Chet tillarni o‘rganish barkamol va bilimli jamiyatni shakllantirishning muhim tarkibiy qismi hisoblanadi. Hozirgi globallashuv davrining talablaridan kelib chiqqan holda, O‘zbekiston Respublikasida chet tillarni o‘qitish holati rivojlanishning yangi bosqichiga ko‘tarildi. Bu asnosida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasi tomonidan bir qator me’yoriy-huquqiy hujjatlar ishlab chiqilgan. Shu jumladan, davlatimiz rahbari tomonidan qabul qilingan 2021 yil 19 maydagi “O‘zbekiston Respublikasida xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi” PQ-5117-son qaroriga ko‘ra xorijiy tillarni o‘rgatishni ta’lim siyosatining ustuvor yo‘nalishi sifatida rivojlantirish, ushbu yo‘nalishda ta’lim sifatini tubdan oshirish, sohaga malakali pedagoglarni jalb etish hamda aholining xorijiy tillarni o‘rganishga bo‘lgan qiziqishini oshirishga qaratilgan bir qator chora-tadbirlar belgilangan.
Sayyoramizda eng ko‘p aholi so‘zlashadigan til sifatida xitoy, ingliz va ispan tillari tan olinadi[1]. Ispan tili o‘zining boy tarixi va dunyoning ko‘plab mintaqalarida mavjudligi bilan globallashuv va xalqaro o‘zaro ta’sir sharoitida tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda. Dunyoning eng keng tarqalgan tillaridan biri bo‘lgan ispan tili turli mamlakatlarning ta’lim dasturlari kontekstida tobora ko‘proq e’tiborni tortmoqda. Shu nuqtayi nazardan O‘zbekistonda ispan tilini o‘rganishning ahamiyati nafaqat tarixiy va madaniy aloqalar, balki ham iqtisodiy va diplomatik imkoniyatlar bilan ham bog‘liq. O‘zbekistonda ispan tilini o‘qitishning alohida ahamiyati uning tarixiy va nazariy ahamiyati bilan izohlanadi.
O‘zbekistonda ispan tilining tarixiy ahamiyati Ispaniya va Markaziy Osiyo mamlakatlari o'rtasidagi uzoq muddatli tarixiy, madaniy va savdo aloqalari bilan bog‘liq. XV asr boshlarida ispan diplomati Rui Gonsales De Klavixo tomonidan Samarqandga tashrif buyurishi ispan va o‘zbek xalqlari o‘rtasidagi dastlabki aloqalardan dalolat beradi.
O‘zbekistonda ispan tilini o‘qitishning nazariy ahamiyati ham mamlakat ta’lim siyosatining ajralmas qismidir. O‘zbekiston o‘rta va oliy o‘quv yurtlarining o‘quv dasturlariga ispan tilini kiritish talabalar dunyoqarashini kengaytirishga, madaniy va shaxslararo tajribani boyitishga, shuningdek, diplomatik, iqtisodiy va savdo aloqalarini mustahkamlashga yordam beradi.
Ushbu maqola O‘zbekiston Respublikasida ispan tilini o‘qitish tarixi va istiqbollarini yoritishga mo‘ljallangan. Uning maqsadi yurtimizda ispan tilini o'qitishning tarixiy va nazariy ahamiyatini o‘rganish, shuningdek, mamlakatda ispan tilshunosligi rivojlanishining asosiy sabablari va oqibatlarini aniqlashdan iborat.
O‘zbekistonda ispan tilini o‘qitishning tarixiy va nazariy ahamiyatini tahlil qilish ushbu til foydasiga talabalar va ta’lim muassasalarini tanlashga ta’sir etuvchi omillarni chuqurroq tushunishga yordam beradi, o‘qitish metodikasini takomillashtirish, shuningdek, davlatimizda ispan tilini o‘qitishning yanada samarali strategiyalari va rejalarini ishlab chiqish imkonini beradi.
Ispan tilini o‘qitishning tarixiy ahamiyati quyidagi jihatlardan iborat:
1. Madaniy aloqalar: Ispaniya dunyoning ko‘plab mamlakatlariga, shu jumladan, O‘zbekistonga ta’sir ko‘rsatgan boy tarix va madaniyatga ega. Ispan tilini o‘rganish Ispaniya madaniyati, adabiyoti, san’ati va musiqasi haqida ko‘proq ma’lumot olishga imkon beradi.
