O‘ZBEK TILSHUNOSLIGIDA GENDER LINGVISTIKASINI O‘RGANILISHI BORASIDA AYRIM MULOHAZALAR

Gender lingvistikasi ya’ni, genderologiya sohasi, - so‘nggi paytlarda tilshunoslikdagi eng muhim yo’nalishlardan biriga aylanib ulgurdi. Bu sohada ko‘plab jamiyatshunos va tilshunos olimlar hamda psixologlar bir qator ilmiy ishlar amalga oshirdilar va bu jarayon hamon davom etmoqda. Hozirgi kunda bu atama turli jabhalarda keng qoʻllanilib kelinmoqda. Xususan, falsafa, psixologiya, madaniyatshunoslik, sotsiologiya, siyosatshunoslikda va hatto tilshunoslikda ham bir qator ilmiy izlanishlar olib borilganligini ko’rishimiz mumkin. Gender lingvistikasi ilm-fanda ham yaqinda paydo bo’lganiga qaramasdan, faol rivojlanayotgan va yangi tadqiqot muammolarini o’zida mujassam etgan zamonaviy tilshunoslikning bir tarmogʻi hisoblanadi.

 “Gender” termini fanda, ayniqsa, o’zbek tilshunosligida yangi tushunchadir. Shuni ta’kidlab o’tish joizki, davlatimiz rahbari tomonidan 2019-yilning 2-sentyabrida qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasining “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari” toʻgʻrisidagi qonuni mamlakatimizda gender tenglikni ta’minlashga qaratilgan yaxlit va asosiy qonun hujjati hisoblanadi. Ushbu qonun bilan ilk bor milliy qonunchiligimizda “gender” tushunchasiga ta’rif berilgan bo’lib, qonunning 3-moddasida gender soʻziga quyidagicha izoh berib o‘tilgan: gender - xotin-qizlar va erkaklar oʻrtasidagi munosabatlarning jamiyat hayoti va faoliyatining barcha jabhalarida, shu jumladan, siyosat, iqtisodiyot, huquq, mafkura va madaniyat, ta’lim hamda ilm-fan sohalarida namoyon boʻladigan ijtimoiy jihatidir [Yusupova 2020: 10]. Yurtimizda gender tenglik masalalari davlat siyosati darajasiga koʻtarilgan. Xususan, tilda gender muammosini oʻrganish, uning tushunchalari va yoʻnalishlarini lingvistik jihatdan tahlil qilish va yangi nuqtayi nazarlarni ilmiy jihatdan tadqiq qilish zarurdir.

Bu yoʻnalish ijtimoiy psixologiyaning bir qismi bo’lib, insonning ijtimoiy jinsi deb qarash mumkin degan fikrni G. Yusupova o’zining „Tilshunoslikda gender tadqiqining nazariy asoslari“ nomli maqolasida ilgari surdi. Ilk bor biologik va ijtimoiy jinsni farqlash gʻoyasi amerikalik antropolog Margaret Mead tomonidan 1935-yilda “Sex and Temperament in Three Primitive Societies”nomli kitobida ilgari surilgan. Margaret Mead jinsdagi madaniy farqlarni oʻrgangan birinchi antropologlardan edi.

“Gender” tushunchasi 1970-yillarning boshlarida feministik harakat va feministik nazariyaning rivojlanishi tufayli keng tarqaldi. Bu yo’nalish ijtimoiy psixologiyaning bir qismi bo’lib, insonning ijtimoiy jinsi deb qarash mumkin degan fikrni G. Yusupova o’zining “Tilshunoslikda gender tadqiqining nazariy asoslari” nomli maqolasida ilgari surdi. Erkaklik va ayollik insonning biologik jinsi boʻlsa, gender ijtimoiy jins boʻlib, erkak va ayolning jamiyatdagi roli, oʻrni, tili va huquqlarini anglatadi. Boshqacha qilib aytganda, ijtimoiy jins (gender) bu jamiyat tomonidan modellashtirilgan va qoʻllab-quvvatlanadigan erkaklar va ayollarning xatti-harakatlari, turmush tarzi va fikrlash doirasi, ayollar va erkaklarning ijtimoiylashuv jarayonida shaxs sifatida egallagan rollari va munosabatlari tizimidir.

