METAFORIK TUZILMALARNING BADIIY MATNDA FAOLLASHUVI

Mark Jonson “The Body in The Mind” (1987)  nomli kitobida an’anaviy semasiologik tadqiqotlarning kamchiliklari haqida gapirayotib, quyidagi fikrni bayon qilgan edi: “obyektivistik yondashuvda ma’no juda ham tor ko‘lamda qaralib, obyektik borliq va timsoliy tasavvur munosabati sifatida talqin qilinadi. Ular obraz, sxematik qolip, metaforik tasvir kabi propozitsiyaga aloqador bo‘lmagan tuzilmalarni inkor etadilar” (Johnson 1987: 18). Olim taklif qilgan “tasviriy sxema” (image schema) nazariyasi mental strukturalarning mazmun tuzilishida va uni idrok etishda yetakchilik qilishini tasdiqlashga xizmat qildi.

M. Jonson “Moral imagination: Implications of cognitive science for ethics” nomli boshqa bir kitobida ayrim tasvir sxemalarining qanday va nima uchun asar tarkibida strukturalar hosil qilishini o‘rganadi. Uning aniqlashicha, asosiy yoki prototip strukturalardan tashqari, majburiy kuch, jalb qilish, yoqtirmaslik, markaz-sarhad, aylanma harakat kabilar bilan bog‘liq sxemalar metafora va metonomik ko‘chimlar uchun muhim ekanligini hamda ularning ishtiroki natijasida matnda variantlashuv holatlari yuzaga kelishini qayd etadi (Johnson 1993).

Yana bir amerikalik olim Mark Terner konseptual metaforalarning badiiy matnda faollashuvi holatlarini badiiy bayon, hikoyaning konseptual aksini anglatuvchi “parable” (“hikoyat”) tushunchasini iste’molga kiritadi. Olimning qayd etishicha, “hikoyat ongning asosiy tamoyili bo‘lib, bizning tajribalarimiz, bilimimiz va o‘y-hayollarimiz asosan hikoya tarzida tuzilish oladi” (Turner 1996: 11). Kundalik turmushda kechadigan suv quyish, suvga borish, suv ichish va idishni stolga qaytarib qo‘yish kabi harakatlar bir-biri bilan alohida tasviriy sxemalar vositasida bog‘lanadi.

M. Terner sxemalarning badiiy matnda faollashuvini izohlash uchun yunon mumtoz adabiyoti namunasi bo‘lgan “Odissey”dan misollar keltiradi. Troya jangidan qaytayotgan dengizchilar Itaka tomon suzib boradilar, ammo, yo‘ldagi sarson-sargardonchilik paytida ular turli vaqtda birma-bir turlicha o‘lim topadilar. M. Ternerning fikricha, bu murakkab sayohat to‘g‘risidagi hikoya bo‘lib, u yo‘l (Troya) va mo‘ljal (Itaka) tugunlaridan iborat freym yoki tasvir sxemasi asosida shakllangan. Olim ushbu fikrini quyidagicha izohlaydi:

“We appear to understand an event as having its own “internal” structure... this internal structure is image schematic: it is rooted in our understanding of small spatial stories. I'll refer to this internal structure loosely as its “events shape”. We think of a season as coming around again, time as progressing along a line, a sale as closed. None of these events has the literal spatial or bodily form we associate with it, but we use image schemas to structure and reorganize these events” (Turner 1996: 27).

M. Terner aytayotgan “voqealar shakli”dan tashqari, sxemalar ularning sabablarini aniqlashga ham qo‘l keladi. Zero, sabablar konseptuallashuvning manbasi bo‘lib, ularning tuzilishi ham sxematik ko‘rinish oladi. Hatto, ba’zi sabab sxemalari oldin eslatilgan “ma’lum yo‘nalish bo‘ylab harakat” sxemasini takrorlaydi (Op.cit., p. 29).

Bundan tashqari, olim “qobiliyat”, “majburiyat”, “ehtiyoj”, “imkoniyat” munosabatlarini ifodalovchi modal strukturalarni ajratish kerakligini qayd etadi. Elementlarning o‘zaro munosabatini aks ettiruvchi ushbu strukturalarni sxemalar tasvirida anglash mumkin bo‘ladi (Op.cit., p. 30).

Kognitiv semantika sohasining yirik mutaxassislaridan bo‘lgan Leonard Talmi matnlar kognitiv tuzilishi tahlilining umumlashgan modelini taklif qilgan. Ushbu model uch qismdan iborat: a) asosiy maydonlar; b) qatlamlar; v) parametrlar.

