NEMIS VA O‘ZBEK TILLARIDAGI EVFEMIZMLARNING SEMANTIK STRUKTURASI

Mazkur maqolada evfemizmlarning semantik xususiyatlar yordamida yasalishi, anglatgan ma’nolari, ularning nemis va o‘zbek tillarida tadqiq etilishi hamda evfemizmlarning lug‘atlar hajmida tadqiq etilganligi haqida qiyosiy tadqiqot natijalari haqida gap boradi.

Semantik struktura jihatidan evfemizmlar denotativ va konnotativ komponentlarga ega. Denotativ komponent leksik ma’noning to‘g‘ridan – to‘g‘ri nomlanishiga mos keladi. Konnotativ komponentlar esa vaziyatga baho berish, uslubiy, emotsional va ekspressiv komponentlardan iborat [Prudivus 2006: 29].

Evfemizmlarning semantik strukturasida denotatning boshlang‘ich va ikkilamchi ma’nolarining bir-biri bilan o‘zaro munosabatlari natijasida so‘zning asl ma’nosi hamda evfemik ma’no o‘rtasida assotsiativ bog‘liqlik yuzaga keladi. Assotsiativ komponent evfemizmlarning ichki shakli hisoblanib, so‘zning birlamchi ma’nosi va evfemik ma’nosi o‘rtasidagi bog‘liqlikga zamin yaratadi [Katsev 1981: 18].

Assotsiatsiyaning ifodalanishiga ko‘ra denotatlar yuqori va past darajadagi eksplikatsiya (ochiqlik)ga ega hisoblanadi. Shu bilan birga maxsus yo‘naltirilgan denotatlar eksplekatsiyaning yuqori darajasiga ega, umumiylashganlari past darajali hisoblanadilar. Agarda evfemik almashinuv vazifasida tovush shaklidagi analogli evfemizmlar qo‘llansa, ifodalashning ochiqlik darajasi minimallashadi. Biz tanishib chiqqan olimlarning ko‘pchiligi bunday assotsiatsiyaviy denotatni implitsit (yashirin) denotat deb ataydilar [Katsev 1981: 144].

Muayyan bir tushunchani to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘zini qo‘llamasdan, uning o‘rniga evfemik so‘z qo‘llashda, so‘zlovchi evfemizmning qay darajada ochiq ma’no kasb etishini ham e’tiborga oladi. Shunga ko‘ra denotat muayyan bir holatda evfemizm mazmunini kasb etib, yashirilayotgan ma’noga tanlangan so‘zning qanchalik yaqinligiga ko‘ra tasniflanishi mumkin. Evfemizm sifatida qo‘llanadigan assotsiatsiyaviy denotat maxsus, ya’ni yuqori darajada ochiq shaklni, yoki umumiy, ya’ni past darajada ochiq ma’noni anglatishi mumkin.

Nemis tilidagi “die Unwahrheit [Du., 1621]-nohaqiqat” “yolg‘on” evfemizmida yashirinlik deyarli kuzatilmaydi, ya’ni almashinuvdagi ochiqlik darajasi yuqori. Bu evfemizm o‘zbek tilidagi “o‘roqdek to‘g‘ri” birikmasiga ekvivalent bo‘la oladi. “Der Stoff [Kü., 803]-jism” “narkotika, alkogol” evfemizmi sifatida qo‘llangan so‘z juda ko‘p ikkilamchi ma’nolarda qo‘llanishi mumkin. shunday ekan bu evfemizm yuqorida keltirilgan misoldagi evfemizmga nisbatan ochiqlik darajasi pastroq, ya’ni implitsit xarakterga yaqin hisoblanadi. O‘zbek tilidagi “narsa” [Ma., (N) 19] so‘zi ham ko‘plab ikkilamchi ma’noni anglatishi mumkin bo‘lib, eksplitsitlik darajasi past hisoblanadi.

1. “Ko‘rgan narsasi ko‘zida muhrlanib qolar, eshitgan gapi qulog‘i ichiga kirib olar, qaytib chiqib ketmasdi” [S. Ahmad 2008: 197].