2. O‘zaro ta’sir tarixi: Ispaniya va O‘zbekiston o‘rtasida qadim zamonlardan buyon tarixiy aloqalar mavjud. Uzoq o‘tmishda ispan va o‘zbek savdogarlari yangi savdo yo‘llarini o‘rganib chiqdilar va ikki mamlakat o‘rtasida savdo aloqalarini o‘rnatdilar. Haqiqatan ham, ispan va o‘zbek xalqlarini qadim zamonlarda o‘rnatilgan diplomatik aloqalar bog‘laydi. Xususan, Amir Temur davrida ispan elchisi Rui Gonsales de Klavixo O‘zbekiston hududini, xususan, Samarqand shahriga tashrif buyurib, o‘z taassurotlari haqida risola yozgan[2]. Ispan tilini o‘rganish tarix haqida ko‘proq ma’lumot olishga yordam beradi va shubhasiz, ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlaydi.
Mustaqillikka erishgandan so‘ng O‘zbekiston, shuningdek, Ispaniya, Meksika va Kuba kabi ispan tilida so‘zlashuvchi davlatlar bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatdi. Ispaniya 1991-yil 31-dekabrda O‘zbekiston mustaqilligini tan oldi, shundan keyin 1992-yil 17-martda ikki davlat o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatildi[3].
Shu jumladan, Ispaniya hukumati Ispaniya sanoat, savdo va turizm vazirligi huzuridagi korxonalarni xalqarolashtirish jamg‘armasi (FIEM) liniyasi bo‘yicha uzoq muddatli imtiyozli kreditlar ajratish orqali Ispaniya kompaniyalari ishtirokida O‘zbekistonda sanoat va infratuzilma loyihalarini amalga oshirishga, shu jumladan, Ispaniyaning “Talgo” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqariladigan yuqori tezlikdagi elektr poyezdlarini yetkazib berish, shuningdek, Ispaniya ishlab chiqaruvchilarining sinov uskunalarini yetkazib berish “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ Lokomotiv va vagon parkining ishonchli va uzluksiz ishlashini ta’minlashga katta hissa qo‘shishga tayyor[4].
San-Pablo universiteti (Ispaniya) qoshidagi gumanitar tadqiqotlar instituti huquq fakulteti professori Antonio Alonsoning maqolasida qayd etilishicha[5], munosabatlar o‘rnatilganidan beri O‘zbekiston va Ispaniya davlatlari rahbarlari bir-birini yaxshi tushunib, o‘zaro til topishdilar. Bu boradagi uzluksizlik hamkorlikning o‘sishiga yordam berdi va bu o‘zaro ishonch ikki mamlakat o‘rtasida yaqin hamkorlikka olib keldi. Ta’kidlanishicha, mamlakatlar o‘rtasidagi geografik masofaga qaramay, madaniyat va mentalitet juda yaqin. Xalqlarning tabiati va turmush tarzi jihatidan o‘zbeklar va ispanlar birinchi qarashda namoyon bo‘ladigandan ko‘ra ko‘proq o‘xshashdir. Ikki mamlakat o‘rtasida jiddiy muammolarning yo‘qligi ham ushbu munosabatlarning o‘ziga xos xususiyati hisoblanadi. Shuni tan olish kerakki, jiddiy diplomatik mojarolar bo‘lmagan va qiyinchiliklar har doim tez va samarali hal qilingan, deb yozadi muallif[6].
Meksika Qo‘shma Shtatlari 1991-yil 26-dekabrda O‘zbekiston mustaqilligini tan oldi. 1992-yil 16-martda mamlakatlar o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatildi. Hozirgi vaqtda ikkala davlat ham siyosat, iqtisodiyot, madaniyat va boshqa sohalarda hamkorlikni faol rivojlantirmoqda[7].
O‘zbekiston va Kuba bir-birini mustaqil davlatlar va jahon hamjamiyatining a’zolari sifatida tan oladi. Mamlakatlar o‘rtasida diplomatik munosabatlar 2006-yil 13-martda — Sovet Ittifoqi qulaganidan 15-yil o‘tgach o‘rnatildi. Tegishli qo‘shma deklaratsiya Toshkent shahrida imzolandi. Ushbu davlatlar 2019-yil iyun holatiga ko‘ra o‘zlarining elchixonalari yoki boshqa vakolatxonalariga ega emaslar[8]. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2016-yil 2-sentabrda vafot etgan O‘zbekiston Respublikasi birinchi prezidenti Islom Karimov vafoti munosabati bilan Kuba Respublikasi Davlat kengashi o‘z farmoni bilan mamlakatda rasmiy motam e’lon qildi. Kubadagi rasmiy motam 5-sentabr kuni soat 06:00 dan shu kuni soat 24:00 gacha davom etdi. Motam paytida Kuba Respublikasining davlat bayrog‘i Kubaning barcha davlat va harbiy muassasalarida tushirildi. Kuba Islom Karimovning vafoti munosabati bilan motam e’lon qilgan dunyodagi yagona mamlakat bo‘ldi (O‘zbekistondan tashqari)[9].
