichki tizimini” tahlilga tortishni zarur topdik. Xususan, biror bir istalgan matnni tushunish uchun u yaratilgan joy va makonni, matndagi tinglovchi va so‘zlovchi kimligini bilish muhim hisoblanadi. Tilshunos olimlardan bo‘lgan Firz matnni tushunishga xizmat qiladigan kontekstning asosini yaratib, uni quyidagi belgilarini sanab o‘tadi: vaziyat ishtirokchilari, ishtirokchilarning harakati, vaziyatning boshqa aloqador xususiyatlari, atrofdagi obyektlar va voqealar, og‘zaki nutqning ta’siri, nutqqa kiritiladigan o‘zgarishlar. Olim bunda e’tiborini dastlab nutq vaziyati ishtirokchilariga qaratib, u murojaat qiluvchi – nutqni ishlab chiquvchi so‘zlovchi yoki yozuvchi bo‘lishi mumkinligini, adresant esa nutqni qabul qiluvchi tinglovchi yoki o‘quvchi ekanligini ta’kidlaydi. Shuningdek Xayms kontekstning keng ko‘lamli xususiyatlarini muhokama qilib, quyidagilarni farqlab beradi: muloqot vositasi (nutq ishtirokshilar qaysi usulda muloqotni amalga oshirishi – og‘zaki, yozma, kuylash, signallar bilan); til uslubi (adabiy yoki sheva kabi, shuningdek qaysi uslubda, masalan, publitsistik); xabar ( xabarni qaysi shaklda yetkazish mo‘ljallangan – suhbat, munozara, ertak, sevgi maktubi), voqea (kommunikativ hodisaning tabiati); va maqsad (ishtirokchilar nimani hal qilmoqchi). Ko‘rib turganimizdek, kontekst haqidagi xususiyatlarni umumlashtiradigak bo‘lsak, nutq vaziyati elementariga nutq sodir bo‘layotgan paytga aloqador obyektlar, nutq ishtirokchilari tomonidan baham ko‘rilgan bilim, ular tegishli bo‘lgan jamoadagi qarashlar, konvensiyalar va e’tiqodlarni o‘z ichiga oladi. Nutq vaziyati yoki konteks haqida so‘z yurita turib, uning uch darajali hodisa ekanligini ushbu chizmada berib o‘tishni lozim topdik:
|
|
|
Sh.Safarov o‘zining “Pragmaligvistika” asarida ta’kidlashicha so‘zlovchining kognitiv holati, muloqot muhiti va tildan foydalanish aktini o‘zaro bog‘liq, biri ikkinchisini inkor qilmaydigan hodisalar sifatida qarash ma’quldir.[4]
Lisonning tizimiy ravishda kontekst bilan bog‘lab o‘rganish muloqotning qanday vaziyatda yuzaga kelshini va bu vaziyatlarga mos ravishda faoliyat yuritishni taqozo qiladi. Chunki so‘z manosi u ishlatiladigan ijtimoiy muhitga bog‘liq holda anglashiladi va bunda lisoniy, vaziyatli va madaniy omillar hisobga olinadi, natijada nutqning jo‘yaligi ta’minlanadi. Kontekstning ma’noga bog‘liq holda bir nechta turlari mavjud, masalan, nolisoniy yoki vaziyatli kontekst, ammo ko‘plab tadqiqotchilar tilshunoslikda konteksni ma’lum so‘zdan oldingi va keyin kelgan so‘zlarni nazarda tutuvchi lisoniy kontekst bilan chegaralab qo‘yadilar.[5] Shuning uchun ham kontekstning turlarini aniqlashda tilshunoslarning fikri turli-tumandir, chunki ular vaziyatni turli o‘lchovlar bilan baholaydilar bu esa hozirda kontekstning lisoniy, vaziyatli, madaniy, jismoniy, ijtimoiy, tarixiy va psixologik turlarga bo‘linishga olib keldi.