Birinchi qism ma’lum makon va zamondagi olam parchasini uning barcha xususiyatlari bilan birgalikda qamrab oladi. Shuningdek, L. Talmi bu qismga ma’lum madaniyat va jamoada amalda bo‘lgan presuppozitsiya bilimlari, qadriyatlar, me’yorlarni hamda matnni yaratuvchi va qabul qiluvchilarni, matnning o‘zini ham kiritadi (Talmy 2000: 422). Parametrlar esa tashkil qilishning umumiy tamoyillari bo‘lib, ular strukturalarning munosabatini, farqlanishini, strukturalar birikishini va baho me’yorlarini belgilaydi.

Matn tuzilishi uchun muhim qism qatlamlar bo‘lib, u zamon, makon va sabab strukturalaridan tarkib topadi. L. Talmining nazdida, zamon strukturasi davomiylik xususiyatiga ega, makon strukturasi esa “makonlashuvga ishora qiluvchi matrisa” hamda “unga oid konseptlar joylashuv yoki egalik qilish mazmuniga ega. Dinamik konseptlar, o‘z navbatida, yo‘nalish va mo‘ljalni ifoda etadi” (Op.cit., p. 436-438). Sabab strukturalari faollashuvida harakatlar ta’siri inobatga olinadi.

L. Talmi o‘z ishlarida “image schema” yoki “conseptual structure” atamalarini qo‘llamagan bo‘lsa-da, lekin, uning qarashlari konseptual metaforaning yaxlit matn doirasida shakllanishi va tarqalishi holatlarining tahlilida muhim rol o‘ynashishi hech qanday gumon tug‘dirmaydi. Tadqiqotchining matnning kognitiv tahlilga nisbatan munosabati uning quyidagi so‘zlarida yaqqol ko‘rinadi: “narrative is something that by necessity is cognitively produced or experienced, rather than as anithing that could exist autonomously in it's own right” (Op.cit., p. 420). Narrativ (matn), o‘zicha alohida mavjud bo‘lgan biron tuzilmadan farqli ravishda, ehtiyoj yuzasidan kognitiv shakllangan va voqelangan hodisadir.

Matnning turli sathlariga oid birliklar uyushishidan tashkil topadigan tuzilma ekanini tilshunoslar allaqachon e’tirof etishgan. Ammo, ushbu tuzilma qandaydir tartibsiz, o‘z-o‘zidan hosil bo‘ladigan hodisa emas, aksincha, undagi har bir bo‘lak o‘zaro aloqada va bir-birini taqozo etadi (Кухаренко 1988: 70; Гальперин 1981; Boymirzayeva 2009; Ashurova, Galeyeva 2016 va boshq.).

Matnda voqealar, faktlar, voqea kechayotgan makon va zamon, muallifning fikr-mulohazalari kabilar bayon qilinadi. Bularning barchasi matndagi faktual axborotni tarkib topdiradi. Mazkur turdagi axborot qo‘shaloq rolni bajaradi: u, bir tomondan, matnni “tiriltiradi”, ya’ni uni harakatga tushirib, mazmunni voqelantirsa, ikkinchi tomondan, ushbu mazmunni ifoda qilayotgan fikrni turli “niqoblar” vositasida yashiradi va bu bilan mazmun anglanishini qiyinlashtiradi. Badiiy matnda faktual axborot, boshqa janrdagilardan farqli o‘laroq, alohida yoki sof holda ifodalanmaydi. Ushbu axborot muallif maqsadiga mos ravishda uzatiladi. Shuning uchun ham badiiy matnning alohida qismlarga ajralib ketmasligini ta’minlovchi asosiy omil – uning konseptualligidir. Konseptual axborotsiz matn yaxlitlik xususiyatiga ega bo‘la olmaydi. Yaxlitlikni, ayni paytda, metindek jipslashish ramzida qaramaslik kerak, chunki yuqorida aytilgandek, har qanday matn turli konseptual strukturalar ishtirokida tarkib topadi.

Har qanday yozma matn lisoniy shaxslar kommunikativ hamkorligining qoldirgan “axborot izi”dir. Bunday hamkorlik natijasida bilim, tajriba, malaka, me’yor, hissiyot kabilar doirasidagi axborot almashinuvi kechadi. Tadqiqotchilar badiiy matnni muallifning o‘ziga xos ichki kechinmalarining aks etishi oqibatida voqelikni tasvirlashi sifatida talqin qiladilar (Адмони 1994: 120). Shunga nisbatan, matnning diskursiv tavsifida muallifning “voqelikni ko‘rishi” bilan bir qatorda, pragmatik, ijtimoiy–madaniy va kognitiv omillarni ham inobatga olish talab qilinadi.

