Tilshunoslik fanining asosiy e’tibori uzoq davrlardan beri tilning ichki xususiyatlarini o‘rganishga qaratildi. Bunga sabab tilni tadqiq etishda metodologik asosning dialektik mohiyati deyish mumkin. Tilshunoslikda o‘rganish obyektiga bo‘lgan munosabatning o‘zgarishi fan taraqqiyotining bugungi davrida til va nutq birliklarining ilmiy tavsifini qayta ko‘rib chiqishni, uning shu davrgacha bo‘lgan yondashuvini bugungi kun talabidan kelib chiqqan holda o‘zgartirishni, shu asosda aniqlangan bo‘shliqlarni to‘ldirishni muhim ekanini namoyon etadi. Bu, o‘z navbatida, matn va uning lingvistik tadqiqiga ham boshqacha yondashishning ahamiyatli ekanini ko‘rsatadi. Qayd etilgan masala nafaqat o‘zbek tilshunosligida, balki tom ma’noda jahon tilshunosligida ham birdek tadqiqtalabdir. Matn tilshunosligining shakllanishi, boshqacha aytganda, matn tushunchasining alohida ahamiyat kasb etishi XX asrda gap tushunchasi va uning real qo‘llanishi masalalari tavsifiga bog‘liq holda vujudga keldi. Bu XX asrning 40-yillarining oxiriga to‘g‘ri keladi.
Tilshunoslikning barcha davrlarida ham, fan taraqqiyotining barcha bosqichlarida ham o‘z davri va o‘z bosqichi uchun matn tushunchasi muhim va dolzarb masalalardan biri bo‘lib kelgan. Uning ahamiyati va mohiyati bilan bog‘liq qiziqishlar hamda bu qiziqishlarga olib keluvchi sabablar ham o‘ziga xoslikka ega bo‘lgan. Matnning qiyosiy-tarixiy paradigma asosidagi tadqiqi va tavsifi ham, uning sistem-struktur paradigma asosidagi tadqiqi ham, antroposentrik tadqiqi ham ma’lum darajadagi umumiylikni kasb etsa-da, bu ilmiy paradigmalarning mohiyati va maqsadi turlicha bo‘lgani sababli matn va uning lingvistik tavsifi ularning har biridagi ilmiy yondashuvga ko‘ra bir-biridan tubdan farq qiladi.
Matnga qiyosiy-tarixiy paradigma qonuniyatlari asosida yondashilganida, uning til va nutq birliklarining orasidagi tadrijiy ketma-ketlikda maksimal birlik ekani asosiy diqqat markazida bo‘lib hisoblanadi. Bu esa matnning tom ma’noda tilning eng katta birligi maqomida belgilanishiga imkon yaratadi[Ирисқулов М., 1992. – Б. 140-142.]. Shuning uchun ham matnni tilning birligi sifatida o‘rganish qiyosiy-tarixiy paradigma[Ҳакимов М., Газиева М., 2020. – Б. 8.] asosida shakllangan ilmiy izlanishlarning muhim xulosalaridan o‘rin olganini kuzatish mumkin.
