O’ZBEK TARJIMASHUNOSLIGINING ULKAN YUTUG’I

SamDU professori  I.K.Mirzayev

Ma’lumki, O’zbekistonda tarjima amaliyoti uzoq davrlarga borib taqaladi: IX asrning birinchi yarmida Bag’dodda Xalifa Ma’mun ar-Rashid tomonidan asos solingan, dastlab “Bayt ul-hikmat” (“Bilimlar uyi”), keyinchalik akademiya deb atalgan, ilm maskanida faoliyat ko’rsatgan Husayn ibn Ishoq, Sobit ibn Kurra, Xubaysh, Baxtyashu, Qusto ibn Luqa al-Baaxbanniy, Yaxyo ibn Adiy, Ishoq al-Damashqiy, Tasarjuvayxlar oilasi, Navbaxiy, ibn Muqaffa, ibn Mojja, ibn Vaxshiya va boshqalar tomonidan yunon, yaxudiy, sanskrit, suryoniy va fors tillaridan juda ko`plab ilmiy adabiyot, falsafiy, didaktik xarakterdagi noyob asarlar arab tiliga tarjima qilingan, ularga sharhlar yozilgan va butun musulmon dunyosiga tarqatilgan. Aynan shu tarjimalar bizgacha yetib kelgan. E’tiborli tomoni shundaki, bu tarjimalar arab ilm-fani, madaniyati va  ta’limida erishilgan manbalar bilan boyitilgan. Keyinchalik asarlari tarjima qilingan mamlakatlar inqirozga uchraganda, arabcha tarjimalarni yana o’z tillariga o’girganlar. Boshqacha aytganda, ular o’z asarlarini arab ilm-fani va madaniyatining eng so`nggi yutuqlari bilan boyitilgan holda yana tarjima qilib olganlar.

            O`zbekistonda tarjima tarixi olimlarimiz tomonidan o’z vaqtida yozilgan. Bu borada marvlik Abu Ali Yaxyo ibn Mansur, keyinchalik buyuk vatandoshimiz Muhammad Xorazmiy, adib, mutarjim va tarjimashunos prof. Jumaniyoz Sharipovlarning xizmatlari e’tiborga molik.

Prof. J.Sharipovning O’zbekistonda tarjima tarixiga bag’ishlangan maqolalari va ikki jildlik kitobidan o’tmish tarjimonlarimiz kimlar bo’lganligi, qaysi asarlarni qanday tillardan o’girganliklari haqida ma’lumot olish mumkin.

            Garchi o’zbek tiliga qilingan tarjimalar sifatiga o’z davrida munosabat bildirilgan bo’lsa-da, bizni tarjimashunoslik alohida fan sifatida rus olimlari (xususan, A.V.Fedorov, I.Kashkin, K.Chukovskiy, E.G. Etkind va b.) ta’sirida yuzaga keldi va shakllandi.  Bunda J.Sharipov, N.Vladimirova, Q.Musayev, G’.Salomov, N.Komilov, U.Sotimov, M.Xolbekov, tarjima amaliyotining lisoniy, uslubiy va adabiy aspektlarini o’rgangan yana ko’plab olimlarning xizmati katta. Prof. G’.Salomovning “Til va tarjima” asari (T., 1966) O’zbekistonda  tarjima ilmi  va amaliyoti bo’yicha to’plangan nazariy ma’lumotlarning sintezi o’laroq yuzaga keldi.

            Mustaqillik yillarida tarjima amaliyoti behad rivojlandi, bevosita chet  tillardan o’zbek tiliga, o’zbek tilidan chet tillarga tarjimalar ko’paydi. Natijada buyuk ajdodlarimizning asari rus (yoki boshqa tillar) orqali emas, balki bevosita o’zbek tilidan tarjima qilinadigan bo’ldi. Biroq, shu yillarda tarjima ilmi bir joyda depsinishdan nari o’tolmadi. Marhum prof. M.Xolbekovning  bir–ikki kitobi, himoya  qilingan bir necha dissertatsiyadan boshqa deyarli hech narsa qilinmadi. Va kutilmaganda taniqli olim, tilshunoslikning zamonaviy  yo’nalishlari bo’yicha yetuk mutaxassis, prof. Sh.Safarovning “Tilshunoslikning kognitiv asoslari” nomli  fundamental monografiyasi chop etildi.  Lingvokognitiv ta’limotning eng so’nggi yutuqlari asosida tayyorlangan  ushbu monografiya tarjima ilmi va amaliyoti bilan shug’ullanadiganlar, shuningdek, umuman, tilshunoslik masalalari bilan qiziqadiganlar uchun ham birdek foydali, ma’qul va manzur bo’lishi shubhasiz.