Aytish joizki, “olamning manzarasi” tushunchasi voqelikni idrok etishning barcha bosqich va jarayonlarini qamrab ololmaydi. U olam haqidagi tasavvurlarning umumlashmasidir. “Olamni ko‘rish” tushunchasi esa, aksincha, voqelikni ma’lum zamon va makonda idrok etilishini anglatadi. Bunda olamning lisoniy manzarasi voqelikning ko‘zgudagi aksi bo‘lmay, balki subyektning bilimi, shaxsiy tajribasi, kontekstga bog‘liq holda “ishlov berilgan” tasvirdir. Matn xuddi shunday alohida olamni ko‘rish manzarasidan iborat tuzilma qiyofasini olishini faraz qilish mumkin (Mарова 2006).

O’ylaymizki, badiiy matnning tahliliga lisoniy-tafakkur jarayoni sifatida qarash olamning mental o‘zlashtirish muammosi tadqiqiga yo‘l ochib beradi. O‘zbek matnshunosi D. Xudoyberganova fikriga ko‘ra, “matn yaratilishining kognitiv talqiniga binoan, matn–mental tuzilmaning tilga ko‘chirilishidir”. Bundan ko‘rinadiki, matn botiniy nutqdagi bo‘lajak matnga ketma-ket joylashuvchi propozisityalar emas, balki butundan qismlarga qarab harakatlanuvchi yaxlit shakl sifatida qaraladi (Xudoyberganova 2013: 14). Shu bois, asosiy yoki yadroviy mazmunga asos bo‘ladigan mental tuzilmalarni aniqlash kognitiv tilshunoslikning muhim vazifasi hisoblanadi.

Badiiy matnning konseptual tuzilishini o‘rganish jarayoni konseptual strukturalar tahliliga murojaat ehtiyoj tug‘dirishi tabiiydir. Shu yo‘nalishda bajarilgan ilk tadqiqotlar qatoriga, albatta, o‘tgan asrning oxirlarida yaratilgan J. Stinning “Understanding Metaphor in Literature” (1994) hamda M. Ternerning “The Literature Mind” nomli ishlari kiradi. Ikkala tadqiqotda badiiy adabiyotda faollashayotgan konseptual metaforalarni tushunish mexanizmlari bayon qilingan. Asrimizning boshlanishida yozilgan Yelena Seminoning “Metaphor in discourse” (2008) nomli kitobi masalaga oid ma’lumotlarga boydir (Semino 2008).

Kognitiv metafora nazariyasining rivoji jurnallarda qator maqolalar e’lon qilinishiga sabab bo‘ldi. Jumladan, “Journal of Pragmatics” va “Poetics Today” jurnallari 1999- yilda konseptual metaforaning badiiy asarlarda bajaradigan vazifasi masalasi muhokamasiga maxsus sonlarni bag‘ishladilar.

J. Lakoff va M. Terner hammuallifligida bitilgan “More than cool reason: a field guide to poetic Metaphor” (1989) asari metafora hodisasining konseptual tavsifiga oid dastlabki tadqiqotlardan ekanligi va uning soha rivojiga katta hissa qo‘shganligi oldinroq ham aytilgan edi. To‘rt bobdan iborat ushbu kitobning birinchi bobi “Life, time, death” deb atalib, unda ushbu mazmundagi metaforik tushunchalarning poetik matnlarda konseptlashuvi masalasi yoritilgan. Kitobning “The power of poetic metaphor” deb nomlangan ikkinchi bobida poetik metafora nazariyasi asoslanib, boshqa yo‘nalishlar bilan qiyoslangan. So‘nggi boblarda konseptual strukturalarnig badiiy metaforalar shakllanishidagi roli o‘rganilgan. Ushbu asarda badiiy metafora kundalik (lisoniy) metaforaning maxsus kognitiv mexanizmlar ishtirokida mazmunan kengaytirilishi natijasida hosil bo‘lishi badiiy adabiyotlardan keltirilgan misollar asosida dalillangan. Ammo, afsuski, ushbu tadqiqot kamchiliklardan xoli emas va ulardan ba’zilarini qayd etib o‘tishni lozim topdik:

Birinchidan, mualliflar sanab o‘tayotgan takomillashtirish, kengaytirish, savol qo‘yish va tashkillashtirish kognitiv amallari poeziyadan ko‘ra nasrda, publitsistikada ko‘proq faollashadi.

Ikkinchidan, kitobda poetik metaforaning asosan kognitiv jihatlari yoritilib, uning estetik tabiati e’tibordan chetda qolmoqda. Bu esa metaforaning poetik mazmun shakllanishidagi ahamiyatini qorong‘ilashtiradi.