Tilshunoslikda inson tili va uning real qo‘llanishi, nutq va nutqiy faoliyat, nutq jarayoni va u bilan bog‘liq bo‘lgan omillar hamda qayd etilganlarning uzviyligida sodir bo‘luvchi, vujudga keluvchi, shakllanuvchi hosilalar masalasi mutaxassislarni fanimiz taraqqiyotining qadimgi davrlaridan boshlab qiziqtirib kelgan va bu holat fan taraqqiyotining bugungi bosqichida ham o‘z dolzarbligini yo‘qotgani yo‘q. Shu bois, til va nutq birliklarining shu kungacha belgilanishi hamda shu asosda global sintaktik struktura tushunchasi va uning komponentlari xususida o‘ziga xos ilmiy xossalarni aniqlash muhimdir. Nutqning mukammal va murakkab hosilasi bo‘lgan global birlik maqomi matn ekani, uning asosiy belgilari nimalarda namoyon bo‘lishi o‘ziga xos murakkablikni taqozo etadi. Bu boradagi bugungi kundagi qarashlarning keng ko‘lamli bo‘lishi, fan taraqqiyoti dinamikasi mahsuli sifatida dalillanishiga sezilarli ehtiyojlar shakllanib ulgurgan. Buni yoritishda predikativlik hodisasi va uning ifoda obyektlariga tayanib ish ko‘rilgan. Matnda jumlaning o‘rni, uning o‘ziga xos yangi qirralari xususida fikr bildirilishi davr talabidir. Shu asosga ko‘ra nutqning maksimal global strukturasi va uning eng kichik birligi masalasida o‘ziga xos munosabatlar ilgari surilishi ham dolzarblikka ega. Barcha fanlarda, xususan, tilshunoslikda ham yechimini kutayotgan masalalarga qiyosiy-chog‘ishtirish, sistem-struktur, antroposentrik paradigma prinsiplari asosida yondashilganida bir obyektning bir masaladagi tavsifi aynan bir xil bo‘lmasligi, boshqacha aytganda, erishilgan xulosalarning bir-biridan farqli bo‘lishi ko‘zga tashlanadi. Shunday ekan, tilshunoslik o‘zining o‘rganish obyekti bo‘lgan tilga va, umuman, lisonga zamon va makon ta’sirida shu zamon va shu makon ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda murojaat etishi, bu jarayonda ayni ehtiyojlarni qondirishga qaratilgan maqsadli faoliyatda bo‘lishi izoh talab qilmaydi.
Matn va uning lingvistik tavsifi haqida fikr bildirilganida uning, avvalo, tilshunoslikning o‘rganish obyekti sifatidagi istilohiy jihatlariga e’tibor qaratish o‘rinlidir. Bunga ko‘ra, matn tushunchasi tekst tushunchasi bilan uzviy bog‘liq ekaniga e’tibor qaratish muhim. Zotan bu ikki termin biri boshqasiga chambarchas aloqadadir. Tekst tushunchasining muqobili sifatida tilshunosligimizda matn tushunchasi va bu tushunchalarni beruvchi terminlar o‘zbek tilshunosligida qo‘llanishda bo‘lib kelgan hamda bu holat fanimiz taraqqiyotining bugungi davrida ham davom etmoqda.
Yuqoridagi fikrlarimiz matnshunoslik, tekstologiya tushunchalarining mavjudligi va qo‘llanish mohiyati asosida ham mujassamdir. Biroq matn va tekst tushunchalari bir-biriga qanchalik yaqin bo‘lmasin, matnni tom ma’noda lingvistik o‘rganish, boshqacha aytganda, uning birliklarini, ya’ni konstitutiv komponentlarini tavsiflash, bu unsurlarning birini boshqasidan farqli xususiyatlarini aniqlash bilan matn tarkibida fonetik, leksik, frazeologik, morfemik, sintaktik birliklarning mohiyatini tilshunoslik nuqtayi nazaridan o‘rganilishini tenglashtirib bo‘lmaydi. Chunki mazkur lingvistik yondashuvlarning maqsadi, amalga oshirishi lozim bo‘lgan vazifalari hamda erishadigan natijalarida katta farqlar bor.
Masalaning tub mohiyatiga nazar tashlar ekanmiz, bunda matnning tarkibida qo‘llanilgan so‘z va iboralarning kommunikativ jihati emas, balki ularning semantik belgilari, leksik qudrati, frazeologik mazmuni va uning real ifodasini kuzatishga imkonning vujudga kelishi matnda ro‘yi-rost o‘z ifodasini topadi. Shuning uchun ham fonetik, leksik, morfemik, sintaktik birliklarning struktur va semantik tomonlarining real tavsifini berishda ularning matn tarkibidagi holatidan kelib chiqishga urinishlar katta miqdorni tashkil etgan. Bu esa, o‘z navbatida, uyg‘otilgan tashqi tasavvurga ko‘ra matnning lingvistik tadqiqi sifatidagi taassurotni keltirib chiqarishga yo‘l ochgan. Bunda matn emas, balki uning tarkibida undan kichik bo‘lgan birlik (fonema, morfema, leksema (so‘z), ibora termin)larning xususiyatlari lingvistik tadqiq etilgan, yoritilgan, tilshunoslik nuqtayi nazaridan tavsiflangan. Bunday yondashuvlarda matn tom ma’noda o‘rganish obyekti emas, balki o‘rganilayotgan obyektlar (fonema, morfema, leksema (so‘z), ibora, termin)ni aniqroq tasavvur etish uchun makon maqomida bo‘lgan.
