XX asrning ikkinchi yarmida Amerika adabiyotida tub o‘zgarishlar yuz berdi. Bu davrda ekologik muammolar, insonning tabiat bilan uyg‘un hayot kechirish g‘oyasi, madaniy ildizlarga qaytish masalalari ko‘plab ijodkorlarning diqqat markazida bo‘ldi [Abrams 1999, 112]. Ana shunday ijodkorlardan biri — N. Skot Momaday bo‘lib, u o‘z asarlarida tabiatni nafaqat tasvir obyekti, balki inson ma’naviyatining, madaniyatining va mavjudlik falsafasining muhim tarkibiy qismi sifatida talqin etadi [Buell 2005, 54].
Momadayning badiiy dunyoqarashi tubdan ekologik tafakkurga asoslangan bo‘lib, tabiatni anglash orqali insonni anglash mumkin degan g‘oyani ilgari suradi [Garrard 2012, 21].
N. Scott Momaday (1934 yilda tug‘ilgan) — Kiova qabilasiga mansub yozuvchi, rassom va olimdir. Uning “House Made of Dawn” (1968) romani 1969 yilda Pulitzer mukofotiga sazovor bo‘lgan [Momaday 1968, 7]. Mazkur asar o‘zining poetik tili, ramziy obrazlari va tabiat tasvirlarining chuqur falsafiy ma’nosi bilan tanilgan.
Momaday ijodida tabiat obrazlari insonning ichki dunyosini, ruhiy iztiroblarini va o‘zligini topish jarayonini ifodalovchi vosita sifatida namoyon bo‘ladi [Johnson 2000, 98]. Yozuvchi ekologik va antropologik qarashlarni badiiy shaklda mujassamlashtirgan ijodkor sifatida alohida o‘rin egallaydi.
Momaday uchun tabiat — bu faqat landshaft yoki hayot manbai emas, balki xalq xotirasi, qadriyatlar va ruhiy uyg‘unlikning ramzidir [Elder 1998, 63]. Tabiat orqali inson o‘z ildizlariga qaytadi, o‘z “men”ini anglaydi, ichki muvozanatni topadi. Uning asarlarida har bir tabiiy detallar: tog‘, shamol, qushlar ovozi, yomg‘ir ramziy ma’noga ega bo‘lib, inson hayoti bilan bevosita bog‘lanadi.
So‘nggi yillarda ekokritika, madaniy ekologiya kabi ilmiy yo‘nalishlar Momaday ijodini o‘rganishda yangi imkoniyatlar yaratdi [Glotfelty, Fromm 1996, 17]. Ayniqsa, Momaday asarlarida ishlatilgan metaforalar, ramzlar va parallel strukturalar inson va tabiat o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni chuqur ifodalaydi [Love 2003, 45].
Tadqiqotning dolzarbligi shundan iboratki, global ekologik muammolar chuqurlashib borayotgan bugungi davrda Momaday singari ijodkorlarning tabiatni muqaddas qadriyat sifatida talqin etishi insoniyatni tabiat bilan uyg‘un hayotga da’vat etadi. Uning asarlarini stilistik, pragmatik va falsafiy nuqtai nazardan tahlil etish zamonaviy adabiyotshunoslik uchun muhim ilmiy ahamiyat kasb etadi.
N. Skot Momaday ijodining markazida tabiat konsepti turadi. U uchun tabiat — bu hayotning tashqi manzarasi emas, balki inson ruhining ajralmas qismi, milliy o‘zlikni anglash va madaniy xotiraning uzviy manbai hisoblanadi [Momaday 1976, 8]. Adibning badiiy olamida tabiat orqali insonning dunyoga munosabati, ruhiy uyg‘onishi hamda jamiyat bilan o‘zaro aloqasi yoritiladi.
Momaday ko‘plab suhbatlarida “Tabiatda inson o‘z ildizlarini topadi, chunki yer — bu avlodlar ovozining davomidir,” - deya ta’kidlaydi [Momaday 1970, 3]. Ushbu fikr yozuvchining butun ijodiy falsafasini ifodalaydi. U tabiatni nafaqat estetik hodisa, balki insonning ma’naviy o‘zligini anglash uchun zarur bo‘lgan axloqiy makon sifatida tasvirlaydi [Bo‘ronov 2002, 19].
Momaday uchun inson va tabiat o‘rtasidagi munosabat muvozanat tushunchasiga asoslanadi. “House Made of Dawn” romanida qahramon Abelning tabiat bilan ruhiy aloqa orqali tiklanish jarayoni tasvirlanadi [Momaday 1968, 45]. Asar boshida Abel jamiyatdan begonalashgan, o‘z ildizlaridan uzilgan shaxs sifatida gavdalanadi. Ammo tabiat bilan muloqot quyosh chiqishi, yomg‘irning tovushi, qushlarning uchishi, shamolning nafasidek sezilishi asta-sekin uni o‘z mohiyatiga qaytaradi.
Momaday bu jarayonni shunchaki tabiat manzarasi orqali emas, balki ruhiy shifo ramzi sifatida beradi. Quyosh hayot va davomiylikni, yomg‘ir — tozalanish va yangilanishni, shamol ozodlikni ifodalaydi [Karimova 2015, 14]. Yozuvchi tabiatni inson ruhining davolovchi kuchi sifatida talqin etadi.
Momadayning tasvirlari ko‘pincha mistik va diniy ma’no bilan to‘yingan. U tabiatni “muqaddas matn” deb ataydi va unda har bir unsur, hatto tosh ham, o‘z tili bilan so‘zlaydi. Shu jihatdan, yozuvchi tabiatni axloqiy-me’yoriy tizim sifatida qayta anglatadi [To‘xtayeva 2018, 47].
Momaday o‘z ijodida tabiatni ramz va metafora orqali tasvirlashda simvolik va poetik uslubni qo‘llaydi. Masalan, “The Way to Rainy Mountain” asarida tog‘lar ajdodlarning ovozi, xotira va tarixning timsoliga aylanadi [Momaday 1969, 21]. Tog‘ yerda shunchaki landshaft emas, balki o‘tgan avlodlar bilan muloqot vositasidir. Adib tabiatni madaniy xotiraning badiiy ifodasiga aylantiradi.
Momaday tili stilistik jihatdan parallelizm, metaforik ifoda va ritmik struktura bilan boyitilgan. U tabiat obrazlarini inson kechinmalari bilan uyg‘unlashtirib beradi: shamol — yolg‘izlik, yomg‘ir — poklanish, quyosh — umid va yangilanish ramzidir [Abdurahmonova 2020, 30]. Yozuvchi nasr va she’riyat o‘rtasida tabiiy o‘tishlar yaratadi, bu esa uning uslubiga poetik nasr ohangini beradi.
Momadayning stilistik xususiyati shundaki, u tabiatni inson ruhiyatining aksi sifatida ko‘rsatadi. Masalan, Abelning cho‘lda kechgan kechasi — bu nafaqat geografik joy, balki ichki tozalanuv jarayonidir [Bo‘ronov 2002, 23].
Momaday asarlarida tabiat faqat estetik hodisa emas, balki madaniy-mifologik tizimning markaziy elementi sifatida namoyon bo‘ladi. U o‘z xalqining (Kiova qabilasi) qadimiy e’tiqodlari, afsonalari va marosimlarini tabiat obrazlari orqali jonlantiradi [Momaday 1976, 12]. “The Way to Rainy Mountain”da quyoshga sig‘inish, yomg‘ir chaqirish marosimlari, qushlar va hayvonlar haqidagi afsonalar orqali inson va tabiat o‘rtasidagi ruhiy aloqani tiklaydi.
Bu yondashuvda yozuvchi ekokritik tafakkurni ilgari suradi: tabiatga befarqlik — bu insoniyatning o‘z ildizlaridan uzilishi demakdir [To‘xtayeva 2018, 52]. Momaday o‘quvchini tabiatni asrash, unga hurmat bilan qarashga da’vat etadi.
Uning badiiy uslubi shunchalik kuchliki, u nafaqat adabiy fenomen, balki ekologik manifest sifatida ham e’tirof etiladi. Momaday asarlarida tabiat — bu hayot, madaniyat va ruhiy uyg‘unlikning yagona manbai sifatida talqin etiladi [Abdurahmonova 2020, 33].
N. Scott Momaday asarlarida inson va tabiat o‘rtasidagi ruhiy uyg‘unlik markaziy badiiy g‘oya sifatida namoyon bo‘ladi. Yozuvchi tabiatni inson ruhiyatining davomchisi sifatida tasvirlaydi. Uningcha, inson tabiatdan uzilib yashay olmaydi. Insonning ruhiy muvozanati faqat tabiat bilan uyg‘unlikda tiklanadi [Momaday 1970, 5]. Momaday ijodini ekologik-falsafiy tafakkur asosida talqin etish mumkin, ya’ni tabiat va inson o‘rtasidagi muvozanat — bu axloqiy va ruhiy muvozanatning timsolidir [Karimova 2015, 18].
“House Made of Dawn” romanining markazida Abel nomli qahramon turadi. U o‘z ildizlaridan uzilgan, zamonaviy jamiyatning qadriyatlariga moslasha olmayotgan yosh yigit sifatida tasvirlanadi. Asar davomida uning ichki iztiroblari va tabiat bilan qayta bog‘lanish jarayoni Momadayning poetik tili orqali tasvirlanadi [Momaday 1968, 42].
Adib tabiatni tasvirlashda metaforik parallelizm va simvolik ifoda usullaridan keng foydalanadi. Shamol, quyosh, yomg‘ir, hayvonlar va qushlar obrazlari Abelning ichki holatini ifodalaydi. Quyosh chiqishi — yangi hayot va ruhiy uyg‘onish; yomg‘ir — poklanish va kechirim; shamol — ajdodlar ovozi va xotira timsoliga aylanadi [Bo‘ronov 2002, 25].
Momaday tili musiqiy ohang bilan boyitilgan. U onomatopeya (masalan, shamol shovqini, suv shildirashi) va alliteratsiya orqali tabiatning tovushini matnga singdiradi. Bu uslub o‘quvchini tabiat “nafasini” his etishga undaydi. Yozuvchi o‘z xalqining og‘zaki an’analaridagi musiqiylikni nasrda qayta tiklaydi [To‘xtayeva 2018, 49].
Abelning ruhiy tiklanish jarayoni tabiat bilan birlashish orqali yuz beradi: u tabiatni tinglaydi, unga singadi, natijada o‘z o‘zligini anglaydi. Bu holat ekologik ongning badiiy ifodasi, ya’ni inson tabiatning bir bo‘lagi sifatida o‘z aksini topadi [Abdurahmonova 2020, 36].
Momadayning “The Way to Rainy Mountain” asari inson va tabiat o‘rtasidagi ruhiy aloqani madaniy-mifologik nuqtai nazardan yoritadi [Momaday 1969, 18]. Asarda Kiova xalqining qadimiy afsonalari, e’tiqodlari va marosimlari orqali insonning tabiiy muhit bilan uyg‘un yashash an’analari jonlantiriladi. Tog‘lar, daryolar, quyosh, yomg‘ir, qushlar obrazlari xalq tarixining ajralmas qismidir.
Yozuvchi har bir tabiiy unsurni kontekstual ramz sifatida ishlatadi: tog‘ — abadiylik, daryo — hayot oqimi, yomg‘ir — yangilanish, qush — erkinlik, quyosh — ilohiy nur ramzi [Bo‘ronov 2002, 28]. Shu obrazlar orqali Momaday tabiatni xalq xotirasining metaforasi sifatida talqin etadi.
Uning uslubida paralel sintaktik tuzilmalar va takrorlar (repetition) muhim o‘rin tutadi. Bular tabiatning tsiklik mohiyatini — quyosh chiqishi va botishi, yomg‘ir yog‘ishi, shamol o‘tishi — ifodalaydi. Yozuvchi hayotning abadiy aylanishini va insonning tabiat bilan uyg‘unlikdagi mavjudligini estetik shaklda yoritadi [Karimova 2015, 22].
Momaday tili ritmik, takroriy, ammo samimiy ohangga ega. U o‘quvchini tabiat ovozini eshitishga undaydi. Bu esa ritmik poetikaning markaziy xususiyati hisoblanadi [To‘xtayeva 2018, 53].
Momaday asarlarida ruhiy uyg‘unlik tilning poetik tabiati orqali ifodalanadi. U nasrni she’riy tildagi vositalar bilan boyitadi. Metafora, epitet, simvol, alliteratsiya, ritmik parallelizm kabi vositalar orqali insonning ichki kechinmalarini tabiat bilan uyg‘unlashtiradi [Abdurahmonova 2020, 38].
Masalan, “House Made of Dawn”da Abelning “Yer nafas oladi — u tirik” degan so‘zlari Momaday falsafasining mohiyatini ochadi. Yer, suv, havo — yozuvchi uchun jonsiz materiya emas, balki inson bilan muloqot qiluvchi ruhiy mavjudotlardir [Momaday 1968, 87]. Shu sababli uning tili ramziy, sokin, ammo falsafiy mazmunga boy.
Momadayning poetik uslubi insonni tabiatni his etishga, uni anglashga, va nihoyat unga singib ketishga da’vat etadi. U ekolirik yozuvchi sifatida baholanishi mumkin, U tabiatni shunchaki tasvirlamaydi, balki uni inson ruhining bir bo‘lagi sifatida his ettiradi [Bo‘ronov 2002, 30].
Momaday ijodi o‘zining badiiy va stilistik jihatdan boy tili orqali ekologik-falsafiy uyg‘unlikni targ‘ib etadi. Uning asarlarida inson va tabiat o‘rtasidagi aloqalar axloqiy, estetik va falsafiy qatlamlarda uyg‘unlashgan bo‘lib, bu jihat adibni zamonaviy ekokritik tafakkur namoyandalaridan biriga aylantiradi [To‘xtayeva 2018, 56].
N. Scott Momaday ijodida tabiat, inson va til o‘rtasidagi bog‘liqlik falsafiy mazmun kasb etadi. Yozuvchi uchun tabiat — bu nafaqat estetik manba, balki ma’naviy va axloqiy tizimning markazi hisoblanadi. U tabiatni hurmat qilish, uni anglash va u bilan uyg‘un yashash g‘oyalarini o‘z asarlarining badiiy to‘qimasiga singdiradi [Momaday 1997, 45]. Momadayning uslubi ekokritik va filosofik-poetik yo‘nalishlar kesishmasida shakllangan [Glotfelty 1996, 22].
Momaday asarlarida tabiat bilan bog‘liq obrazlar ko‘pincha inson hayotining ontologik ma’nosini ochish uchun ishlatiladi. Uning qahramonlari tabiat orqali o‘z “men”ini anglaydi, o‘zligini qayta tiklaydi [Schubnell 1985, 73]. Masalan, “The Way to Rainy Mountain” asarida tog‘lar va yomg‘ir insonning hayotiy yo‘lini, ruhiy sayohatini ifodalaydi. Tabiat obrazlari metafizik belgilar tizimiga aylanadi [Momaday 1969, 58].
Momadayning yozish uslubi lirik introspeksiyaga asoslanadi. U tabiat manzarasini tasvirlar ekan, insonning ichki holatini, falsafiy kechinmalarini ochib beradi. Tabiatga murojaat qiluvchi so‘zlar, turg‘un metaforalar va ramzlar yordamida yozuvchi inson va borliq o‘rtasidagi muloqotni ifodalaydi [Ruoff 1990, 101]. Bu muloqotda til ruh va tabiat o‘rtasidagi ko‘prik sifatida xizmat qiladi [Buell 2005, 67].
Momadayning ekologik qarashlari uning badiiy tili orqali namoyon bo‘ladi. U tabiatni “tirik mavjudot” sifatida tasvirlab, personifikatsiya usulidan keng foydalanadi. Masalan, yer “nafas oladi”, shamol “gapiradi”, yomg‘ir “yig‘laydi” kabi ifodalar ekologik idrokni jonlantiradi [Momaday 1976, 32]. Bunday stilistik vositalar tabiatni antropomorfik shaklda ifodalash orqali inson va tabiat o‘rtasidagi chegarani yo‘q qiladi.
Yozuvchi til orqali ekologik ogohlikni shakllantirishga intiladi. Uning asarlarida insonning tabiatga befarqligi — bu ruhiy inqiroz va begonalashuv belgisi sifatida talqin qilinadi [Adamson 2001, 84]. Momaday tabiatni nafaqat tasvirlaydi, balki axloqiy o‘qituvchi sifatida ko‘rsatadi.
Badiiy jihatdan, Momaday epitet, metafora, simvol, takror, parallelizm, ritmik inversiya kabi stilistik vositalarni uyg‘un qo‘llaydi [Lincoln 1983: 56]. Masalan, “the sun rose slowly over the mountain, like an ancient memory” kabi ifodalarda quyosh faqat tabiiy hodisa emas, balki ajdodlar xotirasining timsoli sifatida gavdalanadi. Shu yo‘sinda yozuvchi ekologik g‘oyani tarixiy va madaniy kontekst bilan birlashtiradi [Basso 1996, 42].
Momaday asarlarining asosiy falsafiy xulosasi shundaki, inson o‘z tabiatini unutgan sayin, o‘z ma’naviy mohiyatidan uzoqlashadi [Momaday 1976, 97]. Tabiat bilan uyg‘unlik esa insonni o‘z mohiyatiga qaytaradi, uni tozalaydi. “House Made of Dawn”da Abelning tabiatga qaytishi — bu uning ma’naviy qayta tug‘ilishi demakdir [Momaday 1968, 201].
