O‘zbek tilida fe’l transpozitsiyasi, avvalo, morfologik affiksatsiya orqali amalga oshishi bilan ajralib turadi. Bu hodisa turkiy tillar uchun xos bo‘lib, fe’lning grammatik jihatdan barqaror bo‘lgan ot, sifat yoki ravish shakllarini hosil qilishiga xizmat qiladi. Sh. Rahmatullayev o‘zbek tilida fe’l transpozitsiyasining morfologik asoslanganligini quyidagicha ta’riflaydi: “O‘zbek tilida fe’lning boshqa so‘z turkumlariga o‘tishi, asosan, maxsus grammatik affikslar orqali amalga oshadi va bu shakllar nutqda barqaror birlik sifatida qatnashadi.” (Rahmatullayev Sh., Hozirgi o‘zbek adabiy tili, Toshkent: Universitet, 1992, 145-bet).
O‘zbek tilida fe’l transpozitsiyasining eng keng tarqalgan turi — otlashuv hisoblanadi. Bu jarayonda fe’l harakatni vaqt va shaxsdan xoli holda, abstrakt tushuncha sifatida ifodalaydi. A. G‘ulomov harakat nomlari haqida shunday yozadi: “Harakat nomi fe’l ma’nosini saqlagan holda, predmetlik xususiyatini kasb etadi va gapda otga xos vazifani bajaradi.” (G‘ulomov A., O‘zbek tili grammatikasi, Toshkent: Fan, 1975, 203-bet).
O‘zbek tilida fe’lning otlashuvi quyidagi affikslar orqali amalga oshadi:
-ish / -sh: o‘qish, yozish, ishlash
-moq (leksiklashgan holatda): kelmoq — kelmoqning foydasi
N. Mahmudov bu jarayonda semantik umumlashtirish yuz berishini ta’kidlaydi: “Harakat nomlari alohida harakatni emas, balki harakat tushunchasini ifodalaydi.” (Mahmudov N., O‘zbek tilining nazariy grammatikasi, Toshkent: Fan, 1998, 162-bet).
Masalan:
O‘qish inson tafakkurini rivojlantiradi.
Bu gapda o‘qish fe’l shaklan emas, funksional jihatdan ot vazifasini bajarmoqda.
Xitoy tilida fe’l transpozitsiyasi o‘zbek tilidan tubdan farq qiladi. Bu tilning analitik xususiyati sababli fe’lning boshqa so‘z turkumiga o‘tishi affikslar orqali emas, balki sintaktik pozitsiya va kontekst orqali amalga oshadi.
Lü Shusyan xitoy tilida fe’l transpozitsiyasi haqida quyidagicha yozadi: “Xitoy tilida so‘zning qaysi turkumga mansubligi uning shakliga emas, balki gapdagi funksiyasiga qarab belgilanadi.” (Lü Shusyan, Xitoy tili grammatik muammolari, Pekin: Tijorat nashriyoti, 1980, 31-bet).
Xitoy tilida fe’lning otlashuvi ko‘pincha nol shaklda, ya’ni hech qanday grammatik ko‘rsatkichsiz amalga oshadi. Zhu Dexi bu holatni quyidagicha izohlaydi: “Xitoy tilida fe’lning otlashuvi uning tashqi shakli orqali emas, balki sintaktik muhit orqali aniqlanadi.” (Zhu Dexi, Grammatika bo‘yicha ma’ruzalar, Pekin: Tijorat nashriyoti, 1982, 44-bet).
Masalan:
研究很重要。(Tadqiqot juda muhim.)
Bu gapda 研究 fe’l shaklan o‘zgarmagan, biroq ega vazifasida kelib, otlashgan.
Li Jinxi bu hodisaning nutqiy xarakterini alohida ta’kidlaydi: “Xitoy tilida fe’lning otlashuvi barqaror grammatik shakl emas, balki nutqiy hodisadir.” (Li Jinxi, Yangi xitoy grammatikasi, Pekin: Tijorat nashriyoti, 2001, 97-bet).