2. “Nordon narsa yeging kelmayaptimi?” [S. Ahmad 2008: 248].

Asardan olingan birinchi misoldagi “narsa” so‘zi har qanday jism yoki holatni ifodalab kelayotgan bo‘lsa, ikkinchi misoldagi “narsa” so‘zi “nordon” so‘zi bilan birikib, homilador so‘zini evfemik yo‘l bilan ifodalab kelmoqda.

Xulosa o‘rnida aytish lozimki, eksplitsit denotatlarda evfemizm va birlamchi nomlanish o‘rtasidagi assotsiativ bog‘liqlik ancha ochiq. Ammo, implitsit denotat va evfemalashgan denotat orasidagi bog‘liqlik yashirin hisoblanadi. Shuni ham alohida ta’kidlash lozimki, evfemik denotat qanchalik ochiq yoki yopiq assotsiatsiaga ega bo‘lmasin, u vaqt o‘tishi bilan birlamchi so‘z ma’nosi bilan to‘g‘ridan – to‘g‘ri assotsiyalanadi.

Implitsit denotat yordamida yuzaga kelgan evfemizmlar so‘zning asl ma’nosi bilan bog‘liqlikning yashirinligi bilan bir qatorda, qisqartma hamda fonetik ishora orqali ham yasalishini ta’kidlash lozim. Qisqartmalar yuzaga kelishida to‘liq va qisqartma so‘z o‘rtasida assotsiatsiya mavjud bo‘lib, evfemalashgan qisqartmaning qo‘llanishi vaziyat taqozosi hisoblanadi. Misol tariqasida ABC-Kampfwaffen [Du., 52] atomare, biologische chemische Kampfwaffen (atom, biologik, ximik qurol-yaroqlar) so‘z birikmasi asosida tuzilgan evfemizmda ham harflar birikmasi yordamida asosiy, ya’ni salbiy mazmun berkitilgan.

“Im Zusammenhang mit dem Krieg in der Ukraine wird öfters von ABC-Waffen gesprochen. Was sind ABC-Waffen, was macht sie so gefährlich, und welche Unterschiede gibt es? [https://www.augsburger-allgemeine.de/panorama/: 28.07.2022]”

Yuqoridagi online-gazetadan olingan misoldan ko‘rinib turibdiki, bunday implitsit evfemizmlar hozirgi zamon tillarida ko‘p bora uchrab turadi. O‘zbek tilida ham qisqartma so‘zlar yordamida shunday jarayon kuzatiladi. Tuberkulyoz so‘zini tabulashishi sababli “tbs” deb atalishida implitsitlik xususiyati mavjud [Omonturdiyev 2006: 14].

Evfemizmlarning implitsit usulda yasalishida tovush va ohangning roli mavjudligi haqida yuqorida fikr bildirgandik. Shu fikrni davom ettirish maqsadida quyidagilarni bayon qilib o‘tamiz. Evfemizmlarning fonetik usul yordami bilan yasalishida ular yasalayotgan so‘z va anglatayotgan ma’noning ohang o‘xshashligi muhim ahamiyat kasb etadi.

“Так, слово bescheiden [Du., 240] (beschissen) получает эвфемистический смысл не благодаря общим семам в составе лексического значения обоих слов, а исключительно благодаря их звуковому сходству.” (Prudivus 2006: 32).

Nemis tilidagi beschissen (iflos, yaramas) so‘zining evfemizm yordamida anglatish maqsadida qo‘llangan bescheiden (kamtar) so‘zi ma’no jihatidan bir – biriga assotsiativ jihatdan bog‘liq emas, faqatgina ohang jihatidan ular yaqinlik hosil qiladi. Bunday holat o‘zbek tili og‘zaki nutqida ham uchrab turadi. Masalan, “ket” [Ma., (K) 358] so‘zi ochiq aytilmaydigan inson tana a’zosi o‘rnida qo‘llanilib keladi.