Mark Ternerning 1996-yilda nashr qildirgan “The Literary Mind” nomli kitobi to‘lig‘icha badiiy tafakkur muammosiga oid bo‘lib, unda hikoya inson tafakkur faoliyatida muhim rolni o‘ynashi falsafaviy jihatdan asoslab berilgan. Muallif har bir voqeaning mohiyatini tushunishda konseptual strukturalar harakatini aniqlash muhim ekanligini ta’kidlagan. Homer, Dante, Shekspir, Prust kabi mashxurlar asarlari tahlili misolida mental tuzilmalarning tafakkur jarayonida yetakchi o‘rinni egallashi ko‘rsatib o‘tilgan. Jumladan, hikoyalar makon va zamonda joylashishni anglash, o‘zimiz va boshqalar hayoti va nuqtayi nazarlarini fahmlashimizga turtki beradi (Turner 1996).

Qisqasi, M. Ternerning tadqiqotlari badiiy adabiyot hamda inson ongida kechadigan jarayonlar o‘rtasidagi bog‘liqlikni anglashga qaratilgan. Ularda tafakkur, konseptual faoliyat hamda tilning tabiati va paydo bo‘lishi borasidagi qarashlar yangicha talqin olgan.

Sohaga oid eng ahamiyatli qarashlar Ye. Seminoning “Metaphor in Discourse” (2008) nomli kitobida bayon qilingan. Bu ishda metaforaning badiiy va siyosiy adabiyotlarda, ilmiy matnlarda va reklamalar kabi turli janrlardagi shakli va vazifasi tahlil qilingan. Muallif metaforalarning badiiy matnda namoyon bo‘ladigan kreativlik xususiyatiga alohida e’tibor berib, bu xususiyatni ajratish uchun konseptual va lisoniy qatlamlari bir xilda e’tiborga olinishi lozimligini alohida ta’kidlaydi. Elizabet Hyen va boshqa shoirlar ijodidan keltirilgan namunalar tahlili asosida metaforaning mazmun-mundarijasi makrokontekstda ma’lum bo‘lishi isbotlab berilgan. Olimaning e’tiroficha, metaforalar zanjiri matn qismlarining o‘zaro birikishini ta’minlab, “o‘quvchining ifodalanayotgan mazmun idrokini yengillashtiradi va badiiy asar uslubini baholashga imkon beradi” (Semino 2008: 41).

Jurnallarda poyma-poy nashr qilinayotgan maqolalarda konseptual metaforaning til va olam munosabatini tasvirlovchi vosita va olamning badiiy manzarasini shakllantirishning eng mahsuldor usuli ekanligi ta’kidlanmoqda. Keyingi paytda bu yo‘nalishdagi tadqiqotlarda metaforaning matnni o‘qiyotgan shaxsga ta’sir kuchiga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Bundan tashqari, kognitiv stilistika yo‘nalishida faoliyat ko‘rsatishayotgan tadqiqotchilarning e’tiboriga badiiy asar personajlarining “tafakkur usuli” (mind style)ni kognitiv metafora tahlili doirasida o‘rganish muammosi tushgan. Ingliz adabiyotshunosi Rojer Fauler taklif qilgan “mind style” termini ma’lum shaxslar (muallif, personajlar) dunyoqarashining matndagi lisoniy tuzilmalarda aks topishini anglatadi (Fowler 1996). E. Blekning “Metaphor, simile and cognition in Golding‘s “The Inheritors” nomli maqolasida konseptual metaforaning “tafakkur usuli”ga ta’siri masalasi birinchilardan bo‘lib o‘rganilib, ushbu ta’sirning lisoniy voqelanishini ta’minlovchi vositalar haqida so‘z yuritildi. Olima “The Inheritors” asari tahlili misolida metaforik iboralarning asar personajlari kognitiv va lisoniy qobiliyati rivojlanib borishidagi rolini yoritishga harakat qiladi (Блэк 1993).

Shuningdek, konseptual metaforalarning turli janr va mavzudagi asarlarda faollashuvi hamda bajaradigan vazifalari tadqiqi ham nazardan chetda qolgani yo‘q. Masalan, Kristina Gredoriu kriminal mavzudagi badiiy matnlar tahlili asosida metaforalarning jinoyatchilar tafakkur uslubidagi aksini aniqlash yo‘lini izlayotgan bo‘lsa (Gregorion 2003), D. Friman kognitiv strukturalarning fojiali mavzudagi asarlar matnidagi rolini o‘rgandi (Freeman 1993). “Qirol Lir” dramasining birinchi sahnasi tahlili orqali olim ushbu dramaning metaforik tili BALANCE va LINKS sxemalari orqali voqelanishini hamda bu sxemalar oilaviy munosabatlar va o‘g‘illik burchi tushunchalari mavhumlashuvi shakllanishini dalillab beradi. Zotan, ota va qiz munosabatlarini “nasiya va qarz” moliyaviy mezonlari ko‘zgusida ko‘radilar (Freeman 1993). Frimanning maqolasida “mind style” atamasi uchramasa–da, biroq, uni hech tortinmasdan ushbu nazariya rivojiga qo‘shilgan hissa deb hisoblash mumkin.