Ko‘rindaki, bunda matn emas, balki uning tarkibida turli bosqich, turli pog‘ona, turli sathga tegishli bo‘lgan birliklar lingvistik tavsiflangan. Biroq bu tahlillarning hech biri matnning lingvistik tadqiqi, tavsifiga aloqador bo‘lmagan. Aniqroq qilib aytganda, matnni o‘rganish deb qaralgan jarayonlar matnni emas, uning ichida til va nutq birliklarining namoyon bo‘lishiga oid ayrim masalalarni o‘rganishdan nariga o‘ta olmagan.
Tilshunoslikda shakllangan an’anviy yondashuvlar samarasi o‘laroq ko‘plab yutuqlarga erishildi. Bu fan taraqqiyotining yuksalishida alohida ijobiy faoliyat ekanini qayd etish lozim. Matnga berilgan ta’rif va tavsiflarning aksariyatida mazkur yondashuvning qarashlari, xulosalari va yutuqlari to‘la o‘z ifodasini topgan. Quyida ulaning ayrimlariga alohida to‘xtalib o‘tmoqchimiz.
“O‘zbek tilining izohli lug‘ati” da matn (tekst) tushunchasi
MATN [a.] esk. kt. ayn. Tekst [O‘TIL. I tom, 1981. – B. 452.].
Mazkur lug‘atda tekst so‘zi
TEKST [r<lat] 1 Yozilgan, ko‘chirilgan yoki bosilgan ijodiy ilmiy asar, nutq, hujjat va sh.k. yoki ularning bir parchasi; matn.
2 Muzika asariga, masalan, biror kuyga, opera, romans va shu kabilarga asos bo‘lgan she’r, so‘z.
3 poligr. Yirik shriftlardan birining nomi.
Ushbu lug‘atda TEKSTOLOG [r] tekstologiya mutaxassisi, matnshunos. O‘zbek tekstologlari || Tekstolog olim.
TEKSTOLOGIK [r текстологический] Tekstologiyaga, matnshunoslikka oid. Tekstologik tadqiqot.
TEKSTOLOGIYA [r<lat+grek] Filologiyaning yozma yodgorlik, badiiy tarixiy asar, hujjat va shu kabilarni o‘rganish, ularning asl tekstini tekshirish yoki originalga eng yaqin tekstini tayyorlash bilan shug‘ullanuvchi bo‘limi; matnshunoslik. Respublikamizda tekstologiya fani ravnaqini uning asoschilaridan biri Porso Shamsiyevsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. S.G‘aniyeva, Allomaning tabarruk yoshi[O‘TIL. I tom, 1981. – B. 156.].
O‘zbek tilining izohli lug‘atida MATN [a. ﻤﺗﻦ – yelka; nutqning yozuvdagi ifodasi, tekst]
1 Yozuvda yoki bosma holda shakllantirilgan mualliflik asari yoki hujjat. Begona tildagi matnni tarjimon o‘zi uchun talqin etish bilan uni o‘z tilida boshqalarga atab qayta yaratishi o‘rtasida katta tafovut bor. G‘.Salomov, Tarjima nazariyasiga kirish.
MATNSHUNOS [a. ﻤﺗﻦ ﺶﻦﺲ – matn o‘rganuvchi] Matnshunoslik sohasi mutaxassisi; tekstolog.
MATNSHUNOSLIK. Adabiyot va folklorga oid qo‘lyozma asarlarni, tarixiy hujjatlarni, asl matnlarini aniqlash va tanqidiy o‘rganish, sharhlab e’lon (nashr) qilish maqsadida ular ustida ish olib boruvchi yordamchi tarixiy-filologik fan sohasi; testologiya [O‘TIL. II tom, V tomli, 2020. – B. 557.].