Xitoy tilida fe’l transpozitsiyasini aniqlashda 的 yordamchi ko‘rsatkichi muhim rol o‘ynaydi. Bu ko‘rsatkich fe’lni aniqlovchi yoki nominativ birlik sifatida talqin qilishga imkon beradi. Ma Zhen bu konstruksiya haqida shunday yozadi: “的 konstruksiyasi fe’lni predmet yoki belgi bilan bog‘lab, uning so‘z turkumini funksional jihatdan o‘zgartiradi.” (Ma Zhen, Zamonaviy xitoy tili grammatikasi, Pekin universiteti nashriyoti, 2005, 58-bet).
Masalan: 他写的书很有名。(U yozgan kitob juda mashhur.)
Bu gapda 写 fe’li 的 orqali aniqlovchi vazifasiga o‘tib, transpozitsiyaga uchragan.
Tahlillar shuni ko‘rsatadiki:
- o‘zbek tilida fe’l transpozitsiyasi morfologik barqaror shakllar orqali;
- xitoy tilida esa sintaktik va kontekstual mexanizmlar orqali amalga oshadi.
Fe’llarning otlashuvi – bu so‘z turkumlari o‘zgarishi hodisasining bir ko‘rinishi bo‘lib, inson tafakkurining rivojlanishi va til taraqqiyoti bilan chambarchas bog‘liq. Dastlabki bosqichlarda fe’llar faqat harakat va jarayonlarni ifodalagan bo‘lsa, keyinchalik ularning ma’nosi kengayib, shaxs yoki narsa nomlarini ifodalash imkoniyatiga ega bo‘ldi. Bu jarayon semantik va sintaktik o‘zgarishlar bilan kechib, so‘zlarning ko‘p ma’nolilik xususiyatini oshirdi.
An’anaviy til modelida otlar odam va narsalarni ifodalash, fe’llar esa harakat va holatlarni bildirish uchun ishlatilgan.
Tafakkurning rivojlanishi natijasida harakatni ifodalovchi so‘zlar narsa yoki hodisalarga murojaat qilish uchun ishlatila boshladi. Masalan:
“发展” (faqat fe’l sifatida: rivojlantirish) → “经济的发展” (iqtisodiy rivojlanish – ot sifatida).
“考试” (imtihon topshirish – fe’l) → “期末考试” (yakuniy imtihon – ot).
Xuddi shuningdek, ot xususiyatiga ega bo‘lgan so‘zlar ba’zan fe’l sifatida ham ishlatiladi, bu esa so‘z turkumlari o‘rtasidagi chegaraning nisbiy ekanligini ko‘rsatadi.
O‘zbek va Indoevropa tillarida (masalan, ingliz, rus, fransuz tillarida) fe’llarning otlashuvi ko‘pincha morfologik o‘zgarishlar orqali sodir bo‘ladi. Masalan:
Ingliz tilida: develop (rivojlantirmoq – fe’l) → development (rivojlanish – ot).
Rus tilida: развивать (rivojlantirmoq – fe’l) → развитие (rivojlanish – ot).
O‘zbek tilida: rivojlantirmoq (fe’l) – rivojlanish (ot)
Xitoy tilida esa so‘zlarning shakli o‘zgarmaydi, shuning uchun otlashuvni aniqlash sintaktik va semantik tahlil orqali amalga oshiriladi. Shu sababli xitoy tilshunosligida “fe’l-ot chegarasi” va “so‘z turkumlarining moslashuvchanligi” masalasi doimo bahs mavzusi bo‘lib kelgan.
Xitoy tilida so‘z turkumlari aniq chegaraga ega emas, bu esa “so‘z turkumlarining nisbiyligi” (词类的相对性) degan tushunchani keltirib chiqardi. Ko‘plab so‘zlar “nominal chegaraga yaqin” (名词临界状态) holatda bo‘lib, ularni qat’iy ravishda ot yoki fe’l sifatida tasniflash qiyin.
Masalan, “希望” so‘zi fe’l sifatida “umid qilmoq” va ot sifatida “umid” degan ma’noni anglatadi.