Gender juda murakkab tushunchadir, chunki u hodisaning xilma-xil mazmunini ochib beradi. Ilmiy adabiyotlarda u bir nechta ma’nolarda qoʻllaniladi. Mazkur tushunchaga tadqiqotchilar tomonidan turlicha ta’riflar berilgan. Biz ushbu tadqiqot ishimizda “jins” va “gender” tushunchalariga quyidagicha ta’rif berishni joiz deb bildik:

Jins - ayol va erkak organizmlari o’rtasidagi biologik, anatomik, fiziologik farqlarga nisbatan qo’llaniladigan tushuncha deb qaralsa, gender - erkaklar va ayollar o’rtasidagi xulq – atvor, madaniy, psixologik va boshqa ijtimoiy – madaniy jihatdan aniqlangan farqlarni shakllantiradigan ijtimoiy jins hisoblanadi.

Koʻpchilik tadqiqotchilar fikriga koʻra, ayol va erkak orasidagi muhim biologik farq nasl qoldirishdagi roli deb hisoblanadi. A. A. Denisova biologik nuqtayi nazardan erkak va ayollar orasida tafovutdan koʻra oʻxshashlik koʻproq ekanligini ta’kidlaydi. Olimaning fikriga koʻra, biologik jins turli jamiyatda yashab, turli ijtimoiy rolga mansub boʻlgan insonlarni farqlashga sabab boʻla olmaydi. Shu nuqtayi nazardan yondashganda odamlarning biologik jinsidan kelib chiqqan holda, ularning ijtimoiy va madaniy normalari yigʻindisini belgilovchi omil asosida gender tushunchasi vujudga kelgan [Gulyamova 2019: 108].

“Gender” tushunchasi fanga erkaklar va ayollar oʻrtasidagi biologik tabiiy farqlardan tashqari ularning xatti-harakati, ijtimoiy va madaniy tavsiflarini aniqroq farqlash uchun kiritilgan. Fandagi yangi kashfiyotlar va ularni nazariy jihatdan anglash tadqiqotchilarni shunday xulosaga olib keldiki, jins (sex) bu - biologik xususiyatlarning birligi boʻlib, individni muayyan biologik jinsga tegishli deb bilishdir. “Gender” tushunchasining fanga kiritilishi umumiy ma’noda ikki tushuncha (biologik va ijtimoiy jins) larini farqlashga yordam beradi. Rus gendershunosi A. V. Kirilina unga quyidagicha ta’rif bergan va bizning fikrimizcha, ushbu ta’rif atama (gender)ning mohiyatini toʻliq ochib bergan:

Zamonaviy ma’noda, gender individual biologiyaning natijasi yoki u yoki bu turdagi shaxs boʻlishga moyillik emas. Aytishimiz mumkinki, bu umuman individual xususiyat emas, balki har bir inson bir qismi boʻlgan jamiyat tomonidan oʻrnatilgan tartibdir. Gender shaxsni malum bir tarixiy bosqichda malum bir jamiyatda qabul qilingan erkaklik yoki ayollikning ijtimoiy va madaniy jihatdan aniqlangan modeliga singdirishjarayonini ham, natijasini ham aks ettiradi. Shunday qilib, konseptual nuqtayi nazardan, gender jinsning tabiiy dominantini emas, balki ijtimoiy-madaniylikni ta’kidlaydi [Kirilina 1999: 27].