Garchi ko‘pchilik nazariy jihatdan ushbu turli kontekstlar o‘rtasidagi farqlarni anglab yetsa ham, odatda tildan foydalanishda ushbu turli qismlar elementlarini o‘z ichiga olishni taqozo etadi. Demak, kontekst asosida ma’noni anglash – bunda ifodalangan nutq bo‘lagini kontekst yordamida to‘g‘ri tushunish va ma’lum vaziyatda munosib nutqiy aktni tanlashdan iboratdir. Masalan, so‘zlovchining uyida mehmon bo‘lgan tinglovchiga nisbatan Could you bring me a glass of water? murojaatini ishlatish o‘zaro muloqotning samarasiga putur yetishiga sabab bo‘lishi mumkin. Bunday nutqiy vaziyatda albatta so‘zlovchi boshqa nutq shaklidan foydalangani ma’qul deb hisoblaymiz. Yoki yo‘lda ikki do‘st uchrashib qolib, ular o‘rtasidagi o‘zaro muloqotda birining:
- How are you? – jumlasi orqali ahvolini so‘rash bilan boshlasa ikkinchisining:
- Ah lovely weather today! javobi o‘zaro fikr amashishda grammatik jihatdan to‘g‘ri shakllangan gaplardan foydalanilishiga qaramay, kontekstga nomunosib nutq bo‘lagi muloqotning davom etishiga to‘siq bo‘lganini ko‘rishimiz mumkin. Yoki muloqot davomida aytilgan nutq bo‘lagi yordamida ko‘rinmaydigan qo‘shimcha ma’noning mavjudligi ham kontekstga qarab aniqlanadi.
Masalan,
Haqiqatan ham kontekst nutqda qo‘llanilayotgan so‘zlarning intensional ma’nosini ochib berishda muhim unsur hisoblanadi. Chunki til shunchaki o‘zaro aloqada bo‘lgan tovushlar, gaplar, qoidalar va ma’nolar yig‘indisi emas, balki ularning konteks va kommunikant nuqtayi nazari bilan izchil integratsiyasidan iborat. Tilshunoslikda kontekst so‘zlar, jumlalar, iboralar va matnlarning haqiqiy ma’nosini anglashda katta ahamiyatga ega. Kontekstni inobatga olib muloqotga kirishish ma’noni chuquroq anglashga va tabiiy til madaniyatini shakllantirishga xizmat qiladi.
Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati
Sattorova F. A linguistic study of context. In everyday use words have several meanings, and understanding the true meaning of each word depends on the context. This article discusses the importance of context, its components and types in understanding the intentionality implied in words and speech acts. In addition, these days it is widwly spoken about the rational use of the language depending on the context, and taking into account the speech situation which is one of the non-verbal means of effective communication between the communicator and the listener.
Сатторова Ф. Лингвистическое изучение контекста. В повседневном использовании слова имеют несколько значений, и понимание истинного значения каждого слова зависит от контекста. В данной статье рассматривается значение контекста, его компонентов и видов в понимании интенциональности, заложенной в словах и речевых актах. Кроме того, в настоящее время широко говорится о рациональном использовании языка в зависимости от контекста и учета речевой ситуации, что является одним из невербальных средств эффективного общения коммуникатора и слушателя.
[1] Mahmudov N., Nurmonov A. O‘zbek tilining nazariy grammatikasi: (Sintaksis) – T.: O‘qituvchi, 1995. - B.10.
[2] Guy Cook. Discourse and Literature. Shanghai: Shanghai Foreign Language Education Press, 1999. P.24.
[3] Firth. J. R. Papers in Linguistics, Oxford University Press, 1951. P. 154.
[4] Сафаров Ш. Прагмалингвистика. – Т.: Ўзбекистон миллий энциклопедияси давлат илмий нашриёти, 2008. – Б. 37
[5] Charless, Walter. G. (2000, p.506-507). Contextual correlates of meaning. Applied psycholinguistics, 21 (04) 505.