Prof. Sh.Safarovning mazkur asari an’anaga ko’ra, muqaddima, bir-biridan dolzarb mavzularda  yozilgan o’n bob, o’zbek va ingliz tillarida berilgan rezyume va foydalanilgan  adabiyotlar ro’yxatidan tarkib   topgan. Quyida shu monografiyaning aksariyat tarjimashunoslar uchun yangi mavzu-tarjima jarayoni tadqiqining kognitiv tamoyillari haqida so’z yuritamiz (Sh.Safarov 2019, 67-91) .

Kognitiv yondashuvning, muallif to’g’ri ta’kidlaganidek, mental (aqliy)  faoliyat  hosilalarini o’rganuvchi barcha fanlarda keng ko’lamlarda kirib borayotgani ilm-fanning butun e’tibori ontroposentrik tadqiqotlarga qaratilgani bilan izohlanadi.  Binobarin, inson ongi mahsuli bo’lgan tarjima  amaliyoti ham kognitiv jarayondir. Sh.Safarov kognitivist olim sifatida buni boshqalarga qaraganda teranroq fahmlaydi va tarjimashunoslik kognitiv faoliyat bilan bog’liq jarayonlarni o’rganish o’rniga, asosan, tarjimonning rolini baholash bilan mashg’ul ekanligini asosli e’tirof etib,” …til kognitiv jarayonlarning “iz” larini uzluksiz va seroblik bilan mo’l-ko’l aks ettiradigan yagona tabiiy hodisadir. Shunday ekan tarjima muammolarining yechimini ta’minlaydigan mental hodisalar tahlili muhim rolini o’tashi aniq “,-deb yozadi  (Sh.Safarov 2019, 68).

Xullas, prof. Sh.Safarovning “Tarjimashunoslikning  kognitiv asoslari” nomli monografiyasi O’zbekistonda kognitiv tarjimashunoslikning yuzaga kelishi va alohida muhim ilmiy yo’nalish sifatida shakllanishida muallif  Dan Shperber bilan D’erdru Vilsonlarning relevantlik (haqiqatga moslik, muqobillik) nazariyasida tagma’nosi (yashirin axborot) yetakchi omil o’rinni  egallashini to’g’ri  ko’rsatib beradi. Chunki kognitiv faoliyat asnosida qilinadigan xulosalar matn (axborot)  mazmuni mag’zini o’zida mujassam etadi. Bu xil xulosalar chiqarishga nisbatan “interferensiya” atamasini qo’llaydigan nazariy yondashuvda “Kontekst” va “relevantlik tamoyili” tushunchalariga tez-tez murojaat qilinadi. Bunda “kontekst” yoki “kognitiv muhit” tushunchalarining qo’llanishida xulosa chiqarish manbayi, zahirasi nazarga tutilsa, “relevantlik tamoyili” esa inferensiyani boshqaradi, ya’ni chiqariladigan xulosalarning me’yorini, chegarasini belgilaydi (Sh. Safarov, o’sha asar, 70).

Sh. Safarov o’z fikrini asoslash uchun dialogik nutqdan quyidagi misolni keltiradi:

Ahmad: Tushlikka biz bilan borasanmi?

Toshmat: Soat birlar atrofida biroz vaqtga bankka kirishimiz kerak.