Bu holat “动名兼类词” (fe’l-ot turkumiga birdek mansub so‘zlar) tushunchasi bilan bog‘liq bo‘lib, ko‘plab xitoy tilshunoslari aynan ushbu masalani muhokama qilmoqda.
Fe’llarning otlashuvi – bu insonning dunyoni idrok etish usuli va tilning moslashuvchanligining ifodasi. Xitoy tilida bu jarayon:
morfologik o‘zgarishsiz kechadi;
So‘zlarning pragmatik va sintaktik holatiga bog‘liq bo‘ladi;
Turkumlar o‘rtasidagi o‘tish jarayoni elastik bo‘lib, qat’iy chegara yo‘q.
Shunday qilib, xitoy tilida fe’llarning otlashuvi faqat sintaktik va semantik jihatdan baholanishi mumkin bo‘lgan nisbiy hodisa bo‘lib, uni qat’iy qoidalar asosida cheklash mushkul. Bu esa xitoy tilini o‘rganish jarayonida muhim masala bo‘lib, til o‘rganuvchilarda yetarlicha muammo to‘g‘diradi. Mazkur tadqiqot ishimiz esa fe’llarning otlashuvi (动词名词化) haqida umumiy tushuncha beradi va uning inson tafakkurining o‘zgarishi hamda til tizimidagi o‘rnini yoritadi.
Demak, fe’llarning otga ko‘chishidagi muhim xulosalar quyidagilar:
- Xitoy tilida fe’llarning otlashuvi morfologik emas, balki sintaktik va semantik hodisa sifatida yuzaga keladi.
- So‘zlarning moslashuvchanligi tilning rivojlanishi va inson tafakkurining o‘zgarishi bilan bog‘liq.
- O‘zbek va Indoevropa tillarida fe’llarning otlashuvi aniq grammatik qoidalarga asoslanadi, lekin xitoy tilida bu jarayon moslashuvchan va kontekstga bog‘liq.
- Xitoy tilshunosligida fe’l-ot chegarasi doimo bahs mavzusi bo‘lib kelgan.
Zamonaviy xitoy tilidagi otlashish hodisasi qadimgi xitoy tilida ham mavjud bo‘lgan. Quyidagi misollarda uning turli ko‘rinishlarini ko‘rish mumkin:
(1)
a. 殚其地之出 (《捕蛇者说》)
b. 追亡逐北 (《过秦论》)
c. 感极而悲者矣! (《岳阳楼记》)
d. 大道之行也,天下为公。 (《礼记·礼运》)
Yuqoridagi misollarda fe’llarning otlashgan shakllari turlicha namoyon bo‘lgan.
- a misolda “之” yordamchi so‘zi ishlatilgan bo‘lib, u gapda hozirgi zamonaviy xitoy tilidagi “的” so‘ziga o‘xshash vazifani bajaradi. Agar ushbu gapdagi so‘zlarni asl so‘z turkumiga qarab tarjima qilsak, u “yerning chiqishi” deb tarjima qilinadi.
Ammo ushbu maxsus kontekstda “出” fe’li “地” so‘zi bilan birga kelib, ot kabi talqin qilinmoqda va “地里所生产出的粮食” – “yerda yetishtirilgan hosil” ma’nosini anglatmoqda.
- (2) 百亩之收不过百石。 (《论贵粟疏》)
Bu gapdagi “百亩之收” iborasi “yuz mu (yer o‘lchov birligi) ekin maydonining hosili” degan ma’noni anglatadi. Bu yerda “收” fe’li “之” yordamchi so‘zi bilan birga ishlatilishi natijasida otlashgan va hosilni anglatgan.
Shunday qilib, qadimgi xitoy tilida fe’llarning otlashishi yordamchi so‘zlar (masalan, “之”) yoki maxsus sintaktik tuzilishlar yordamida amalga oshgan.