Boshqa bir tadqiqotchi Ketrin Emmot “o‘z-o‘zini oshkora qiluvchi” (“split selves”) turkumidagi metaforalarning adabiyotlarda bajaradigan vazifasi tadqiqi bilan shug‘ullanadi. U ushbu guruhdagi metaforalarning CONTAINER va PRISON konseptual sxemalari vositasida shakllanishi va anglanilishini izohlaydi hamda ularning adabiy personajlar tafakkuri faoliyatida qanday o‘rin egallashi mumkinligini aniqlashga intiladi (Emmott 2002).

Ilmiy tadqiqotlarda metaforaning yozuvchi uslubi va dunyoqarashiga ta’siri masalasiga oid izlanishlar ham kuzatilmoqda. Biz bir necha bor ism-sharifini eslatgan Margaret Frimanning “Metaphor making meaning” (1995) nomli maqolasida Dikonson she’riyatida amalda bo‘lgan metaforik strukturalarning shoir dunyoqarashi shakllantirishidagi o‘rni o‘rganilgan. Olimaning kuzatishicha, poeziyada olamning o‘ziga xos manzarasi yaraladi va shoirlar voqelikni o‘zlaricha idrok etadilar. Masalan, Dikonson ko‘proq tanish bo‘lgan LIFE IS A JOURNEY THROUGH TIME konseptual sxemadan voz kechib, uning o‘rniga zamonamiz kashfiyotlariga mos keladigan LIFE IS A VOYAGE IN SPACE sxemasi bilan almashtirishni ma’qul ko‘radi. Darhaqiqat, hozirgi paytda sayohat vaqt bilan emas, balki makon va masofa bilan o‘lchanadi. Shuningdek, AIR IS SEA konseptual sxemasi shoirga o‘z tafakkur olamini tasvirlashdan ko‘ra, uni yaratishga ko‘mak beradi.

M. Frimanning boshqa bir maqolasi konseptual birikuv yoki blending nazariyasining poetik matnni yaratish va tushunishdagi rolini ko‘rsatishga yo‘naltirilgan (Freeman 2005). Silviya Platning “The Applicant” sarlavhali she’ri matnida konseptual strukturalarning zanjirsimon birikuvi jamiyatda mavjud bo‘lgan noxushliklar, yolg‘on va’dalarning insonlarni qanday holatga solib qo‘yishi mumkinligini tasvirlashda konseptual metaforalarning yuqori darajada faollashuv extimoli haqida fikr bildirilgan.

Kognitiv metafora va muallif dunyoqarashi o‘rtasidagi aloqa masalasi yana bir qator ishlarda tadqiqot obyekti sifatida tanlangan. Pol Dinning maqolasi asosan markaziy va sarhaddagi metaforalarni farqlash va ularning funksional xususiyatlarini belgilashga bag‘ishlangan bo‘lsa-da, lekin, unda konseptual metafora va muallif dunyoqarashi o‘rtasida bog‘liqlik masalasi birmuncha batafsil yoritilgan. Maqolada she’riy mazmun konseptual strukturalar harakatiga asoslanishi izohlangan. Natijada, tahlil qilingan she’rda jamiyatning avval beqaror, xaos vaziyatida betartib holatga kelishi, keyin barqaror vaziyat yuzaga kelishi bilan tartibotli tizimga aylanishini tasvirlash uchun metaforik iboralardan keng miqyosda foydalanilganligi ko‘rsatib berilgan (Dean 1995).

Barbara Dansigirning “Blending and narrative viewpoint: Jonathan Raban's travels through mental spaces” (2005) sarlavhali maqolasida “blending nazariyasi”ni sayohat janridagi badiiy ijod namunalari tahliliga tatbiq etish masalasi muhokama qilingan. Semantik ko‘chim strategiyasidan foydalanish davomida muallifning xususiy uslubi namoyon bo‘ladi. Jonatan Raban yaratgan matnlar tahlili semantik ko‘chim strategiyasi tanlovi badiiy tafakkur ifodasi strategiyasi bilan mos tushishi kerakligi haqidagi fikrni tasdiqlaydi (Dancygier 2005).