Yuqorida sanab o‘tilgan davlatlar bilan hamkorlik ispan tilini o‘qitishda o‘z aksini topdi, chunki yuqorida sanab o‘tilgan mamlakatlar o‘zbek ta’lim muassasalarida foydalanish uchun materiallar, kitoblar va o‘quv dasturlarini taqdim etdilar.
O‘zbekistonda ispan tilini o‘qitishning nazariy ahamiyati quyidagilardan iborat:
1. Madaniy bilim darajasini kengaytirish. Ispan tilini o‘rganish o‘zbek talabalariga dunyoni boshqa nuqtai nazardan tushunish imkonini beradi. Ular ispan adabiyotini o‘qish, ispan filmlarini tomosha qilish va ispan musiqasini tushunish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
2. Lingvistik afzalliklari. Ispan tili dunyodagi eng keng tarqalgan tillardan biri bo‘lib, BMTning oltita rasmiy tillari qatoriga kiradi. Ispan tilini o‘rganish talabalarga muloqot qobiliyatlarini kengaytirish va mehnat bozorida raqobatbardoshligini oshirish imkoniyatini beradi.
O‘zbekiston ta’lim tizimida ispan tilini o‘qitish Markaziy Osiyo va Ispaniya mamlakatlari o‘rtasidagi tarixiy aloqalar va madaniy almashinuv davrlariga borib taqaladigan o‘ziga xos tarixiy referensiyaga ega. Biroq, so‘nggi o‘n yillikda O‘zbekistonda ispan tilini o‘rganishga qiziqish keskin oshdi.
Bir tomondan, ushbu holat dunyodagi siyosiy va iqtisodiy o‘zgarishlar bilan bog‘liq bo‘lib, xalqlar o‘rtasidagi munosabatlarni va integratsiya tugunlarini, shu jumladan, iqtisodiy, madaniy va ta’lim aloqalarini mustahkamlashga olib keldi.
Boshqa tomondan, sayyohlik sanoati va xalqaro talabalar almashinuvining sezilarli o‘sishi chet tillarni, shu jumladan, ispan tilini o‘rganishga bo‘lgan talabning oshishiga yordam beradi. Hozirgi paytda O‘zbekistonni, ayniqsa, Toshkent, Samarqand, Buxoro, Xiva kabi tarixiy yodg‘orliklar bilan mashhur bo‘lgan shaharlarni Ispaniya va ispanzabon davlatlardan kelgan ko‘p xorijiy sayyohlar tashrif buyuradi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2019-yilda O‘zbekistonga 12 mingdan ziyod ispaniyalik sayyoh tashrif buyurdi. Bu son tarixiy rekord bo‘lib, 2018-yildagi ko‘rsatkichdan 162 foizga oshib ketdi. Shuning uchun yurtimizda ispan tilini mukammal o‘rganish va malakali mutaxassislarni tayyorlash borasida katta ehtiyoj sezilmoqda.
O‘zbek jamiyatining ispan tili va madaniyatiga qiziqishi kundalik hayotda kuzatiladi, xususan, Ispaniya va ispanzabon davlatlarning musiqasi, filmlar, futbol sohasi kabi madaniy jihatlari barchaga ma’lum bo‘lib, ommaviy axborot vositalarida ko‘p ko‘rsatiladi. O‘zbekistonda ispan tili tobora ommalashib bormoqda. Bir qator ta’lim muassasalarida ispan tili kurslari taklif qilinib, ko‘p miqdordagi о‘zbek talabalari uni ikkinchi chet tili sifatida tanlashmoqda.