Yuqoridagi misollar qadimgi xitoy tilida fe’llarning otlashish usullari turlicha bo‘lishini ko‘rsatadi:
1. Fe’llarning bevosita otga aylanishi
- (1)b misolda “亡” va “北” fe’llari aslida “qochish”, “orqaga chekinish” degan ma’nolarni bildirsa-da, bu yerda ular “qochayotgan yoki mag‘lub bo‘lgan qo‘shin” degan ot ma’nosini olgan. Bu o‘zgarish hech qanday qo‘shimcha yoki grammatik ko‘rsatkichsiz yuz bergan.
2. Fe’lning shaxs yoki narsa ma’nosini anglatishi
- (3) 送往迎来,吊死问疾。 (《论贵粟疏》)
Bu gapda “往”, “来”, “死”, “疾” kabi fe’llar “kelayotgan va ketayotgan mehmonlar”, “vafot etganlar va bemorlar” degan ma’noda ishlatilgan. Demak, fe’llar bajarilayotgan harakatni emas, balki harakatga aloqador shaxs yoki narsani anglatuvchi otga aylangan.
3. “者” yordamchi so‘zi orqali fe’llarning otlashishi
- (1)c misolda “者” “his-tuyg‘ular” yoki “kechinmalar” degan ma’noni bildirgan.
- (4) 夺项王天下者, 必沛公也。 (《鸿门宴》)
Bu misolda “夺” fe’li “者” so‘zi bilan kelib, “Syan Yuning saltanatini tortib oladigan odam” degan ma’noni hosil qilgan. Demak, “者” so‘zi fe’llarga shaxs yoki predmet ma’nosini qo‘shib, ularni otlashtiradi.
4. Fe’lning sintaktik jihatdan otlashishi
- (5) 往者不可谏,来者犹可追。 (《论语·微子》)
Bu misolda “往” va “来” fe’llari to‘g‘ridan-to‘g‘ri otga aylanmagan, balki gapning sintaktik tuzilishi orqali otlashgan. Bu yerdagi “往者” – “o‘tgan vaqt”, “来者” – “kelajak” degan ma’noni bildirgan.
5. “之” va “所” yordamchi so‘zlari orqali fe’llarning otlashishi
- (6) 所欲不得,而所憎屡至。 (《墨子》)
- (7) 女亦无所思,女亦无所忆。 (《木兰词》)
- (8) 木茎非能长也,所立者然也。 (《荀子·劝学》)
Ushbu misollarda “所” yordamchi so‘zi fe’llarni otga aylantirishda ishlatilgan. Masalan, “所欲” – “xohlagan narsa”, “所憎” – “yoqtirmagan narsa” degan ma’nolarni bildirgan. Zamonaviy xitoy tilida ham “所见所闻” kabi iboralarda bu usul keng qo‘llaniladi.
Shunday qilib, qadimgi xitoy tilida fe’llarning otlashish usullari turlicha bo‘lib, ular bevosita, yordamchi so‘zlar (者, 之, 所) yoki sintaktik o‘zgarishlar orqali amalga oshgan.
Til rivojlanishi bilan zamonaviy xitoy tilidagi otlashish hodisasi qadimgi xitoy tilining xususiyatlarini meros qilib olgan va yanada rivojlangan. Shuningdek, til inson tafakkuri va bilimi rivojlanishi bilan yanada murakkablashgan. Garchi uning grammatik tizimida katta o‘zgarishlar kuzatilmasa ham, ba’zi jihatlarda farqlar mavjud. Masalan:
- So‘z turkumlarining funksional qo‘llanilishi (词类活用) zamonaviy xitoy tilida kamroq uchraydi.
- Ikki bo‘g‘inli so‘zlar (双音节词) zamonaviy xitoy tilida keng tarqalgan bo‘lib, fe’llarning otlashish jarayonida ham muhim rol o‘ynaydi.
Ushbu farqlar zamonaviy xitoy tilida fe’llarning otlashish usullarini qadimgi xitoy tiliga nisbatan yanada aniqroq va tizimlashtirilgan holatda o‘rganishga imkon beradi.