Mamlakatimizda ham gender terminining fanda tahlil qilinishi bo’yicha bir qancha ilmiy tadqiqot ishlari olib borilgan bo’lib, u dastlab huquq sohasida o’z aksini topgan. Shu jumladan, G. A. Matkarimovaning 2002-yilda yozilgan “Xalqaro va milliy huquqda ayollarning gender va reproduktiv huquqlari” mavzusidagi nomzodlik dissertatsiyasi gender tadqiqotlarining ilk namunasi hisoblanadi. Keyingi oʻrinda pedagogika va sotsiologiya sohalarida genderning ilmiy tadqiq qilinganligini aytib oʻtish mumkin. Xususan, M. M. Tilavovaning 2009 - yilda yozilgan “Oʻquvchilarda gender tenglik va farqlar asosida umummehnat koʻnikmalarini shakllantirishning pedagogik asoslari (boshlangʻich sinf mehnat darslari misolida)” nomzodlik dissertatsiyasi gender tilshunoslik bo’yicha qo’yilgan ilk qadamlardan biri hisoblanadi.

Oʻzbek tilshunosligida ilk bor genderning oʻrganilishi 2011-yil А. А. Morozovaning “Лингвокогнитивное содержание гендерных стереотипов женственности и мужественности (на материале испанского языка)” (Ayollik va erkaklik gender stereotiplarining lingvistik va kognitiv mazmuni (ispan tili misolida) mavzusida olib borgan ilmiy tadqiqotidan boshlangan [Gulyamova 2019: 112]. Shundan keyin mamlakatimiz tilshunoslari tomonidan gender aspektining qardosh va qardosh boʻlmagan tillarni chogʻishtirib ilmiy tadqiq qilinishiga e’tibor qaratilgan. Fikrimizning dalili sifatida G. I. Ergashevaning “Ingliz va oʻzbek tillari frazeologizm va paremiyalarida gender aspektining qiyosiy-tipologik tadqiqi” mavzusida himoya qilgan nomzodlik dissertatsiyasini keltirishimiz mumkin. Bundan tashqari, M. A. Abduvahobovaning “Ingliz, italyan va oʻzbek folklor matnlarida genderning til vositalarida ifodalanishi”, kabi nomzodlik va doktorlik dissertatsiyalari va G. Yusupovaning “Nemis tili frazeologiyasida gender muammosi” mavzusidagi magistrlik dissertatsiyasi mamlakatimizda gender tilshunoslikning jadal rivojlanayotganligini koʻrsatadi [Yusupova 2020: 20].

Keyinchalik, gender tilshunosligining o’rganilishi bir qator maqola va tezislarda ham yaqqol namoyon etilgan. Jumladan, I. M. Tuxtasinovning “Лингвокультурологические и гендерные особенности сложных слов в художественном тексте (на материале английского и узбекского языков)”, E. A. Tuchkovaning “Гендерные признаки образа автора во французских женских автобиографических романах: композиционно - нарративный и стилистико-прагматический аспекты”, A. T. Knyazinning “Гендерный аспект английского юмористического дискурса (языковые и социокультурные проявления)”,  N. Z. Nasrullayevaning “Ingliz tili frazeologik birliklar semantikasidagi gender konsepsiyasi", G. I. Ergashevaning  “Формирование гендерных концептов в английской и узбекской фразеологических картинах мира” va “Linguistic and extra-linguistic factors in the formation of gender terminology in the system of different languages” nomli maqolalarida, qardosh boʻlmagan tillarni qiyoslab chogʻishtirish orqali tildagi gender masalalarini oʻrganish, shuningdek, oʻzbek tili materiallari misolida ham tilning gender xususiyatlarini ochib berishga qaratilgan bir qator ilmiy izlanishlar olib borilgan.