Yurtimizda ispan tilini o‘qitilishi ko‘p yillik tarixga borib taqaladi. O‘zbekistonning mustamlakachilik davrida ispan tili o‘qitilmagan, chunki mamlakat ispan tilida so‘zlashadigan hududlar bilan bog‘liq emas edi. 1924-yildan 1991-yilgacha O‘zbekiston Sovet Ittifoqining bir qismi bo‘lgan davrda ispan tili fan sifatida ta’lim muassasalarida o‘qitila boshlandi. Biroq, o‘sha paytda o‘qituvchilar va materiallar soni cheklangan edi hamda ispan tilini o‘qitish tarjimonlar va diplomatlar kabi tor doiradagi mutaxassislarni tayyorlashga qaratilgan edi. O‘zbekistonda ispan tilini o'qitish tarixi Sovet Ittifoqida 1966-yilda Toshkent davlat chet tillar instituti (hozirgi Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti) negizida birinchi ispan tili fakulteti ochilganida boshlangan. O‘shandan beri ispan tili mamlakatdagi universitetlar va boshqa ta’lim muassasalarida asosiy chet tili sifatida o‘rganila boshlandi.
1991-yilda Respublikamiz mustaqillikka erishganidan so‘ng, O‘zbekistonda ispan tilini o‘qitishni faol rivojlantirish va takomillashtirish boshlandi. Shu vaqt ichida ispan tili o‘zbekistonliklarning keng doiralariga, shu jumladan, talabalar, ishbilarmonlar, sayyohlar va o‘qituvchilarga taqdim etildi. 1991-yilda Toshkent shahrida O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti tashkil etildi. Ushbu oliygoh yurtimizda ispan tilini o‘qitishni rivojlantirishda muhim rol o‘ynadi. Universitetda ispan tili kafedralari ochildi. Bundan tashqari, Instituto Cervantes kabi ispan til markazlari O‘zbekistonda ispan tilini o‘rganish va mamlakatda ispan madaniyatini ommalashtirish uchun imkoniyatlar yaratib ish boshladi.
Hozirgi paytda Toshkent shahrida ispan tili O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida, Jahon iqtisodiyot va diplomatiya universitetida chet tili sifatida mavjud. 2003-yilgacha O‘zDJTUda ispan tili bo‘limi bo‘lgan, 2003-2013-yilda ikkita kafedradan (yuqori va quyi kurslar kafedralari) iborat bo‘lgan ispan tili fakulteti faoliyat ko‘rsatdi.
Shu jumladan, Samarqand shahrida ispan tili 2005-yilda Samarqand davlat chet tillar instituti ingliz filologiyasi fakultetida ikkinchi chet tili sifatida o‘qitilishi boshlangan. 2010-yilda ilk bor SamDCHTI roman-german fakulteti qoshida ochilgan “Filologiya: ispan tili” yo‘nalishiga 25-ta talaba qabul qilindi. 2014-yilda birinchi marta ispan tili bo‘yicha magistratura yo‘nalishi ochildi. O‘sha yilda roman-german tillari fakultetida “Ispan va italyan tillari” kafedrasi shakllantirilgan. Ko‘rib chiqilayotgan davr mobaynida institutda bir qator xorijiy mutaxassislar va ispan tili sohiblari faoliyat ko‘rsatgan. SamDCHTI ispan yo‘nalishini bitirgan mutaxassislar xalq xo‘jaligining turli sohalarida ishlamoqda. Mazkur oliygoh Ispaniyaning bir nechta oliy ta’lim muassasalari, xususan, top-mingtalikka kiruvchi Kadis universiteti, Kastiliya la Mancha universiteti bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatib, MOU va kelishuvlarni tuzgan. Mazkur oliy ta’lim muassasalari bilan talabalar va o‘qituvchilar almashinuvi yo‘lga qo‘yilgan. Hozirgi paytda SamDCHTIda 250 ga yaqin bakalavriat talaba va 4-ta magistr tahsil olmoqda. Bundan tashqari, ispan tili xorijiy til va adabiyot (ingliz tili) fakultetida ikkinchi chet tili sifatida o‘qitilmoqda. Ispan va italyan tillari kafedrasida 11-ta ispan tili o‘qituvchi, shu jumladan, 2-ta dotsent va 1-ta katta o‘qituvchisi faoliyat olib bormoqda. Hozirgi paytda Ispaniyadan kelgan 1-ta xorijlik mutaxassis ham o‘z tajribalari bilan bo‘lishib, kafedrada ishlamoqda. Ispan tilini o‘rganuvchi talabalarning ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda, kafedra o‘qituvchilari tomonidan turli o‘quv qo‘llanmalar va darsliklar yaratilgan.