1. Ba’zi fe’llar ega yoki to‘ldiruvchi (obyekt) o‘rnida kelganda otga xos xususiyatlarni namoyon qiladi, masalan, aniqlovchilar (定语) bilan aniqlanishi mumkin:
(9) a. 把情况调查
b. 进行调查
c. 进行详细的 调查
d. 多次 调查
Bu misollarda “调查” (tadqiqot, tekshiruv) quyidagicha ishlatilgan:
- a-jumlada u fe’l bo‘lib, kesim vazifasini bajaradi.
- b-jumlada esa u “进行” (amalga oshirish) fe’lining to‘ldiruvchisi sifatida kelib, otga yaqinlashgan.
- c-jumlada esa “详细的” (batafsil) aniqlovchisi tomonidan belgilangan bo‘lib, bu ham uning otlashish holatini ko‘rsatadi.
- d-jumlada esa “多次” (bir necha marta) kabi ravishlar odatda otlarni emas, balki fe’llarni aniqlaydi, bu esa fe’lning asl xususiyatlarini saqlab qolganini ko‘rsatadi.
Demak, bunday so‘zlar (masalan, “研究” – tadqiq qilish, o‘rganish; “贡献” – hissa qo‘shish) otlashish jarayonida ikki tomonlama xususiyatga ega bo‘lib, fe’l va otning belgilarini saqlab qoladi.
2. Zamonaviy xitoy tilida yana bir turdagi otlashish hodisasi – odatda kesim (谓语) bo‘lishi kerak bo‘lgan strukturalarning gapda ega yoki to‘ldiruvchi (obyekt) sifatida kelib, ot vazifasini bajarishidir. Masalan:
(10)
a.吃是件有意思的事。
b.不吃肯定不好。
c.吃烤肉是件有意思的事。
d.不吃蔬菜也不好。
e.立马吃饭不合适。
Bu misollarda “吃” (yemoq) fe’li va uning hosil qilgan so‘z birikmalari (短语) gapning egasi sifatida ishlatilgan bo‘lib, otlashgan shaklda namoyon bo‘lmoqda. Shu bilan birga, “吃” fe’li:
- To‘ldiruvchi qabul qilishi mumkin (吃烤肉, 吃饭)
- Ravishlar tomonidan aniqlanishi mumkin (立马吃, 不吃)
Shuning uchun bu so‘zlar otlashgan bo‘lsa ham, hali ham fe’lga xos xususiyatlarni saqlab qolmoqda. Shu sababli, “吃” fe’lining otlashishi oldingi “调查” so‘zidan farqli ravishda pastroq darajada bo‘lib, unda fe’l xususiyatlari hanuz sezilib turadi.
Ushbu misollar asosida zamonaviy xitoy tilidagi fe’llarning otlashishi quyidagicha izohlanishi mumkin: ma’lum sharoitlarda fe’l kontekst yoki nutq sharoiti ta’sirida ot xususiyatlarini qabul qiladi, shu bilan birga o‘zining fe’lga xos xususiyatlarini yo‘qotadi. Biroq, bu jarayonning intensivligi fe’lning o‘z xususiyatlari va kontekstga bog‘liq holda farqlanadi:
- Ba’zi fe’llar otga aylanganida ularning ot xususiyatlari kuchli namoyon bo‘ladi, ya’ni fe’l xususiyatlari deyarli butunlay yo‘qoladi (masalan, “调查” so‘zi “进行调查” strukturasida ot sifatida keladi).
- Boshqa fe’llarda esa otlashish jarayoni unchalik to‘liq emas, ya’ni ularning fe’lga xos xususiyatlari hamon sezilib turadi (masalan, “吃” so‘zi “吃是件有意思的事” gapida ot sifatida ishlatilgan bo‘lsa ham, u hanuz fe’l xususiyatlariga ega).
Demak, fe’llarning otlashish darajasi turlicha bo‘lib, ba’zilari kuchli otlashsa, boshqalari esa qisman otlashgan holatda qoladi.