Xullas, “tasvir sxemasi” tushunchasidan badiiy adabiyotni ikki yo‘nalishda tushunishda foydalanilmoqda: 1) mavzuni tushunishda va 2) kompozitsiyani tuzishda. Masalan, J. Veber, Dorris Lessingning “The Room Nineteen” lavhali kichik hikoyasini tahlil qilayotib, konseptual struktura bo‘lgan “tasvir sxemasi”ning aniqlanishi hikoya qahramonining ichki dunyosini anglashga hamda uning qanday hayot kechirgani va o‘z joniga qasd qilishgacha borib yetganining sabablarini bilishga imkon berishini izohlab beradi. Mutaxassislar e’tirof etayotganidek, bu sxemalar “ijodkor poetikasini aniqlash va shu yo‘sinda birining uslubini boshqasinikidan farqlashga yordam beradi” (Freeman 2002: 74). Olima ikkita shoir (Robert Frost va Emili Dikinson) ijodini qiyoslab o‘rganib, birinchisining asarlarida yetakchi tasvir sxemalar “yo‘l” va “tenglik” bo‘lsa, ikkinchisining ijodida esa “konteyner” va “o‘zgarish” konseptual sxemalari yetakchilik qilishini aniqlagan. Demak, ularning har birining poetikasi o‘ziga xosdir.

Konseptual sxemalarning poetik asarlarda faollashuviga oid yana bir maqola European Journal of English Studies jurnalida chop qilingan (Burke 2005). M. Burke bu maqolasida konseptual nazariyaning stilistik tahlilga jalb qilinishi ushbu turdagi tahlildan “yashirinib” qolgan qator holatlarni kuzatish orqali uslubshunoslikni amaliy jihatdan boyitishi mumkinligini ko‘rsatib berdi. Filip Lerkinning “Going” nomli she’ri tahliliga kognitiv metafora nazariyasi nuqtayi nazaridan yondashgan olim ushbu she’rning an’anaviy yo‘nalishdagi uslubshunoslar sezishmagan jihatlarini aks ettiruvchi yangi poetik tasvir manzarasini chizib beradi.

Konseptual strukturalar nazariyasini badiiy asarlar stilistik tahliliga tatbiq etishning tarafdorlaridan biri bo‘lgan P. Stokvellning fikricha, badiyatni o‘qish va tushunish faoliyati makrostrukturalarni ajratib olish bilan bog‘liqdir:

“Since human memory is faulty, and we view certain aspects of a text as being more important than others,... we, preserve a representation of those texts, comprising the gist of the meaning, some generalized sense of the poetic taxture and structure of the work, and a sense of the book's significance together with a sense of what the literary work means for us...Such representations are the outcome of a process of reading and social negotiation. An early approach with the field of cognition and literary study proposed the principle of macrostructures as part of the reading process. A macrostructure is a hierarchical representation of interrelated propositions, which together represent the gist of a literary work for aparticularreader” (Stockwell 2002: 123).

Agar keltirilgan iqtibosning oxirgi qatorlariga e’tibor beradigan bo‘lsak, P. Stokvell “makrostruktura” tushunchasini o‘zaro bog‘liq propozitsiyalarning bosqichma-bosqich voqelanishi sifatida talqin qilib, shu propozitsiyalar bog‘liqligida badiiy asarning o‘quvchiga mo‘ljallangan mazmuni shakllanishini ta’kidlayotganini ko‘ramiz. Muallif matnni o‘qish jarayoni uning mundarijasi bilan tanishishdan boshlanishini ko‘rsatadi va bunda mikrostrukturalar jamlanib, matnda nima haqida so‘z ketayotganini bildiruvchi faktlarga aylanadi. Nihoyat, boshqa matnga murojaat qilish, chiqarib tashlash, umumlashtirish, qurish kabi kognitiv strategiyalardan foydalanish asosida umumiy makrostruktura ajraladi. Shuning uchun ham badiiy asarning kognitiv modeli, eng avvalo, matnni o‘qish jarayonida namoyon bo‘ladi, lekin, ushbu modelning ba’zi xususiyatlari o‘quvchi yoki u vakili bo‘lgan jamoaga tanish (Op.cit., p. 125). P. Stokvell “image schema” tushunchasini bevosita ishlatmagan bo‘lsa-da, biroq, implitsit tarzda uning makrostrukturalar umumlashuvida yetakchilik qilishiga ishoralar mavjudligini sezish mumkin.

M. Kimmel “makrostruktura hosil bo‘lishining dastlabki sharti badiiy mazmunning konseptual siqiqlashuvi va sxemalashuvida” deb biladi. Uning fikricha, makrostruktura nazariyasi “o‘quvchilarning hikoyaning ongda qanday tasavvur qilishi hamda mazmun siqiqligiga va sxemalashuviga bir xilda murojaat qilishga undaydi” (Kimmel 2005: 2001).