Yuqoridagi Prezident qaroriga muvofiq magistratura bosqichiga hamda oliy ta’limdan keyingi ixtisosliklarga kirish uchun xalqaro yoki milliy C1 darajali sertifikat talab etilishini inobatga olgan holda, Davlat test markazida ispan tili bo‘yicha C1 milliy sertifikatini olish uchun imtihonlar tashkil qilingan. Materiallar tashqi ekspertlar tomonidan tanlanadi hamda topshiriqlar tuziladi.
Hozirgi vaqtda ispan tili O‘zbekistonning ayrim maktablarida, ayniqsa, chet tillarni chuqur o‘rganadigan maktablarda va ixtisoslashtirilgan chet tillari maktablarida o‘qitilmoqda. Respublikamizning bir qator maktablarida ispan tili chet tili sifatida o‘rganilmoqda.
O‘zbekistonda ispan tilini o‘qitish tarixi doimiy ravishda rivojlanib, takomillashib bormoqda. Tijorat, turizm, diplomatiya va madaniy almashinuv sohasida ispan tiliga talab ortib borishi ushbu tilni o‘qitishni yanada mazmunli qiladi.
Fikrimizcha, O‘zbekistonda ispan tilini o‘qitishni rivojlantirish istiqbollari quyidagilardir:
1. Ispan tilida so‘zlashadigan mamlakatlar va universitetlar bilan hamkorlik aloqalarni rivojlantirish. O‘zbekistonda ispan tilini o‘qitishni rivojlantirish kontekstida ispan tilida so‘zlashadigan mamlakatlar va universitetlar bilan hamkorlik muhim rol o‘ynaydi. O‘zbekiston ispan tilini o‘qitishni rivojlantirish va takomillashtirish maqsadida Ispaniya, Meksika, Kuba va boshqa davlatlar bilan aloqalarni mustahkamlashga intilmoqda.
Ushbu hamkorlik o‘qituvchilar va talabalar almashinuvini, qo‘shma loyihalar va tadbirlarni tashkil qilishni, ispan tili o‘qituvchilari uchun seminarlar va treninglar o‘tkazishni o‘z ichiga olishi mumkin. Bunday tashabbuslar o‘qitish sifatini yaxshilashga hamda talabalar va o‘qituvchilar o‘rtasida ispan tilini bilish darajasini oshirishga yordam beradi.
2. Talabalar va o‘qituvchilar uchun almashinuv dasturlari O‘zbekistonda ispan tilini o‘qitishni rivojlantirish istiqbollaridan biridir. Bunday dasturlar talabalar va o‘qituvchilarga ispan tilida so‘zlashadigan mamlakatlarga tashrif buyurish va tajriba orttirish imkonini beradi hamda ularning til ko‘nikmalarini va umumiy madaniy kompetensiyasini rivojlantirish va takomillashtirishga yordam beradi.
Bundan tashqari, almashinuv dasturlari ispan tilini o‘qitishning yangi metodikalarini jalb etish, o‘zbek ta’lim muassasalariga innovatsiyalarni joriy etish, shuningdek, O‘zbekiston va ispan tilida so‘zlashuvchi mamlakatlar o‘rtasida madaniy almashinuvni kengaytirishga o‘z munosib hissa qo‘shadi.
3. Ispan tilini o‘rganish uchun resurslar va materiallarni ishlab chiqish. O‘zbekistonda ispan tilini o‘qitishni rivojlantirish maqsadida tilni o‘rganish uchun resurslar va materiallarni, ya’ni yangi o‘quv qo‘llanmalari, darsliklar, audio va video materiallar, onlayn manbalar va interaktiv mustaqil o‘rganishga mo‘ljallangan dasturlarni ishlab chiqish va takomillashtirishni davom ettirish zarur.
Bundan tashqari, ispan tilidagi maxsus bo‘limga ega kutubxonalar va media kutubxonalarni rivojlantirishni davom ettirish, ispan tilidagi elektron resurslar va ma’lumotlar bazalariga kirishni ta’minlash hamda o‘qituvchilar uchun yangi materiallar va resurslardan foydalanish bo‘yicha seminarlar va treninglar tashkil etish kerak.
Ispan tilini o‘rganishga mo‘ljallangan resurslar va materiallarni ishlab chiqish ushbu tilning o‘qitish sifati va samaradorligini oshishishga, shuningdek, o‘zbek talabalariga ispan tilida keng ko‘lamli ta’lim va axborot resurslaridan foydalanish imkoniyatini beradi.