Evfemizmlarning semantik strukturasida konnotatsiya muhim ahamiyat kasb etadi. Chunki turli usullar bilvosita nomlanishning shakllanishidagi asosiy mexanizmi “Bilvosita nomlanish holatining yadroli semasi konnotativ komponentning statusli o‘zgarishi” hisoblanadi. Shunday ekan evfemizmlarning semantik strukturasidagi konnotatsiya komponentlarining turli usullari evfemik almashinuvining turli shakllarining yaratilishiga zamin yaratadi [Berdova 1981: 14], [Kartashkova 2001: 11].

Konnotatsiyaning baholanish komponenti evfemizmlarning ma’no strukturasida eng ko‘p tarqalgan usullardan hisoblanadi. Tabulashgan nomlanishning evfemik almashinuviga an’anaviy bog‘liq bo‘lgan denotat yoki belgi bilan bog‘liq negativ baho sababidan zarurat tug‘iladi. Shu sababdan ko‘plab olimlar evfemizatsiyani inkor belgining kamaytirish darajasi yoki baholanish belgisining salbiydan ijobiy belgiga o‘tish jarayoni deb hisoblaydilar [Sheygal 2000: 158].

Hozirgi kungacha evfemizm hodisasini tadqiq etgan olimlar uni evfemizm baholanishi borasida ikki nuqtayi nazarni olg‘a suradilar. Ushbu nuqtayi nazarning birinchisi evfemizimlarga salbiy konnotatsiyaning xosligi bilan baholanadi. Salbiy baholanadigan konnotatsiya evfemizmning eng omilkor belgisi deb hisoblanadi (Katsev 1977: 14). Evfemizmlarning eng birinchi va muhim mezoni, bu salbiy baholanish hisoblanadi. Salbiy baholanadigan vaziyatda evfemizmlarning asosiy vazifasi, salbiy emotsiyalarni neytrallashtirishdir va aynan shu holatda ularning implitsitligi namoyon bo‘ladi [Rodchenko 2002: 348].

Evfemiya hodisasi yorqin ifodalangan semantik xarakterga ega. Chunki nomlanish orqali belgi o‘zgartiriladi, ya’ni boshqa bir nomlanish yordamida belgi anglatayotgan ma’no neytrallashishi yoki ijobilashishi kuzatiladi [Kartashkova 2001: 358].

Yuqoridagilarga qo‘shimcha qilib yana shuni aytish mumkinki, evfemizmlar implitsit ma’noni ulashadigan shakl sifatida namoyon bo‘ladi va bu ma’no salbiy baho bilan yonma – yon bo‘lishi ham har doim shart emas. Evfemizm yordamida ijtimoiy va siyosiy sababga ko‘ra korrektlikga ehtiyoj seziladigan referensial holat korrektirovkasi sodir bo‘ladi. Natijada aslida salbiy baholangan referensial holat pirovardida netral yoki hattoki ijobiy baholanadi [Silinskiy 2003: 171].

Aslida salbiy baholanish denotatga yoki holatga tegishli bo‘lib va birlamchi nomlanishda salbiy baholanadigan konnotatsiya mavjud bo‘ladi, evfemizilar esa – ijobiy konnotatsiyaga ega bo‘lishlari bilan xarakterlanadi [Prudivus 2006: 32]. Demak, evfemizm salbiy baholanadigan konnotatsiya xususiyatiga ega bo‘lmaydi va u shu orqali nokorrekt bo‘lgan antesedentning nutqdagi o‘rnini egallaydi.

Evfemizmning ijobiy konnotatsiyasi nomlangan meliorativ xarakterga ega bo‘lgan usul orqali amalga oshiriladi, ya’ni bir leksik birlik boshqa bir yumshoq ta’sir etadigan birlik bilan almashtiriladi. Shu orqali evfemik qayta nomlanish amalga oshiriladi. Evfemik qayta nomlanish jarayonida yuqori negativ ma’no ta’siriga ega leksik birlik o‘rniga til nuqtayi nazaridan va usluban normal bo‘lgan hamda birlamchi birlikdan ijobiyroq ta’sir doirasiga ega bo‘lgan leksik birlik qo‘llanadi [Berdova 1981: 13].