Shu o‘rinda matnning konseptual propozitsiyalarning zanjirli bog‘lanishi asosida yuzaga kelishi haqidagi fikr diskursologlar tomonidan ham qayd etilganini eslatmoqchimiz (Djik and Kintch 1983). Lekin, M. Kimmel konseptual propozitsiyalar zanjiri o‘rniga tasvir sxemalarini ajratishni afzal ko‘radi.

Olim siqiqlashgan tasvir sxemalaridan iborat to‘plamni “uyushgan, umumiy axborot” (plot-gene) deb atab, uning to‘rtta xususiyatini farqlaydi: a) hikoya qilingan voqealarning umumlashtirilishi; b) sxemalarning o‘quvchi tomonidan tanlanishi; v) hikoya qismlarining ahamiyatsiz tomonlarini sarhadga o‘tkazish vazifasini bajarish; g) hikoya tuzilishi turli jarayonlari kechishiga ko‘mak berishi (Kimmel 2005:202).

Makrostrukturaning umumiy axborot shakllanishi natijasida yuzaga keladigan hodisa sifatida talqin qilinishi uning turg‘unlikdan ko‘ra harakatchanlik, o‘zgaruvchanlikka moyilligi bilan bog‘liq, chunki M. Kimmelning fikricha, “hikoyalar qismlarga ajralishi va turli usullarda tuzilishi mumkin bo‘lgan voqealar haqidagi bilimning dinamik tartibotidir” (Ibid., p. 202).

Qayd etish joizki, biz yuqorida asosan AQSh va Buyuk Britaniya ilmiy maktablarida faoliyat ko‘rsatayotgan olimlarning mavzuga oid ishlariga to‘xtalib, ular bildirgan fikr-mulohazalarni sharhlashga harakat qildik. Mamlakatimizda konseptual metafora va boshqa turdagi mental strukturalarning tahliliga bag‘ishlangan ishlarning soni hozircha unchalik ko‘p emas. Kognitiv stilistika fani endigina tetapoya qilishni o‘rganmoqda. Ammo D.U. Ashurova, Sh.S. Safarov, G’. Hoshimov, M.I. Rasulova va ularning izdoshlari konseptuallashish bilan bog‘liq hodisalar tabiatini o‘rganish muammosi, xususan, kognitiv sxemalar tadqiqi bilan shug‘ullanib kelmoqdalar. Jumladan, “Badiiy matn stilistikasi” darsligida konseptual blending hodisasining kognitiv metaforani hosil qilish imkoniyatlari qayd etiladi (Ashurova, Galiyeva 2013: 106-115).

Ayniqsa, N.M. Djusupovning qator ishlarida matnda ifodalanayotgan axborotni ilgari surish (foregrounding) hodisasi o‘rganilib, ushbu hodisaning badiiy matnlarda majmuaviy mexanizm sifatida yuzaga kelishining asosida bilim strukturalari, turli kognitiv jarayonlar turishi dalillanmoqda (Джусупов 2019; 2013; 2014; 2016).

Shunday qilib, konseptual metafora va tasvir sxemasi hodisalarining badiiy adabiyotda faollashuvi masalasi oxirgi o‘n yilliklar davomida muntazam ravishda tadqiqodchilar diqqatini jalb qilib kelmoqda. Ushbu hodisalarga murojaat qilish orqali personajlarning dunyoqarashi va tafakkur usulining metaforalar vositasida lisoniy voqelanishi bilan bog‘liq xususiyatlarini o‘rganish mumkin.

 

 

 

Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati:

 