O‘zbekistonda ispan tilini o‘qitishni rivojlantirishning barcha istiqbollari ispan tilini o‘rganish imkoniyatlarini kengaytirishga, yurtimizda ushbu tilning nufuzi va dolzarbligini oshirishga, shuningdek, O‘zbekiston va ispan tilida so‘zlashuvchi davlatlar o‘rtasida madaniy va ma’rifiy almashinuvni rivojlantirishga xizmat qilmoqda.
Xullas, ispan tili dunyo sharoitida eng keng tarqalgan tillardan biri va millionlab odamlar uchun ikkinchi aloqa tili sifatida muhim o‘rin tutadi. Ispan tilini o‘rganish nafaqat lingvistik, balki madaniy, ijtimoiy va iqtisodiy ahamiyatga ham ega.
Ispan tilidagi ijtimoiy-madaniy kompetensiya o‘zbek talabalariga Ispaniya va Lotin Amerikasi madaniyati, urf-odatlari, an’analari, tarixi va adabiyoti haqidagi bilimlarni chuqurlashtirishga imkon berib, madaniyatlararo almashinuv va madaniyatlararo tushunish uchun imkoniyatlar yaratadi va boshqa madaniyatlarga nisbatan bag‘rikenglik va hurmatni rivojlantirishga yordam beradi.
Bundan tashqari, ispan tilini o‘rganish kasbiy rivojlanish nuqtayi nazaridan muhim bo‘lishi mumkin. Globallashuv va xalqaro biznesning rivojlanishi ispan tilida so‘zlashadigan mamlakatlar bilan samarali muloqot qila oladigan yuqori malakali mutaxassislarni talab qiladi.
Ispan tilini o‘qitishning nazariy asoslari konstruktiv, interaktiv va kommunikativ o‘qitish usullariga asoslangan turli uslubiy va pedagogik yondashuvlarni o‘z ichiga oladi.
Shunday qilib, O‘zbekiston ta’lim tizimida ispan tilini o‘rganish va o‘qitish tarixiy va nazariy ahamiyatga ega, shu jumladan, siyosiy, iqtisodiy, madaniy va ma’rifiy jihatlarni qamrab oladi. Ispan tilini o‘rganish misolida ijtimoiy-madaniy kompetensiyani samarali o‘zlashtirishga yordam beradigan innovatsion didaktik usullarni o‘rganish va ishlab chiqish muhim ko‘rinadi. Fikrimizcha, bunday tadqiqotlar ta’lim tizimida ispan tilini o‘qitish sohasidagi tadqiqot bazasini to‘ldiradi va O‘zbekistondagi talabalarga ispan tilini o‘qitishni takomillashtirish bo‘yicha yangi tavsiyalar va yondashuvlarni taqdim etadi.
Demak, tarixiy ahamiyat tahlili O‘zbekiston va ispan tilida so‘zlashuvchi davlatlar o‘rtasida ham savdo, ham madaniy almashinuv sohasida uzoq muddatli aloqalar mavjudligini ko‘rsatdi. O‘zbekiston uzoq vaqtdan beri Ispaniya va Lotin Amerikasidan kelgan sayyohlar uchun diqqatga sazovor joy, shuningdek, transport va tijorat aloqalari uchun makon bo‘lib kelgan. Ushbu holat o‘zbek yoshlari va ushbu tilni bilish bilan bog‘liq foyda va imkoniyatlarni tushunadigan tadbirkorlar o‘rtasida ispan tilini o‘rganishga katta qiziqish uyg‘otdi.
Ispan tilini o‘qitishning nazariy ahamiyati O‘zbekistonning ispan tilida so‘zlashuvchi davlatlar bilan diplomatik, iqtisodiy va madaniy aloqalarini mustahkamlash bilan bog‘liq. Ispan tilini o‘rganish talabalar uchun yangi istiqbollarni ochib beradi, ularning madaniy savodxonligi va shaxslararo ko‘nikmalarini yaxshilaydi va mamlakatlar o‘rtasidagi diplomatik va iqtisodiy aloqalarni mustahkamlaydi.