Soha tadqiqotchilari nafaqat meliorativlikni, balki aksiologik uslubni ham evfemizm kriteriyalar qatoriga qo‘shadilar. Shu bilan bir qatorda ular evfemizmlarning stilistik kriteriyaga ega ekanligini ham va evfemizatsiya stilistikaning barcha sathlarida qo‘llanishini ta’kidlaydilar. Evfemizmlar leksik birlik sifatida stilistik sathda uch uslubiy guruhga bo‘linadi [Prudivus 2006: 35]. Bular yuqori, neytral va past darajadagi evfemistik uslublardir. Bunday guruhlar yuzaga kelganligiga asosiy sabablar evfemizmlarning muayyan bir leksik qobiqqa tegishli bo‘lganligi bilan bir qatorda ularning ifodali bo‘yoqdorligi bilan ham izohlanadi [Berdova 1981: 20]. Bo‘yoqdorlik qanchalik emotsional va madaniylikka xosligi evfemizmlarning leksikografik o‘rganishda bir qancha murakkabliklarni keltirib chiqaradi, chunki evfemizmlar o‘zgaruvchan va pragmatik dinamikaga ega hisoblanadi [Sattorova 2021: 18].

Ulug‘vor va kitobiy leksikaga tegishli bo‘lgan hamda yuqori ifodali bo‘yoqdorlikka ega bo‘lgan evfemizmlar yuqori evfemistik uslublar deyiladi. Bunga misol qilib nemis tilidagi “ein enges und stilles Haus (tor va sokin uy) [Du., 671]  evfemizmini keltirish mumkin. O‘zbek tilida esa bu evfemizmga “tuynuksiz uy” leksik birligi mos kelishi mumkin. Ushbu turdagi evfemizmlar guruhi faqat bir mavzu doirasida chegaralanadi va har bir tushuncha zamirida uchray olmaydilar. Odatda, yuqori evfemistik uslublar guruhi g‘ayritabiiy kuchlar o‘lim va shunga yaqin mavzularda qo‘llanadi. Ular uzual-odatiy evfemizmlar hisoblanadi.

Neytral evfemistik uslubiy guruhga leksis qatlamdagi neytral ifodali bo‘yoqdorlikka ega evfemizmlar kiradi. Bunday evfemizmlarga misol qilib, “die Meinungsverschiedenheit” [Du., 1004]- so‘zma-so‘z- fikrlar qarama-qarshiligi, evfemik ma’nosi-urush-janjal) leksik birligini misol tariqasida keltirish mumkin. Neytral uslubli evfemizmlarga           ham ayrim kitobiy leksika (masalan: terminlar, ijtimoiy-siyosiy leksika) yordamida yasalgan evfemizmlar kiradi. Ular yuqori bo‘yoqdorlikga ega bo‘lmaydilar. Bunday evfemizmlarga nemis tilidagi Tarifkorrektur-narxlarning oshirilishi va o‘zbek tilidagi tarif (tarifikatsiyalash) [Ma., (T) 681] kabi evfemizmlarni kiritish mumkin va ular evfemik leksikaning yadrosi hisoblanadi.