Matnshunoslik so‘ziga “O‘zbekiston Milliy ensiklopediyasi”da MATNSHUNOSLIK, tekstologiya – yordamchi tarixiy-filologik fan sohasi, adabiyot va folklorga oid qo‘lyozma asarlarni, ularning aniq matnlarini aniqlash va tanqidiy o‘rganish, sharhlab e’lon qilish maqsadida ular ustida tadqiqotlar olib boradi. Matnshunoslikning vazifasi matnni har tomonlama tadrijiy-tanqidiy (matn tarixiga chuqur kirib borish, matnni yaratishda foydalanilgan manbalarni, muallif tahrirlari, variantlari va b.) o‘rganib, nashrga tayyorlashdan iborat. ... [O‘ME. XII tomli, V tom, 2003. – B.522].
“O‘zbek tilining etimologik lug‘ati”da matn so‘ziga oid quyidagi ma’lumot keltirilgan.
MATN. Bu arabcha so‘z matn(un) shakliga ega (ARS, 741); “mustahkam bo‘ldi”, “asosli bo‘ldi” ma’nosini anglatuvchi matuna fe’lining (ARS, 741) birinchi bob masdari bo‘lib, (ATG, 142), arab tilida “yelka”, “tekst” ma’nolarini anglatadi (ARS, 741); o‘zbek tilida “tekst” ma’nosi bilan ishlatiladi (O‘TIL, I, 452) [Раҳматуллаев Ш., 2003. – Б. 244.].
Ko‘rinadiki, matn tushunchasi yozma, bosma nashrlarning mahsuli sifatidagi umumiy nomlanishni taqozo etadi. Matn tushunchasi bilan yonma-yon tekst tushunchasi ham qo‘llanilishi kuzatiladi. Ular bir-biriga sinonim, boshqacha aytganda, anologik tushuncha bildiruvchi ikki so‘zdir. Matn so‘zining etimologiyasi arab tiliga borib taqalsa, tekst so‘zi yunoncha, lotincha genezisni taqozo etmoqda.
Tekst so‘zi rus tildagi lingvistik lug‘atlarda ham shu mazmunda berilganini kuzatish mumkin. Jumladan, D.E.Rozental, M.A.Telenkova [Розенталь Д.Э., Теленкова М.А., 1985. – С. 483.] “Словарь-справочник лингвистических терминов” lug‘atida tekst (lat. textum – связь, соединение). Произведение речи (высказывание), воспроизведенное на письмо или в печати.
Tekstologiya. Отрасль филологической науки, занимающаяся установлением точного тексталитературных памятников или исторических документов для их научного издания [Розенталь Д.Э., Теленкова М.А., 1985. – С. 483.].
Текстуальный. Дословный, буквально воспроизводящий какой-либо текст. Текстуальный пересказ какой-либо сообщения [Розенталь Д.Э., Теленкова М.А., 1985. – С. 484.].
O‘zbekcha-ruscha lug‘at (Узбекско-руский словарь)da MATN knej. tekst. deb tarjima qilingan [Узбекско-руский словарь, 1988. – С. 256.]. Mazkur lug‘atda tekst, tekstolog, tekstologik, tekstologiya so‘zlariga berilgan tarjimalar va tavsiflarning mazmuni ham yuqorida qayd etilgan ma’lumotlarni takrorlaydi [Узбекско-руский словарь, 1988. – С. 436.].
Ruscha-o‘zbekcha lug‘at (Русско-узбекский словарь)da 1 TEKST tekst, matn; ~ пьесы пйеса teksti, подлинный ~ asl nusxa teksti; машинописный ~ mashinkalangan tekst; газетный ~ gazeta teksti; иностранный ~ chet tilda yozilgan tekst; 2 muz. tekst (muzika asarining so‘zlari); ~ песни ashula teksti deb tarjima qilingan va shunday tavsiflangan [Русча-ўзбекча луғат (Руско-узбекский словарь) Икки томли. II том., 1984. – Б. 557. ]. Mazkur lug‘atda tekst, tekstolog, tekstologik, tekstologiya so‘zlariga berilgan tarjimalar va tavsiflarning mazmuni ham yuqorida qayd etilgan ma’lumotlarning mazmuniy analogidir [Русча-ўзбекча луғат (Руско-узбекский словарь) Икки томли. II том., 1984. – Б. 557.].