Biroq, O‘zbekistonda ispan tilini o‘qitish bilan bog‘liq qiyinchiliklar va muammolar ham mavjud, masalan, malakali o‘qituvchilarning yetishmasligi va zamonaviy o‘quv materiallaridan foydalanish imkoniyati cheklanganligi. Ushbu muammolar ispan tilini sifatli o‘qitishni ta’minlash uchun ta’lim tizimining e’tiborini va rivojlanishini talab qiladi.
Xulosa qilib shuni ta’kidlash mumkinki, O‘zbekistonda ispan tilini o‘rganish tarixiy, madaniy, iqtisodiy va diplomatik aloqalar nuqtayi nazaridan katta ahamiyatga ega. Biroq yurtimizda ispan tilini o‘qitish sifatini yanada rivojlantirish va yaxshilash uchun yanada samarali strategiya va rejalar ishlab chiqish, malakali o‘qituvchilar va zamonaviy o‘quv materiallaridan foydalanish imkoniyatlarini yaxshilash zarur. Bunday islohotlar o‘zbek talabalariga akademik va professional hayotlarida muvaffaqiyat qozonish imkonini beradi, shuningdek, O‘zbekiston va ispan tilida so‘zlashuvchi davlatlar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlaydi.
Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati:
Ткачёва А. Историческая и теоретическая значимость преподавания испанского языка в Республике Узбекистан. Данная научная статья представляет анализ исторической и теоретической значимости преподавания испанского языка в Узбекистане. В статье рассматриваются основные этапы развития испанского языка в стране, а также причины и мотивы, побуждающие студентов к изучению испанского языка. Теоретический аспект освещает различные подходы и методы, используемые в преподавании испанского языка, и их роль в развитии межкультурной коммуникации. Статья также обсуждает значение преподавания испанского языка в контексте культурного, образовательного и экономического развития Узбекистана.
Tkacheva A. The historical and theoretical importance of teaching Spanish in the Republic of Uzbekistan. This scientific article presents an analysis of the historical and theoretical significance of teaching Spanish in Uzbekistan. The article examines the main stages of the development of the Spanish language in the country, as well as the reasons and motives that encourage students to study Spanish. The theoretical aspect highlights the various approaches and methods used in teaching Spanish and their role in the development of intercultural communication. The article also discusses the importance of teaching Spanish in the context of cultural, educational and economic development of Uzbekistan.
[1] Омонов Б., Ахтамова З. Дунёда неча киши ўзбек тилида сўзлашади ёхуд йўқолиб кетиш хавфи арафасида турган жаҳон тиллари... https://uza.uz/uz/posts/dunyeda-necha-kishi-zbek-tilida-s-zlashadi-yekhud-y-olib-ket-14-10-2020
[2] González de Clavijo Ruy, Embajada a Tamorlán, versión en castellano actual y edición de Francisco López Estrada, Madrid: Castalia, 2004.
[3] Узбекско-испанским дипломатическим отношениям 28 лет // Сайт постоянного представительства Республики Узбекистан при Отделении Организации Объединённых Наций и других международных организациях в Женеве http://uzbekistan-geneva.ch/uzbeksko-ispanskim-diplomaticheskim-otnosheniyam-28-let.html
[4] Узбекистан-Испания. На пути активизации взаимовыгодного сотрудничества // https://miit.uz/ru/news/uzbekistan-ispanija-na-puti-aktivizatsii-vzaimovygodnogo-sotrudnichestva
[5] Relaciones diplomáticas España-Uzbekistán: 30 años de sincera sintonía // https://thediplomatinspain.com/2022/03/relaciones-diplomaticas-espana-uzbekistan-30-anos-de-sincera-sintonia/
[6] 30-летие развития узбекско-испанского сотрудничества в фокусе внимания СМИ Испании // https://dunyo. info/ru/site/inner/30-letie_razvitiya_uzbeksko-ispanskogo_sotrudnichestva_v_fokuse_vnimaniya_smi_ispanii-fhW
[7] Узбекистан-Мексика. Новые шаги сотрудничества // https://uzreport.news/world/uzbekistan-meksika-novyie-shagi-sotrudnichestvа
[8] Страны, с которыми Узбекистан установил дипломатические отношения // https://mfa.uz/ru/cooperation/country/
[9] Decreta el Consejo de Estado de Cuba duelo oficial por fallecimiento de Presidente uzbeko // http://www.cubadebate.cu/noticias/2016/09/04/decreta-el-consejo-de-estado-de-cuba-duelo-oficial-por-fallecimiento-de-presidente-uzbeko/#.XRIXOLDVKmV