Evfemizmlarning past darajali uslubiy leksikasi o‘z-o‘zidan past darajali bo‘yoqdorlikni ifodalaydi hamda ularga og‘zaki va oddiy nutqda qo‘llanadigan leksikalar tegishlidir. Bunday evfemizmlarga der Druck [Du., 367] so‘zma-so‘z-bosim, evfemik ma’nosi-narkotika inyeksiyasi evfemizni kiritish mumkin. Past darajali evfemizmlar yuzaga kelishi va nutqda faol ishlatilishi, shuningdek, bir so‘z o‘rnida bir nechta evfemizmlarning insonlar o‘rtasida muomilada bo‘lishi ham aynan og‘zaki nutq omili hisoblanadi. Ya’ni turli insonlar bir negativ ma’no anglatadigan denotat o‘rniga o‘zlari ma’qul ko‘rgan past darajali uslub guruhiga kiruvchi evfemizmlardan foydalanadilar. Nemis tilidagi Absalon, Vygo, Donnerstuhl, Erleichterungsanstalt, Hauskapelle, Herzkammer, optisches Institut, Latrinium, Laube, Lesezimmer, Machhauschen, Malerwerkstatt, Ministerium, Null-Null, Onkel Otto, Ort des geringsten Widerstands, Sekretariat, Sitzungssal, Sorgensitz, Strickzimmer, Tante Anna, Tante Mayer, Trittoir, Vespasianium, kleine Villa, Zeltstuhl [Prudivus 2006: 43] evfemizmlari hamda o‘zbek tilidagi chap, xonacha, uycha va boshqalar kabi evfemizmlar “hojatxona” [Ma., (H) 544] leksik birligi o‘rnida qo‘llangan evfemizmlar hisoblanib, ular yaqqol og‘zaki nutq mahsulidirlar.

Neytral uslubga oid evfemizmlar esa umum qo‘llanadigan leksik birliklar hisoblanib, qatiy qoidalarga amal qilingan holda yasaladi hamda ular ko‘plab sinonimlarga ega bo‘lavermaydilar [Katsev 1988: 65]. “Bei ihnen ist Nachwuchs angekommen [Du., 1057]” o‘zbek tilidagi ularda ko‘payish kuzatilmoqda [Ma., (K) 462] evfemik birliklari jamiyat tomonidan qo‘llanib, hammaga yaqqol tushunarli hisoblanadi.

Yuqori uslubga oid evfemizmlar esa o‘zgarmas, ularda neologizmlar uchramaydi. Asosan bunday evfemizmlar o‘zida arxaizm xususiyatlarini mujassam qilib, tilning badiiy bo‘yoqdorligini ifodalovchi elementlar sifatida xizmat qilib kelmoqda [Bär 2001: 25].

Evfemizmlarning semantik strukturasi haqida gap borar ekan, ularning emotsional xususiyatlarini ham ta’kidlab o‘tish lozim. Bu xususiyat evfemizmlarning muhum ahamiyat kasb etuvchi xususiyati deyishimiz mumkin hamda evfemizmlar hazil, kinoya, kimningdir ustidan kulish yoki haqorat qilish kabi bo‘yoqdorlik vazifasini bajaradi. Har bir evfemizmda bir qadar emotsional kayfiyat mavjud bo‘lib, evfemistik so‘z birliklari esa har doim his-hayajonli ma’no kasb etadi. Evfemizm sifatida qo‘llanadigan “du lieber Himmel!” [Du., 708] ma’nosi-“e xudoyim! so‘z birikmasi nemis tilidagi emotsiyalarga boy evfemizmlardan biridir. Shu yerda yana bir muhim masalani aytib o‘tish lozim. O‘zbek tilida diniy tabular sababli yuzaga kelgan evfemizmlar sermahsul usul hisoblanmaydi. Bundan shuni tushunish mumkinki, tabulashish vaziyati xalqlararo turlicha sabablarga ega. Chunki tabularning yuzaga kelishi hamda ular o‘rniga evfemizmlarning qo‘llanishi xalqlarning tarixiy rivojlanish jarayonlariga va ular e’tiqod qiladigan tushunchalarga bog‘liq [Berdova 1981: 14].

Past darajali evfemizmlar tarkibiga kiruvchi hazil va kinoya kabi his-hayajonni ifodalovchi evfemik birliklar kishiga salbiy ta’sir qiluvchi denotatlar o‘rnida qo‘llanib, emotsialarni hazil ohangi yordamida ifodalashga xizmat qiladilar [Prudivus 2006: 45]. Nemis tilidagi “Darmalarm” [Ku., 158], so‘zma-so‘z tarjimasi-ichakdagi tashvishli signal, evfemik ma’nosi-ich ketishi evfemizmi kabi misollar talaygina. O‘zbek tilidagi “ulug‘ og‘amiz” [Omonturdiyev 2006: 55] kabi hazilomiz kinoya ma’nosini beruvchi evfemizm salbiy denotatdan bir oz chalg‘itadi.