Shu jumladan, F. T. Musayevaning “Oʻzbek tilida jins tushunchasining ifodalanishi”, Sh. Q. Gulyamovaning “Oʻzbek tili evfemizmlarining gender xususiyatlari”, M. Saidxonovning “Noverbal vositalar va oʻzbek tilida ularning ifodalanishi” nomzodlik dissertatsiyalari, Sh. Sh. Qurbonovaning “Oʻzbek tili badiiy matnlarning gender xususiyatlari” mavzusidagi bitiruv malakaviy ishida tildagi gender xususiyatlarga oʻzbek tili misolida izoh berilgan bir qator ilmiy izlanishlar olib borilgan. Bundan tashqari, Sh. Iskandarovaning “Oʻzbek nutq odatining muloqot shakllari” mavzusidagi nomzodlik dissertatsiyasida ayol va erkaklarga xos ba’zi lingvistik farqlar va “Oʻzbek tili leksikasini mazmuniy maydon sifatida oʻrganish” (shaxs mikromaydoni) mavzusidagi doktorlik dissertatsiyasida jinsiy va fiziologik holat asosida farqlangan shaxs nomlari haqida, shuningdek, olimaning “Ayollar nutqida undov soʻzlarning qoʻllanishi”, “Oʻzbek nutq odobini ifodalovchi paralingvistik vositalar” nomli maqolalarida ayollar nutqiga xos ba’zi lingvistik xususiyatlar haqida qimmatli ma’lumotlar berilgan.

Shuni ta’kidlab o’tish joizki, xotin-qizlarga xos sifatlardan biri bo’lgan ya’ni ulardagi his-hayajon bilan aytilgan so’zlarning noaniq yetkazilishi orqali tez yuzaga chiqishidir, bu jihat koʻproq nutqiy vositalar bilan ifodalanadi. Ayollar nutqida dialogga moyillik nisbatan ustunroq ekanligi Sh. Iskandarova tadqiqotlarida qayd etilgan. Bundan tashqari, juda koʻplab mualliflarning xalqaro va mahalliy jurnallardagi, ilmiy maqolalar va konferensiyalardagi tezislari sonining soʻnggi yillarda ancha ortganligi ushbu sohaning tilshunos olimlar tomonidan ilmiy tadqiq qilinayotganligining isbotidir. Xususan, F. Musayevaning “Oʻzbek tilida biologik jinsni ifodalashning leksik semantik usuli” nomli maqolasida erkak va ayol jinsi ma’nosini ifodalovchi leksemalar haqida ma’lumot beradi [Gulyamova 2019: 15].

Gender lingvistikaga jiddiy e’tibor f.f.d., prof. M. Qurbonovaning tadqiqotlarida ham kuzatiladi. Uning bu sohada olib borgan ilmiy izlanishi 2011-yilda chop etilgan “Oʻzbek tilshunosligi. Mamlakatimiz innovatsion taraqqiyoti koʻzgusida” nomli ilmiy maqolalar toʻplamida ham o’z aksini topgan. Tilshunos S. Boymirzayeva bilan hammualliflik qilgan holda “Tilshunoslikda gender tadqiqotlar” nomli maqola ham chop ettirdi  hamda Respublika ilmiy-nazariy anjumani materiallari ilmiy toʻplamida “Oʻzbek tilshunosligining dolzarb masalalari” nomli maqolasi, N. Rajabova bilan esa “Diskursning gender xususiyatlari” nomli ilmiy maqolalari ham tilshunoslikda gender lingvistikasining rivojlanishiga turtki bo’ldi.

Tilshunoslikda gender tushunchasining ikki til (nemis va o’zbek) ni qiyoslash orqali o’rganilishi G. Yusupovaning bir qator maqolalarida: “Nemis va oʻzbek tillarida genderga oid frazeologizmlar masalasi” (o’zbek tilida yozilgan), “Gender lingvistika va frazeologiya” , “Gender lingvistikani tadqiq qilish masalalari va uning rivojlanishida ayollar harakatining roli” , “Nemis tili frazeologiyasida “Frau” va “Mann” soʻzlari qatnashgan maqollar tahlili”, “Muloqot jarayonida genderologik xususiyatlarining aks etishi” , “Gender aspektining tilda aks etishi” , “Gender aspektining oʻzbek va nemis tillaridagi ismlarda aks etishi” va nemis tilida chop etilgan “Genderproblem in der deutschen Phraseologie” gender aspektining tilda aks etishi chuqur talqin qilingan  [Yusupova 2020: 39].