Biroq, ushbu ikkinchi turdagi otlashgan fe’llar bilan sintaksis darajasidagi otlashish o‘rtasida farq mavjud. Masalan, “故北方之畏奚恤也, 犹百兽之畏虎也” (《战国策·江乙对荆宣王》) (“Shuning uchun shimoldagilarning (dushmanning) qo‘rquvidan tashvishlanishning nima hojati bor? Bu xuddi yuz xil hayvonning yo‘lbarsdan qo‘rqishiga o‘xshaydi.”) gapida “之” yordamchi so‘zi to‘g‘ridan-to‘g‘ri fe’l+to‘ldiruvchi (动宾) tuzilmasi bilan bog‘langan. Bu yerda “畏虎” (yo‘lbarsdan qo‘rqish) sintaktik jihatdan otlashgan, ya’ni butun struktura ot vazifasini bajarmoqda. Mazkur gapda “畏虎” fe’l–to‘ldiruvchi birikmasi morfologik vositalarsiz, sof sintaktik mexanizm orqali otlashgan. “之” yordamchi so‘zi bu jarayonda nominalizatsiyani yuzaga chiqaruvchi asosiy strukturaviy marker vazifasini bajaradi. Natijada, harakatni ifodalovchi birlik abstrakt tushunchaga aylangan va gapda otga xos sintaktik funksiyani bajarmoqda. Ushbu hodisa qadimgi xitoy tilida fe’l–ot chegaralarining yuqori darajada moslashuvchan ekanini yaqqol ko‘rsatadi.
Zamonaviy xitoy tilida esa bu kabi otlashish hodisasi kam uchraydi yoki umuman yo‘q. Masalan, agar biz “人们很喜欢他的弹吉他” (Odamlar uning gitara chalishini juda yoqtirishadi)yoki “像鸟儿的害怕猎人” (ushlarning ovchidan qo‘rqishiga o‘xshash (holat).) kabi jumlalarni ishlatsak,ular grammatik jihatdan g‘ayritabiiy va tushunarsiz bo‘lib qoladi. Bu shuni ko‘rsatadiki, zamonaviy xitoy tilida sintaksis darajasidagi otlashish deyarli yo‘qolgan. Buning o‘rniga, asosan morfologik (so‘z yasalishi) darajadagi otlashish namoyon bo‘ladi.
Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati:
Oчилова Х. Узбекский и китайский языки: морфологические и синтаксические механизмы перехода глаголов в разряд существительных. В данной статье рассматриваются морфологические и синтаксические механизмы номинализации глаголов в узбекском и китайском языках в сравнительно-типологическом аспекте. Показано, что в узбекском языке транспозиция глаголов преимущественно реализуется посредством морфологической аффиксации, в частности с помощью суффиксов –ish/–sh, образующих имена действия. В китайском языке, напротив, номинализация глаголов происходит главным образом без морфологических изменений и определяется синтаксической позицией, контекстом и служебными элементами (的, 者, 所 и др.). Также анализируются особенности номинализации глаголов в древнекитайском и современном китайском языках, а также их семантические и синтаксические характеристики. Результаты исследования показывают, что в узбекском языке транспозиция глаголов имеет преимущественно морфологическую природу, тогда как в китайском языке она обусловлена синтаксической гибкостью. Полученные выводы имеют важное значение для сравнительного языкознания, грамматической типологии и методики преподавания китайского и узбекского языков.
Ochilova H. Morphological and syntactic mechanisms of verb nominalization in Uzbek and Chinese languages. This article examines the morphological and syntactic mechanisms of verb nominalization in Uzbek and Chinese from a comparative typological perspective. The study demonstrates that in Uzbek, verb transposition is primarily realized through morphological affixation, particularly with suffixes such as –ish/–sh that form action nouns. In contrast, in Chinese, verb nominalization generally occurs without morphological changes and is mainly determined by syntactic position, contextual factors, and functional markers such as 的, 者, and 所. The paper also discusses the features of verb nominalization in both Classical and Modern Chinese, focusing on their semantic and syntactic properties. The results indicate that verb transposition in Uzbek is largely based on morphological stability, whereas in Chinese it relies on syntactic flexibility. These findings are significant for comparative linguistics, grammatical typology, and the methodology of teaching Uzbek and Chinese languages.