Evfemizmlarning lug‘atlar tarkibiga kiritilishi masalasini tadqiq etish ham olimlar tomonidan  yetarlicha o‘rganilgan. Nemis tili lug‘atlarida evfemizmlarning mavjudligini quyida berilgan tablitsa yaqqol izohlab keladi [Berdova 1981: 55].

 

 

Lug‘atlar

Evfemizm-larning umumiy miqdori

leksema va sememalar miqdori

frazeologik evfemizmlar miqdori

Ko‘chma so‘zlar

Wörterbuch der deutschen Gegenwartssprache

218

94

124

3

Verleichendes Synonymwörterbuch, Duden

61

32

29

4

Synonymwörterbuch

42

24

18

1

Das Große deutsche-russische Wörterbuch

61

37

24

2

Nemischa-ruscha frazeologik lug‘at

58

 

58

 

 

 

Ko‘rinadiki, nemis tili lug‘atlarida evfemizmlar mavjud va ular lug‘atlar turiga ko‘ra farqlanadi. Evfemizmlarning leksik turlaridan eng sermahsuli bu, sodda evfemizmlar hisoblanadi. O‘zbek tilidagi evfemizmlarning lug‘atlarini tadqiq qilish masalasi ham Sattorova Ye.A. tomonidan rus tili bilan solishtirilgan holda tadqiq etilgan bo‘lib, unda evfemizmlarning lug‘atlarda uchraydigan va keyinchalik uchrashi mumkin bo‘lgan tendensiyalari shakllantirilgan [Sattorova 2021: 20].

 

 

Tadqiqlanadigan til

Noto’g‘ri (ko‘pol) so‘z

An’anaviy evfemizm

 

Yangi tendensiyalar

 

Lug‘atlarda uchramaydigan ammo so‘zlashuv nutqida qo‘llaniladigan evfemizmlar

rus tili

ortiqcha vaznga ega kishi (semiz, to‘la, semirgan)

tanada

to‘lishgan, semirgan, tanasi kengaygan

og‘ir, yumaloqgina, savlatli, to‘lishgan, silliq, paxmaygan, yetarlicha, semirgan, xurpaygan, kelishgan, ko‘rkam, semirtirilgan, yaxshi boqilgan, qulochga sig‘maydi, metabolik cheklangan, yaxshi tanali, semiz, semirgan tana, dabdabali, sayrli.

o‘zbek tili

to‘lgan odam (semiz odam)

o‘rtacha darajada tulishgan

o‘rtacha vaznli odam

Hashamatli

 

 

Xulosa qilib aytganda, evfemizmlar shu davrga kelib turli til sathlarida o‘rganilgan va ularning semantik xususiyatlari atroflicha ochib berilgan. Hozirgi kunda esa evfemizmlarning pragmatik va ijtimoiy-madaniy ahamiyatlari olimlar etiborida bo‘lib kelmoqda. Nemis va o‘zbek tillaridagi evfemizmlar semantik yasalishi va strukturasiga ko‘ra ko‘p jihatdan bir - biriga yaqin hisoblanib, ikkala tilda ham turli darajadagi semantik evfemizmlar uchraydi va turli til sathlarida namoyon bo‘lib kelmoqdalar.

 

 

 

Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati:

 