“Ensiklopedik lug‘at”da tekst so‘ziga berilgan lug‘at maqolaga e’tibor qaratar ekanmiz, bunda quyidagi ma’lumotlar qayd etilganini ko‘rish mumkin:
TEKST (lat.). 1) muayyan tilning qonun-qoidalari, muayyan belgilar sistemasiga muvofiq tuzilib, axborot beruvchi gaplar, so‘zlar (semiotikada – belgilar) izchilligi. 2) so‘z asari: badiiy adabiyotda – tabiiy til belgilari (so‘zlar) va murakkab estetik belgilar (poetik til, syujet, kompozitsiya va h.k.)dan tuzilgan to‘la asar yoki uning parchasi. 3) muallifning ilova va tushuntirishlardan xoli asari. 4) nashrda T-ning rasm, chizma va formulalardan farqli ravishda so‘z bilan ifodalangan qismi. 5) bosmaxona shrifti, kegli (o‘lchami) 20 punkt (taxm. 7,5 mm) ga teng [Энциклопедик луғат, 2 томлик, 2-том. (масъул муҳаррир Т.Умаров), 1990. – Б. 254.].
Mazkur lug‘atda: TEKSTOLOGIYA (lat., yun.) 1) filologiyaning tarmog‘i; adabiyot va folklor asarlarining yozma manbalarini, ularning tekstlarini tanqidiy o‘rganish, ular ustida tekstologik tadqiqotlar olib borish va nashrga tayyorlash bilan shug‘ullanadi. T-ning eng muhim vazifasi tegishli manbalar (qo‘lyozma, bosma nashrlar, tarixiy hujjatlar va b.)ni tanqidiy o‘rganish asosida tekstning avtor qalamiga mansub asl variantini aniqlash va nashr jarayonida muharrirlar yoki senzura tomonidan tekstga kiritilgan o‘zgarishlarni belgilashdir. T-ning asosiy vazifasi – asar tekstini nashr ettirishdir [Энциклопедик луғат, 2 томлик, 2-том. – Б. 254.].
Matn tavsifi borasida ingliz tilidagi leksikografik ishlarda keltirilgan tavsiflarga e’tibor qaratar ekanmiz, bunda ham muayyan ma’lumotlarning o‘zaro o‘xshash o‘rinlarini kuzatamiz. Jumladan, Devid Kristalning lug‘atida:
TEKST (matn) (ot) – tilshunoslik va fonetikada tahlil va tasvirlash maqsadida yozib olingan til birligi uchun ishlatiladigan nazariy bo‘lmagan atama. Muhimi shundaki, matnlar yozma yoki og‘zaki materiallar to‘plamiga ishora qilishi mumkin (ikkinchisi biror bir tarzda transkripsiya qilingan), masalan, suhbat, monologlar, marosimlar va hokazo. Matn ma’nosi (textual meaning) ba’zida semantikada ma’no turlarini tasniflashning bir qismi sifatida qo‘llanadi va u matnning qolgan qismidan kelib chiqadigan, jumlaning talqiniga ta’sir etuvchi omillarga ishora qiladi [Crystal D., 2008. – P. 507.]. Masalan, pyesa yoki romanning ma’lum bir nuqtasida ma’lum bir jumla yoki so‘z paydo bo‘ladi, uning mazmunini oldinroq aytilgan yoki sodir bo‘lgan voqealar yordamida anglash mumkin bo‘ladi.
Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati:
Зайниева М. О лексикографическом описании понятия текста. В статье рассматриваются описания, представленные в лексикографических работах по описанию текста, с указанием сходств и различий между различными видами информации.
Zayniyeva M. On the lexicographic description of the concept of text. The article examines descriptions presented in lexicographic works on text description, indicating similarities and differences between different types of information.