 Gender tushunchasining nutq jarayonida ifodalanishi G. S. Xotamovaning “Oʻzbek tilidagi shaxsiy yozishmalarda qiz bola yozma nutqining harf shakllarining xususiyatlari” nomli maqolasida keltirilgan. Mamlakatimizda lingvistik genderologiyaga boʻlgan qiziqishning ortayotgani Sh. K. Gulyamovaning “Gender tushunchasi va uning lingvistikada tutgan oʻrni” maqolasida ham ko’rishimiz mumkin. D. R. Hojamberdiyevaning “Oʻzbek ayollari nutqining lingvistik tahlili” , N. Xudoyorovaning “Gender lingvistikasini oʻrganishning umumiy nazariy asoslari” , M. M. Abdullayevaning “Tilshunoslik boʻyicha jinslarni oʻrganish: tarix, zamonaviylik va istiqbollar”, H. V. Ismoilovaning “Xushmuomalalik kategoriyasi va hurmat konseptining ingliz va oʻzbek tillaridagi gender xususiyatlari” , T. Alimovning “Badiiy tarjimada gender tadqiqotlar va lingvistik yoʻnalishlar”  kabi maqola va tezislari  ushbu soha jadal rivojlanayotganiga dalildir.

Xulosa qilib aytadigan bo’lsak, tilda gender muammosini oʻrganish, uning tushunchalari va yoʻnalishlarini lingvistik jihatdan tahlil qilish va yangi nuqtayi nazarlarni ilmiy jihatdan tadqiq qilish xususida bir qancha ilmiy izlanishlar olib borilgan bo’lib, asosan, til va jinsni tadqiq qilish orqali nutq jarayonida yuzaga chiqadigan gender tushunchasining ifodalanishi, ya’ni erkaklar va ayollar asosan bir xil tilda gaplashishi, lekin uni boshqacha nutq bilan tasvirlashi, bu jinsga xos sotsializatsiya, turli vazifalar va qiziqishlardan kelib chiqishi mumkin degan xulosaga kelindi.

 

 

Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati:

 

  1. Гулямова Ш. Гендер тушунчаси ва унинг лингвистикада тутган ўрни// Бухоро давлат университети илмий ахбороти. - 2019., - № 2 (74). - B. 107–114.
  2. Кирилина А. В. Гендер: Лингвистические аспекты. - Москва: Институт социологии РАН, 1999. - 189 c.
  3. Юсупова Г. Немис тили фразеологиясида гендер муаммоси // Магистрлик диссертацияси. - Тошкент: ЎзМУ,- 2020.? - 91 b.
  4. http://diss.natlib.uz/ru
  5. https://conferencepublication.com
  6. https://en.wikipedia.org/wiki/Margaret_Mead
  7. https://uz.wikipedia.org/wiki/Sotsiolingvistika, Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005)
  8. https://lex.uz/docs/-4494849

 

Гуломова Х. Некоторые соображения по изучению гендерной лингвистики в узбекском языкознании. В данной статье рассматривается внедрение термина «гендер» в науку и его изучение на основе теоретических знаний в нашей стране. Также анализируются научные исследования в области гендерной лингвистики и роль этой области в языкознании.

 

Gulomova H. Some considerations on the study of gender linguistics in Uzbek linguistics. This article discusses the introduction of the term "gender" into science and its study based on theoretical knowledge in our country. It also explores scientific research conducted in the field of gender linguistics and the role of this field in linguistics.

 

 

 

Xorijiy filologiya jurnali tahrir ha'yati