  1. Bär J. Deutsch im Jahr 2001. Eine Sprachhistorische Standortbestimmung/ Die deutsche Sprache zur Jahrtausendwende: Sprachkultur oder Sprachverfall? - Band 1, (Hrsg.) Karin Eichhoff-Cyrus und Rudolf Hoberg. Dudenverlag, 2001. 25- bet.
  2. Berdova N.M. Эвфемизмы в современном немецком языке. Диссертация на соискание ученой степени кандидата филологический наук. -Kiyev, 1981.13, 14, 20, 55- betlar.
  3. Kartashkova F. I. Косвенная номинация в английском языке: деятельностностно-процессный подход. Автореф. дисс. на соиск. уч. степ, д.ф.н. - Pvanovo, 2001. 11, 358- betlar.
  4. Kasev A. M. Эвфемизмы в современном английском языке (опыт социолингвистического исследования). Автореф. дисс. на соиск. уч. степ, к.ф.н.-L., - 1977. 14- bet.
  5. Kasev A. M. Роль ассоциативности в эвфемии. Проблемы синхронного и диахронного описания германских языков // Pyatigorsk. – 1981. 18, 144- betlar.
  6. Kasev A. M. Языковое табу и эвфемия: Учеб. пособие к спецкурсу. - Д.: ДГПИ, - 1988. 65- bet.
  7. Omonturdiyev A.J. Professional nutq evfemikasi (chorvadorlar nutqi misolida). – Toshkent: 2009. 14, 55- betlar.
  8. Prudivus. Эвфемизмы в современном немецком языке. дисс. на соиск. уч. степ, к.ф.н. - Sankt-Peterburg, 2006. 29, 32, 35, 45- betlar.
  9. Rodchenko A. V. Средства эвфемии в кубинском национальном варианте испанского языка // Изучение латиноамериканистики в Российском университете дружбы народов: Докл. и выступления ученых РУДП на X Всемир. конгрессе латиноамериканистов, Москва, 26-29 июня 2001 г. - М.: Изд-во РУДП, - 2002. 348- bet.
  10. Sattorova Ye.A. Вопросы типологии и лексикографическое исследование эвфемизмов.- Samarqand: 2021.  18, 20- betlar.
  11. Silinskiy S. V. Эвфемизмы в современной американской прессе // Антропоцентризм в языке и речи: Межвуз. сб. - СПб.: Изд-во С.-Петерб. ун-та. - 2003. 171- bet.
  12. Sheygal Ye. I. Эвфемизация в политическом дискурсе // Языковая личность: проблемы креативной семантики: Сб. науч. тр. к 70-летию д.ф.н., проф. И.В. Сентенберг. - Volgograd: Neremena, 2000. 158- bet.

Lug‘atlar

  1. Duden. Deutsches Universalwörterbuch/ hrs. und bearb. vom wissenschaftlichen Rat und den Mitarbeitern der Dudenredaktion. - 3., völlig neu bearb. und erw. Aufl. - Mannheim; Leipzig; Wien; Zürich: Dudenverl, 1996.
  2. Madvaliev A. taqrizi ostida. O‘zbek tilining izohli lug‘ati. O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi, Alisher Navoiy nomidagi til va adabiyot instituti. - 2006-2008.
  3. Pons. Wörterbuch der deutschen Umgangssprache / von H. Küpper. - 1. Aufl., 6 Nachdr. - Stuttgart; München; Dusseldorf; Leipzig: Klett, 1997.

 

Badiiy adabiyotlar

  1. Said Ahmad. Jimjitlik. Roman. Qayta ishlangan nashri. -Toshkent: O‘zbekiston, - 2008. 197, 248- betlar.

Internet sahifalar

  1. https://www.augsburger-allgemeine.de/panorama/: 28.07.2022ю

 

Shoimov A. Semantic structure of euphemisms in German and Uzbek languages.  This article is about semantic structures and properties of euphemisms in German and Uzbek languages. It compares how euphemisms are formed in these two languages through emotions, jokes and irony. The meaning of implicit and explicit formation of euphemisms are shown here with examples. One can get information on high, neutral and low euphemistic styles in this article, and observe the facts of the states of study of eupemisms in the dictionaries.

 

Шоимов А. Семантическая структура эвфемизмов в немецком и узбекском языках. Данная статья посвящена семантическим структурам и свойствам эвфемизмов в немецком и узбекском языках. Сравнивается, как в этих двух языках образуются эвфемизмы посредством эмоций, шуток и иронии. Значение имплицитного и эксплицитного образования эвфемизмов показано здесь на примерах. В этой статье можно получить информацию о высоких, нейтральных и низких эвфемистических стилях, а также понаблюдать за фактами состояния изучения эвфемизмов в словарях.

Xorijiy filologiya jurnali tahrir ha'yati