Stilistik jihatdan Momadayning tili sokin, ritmik va kontemplativ xarakterga ega. U tabiatni tasvirlashda tinchlik, osoyishtalik, vaqtning uzluksizligi va hayot aylanishi hissini uyg‘otadi. U o‘quvchini falsafiy o‘yga, ichki sukutga chorlaydi [Campbell 1989, 113].
Momadayning uslubi o‘ziga xos ekopoetik uyg‘unlikni ifodalaydi, ya’ni tabiatning badiiy tasviri, inson ruhiyati va falsafiy mazmun bir-birini to‘ldiradi. U o‘quvchiga shunchaki hikoya emas, balki hayot haqidagi darsni beradi:
“Tabiat bilan uyg‘un yashash – bu o‘zligingni saqlab qolishdir.” [Momaday 1997, 49]
N. Scott Momaday ijodi inson va tabiat o‘rtasidagi munosabatni chuqur falsafiy va badiiy talqinda yoritgan noyob adabiy hodisa hisoblanadi. Uning asarlarida tabiat faqat manzara yoki fon emas, balki insonning ichki dunyosi, tarixiy xotirasi va madaniy o‘zligining ajralmas qismi sifatida gavdalanadi. Yozuvchi tabiatni inson ma’naviyatining markaziga qo‘yadi, uni ruhiy uyg‘onish va o‘zlikni anglashning muhim vositasi sifatida tasvirlaydi.
Momadayning uslubi ekologik va falsafiy g‘oyalar uyg‘unligi bilan ajralib turadi. U badiiy tilda metafora, ramz, parallelizm va epitet kabi ifoda vositalaridan foydalanib, tabiatni “tirik mavjudot” sifatida tasvirlaydi. Yozuvchining bunday yondashuvi o‘quvchini tabiatni his etishga, uni tushunishga va u bilan ruhiy muloqot o‘rnatishga undaydi.
“House Made of Dawn” va “The Way to Rainy Mountain” kabi asarlarida insonning tabiat bilan uyg‘unlashuvi nafaqat shaxsiy, balki madaniy va ijtimoiy tiklanish sifatida talqin etiladi. Momaday uchun tabiatdan uzoqlashish insonning o‘z mohiyatini yo‘qotishidir, unga qaytish esa ma’naviy poklanish va ichki tinchlikka erishish yo‘lidir.
Yozuvchining fikricha, inson tabiatni tinglashni va uni hurmat qilishni o‘rgansa, u o‘z hayotining haqiqiy ma’nosini anglay oladi. Momaday asarlari bugungi ekologik tafakkur bilan hamohang bo‘lib, o‘quvchini atrof-muhit bilan uyg‘un yashashga chorlaydi.
Momadayning badiiy dunyoqarashi o‘zining lirizm, falsafiy mushohada va ekologik ogohlik uyg‘otuvchi kuchi bilan e’tiborga loyiqdir. U tabiatni inson hayotining markaziga olib kirgan holda, “tabiatni anglash – bu insonni anglash” degan g‘oyani o‘z asarlarining asosiy yo‘nalishiga aylantirgan. Uning ijodi nafaqat estetik, balki ma’naviy va ekologik qadriyatlarni mustahkamlovchi muhim badiiy merosdir.
Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati
Сатторов О. Концепция экологического сознания и духовной гармонии в творчестве Н. Скотта Момадэя. В данной статье творчество Н. Скотта Момадея рассматривается с экологико-философской точки зрения. В романах «House Made of Dawn» и «The Way to Rainy Mountain» исследуется духовная связь человека и природы, вопросы экологического сознания и культурной памяти. В процессе анализа раскрываются особенности поэтического языка писателя, использование символов, метафор и параллелизмов, через которые природа осмысливается как неотъемлемая часть человеческой духовности. Статья демонстрирует, что творчество Момадея гармонично сочетается с идеями современной экокритики.
Sattorov O. The concept of environmental consciousness and spiritual harmony in the works of N. Scott Momaday. This article analyzes the works of N. Scott Momaday from an eco-philosophical perspective. In his novels House Made of Dawn and The Way to Rainy Mountain, the author explores the spiritual harmony between humans and nature, ecological awareness, and cultural memory. The study reveals Momaday’s poetic style, the use of symbols, metaphors, and parallel structures through which nature is portrayed as an integral part of human spirituality. The paper highlights how Momaday’s creative vision aligns with the principles of modern ecocriticism.