  1. Ashurova D.U., Galieva M.R. Stylistics of literary text. – T.: Alisher Navoiy nomidagi Milliy Kutubxona, 2013. – 204 p.
  2. Ashurova D.U., Galeeva M.R. Text Linguistics. – T.: Turon–Iqbol, 2016. – 324 p.
  3. Boymirzayeva S. Matn mazmunida temporallik semantikasi. – Т: O‘zbekiston Milliy ensiklopediyasi, 2009. – 190 b.
  4. Burke M. How cognition can augment stylistic analysis // European Journal of English Studies, 2005. Vol.9. – P. 185-195.
  5. Dancygier B.Blending and narrative viewpoint: Johnatan Raban’s travels through mental spaces // Language and Literature, 2005. Vol.14 (2). – P.99-127.
  6. Dean P.D. Metaphors of centre and periphery in Yeats “The Second Coming” // Journal of Pragmatics, 1995. – P. 627-642.
  7. Dijk van T.A., Kintch W. Strategies of Discourse Comprehension. – N.Y.: Academic, 1983. – 423 p.
  8. Emmott C. “Split selves” in fiction and in medical “life stories” // Cognitive stylistics: language and cognition in text analysis. – Amsterdam: Benjamins, 2002. – P. 153-181.
  9. Fowler R. Linguistic Criticism. – Oxford: Oxford University Press, 1996. – 272 p.
  10. Freeman D. “According to my bond”: King Lear and recognition // Language and Literature, 1993. Vol. 2(1). – P. 689-708.
  11. Freeman D.C. Afterword // Cognitive Stylistics: Language and cognition in text analysis. – Amsterdam: Benjamins, 2002. – P. 319-324.
  12. Freeman M. The poem as complex blend: Conceptual mappings of metaphor in Silvia Plath’s “The applicant” // Language and literature, 2005. Vol.14 (1). – P. 25-44.
  13. Johnson M. The body in mind: The bodily basis of meaning, imagination, and reaction. – Chicago: University of Chicago, 1987. – 272 p.
  14. Kimmel M. From metaphor to the “Mental sketchpad”. Literary macrostructure and compound image schemas in “Heart of darkness” // Metaphor and Symbol, 2005. Vol. 20(30). – P. 199-238.
  15. Lakoff G. Turner M. More than cool reason: A field guid to poetic metaphor. – Chicago: Chicago University Press, 1989. – 237 p.
  16. Semino E. Metaphor in discourse. – Cambridge: CUP, 2008. – 260 p.
  17. Talmy L. Toward a cognitive semantics // The Journal of the Linguistic Society of America.  Vol.2. – Cambridje: Cup, 2002. – P. 576-578.
  18. Turner M. The Literary Mind. – Oxford: Oxford University Press, 1996. – 208 p.
  19. Xudoyberganova D.S. O‘zbek tilidagi badiiy matnlarning antropotsentrik talqini. Filol. fan. dok … diss. – Т:, 2015. – B. 64-74.
  20. Адмони В.Г. Система форм речевого высказывания. – СПб.: Наука, 1994. – 160 с.
  21. Блэк М. Метафора // Теория метафоры. –М.: Прогресс, 1990.          – С. 153-172.
  22. Гальперин И.Р. Текст как объект лингвистического исследования. – М.: Наука, 1981. – 139 с.
  23. Джусупов Н.М. Выдвижение и разграничение фигуры и фона в аспекте когнитивно-стилистического исследования текста // Когнитивные исследования языка. Вып.XXVI. 2016. – С. 424-428.
  24. Джусупов Н.М. Когнитивная стилистика: теория и практика стратегии выдвижения в художественном тексте. – Т.: VneshInvestProm, 2019. – 464 с.
  25. Джусупов Н.М. Концептуальная интеграция как базовый методологический конструкт в системе лингвокогнитивных исследований // Ўзбекистонда хорижий тиллар (научно-методический электронный журнал), 2019. №2(25). – С. 45-53. Режим доступа: http://journal.fledu.uz.
  26. Кухаренко В.А. Интерпретация текста. – М.: Просвещение, 1988. ­–192 с.
  27. Марова Н.Д. Парадигма интерпретации текста. Ч.1.                                       – Екатеринбург: Изд-во УрГПУ, 2006. – 209 с.

 

Улугова Ш. Активизация метафорических структур в художественном тексте. Для полного понимания содержания художественного текста необходимо проанализировать его общий смысл или предмет, сущность, реализацию тела в макроструктуре. Более конкретно, макроструктуры – это традиция моделирования выражения смысла и референции на “глобальном” уровне текста. Т. Ван Дайк (Dijk, Kintch 1983) следовал анализу предикатов при определении этих типов структур. Позднее представители когнитивной лингвистики выбрали иное направление, отметив, что гештальты с изобразительной схемой могут играть важную роль в определении когнитивных свойств общей структуры произведений искусства. М. Джонсон, Л. Талми, М. Тернер, подчеркивают связь между изобразительной схемой и микроструктурой художественного текста.

 

Ulugova Sh. Activation of metaphorical structures in a literary text. To fully understand the content of a literary text, it is necessary to analyze its general meaning or subject, essence, realization of the body in the macrostructure. More specifically, macrostructures are a tradition of modeling the expression of meaning and reference at the “global” level of the text. T. Van Dijk (Dijk, Kintsch 1983) followed the analysis of predicates in determining these types of structures. Later, representatives of cognitive linguistics chose a different direction, noting that gestalts with a pictorial scheme can play an important role in determining the cognitive properties of the general structure of works of art. M. Johnson, L. Talmi, M. Turner emphasize the connection between the pictorial scheme and the microstructure of a literary text.

 

 

Xorijiy filologiya jurnali tahrir ha'yati