Mazkur nutq parchasining relevantligini ta’minlash uchun Sh. Safarov quyidagilarni asos qilib keltirdi: “Toshmatning javobi aniq bir propozitsiya shakliga ega bo’lishi uchun ushbu nutqiy tuzilma referenti to’ldirilishi, ma’no jihatidan aniqlashtirilishi, lozim bo’lganda, boyitilishi zarur. Bu xildagi mantiqiy–lisoniy amallarning bajarilishi kontekstdagi  ma’lumotlar asosida ta’minlanib, relevantlik tamoyili nazoratida bo’ladi. Jumladan,  Ahmad  berilgan javobning mazmunini anglashi uchun “bizlar” shaklining referentini topishi kerak. Xuddi shuningdek, “biroz vaqt” birikmasining referentini izlash shart, chunki “biroz vaqt” bir necha daqiqanimi yoki bir necha soatni anglayotganligini bilish muhimdir. Faqat shu kabi amallarning bajarilishi Toshmat tushlikka taklifga rad javobini berayotganini ravshanlashtiradi”, (Sh.Safarov, o’sha asar, 70-71).

Monografiyada tarjimaning relevantligini ta’minlashda falsafaning umumiylik, xususiylik va yakkalik kategoriyasi talablariga amal qilish muhimligi ta’kidlanadi. Aks holda, “nazariy talqinlar-xulosalar puchga chiqib, ilmiy tafakkurning poydevori  vayronagarchilikka yuz tutadi” (Sh.Safarov,o’sha asar, 72). Mazkur falsafiy kategoriya, til va kognitsiya ( kognitiv mushohada ) munosabati barqarorligini ta’minlaydi. Til (sinergetik ong) va kognitsiya birlashgan joyda matn hamda uning tarjimasi  mantiqiy izchil, mazmunan  teran, tushunarli bo’ladi. 

Tarjima ilmi va amaliyotining kognitiv masalalariga doir metodologik xarakterdagi fikr-mulohazalarni umumlashtirish asnosida monografiya muallifi quyidagi xulosalarga keladi:

“Shunday qilib, tarjima jarayonining kognitiv tamoyillari tatbiqida quyidagi xususiyatlar oldingi o’ringa chiqadi:

  1. ma’noni tushunish va qayta ifodalashning kognitiv bosqichlari mavjudligi;
  2.  axborotni xotirada saqlashning muhimligi;

           v) jarayonning lisoniy va nolisoniy elementlar yakdilligida ta’minlanadigan dinamik ta’biati;

           g) jarayonning nochiziq yo’nalishda kechishi, uning matnning bir tekis taraqqiyotiga bo’ysunmasligi;

          d) avtomatik va oqilona, nazoratli va nazoratsiz harakatlarning faollashuvi. Tarjima beixtiyor  va nazoratli bajariladigan  harakatlar zamirida  yaratiladigan axborot manbalarini tanlaydi;

         e) jarayonning maxsus strategiyalar asosida, muammolar yechimini izlash va qaror qilish harakatlari faolligida  kechishi.

            Ushbu turdagi xususiyatlarning keng ko’lamda bo’lishi tarjimani nochiziqli, sinergetek tartibotli jarayon sifatida tavsiflashga undaydi hamda uni nazoratli va nazoratsiz, beixtiyor harakatlar uyg’unligida kechishidan darak beradi (Sh.Safarov, o’sha asar, 91-92-betlar).

            Xullas, prof. Sh.Safarovning “Tarjimashunoslikning  kognitiv  asoslari” (“Cognitive basis of translation studies”) nomli  monografiyasi mazmunan ham,  tahlilga tortilgan mavzularning dolzarbligiga va ularning o’zgacha talqin qilinganligi bilan ham o’zbek tarjima ilmi hamda amaliyotini yangi nazariy ma’lumotlar bilan boyitadi va kelgusida yaratilajak kognitiv tarjimashunoslik uchun  mustahkam poydevor vazifasini bajaradi.

Adabiyotlar:

  1. Bertels  E.Y Sufizm va tasavvuf adabiyoti. Rus tilidan Ibodulla Mirzayev tarjimasi.-S.: SamDU, 2006.
  2. Ma’mun akademiyasi // uz.m.vilipedia.org.
  3. Safarov Sh. Tarjimashunoslikning kognitiv asoslari -T.:2019.
Xorijiy filologiya jurnali tahrir ha'yati

A PHP Error was encountered

Severity: Notice

Message: fwrite(): write of 53 bytes failed with errno=28 No space left on device

Filename: drivers/Session_files_driver.php

Line Number: 265

Backtrace:

A PHP Error was encountered

Severity: Warning

Message: session_write_close(): Failed to write session data using user defined save handler. (session.save_path: /home/www/tmp)

Filename: Unknown

Line Number: 0

Backtrace: