Nemis va o‘zbek tillari genetik jihatdan turli tillar oilasiga mansub bo‘lsa-da, ularning maqollar tizimida bir qator umumiy semantik xususiyatlar, obrazlilik, metaforik modellar va konseptual o‘xshashliklar mavjud. Bu o‘xshashliklar inson tafakkurining universalligini ko‘rsatsa, farqlari milliy-madaniy kontekstlar bilan belgilanadi.
Tilshunoslikda maqollarni semantik jihatdan o‘rganish masalasi XX asrning ikkinchi yarmidan boshlab faol rivojlana boshladi. G. Lakoff, M. Johnson, V.N. Telia, A.V. Kunin, A. Wierzbicka, R. Langacker, shuningdek o‘zbek tilshunoslari — A. Karimov, N. Abdullayeva, S. Bekmurodov kabilar maqollarni semantik va kognitiv nuqtai nazardan tahlil qilganlar.
Ushbu maqolada aynan maqollar orasidagi leksik-semantik darajadagi tillararo bog‘liqlik, ularning konseptual asoslari va metaforik modellari keng tahlil qilinadi.
Tilshunoslikda maqollarni o‘rganishning nazariy asoslari juda uzoq tarixga borib taqaladi. Hozirgi kunda bu an’ana jahon tilshunosligi bo‘ylab ham katta tendensiyaga ega bo‘lib, bahsli munozaralar davom etmoqda.
O‘zbek tilshunosligida esa (Karimov, 2008) maqollar “tildagi frazeologik birliklarning xalq tafakkuri bilan bog‘liq bo‘lgan yuqori darajadagi semantik modellari” sifatida ta’riflanadi. (Karimov Sh. 2008., 25-b).
Demak, maqollar faqat badiiy vosita emas, balki kognitiv birlik hamdir — ular inson tafakkurining, milliy konseptual tizimning til orqali ifodalanishidir.
Nemis tilidagi maqollar faqat ma’lum bir faktni ko‘rsatish uchun emas, balki hissiyotlar, axloqiy tarbiya va qadriyatlarni ifodalash uchun ham ishlatiladi. Ularning ma’nosi ko‘pincha ko‘p ma’nolidir va turli kontekstlarga moslashtirilishi mumkin.
Axloqiy ma’no: Ko‘plab maqollar axloqiy saboqlarni o‘z ichiga oladi. Masalan, “Hochmut kommt vor dem Fall” – (G‘ayrat qulashdan oldin keladi) bu maqol odamlarni mag‘rurlikdan saqlanishga chaqiradi va o‘ziga haddan tashqari ishonadiganlarga yiqilishning oldin kelishini eslatadi.
Madaniy ma’no: Nemis maqollari boshqa xalq maqollariga o‘xshab chuqur madaniy ildizlarga ega. Ular ko‘pincha xalqning tarixiy tajribasining natijasidir, xalqning kundalik hayoti va tarixiy-ijtimoiy sharoitlarni aks ettiradi. Masalan, “Der Apfel fällt nicht weit vom Stamm” – (Olmaning tagiga olma tushadi) maqoli oilaviy muhitning farzandlarga ta’sirini tasvirlaydi.
Nemis maqollarining tarixi uzoq o‘tgan davrlarga borib taqaladi. Ular og‘zaki ravishda yetib kelgan va yozma manbalarning paydo bo‘lishidan oldin xalq madaniyatida muhim rol o‘ynagan, o‘rta asrlarda esa, adabiyot va falsafaning rivojlanishi bilan ularning ma’nolari yanada boyib borgan.
Nemis maqollarining eng qadimgi shakllarini XII–XIII asrlarda yozma manbalarda topish mumkin. Bu davrda ular jamiyatda muhim rol o‘ynagan va bilimlarni hamda axloqiy saboqlarni yetkazishda ishlatilgan. O‘rta asr manbalari: XIII asrdagi “Speculum humanae salvationis” (Insonning najot kitobi) nomli asarda maqollarga o‘xshash elementlar uchraydi. Shuningdek, “Volksbücher” (Xalq kitoblari) da xalq ertaklari, epopealari va dono iboralari mavjud bo‘lib, bu maqollarning tarqalishiga katta ta’sir ko‘rsatgan. Reforma davrida, bosma so‘zning paydo bo‘lishi bilan, maqollar keng auditoriya orasida mashhur bo‘la boshladi.
Martin Lyuter maqollarni o‘z asarlarida faol ishlatgan va ularga falsafiy ma’no bergan. Bu davrda maqollar nafaqat xalq ijodida, balki madaniyat va ta’lim sohalarida ham keng tarqaldi. Masalan, “Wie der Herr, so der Diener” – (Xo‘jayin qanday bo‘lsa, xizmatchisi ham shunday) maqoli xalq maqollariga o‘xshash. Ma’rifat davrida faylasuflar va olimlar maqollarni xalq donoligining muhim qismi sifatida ko‘rib chiqa boshladilar. Bu davrda nemis maqollari turli to‘plamlar va ensiklopediyalarda qayd etilgan.
Aka-uka Grimmlar: XIX asrda Yakob va Vilgelm Grimmlar nemis maqollarini to‘plagan, ularning mashhur “Deutsches Wörterbuch” (Nemis tili lug‘ati) asari til va xalq an’analarini o‘rganish uchun muhim manba bo‘lib qolgan.
Maqollarda kognitiv-semantik yondashuvning mohiyati ham qiziqarli hodisa sifatida qaraladi. Ma’lumki, kognitiv lingvistika tilni inson tafakkurining mahsuli sifatida o‘rganadi. G. Lakoff va M. Johnsonning nazariyasiga ko‘ra, metafora — bu fikrlash vositasi, u tilda mavjud semantik aloqalarni tartibga soladi. Maqollar bu metaforik tizimlarning jonli namunasidir.
Masalan, “hayot” konsepti ko‘plab tillarda “yo‘l” metaforasi bilan ifodalanadi:
Nemischa: Der Weg des Lebens ist lang — “Hayot yo‘li uzoq.”
O‘zbekcha: Hayot yo‘li to‘siqlarga to‘la.
Bu holat universal kognitiv model — HAYOT = YO‘L konseptining har ikki tilda mavjudligini ko‘rsatadi.
Maqollar til va madaniyat o‘rtasidagi eng faol bog‘lovchi bo‘g‘indir. Har bir xalq o‘z tarixiy, diniy, iqtisodiy va tabiiy muhitidan kelib chiqib, o‘ziga xos semantik maydon yaratadi. Shu bois, maqollarni qiyoslash orqali milliy dunyoqarashlar orasidagi o‘xshashlik va tafovutlar aniqlanadi.
Qardosh bo‘lmagan ikki tilning, ya’ni nemis va o‘zbek maqollarining leksik-semantik o‘xshashliklari tahlili ham bir-biriga o‘xshashlikni kasb etadi. Misol uchun:
Mehnat konsepti
Mehnat inson hayotining ajralmas qismi bo‘lib, har ikkala xalq mentalitetida ijobiy qadriyat sifatida qaraladi.
Ohne Fleiß kein Preis — “Mehnatsiz mukofot yo‘q.”
Mehnat qilgan to‘yadi.
Ikkala maqolda ham sabab-natija aloqasi mavjud: mehnat → natija. Bu mehnatning ijtimoiy qadriyat sifatida konseptualizatsiyasini bildiradi.
Aql va donolik konsepti
Klug ist, wer aus Fehlern lernt — “Xatolardan o‘rganadigan dono.”
Xato qilmagan odam tajriba orttirmaydi.
Ikkala maqolda ham “bilim”ning manbai sifatida tajriba konsepti mavjud. Bu esa inson tafakkurining o‘xshashligi — BILIM = TAJRIBA metaforasiga asoslanadi.
Do‘stlik konsepti
Ein Freund in der Not ist ein wahrer Freund — “Qiyinchilikda yordam bergan chin do‘st.”
Do‘st boshda bilinadi.
Har ikki tilda ham “sinov orqali do‘stning bilinishi” konsepti mavjud. Bu umumiy insoniy tajribani ifodalaydi.
Vaqt konsepti
Zeit ist Geld — “Vaqt – pul.”
Vaqt oltindan qimmat.
Bu maqollar zamonaviy ijtimoiy ongda vaqtning iqtisodiy qadriyat sifatida konseptualizatsiyasini ko‘rsatadi.
Tillardagi leksik-semantik differentsiyalar: madaniy kodlar va tafakkur tafovutlari. Nemis va o‘zbek maqollarida semantik farqlar ko‘pincha madaniy konnotatsiyalar, tarixiy tajriba va diniy qadriyatlar bilan belgilanadi.
Diniy va axloqiy semantika
O‘zbek maqollarida islomiy qadriyatlar keng ifodalangan:
Yaxshilik qil, suvga tashla, baliq bilmasa Xoliq bilar.
Bu yerda “Xoliq” konsepti diniy qadriyatni bildiradi. Nemis tilida esa, xristian madaniyatiga xos model mavjud:
Wie du mir, so ich dir — “Qanday bo‘lsang, shunday munosabat olasan.”
Bu esa, sabab-natija munosabatining axloqiy ko‘rinishidir.
Tabiat va inson konseptlari
O‘zbek xalqining dehqonchilik va tabiat bilan chambarchas hayot kechirishi maqollarda yaqqol ko‘rinadi:
Ko‘p suzgan daryo bo‘lmas.
Nemis xalq maqollarida esa, sanoatlashgan jamiyatning belgisi sifatida texnik obrazlar ko‘p uchraydi:
Viele Köche verderben den Brei — “Ko‘p oshpaz bo‘lsa, osh buziladi.”
Ijtimoiy qadriyatlar tizimi
Nemis maqollarida individualizm, aniqlik va tartib konsepti ustun:
Ordnung ist das halbe Leben — “Tartib hayotning yarmi.”
O‘zbek maqollarida esa, jamoaviylik, mehr-oqibat konsepti yetakchi:
Birlikda baraka.
Bu semantik tafovut madaniyatlarning kognitiv modellari farqidan kelib chiqadi.
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, ushbu maqolada tadqiqot natijalariga ko‘ra, nemis va o‘zbek maqollarida leksik-semantik darajada quyidagi xulosalarga kelish mumkin:
Har ikkala til maqollar tizimi umuminsoniy konseptlarga asoslanadi (mehnat, aql, vaqt, do‘stlik, baxt, hayot).
Metaforik modellarda o‘xshashliklar mavjud: HAYOT = YO‘L, VAQT = QADRIYAT, DO‘STLIK = SINOV kabi universal semantik asoslar.
Farqlar asosan madaniy, diniy, tarixiy va ijtimoiy omillar bilan belgilanadi.
Maqollarni leksik-semantik tahlil qilish til va madaniyat o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni, konseptual maydonlar o‘rtasidagi o‘zaro ta’sirni chuqur anglashga yordam beradi.
Demak, maqollar — bu faqat og‘zaki ijod emas, balki xalq tafakkuri va kognitiv tizimining til orqali ifodalangan ramzidir. Nemis va o‘zbek maqollarining leksik-semantik tahlili orqali biz inson tafakkurining universalligini hamda madaniyatlarning o‘ziga xosligini birgalikda ko‘rishimiz mumkin.
Содиков Л. Лексико-семантическая межъязыковая связь пословиц в немецком и узбекском языках. В данной статье проводится сравнительный анализ пословиц в немецком и узбекском языках на лексико-семантическом уровне. Пословицы являются выражением народного мышления, исторического опыта и культуры через язык. В ходе исследования рассматриваются семантическая структура пословиц, их образность, синонимические и антонимические отношения, а также концептуальные сходства и различия. Лексико-семантическая связь между немецкими и узбекскими пословицами отражает межкультурные связи и выражение общечеловеческих ценностей.